Muloqot Inson qalbiga yo‘l



Yüklə 103,92 Kb.
səhifə2/2
tarix26.07.2023
ölçüsü103,92 Kb.
#119962
1   2
Muomala madaniyati

Inson qalbiga yo‘l

Mulk sohibi bo‘lishdan ko‘ra, ko‘ngil sohibi bo‘lish sharofati haqida mumtoz adabiy merosimizda ibratomiz fikrlar bisyor. Inson dilini ovlash, unga mehr berish, samimiy tilaklar izhor etish ilinji sharq adabiyotida sharaflangan, taraflangan. Sababi, dunyoda bir ilm borki, bu adabiyotning bosh mavzusi bo‘lib kelgan. Bu insonshunoslikdir. Ushbu ilmning ibtidosi esa inson diliga yo‘l izlashdir. Ilmu fan ham, ma’naviy madaniyat va san’at ham shu haqda bosh qotirib kelgan. Bu esa komil inson konsepsiyasidir.


Inson qalbiga yo‘l topilmasa, barcha sohalarning rivoji, jamiyat taraqqiyoti haqidagi so‘z puchga aylanadi. Insonning ongu shuuri, qalbigina ulug‘ va qutlug‘ ishlarga qodirdir. Bu qalbda dunyoqarash va tafakkur qudrati bor. Tafakkur va ongning yuksakligiga erishmasdan turib oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizning ro‘yobini tasavvur etish mushkul. SHuning uchun ham muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov: “Ma’naviyat haqida har qancha da’vatlar, muhim nazariy fikrlar bildirilmasin, agar ularni jamiyat ongiga singdirish uchun doimiy ish olib bormasak, bu boradagi faoliyatimizni har tomonlama puxta o‘ylangan tizimli ravishda tashkil etmasak, tabiiyki biz ko‘zlangan maqsadga erisha olmaymiz ya’ni, inson qalbiga yo‘l topa olmaymiz” deyishlari bilan haq.
Bu fikrlar o‘git, hikmatgina emas, balki chaqiriq, da’vat o‘rnida jaranglaydigan, barcha ma’naviyat targ‘ibotchilari zimmasidagi mas’uliyat va majburiyatdir. Qalbning qalbga bo‘lgan munosabatisiz, murojaatisiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi.
“YUksak ma’naviyat – engilmas kuch” kitoblarida shularni o‘qiymiz: “Inson qalbiga yo‘l, avvalo, ta’lim tarbiyadan boshlanadi. .. bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasidir”
Darhaqiqat, ta’lim va tarbiya o‘zaro uyg‘un tushunchalar. Ular aslida, ajralmas. Bamisoli insonning vena va arterial qon aylanish tizimiga o‘xshaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni bir tanganing orqa va oldi yoki et va tirnoqqa qiyos qilish mumkin. SHunday ekan, ana shu uzviy birlik barkamollikning belgisi hamdir.
Inson xushfe’l, kamsuqum, xokisor, olihimmat, muloyim, beozor bo‘lsa, ko‘pchilikning e’tirofu e’tiboriga tushadi. CHunki, e’tirof e’tiborga, e’tibor ehtiromga, ehtirom esa e’zozga eshik, ezgulikka beshikdir. Odamzotinng kimligini, ma’naviyatini atrofdagilariga bo‘lgan munosabatidan anglab olish qiyin emas. CHunki, muomala inson xulq-atvorining ziynatidir. Kishi xulqi bilan nazarga ham, hazarga ham duchor bo‘lishi hech gap emas.
O‘zaro tushunish va bir-birini anglash tuyg‘usi muomala madaniyatining asosi hisoblanadi. Ba’zan bir zamonda, bir makonda yashaymiz, bir jamoada ishlaymiz-u, lekin bir-birimizni tushunmasdan dilxiraliklarga yo‘l qo‘yamiz. Har kimning xarakteri, saviyasi, didi har xil bo‘lgani uchun, o‘ziga yarasha muomalani talab qiladi. SHu tobda shoirning ushbu bitigi yodga keladi.

Qolmadi odamzot kirmagan go‘sha,


Eru ko‘kda, suvda hozir hamisha.
Oh, gohida yonma yon turaru inson
Bir—birin qalbiga kirolmay sarson.

Suv va samo bilan sirlasha olgan inson eng yaqinlarining qalbiga yo‘l topa olmay iztirob chekishi taajjubli hol.


Qalbga yo‘l ma’rifatdan boshlanadi. Ma’naviyatli inson kimga, nima haqda, qachon, qaerda, qanday qilib va qancha aytishni biladi va amal qiladi, shu asnoda obro‘ qozonadi, e’tiborga tushadi. Bir so‘z va bir xatti-harakat e’tirofga yoxud e’tirozga, nazarga yoxud hazarga, yaxshilikka yoxud vahshiylikka sababkor qilishi hech gap emas. SHundagina voizning o‘zi ham, so‘zi ham joiz bo‘ladi, suhbatdoshi qalbida iz qoldiradi. Ma’rifatli inson madaniyatli ayni damda ma’naviyatlidir. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash ma’naviyatdandir. Johil kishi so‘zning qiymatini va o‘zining qadrini bilmagani uchun xushmuomalada bo‘lolmaydi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va olishish uchun esa bilim, tafakkur, yuksak darajadagi xulqiy va nutqiy madaniyat zarur.
Vaziyatga to‘g‘ri baho berish, maqsaddan kelib chiqqan holda yondoshish, xolislik, oqilona, odilona munosabat va samimiy muloqotgina muomala madaniyatining tarkibiy qismi bo‘la oladi. Hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adaolatsizlikka chiday olmaslik bizning xalqimiz tabiatiga xosligini ta’kidlanishi bejiz emas. Birovni baholash aslida, o‘zingni baholashdir. O‘rinsiz tanbeh, dashnom yoki ta’na kishi dilini og‘ritadi va uning kayfiyatini buzadi, ruhiyatiga ta’sir qiladi. Samimiy muomalaga darz ketdimi, singan piyolani chegalashdek qiyin ish. Har bir narsa-hodisaning yoki shaxsning yutuq va nuqsonlarini, manfiy va musbat tomonlarini to‘g‘ri e’tirof etish va tushuntirishgina kelishmovchilik va janjallarni bartaraf etadi. Bu esa muomala madaniyatining o‘ziga xos sir-sinoatlarini bilish kerakligini anglatadi. Kimga va nimaga qanday ko‘z bilan qarash, munosabat bildirish muhim. Har kimning o‘z qalb qarichi, baholash mezoni bor. Gap qanday ko‘z bilan qarashda. Kimdir mehr ko‘zi bilan, yana kimdir qahr ko‘zi bilan, birov tasdiq ko‘zi bilan boshqa birov inkor ko‘zi bilan qarashga odatlangan hayotda. Har bir narsadan fazilat izlashdan ko‘ra, illat izlashga odatlangan kimsaga muomala madaniyati haqida so‘z ochish quruq safsatadir.

Inkor ko‘zi-la qaragan kishiga


YUsufning yuzi ham xunuk ko‘rinar.
Agar muhabbat-la qarasa devga
Dev ham farishtadek suluv ko‘rinar.

Demak, qanday ko‘z bilan qarash insonning fe’l-atvori, didi, saviyasi, niyati va dunyoqarashiga, boshqacha aytganda, ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq ekan.


YAshash qarash va kurashlar birligidan iborat ekan, insoniyatning tafakkur tarzi, munosabat tarhi ham o‘ziga xos bo‘lishi – tabiiy.
Mutafakkirlardan birining:
“Kimki hayotdan olmasa ta’lim,
Unga o‘rgatolmas hech bir muallim”, – degan hikmati bejiz emas. Ko‘rgan-kuzatgan, eshitgan-bilganlaringizdan hikmat izlaysiz. Nimanidir uqasiz, anglaysiz. Niyat – amalga yarasha degan gap bor, niyat xayrli bo‘lsa, oqibat ham xayrli bo‘ladi.

“G‘urbat izlaganga–g‘urbat bu dunyo,


Illat izlaganga–illat bu dunyo,
Kim neni izlasa, topar begumon,
Hikmat izlaganga–hikmat bu dunyo” 
– deb yozadi marhum Sadriddin Salim Buxoriy. SHoir–haq.
Tirikchilik tashvishi – hammamizga xos. Eydigan taomimiz, kiyadigan kiyimimiz, yashaydigan joyimiz qayg‘usi hech bir tirik jonni chetlab o‘tmasligi aniq. Bularni ta’min etadigan uch birlik bor. Bu vaqt, zamon tushunchasi bilan izohlanadigan KECHA, BUGUN va ERTAdir. Biz vaqt izmidamiz. Ko‘pincha unga mas’ulligimizni yoddan chiqazib qo‘yamiz. Umrning qimmatli lahzalarini behuda o‘y-tashvishlarga, ikir-chikirlarga sarflaymiz.
Ana shu vaqt birligi har kimning hayotida har xil iz qoldiradi. Bular o‘tmish, hozirgi vaqt va kelajak. Biri-biri bilan bog‘liq. Biri ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga zamin hozirlaydi. Birov “kecha” bilan g‘ururlansa, yana birov bugungi kuni bilan, boshqa biri esa ertangi kunga umid bilan yashaydi.
Odamzotdagi har qanday kasallik, illat, aslida, uning ruhiyatidagi siqilish, bezovtalikdan boshlanadi. Demak, kasallik ruhiyatdan tanaga ko‘chadi. Biz tanani davolashga ko‘proq e’tibor qilamiz. SHu bois bormagan joyimiz, uchrashmagan doktorimiz, ichmagan dorimiz, ko‘rsatmagan tabibimiz qolmaydi. Tanani har xil kimyoviy moddalar bilan to‘lg‘izamiz. To‘g‘ri, dori-darmon sabab ma’lum muddat tuzalib, kasallikning oldini olishimiz ham mumkin. Lekin ruhiyat davolanmas ekan, tana to‘la holda shifo topmaydi. Odamzotning tirikligi tan, jon va ruh birligidan iboratdir. Ular sog‘lom bo‘lmasa, barkamollik yo‘q. Barkamollik belgisi aqliy va jismoniy kuchga tayanadi. SHuning uchun ham bir paytlari duoxonlar, azayimxonlarga ehtiyoj sezilgan bo‘lsa kerak. So‘z va nutq orqali inson ruhiyatiga ta’sir etish va uni davolash – sinashta hol. Inson badanida illatga moyil kuchlar bo‘lgani holda, unga qarshi immunitetlar, instinktlar ham borligini inkor etib bo‘lmaydi. So‘z buzadi, so‘z tuzadi. Olqish ham so‘z bilan, qarg‘ish ham so‘z bilan. Omonlik-u yomonlik ham, obodlik-u barbodlik ham u bilan. So‘z o‘ldiradi, so‘z kuldiradi. Bunyodkor g‘oyalar ham, buzg‘unchi g‘oyalar ham u bilan. So‘z xususidagi bu ta’riflar bejiz aytilmagan.
XULQI QANDAY BO‘LSA, KISHI NUTQI HAM SHUNDAY BO‘LISHI TABIIY. MUTAFAKKIR ALISHER NAVOIY “KIMNING MIYASIDA ILLAT KO‘P BO‘LSA, SO‘ZIDA MANTIQ BO‘LMAYDI. MIYASI SOG‘LOM BO‘LSA, GAP SO‘ZI YOQIMLI VA XATOSIZ BO‘LADI” – DEYISHLARI BILAN HAQ. XULQ VA NUTQ BIRLASHIB O‘Z RO‘YOBINI KO‘RSATSA, KISHI YO XUSHFE’L, YO BADFE’L DEYILADI.
Insondagi ijobiy fazilatlar uni komillik sari yuksaltirsa, salbiy illatlar tubanlik qa’riga tortadi. Bu esa muomala jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muomala inson xulqining oynasi ekani oydin bo‘ladi.
Ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida odamzot tabiatidagi maqbul va nomaqbul xislatlarni qayd eta turib, insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytarguvchi ilm bu axloq ekanini ta’kidlaydi. “Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko‘z ila bor narsalarni ko‘rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo‘ladur. Jasadning surati hammaga ma’lum bir narsadurki, har vaqt ko‘zga ko‘rinib turadur. Ammo nafsning surati ko‘zga ko‘rinmaydurgan, aql ila o‘lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, bunday kishilardan yaxshilik kutmak erdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmak kabidur.” (A.Avloniy.,”Turkiy guliston yoxud axloq” T, O‘qituvchi, 1992 y.11-b.)
Anglashilayaptiki, bunday badfe’l kishilarga tarbiya ham ojizlik qiladi. Bu borada boshqa bir shoirning bitigini keltirish o‘rinlidir.

Ilonni har qancha qilsang tarbiyat


Oxir zahrin sochib etkazar zahmat.
Nokas tabiati ilon kabidur,
YUzin ko‘rmaslikka etgil harakat.

Abdulla Avloniy xulqni yaxshi va yomonga ajratadi. YAxshi xulqlar tarkibiga fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, sa’y va g‘ayrat, riyozat, shijoat, qanoat, ilm, sabr, hilm, intizom, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, adolat, muhabbat, olihimmat va avfni kiritsa, yomon xulqlarga g‘azab, shahvat, jaholat, safohat, hamoqat, atolat, hasosat, rahovat, anoniyat, adovat, namimat, g‘iybat, haqorat, jibonat, hasad, kizb, nifoq, tama’, zulm singarilarni kirishini e’tirof etadi va ular ta’rifida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tadi. Bularning barchasi u yoki bu darajada odamlararo munosabat jarayonida qo‘llanilishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. YAxshi tarbiya topganlarda yaxshi xulqlar, yomon tarbiya ko‘rganlarda esa yomon xulqlar hukmronlik qiladi. Bu esa muomala jarayonida oydinlashadi. Aslida, barcha muammolarning echimi muomalada ekanini unutamiz va munosabatlarimizni chigallashtiramiz.


“Nurnoma”da keltirilishicha, sarvari koinot “Men etti daryo yaratdim, — deb sanay boshlaydi, — ularning orasida biri ilm daryosi, ikkinchisi hilm daryosi”. Muomalaning barchaga daxldor bo‘lgani hilm haqida so‘z ochish mohiyatlidir. Bu haqda Abdulla Avloniy shunday yozadi: “Hilm deb bo‘lar-bo‘lmas ishga achchig‘lanmaydurgan, arslon yurakli. YUmshoq tabiatli bo‘lmoqni aytilur. Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g‘azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo‘q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur. Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur. (O‘sha kitob. 25-b.)
Halimtabiatlilik muloyimlikdir. Jahl qilish, g‘azablanish ularga yot bo‘lishidan tashqari, fikrini bosiqlik, vazminlik bilan etkazuvchi kishilardir. Jahlning jilovi shaytonning qo‘lida. Halimtabiat inson o‘zgani emas, o‘zini enga olgan kishi mard hisoblaydi. Bu ularning shiori. Demak, insonlararo muomalada chin inson bo‘lmak uchun havasning qo‘liga nafsning jilovini bermaydirgan, bo‘lar-bo‘lmas narsalardan achchig‘lanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim so‘zli, halim va sabrli bo‘lmak lozimligi uqtiriladi. SHuning uchun ham hadisi shariflardan birida “Hilm xulqlarning sayyididur” deyiladi. Suqrot hakim: “SHiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm, shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor”, — deb yozgandi.
Ma’rifatli, ma’naviyati yuksak bo‘lgan insonlar muomala madaniyatida ko‘pchilikka ibrat bo‘la oladi. Xushmuomalalik, xushfe’llik, beozorlik, muloyimlik, hayo-ibolilik ularning husniga husn, obro‘siga obro‘ qo‘shgan. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida “Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q” – deya bejiz ta’kidlamagan. Beandishalilik, befahmlik, befarosatlik esa kishini aqldan, hayodan judo qiladi. SHarq odobnomasida qaerga borish, qanday so‘rashish, qaerda o‘tirish, qanday so‘zlash, kimlarning suhbatida bo‘lish muomala madaniyatining mezonlari sifatida ko‘p bor tilga olingan. Sa’diy SHeroziy “SHirin so‘zli shilgay dushman po‘stini, dag‘al so‘zli dushman qilgay do‘stini” — deya o‘rinli ta’kidlagan.
Jon ozig‘i ham, qozig‘i ham, yaxshi so‘z bilan ilon inidan, yomon so‘z bilan pichoq qinidan chiqishi borasidagi dono xalqimizning uqtirishlari zamirida ham muomala madaniyati mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. SHarqona lutf, sharqona tavoze’dan bexabarlik insonning ne kuylarga solmaydi, deysiz.
Muomala jarayonida so‘zlashishdan oldin suhbatdoshingizning yuz-u ko‘zidagi ifoda yoxud tabassumi siz uchun muhim. U qovog‘ini solib gapirsa, o‘sha sovuqlik sizgayam ko‘chishi aniq, yoki aksincha. Tabassum ko‘pgina muammolarning kaliti ekanini bilsak ham ba’zan amal qilmaymiz. Negadir xohlamaymiz. Ayniqsa, bizga birov biron bir xizmat yoki iltimos bilan kelsa, aftimizni burishtirib rahbarlik “viqori” yodimizga tushibmi qovog‘imizni solib olamiz. O‘zimiz sezmagan holda suhbatimiz ohangida kibru havo hukmronlik qila boshlaydi. Bu mulohazalar sizga erish tuyulmasligini bilaman. Hayotingiz mobaynida siz ham xuddi shunday sovuqqon bironta korxona yoki tashkilot rahbarchasiga uchragansiz. Undagi manmanlik yoxud sizga bo‘lgan bepisandlikning guvohi bo‘lgansiz. To‘g‘ri, kayfiyati yomon paytda kelibman, yuqori tashkilotlarning biridan dakki egan bo‘lishi mumkin, deb o‘zingizni ovutgan ham bo‘lasiz. Lekin har qanday holatda ham ochiqyuzlilik, o‘zbekona bag‘rikenglik va mehridaryolik xalqimiz tabiatiga xosligini unutmaslik zarur. Ba’zan g‘arbdagi behayolik va tanazzulga yuz tutayotgan jamiyat haqida gapiramiz.
SHogirdlarimdan bir nechtasi xorijdagi nufuzli o‘quv yurtlarida o‘z malakasini oshirib qaytishdi. Ular suhbat jarayonida ko‘cha-ko‘yda qovog‘ini solib yurgan kishilarni kam uchratganini, o‘zlarining tashvish-u muammolar bo‘lsada, boshqalarga uning ta’siri bo‘lmasin, deb tabassumli qiyofada yurishi va ish tutishlarini aytishdi. So‘ngra qaytib kelganlarida, avtobusdagi ayrim kimsalarning baqir-chaqirig‘i, telefonda baland ovozda gapirishlari erish tuyulganini aytishdi. Oilada, ishxonada ba’zan muammoli vaziyatlar tug‘ilishi, asabbuzarliklarga yo‘l qo‘yilishini inkor qilmaymiz. Garchi, shunday bo‘lsada, “shaytonga hay berib” sharqona muomala madaniyatini unutish yaramaydi. Qaerdadir eshitgandim. Bir yapon yigit ishxonasida ochiq chehra bilan ishga unnab, “navbatchi” tabassum bilan yurganmish. SHunda kasbdoshlaridan biri “tunov kuni otang dunyodan o‘tgandi, shekilli, nimaga xomush emassan”, — desa, “vafot etgan mening otam, hamkasblarimnikimas, tushkun, xomush holatda yurib ularning qayg‘umga hasratdosh, sherik bo‘lishlarini istamayman” – deb javob bergan ekan.
Rivojlangan mamlakatlarda qovoq solib yurish, xo‘mrayish ko‘cha etikasiga zid va hurmatsizlik sanaladi, “ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan kabi xalqlar vakillari oddiy muloqotdan oldin albatta, uzr so‘raydilar va suhbat oxirida minnatdorchilik bildirishni unutmaydilar. O‘zaro suhbat davomida sizni mayin tabassum bilan siylab turadilar. Bu «navbatchi» tabassumning foydasi katta, ochiq yuzli odam hammada hamisha yaxshi taassurot qoldiradi. To‘g‘ri, o‘zining tushkun qiyofatini, mahzun holatini boshqalarga ham ravo ko‘rish, go‘yoki o‘zining kasalini boshqalarga yuqtirishga o‘xshaydi. Sovuqqon, tund qiyofada muomalada bo‘luvchi kimsalar borasida Mirzo Abdulqodir Bedil shunday yozgandi: “YAxshilik izlama sovuq kishidan, muzlagan chechakning hidi juda kam.”
Bularning barchasi inson qalbiga yo‘l topish tilsimlariga borib bog‘lanadi. Muomala sirlari haqida juda ko‘plab allomalar tadqiqot ishlari olib borishgan. O‘zbek kitobxonlariga rus tili orqali bo‘lsa-da, tanish bo‘lgan ruhiyatshunos olim Deyl Karnegidir. Odamlar bilan muomala qilish, ularning qalbini rom etish sir-sinoatlari haqida ko‘p va xo‘p yozgan. Lekin uning fikr-mulohazalarining aksariyati sharqona mentalitetga unchalik mos kelmasligi aniq. Ba’zi mulohazalari bizning milliy, ma’naviy va axloqiy qarashlarimizga to‘g‘ri kelmasligini inkor etib bo‘lmaydi. Umuman olganda, millatidan, irqidan qat’iy nazar inson ruhiyati, talab va ehtiyojlarida mushtarak jihatlar bo‘lgani uchun ayrim masalalarda yaqinlik ham bor. Odamlarga yoqishning usullari, do‘st orttirsh yo‘llari haqida qiziqarli ma’lumotlar keltiradi. U yozadi: “Do‘stim, siz dunyoda do‘st orttirishga eng usta bo‘lgan jonivorni bilasizmi? Albatta, bilasiz. Siz uni xar kuni ko‘chada uchratishingiz mumkin. U sizni 10 qadam naridan ko‘rishi bilanoq, dumlarini o‘ynatib oldingizga yugurib keladi. Agar siz to‘xtab uni siypalasangiz, u sizdan xursand va sizni juda yaxshi ko‘rishini anglatish uchun turli xil qiliqlar qilayotganligini ko‘rasiz. Siz bu shodlikning orqasida yashirin bir intilish yo‘q ekanligini — u sizga biron-bir narsani sotish yoki siz bilan turmush qurish ilinjida emasligini yaqqol his qilasiz. Siz biror marta it kun kechirish uchun ishlashi shart bo‘lmagan yagona jonivor ekanligi xaqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Tovuq tuxum qilishi kerak, sigir sut berishi kerak, bulbul esa sayrashi kerak. It-chi? It kun kechirishi uchun sizga o‘z sadoqatini ko‘rsatishi, sizga vafodor bo‘lishi kerak, xolos. It o‘z umrida ruhiyatga oid biror kitob o‘qigan deysizmi? Lekin u qandaydir tug‘ma instinkt yordamida odamzodga suykalib, ikki oy davomida ikki yilda orttirgan do‘stlaridan ham ko‘proq do‘stlar orttirish mumkinligini biladi.”
Bu borada Deyl Karnegining fikrlariga qo‘shilish mumkin. Lekin shuni unutmaslik kerakki, insonlararo muomala jarayonida qiziqish, manfaat, ehtiyoj degan tushunchalar muhim rol o‘ynaydi. Ko‘p yillar siz bilan do‘stlik rishtasini mustahkamlab yurgan do‘stingiz nimadir sabab bo‘lib bir iltimosini bajarolmasangiz, to‘nini teskari kiyvolib sizga bo‘lgan muomalasi, munosabati keskin o‘zgaradi. Bunday “do‘st”lar yo‘q, deb o‘ylaysizmi? SHoir shuning uchun ham kuyunib ushbu misralarni bitgan bo‘lsa ajab emas.

Ishonmagil maddoh so‘zamollarga


Zarracha naf uchun seni madh etar.
Bir kuni murodin hosil etmasang,
Ikki yuzdan ortiq ayb sanab ketar. (Sa’diy)

Ma’rifatda birlashtiruvchilik manfaatda (moddiy) ayiruvchilik kuchi bor. Odatda, munosabatlarning buzilishi manfaatlarning to‘qnashuvidan paydo bo‘ladi. Tabiiyki, bu holatda samimiy muomalaga, do‘stlikka putur etadi. Bir kuni Jaloliddin Rumiydan so‘rashadi: Kuchuklarga qarang, bir-birlarini yalab-yulqab, o‘ynoqlab yurishibdi. Ana shunday ahillik nahotki, insonlarda yo‘q? Rumiy ularga javoban shunday deydi: O‘sha kuchuklarning oldiga bir bo‘lak suyak tashlab ko‘ring-chi, suyak qolib, bir-birini g‘ajishga tushishadi.”


To‘g‘ri, muomala qiziqish manfaatdan tashqari kayfiyat bilan ham daxldor. Sizning muomala jarayonida kayfiyatingiz, ruhiy holatingizning suhbatdoshga ta’siri borligini unutib bo‘lmaydi. Xulq-atvoringiz undan oziq olishi hech gap emas. Unga ham sizning kayfiyatingiz yuqadi. Buning esa masalaning ijobiy echimiga sezilarli ta’siri bo‘lishi aniq.
Gorvard universitetining professori U. Djeyms shunday yozadi: “Xulq-atvor kayfiyat natijasi deb hisoblanadi, lekin ular bir-biridan ajralmasdir. Biz o‘z irodamiz bilan xulq-atvorimizni boshqarar ekanmiz, bevosita irodamizga bo‘ysunuvchi kayfiyatimizni ham boshqaramiz.” To‘g‘ri, bu o‘rinda ularni yuzaga chiqaruvchi muayyan vaziyat va sharoitni ham hisobga olinishi maqsadga muvofiqdir.
Muloqot jarayonida muomalaning qanday yo‘sinda bo‘lishi yana nimalarga bog‘liq deb o‘ylaysiz? Gap so‘zdami, ma’nodami, mazmundami yoki fikrdami?- degan savolga V.G.Belinskiy “yo‘q, gap ohangda” — deya javob bergani bejiz emas. Birgina “salom” so‘zini bir necha xil ohangda aytish mumkin. Pichirlab, baland ovozda, kesatish, piching ohangida, istehzo, kinoya bilan va hokazo. SHu orqali suhbatdoshingizning qanday qabul qilishini, qanday holatga tushishini bilib olishingiz mumkin. CHunki, ohangda munosabat, murojaat tarzi, antipatiya va simpatiya shundoqqina sezilib turadi.
Biron narsa borasida bahslashish ham muomala jarayonining muvozanatini buzishi mukin. Bilgan va bilmagan narsasi haqida ham gap talashishini xush ko‘radiganlar bo‘ladi. O‘zini bilarmon va bo‘larmon qilib ko‘rsatadiganlar bilan bahslashish jiddiy konfliktlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu holatda sukutgina masalani bartaraf etishi mumkin. Hamma o‘zini haq deb biladi. SHoirning ushbu she’ri ham shu haqda.

Dono o‘zni dono deb bilmagani kabi


Telba ham o‘zini telba deb bilmaydi
SHuning uchun ham bu yorug‘ dunyoda
Ularning haqiqati o‘lmaydi.

Egrining ham, to‘g‘rining ham o‘z haqiqati bor


Agar etsang inkor etishar inkor
SHunday bo‘lgach, bo‘lishi mumkin
Har ne haqda tushunchang bekor.
ADABIYOTLAR
1. Aminov M., Madvaliyev A., Mahkamov N., Mahmudov N. Ish yuritish. (amaliy qo‘llanma) – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2017.-455 b.
2. Mahmudov N., Rafiyev A., Yo‘ldoshev I. Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish (Darslik)-Toshkent: Cho‘lpon, 2013.
3. Lutfullayeva D. Mustaqillik davri rasmiy-idoraviy ish uslubi taraqqiyoti. (Monografiya.)-Toshkent, 2020.

Yüklə 103,92 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə