Mundarija


-40-§. XIX ASR OXIRI - XX ASR BOSHLARIDA ARXITEKTURA



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə36/36
tarix14.06.2018
ölçüsü0,53 Mb.
#48925
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   36

39-40-§. XIX ASR OXIRI - XX ASR BOSHLARIDA ARXITEKTURA

VA SAISPATNING RIVOJLANISHI

Turkiston general-gubernatorligida arxitektura


Mustamlaka tartibi o`rnatilgach, o`rta Osiyo me'morchiligida jiddiy o`zgarishlar sodir bo`ldi. Ibodat inshootlari, ulkan karvonsaroylar, madrasalar, maqbaralar qurilishi to`xtab qoldi. o`rta asrlarda O'rta Osiyo hukmdorlari ruhoniylar mehrini qozonish va ularning qo`llab-quwatlashiga erishish hamda o`zlaridan xotira qoldirish uchun ulug`vor maqbaralar va jome masjidlar qurishgan bo`lsa, endi bunday ishlarga juda kam mablag` sarflanardi.

Turkiston general-gubernatorligi hududida ham arxitektura o`ziga xos uslubda rivojlandi. Qadimiy shaharlarning rivojlanishi va yangilarining barpo etilishi muayyan me'moriy tartibni qaror toptirishni talab etardi. XIX asr oxiridan har bir shaharda shahar bosh me'mori lavozimi tayinlandi, u me'moriy me'yorlarning bajarilishini qattiq kuzatib borishi zarur edi. Biroq bu yerda me'morlik san'atining nozik jihatlari to`g`risida uncha qayg`urilmay, ko`proq muayyan vazifani bajarishi lozim bo`lgan imoratlar — maktablar, ma'muriy binolar va h.k. qurilardi. Bu paytda shahar qurilishining metall va betonni joriy etishga asoslangan, davr ruhiga mos yangi usullari rivojlandi.

Andijon asrlar davomida Farg`ona vodiysining darvozasi bo`lib keldi. Bu yerdagi yagona asosiy me'moriy obida — 1902-yilgi halokatli zilziladan omon qolgan ulkan jome masjididir. XIX asr oxirida qurilgan bu bino kishini hayratga soladi, uning uzunligi deyarli 123 m ga teng edi.

Toshkentda XIX asr oxiri — XX asr boshida qurilgan binolar orasida knyaz Nikolay Konstantinovich Romanov saroyi, o`g`il va qiz bolalar maktablari, oliy texnika maktabi, hukumat binosi bor.

Toshkentdagi ko`plab binolar: o`qituvchilar seminariyasi (1881) va uning cherkovi, Kirxa (1892), shahar dumasi binolari loyihasi muallifi me'mor Aleksey Leontyevich Benua (1838—1902) edi. U Toshkentga 1874-yilda kelgan. 1896-yilda ochilgan hunarmandchilik-sanoat ko`rgazmasining bir nechta pavilyonlarini, shahar bog`i darvozasini loyihalashtirgan.

A.Benua loyihasi bo`yicha qurilgan ibodathona.Toshkent.

Buxoro arxitekturasi


XIX asr oxiri — XX asr boshidagi me'moriy yodgorliklarda mahalliy hamda yevropacha uslublar qovusha bordi. Buxoroda XIX asr oxirida qurilgan me'moriy yodgorliklar orasida shahardan 42 km masofada joylashgan, Buxoro amirlarining yozgi saroylar majmuasi bo`lgan Sitorai Mohi Xosa ancha mashhur. U yaxshi ko`kalamzorlashtirilgan katta hududni egallab, orasidan kesib o`tuvchi asosiy yo'1 bilan ikki qismga ajratilgan. Saroy majmuasi rang-barang yevropacha va milliy me'morchilik an'analarining murakkab qo`shilmasidan iborat. Saroy usta Hoji Hofiz rahbarligi ostida mahalliy ustalar tomonidan bunyod etilgan.

Saroydagi katta ayvon nafisligi va go`zalligi bilan ajralib turgan. Usta Shirin Murodov boshchiligidagi ustalar ayvonni ikki yil davomida bezashgan. Saroylar majmuasi shu qadar ko`rkam ishlangan ediki, uni o`rta Osiyo me'morligining noyob durdonalaridan biri, deyish mumkin. Devorga chizilgan naqshlar, ko`zguga ishlangan o`yma naqsh namoyonlar, rasmli namoyonlar, devorni latif, yengil va xonani keng qilib ko`rsatadi. Saroyni qurish va bezashda o`zbek me'morlarining yangi avlodi — Hasanjon, Abdurahim Hayotov, Abdul g`afur va boshqalar ishtirok etganlar.



Buxoro.Sitorai Mohi Xosa saroyi.

Xiva arxitekturasi


Xiva me'morchiligi modernizatsiyaga eng kam darajada uchragan bo`lib, XIX asr oxirida Muhammad Rahimxon II farmoni bilan Xivaning asosiy muqaddas maskani — Pahlavon Mahmud maqbarasini takomillashtirish davom ettirildi. Ko`hna Arkda ham katta qurilish ishlari olib borildi. Xivaning so`nggi xonlari qishni shu yerda o`tkazishardi va shu sababli uni yana o`z qarorgohlariga aylantirishgandi. Kohna Ark nafis naqshlar ziynatlangan ustunlar bilan bezatildi. Xivada diniy imoratlar qurilishi davom ettirildi. Badavlat shahar ahli va zamindorlar "savob ish" qilish va o`z nomlarini abadiylashtirish maqsadida masjid va madrasalar qurishardi. Bu inshootlarning hammasi qadimiy me'morchilik an'analarini saqlab qolgan, o`rta asrlarda qurilgan binolardan birmuncha ixchamligi bilan farqlanib turardi.

Biroq milliy an'analami mahkam tutgan Xivada ham me'morchilik va qurilishda yangi yo`nalishlar paydo bo`la boshladi. Xon a'yonlari orasida me'morlikda qurilish materiallarining yangi turlarini va uslublarni joriy etish muhimligini tushungan kishilar paydo bo`ldi. Shunday taniqli islohotchilardan biri Islomxo`ja bo`lib, jadid maktablari, shifoxonalar, pochta idoralari, dorixonalar qurilishi uning nomi bilan bog`liq. Bu binolarni loyihalashda mahalliy ustalar bilan birga Petro-Aleksandrovsk, Toshkent va hatto, Moskvadan taklif etilgan me'morlar ishlashdi. Arfanaviy Xiva me'morchiligida yangi shakllar va konstruktiv usullar yuzaga keldi. Bu narsa, ayniqsa, Ichan qal'adan tashqarida XX asr boshida qurilgan binolarda, Dishan qal'ada qurilgan Nurillaboy saroyida seziladi. U 1906-yildan boshlab, qism-qism qilib qurildi. Dastawal Muhammad Rahimxon II uni o`z vorisi uchun qurdirdi, so`ng qurilishni Asfandiyorxon davom ettirdi. Bu inshoot Xiva xonlarining yozgi qarorgohiga aylandi. Saroyda oyoq ostiga taxta to`shaigani va zinapoyalar qilingani Yevropa me'morchiligi ta'siri edi, biroq inshoot bezaklarida mahalliy an'analar ustunlik qiladi. Pardozlash ishlarini g`isht teruvchi ustalar Quryoz Bobojonov va Xudoybergan Hoji, naqqosh ustalar Bobojon Qalandarov, Ota Shohov va Ismoil Abdiniyozov, ganchkor ustalar Nurmat va Ro`zmat Masharipovlar bajarishdi, rasmlarni Sodiqxo`ja Matkarimov chizdi.

Shahar chekkasidagi ikkinchi qarorgoh — Tozabog` ham kishini lol qoldiradi. Janub tomonda, saroyning ikkala qismi bo`ylab qator katta xonalar joylashgan, ularning devorlari alebasterdan yasalgan o`yma naqshlar bilan bezatilgan.

Teatr san`ati


Xalq teatri xalqimizning sevimli san'at turlaridan hisoblanib, u shakl va mazmun jihatdan xalq askiyachiligi, qo`g`irchoq teatri va masxarabozlikka bo`linardi. Zolim boylar, ahmoq mullalar, beklar ustidan kuluvchi satirik va dolzarb voqealar aks etgan asarlarda masxarabozlar asosiy qahramon hisoblanar edi. Pyesalar og`zaki shaklda bayon qilinib, namoyish etilar edi.

O`zbek drama teatri tashkil etilishida Samarqand va Toshkentga gastrol safariga kelgan mashhur aktrisa V.F.Komissarjevskaya truppasi katta ta'sir ko`rsatdi. Ular yangi g`oyalarni targ`ibot qilishda drama teatrining naqadar katta ahamiyatga ega bo`lishi mumkinligini ko`rsatib berdilar. 1910—1912-yillarda tatar va ozarbayjon teatrijamoalarining Turkistonga uyushtirgan gastrollari ham bu sohaga salmoqli hissa qo`shdi. U. Hojibekovning "Go`ro`g`li", "Layli va Majnun" va "Arshin mol olan" musiqali pyesalari mahalliy teatr rivoji uchun katta turtki berdi.

Turkistondagi birinchi o`zbek havaskorlar teatr truppasi 1913-yilda M. Beh- budiy rahbarligida Samarqandda tuzildi. o`zbek milliy teatri rivojiga yirik ma'rifatshunos Abdulla Avloniy va jadidlar harakatining ko`zga ko`ringan va- kili Hamza Hakimzoda Niyoziy katta hissa qo`shdi. 1914-yilning boshlarida A. Avloniy Toshkentda "Turkiston" deb nomlangan teatr tashkil etdi va unda M. Behbudiyning "Padarkush" pyesasi qo`yildi. Bu drama sahnada bir necha bor namoyish etildi. 1915-yilda teatr Turkiston shaharlari bo`ylab gastrol safarlari o`tkazdi.

Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889—1929) — Qo`qon shahrida tug`ilgan, o`zbek shoiri, dramaturg, jamoat arbobi. 1911-yil Qo`qon, so`ngra Marg`ilon shahrida teatr va yangi usuldagi maktablar ochgan. Bu maktablar uchun darsliklar yaratgan. Ko`plab she'riy to`plamlar muallifi. 1911-yilda Qo`qonda Hamza rahbarligida havaskorlar teatri tashkil etildi va unda birinchi marta Hamzaning "Zaharlangan hayot" spektakli namoyish etildi. Bu pyesa o`zbek teatri shakllanishida muhim rol o`ynadi. Teatr tomoshalarida ijtimoiy va axloqiy muammolarning aks ettirilishi adolatsizlik, yolg`onchilik va zulmning fosh qilinishi tomoshabinlarda mavjud tuzumga norozilik kayfiyatlarini uyg`otdi.

Nusratulla Qudratulla qalamiga mansub "To`y" asarida oilaviy va shaxsiy fojialar sababchisi bo`lgan ba'zi urf-odatlar va an'analar tanqid ostiga olinadi. Pyesada oila boshlig`i sunnat to`yida serchiqim bazm uyushtiradi. Puli yetmay qolganidan qarz olishga majbur bo`ladi. Ko`p o`tmay to`lovga layoqatsiz qarzdorni qamoqqa tashlashadi.

Abdulla Qodiriy "Juvonmarg" pyesasida ayollarning oiladagi haq-huquqsiz ahvolini qoralagan bo`lsa, "Baxtsiz kuyov" asarida ko`pxotinlikni, hisob-kitobga asoslangan er-xotinlikni, erlarning zolimligini tanqid qiladi. Muallif zavolga yuz tutgan hayot, oyoqosti etilgan taqdirlar va shaxslarning halokatini zo`r achinish bilan tasvirladi.

Mustamlaka ma'muriyati senzurasi (matbuot nazorati) va oliy ruhoniylarning nazoratini chetlab o`tishga intilgan jadid adiblari o`z asarlarida siyosiy ohanglar uchrab tursa-da, bu muammoni ko`ndalang qo`yishmadi, ular asosiy e'tiborni xalqning axloqiy-ma'naviy va ma'rifiy tarbiyasiga qaratdilar.

Mavjud tartiblar va mustamlaka hukmronligi asoslarining g`azab bilan qoralanishi, mazlum xalq azob-uqubatlarining haqqoniy tasvirlanishi asarda ulkan hissiy kuchni mujassam etgandi. Jadidlar o`zbek xalqining buyuk ma'rifatparvarlariga aylanishdi. Ular jamiyatning toqat qilib bo`lmas nuqsonlarini ochib tashladilar, erkinlik va demokratiyaga asoslangan kelajak sari muqobil yo`llarni izladilar.

She`riyat va nashr rivojlanashi


Shoirlar va yozuvchilar o`z ijodida xalq dardiga sergak aks sado bergan holda eng dolzarb va pishib yetilgan muammolarni ifoda etdilar. Ular orasida Muqimiy, Furqat, Zavqiy, shoira Anbar otin, Avaz o`tar o`g`li, Ahmad Donish va boshqalarni alohida ajratib ko`rsatish mumkin. Ushbu ijodkorlar asarlaridagi haqqoniylik va samimiylik ularni mashhur xalq shoirlariga aylantirdi.

Muqimiy Muhammad Aminxo`ja (1850—1903) — Qo`qon shahrida tug`ilgan. Lirik hamda "Saylov", "Tanobchilar", "Hapalak" va boshqa satirik asarlar muallifi. "Qo`qondan Farg`onagacha", "Qo`qondan Isfaragacha" va boshqa o`zbek tilida yaratilgan ilk sayohatnomalar (yo'1 ocherklari) muallifi. Muqimiy shunday yozadi:

Podshoh yo 'qlatsalar nogah gado deb axtaring, Tutmang hargiz nomimi, baxti qaro deb axtaring. Dahr zulmidin sirishki tinmay oqib, aylanur Charx javridin boshida osiyo deb axtaring.

Zavqiy Ubaydulla Solih (1853-1921) - o`zbek shoiri. U Qo`qon shahrida tug`ilgan bo`lib, o`zining hajviy asarlari orqali chor hukumati ma'murlari va qallob din peshvolarini tanqid ostiga olgan. Erkinlik va ozodlikni madh etuvchi she'rlari uchun zindonga tashlangan, shafqatsiz qiynoqlarga dosh berolmay vafot etgan.

Anbarotin (Anbarniso) (1870—1915) — o`zbek shoirasi, Qo`qon shahrida yashagan. Ayollarning jamiyat va oiladagi haq-huquqsiz ahvoli to`g`risida ko`plab she'rlar yozgan. Anbar otinning qisqa hayoti fojiali o`tgan. Uning mavjud tuzumning butun dahshatini fosh qilgan she'rlari xon va beklarning g`azabini keltirdi. Qattiq kaltaklangan shoiraning ikkala oyog`i falaj bo`lib, bir umr to`shakka mixlanib qoladi. Lekin shoiraning ruhi sinmagandi, u yorqin kelajakka bo`lgan umidga to`la she'rlar yozishni davom ettirdi. Anbar otin oddiy mehnatkashlarni azoblagan mahalliy hokimlarni keskin qoralaydi. Ma'rifatparvarlik g`oyalariga sodiq shoira ijtimoiy hayot voqealarini ularning oddiy xalqqa keltiradigan manfaat nuqtayi nazaridan baholashga uringan. Anbar otin o`zbeklarning rus xalqi bilan do`stona aloqalarini rivojlantirish, yangiliklar bunyod etishda bu ikki xalqning hamkorligi to`g`risida orzu qilgan. U insonlarning teng huquqligi, o`zi uchun muqaddas bo`lgan insoniylik, sevgi, sadoqat, vatanga muhabbat tuyg`ulari to`g`risida asarlar bitgan.

Adabiy taxallusi Furqat bo`lgan Zokirjon Xolmuhammedov 1858-yilda Qo`qonda mayda savdogar-hunarmand oilasida tug`ildi. Eski maktabda, so`ng madrasada o`qidi. Oilaning og`ir moddiy ahvoli 17 yoshli Zokirjonni madrasadagi mashg`ulotlarini to`xtatishga majbur etadi.

Istibdod va zulmga nafrat, jonajon mamlakatining iqtisodiy va madaniy rivojlanishi, o`z xalqiga madaniyat va taraqqiyot yo`liga chiqib olishda ko`maklashish istagi Furqatga tinchlik bermasdi. Bu istaklar otashin misralarga aylanardi. Shoir o`z she'rlarida mehnatkash xalqning orzu-o`ylarini — ularning mavjud ijtimoiysiyosiy tuzumdan noroziligini, zo`ravonlik va haqsizlikka nafratini, ularning ozodlikka intilishlarini ifodalardi.

Furqat jaholatdan qutulish yo`li bolalarni rus o`quv yurtlari kabi maktablarda o`qitishda, rus madaniyati, u orqali esa — jahon madaniyati bilan tanishishda, deb hisoblardi.

1889-yil may oyida Furqat Toshkentga ko`chib keldi va Ko`kaldosh madrasasiga joylashdi. Shoir Toshkentda ikki yil istiqomat qildi. Bu davr uning ijodida eng sermahsul yillar bo`ldi. Shoir rus madaniyatidan kengroq bahramand bo`lish imkoniyatiga ega bo`ldi. "Gimnaziya", "Ilm xosiyati", "Teatr haqida", "Akt majlisi xususida", "Nag`ma va nag`magar", "Royal", "Suvorov" va boshqa asarlarida Furqat ma'rifat va texnika taraqqiyotining otashin kurashchisi sifatida namoyon bo`ladi. 1891-yil may oyida Furqat Toshkentdan Samarqandga, undan esa xorijga ketadi.

Shoir Turkiya, Gretsiya, Bolgariya, Misrda bo`ldi. 1892-yil bahorida Arabistonga ketadi, bir muddat Makka shahrida yashadi. 1892-yil kuzida Bombey, Qashqarga boradi. Keyinchalik Xitoyning Shinjon viloyatiga ko`chib o`tadi va yashab qolish uchun Yorkentni tanlaydi.

Furqat qaysi mamlakatga bormasin, qanday shahardan o`tmasin, barcha joyda oddiy xalq haq-huquqsiz, qashshoq hayot kechirayotganini ko`rdi. Hind, afg`on, qashqar xalqlari mahalliy feodallar hamda ingliz kapitalistlari zulmi ostida ezilardi. Furqat mustamlaka zulmiga, ayniqsa, ingliz va Rossiya imperiyasi hokimiyatining bosqinchilik siyosatiga qarshi maqolalar bitib, ularning qilmishini qoralaydi, mehnatkash xalqning zolimlarga qarshi kurashini kuylaydi. Furqat umrining oxiriga qadar xalqlar do`stligi g`oyasini kuyladi. Olis yurtlarda sayohatda yurgan shoir o`z vatanini unutmadi. Furqat 1909-yilda Yorkentda vafot etdi.

Musiqa san`ati


Qo`shiq, yalla va lapar she'riy shakldagi maishiy qo`shiqlar hisoblanadi. Qo`shiq, yalla va laparni hazilomuz raqslar jo`rligida ijro etilishi nazarda tutiladi. Terma esa ko`pincha xalq qissago`ylari bo`lmish baxshilar va shoirlar tomonidan ijro etiluvchi ohangdor qo`shiqlarni o`zida mujassam etgan. Ashula keng qamrovli turli kuy-ohangga ega lirik qo`shiqdir. Sharq shoirlarining mumtoz g`azallari ashulalar uchun matn bo`lib xizmat qilgan. Ashulaning taraqqiy etgan namunalari mohiyat e'tibori bilan og`zaki an'anadagi professional musiqa janri sanaladi.

XIX asr oxiri — XX asr boshlarida o`zbek xalqi musiqiy ijodiyoti o`zida lirikqahramonlik mazmunidagi epik rivoyatlarni mujassamlashtirgan "Go`ro`g`li", "Alpomish", "Kuntug`mish" dostonlari alohida o`rin tutgan. Mazkur dostonlar to`rtlik she'r tuzilishiga ega bo`lib, musiqasi nisbatan kichik qamrovli bo`lgan.

Ko`p asrlar davomida bo`lganidek, butun Sharqda keng tarqalgan maqomlar professional musiqa an'analarining mumtoz xazinasini tashkil etgan. Maqomlar yirik turkumli og`zaki-cholg`uli (yakkaxon va cholg`uli) asarlardir. Maqomlar Sharq shoirlarining mumtoz she'rlari asosida yaratilar edi. Musiqa asboblari ham nihoyatda rang-barangligi bilan ajralib turar edi. Torli-kamonchali (g`ijjak, qo`buz, uchtor), torli-noxunli (do`mbira, dutor, tanbur, ud, rubob), torli-zarbli (chang), puflama nayli (nay, surnay), mushtuk-puflamali (karnay), zarblimembranali (doira, nog`ora, chindovut) kabi cholg`u asboblari jo`rligida milliy kuy va qo`shiqlar ijro etilar edi.

Turkistonning o`sha kezlardagi musiqa madaniyatida yakkaxon ijrochilik ham, ansambl ijrosi ham keng rivojlangandi. Karnay, surnay, nog`ora yoki doira, ya'ni baland jaranglovchi cholg`u asboblari an'anaviy bayramlar, nikoh to`yi tantanalari, ommaviy tomoshalarga jo`rovoz bo`lgan; birmuncha past jaranglovchi cholg`u asboblari — surnay, dutor, g`ijjak esa kamer (xonada) yoki konsert (davrada) ijrosiga mo`ljallangan edi.


Tasviriy san`at


XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Turkistonda tasviriy san'at Samarqand, Qo`qon, Buxoro miniaturachilari ijodida namoyon bo`ldi. Ular tasviriy san'atning an'anaviy rivojlangan turini saqlab qolishdi.

XX asr boshlarida an'anaviy devoriy naqshlarga ilgari yo'1 qo`yilmagan tasviriy manzaralar — suzib borayotgan kema, temiryo`llar va hayvonlar tasvirlangan manzarali naqshlar kirib kelgan ayrim hollar uchraydi. o`zbek xalqi san'atida diniy e'tiqodga asoslangan an'analarga xos bo`lmagan bevosita tasviriy san'at paydo bo`lishi kuzatiladi.

o`zbek rassomlarining iqtidori amaliy san'atda namoyon bo`ldi. Kulolchilik buyumlarini, kiyimlarni, kundalik turmush buyumlarini bezashda uyg`un bo`yoqlar jilosidan foydalandilar. Buyumlar yuksak did, nazokat bilan ishlangan nafis rasmlari bilan yaqqol ko`zga tashlanar edi.

Buxoro naqsh, ya'ni amaliy san'at markazi edi. Bu shaharda ustalar Buxoroning asriy san'atini nafaqat saqlab qolishga, balki rivojlantirishga ham erishdilar. Buxorolik ustalarning har qanday asari o`ziga xos xususiyatlarga ega bo`lib, Turkistonning boshqa shaharlari va tumanlarida yaratilgan buyumlardan ajralib turar edi. Bu asarlar boy tasawur va mukammal mahorat mahsuli bo`lib, buxorolik ustalar asosan ranglar va naqshlar uyg`unligiga katta e'tibor berishgan. Oq rang baxt-saodat va omadni, qizil rang quvonch va salomatlikni, havo rang esa tinchlik va xotirjamlikni anglatar edi. Ranglar va naqshlardagi ramziylik zargarlikda, liboslarda, turli zeb-ziynatlarda, nodir toshlar shodasida ham ustuvorlik qilgan.



Matbuot va Kitob matbaachiligi rivojlanishi


Kitob matbaachiligi Turkistonda o`zining farqli xususiyatlariga ega edi. o`lkada bosma adabiyotning asosiy qismi litografiya (toshbosma) usulida chop etilgan. Sharqda ishlab chiqarish usuli oddiyligi bilan ajralib turgan va katta moddiy xarajatlarni talab etmaydigan litografiya keng tarqalgan edi. Maxsus qog`oz betiga yozilgan matn toshga o`tkaziladi va undan litografiya dastgohi yordamida kitob chop etilgan.

Dastlabki bosmaxona 1874-yili Xivada ochilgan va 1910-yilga qadar faoliyat ko`rsatgan. Ana shu korxonada 40 ta asar nashr etilgan. Ular orasida o`zbek va Sharq adabiyoti namunalari, tarixiy asar- lar mavjud bo`lgan. 1883-yili boshqa bir o`zbek matbaachisi Esonboy Husanboyev Toshkentda bosmaxona tashkil qildi. Bu yerda ilk marotaba buyuk shoir Alisher Navoiyning "Xamsa" asari va 1893- yilda mumtoz janrdagi she'rlar to`plami "Devoni Navoiy" chop etildi. 1880-yillarda tijorat maqsadlarini ko`zlagan xususiy bosmaxonalar paydo bo`la boshladi. Ularda asosan madrasalar hamda maktablar uchun zarur bo`lgan darsliklar va boshqa adabiyotlar chop etilgan. Chor hukumati ma'murlari tomonidan Toshkentda tashkil etilgan bosmaxonalar faqat harbiy va siyosiy , maqsadlarga xizmat qilar edi.”Devoni Navoiy”kitobining birinchi sahifasi(toshbosma 1888-yil)

1868-yilda Toshkentda birinchi bosmaxona ochildi va xuddi shu yili o`zbek tilida "Turkiston viloyatining gazetasi" dastlab "Turkestanskiye vedomosti"ga ilova tariqasida chop etila boshladi, 1883-yildan esa bu gazeta mustaqil nashr sifatida chiqadigan bo`ldi. Unda maktab ta'limi muammolari bo`yicha qimmatli axborotlar, ilmiy ma'lumotlar chop etilgan. Gazetaga ilova tariqasida ilmiy va maishiy yo`nalishdagi risolalar nashr mushtariylariga bepul tarqatilar edi. Gazetaning adadi 500—600 nusxa bo`lib, u arab imlosida chop etilgan.

1917-yilga qadar jadidlar 23 nomdagi gazeta va jurnallar nashr etishgan, tolmas ma'rifatchi Mahmudxo`ja Behbudiy nashr ettirgan "Samarqand" (1913-yildan nashr etila boshlagan) va "Oyna" (1913-yildan nashr etila boshlagan) jurnallari ular orasida eng nufuzlisi edi. Toshkentda Ubaydullaxo`ja Asadullaxo`ja o`g`li tomonidan nashr etilgan "Sadoyi Turkiston" (Turkiston ovozi) ham ommaviy nashrlardan hisoblanar edi. Ayoziddin Mirbadal nashr etgan "Buxoroyi sharif (Muqaddas Buxoro; 1912-yili Buxoro shahrida nashr etila boshlagan) va Qo`qonda Ashurali Zohiriy nashr etgan "El bayrog`i" (Vatan bayrog`i) ham o`quvchilari orasida mashhur edi.

Jadidlarning barcha gazeta va jurnallari ozodlik, tenglik, adolat shiorlarini keng yoydi. Jadidchilik harakatining siyosiylashuvi Munavvar Qori tomonidan Toshkentda nashr etilgan "Najot" jurnalida yaqqol namoyon bo`ldi.Vaqtli ,atbuotda jadidlar nihoyatda xilma-xil talablarni ilgari sura boshladilar,ammo aksariyat hollarda jamiyatdagi nuqsonlarni.suistemollarni,nikoh to`ylari va bazmlarni o`tkazishdagi isrofgarchiliklarni qattiq tanqid qilardi. Jadidlar matbuoti, shuningdek, urushga, ijtimoiy va axloqiy yemirilishga qarshi chiqdi, jamiyatdagi loqaydlik va savodsizlikni, xudbinlik va tarqoqlikni, qoloqlikni qoraladi. Jadidlar islohotlar yo`li bilan jamiyatda ma'naviy va madaniy yuksalishni hozirlay boshladilar.

"Turkestanskiy albom" (Turkiston albomi) — XIX asr ikkinchi yarmi — XX asr boshlaridagi fotografiya namunalarining noyob to`plamidir. 13 ta kitobdan iborat bo`lgan bu albomdagi ko`p sonli fotosuratlar mahalliy xalqlarning moddiy va ma'naviy hayoti, ularning madaniyati va turmush tarzi haqidagi ma'lumotlarga boydir. Tuzuvchisi L. Kun bo`lgan bu albom 1875-yil Parijda o`tkazilgan Xalqaro ko`rgazmada oliy mukofotni qo`lga kiritilgan.

1871-yili Turkistonda o`zbek tilida chop etilgan ilk bosma to`plam "Taqvim" deb atalgan. Bu ko`plab nasihatlar va maslahatlar kiritilgan kalendar bo`lib, uni Sh.Ibrohimov tuzgan.

Yakunlarni chiqaramiz

-1874-yil — Xivada birinchi bosmaxona ochildi;

-1913-yil Samarqandda ilk havaskorlik teatri tashkil etildi;

-1914-yil Toshkentda ilk teatr tashkil etildi(Abdulla Avloniy)

-1915-yil Qo`qonda dastlabki teatr tashkil etildi(Hamza)

-1917-yil -23 nomdagi gazeta va jurnal nashr etildi;



-Muqimiy,Mahmudxo`ja Behbudiylar ijodi gullab-yashnadi.






Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   36




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə