Mundarija


-5-§. o`RTA OSIYO DAVLATLARIDA MADANIYATNING RIVOJLANISHl Xalq ijodiyoti



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə4/36
tarix14.06.2018
ölçüsü0,53 Mb.
#48925
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36

4-5-§. o`RTA OSIYO DAVLATLARIDA MADANIYATNING RIVOJLANISHl Xalq ijodiyoti


Iqtisodiy va siyosiy jihatdan qanchalik kuchsiz bo`lmasin, O’rta Osiyo davlatlari zaminida o`zbek xalqining etnik, iqtisodiy, tarixiy va madaniy mushtarakligi vujudga kelgan edi. El e'zozlagan oliyjanob qahramonlar, bahodirlarning jasorati va adolat uchun kurashini tarannum etgan dostonlar qahramonlik poemalari o`zbek tilida keng tarqalgan edi. XIX asrda ularning qirqqa yaqini mashhur bo`lib, shulardan "Alpomish", "Go`ro`g`li", "Kuntug`mish", "Shirin va Shakar" dostonlari xalq tomonidan sevib tinglanar edi. Bayramlarda, to`ylarda va xalq sayillarida baxshilar do`mbira chertib sadoqatli do`stlik va vafodorlik tuyg`ulari madh etilgan "Tohir va Zuhra", "Bo`zyigit" dostonlarini aytishardi.

Xalq og`zaki ijodiyotida saroy a'yonlarining nuqsonlari va ochko`zligi ustidan allegorik (majoziy) tarzda kulgan, ba'zi qo`rqoq va pastkash boylar qoralangan hamda mehnatkash xalqning oliyjanobligi va jasurligi madh etilgan ertaklar ham alohida o`rin tutar edi. Aksariyat ertaklarning bosh mavzusi sevgi va muhabbat bo`lib, ularning qahramonlari bo`lmish sevishganlar o`z muhabbatiga sadoqatini umrbod saqlashi lozim edi. Ularda sevgiga sadoqat, ahdga vafo ideali tarannum etilgan Navoiy va Guli haqidagi afsona ham ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Ertaklarda ko`pincha ezgulik va yovuzlik kurashi g`oyasi zaminida voqealar fantastik shaklda ifoda etiladi, xalqning zolimlarga nafrati oshkor etiladi, beburd beklar va xonlar fosh etiladi, oddiy kishilarga nisbatan qaynoq mehr namoyon bo`ladigan ijtimoiy mazmun ham aniq sezilib turadi. O’zbek madaniyati rivojida, o`ziga xos aktyorlar — voqeani o`zlari to`qib, o`zlari ijro etgan qiziqchilar ham salmoqli o`rin tutgan.

Xalq sayillarida bozor maydonlarida sayyor sirk o`yinchilari guruhlari ham o`z tomoshalarini ko`rsatishar, ular sho`x ashulalar, she'rlar aytib berishar edi. Har yili bahorda shahar va qishloqlar chekkalarida ko`p odamlar yig`ilib, lola guli bayramiga bag`ishlangan xalq sayillarini o`tkazganlar. U yerlarda novvoyxonalar, choyxonalar, qandolat furushlar rastalari, milliy taomlar tayyorlovchi oshxonalar ochilar, hofizlar qo`shiq kuylar, maddohlar diniy qissalarni aytib berar, mug`anniylar musiqa chalar, ko`zboylog`ichlar, dorbozlar, huqqabozlar (jonglyorlar), hayvon o`rgatuvchilar, qo`g`irchoq teatrlari tomosha ko`rsatar, qiziqchilar kulgili qisqa tomoshalarni namoyish etar, so`z o`yin ustasi bo`lmish askiyachilar esa davrani rosa qizdirar edilar.

Aytib o`tilganlarning hammasi uchala xonlik uchun mushtarak va yagona bo`lgan ommaviy xalq madaniyatini tarkib toptirgan edi. Xalq ijodiyoti haqiqiy hayotni, odamlarni ro`y-rost badiiy shaklda gavdalantirib bera olardi.


Adabiyot


Xiva xonligida Xorazm tarixini yaratish bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Olloqulixon farmoyishi bilan Shermuhammad Munis Xorazmning 1812-yilga qadar bo`lgan tarixini yozdi va Mirxondning umumjahon tarixiga oid ulkan asarini o`zbek tiliga tarjima qildi. Munisning ishini jiyani Ogahiy Muhammad Rizo Ernazarbek o`g`li (1809—1874) davom ettirdi. U shoir va tarixchi bo`lib, 16 ta tarixiy, ma'rifiy va tarjima asarlar muallifidir. Ogahiy Xorazmning 1839—1872-yillardagi tarixini yaratdi. Amakisi shoir Shermuhammad Munis boshlab ketgan "Firdavs ul-iqbol" (Iqbol bog`i) asarini yozib tugatdi. Muhammad Rahimxon II hukmronligi davri tarixini va Olloqulixon davri tarixini shuningdek, Feruzning taxtga o`tirish va rus bosqini tarixini yozib qoldirdi. Ogahiy 1872-yilga qadar bo`lgan davr tarixini yozib, kelajak avlodlarga bebaho tarixiy meros qoldirdi. Bu tarixiy asarlar o`zbek adabiy tilini rivojlantirish nuqtayi nazaridan ham, tarixiy-ilmiy nuqtayi nazardan ham ulkan ahamiyat kasb etdi. Bunday asarlar o`zbek xalqining milliy o`zini-o`zi anglash tuyg`usini va milliy birdamlik hissini takomillashtirishga xizmat qildi. Bundan tashqari, u ko`plab lirik g`azallar muallifidir. Uning g`azallari o`z davriqing mashhur hofizlari tomonidan qo`shiq qilib ijro etilgan.

Shermuhammad Munis — o`zbek xalqining iste'dodli shoiri. U 18 mingdan ziyod misrani o`z ichiga olgan devonini avlodlarga meros qoldirgan. Bu she'rlar o`z ruhi va uslubi bilan Alisher Navoiy asos solgan O’rta Osiyo turkiy she'riyati an'analarini davom ettirdi.

Munis she'riyatida yuksak sharqona tuyg`ular, nozik hissiyotlar muhabbat tuyg`usini teran anglash hissi bilan chambarchas bog`lanib ketgan.

Ahli donish birla har dam aylangiz bazmi kitob, Jami nodonlar bila izhori ulfat qilmangiz.

Berdaq Berdimurot Qarg`aboy o`g`li (1827-1900) — qoraqalpoq shoiri. Ko`plab lirik she'rlar, "Omongeldi", "Ernazarbiy" kabi tarixiy dostonlar, "Ahmoq podsho" she'riy romani muallifidir. She'rlari insonparvarlik va erksevarlik g`oyalari, adolatsizlik va haqsizlikka qarshi isyon ruhi bilan teran sug`orilgan.


Berdaq XIX asrning mashhur shoirlaridan biri bo`lib, u o`z asarlarida adolat, tenghuquqlik, insonparvarlik, vatanparvarlik g`oyalarini ifodalaydi, zolimlarni fosh etib, kambag`allarni himoya qiladi. Qoraqalpoq xalqining og`ir turmushini haqqoniy tasvirlab, uning baxtli kelajagini orzu qilgan shoir vatandoshlarini erk va baxt-saodat uchun kurashga chorlagan.

Berdaq XIX asrda o`rta Osiyoda ijtimoiy g`oyalar rivojlanishida katta rol o`ynadi. Shoir xalqda o`zini-o`zi anglash ruhini, erksevarlik va ozodlik uchun kurash ruhini uyg`otishga xizmat qildi.

Musiqashunos, shoir, xattotlik san'atini mukammal egallagan Komil Xorazmiy (1825—1899) o`zining har tomonlama kuchli qobiliyat egasi sifatida Muhammad Rahimxon II saroyida shuhrat qozongan edi. Birinchi marta u tambur ijrosi uchun poemalar yozdi. Bu poemalar mumtoz musiqamiz gultoji hisoblangan maqomlar musiqaviy mazmunini boyitishga xizmat qildi.

K. Xorazmiyning she'rlarida muhabbat, ezgulikning yovuzlik bilan kurashi mavzulari aks etgan. U tomonidan ko`chirib yozilgan asarlar bizning kunlarimizgacha yetib kelgan bo`lib, bu husnixat namunalaridagi yozuvning aniqligi va alohida go`zalligi zamondoshlarimizni maftun etib kelmoqda.


Arxitektura


XIX asrdan boshlab O`rta Osiyo davlatlari shaharlarida qurilish ishlari asta-sekin rivojlana boshladi. Ayniqsa, Xiva xonligida XIX asr o`rtalariga borib bunyodkorlik ishlari avj oldi. Shu kunlargacha saqlanib qolgan Olloqulixon madrasasi, Rahmonqul Inoq saroyi, Movarounnabrda eng baland hisoblangan, biroq tugallanmay qolgan ulug`vor minora, lchan qal'a arxitektura majmuasiga kiruvchi Muhammau Aminxon mudrasasi (1852), Ark darvozasi qarshisidagi Muhammad Rahimxon madrasasi (1871) bunyod etildi.

Ana shu davrga kelib, Qo`qon xonligida ham ulkan binolar qurilishi boshlandi. XIX asr ikkinchi yarmi noyob arxitektura yodgorligi hisoblanmish 100 dan ortiq xonadan iborat Xudoyorxon saroyi (1863—1870) bezaklari va naqshlari o`zining yorqin jilosi bilan ajralib turadi. Hazrati Kalon Sohib madrasasi (1862), Hokim oyim madrasasi (1870), Xudoyorxonning o`g`li Sulton Murodbek madrasasi (1872) qurib bitkazildi. 1877-yilda Andijonda Jomiy madrasasi qurilishi yakunlandi.

Bu vaqtga kelib, Buxoro arxitekturasida binolarni bezashda ko`fiy sulsi, rivo, rayhona, nasx, nastaliq kabi yozuvlardan foydalana boshlandi. Qishloq va shahar aholisi yashaydigan uylar qurilishlari ham ancha madaniylasha boshladi. Uy-joylar asosan paxsa yoki xom g`ishtdan qurilar edi. Pishgan g`isht asosan masjid va madrasa binolari qurilishida ishlatilar edi. Masalan, Farg`onada uy devorlarini ganch o`ymakorligi namunalari bilan, uy shiftlarini esa yorqin ranglardagi naqshlar bilan bezaganlar. Samarqand va Buxoroda o`ymakor ustunlik ayvonlar qurilib, devorlar ganch namunalari bilan bezatilgan. Xivada esa uylar yopiq hovli usulida, atrofiga naqshinkor ustunli ayvonlar qurilgan. Darvoza va eshiklar murakkab o`yma naqshlar bilan bezatilgan. Xona sandal yoki tutuntortar o`choq bilan isitilgan. Xona ichida mebellar bo`lmagan, o`rin-ko`rpalar uchun taxmon, idish-tovoqlar uchun tokchalar qurilgan. Kiyimkechaklar sandiqlarda saqlangan.

O’zbek xalqining XIX asrdagi ma'naviy madaniyati o`rta Osiyo xalqlari qadimiy madaniyatining o`ziga xos sinteziga aylandi. O’zbek shoirlarining deyarli har biri o`zbek tilida ham, fors-tojik tilida ham asar yoza oladigan zullisonayn (ikki tilni mukammal egallagan) ijodkor bo'lgan. Ayni mahalda bu madaniyatda o`zbek adabiyotining ulug` yo`lboshchilari va birinchi galda Alisher Navoiy asos solgan insonparvarlik va demokratik an'analar chuqur tomir otdi. O`rta Osiyo xalqlarining mushtarak tarixiy taqdiri mustahkam do`stligi zaminiga aylandi. Minglab she'rlar, g`azallar, hikoyalar, qissalar va rivoyatlar qishloqdan qishloqqa qanot qoqib, botirlar va pahlavonlar haqida kuylar, Tohir va Zuhra, Farhod va Shirin, Layli va Majnun sadoqati, do`stligi va muhabbatiga nisbatan odamlarda havas uyg`otar, ezgulikka da'vat etardi.



Yakunlarni chiqaramiz

-xalq ijodiyoti: qiziqchilar, hofizlar, maddohlar, askiyachilar, dostonlar;

-Munis Xorazmiy - Xorazm tarixini yozdi;

-Ogahiy (1809—1874) - shoir, tarixchi;

-Berdaq (1827—1900) — qoraqalpoq shoiri;

-XIX asr o`rtalarida arxitektura o`ziga xos usulda rivojlandi.



Andijondagi Jomiy madrasasi (1874-1877)

Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə