Namangan davlat universiteti iqtisodiyot fakulteti iqtisodiyot yo



Yüklə 28,21 Kb.
səhifə3/3
tarix11.05.2022
ölçüsü28,21 Kb.
#86561
1   2   3
3-MAVZUvideo ma\'lumot

3- video ma’lumot .

Tashqi qarz oshyabdi, biroq iqtisodiy o’sish yo’q?!

Bu savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, olimlar va ekspertlar o‘z fikrlarini bildirishdi.

Keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, jamiyatda ochiqlik, oshkoralik muhitini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar tufayli yurtimizda investitsiya faolligi oshib bormoqda. Chetdan kirib kelayotgan mablag‘ esa iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan sohalariga, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga yo‘naltirilayotgani xalqimiz turmushi farovonligini oshirish va yurt taraqqiyotini yuksaltirishga zamin yaratmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, olimlar va ekspertlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga so‘nggi yillarda jalb etilayotgan tashqi qarzlardan foydalanish samarasi, bu boradagi jahon tajribasi xususida so‘z yuritadi.

Aktam HAITOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari:



— Davlatlarning tashqi qarzi atrofida doimo bahs yuritiladi, turlicha fikrlar uchraydi. Gap shu haqda ketganida, avvalo, aytish mumkinki, tashqi qarzni qaysidir ma’noda davlatga bo‘lgan “ishonch krediti”, deb ham tushunsa bo‘ladi. Zero, qarz yoki investitsiya hamma davlatga ham berilavermasligi kundek ravshan. O‘zbekistonning tashqi qarzi va uning tarkibi bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida ayrim fuqarolar tomonidan vaziyatni to‘g‘ri baholamasdan turib, tanqidiy fikrlar bildirila boshlandi. Aslida bu ham ijobiy holat. Chunki yangilanayotgan O‘zbekistonda har qanday sohada ochiqlik, shaffoflik alohida mezon sifatida belgilangan. Lekin davlat va xalq manfaatlari bilan bog‘liq masalalarda munosabat bildirish yoki xabar tarqatishdan oldin masalani atroflicha tahlil qilib, keyin fikr aytilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Davlat tashqi qarzini muhtojlik tufayli olingan oddiy qarz ma’nosida tushunmaslik kerak. Tashqi qarz aslida maqsadli kreditlar, sarmoyalar va boshqa mablag‘larning mamlakat iqtisodiyotiga kirib kelishini bildiradi. Xalqimizning farovon hayotini va barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash uchun, avvalo, infratuzilmani rivojlantirish talab etiladi. Aholining yashashi, ishlab chiqarish hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun zarur bo‘lgan energetika, suv ta’minoti, transport va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish uchun katta mikdordagi sarmoyalar talab etiladi. Ichki imkoniyatlar cheklangan holatda davlat tashqi qarzi, asosan, infratuzilma, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirilmoqda. Tushunib olishimiz kerakki, birinchidan, O‘zbekistonning hozirgi kundagi tashqi qarzi miqdori juda past darajada, deb hisoblanadi. Ikkinchidan, tashqi qarz xavotirga tushiradigan sabab emas. Agar bu qarz noto‘g‘ri sarflansa yoki shaffof bo‘lmagan jarayonlar orqali o‘zlashtirilsa, ana shundagina xavotir o‘rinli va asosli bo‘ladi. Keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz turmushi farovonligi yo‘lida juda katta maqsad va vazifalarni amalga oshirishga kirishdik. Investitsiyalarni barqaror jalb etish ham ana shu muhim vazifalar sirasiga kiradi. Bilamiz, investitsiya o‘z-o‘zidan kirib kelmaydi. Buning uchun mamlakatda infratuzilmani rivojlantirish zarur. Shu ma’noda, qarz olib, uni aql, ilmga asoslanib, aniq hisob-kitoblar bilan sarflab, keyinchalik bosqichma-bosqich qaytarish juda to‘g‘ri yo‘ldir. Pirovard maqsad bitta — xalqimizning bugungidan-da farovon va baxtli yashashini ta’minlash. O‘zbekistonning biznes yuritish hamda investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini ta’minlash ham oldimizda turgan eng muhim vazifadir. Zero, jahonning rivojlangan davlatlari tajribasiga qaraydigan bo‘lsak ham mazkur amaliyot o‘zini to‘la oqlagan. Ta’kidlash lozimki, ayni paytda O‘zbekistonning tashqi qarz olish masalasi muhim. Chunki jalb qilinayotgan davlat tashqi qarzlari energetika, transport va transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, kimyo, ta’lim hamda sog‘liqni saqlash singari muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga yo‘naltiriladi. Agar chetdan mablag‘ jalb etilmasa, islohotlarni davlat byudjetidan amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Shu nuqtai nazardan, tashqi qarzni, birinchi navbatda, davlat dasturlarini va davlat zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, tashqi qarzdan maqsadli hamda samarali foydalanishda shaffoflik ta’minlash, bu boradagi axborotlar keng jamoatchilikka ma’lum qilinishini ham ijobiy qadam sifatida baholash zarur. Umuman olganda, tashqi qarzlarni nufuzli xalqaro moliya tashkilotlarining mamlakatimizga bo‘lgan ishonchi, deb baholashimiz joiz. Takror bo‘lsa-da ta’kidlash o‘rinliki, qarz har qanday davlatga ham berilavermaydi. Avvalo, qarz oluvchining ishonchliligi, iqtisodiy imkoniyatlari va istiqbollari obdon o‘rganiladi. Mavjud tahlillar, mamlakatimizning ichki resurs hamda imkoniyatlarini, qolaversa, yangi islohotlar samarasidan kelib chiqib, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, davlat tashqi qarzi borasida tushkunlikka yoki xavotirga tushishga hech qanday asos yo‘q. Jarayon aniq tahlil va hisob-kitoblarga tayangan holda olib borilyapti.

Nodir JUMAYeV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor:



— Darhaqiqat, tashqi qarz mamlakat taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir fuqaroni mulohazaga chorlaydigan masala. Hozirgi kunga kelib ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda inqiroz paytida milliy qarz yalpi ichki mahsulot hajmidan sezilarli darajada oshib ketdi. Odatda muvaffaqiyatli rivojlanish uchun davlat qarzi YaIMning 60 foizidan oshmasligi kerak, deb hisoblanadi. Bundan tashqari, byudjetni boshqarish muvaffaqiyatini baholash uchun rasmiy ravishda qabul qilingan mezon mavjud. Mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli istiqbolda o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun byudjet kamomadi YaIMning 3 foizidan, davlat qarzi esa 60 foizidan oshmasligiga doir mezonlar Yevropa Ittifoqi tomonidan Maastrixt kelishuviga kiritilgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, jahon iqtisodiyotining hozirgi rivojlanish bosqichida tashqi qarzi bo‘lmagan mamlakatlar deyarli qolmagan. Tashqi qarzlarning moliyaviy ta’sir kuchi iqtisodiyotning eng istiqbolli tarmoqlarini moliyalashtirishga, yirik iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga va dunyodagi mavjud vaziyat o‘zgarganda iqtisodiyotni tezda tiklashga yordam beradi. Demak, qarz qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakatga bo‘lgan ishonch shuncha yuqori bo‘ladi. Aksincha, mamlakatga bo‘lgan ishonch qancha yuqori bo‘lsa, u shuncha ko‘p pul jalb qilishi mumkin. Dastavval umumiy tashqi qarz tarkibi haqida biroz aniqlik kiritib olish zarur. Xususiy sektor qancha qarz oladi, uni qanday qaytaradi — bu alohida masala. Ushbu qarzlarni qaytarish xususiy sektorning zimmasida bo‘lar ekan, uning zamirida bozor kon’yunkturasi va turli xatarlarni hisobga olib qo‘shilgan qiymat yaratadigan, saralangan loyihalar yotibdi. Demak, xususiy sektor tashqi qarzini qaytarishi uchun yetarli asoslar mavjud. Xususiy tashqi qarz qaytmagan taqdirda ham biz, soliq to‘lovchilar uchun katta fojia emas. Biroq davlat tashqi qarzi va uning aynan davlat byudjeti kamomadini qoplash maqsadida jalb qilinadigan qismi haqiqatda ancha jiddiy masala. Chunki davlat tashqi qarzi, xoh qisqa, xoh uzoq muddatli bo‘lsin, bugungi soliq to‘lovchilarni ham, kelajak soliq to‘lovchilarini ham birdek o‘ylantiradi. Zero, bu yerda moliyani kreditdan farqlaydigan jihatlardan biri — qaytarish tamoyili amal qilmaydi. Ya’ni byudjetdan sarflangan mablag‘larni oluvchi tomon qaytarmaydi. U kelgusi byudjet daromadlaridan, xususan, asosan, soliq to‘lovchilar mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi. Davlat investitsiya dasturi asosida loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilinayotgan tashqi qarz uni moliyalashtirish tarmog‘i yoki ob’yekti xususiyatlaridan kelib chiqib, imtiyozli shartlarda ajratiladi. Bunday loyihalarni tanlab olishda ham aniq mezonlar, bosqichlar, bir so‘z bilan aytganda, sinalgan mexanizm amal qiladi. Tashqi qarzning hajmi hattoki rivojlangan mamlakatlar aholisini katta tashvishga soladi hamda soliqlar ko‘payishi bilan xavotirlar paydo bo‘ladi. Bunga o‘xshash hadiklar mamlakat tashqi qarzini byudjet defitsitini qoplashga yo‘naltirgan vaqtlarda keskinlashadi. To‘g‘ri, jahondagi umumiy vaziyat koronavirus pandemiyasi oqibatida og‘irlashdi. Tabiiyki, pandemiya nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda davlat qarzi ko‘payishiga olib keldi. Masalan, 2019 yil yakunlari bo‘yicha Yaponiyaning davlat qarzi YaIMga nisbatan 236,6 foizni tashkil etgan. Yevropa Ittifoqi bo‘yicha davlat qarzining YaIMga o‘rtacha nisbati 2020 yilning 1-choragida 79,5 foizni, yevrohududda esa 86,3 foizni tashkil etgan. 2020 yil 1-choragi holatiga davlat qarzining YaIMga nisbati eng yuqori bo‘lgan YeI davlatlari qatoriga Gretsiya (176,7 foiz), Italiya (137,6 foiz), Portugaliya (120,0 foiz), Belgiya (104,4 foiz) va Fransiyani (101,2 foiz) kiritish mumkin. Bundan ko‘rinadiki, hozirgi kunda YeIning aksariyat mamlakatlari uchun Maastrixt kelishuvida keltirilgan mezon amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotib bo‘lgan. Shuningdek, iqtisodiy jihatdan nochor davlatlardagi tashqi qarz bilan bog‘liq holatlar yanada ayanchli ekanini kuzatish mumkin. Masalan, Mozambikda davlat qarzining YaIMga nisbati 2018 yilda 100 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib, 130 foizga yetgan. Mazkur mamlakat shundoq ham juda kichik fiskal makonga ega edi. Bu esa mamlakatning xarajatlar tanlovi borasidagi imkoniyatini cheklab qo‘yadi. Shuningdek, Afrikaning chuqur qarzga botgan mamlakatlari qatoriga Angola, Kongo, Jibuti va Misrni qo‘shish mumkin. Mazkur davlatlarda tashqi qarzning YaIMga nisbati 100 foizdan ortadi va pandemiya sharoitida moliyaviy qiyinchiliklarni hal etish jiddiy muammoga aylangan. Bu yerda gap qo‘shimcha tashqi qarz jalb qilmagan holda aynan pandemiya inqirozi oqibatida qarzga xizmat ko‘rsatishning og‘irlashgani haqida ketmoqda. Mazkur mamlakatlarga ko‘maklashishning birdan-bir yo‘li tashqi qarzni restrukturizatsiya qilgan holda qo‘shimcha beg‘araz moliyaviy yordam yoki imtiyozli shartlarda yangi qarz berish hisoblanadi. Biroq restrukturizatsiya ham bunday mamlakatlarga uzoq muddatli istiqbolda doimo foyda keltiravermaydi. Pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaratilgan xarajatlarni oshirish va shu maqsadda tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish shartlarini yengillashtirish pirovardida pandemiyadan so‘ng kechiktirilgan to‘lovlar hisobiga ko‘proq qarz to‘lashga ham olib kelishi mumkin.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning 2020 yil iyun oyidagi murojaatida pandemiya tufayli 2020 yilda yana 50 million kishi o‘ta qashshoqlik domiga tushib qolishi borasidagi xavotir ham bejiz emas. Shu bois, barcha yetakchi davlatlar hukumatlari koronavirus pandemiyasining iqtisodiy ta’sirini cheklash uchun favqulodda yordam choralariga yirik miqdorda mablag‘lar sarfladi. Qiyin vaziyatda ham mamlakatimiz tashqi manbalardan qarzlarning aksariyat qismini, asosan, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega strategik loyihalarni moliyalashtirish, jumladan, infratuzil mani rivojlantirishga yo‘naltirgan. Hozirgi davr murakkabliklari insoniyatni shoshirib qo‘ymoqda. Pandemiya oqibatlarini yumshatish, insonlar hayotini saqlab qolish barcha mamlakatlarda eng ustuvor yo‘nalishga aylandi. Shubhasiz, yuqori davlat qarzi, xususan, xorijiy valyutada olingan tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish pandemiya bois yanada murakkablashdi. YaIMning pasayishi, milliy valyuta qadri tushishi oqibatida davlat qarzining YaIMga nisbati keskin oshib bormoqda. Fiskal makoni keng mamlakatlar davlat byudjeti xarajatlarini optimallashtirish, pandemiya sababli sharoitlari og‘irlashgan sohalarni ustuvor ravishda qo‘llab-quvvatlashga harakat qilayotgan bo‘lsa, bunday imkoniyatga ega bo‘lmagan davlatlarda tashqi qarz miqdori ortishi yoki unga xizmat ko‘rsatish shartlari yomonlashishi tendensiyalari kuzatilmoqda. O‘zbekistonda esa pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyatga qaramay, xalqaro likvidlikka putur yetkazmagan, ya’ni, xalqaro zaxiralarni sarflamagan holda tashqi qarz islohotlarni davom ettirish, ustuvor ravishda ijtimoiy soha loyihalarini moliyalashtirishga jalb etilmoqda. Bu esa ayni sharoitda mavjud tahdidlarga tezkor javob berish yo‘lidir. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, odatda tashqi qarz jalb qilinishidan avval yetarlicha asoslantirilgan loyiha va dasturlar ishlab chiqilishi, ular mamlakat uchun ayni paytda ortga surib bo‘lmaydigan, strategik ahamiyatga ega, dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan bo‘lishi, davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan ustuvor yo‘nalishlarga mos kelishi shart. Masalan, 2020-2021 yillar uchun inqirozdan keyingi davrda iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha qabul qilingan keng ko‘lamli dasturda tashqi qarzlardan samarali foydalanish, ularni ustuvor ravishda infratuzilma loyihalarini, iqtisodiy o‘sishga bevosita va ikkinchi darajali ta’sir ko‘rsatadigan ijtimoiy ob’yektlarni moliyalashtirishga qaratish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, kambag‘allikni qisqa va o‘rta muddatda qisqartirishga yo‘naltirish belgilandi. Shuningdek, Prezidentimizning 2020 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolati ostida xorijiy kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi ma’qullangan. Mazkur dastur tarkibidan o‘rin olgan loyihalar mazmunidan ko‘rinib turibdiki, davlat tashqi qarzining asosiy qismi neft-gaz, kimyo sanoati sohalarida yangi ishlab chiqarishni tashkil etish, issiqlik elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilish, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, kanalizatsiya tizimini rivojlantirish va boshqa sanoat tarmoqlaridagi yangi loyi halarni moliyalashtirishga qaratilgan. Bu esa, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari ham demakdir. Binobarin, infratuzilmani rivojlantirish, qurilish sohasiga investitsiyalar, ijtimoiy sohani moliyalashtirishga jalb qilingan mablag‘lar pirovardida aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi muqarrardir.

Nodir TILOVOLDIYeV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:



— So‘nggi paytlarda mamlakatimizning davlat tashqi qarzi to‘g‘risidagi mavzu ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarda faol muhokama etilayotganini ijobiy baholayman. Mazkur holat, avvalo, xalqimizning siyosiy, iqtisodiy va huquqiy tafakkuri oshayotganini, qolaversa, vatanimiz taqdiriga befarq emasligimizni namoyon etadi. Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimizning nafaqat kelajakda, balki bugun ham yaxshi yashashi uchun sharoit yaratish tamoyili asosida barcha jabhalarda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Albatta, aholining xayot darajasi, turmush sifatini oshirish, salomatligini saqlash, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida ijtimoiy infratuzilmalarni takomillashtirish, sanoat korxonalarini ishga tushirish uchun katta miqdordagi sarmoya talab etiladi. 2020 yilning yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 17,5 foizi yoki 3,7 milliard dollar davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga, 12,4 foizi yoki 2,6 milliard dollar energetika sohasiga, 13,7 foizi yoki 2,9 milliard dollar elektr energetikasi sohasiga, 11,5 foizi yoki 2,4 milliard dollar transport va transport infratuzilmasiga, 11 foizi yoki 2,3 milliard dollar uyjoy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgani fikrimizning tasdig‘idir. Ayni pandemiya sharoitida talab etiladigan katta mablag‘larni faqatgina soliq, bojxona va boshqa yig‘imlardan tushadigan mablag‘lar hisobiga shakllantirish murakkab. Odatda to‘lov balansi manfiy, davlat byudjeti taqchilligi mavjud bo‘lgan, imkoniyatlar cheklangan holatlarda yirik loyihalarni moliyalashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida tashqi qarzga murojaat qilish juda keng tarqalgan amaliyotdir. Nafaqat rivojlanayotgan, balki eng rivojlangan mamlakatlar ham o‘z iqtisodiyotini yuksaltirishda uchun tashqi qarz omilidan mohirona foydalanadi. Masalan, tashqi qarz summasi YaIMga nisbatan AQShda 138 foiz, Yaponiyada 237 foiz, Fransiyada 99 foizni tashkil etadi. Hatto AQShda tashqi qarz xalqaro monetar tizim asosini tashkil etuvchi omildir. Shunday ekan, bugungi globallashgan va moliyaviy resurslar cheklangan zamonda tashqi qarz jalb etish va uni samarali boshqarish mamlakatning eng muhim moliyaviy vositalaridan biri hisoblanadi. Arzon va uzoq muddatli tashqi qarzdan faqatgina bugungi davr xarajatlarini qoplash uchun emas, balki mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini oshirishga imkon beradigan yirik infratuzilma va sanoat korxonalarini barpo etish uchun foydalanish ertangi taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratadi. 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz 21,1 milliard dollarni, YaIMga nisbatan esa 36,5 foizni tashkil etmoqda. O‘zbekiston davlat qarzining so‘nggi yillardagi o‘sish sur’ati barchamizni biroz tashvishga solayotganday. Lekin tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining YaIMga nisbatan 1,7 foizni, davlat tashqi qarzining O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga nisbati 60 foizni tashkil etishi, keyingi yillarda iqtisodiyotimizning real o‘sishi 5-6 foiz prognoz etilayotganini inobatga olsak, tashqi qarzni qaytarishda hech qanday muammolar tug‘ilmasligi ravshan bo‘ladi. Tashqi qarzning barcha mamlakatlar uchun umumiy xatarli bo‘lgan maksimal ko‘rsatkichini belgilashning imkoniyati mavjud emas. Ushbu ko‘rsatkich har bir davlatga nisbatan xususiy yondashuvlar asosida mamlakatning eksportidan tushadigan valyuta mablag‘lari miqdori, mamlakatning oltin va boshqa valyutalardagi zaxiralari kabi ko‘rsatkichlarni tahlil qilgan holda tavsiyaviy xarakterda ishlab chiqiladi. Shunday bo‘lsa-da, tashqi qarz umumiy miqdorining keskin ortishi yoki undan samarasiz foydalanish salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ehtimol. Bu esa bugungi kunda nafaqat iqtisodiyotimizni izdan chiqarishi, shuningdek, kelgusi avlodga ham tizimli muammolarni vujudga keltirishi mumkin. Aynan shu bois, davlat tashqi qarzi bilan bog‘liq nojo‘ya oqibatlarning oldini olish maqsadida hukumat tomonidan bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qonun hujjatlari bilan davlat qarzi miqdorini yalpi ichki mahsulotga nisbatini 60 foizdan oshirmaslik qat’iy belgilab qo‘yildi. Davlat qarzini jalb qilish va ishlatishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida davlat qarzi hisobidan moliyalashtirilgan va yakunlangan barcha loyihalar majburiy tartibda Hisob palatasi tomonidan auditdan o‘tkaziladi. Qonunchilik palatasi deputatlari va OAV ishtirokida muhokama qilinib, keng ommaga muntazam ravishda e’lon qilinishi ta’minlanmoqda. Shu o‘rinda, tashqi qarzni kamaytirish omillariga ham to‘xtalib o‘tsak. Buning uchun mamlakatning ichki qarz miqdorini oshirish hamda kapital bozorini rivojlantirish muhim omildir. Bugungi kunda davlatimizning ichki qarzi 2,2 milliard AQSh dollari bo‘lib, jami davlat qarzining 9,2 foizini tashkil etadi. Ichki qarz shakllanishi jarayonida moliyaviy mablag‘larning mamlakat hududidan chiqib ketmasligi hamda mazkur jarayonda davlatning asosiy investori xalq bo‘lishi davlatimizga bo‘lgan yuksak ishonchni anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, tashqi qarzni samarali boshqarish, ichki qarz va kapital bozorlarini uyg‘unlikda rivojlantirish orqali aholimizning hayot darajasi va turmush sifati yuqori, eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishiga erishamiz.

Adham ShODMONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablag‘larni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratiladi”, deb qayd etdi. Ushbu fikrlar zamirida qarz mablag‘larini samarali boshqarish uchun yangi qiymat zanjirini yaratishga yo‘naltirish maqsadi mujassam.

Odatda davlat qarzi bir nechta qismlarga ajratilib, unda mamlakatning jamiyat va iqtisodiyot sohalaridagi davlat siyosati, makroiqtisodiy holat muhim o‘rin tutadi. Oqilona qarz siyosati davlat va jamiyat uchun xatarli bo‘lmaydi. To‘g‘ri, qarz miqdori mamlakatning turli salbiy ta’sirlarga moslashuvchanligini kamaytirishi mumkin. Shu sabab, barcha mamlakatlar tashqi va ichki qarzlarining barqarorligini baholashga alohida e’tibor qaratadi. Qarzlarning barqarorligini ta’minlashda YaIMga nisbatan ulushi muhim ahamiyatga ega, chunki qarzlarning hajmi kelgusida davlatning o‘z qarziga xizmat ko‘rsatish va iqtisodiyotni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini aks ettiradi. Shu bilan birga, davlatning iqtisodiy siyosatida qarzlar hajmi o‘sishi doimiy muhokamalarga sabab bo‘ladigan jarayondir. Davlat qarzining o‘sishida yirik strategik loyihalarni amalga oshirish, jumladan, tibbiyot va ta’lim sohasidagi islohotlarni moliyalashtirishga oid islohotlar alohida ahamiyatga ega. Uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarni hisobga olgan holda infratuzilma va inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar o‘rta, uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantiradi. Davlat qarzi bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish ilmiy asoslangan tahliliy xulosalar va makroiqtisodiy baholashni inobatga olishni talab etadi. Bu esa, o‘z navbatida, davlat tashqi qarzini boshqarish va undan foydalanish samaradorligini oshirishda minimal-maksimal mezonlarning suzib yuruvchi ko‘rsatkichlarini joriy etish zaruratini keltirib chiqaradi. Bu jarayonda belgilangan ko‘rsatkich me’yorlariga amal qilmaslikning oldini olish, qonunchilikka rioya etishga imkon berish, milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash imkoniyatini yaratish juda muhimdir.

Farhod ZAYNIYeV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:



— Hozirgi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari o‘z ichki to‘lovlarini amalga oshirish, davlat byudjeti defitsitini qoplash, ijtimoiy–iqtisodiy siyosatini amalga oshirish va jalb qilingan tashqi qarz to‘lovlarini to‘lash uchun moliyaviy resurslarga ehtiyoj sezmoqda. O‘zbekiston ham bundan istisno emas. Xalqaro valyuta jarg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda davlat qarzi hajmi 2020 yilda 14,1 foiz oshib, YaIMning 97,6 foiz tashkil etdi. Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilda 2 foiz oshishi kutilmoqda. 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasi davlat (tashqi) qarzi esa YaIMga nisbatan 36,5 foizni tashkil etmoqda. Shu o‘rinda ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, O‘zbekistonda tashqi qarz samarali boshqarilyapti va bu qarzlarning 70 foizi uzoq muddatli bo‘lib, YaIM hajmining bosqichma-bosqich o‘sib borishini hisobga oladigan bo‘lsak, qarzlarni qaytarishda hech qanday muammo bo‘lmaydi. Bu borada yana bir muhim jihatga e’tibor qaratmoqchiman. Jahon banki prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 yilda 6 foiz o‘sishi kutilmoqda. Pandemiya davrida ko‘plab mamlakatlar iqtisodiy inqirozni boshidan kechirdi. O‘zbekiston ayrim rivojlangan mamlakatlar qatorida bunday inqirozning oldini olish uchun muhim choralarni qo‘lladi. Jahon banki bu chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. Jumladan, pandemiya davrida soliqlar undirilishini to‘xtatib turish, kredit to‘lovlari muddatini uzaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarini subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash hamda aholiga ijtimoiy yordam berish choralari e’tirof etildi. Jahon banki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati va hamkorlikka tayyorligiga, iqtisodiyoti barqaror o‘sib borayotganiga ijobiy xulosa berdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi iqtisodiyot sohasi ekspertlari, olimlar ham yurtimiz o‘z tashqi qarzini to‘lashga imkoniyati va salohiyati yetishini, bu qarz salbiy oqibatlarga emas, aksincha, oldimizga qo‘ygan katta marralarni zabt etishga asos bo‘lishi qayd etdi

ABDULBOSID XAMIDULLAYEV


Yüklə 28,21 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə