Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti tarix fakulteti



Yüklə 149,62 Kb.
səhifə4/14
tarix30.12.2022
ölçüsü149,62 Kb.
#98066
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti tarix f

Kurs ishining tarkibiy tuzilishi. Kurs ishi kirish, asosiy qism, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan tashkil topgan.


I BOB. TARBIYA FANINI O’QITISHNING ILMIY-NAZARIY ASOSLARI
1.1. Ta’lim va tarbiya tushunchalarining mazmun-mohiyati, ularning o’zaro bog’liqligi.
Insonga boshqa jonzotlardan farqli ravishda quyidagi to’rtta xislat ne’mat qilib berilgan: bular aql, ilm, tafakkur va nutq ya’ni o’z fikrini so’zlar yordamida ifodalay olish xislatlaridir. Shuning uchun ham inson bu yorug’ olamning gultoji hisoblanadi. Lekin inson o’ziga Alloh taolo tomonidan ne’mat qilib berilgan ana shu xislatlarni bekamu-ko’st bajarishi uchun o’zining yaratilishdagi mohiyatini, o’zligini, e’tiqodi va ixlosini anglab yetmog’i lozim bo’ladi. Buning uchun esa insonga har jihatdan ta’lim va tarbiya shart. Pedagogik jarayonni yaxlit, butun tizim sifatida tasavvur qilsak, uning tarkibiy qismlari ta’lim va tarbiyadir. Biroq bu komponentlarning har biri o’ziga xos xususiyatlarga, mustaqil ma’noga ega, shuning uchun pedagogikada ularni alohida ko’rib chiqish odatiy hol hisoblanadi. Ta’lim kishilarga bilim berish, ularni hayotga va mehnatga tayyorlash jarayoni bo’lib, bu jarayonda bilim va ma’lumotlar berish bilan birgalikda tarbiyalash amalga oshiriladi. Ta’limning tor ma’nodagi mazmuni o’qitishdir. Lekin u faqat turli tipdagi ta’lim muassasalarida o’qitish jarayoninigina emas, keng ma’noda oilada, ishlab-chiqarishda yoki boshqa sohalarda ma’lumot berish jarayonini ham anglatadi. Ta’limning mazmuni va mohiyati jamiyatning moddiy va madaniy taraqqiyoti darajasiga bog’liq bo’ladi. Ta’limning mohiyati dars berish jarayonini, o’qituvchi faoliyatini, ya’ni o’quvchining bilish va o’rganish faoliyatiga rahbarlik qilishdan iborat. Ta’lim avlodlar o’rtasidagi ma’naviy vorislikni ta’minlab, kishilarning ijtimoiy-tarixiy tajribalarini yosh avlodga o’tkazish vositasidir. Ta’lim jarayoni ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchi faoliyatining yig’indisidan tashkil topadi. Ta’lim va tarbiya jarayonida insonning dunyoqarashi, shaxsiy sifatlari, qobiliyati shakllanadi va taraqqiy etadi. Ta’lim jamiyat taraqqiyotiga to’sqinlik qilishi mumkin bo’lgan ko’plab muammolarni hal qilishga yordam beradi: jamiyatning moddiy-texnik bazasini yaratadi, ijtimoiy munosabatlarni tarkib toptiradi, yangi davr kishisini tarbiyalashga yordam beradi. Ta’lim o’quvchining bilish qobiliyatini o’stiruvchi asosiy omil bo’lib, muayyan didaktik qoidalarga asoslanadi. Ta’limning mazmuni uning maqsadiga muvofiq kelishi lozim. Uning mazmuni o’quv reja va dasturlari, darslik va boshqalarda yoritiladi. Ta’limda qo’yilgan maqsadga erishish uchun esa turli metod, vosita, tashkiliy tizim va shakllardan foydalaniladi. Ta’limni tashkil etishning umumiy ta’lim, individual ya’ni alohida ta’lim, sinf-dars ta’limi, kurs tizimi ta’limi va boshqa ko’plab turlari mavjud bo’lib, bugungi kunda ta’lim sohalari va o’qitish shakllari tobora takomillashib bormoqda. Ta’lim mazmunida quyiadgilar o’z aksini topadi: olam va odam haqidagi fikrlar, ijtimoiy faoliyatni amalga oshirish usullari, ijodiy faoliyat tajribasi, atrof-muhitga emotsional – faoliyat tajribasi. Ta’limning takomillashib borishini aniqlovchi omillarga quyidagilarni kiritishimiz mumkin: jamiyatda fan, texnika va madaniyatning rivojlanganlik darajasi, jamiyat tomonidan qo’yiladigan ijtimoiy buyurtma, ta’limning maqsad-vazifalari, innovatsion rivojlanish darajasi, aborot hajmi va ko’lami, o’quvchilarning yosh xususiyatlari. Ta’lim tushunchasi hodisani belgilaydi, ta’lim jarayoni (yoki o’quv jarayoni) tushunchasi esa vaqt va makonda rivojlanishni, bosqichli, ketma-ket o’zgarishni anglatadi. Inson mehnat ko’nikmalarini ta’lim orqali oladi. Qisqacha qilib aytadigan bo’lsak, ta’lim shaxsning atrofdagi dunyo qiyofasini yaratish yoki jamiyat va davlat manfaatlarini ko’zlab, ta’lim va tarbiyalashga qaratilgan faoliyatdir. Bunda ajdodlar tomonidan to’plangan bilimlar va madaniy qadriyatlar kelajak avlodlarga uzatiladi. Ta’lim insonning fan va madaniyat olamiga kirib borishining optimal va intensiv usulidir. Inson ta’lim va tarbiya jarayonida madaniy qadriyatlarni o’zlashtiradi, sivilizatsiya, jamiyat va shaxs taraqqiyoti uchun tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan ijtimoiy-madaniy me’yorlarni bilib oladi. Turli ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda ta’lim yangi ijtimoiy g’oyalar va tarixiy an’analarda mujassamlashgan oldingi avlodlar ideallari o’rtasidagi barqarorlik omilidir. Shu bois ta’lim bizga tarixiy va ijtimoiy tajribani takror ishlab chiqarish va uzatish jarayonini saqlab qolish, shu bilan birga yosh avlod ongida yangi siyosiy va iqtisodiy voqeliklarni, ijtimoiy va madaniy rivojlanishning yangi yo’nalishlarini mustahkamlash imkonini beradi. Ta’lim tizimi jamiyat taraqqiyotining holati, tendensiyalari va istiqbollarini o’zida mujassam etadi. Ijtimoiy soha hisoblangan ta’lim tizimi bir tomondan yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash vositasi sifatida tavsiflansa, ikkinchi tomondan kelajak jamiyatiga asos solib, kelajakdagi shaxs qiyofasini yaratadi. Binobarin jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-tarixiy taraqqiyoti ta’lim tizimi rivoji bilan tavsiflanadi. Shuning uchun ham ta’lim tizimi hamma zamonlarda ham dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo’lib qolaveradi. Ta’lim tizimi har bir jamiyatning rivojlanish darajasidan hamda shu jamiyatning talablaridan kelib chiqqan holda shakllanadi.
Bilish jarayoni kabi ta’lim jarayonida ham o’quvchi bilmaslikdan bilishga, noto’g’ri va noaniq bilishdan tobora to’liqroq va aniqroq. Chuqurroq bilishgacha bo’lgan yo’lni bosib o’tadi. Bu jarayonda hissiy idrok etish ham, abstrakt tafakkur ham, amalda sinab ko’rish ham bo’ladi. Ushbu jarayon pedagogik ajralmas muhim qismlaridan biri bo’lib, o’qitish, bilim, ko’nikma, va malaka hosil qilish masalalarini o’z ichiga oladi. Ta’lim nazariyasi didaktika tushunchasi bilan ham ifodalanadi. Didaktika so’zi grekcha “didasko” so’zidan olingan bo’lib, o’qitish, o’rgatish degan ma’nolarni anglatadi. Bugungi kunda pedagogika fani quyidagi ta’lim tamoyillarini ajratib ko’rsatmoqda: ta’limning ilmiy bo’lishi, ta’lim va tarbiyaning birligi, ta’limning tizimli va izchil bo’lishi, ta’limda nazariyaning amaliyot bilan bog’liq bo’lishini ta’minlash, ta’limda onglilik, faollik va mustaqillikkka erishish, ta’lim jarayonining ko’rsatmali va ko’rgazmali bo’lishi, bilimlarni puxta va tizimli o’zlashtirib olish, ta’lim jarayonida shaxsiy xususiyatlarni hisobga olish, ta’limda o’quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olish.
Ta’lim funksiyalari quyidagilarni o’z ichiga oladi:
Ta’lim jarayonining ta’lim berish funksiyasi o’quvchilarda bilim, ko’nikma va malakalarni shakllantirishdan iborat.
Ta’limning rivojlantiruvchi funksiyasi ta’lim jarayonida, bilimlarni o’zlashtirish jarayonida o’quvchining rivojlanishi sodir bo’lishini ifodalaydi.
Ta’limning tarbiyalash funksiyasi turli ijtimoiy tuzum hamda sharoitda ham yaqqol namoyon bo’lib, ta’lim mazmuni, shakl va metodlarining mohiyati bilan belgilanadi va o’qituvchi hamda o’quvchilar o’rtasidagi munosabatlarni tashkil etish jarayonida yetakchi o’rin tutadi.
Ta’lim jarayoni murakkab hamda ko’p qirralidir. Unda o’qituvchi va o’quvchilar faol ishtirok etadilar. Bu jarayonning muvaffaqiyatli va samarali natijasi ta’lim jarayonining qonun-qoidalari, ya’ni ta’limga qo’yilgan didaktik talablarga qay darajada amal qilishlariga bog’liq. O’qitish ta’lim jarayoninining ajralmas qismi sifatida insonning tevarak-atrofdagi dunyoni bilishning umumiy qonunlari asosida sodir bo’ladi. Shu sababli shaxsni o’qitish, tarbiyalash, barkamol avlod qilib yetishtirish jarayonida bir butunlikda amalga oshirish zarur. O’qituvchi qachonki ta’lim mohiyati va uning asosiy tamoyillaridan xabardor bo’lgandagina ta’lim jarayonini samarali boshqarish, o’qitishning samarali usullarini to’g’ri tanlash imkoniga ega bo’ladi. Ta’lim tizimi isloh qilinayotgan hozirgi jarayonda o’quvchi yoshlarga mustahkam bilim berish, ularni erkin, mustaqil fikrlay oladigan insonlar qilib tarbiyalashda, ta’lim tamoyillarining mohiyatini chuqur anglab yetish lozim. Masalan, ta’limning muhim tamoyillaridan biri ilmiylik tamoyilidir. Ta’lim jarayoni ilmiy xarakterga ega bo’lishi, fan-texnikaning so’nggi yutuq va kashfiyotlarini o’zida ifoda etishi lozim. Ilmiylik ta’limning mazmuniga ham, usullariga ham aloqadordir. Ta’lim jarayonining hamma bosqichlarida izohlardan foydalanish lozim. Ushbu nazariy bilimlarning amaliyot bilan, turmush tajribalari bilan bog’lab olib boorish esa ta’limning yetakchi qoidalaridan biri hisoblanadi. Ta’lim sohasidagi yutuqlar, eng avvalo, nazariya va amaliyotning o’zaro bog’liqligiga asoslanadi. Ta’limdagi onglilik va faollik, o’quvchidagi ko’tarinki kayfiyat, ko’proq bilishga intilish mustaqil fikrlash va xulosalar chiqarishga undaydi. Shunday qilib ta’lim jarayonidagi muvaffaqiyatlarga faqat bilim berishda o’quvchilarning o’ziga xos shaxsiy xususiyatlarini hisobga olgan holda erishish mumkin. Ta’lim jarayoni, uning mazmuni, unda ko’tarilgan hayotiy masalalar yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Shu sababli ta’lim shaxs shakllanishining asosiy manbayi bo’lib hisoblanadi.
O’qitib, tarbiya berish deganda bizda ta’lim va tarbiyaning bir-biridan ajralmasligini tushunamiz. Shuning uchun ta’lim muassasasida o’tilayotgan har bir darsning tarbiyaviy imkoniyatlarini ko’ra bilish, tarbiya usullaridan imkoniyat darajasida foydalanish lozim. O’quvchi ilmiy bilimlarni o’zlashtirar ekan, uning dunyoqarashi ham, irodasi va axloqiy sifatlari, imon-e’tiqodi va qobiliyati ham o’sib rivojlanib boradi. Ta’lim-tarbiya yaxlit pedagogik jarayondir. Lekin ular aynan bir-biriga o’xshash emas. Bir butun pedagogik jarayonda ta’lim doimo tarbiyaviy vazifalarni, tarbiya esa hayotni bilish, unga tayyorlanishdek mas’uliyatli vazifani bajaradi. Ta’limning asosiy vazifasi o’quvchilarni bilimlar bilan qurollantirish bo’lsa, tarbiyada o’quvchining jamiyatimizda qabul qilingan axloq-odob qoidalariga mos keladigan e’tiqodini, axloqiy ko’nikma va malakalarini tarkib toptirish muhimdir. Ta’limning tarbiyaviy imkoniyatlaridan foydalanishda o’qituvchi avvalo tarbiyaning mohiyatini, ta’lim va tarbiyaning uyg’unligini yaxshi bilishi kerak. Xo’sh, o’zi tarbiya nima? Tarbiyaning mazmun-mohiyatini nimalar tashkil etadi? Tarbiyaga umumiy tarzda shaxsning muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, ma’naviy sifatlarini shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon, deb ta’rif bersak bo’ladi. Tarbiya jarayoni o’zida insonning jamiyatda yashashi va faoliyat yuritishi uchun kerak bo’ladigan xususiyatlarni egallashi uchun qo’llaniladigan chora-tadbirlar yig’indisini ifoda etadi. Tarbiya insonning insonligini ta’minlaydi. U eng qadimiy va abadiy qadriyatdir. Tarbiyasiz kishilik jamiyati mavjud bo’la olmagan bo’lar edi. U jamiyat taqdirida muhim ahamiyat kasb etadi. O’sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasi bilan jiddiy shug’ullanmagan mamlakatning oxir-oqibat tanazzulga yuz tutishi isbot talab qilmaydigan qonuniyatdir. Tarbiya so’zi arab tilidan olingan bo’lib, “parvarish qilmoq, ta’lim” degan ma’nolarni anglatadi. Shaxs tarbiyasi xususiy ish emas, baki ijtimoiy-milliy ishdir. Zero har bir xalqning taraqqiy etishi, davlatlarning qudratli bo’lishi avlodlar tarbiyasiga ko’p jihatdan bog’liq.
Tarbiya jarayonida tarbiyalanuvchilarning ongi shakllana boradi., his-tuyg’ulari rivojlanadi., ijtimoiy hayot uchun zarur bo’lgan xulqiy odatlar hosil bo’ladi. Tarbiyaning maqsadi jamiyat taraqqiyoti, uning rivojlanish yo’nalishi, ijtimoiy munosabatlar mazmunidan kelib chiqib belgilanadi. Bugungi kunda respublikamizda tashkil etilayotgan tarbiyaning asosiy maqsadi har tomonlama yetuk, komil shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazishdir.
Tarbiya jarayoni ko’p qirrali murakkab jarayon bo’lib, u uzoq davom etadi hamda uning natijasini darhol ko’rish qiyin. Bolalarni tarbiyalashni ular tug’ilgan vaqtdanoq boshlash lozim. Tarbiya tarbiyalanuvchining ruhiyatiga tarbiyachiga ma’qul bo’lgan sifatlarni singdirish uchun maqsadga muvofiq tarzda va muntazam ta’sir etishdir. Hozirgi zamon pedagogikasida tarbiya tarbiyachining tarbiyalanuvchi shaxsiga oddiy ta’sir ko’rsatishi emas, balki tarbiyachilar va tarbiyalanuvchilarning aniq bir maqsadga qaratilgan, bir-biri bilan hamkorlikdagi munosabatlari va o’zaro ta’sir ko’rsatishi ekanligi alohida ta’kidlanadi. Bugungi kunda shunchaki bilim egasi bo’lgan insonni emas, ijodkor, o’z iste’dodi bilan ajralib turuvchi, ishbilarmon, har tomonlama rivojlangan komil insonni tarbiyalash zamon taqozosidir. Tarbiya jarayonida kishining turli qobiliyatlari rivojlanadi, g’oyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi, tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi. Bola kattalarning tajribalarini sust holda emas, balki faol ravishda o’zlashtiradi, bu o’zlashtirishda uning ongli harakati, tirishqoqligi katta ahamiyatga ega bo’ladi. Tarbiya jarayoni o’z-o’zini tarbiyalash bilan mustahkam bog’langan. O’zini o’zi tarbiyalash to’g’ri tarbiya berish bilan birga sodir bo’ladi va ayni vaqtda to’g’ri tarbiya natijasi hisoblanadi. O’z-o’zini tarbiyalashning muvaffaqiyatli bo’lishi uchun har bir kishi o’zini to’g’ri baholay olishga o’rganishi, hayotda o’zi intilishi lozim bo’lgan maqsadni aniq tushungan holda o’zidagi ijobiy sifatlarni va mavjud kamchiliklarni ko’ra olishi kerak. O’qituvchi va tarbiyachilar, shuningdek ota-onalar bolalarni ularning kichik yoshlaridan boshlab o’zini o’zi eplash, o’zini tuta bilish, odamlar bilan qay tarzda muomala qilish, rost so’zlash, kattalarga hurmat bilan munosabatda bo’lish, o’zidan kichiklarga mehribonlik ko’rsatish kabilarga o’rgatib, odatlantirib borishlari lozim. Bola o’zini o’zi tarbiyalamasa, aql-farosatini ishga solmasa, tarbiyadan ko’zlangan maqsadga erishib bo’lmaydi.
Bugungi kunda mustaqil davlatimizda milliy tarbiya an’analari tiklanib, hayotimizda muhim mezonga aylanmoqda. Bu esa, o’z navbatida, sobiq sho’ro tarbiya nazariyasida o’rganilishi mumkin bo’lmagan milliy odob, milliy e’tiqod, iymon-diyonat kabi insonning butun milliy xususiyatiga bevosita bog’liq fazilatlarni yosh avlodning shaxsiy sifatlariga aylantirishni dolzarb mavzu qilib qo’ydi. Milliy tarbiya O’zbekistonning davlat mustaqilligini mustahkamlash va amalga oshirishga tayyor farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazishga xizmat qiladi. Hozirgi davrda ushbu maqsadlarga erishishning o’ziga xos muammolari ham bor. Shulardan biri – milliy tarbiya nazariyasining asosiy qoidalari va ilmiy tushunchalar yaratilmaganligidir. Bularning barchasi O’zbekiston maktablarida milliy istiqlol tarbiyasining mezonlarini ilmiy asoslash zaruratini vujudga keltirmoqda. Milliy tarbiya mezonlarini belgilashda quyidagi ijobiy sifatlar: milliy iftixor, vatanparvarlik, millatlararo muloqot madaniyati, milliy odob, vijdoniylik, iymon-e’tiqod, mafkuraviy ongni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Ularning aksi bo’lgan sifatlar: vatanfurushlik, mahalliychilik, vijdonsizlik, mafkurasizlik kabilarga yoshlarda nafrat uyg’otish darkor. Bu ishlarni bir-biri bilan uzviy bog’lab olib boorish o’qituvchi-tarbiyachi va ota-ona tomonidan tarbiyaviy mezon qilib olinishi kerak. Ayniqsa, oilada milliy tarbiyani yoshlarga singdirishda dastlab milliy odobni, milliy g’urur asoslarini, vijdoniylikni tarbiyalash, ularni axloqiy nizomga aylantirish milliy tarbiyamizni yanada ravnaq toptiradi va kelajagimizni yuksaltiradi. Milliy odobning asosini salomlashib, keyin so’z boshlash, yaxshi va yomonni ajratish, kattalarga hurmat va kichiklarni izzatlash, ustozlarni e’zozlash kabilar tashkil etadi.
Tarbiya nazariyasi pedagogika fanining muhim tarkibiy qismidir. Tarbiya nazariyasi o’z qoidalarini asoslash uchun falsafa, sotsiologiya, etika, estetika, fiziologiya, psixologiya kabi fanlar bilan bog’liq va ushbu fanlarning ma’lumotlaridan foydalanadi. Tarbiya nazariyasi pedagogikaning boshqa bo’limlari: pedagogikaning umumiy asoslari, ta’lim nazariyasi hamda xalq ta’limi tizimini boshqarish bilan uzviy bog’liq. Umuman olganda tarbiya yosh avlodni muayyan maqsad yo’lida har tomonlama voyaga yetkazish, unda ijtimoiy ong va xulq-atvorni tarkib toptirishga yo’naltirilgan jarayon hisoblanadi. Turli zamon va makonda ijtimoiy tarbiya mohiyati turlicha bo’lib, uning mazmuni ijtimoiy maqsadlardan kelib chiqib belgilanadi. Tarbiya g’oyasi turlicha ifodalangan bo’lsa-da, ammo yo’naltiruvchanlik xususiyati hamda obyektiga ko’ra yakdillikni ifoda etadi. Tarbiya shaxsni maqsadga muvofiq takomillashtirish uchun uyushtirilgan pedagogik jarayon bo’lib, tarbiyalanuvchining shaxsiga muntazam va tizimli ta’sir etish imkonini beradi. Tarbiya jarayoni o’qituvchi va o’quvchilar, ya’ni tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar o’rtasida tashkil etiluvchi hamda aniq maqsadga yo’naltirilgan hamkorlik jarayonidir. Tarbiya jarayonida bolalarning faoliyatini pedagogik jihatdan to’g’ri tashkil etish muhimdir. Faoliyat jarayonida bola tashqaridan kelayotgan tarbiyaviy ta’sirlarga nisbatan ma’lum munosabatda bo’ladi. Bu munosabat shaxsning ichki ehtiyoj va xohishlarini ifodalaydi. Psixologlar va pedagoglarning tadqiqotlari shaxsga tashqi omillarning xoh salbiy, xoh ijobiy ta’siri bolaning ularga munosabatiga bog’liqligini ko’rsatadi. Bola faoliyatini uyushtirishgina emas, balki tarbiyalanuvchilarning bu faoliyatga nisbatan turli kechinmalarni qanday anglashi, baholashi, his qilishi, ulardan o’zi uchun nimalarni olayotganligini bilishi zarur. Zero tarbiya ijtimoiy munosabatlarning murakkablashib borishi asosida kichadi. Tarbiya jarayonida o’quvchining onginigina emas, balki hissiyotlarini ham o’stirib borish, unda jamiyatning shaxsga qo’yadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan xulqiy malaka va odatlarini hosil qilishi lozim. Bunga erishish uchun o’quvchining ongi, hissiyoti va irodasiga ta’sir etib boriladi. Agar bularning birortasi e’tibordan chetda qolsa, maqsadga erishish qiyinlashadi. Tarbiya jarayoniga o’qituvchi rahbarlik qiladi. U o’quvchilar faoliyatini belgilaydi, ularning ijtimoiy jarayonda ishtirok etishlari uchun shart-sharoit yaratadi. Ijtimoiy jarayonda faol ishtirok etish orqali o’quvchilarning mustaqilligi, ijodiy tashabbuskorligi ortib boradi. Faoliyat o’quvchilar jamoasi manfaati va istagi asosida uyushtirilsa, bu jarayonda bolaning tengdoshlari va o’zini o’zi anglash jarayoni yuzaga keladi. Bola o’z xulqi, xatti-harakati uchun jamoa oldida javobgarlikni sezishga erishgach, ijrochi emas, balki umumiy ishning faol qatnashchisi bo’lib qoladi. Tarbiyani samarali yo’lga qo’yish uchun tarbiya jarayonining manbayini yaxshi bilish va hisobga olish muhimdir. Bu tarbiya jarayonidagi ichki va tashqi qarama-qarshiliklardan iborat. Tarbiyada o’quvchilarning tarbiyalanganlik darajasini ham hisobga olish kerak bo’ladi. Bu jihat unutilsa, muayyan qarama-qarshiliklar vujudga keladi. Faoliyat jarayonida hosil bo’lgan malaka va odatlar axloq me’yorlariga rioya qilishni olish kerak bo’ladi. Demak, tarbiyachi bola shaxsining tez rivojlanadigan davri – o’quvchilik yillarida uning ongiga turli faoliyat yordami bilan maxsus ta’sir etish muhimdir. Aks holda, xulq me’yorlari, axloq talablarini yaxshi tushunmay qolishi natijasida shaxs ijtimoiy munosabatlarda beqaror, tasodifiy ta’sirga beriluvchan bo’lib qolishi mumkin. Tarbiya yaxlit jarayonda amalga oshirilib, uning tarkibiy qismlari ayni bir vaqtda, faoliyatning biror turi asosida namoyon bo’ladi. Umumiy pedagogika jarayonida tarbiya muhim o’rin tutadi. Shaxsni shakllantirish va boshqarish nazorat xarakteriga ega bo’lib, bu borada belgilangan vazifalar tasodifiy harakatlar orqali emas, balki oldindan belgilangan va puxta o’ylangan rejalar asosida hal etib boriladi. Tarbiya jarayonida uning maqsadi, shakl va metodlari, shaxsning o’zini o’zi tarbiyalash va qayta tarbiyalash jihatlari muhim o’rin tutadi. Tarbiya mazmuni ijtimoiy tuzum buyurtmasi asosida belgilanib, uning amalga oshishi uchun ma’lum shart-sharoitlarning mavjudligi talab etiladi. Har qanday ijtimoiy jamiyatda yosh avlod tarbiyasi muayyan maqsad asosida tashkil etiladi. Tarbiyaning natijasi yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlarni tarbiyalashdir. Bu jarayon ikki tomonlama bo’lib, uyushtirish va rahbarlik, shuningdek, o’quvchi shaxsining o’zi tomonidan faollik ko’rsatilishini taqozo etadi. Bu jarayonda pedagog yetakchi rol o’ynaydi. Chunki u ijtimoiy tarbiyaning umumiy maqsadlari mohiyatini tushunadi, maqsad yo’lida amalga oshiriladigan vazifalar tizimidan yaxshi xabardor, tarbiya shakl, metod va vositalarini asosli, ilmiy tarzda tanlab oladi va tarbiya jarayoniga tatbiq etadi. Shaxs tarbiyaning natijasi sifatida shakllanadigan ijtimoiy mavjudotdir. Shaxsning ko’pdan ko’p xislatlari bir biridan ajratilgan emas, balki o’zaro mustahkam bog’langan. Tarbiya jarayonida bolaning shaxsiyati alohida-alohida emas, balki yaxlit ravishda rivojlanadi. Bola o’sib, rivojlanib borgani sari tarbiya vazifalari ham murakkablashib, chuqurlashib, tabaqalashib boradi. Tarbiya mazmunida oldinga qo’yilgan maqsad va vazifalarga muvofiq o’quvchilar tomonidan o’zlashtirilishi lozim bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalar, shaxs xulq-atvori hamda sifatlari mohiyati aks etadi. Tarbiya mazmuni shaxsning shakllanishiga qo’yiluvchi ijtimoiy talablar mohiyatidan iborat bo’lib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, kishilik munosabatlari mohiyati va darajasi, shuningdek, jamiyat mafkurasi g’oyalari asosida belgilanadi. Zamonaviy tarbiya mazmunida quyidagi tamoyillar yotadi:
Tarbiya tamoyillari - bu tarbiyaviy ishning yo’nalishiga, mazmuniga, metodlari va tashkil etilishiga, tarbiya jarayonining ishtirokchilari orasidagi munosabatlarga qo’yiladigan asosiy talablar ifodalanadigan dastlabki qoidalardir.
Tarbiya jarayoni quyidagi tamoyillar asosida boshqariladi:
maqsadga qaratilganligi va g’oyaviy yo’nalganligi;
tarbiyaning insonparvarlashuvi;
tarbiyaning hayot, mehnat bilan bog’liqligi;
tarbiyaga yaxlit(kompleks) yondashuv;
jamoada tarbiyalash va jamoaga suyanib ish ko’rish;
shaxsga talabchanlik bilan hurmatni birga qo’shib olib borish;
o’qituvchilar, jamoat tashkilotlari va oilaning talab hamda tarbiyaviy ta’sirlarining birligi;
tarbiyalanuvchining yosh va individual xususiyatlarini hisobga olish;
tarbiya jarayonining tizimligigi va uzluksizligi.
Tarbiya turlari turli sohalarga ko’ra tasnif etiladi. Ko’proq umumlashgan tasnif o’zida aqliy, mehnat, jismoniy tarbiyani qamrab oladi. Ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy ishlarning turli yo’nalishlari bilan bog’liqlikda fuqarolik, siyosiy, baynalmilal, axloqiy, estetik, mehnat, jismoniy, huquqiy, ekologik, iqtisodiy tarbiyaga bo’linadi. Institutsional belgilariga bo’yicha oila, ta’lim muassasasi, ta’lim muassasasidan tashqari, diniy, bolalar, yoshlar tashkilotlaridagi tarbiya, maxsus ta’lim muassasalaridagi tarbiyaga bo’linadi.
Tarbiya va tarbiyalanuvchilar orasidagi munosabatlar uslubiga ko’ra avtoritar, demokratik, liberal, erkin tarbiya; turli falsafiy kontseptsiyalar bilan bog’liqlikda pragmatik, aksiologik, jamoaviy, individual tarbiya farqlanadi.
Demak, Tarbiya muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida shaxsni har tomonlama o’stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyoqarashini tarkib toptirish jarayoni bo’lib, har qanday tuzum va zamonda ijtimoiy munosabatlar mazmunini aniqlash, ularni tashkil etish asosi bo’lib kelgan.
Yosh avlod tarbiyasi turli makon va zamonda muayyan maqsad asosida tashkil etiladi. Ijtimoiy tarbiyani yo’lga qo’yish jarayonida bir qator vazifalar hal etiladi. Tarbiyaning maqsad va vazifalari ijtimoiy tuzum mohiyati, taraqqiyot darajasi, ijtimoiy munosabatlar mazmuni, shuningdek, jamiyat fuqarolarining dunyoqarashi, intilishlari, orzu-niyatlari asosida belgilanadi.
Tarbiya jarayonining xususiyatlarini chuqur anglash va ularni inobatga olgan holda tarbiyani tashkil etish oldinga qo’yilgan maqsadga erishish, shuningdek, bu boradagi vazifalarni ijobiy hal etish imkonini beradi.

Tarbiya qonuniyatlari - bu bir tomondan, ijtimoiy hodisa sifatida tarbiyaning xususiyatlari, ikkinchi tomondan, shaxsning rivojlanishi bilan bog’liq bo’lgan barqaror aloqalar.
Tarbiya jarayonining quyidagi qonuniyatlari mavjud:
ijtimoiy muhitning ob’ektiv va sub’ektiv omillariga bog’liqligi;
tarbiyaning shaxsning rivojlanishi bilan birligi va o’zaro bog’liqligi;
faoliyat va munosabatni e’tirof etish shaxsning ijtimoiy qimmatli fazilatlarini shakllantirishning negizi va asosiy manbai;
tarbiyalanuvchilarning o’zaro tarbiyaviy ta’siri, o’zaro munosabatlari amda faol faoliyati o’rtasidagi bog’lanish;
tarbiya va o’zini-o’zi tarbiyalashning intensivligi;
tarbiyalanuvchining “ichki olami”ga ta’sir etishning intensivligi;
tarbiyalanuvchilarda verbal va sensomotor jarayonlarning rivojlanish darajasi va pedagogik ta’sirni hisobga olish..


Tarbiya jarayoni o’ziga xos xususiyatlarga ega:
maqsadga yo’naltirilganligi;
ko’p qirrali jarayon;
uzoq muddat davom etishi;
uzluksizligi;
yaxlitligi;
variativligi;
natijalarning oldindan aniqlanmasligi;
ikki tomonlamalilik;
Keng ma’noda tarbiya shaxsga jamiyatning ta’sir etishi, ijtimoiy hodisa sifatida qaraladi. Mazkur holatda tarbiya ijtimoiylashtirish bilan uyg’unlashadi.
Tor ma’nodagi tarbiya deganda, pedagogik jarayon sharoitida ta’lim maqsadini amalga oshirish uchun pedagog va tarbiyalanuvchilarning maxsus tashkil etilgan faoliyati tushuniladi. Ushbu holatda pedagoglarning tarbiyaviy faoliyati tarbiyaviy ish deb ataladi.
Tarbiya mazmuni deganda, qo’yilgan maqsad va vazifalar bilan bog’liqlikda ta’lim oluvchilarning egallashi lozim bo’lgan bilim, malaka, e’tiqod, shaxs sifati va xarakteri, xulq-atvor tizimi tushuniladi
Tarbiyaning maqsadi - har tomonlama barkamol shaxsni shakllantirish
Tarbiyaning umumiy vazifalari:
jamiyat a’zolarining maqsadga yo’naltirilgan rivojlanishi hamda ularning qator ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoit yaratish;
jamiyat rivoji uchun zarur bo’lgan ijtimoiy madaniyatga mos yetarlicha hajmdagi “inson kapitali”ni tayyorlash;
madaniyatlarni uzatib turish orqali ijtimoiy hayotning barqarorligini ta’minlash;
ma’lum jins yoshi va ijtimoiy-kasbiy guruhlarning qiziqishlarini hisobga olgan holda ijtimoiy munosabatlar doirasida jamiyat a’zolarining harakatini tartibga solish.

Yüklə 149,62 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə