O`rganamiz – O`ynaymiz, mashg`ulotda quvnaymiz



Yüklə 32,5 Kb.
tarix25.05.2022
ölçüsü32,5 Kb.
#87939
nazokat

O`RGANAMIZ – O`YNAYMIZ, MASHG`ULOTDA QUVNAYMIZ!


Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning jismoniy rivojlanishi, o`z-o`ziga xizmat va gigiyena, ijtimoiy-hissiy rivojlanish, nutq, o`qish va savodga tayyorgarlik, bilish jarayoni, atrof-muhit to`g`risidagi bilimlarga ega bo`lishlarida mashg`ulotlarda berib boriladigan bilimlarning tizimli, izchil olib borilishi, ma’lumotlarning tushunarli, bolaga qulay hamda sodda usullarda yetkazish tarbiyachidan mahorat va izlanishni talab etadi.
Tarbiyachi mashg`ulotlarda bolalarning o`zaro inoqligini yuzaga keltirishi, zerikishining oldini olish maqsadida har xil ta’limiy o`yin va mashqlar tashkil etishi, bu orqali bolalarning turli bilimlarni o`zlashtirishiga shart-sharoit yaratishi lozim.
Quyida mashg`ulotlar orasida bolalarning faolligini ta’minlaydigan, ularda bilishga qiziqishni oshiradigan mashqlar, ta’limiy o`yinlar tavsiya etiladi.
“Qalamdon” o`yini
O`yinning borishi: bolalar stullarga aylana shaklda o`tirishadi. Har bir bolaga qalamlar rangining nomi beriladi va rangli qog`ozlar bolaning kiyimiga ildiriladi. Masalan, Aziza – qizil qalam, Manzura – ko`k qalam, Madina – oq qalam, Sardor – yashil qalam… Bolalar soni 20–25 nafar bo`lsa, yetti xil qalam rangi bolalar soniga qarab teng bo`linadi va natijada bitta rang uch-to`rt nafar bolaga to`g`ri keladi. Masalan, qizil rangli qalamlar: Aziza, Komron, Otabek…
Ranglar taqsimlab bo`lingach, bolalardan diqqatni jamlash so`raladi. Tarbiyachi bolalarga “Qalamdondan ko`k qalamlar chiqsin!” deganida, ko`k rangli qalam berilgan bolalar o`rnidan turib, joylarini almashtirib olishi lozim. Tarbiyachi esa chaqqonlik bilan 3–4 boladan birining bo`shagan stuliga o`tirib oladi. Shunda bir bolaga stul yetmay, davrani olib borish unga o`tadi. Agar tarbiyachi “Qalamdondan hamma qalamlar chiqsin!” desa, barcha bolalar o`rnidan turib boshqa stulga o`tishi lozim. Tarbiyachi kimnidir joyiga o`tirib olsa, bir bola o`rinsiz qoladi va yetakchilikni davom ettiradi. Bolalar ham stullar soni kabi kamayib boraveradi.
Maqsad: bolalar diqqatini oshirish, ranglarni farqlashga o`rgatish.
“Qadrdon do`stlar” o`yini
O`yinning borishi: bolalar ikki qator bo`lib, bir-birlariga qarama-qarshi tarzda o`tiradi. Birinchi qatordagi bolalarga mevalarning o`zbekcha nomi beriladi. Masalan, olma, nok, anor, uzum, limon, ananas… Ikkinchi qatordagi bolalarga shu mevalarning inglizcha tarjimasi beriladi. Masalan, apple, pear, pomegranate, grape va h.k.
Mevalarning o`zbekcha va inglizcha nomlari bolalarga aytilgandan keyin, o`yinning sharti tushuntiriladi. Mevaning inglizcha nomi aytilganida, o`zbek tilidagi tarjimasi berilgan bola turib, o`zaro joy almashishadi. Masalan, “Apple” deganida, olma joyidan turib, sherigi bilan so`rashib, keyin o`rin almashishadi. Tarbiyachi tez-tez meva nomlarini almashtirib, goh o`zbekcha, goh inglizcha nomlarni aytadi. Bolalar o`zlariga tegishli meva nomini eshitib, sherigini topib, joy almashadi.
Maqsad: bolalar ziyrakligini, inglizcha so`z boyligini oshirish.
“Geometrik shakllar” o`yini
O`yinning borishi: tarbiyachi bolalarni gilam ustida ikki guruhga bo`ladi (uch-to`rtta guruh qilish ham mumkin). Guruhlarda bolalar soni teng bo`linadi. Bolalar gilam ustida aylana bo`lib o`tirib olishadi. Bolalar orasiga turli xil geometrik shakllar yig`ib qo`yiladi. Tarbiyachi tomonidan biror geometrik shaklning nomi aytiladi va bolalarga shaklni aytilgan joyga tezroq olib kelish topshirig`i beriladi. Masalan, kvadrat, aylana, uchburchak… Bolalar aytilgan shaklni topib, manzilga tezroq olib borishlari lozim bo`ladi.
To`g`ri va tez topgan jamoa har safar yulduzcha bilan taqdirlanadi. Musobaqa oxirida yulduzchalar soni sanaladi va g`olib jamoa aniqlanadi.
Maqsad: bolalarning geometrik shakllarga oid bilimlarini mustahkamlash, ziyraklik, chaqqonlikka undash.
“Ertaklar olami” o`yini
O`yinning borishi: tarbiyachi tayyorlov guruhidagi bolalarni uch-to`rt guruhga bo`ladi. Ularga ertak yoki multfilm qahramonlari aks etgan suratlarni tarqatadi. Bolalarga rasmga qarab ertak to`qish topshirig`i beriladi. Qaysi guruhning ertagi qiziqarli bo`lsa, ularga “besh” baho berilishini aytadi. Guruh bolalari o`zlariga berilgan topshiriqni jamoa bo`lib bajaradi. Tarbiyachi ularni rag`batlantirib, hikoyalarini so`zlashlarida yordam berib turadi.
Maqsad: bolalar nutqini rivojlantirish, so`z boyligini oshirish hamda jamoa bo`lib ishlashni shakllantirish.

Yüklə 32,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə