O‘rta asrlarda sharq falsafasining rivoji reja



Yüklə 187,39 Kb.
səhifə2/3
tarix22.11.2017
ölçüsü187,39 Kb.
#11614
1   2   3

Ulug‘ mutafakkir va gumanist Abdurahmon Jomiy (1414-1492) Hirot yaqinidagi Xarjird qishlog‘ida dunyoga keladi. Samarqandga kelganidan so‘ng mutafakkir Qozi-zoda Rumiy va Xoja Ali Samarqandiyning geometriya, algebra va astronomiya bo‘yicha ma'ruzalarini tinglaydi. Keyinchalik shoir shayx Sa'diddin Qoshg‘ariyga shogird tushib, Naqshbandiylik tariqatini undan o‘rgana boshlaydi va Naqshbandiylik sulukining ko‘zga ko‘ringan nazariyotchisiga aylanadi.

Jomiy qomusiy olim edi. U geometriya, astronomiya, kosmografiya, matematika fanlarini puxta o‘zlashtirgan, arab tili, falsafa, ritorika, axloqshunoslik borasida yirik asralar yozgan edi. Allomaning muhim asarlari sirasiga «Bahoriston», «Sharxi ruboiyot», «Haft avrang», «Lavoih», «Nafahot ul-uns» va boshqalar kiradi.

Jomiy borliqni vahdati vujud ta'limoti asosida talqin qiladi. Uning tushuntirishicha, Xudo butun mavjudotlarning bosh sbaabchisi, ijodkoridir. U abadiy. Qolgan hamma narsa va hodisalar o‘tkinchi va vaqtinchadir. Uning e'tiqodicha, Xudo yagona bo‘lmaganda edi, dunyoda tartibsizlik hukm surar edi. Unda dunyo qonun asosida faoliyat ko‘rsatmagan, tinchlik eshiklari ochilmagan bulur edi. Butun dunyo yo‘qlikka aylanib, balki bu yo‘qlikdan chiqaolmagan bo‘lur edimi6.

Jomiy gumanistik ta'limotining markazida inson turadi. Shoir insonning bilish qobiliyati cheksiz ekanligini ta'kidladi, asarlarida shaxs erkinligi, adolat, sahovat, mehnatsevarlik, to‘g‘rilik, bilimdonlik haqida fikr yuritdi. Uning aytishicha, inson mehnat faoliyatida moddiy dunyo hodisalarini idrok qiladi. «Imkoni boricha hamma narsa haqida haqiqatni bilishga intiladigan va o‘zining bilib olgan narsalarini amalda qo‘llay oladigan kishi dono deb aytiladi»7.

Jomiy o‘z asarlarida jabr-zulm qiluvchilar va zo‘ravonlarni qoraladi. Zeroki, ular shahar va qishloqlarni harobaga aylantiradilar, dehqon va hunarmandlarni talaydilar. Jomiy mehnat ahllarini davlatning tayanchi deb bildi. Shuning uchun u boy va amaldorlar, hukmdorlarni dehqonlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni mehnatini qadrlashga da'vat etdi, davlatni asosi adolat ekanligini alohida ta'kidladi.

Jomiy ilm-fan bilan shug‘ullanishni inson uchun qadrli va munosib ish deb bildi.

Jomiy kishilarni yoshlikdan tarbiya qilishga, ularga kasb-hunarni egallashga qiziqish uyg‘otishga da'vat etdi. Olim johillik, nodonlik, mag‘rurlik, o‘z boyligi bilan maqtanishni qattiq qoraladi.

Jomiy, xuddi Sharqning boshqa mutafakkirlari kabi, davlatni dono, ma'rifatli va adolatli hukmdor boshqarishi lozim, deb o‘yladi. Hukmdorning donoligi adolat va qonunlarga amalga qilishida namoyon bo‘ladi. Jomiy o‘zboshimchalik, qonunsizlik, jabr-zulm, zo‘ravonlikdan holi bo‘lgan davlat tuzumini orzu qildi. U «Iskandar xiradnomasi» asarida mukammal shahar-davlatni tasvirlaydi. Iskandar uzoq yurishlardan so‘ng bir shaharga yetib keladi. U podshohsiz boshqariladi. Bu shahar juda obod bo‘lib, unda hamma tinch, kambag‘al va boylar yuq, hamma mehnat bilan mashg‘ul, odamlari halol va yuksak fazilat egalari8.

Ulug‘ o‘zbek shoiri, davlat arbobi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy (1441-1501) Hirotda tavallud topadi. Maktabda u Xurosonning bo‘lajak hukmdori Husayn Boyqaro bilan tahsil oladi. Shoir turli davrlarda Iroq, Mashhad va Samarqandda yashaydi. 1469 yili taxtga Husayn Boyqaro o‘tirgandan so‘ng, Navoiy Hirotga qaytib keladi. 1472 yili ul zot bosh vazir etib tayinlanadi. Navoiy vazirlik davrida shoiru olimlarga homiylik qiladi, jamg‘argan boyligini ilm-fan, madaniyat va obodonchilik ishlariga sarflaydi, beva -bechora va muhtojlarga xayr-ehson qiladi, rabotlar, suv inshootlari, kasalxonalar qurdiradi, kanallar o‘tkazadi.

She'riyat mulkining sultoni bo‘lmish bu adib 30 ga yaqin asarlar muallifidir. Ular adabiyot, nasr va nazm, falsafa, axloqshunoslik, pedagogika, tilshunoslik, musiqa, nafosatshunoslik, tarix, tabiiy fanlar muammolariga bag‘ishlangan. Navoiy asarlari jumlasiga «Xazoyinul-maoniy», «Devoni foniy», «Lisonut-tayr», «Majolis un-nafois», «Holoti Sayid Hasan Ardasher», «Vaqfiya», «Munshaot», «Mahbub ul-qulub», «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Tarixi muluki Ajam» va boshqalar kiradi. Mutafakkirning shoh asari «Xamsa» besh dostondan iborat: «Layli va Majnun», «Sab'ayi sayyor», «Xayrat ul-abror», «Farhod va Shirin» va «Saddi Iskandariy».

Navoiy falsafiy qarashlari vahdati-vujud va tasavvuf ta'limotiga asoslangan. Mutafakkir o‘zining dunyoqarashida Olloh, tabiat va inson birligidan kelib chiqadi. Uning e'tiqodiga ko‘ra, inson baxt-saodatiga bu dunyoda erishishi mumkin. Buning uchun u tinmay mehnat qilishi, kasb-hunar egallashi, tabiatning siru asrorini idrok qilishi, uning noz-ne'matlaridan foydalanishi darkor. Xudo, allomaning fikricha, borliqning, shu jumladan insonning yaratuvchisidir. Mavjudotlarning eng yaxshisi, a'losi va gultojisi insondir.

Mutafakkir dunyoqarashida gnoseologik masalalar ham muhim o‘rinni egallaydi. U sezgi va aql yordamida zohiriy narsalarni, murakkab jarayonlarni idrok qilish mumkinligini qayd qildi. Uning aqidasiga ko‘ra, aql tufayli hissiyot bergan ma'lumotlar umumlashtiriladi, hodisalardagi umumiy va muhim narsalar bilib olinadi. Aql uningcha, Alloh in'om etgan bebaho gavhardir, u hamma boyliklardan afzaldir. Shuning uchun Navoiy bu gavharni egallashga chaqiradi.

Ko‘nglungga xirad yo‘lin padidor ayla,

Bu naqdqa joningni xaridor ayla,

Har ishda xiradni o‘zungga yor ayla,

Jurmung tarkidin xirad izhor ayla9.

Navoiy kishilarni bu dunyo noz-ne'matlari, go‘zalliklaridan kishilarni bahramand bo‘lishga, hayotni sevishga chaqirdi.

Navoiy buyuk insonparvar shoir edi. Ul zot asarlarining markazida inson va uning fazilatlarini kuylash turar edi. Uning aytishicha, odam o‘zining aqli, qobiliyati, nutqi, xulq-odobi, ongli xatti-harakati, shirinsuhanligi bilan boshka tirik mavjudotlardan ajralib turadi.

Navoiy o‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlarida hukmdorning faoliyatiga katta e'tibor berdi. U mamlakatni odil va ma'rifatli shoh boshkarishi lozim, deb hisoblaydi. Bunday hukmdor o‘z qul ostidagilarga odilona munosabatda bo‘lishi, ularga g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Mutafakkirning gumanistik va umuminsoniy qarashlari tinchlik va urush masalasiga munosabatida yorqin namoyon bo‘ladi. U butun umri davomida bosqinchilik urushlari va zo‘ravonlikka qarshi kurashdi, xalqlarni tinch-totuv yashashga, do‘stlikka da'vat etdi:

Navoiy kishilar o‘rtasidagi do‘stlik va ahillikni kuyladi. Uning qahramonlari turli xalq va elatlarga mansub edi. Iskandar – yunon, Majnun – arab, Shirin – arman, Shopur – eroniy, Farhod – xitoy va hokazo. Navoiy tasvirlagan badiiy timsollar bilimdonligi, zukkoligi, jasurligi, qahramonligi, mehr va muruvvatliligi, sahovatpeshaligi, odamiyligi bilan ajralib turadi.

Navoiy islom qonun-qoidalari, Qur'on va shariatga qattiq rioya qildi. U tasavvufning naqshbandiylik sulukiga rioya qilib, ko‘prok uning amaliy tomonlariga e'tibor qaratdi. Alloma fikricha, solik Alloh vasliga yetishish uchun bu dunyoda poklanish, xayrli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi, tinmay mehnat qilishi, o‘zgalarga yordam berishi, salbiy illatlarga qarshi kurash olib borishi lozim.

Mutafakkirning ijtimoiy-falsafiy, siyosiy va axloqiy qarashlari insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan, uning adolat, ilm-fan, ma'rifat, kasb-hunarni egallash, ta'lim-tarbiya haqidagi g‘oyalari hozirgi mustaqillik sharoitida ma'naviy-axloqiy yuksalishga xizmat qilmoqda.


3. XVI – XVII asrlarda Markaziy Osiyoda ijtimoiy-falsafiy fikr
XVI – XVII asrlar markaziy Osiyo hayotida burilish davri bo‘ldi. temuriylar hokimiti Shayboniyxon tomonidan ag‘darib tashlandi. Shayboniylar hukmronligi davrida markaziy davlat barpo qilishga urinib ko‘rildi. So‘ngra hokimiyat Ashtarxoniylar sulolasi qo‘liga o‘tdi. O‘zaro feodal nizolari o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Uch davlat tashkiloti paydo buladi – oldin Buxoro amirligi va Xiva xonligi, XVIII asrning oxirida esa – Qo‘qon xonligi. Umuman XVI – XVII asrlardagi Mavoraunnahrdagi vaziyatni quyidagicha ta'riflash mumkin:

- Qachonlardir iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlangan mintaqa bo‘lgan Markaziy Osiyo – yangi, kapitalistik ishlab chiqarish vositasiga asoslangan rivojlanish yo‘lidan borayotgan yevropa mamlakatlaridan orqada qola boshladi;

- ayni bir vaqtning o‘zida, bir tomondan, markazlashishga bo‘lgan tamoyil bilan bog‘liq bo‘lgan, ikkinchi tomondan esa, o‘zaro urushlar ta'sirida shakllangan davlatlarning bo‘linishlarining kuchayishiga sabab bo‘lgan qarama-qarshi jarayonlar o‘zaro mavjud edilar;

- markaziy davlat barpo qilish uchun olib borilgan kurash milliy davlatlarning irqiy tarixiy asosda shakllanish jarayonining, jumladan, Buxoro amirligining mohiyatiy tamoyillaridan birini ifoda qilar Ediki, bunday intilish keyinchalik Rossiya tomonidan Markaziy Osiyoni bosib olinishi bilan barham topdi.

Mavoraunnahrda adabiyot va tasviriy san'at, tarix va falsafa, me'morchilik va binokorlik san'ati rivojlanishda davom etdi. Samarqand, Toshkent va ayniqsa, Buxoro madaniy faoliyat markazi sifatida o‘z mavkelarida qolgan edilar. XVI – XVII asrlar adabiyoti Turdi, Mashrab, Mavlono, Vafoiy, Nodir, Mullo Mastiy, Ravnaq, Roqim, Andalib, Nishotiy, Umar Boqiy, akmal kabi siymolar ijodida o‘z aksini topgan edi. markaziy Osiyodan chiqqan XVII asrning ko‘plab shoirlari o‘z tug‘ilgan joylaridan yiroqda yashadilar va ijod kildilar. Shavkat Buxoriy (vaf. 1695) Hindiston. Afg‘oniston, Eronda yashadi; Mullo Mulham – Hindistonda, Muhammad Solih Samarqandiy – Buxoro, Balx. Hindiston, Lahorda. Boburiylar davrining Hindiston tarixchisi Abdulqodir Badayuniyning guvohlik yerishicha, hind adiblari bo‘lgan guluiy, Kashmiriy, Kamoliy, mahsumiy, ramziy, Lohuriy, Jomiy, Kobuliy va fayzi Dukkoniylar Mavoraunnahr shaharlarida bo‘lgan edilar. Arab va fors yillarida yozilgan bir qator tarixiy asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilindi. XVI asrda ilm-fan alohida murakkab vaziyatga tushib qoldi. Bu davrda biz endi Ulug‘bek va Ali Qushchi kabi yirik olimlarni ko‘rmaymiz.

XVI asrdan boshlab Mavoraunnahr falsafiy fikr ikki asosiy yo‘nalishda rivojlanadi.



Birinchi yo‘nalish – Mirzajon Sheroziy, Yusuf Qorabog‘iy, Muxammad Sharif Buxoriy kabi mutafakkirlar va boshqalar ijodida o‘z ifodasini topgan Mavoraunnahrning o‘zidagi ijtimoiy-falsafiy fikr rivoji. Ikkinchi yo‘nalish - Markaziy osiyodan chiqib, Hindistonda ijod qilgan mutafakkirlar tomonidan rivojlantirilgan falsafa. Boburiylar imperiyasining uch yuz yil davomidagi mavjudligi markaziy Osiyo va unga qo‘shni bo‘lgan boshqa mamlakatlar tarixida chuqur iz qoldirdi. Bobur davlatining jug‘rofiy jihatdan alohida uzoq o‘lkada joylashganligiga qaramasdan, uning ma'naviy hayoti hamisha Mrakaziy Osiyo madaniyatining bir qismi bo‘lib qolaverdi. Negaki, u va uning vorislari bu madaniyatga taalluqli bo‘lib, o‘z faoliyatlarida ushbu madaniyat an'analarini rivojlantirishda davom etdilar.

XVI asrning boshida Eronda shialikning rasmiy mazhab sifatida e'lon qilinishi munosabati bilan madaniyat vakillaridan ko‘pchilik qismi ta'kiblarga uchraganli tufayli sababidan Mavoraunnahr va Hindistonning bir-birlariga yaqinlashishlariga muhim omil bo‘ldi. ulardan kupchiligi mavoraunnahr va Hindistondan boshpana topdilar. Hukmron g‘oyaviy oqim islom mafkurasi bo‘lgan kalom edi. faylasuflarning dunyoqarashi u yoki bu jihatdan ham o‘z kelib chiqishi tayanchida diniy mafkuraga ega edi. ularning ko‘p yutuqlari diniy jihatdan shakllangan edi. Ammo bu voqyeylikni mutlaqlashtirish kerak emas, negaki, u bilan bir qatorda muayyan falsafiy g‘oyalar islom mafkurasiing turli jihatlaridan farq qilar edilar. Bu davr ijtimoiy-falsafiy fikri rivojida o‘z ma'naviy-tarixiy manbalarini idrok qilishga bo‘lgan intilish, dindan kuchli ma'naviy birlashtiruvchilik va boshqaruvchilik omili sifatida foydalanish muhim ahamiyat kasb etgan edi.

Ibn Muxammadjon Yusuf al-Qorabog‘iy Muhammad Shahiy (1563-1647) kelib chiqishi jihatidan Ozarbayjonlik edi. 1579 yili u o‘n olti yoshida Shirvonga keladi, so‘ngra Sherozga borib Habibullo Mirzajon Sheroziy al-Bonaviyga shogird tushadi. O‘z ustozining ta'siri ostida Yusuf falsafa va ilohiyot ixtisosligi bo‘yichka shugullana boshlaydi va bu sohadagi kiziqishlarini Markaziy Osiyoga olib keladi. Qorabog‘iy avval Samarqandda, keyin Buxoroda dars beradi. Umrining so‘nggi yilarida Qorabog‘iy Buxorodan ikki kilometr narida joylashgan «Se pulon» degan joyda yashaydi va o‘sha yerda vafot etadi.

Muhammad Sharif ibn Muhmamad al-Husayniy al-Alaviy al-Buxoriy (vaf. 1697) Buxoroda tavaalud topgan. Al-Mavloniy laqabi bilan mashhur. Bizgacha olimning o‘n beshdan ko‘proq asarlarining nomi, jumladan quyidagilar yetib kelgan:

1. «Xoqon uchun foydali maslahatlar kitobi» («kitab favoidi xoqoniyya»). Ushbu risola 1643 silda yozilgan bo‘lib, XVIII asrgacha ko‘chirilib kelingan. Uning nusxalaridan biri «Tashakkurnoma risolasi» deb atalgan. Qo‘lyozma muallif yashagan davrning ijtimoiy hayoti, hamda ilohiyot bo‘yicha huquqshunoslikka doir qimmatli ma'lumotlarga ega.

2. «Davriylik haqida risola». Uning XIX asrning boshlariga taalluqli bir necha nusxalari saqlangan bo‘lib, ulardan biri «Muttasillikdan davriylikning taalluqligining zaruriyati haqida risola» deb ataladi. Ushbu risola muttasillik va munfasillik masalalariga bag‘ishlangan.

Yusuf Qorabog‘iy va Muhammad Sharif Buxoriylarning ijodi falsafaning ko‘pgina muammolarini qamrab olgan. Barcha Sharq peripatetiklari kabi Qorabog‘iy ham barcha mavjud narsalarni ikki turga bo‘ladi: vojibul vujud va mumkin ul vujud yoki oddiygina zaruriy va imkoniy narsaga. Zaruriy narsa tushunchasi shundan bioratki, uning mohiyatiga nisbatan tashqida yotgan narsa hyech qanday holatda ham yo‘q bo‘lishi mumkin emas. Imokniy narsa – bu shundayki, uning mohiyati uchun tashqarida bo‘lgan narsa har tomonlama borliq va yuqlik ham bo‘lishi mumkin.

Muhammad Sharif Buxoriy bu xususda o‘zidan oldin o‘tgan mutafakkir ta'rifidan unchalik farq qilmaydigan ta'rifni beradi. Uning qayd etishicha, zaruriy narsa – bu shundayki, u mavjud bo‘lmaslik tabiatidan mahrum bo‘lib, ishning uchun yuqlikning tarkibiy qismlaridan hyech birini ta'riflab bo‘lmaydi. Imkoniy narsa bu shundayki, yuqorida aytilgan ikki tabiatdan mahrumdir. Agar u ikkidan biridan mahrum bo‘lsa ham, uning imkoniyati rad etilmaydi. Zaruriy narsaning borlig‘ini Buxoriy barcha ibtidolardan yuqoriko‘yadi. Uning fikricha, vojibul vujud zamon va makonga bog‘liq bo‘lmasdan, barcha ibtidolarning boshlanishidir. Barcha yetuklikning sababini Buxoriy xudoda ko‘radi.

Keyingi feodal davrining boshqa mutafakkirlari kabi Qorabog‘iy o‘zining dunyoni tushunishi asosiga sababiyat qoidasini ko‘yadi. Qorabog‘iy aqidasiga ko‘ra, sabab-oqibat aloqasi cheksiz bo‘lib, «bugungi kun bilangina o‘z intihosiga yetmaydi…»

Bu bilan barcha borliqning sbaabiy shart asosida chnksizligi qayd etiladi. Qorabog‘iy sabab-oqibat aloqasini bir-biriga oddiy ravishda bog‘langan hodisalarning bir qator bog‘langanligi sifatida tasavvur qilmaydi. Bu aloqa qandaydir yuqori turgan narsaning oqibati asosida maydonga chiqadi. Bu oqibat, o‘z navbatida yanada yuqoriroq turgan narsaning sababi sifatida namoyon buladi va hokazo. Bu yerda aloqa o‘sib boruvchi burama shaklga egaligi haqidagi tarqoq fikr yashiringan. Bunda shu narsa ham muhimki, yuqori bosqichlar shakllanishi, quyi bosqichlarni yo‘qqa chiqaradi. Sababiy bog‘lanishni tushunish borgan sari ko‘proq murakkab va umumiy aloqalarni idrok etish bilan o‘sib boradi.

Bu masala o‘z rivojini Buxoriyning asarlarida, jumladan, uning davriylik haqidagi risolasida topadi. Buxoriyning fikricha, «yuqorida turuvchi» va «quyida joylashgan» bosqichlarning shakllanishi davrida maydonga davriylik chiqadi, uning mavjudligining zamini esa muttasillikdir. «Bilki, - deb yozadi u, -kishilar davriylikning muttasillikdan zaruriy ravishda bog‘liqligini ko‘rsatganlar». Yuqori tomon uzluksiz ravishda borayotgan bosqichlarning qaytarilishi cheksizlikdir.

Qorabog‘iy va Buxoriylarning e'tiborini jalb etgan boshqa muhim muammo jismlar bo‘linishining chekli va cheksizligini aniqlash edi. Bu masala ularning qarashlarida makon va zamon haqidagi ta'limot bilan mustahkam ravishda aralashib ketgan. Cheksiz ravishda ko‘payib yoki kamayib boradigan har qanday qatorning miqdori uning a'zolari hajmiga ko‘ra cheksiz miqdor bo‘lganligidan, shunday cheksiz yo‘lni chegaralangan zamon bo‘lagida bosib o‘tish mumkin emas. Bu davr mutafakkirlarining falsafiy kiziqish va izlanishlari o‘z ichiga muhim tarkibiy qism sifatida borliqning asosiy muammolarini, avvalo, peripatetik va sharqiy-peripatetik yo‘nalishdagi jihatlarni tasavvufning borliq haqidagi muayyan qarashlari bilan boyitgan holda ishlab chiqishni qamrab olgan edi.


4. XVII asrdan XIX asrning birinchi yarmigacha ijtimoiy-falsafiy fikr
Mirzo Abdulqodir Bedil (1644-1721) Hindistonning Azimobod shahrida tug‘ildi. Uning hayoti va ijodi Boburiylar sulolasi hukmronligi davriga tug‘ri keldi. Bedil ko‘p asarlar yozib qoldirdi: «Chor unsur» («To‘rt unsur»), «Nukot» («Askiya»), «Irfon» («ma'rifat»), «Ruboiyot» («Ruboiylar») va boshqalar.

Borliq haqida ta'limot. Bedil Sharq mashoiyunlari (Arastu izidan boruvchilar) an'anasini davom ettirdi. Uning fikricha, moddaning ibtidosi ham, intihosi ham (boshi va oxiri) yo‘q. U panteistik aqidaga ega bo‘lib, «Vahdati mavjud» - borliqning yagonaligi nuqtai nazarida turar edi. Barcha narsalar zaruriyat yuzasidan vujudga keladi: - «Barcha ashyolarda ularning bo‘lakchalari o‘zgarganligi sababli, yangi narsa kelib chiqadi: - bu ajoyib sirli hodisa zaruriyat yuzasidan ro‘y beradi, bu zaruriyat ashyolarning o‘zida va ular orasidagi o‘zaro munosabtalarda mavjud bo‘ladi. Masalan, yog‘, pilik, va olovning bir-biriga qo‘shilishidan zaruriy ravishda yorug‘lik kelib chiqadi»10. Dunyo o‘zgarishda va doimiy harakatdadir. Dunyoni asosi sifatida Bedil havoni oladi.

Bedil fikricha, modda va shakl birlik holatidadirlar: - «Agar modda shaklsiz bo‘lsa, shakl qaerdan kelib chiqadi, agar shakl – har narsaga qodir bo‘lsa, modda qanday kiyim kiyadi?»11. Bedil ozodlik va zaruriyat haqidagi masalaga ham to‘xtaydi. Uning fikricha, inson o‘z hatti -harakatlarida erkindir. Uning o‘zi qanday ish tutishligini belgilashi lozim. Bedil tabiiy zaruriyatni, tabiat qonunlarini tan oladi. Ikkinchi tomondan, u zaruriyatni ilohiy irodaning namoyon bo‘lishi, deb qaraydi. Bedil sufiylarning tarki dunyochilik g‘oyalarini, taqdiri azalga ishonish nazariyasini tanqid qiladi. U Hindistonda keng tarqalgan tanosux - ruhni ko‘chib yurishi haqidagi aqidaga tanqidiy munosabat bildiradi, dinning ba'zi qoidalariga shubha bilan qaraydi. Bedil fikricha, dunyoning va insonning kelib chiqishi quyidagicha: -

Xudo tuproq, suv va olovni birga qo‘shdi,

Hazillashib tartibga soldi.

Undan o‘simlik o‘sib chiqdi.

Rivojlanishda davom etib hayvonga aylandi,

Og‘izni nutq uchun ochib-inson bo‘lib qoldi.

Bilish nazariyasi. Bilishning birinchi bosqichi tashqi his-tuyg‘u yordamida amalga oshadi. Aql, tafakkur bilishning mukammalroq bosqichidir. Faylasuf hissiy va aqliy bilishni yagonalikda va o‘zaro aloqadorlikda qaraydi. U aqlga katta ahamiyat beradi: «Tafakkur sirli ma'noni tushundi, hukm ishning kelib chiqish va oqibatini idrok etdi. Agar aql uni ozmagan bo‘lsa, hyech kim hyech narsani ko‘rmadi»12. Aql bilan bilib olingan barcha narsa, insonga berkdir». Dunyoni aqlan bilishda ilm-fan katta ahamiyatga ega:

Ilm qalamini qo‘lingga olmaguningcha,

Hyech qanday ashyoning tasvirini chiza olmaysan.

Ilmdan boshqa nimaiki yozilgan bo‘lsa,

Be'manilikdan boshqa hyech narsani anglatmaydi.

Ilm hamma yerda –aqliy me'yorlarga kafillikdir,

G‘alaba – faoliyat dalilidir13.

Borliqni tushunib yetishda, tabiat sirlarini bilishda falsafa muhim o‘rin tutadi. Falsafa –bu hikmat, u ilm-fan sirlarini ochadi, ruhning ashyolarga bo‘lgan munosbaatini o‘rganadi.



Ijtimoiy-siyosiy qarashlari. Bedilning dunyoqarashida uning ijtimoiy va insonparvarlik g‘oyalari muhim o‘rin tutadi. Bedil mehnatkash insonni ko‘ylaydi. Ayniqsa u barchani iste'mol mahsulotlari bilan ta'minlovchi dehqonlar mehnatiga yuqori baho beradi. Uning fikricha, u baxt-saodatga erishishi mumkin. Hunari yo‘q odam, arzimas va ojizdir.

Podsho va uning atrofidagilar to‘kin-sokinlikda va farog‘atda yashaydilar, dehqonlar esa faqirona hayot kechiradilar, ochlikdan o‘ladilar, zolimlardan azob chekadilar. Shoir o‘z zamonasi haqida alam bilan yozadi:

Mamlakat hokimiyat ostida qoldi:

Boyliklar ayrim shaxslar qo‘lida to‘plandi,

Oliy tabaqalar yerini dehqonlar haydab boshladilar,

Dehqonlarning ezilishi, chorasizligidan

Podsholar paydo bo‘ldilar, takabbur davlatpanohlar.

Fir'avnlar nafsi, Nasrudlar zo‘ravonligi

Hayotning barcha tomonlariga yoyildi.

Oltin va kumush o‘ljalar nimlaar qildi…

Saroylar qurilishi, o‘zini xudo deb e'lon qilishlar rasm bo‘ldi14.

Ochko‘z va manfaatparast kishilar boylik uchun kurashib, qurollana boshladilar va qo‘shin yig‘dilar. Natijada o‘zaro urushlar boshlanib, begonalar yerini zabt qilish odatga kirdi. Shunday qilib, hokimiyat va davlat paydo bo‘ldi:

Keskin kurash boshlandi,

G‘oliblar va mag‘lublar paydo bo‘ldi,

Hukmronlik qilish istagi mukammallashadi,

Saltanat paydo bo‘ldi15.

Bedil, o‘tmishdagi ko‘plab mutaffakirlar kabi, mamlakatni ma'rifatli va adolatli hukmdor boshqarishini orzu qilar edi.

Boborahim Mashrab (1657-1711) yirik o‘zbek shoiri va mutafakkiri edi. U Namanganda tavallud topdi. U Qashg‘ar, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Qarshi va Markaziy Osiyoning boshqa shaharlarida, Hindiston va Yaqin Sharqda bo‘ldi.

Shoir qaerda bo‘lmasin, dinning va tasavvufning asosiy qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan hatti - harakatlarini keskin tanqid ostiga olib, o‘z she'rlarida ular ustidan kulganligi uchun ruhoniylar tomonidan qarshilikka uchradi.

Mashrab hayotining so‘ngggi yillarida Balx shahriga (hozirgi Afg‘onistonda) keladi. O‘zining hur fikrligi va hukmron doiralarni tanqid qilganligi uchun 1711 yilda Balx hukmdori Mahmudxon farmoniga binoan qatl etiladi. Uning qabri Xonobod shahrining janubidagi Ishkoshim qishlog‘idadir (Afg‘oniston). Boborahim Mashrab katta ijodiy meros qoldirdi. Unga taalluqli «Mabdai nur» («Nur asosi») dostoni, «Devoni Mashrab» to‘plami, ko‘plab ruboiylar, g‘azallar, muxammaslar, musaddaslar xalq orasida keng tarqalgan.

Boborahim Mashrab mumtoz adabiyotimiz buyuk namoyandalarining ilg‘or an'anlarini o‘rganib yirik shoir bo‘lib shakllandi, kamolga yetdi. U qoldirgan merosda, birinchi navbatda, ishqiy mavzudagi g‘azal-muxammaslardan ana shu an'analarning barakali ta'sirini aniq kuzatish mumkin. Mashrabning ijodiy kamolotida, ayniqsa, Navoiy merosining ijobiy ta'siri katta bo‘ldi.

Bobrahim Mashrab qoldirgan ijodiy merosda diniy va tasavvufiy g‘oyalar ham, o‘sha zamonda keng tarqalgan qalandarlik tariqatining ayrim ohanglari ham sezilarli o‘rin egallaydi. Mutafakkir islomning asosiy nazariy qoidalarini shubhasiz qabul etadi. Ammo, ayni zamonda, islom ta'limotining bir qator zohiriy belgilarini, birlamchi deb hisoblagan qonun-qoidalarini, shariatning ayrim ko‘rsatma-talablarini, farz-sunnatlarini tan olmaslik va past nazar bilan qarash ham ko‘zga tashlanadi, ayrim diniy rukn-tushuncha va muqaddas deb bilingan marosim va odatlarga, talqin va aqidalarga shubha bilan qarash, hatto, ochiqdan-ochiq mensimaslik va masxaraomuz munosabat ancha-muncha uchraydi.

Turli-tuman shakl va talqinlarda jilovlanuvchi bu dunyoqarashning butun mohiyat-mag‘zi shoirning quyidagi qat'iy e'tirofida nihoyatda yaqqol va lo‘nda ifodalangan:

-Bir Xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur, Mashrabo,

Gul agar bo‘lmasa ilkimda tikonni na qilay?!

Mashrab qoldirgan ijodiy merosda hayotiylik, tirik inson va uning insoniy kechinmalarini ifodalash, xislat-fazilatlarini ta'riflash, orzu-umidlari, shodlik-kuvonchlari va g‘am-tashvishlarini haqqoniy tasvirlash ishq-muxabbatni ulug‘lash, go‘zal yorni-ma'shuqa xusnu latofatini ta'riflash, oshiqning sevgi-sadoqatini ishonchli tasvirlash jarayonida tahlil etiladi.

Maxtumquli (1733-1793) turkman shoiri va mutafakkiri, turkman adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan talant sohibidir. O‘z ilmini oshirish maqsadida u Xiva, Buxoro va Andijon madrasalarida tahsil olib, o‘zbek adabiyotining o‘tmish namoyandalari asarlari bilan yaqindan tanishadi. U Turkistondagi shaharlardan tashqari Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Hindistonga ham sayohat qilib, u yerdagi xalqlar turmushi bilan ham tanishadi. Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron folklori va adabiyotini chuqur o‘rganadi. Nizomiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy, Firdavsiy ijodidan bahramand bo‘ladi. Maxtumquli, ayniqsa, o‘zbek madaniyati tarixi bilan yaqindan tanishib, bir qancha liro - epik dostonlar, juda ko‘p g‘azallar yaratib, o‘z davri hayotini, o‘z xalqi urf-odatlari, o‘tmish tarixini kuylaydi.

Maxtumquli asarlarining yetakchi g‘oyasi - bu turkman yerlari ustida yopirilib turadigan chet el bosqinchilariga barham berish, tarqoq yashayotgan, o‘zaro nifoq va ziddiyatlardan zada bo‘lgan qabila hamda urug‘larni birlashtirish bilan osoyishtalik va ittifoqlikka asoslangan qudratli bir davlatni barpo etishdek milliy vatanparvarlik his-tuyg‘udan iborat. Ana shu millat manfaatlari yo‘lida qayg‘urish, ma'rifatparvarlik yo‘li bilan bu g‘oyani samarali kuchga aylantirish shoir ijodining asosiga aylandi.

Pand-nasihat Maxtumquli ijodining muhim bir yo‘nalishi bo‘lib, uning bizgacha yetib kelgan poetik merosi o‘sha davr adabiy hayotining hamma mavzularini qamrab oladi. Zotan, Maxtumquli ijodining xalqchillik kasb etib, ravnaq topib borishida Sharq lirikasida an'analari bilan bir qatorda turkiy qo‘shiqlar, folklor murabbalari shaklidagi ijod namunalarining o‘rni katta bo‘ldi16.

Maxtumquli ijodida Ahmad Yassaviy pandomalari uslubining izlari yaqqol ko‘zga tashlanib turadiki, odamning hayotda o‘z maqomini idrok qilishi, ota-bobolarning hamma yaxshi xislatlarini o‘zlashtira borishi va aksincha takabburlik, manmanlik, dilozorlik, mol-davlatga hirs qo‘yish, nafs kuyiga kirib ketish kabi illatlarni yengish g‘oyalari, pandnomalarning asosiy mazmunini tashkil etadi.

Maxtumquli o‘z davrining jarohatlariga aql - zakovatli, imon va e'tiqodni, ahillik va hamjihatlikni, ajdodlar udumiga asoslangan hamdarlik va adolatli kurashni qarshi qo‘yadi va tuyg‘uni poetik so‘z qudrati bilan ma'naviy qurol darajasiga ko‘taradi.

Cho‘qon Valixonov (1835-1865) asl ismi-Muhammad Hanafiya bo‘lib, qozoq xalqining buyuk olimi, demokrat - ma'rifatparvari, tarixchisi, etnografigi, folklorshunos, sayyoh va jug‘rofidonidir.

G‘arbiy Sibir genaral-gubernatorligida xizmat qilgan Cho‘qon Valixonov, Xitoy va Markaziy Osiyoga uyushtirilgan ilmiy-tekshirish ekspeditsiyalarida ishtirok etadi. 1858-1859 yillarda Qoshg‘arga sayohat qiladi, 1855 yili Omskidan Semiipalatinskiyga, shuningdek, Ayako‘z, Qopal orqali Qirg‘iz Olatog‘larigacha bo‘lgan yerlar bilan tanishadi. Cho‘qon Valixonov 1860-1861 yillari Sankt-Peterburgda yashagan paytlarida rus demokratlari, olimlari bilan yaqindan aloqa bog‘lab, Fanlar akademiyasi va Rus jug‘rofiya jamiyati ishlarida faol qatnashadi.

Cho‘qon xalq og‘zaki ijodini chuqur ilmiy o‘rganib, «Qozoqning xalq dostonlarining turlari haqida», «O‘rta yuz qozoqlarining afsona-ertaklari to‘g‘risida», «XVIII asr botirlari haqida tarixiy afsonalar» kabi ilmiy tadqiqotlarini yaratdi. Qirg‘iz xalq dostoni «Manas»ning ko‘p qismini yozib olgan, rus tiliga o‘girgan va chuqur o‘rgangan edi. Bu asarni «Iliada», «Odisseya» asarlari bilan bir qatorga qo‘yib, yuksak baho bergan ham Cho‘qon Valixonov edi.

Cho‘qon Valixonov podshoh Rossiyasi tuzumini, mustamlakachilik zulmini keskin tanqid qildi, rus madaniyatini targ‘ib qildi, qozoq xalqini ko‘chmanchilikdan o‘troq holatga o‘tishga da'vat etdi, ma'rifatli bo‘lishga chaqirdi. D.I.mendeleev, P.P.Semenov –tyanshanskiy, G.N.Potanin kabi rus olimlari bilan ijodiy muloqotda bo‘ldi. V.G.Belinskiy, N.G.Chernishevskiy ijodlari ta'siri ostida qozoq ijtimoiy-falsafiy fikrida birinchi bo‘lib realistik an'analarni ilgari surdi17.

Cho‘qon Valixonovning falsafiy dunyoqarashi moddiyuncha xususiyatga ega. Uning fikricha, tabiat abadiy va xilma-xil bo‘lib, u-birlamchidir, ong esa ikkilamchi bo‘lib, uning hosilasidir. Moddiylikga ega bo‘lgan hodisalar o‘z qonunlariga muvofiq rivojlanadilar. Dunyodagi hodisalar o‘rtasida sababiy aloqa mavjud. Valixonovning aqidasicha, mutaassiblikdan holi bo‘lgan, o‘z hatti-harakatida diniy aqidalarga emas, balki voqyeylikni o‘zini tadqiq qilish asosida xulosa chiqaradigan uqimishli kishi uchun tabiat va jamiyat qonunlarini to‘laligicha tushunib yetish mumkin. Ijtimoiy hayot haqida fikr yuritib, mutafakkir qayd etadiki, insonning istak va manfaatlari juda ham bir-biriga qarama-qarshi va chigallashgandir. Ammo ularni yagona asosga, ya'ni inson ongi erisha oladigan «jismoniy va ijtimoiy sharoitlar» ta'siriga olib kelib bog‘lash mumkin.


Yüklə 187,39 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə