O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus



Yüklə 3,28 Mb.
səhifə3/58
tarix06.05.2018
ölçüsü3,28 Mb.
#42512
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   58

Asosiy tushunchalar
1. Erkinlik — insonning turli muqobilliklarda tanlov imkoniyatini beradigan, uning talablariga chuqur singdirilgan holatidan iboratdir.

2. Shaxs xillari (tiplari) — insoniyat o‘tmishi turli davrlari shart-sharoitlari bilan bog‘liq holda shaxsning farqlanishi.

3. Demokratiya (yunoncha: xalq hokimiyati) — davlat-siyosiy tuzimi shakli bo‘lib, uning manbai xalq hisoblanadi.

4. Oxlokratiya (yunoncha: olomon hokimiyati) — Arastuning ko‘rsatishicha, demokratiyaning buzilishi shakli bo‘lib, ommaning cheklanmagan hukmronligini anglatadi.
Savol va topshiriqlar
1. Zaruriyatsiz erkinlik, erkinliksiz zaruriyat bo‘lishi mumkinmi?

2. Erkinlikning mezonlari bo‘ladimi?

3. Insonning ichki erkinligiga misollar keltiring.

4. Tashqi erkinlikning shaxsga ta’siri.

5. Qaysi soha erkinligi eng zarur hisoblanadi?

6. Shaxsning shakllanishida jamiyatning mas’uliyatini qanday tushunasiz?

7. Shaxsning siyosiy maqomi qanday ta’minlanadi?

8-§. Buyuk shaxs: asosiy tavsiflar,mangulik muammolari

Reja
1. Buyuklik shartlari.

2. O’zbek xalqi tarixida buyuk shaxslarning roli



3. Hayotning ma’nosi va o’lim

4. Islomiy sivilizatsiyada hayot va o’lim masalalar

5. Yevropa yangi va eng yangi tafakkurida hayot va o’lim masalalari

Har bir shaxs — bu muayyan bir siymo. Demak u tarixda o‘zining katta yo kichik o‘rniga ega. Chunki tarixning o‘zi ham shaxslarning birligi va o‘zaro ta’siri, hayotfaoliyatining natijasida qaror topadi.

Odatda tarixiy jarayonda shaxslarning o‘rni masalasi to‘g‘risida gap borsa, buyuk kishilar faoliyati tushuniladi. Shaxslarning buyukligi o‘zlari mansub bo‘lgan ijtimoiy guruh, el-elat yoki xalqning fikr-o‘yini to‘la ifodalab, ularning asosiy maqsadvazifalarini tarixiy jarayon kechishining obyektiv mantig‘italablariga mos ravishda amalga oshirishda hal qiluvchi ishlarni bajara olishidadir. Bunday shaxsda dastavval uni o‘z orasidan yetishtirib chiqargan xalqqa xos sifatlar ham bo‘ladi. Bu sifatlarularning betakror shaxsiy xususiyatlariga aylanib, bajarishi zarur bo‘lgan yumushlarni kun tartibga qo‘yishda, ularni ro‘yobgachiqarishda mislsiz jasorat, ulkan tashkilotchilik va jonbozlikko‘rsatilishida namoyon bo‘ladi. Buyuk shaxs faoliyatida o‘z xalqini saodatli qilish, o‘zligini ro‘yobga chiqarish, milliy va davlatmustaqilligini himoya qilish, ilg‘or xalqlar darajasiga ko‘tarish, natijada insoniyat yalpi taraqqiyotiga baholi qudrat ko‘mak berish muhim o‘rin egallaydi.

O’zbek xalqi tarixida buyuk shaxslarning roli. Uzoq tarix saboqlari, bizgacha yetib kelgan manbalar, jumladan yunon tarixchisi Herodot asarlaridan ma’lumki, o‘zbek xalqining qadimiy ajdodlaridan bo‘lgan massagetlar sardori To‘maris Eron shohi Kir bosqinchiligiga qarshi kurashga boshchilik qilib, uning o‘zini halok etib, eng zarur vazifani bajardi — yurtining mustaqilligini saqlab qoldi.

Buyuk shaxslik xususiyati o‘zbek xalqi tarixida mo‘g‘ul bosqinchilari avlodlari qo‘lidan hokimiyatni tortib olib, milliy davlatchilikni tiklabgina qolmay, uni jahon miqyosida ravnaq toptirgan buyuk bobomiz Amir Temurga ham tegishli. Uning markazlashgan qudratli davlatida ijtimoiy hayotning barcha sohalari keng rivojlandi. O‘z davlati manfaatlarini ko‘zlab olib brogan urushlari slavyan va G‘arbiy Yevropa xalqlarining ijtimoiy taraqqiyoti tezlashuviga ham ko‘mak berdi. Buni o‘tmishda bo‘lganidek, hozirgi ingliz, fransuz, italyan va boshqa xalqlar tarixchilari ham chuqur

e’tirof etadilar. Bu mamlakatlarda ulug‘ Amir Temur haqida xolis ilmiy tadqiqotlardan tashqari boy badiiy adabiyot ham yaratilgan. Amir Temur jahon rivojlanishining keyingi taraqqiyotiga ham katta hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir.

Temuriylar shajarasidagi ko‘pgina hukmdorlar, xususan, Mirzo Ulug‘bek, Shoxruh, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Bobur o‘zbek xalqi tarixida katta o‘rin tutgan shaxslardir. Boburning Movarounnahrdan Hindistonga borib, turli din va tillar sharoitida markazlashgan davlat tuzganligiga, boburiylar bu mamlakat tarixida nihoyatda salmoqli ishlar qilganligiga Hindistonning mashhur siyosiy va davlat arbobi Javoharla’l Neru juda katta baho bergan edi.

Jahon sivilizatsiyasi tarixida katta o‘rin tutgan buyuk shaxslardan biri shoir, mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiydir. AQSH sobiq prezidenti R.Reygan Alisher Navoiy haqida gapirar ekan, «Boy madaniyatga ega bo‘lgan zaminda voyaga yetgan Alisher Navoiyning samimiyati va nafosati, buyuk insonparvarlik g‘oyalari va siyosati butun insoniyatga tegishli bo‘lgan qadriyatdir», degan edi.

O‘zbek xalqi tarixida tutgan o‘rni, o‘z xalqi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bo‘yicha Amir Temurdan so‘ng muayyan mavqe shayboniylar sulolasidan chiqqan Abdullaxon II ga tegishlidir. Bu siymo Movarounnahrda ulkan davlatni tuzib, iqtisodiyot, fan va madaniyat ravnaqiga katta e’tibor bergan.

Qadimgi rimlik mashhur mutafakkir Tatsit tarixni hodisalarning jonli izlaridan borib yozmoq lozim, degan edi. Shunday yo‘ldan borilsa, tarixning betakror jarayonining mantig‘i ochiladi va bu jarayon markazida turgan ijtimoiy kuchlar, uning dohiylari faoliyati obyektiv baholanadi. Binobarin, xalqimiz o‘tmishidagi buyuk siymolarning jamiyatni boshqarish va taraqqiyotga o‘tkazgan mislsiz ta’siri ko‘lami, ahamiyati yorqinroq namoyon bo‘ladi. Rossiya mustamlakachiligi Turkistondagi mavjud ijtimoiy turg‘unlikni chuqurlashtirdi. Biroq dunyoda yuz berayotgan tub o‘zgarishlarning guvohi bo‘lish mahalliy ziyolilarni xalq va yurt taqdiri xususida chuqurroq o‘ylashga majbur etdi. Jadidlarning maydonga kelishi, xususan, Mahmudho‘ja Behbudiy, Munavvar Qori, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon va boshqalarning millat manfaatlarini himoya qilib chiqishi shu vaqtga to‘g‘ri keladi. Ularning qarashlarida qoloq ijtimoiy munosabatlarni va mustamlakachilikni tugatish, milliy davlat istiqloliga erishish maqsadi o‘z aksini topgan edi.

Shaxs salohiyatining kuchi O‘zbekistonda davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishda va mustahkamlashda yana bir marta namoyon bo‘ldi. Prezident I.A.Karimovning aql-zakovati, siyosiy irodasi va qat’iyati tufayli jiddiy bo‘hronlarsiz, qurbonlarsiz, qon to‘kilmasdan tinch ijtimoiy rivojlanish yo‘liga chiqib olindi. Huquqiy demokratik davlatni barpo etish, demokratik tamoyillarni chuqurlashtirish, insonparvar fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida barcha qiyinchiliklarni juda katta siyosiy qudrat, qat’iyat va sobitqadamlilik bilan yengib borilmoqda.


Hayotning ma’nosi va o’lim. Inson nima uchun yashaydi? Bu savolga kundalik ong darajasidan boshlab tafakkurning eng yuqori bosqichlarigacha bo‘lgan imkoniyatlar doirasida bir xil javob berib bo‘lmaydi. Haqiqatan ham hozirgacha mavjud bo‘lgan barcha ilmiy yo‘nalishlar va maktablar bu savolni chetlab o‘tmagan bo‘lsa ham, ko‘pchlikniqoniqtiradigan darajada yaxlit javob topa olmaganlar. Umuman olganda bu savolga uzil-kesil javob berish ham qiyin. Lekin bundan yuqoridagi savol bema’nidir, degan mulohazaga bormaslik lozim. Alohida insonga nisbatan uning hayoti, maqsadi ma’lum ma’noga ega. Ya’ni hayotning ma’nosi insonning har tomonlama barkamollikka erishishidan iborat. Bu esa alohida inson hayotini keng qamrovda olib, undagi haqiqiy va soxta jihatlarni va, nihoyat, to‘laqonli hayot qaysi vositalar yordamida amalga oshishini qarab chiqishni shart qilib qo‘ydi.

Har qanday jonli mavjudot singari inson hayotining ham nihoyasi borligi, boshqa mavjudotlardan farqli o‘laroq u o‘zining oxir-oqibatda o‘limga mahkumligini anglashi masalalari, aytish mumkinki, mumtoz masalalardandir. Bu — tasodifiy hol emas. Inson hayoti va o‘limi masalalari asotirlar va dinlarda ham alohida o‘rinni egallagan. Kishilarda dastlab o‘limdan qo‘rqish tuyg‘usi kuchli bo‘lgan. Keyinroq asotiriy, diniy tasavvurlar vositasida bujarayon «majburiy» ekanligi isbotlandi. Asotirlarda hayvonlar ham,kishilar ham o‘ladigan tana va o‘lmas ruhga ega deb ko‘rsatilgan. Ruh nozik, nomoddiy tabiatga ega bo‘lib, o‘zida inson vujudi timsolini gavdalantirgan. U yo‘qolmaydi, o‘lmaydi va o‘z makonida yashaydi hamda o‘z joyini almashtirib turadi. Ba’zi diniy ta’limotlarda tana o‘lgach, ruh bir jonzotdan ikkinchisiga o‘tib turishi ko‘rsatilgan.

Turli g‘oyaviy yo‘nalishlar va maktablar hayot va o‘lim masalalarini turlicha tushuntiradi. Ayrim buyuk faylasuflar bu masalaga mantiq, mazmun kiritishda shaxsiy hayot taqdirini hal qilish orqali ham erishganlar. Masalan, Suqrotning o‘z o‘limiga roziligi haqidagi qarori uning hayoti uchungina emas, balki undan keyingi falsafiy muammolar hal etilishi uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Aflotun Suqrotning ushbu qarorida faylasuf uchun o‘z hayotini oliyjanoblik bilan tugatish imkoniyatini ko‘rgan. Uning fikrlariga ko‘ra inson ezoterik (ma’naviy) mavjudot sifatida ilohiy mohiyatga ega. Bu uning o‘zi ustida ishlashi, o‘zini takomillashtirishi va ilohiy dunyo sari intilganligida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘lim ma’sullikdir. Ya’ni ma’naviyatli inson, har tomonlama komil va inson mohiyatini chuqur anglagan kishida o‘limdan qo‘rqish tuyg‘usi bo‘lmaydi.

Islomiy sivilizatsiyada hayot va o’lim masalalari. Islom dinida ham inson hayoti, uning ma’nosi va o‘limi masalasi kattao‘rin olgan. Hayotning ma’nosi — bu ruhning salomatligi, doimiy rohat-farog‘atga eltuvchi mehnat va bilimdir. Inson o‘z hayotini xudbinlik, nafs va yovuzlikdan saqlamog‘i kerak.

Insonning dunyoga kelishi, islom dini nuqtayi nazaricha, taqdirga, ilohiy irodaga bog‘liq. Inson o‘z taqdirini o‘zgartirishga qodir. Faqat ana shu o‘zgartirish mazmuniga ko‘ra inson — bandaning ma’naviy-ruhiy olamiga baho beriladi.

Ayni vaqtda inson bu olam go‘zalligi manbayidir. Uning hayoti orqali tabiat nafas oladi va yashaydi. Tan ruhsiz yashay olmaydi. Binobarin tabiatga zarar yetkazish ruhga zarar yetkazish bilan barobardir. Islom dinida insonga tabiatdagi ruhiylikning ramzi sifatida qaraladi.

Insonning hayoti, o‘limi va manguligi masalasi tasavvuf tariqatlarida ham muhim o‘rin olgan. Uning yirik ilk vakillari Hasan Basriy, Al-Muxsibiy, Junayd Bag‘dodiylar islomning monoteistik talablariga muvofiq insonning mohiyati va hayot yo‘nalishini Olloh ko‘rsatgan yo‘ldan borish, deb ko‘rsatganlar. O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan so‘fiy mutafakkirlar — Abduxoliq G‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro va Bahouddin Naqshband ta’limotlarida hayotning ma’nosi, o‘lim va mangulik masalalari insonning ilohiy mohiyatini bilishga intilish, halol mehnat qilib boshqalarga mehr-muruvvatli, rahm-shafqatli bo‘lish kabi fazilatlar

bilan bog‘liq ravishda yoritiladi.

Yevropa yangi va eng yangi tafakkurida hayot va o’lim masalalari. Yevropada yangi zamon sharoitlarida Sharq falsafasi ta’siri ostida hayot va o‘lim masalalariga yangicha qarashlar shakllandi. Jumladan, hayot va o‘limni anglash muammosi ikki antropologiyaviy modelda — tabiiy inson va yangi yevropacha inson

moddellari orqali foydalandi. Agar birinchi modelda inson tabiiy (biologiya, fiziologiya, psixologiya va boshqa) fanlar obyekti bo‘lsa, ikkinchi modelda u o‘zini olamning markazi sifatida anglagan, aql-idroki va erkinligini o‘zi yo‘naltiradigan, o‘z hayotini o‘tmishdan hozirgacha, undan esa kelajakka borishini tushungan ijtimoiy mavjudot sifatida baholandi.

Bu fikrlar insonga, uning hayoti mazmuni va maqsadiga ratsional yondoshishning natijalaridir.

XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab G‘arb tafakkurida shakllangan irratsional yo‘nalishda o‘lim biologiyaviy ma’nodagina tan olinmay, inson borlig‘ining nihoyasi sifatida qaraladi. Bunday nuqtayi nazarga binoan o‘lim diniy yoki siyqa tabiiy tushunilishdan farqli holda subyektivlik sohasi voqeasiga aylanadi. F.Nitsshening so‘zlari bilan aytganda inson o‘limi uning hayotidan ko‘ra ahamiyatliroqdir. Ya’ni, o‘lim tuyg‘usi inson hayotini mazmun bilan boyitadi.

Hozirgi vaqtda insonni yigirmaga yaqin ilmiy-falsafiy yo‘nalish o‘rganadi. Ularning barchasida asosan inson hayotining mohiyati, mazmuni va nihoyasi mushohada qilinadi. Bu ta’limotlarga ko‘ra, inson mohiyati masalasi tahlilida hozirgi sivilizatsiya qadriyatlari talablarini hisobga olish muhim ahamiyatga egadir.

Insoniyat hozirgacha erishgan eng yuksak sivilizatsiya — bu G‘arb modelidir. Bunda tabiiy inson modeli ham singdirilgan. Shu sababli yangi ijtimoiy-ma’naviy inson modeli yuzaga keldi. Hozirgi inson ko‘proq shartli mulohazalar asosida yashashga moyilki, uni bunday yashash va fikrlash yo‘liga radio, televideniye, kino, teatr, badiiy adabiyot va, albatta, o‘zining mustaqil fikr-o‘ylari olib kelgan. Natijada u o‘limidan keyingi hayotidan ko‘proq tashvishlanmoqda. Hayot qancha yaxshi, farovon bo‘lsa, kishiga o‘lim shunchalik dahshatli ko‘rinadi.

Ma’lumki, o‘lim ekzistetsial tomondan olinganda inson individual hayotining shunchaki yo‘qolib ketishi emas. O‘lim oldida qo‘rquvni yo‘qotish qay tarzda uni ma’noli va hatto hayotning ijodiy momenti sifatida anglashdir. Darhaqiqat, o‘limga faqat tabiiy hodisa sifatdagina qarash mumkin emas. O‘limni har doim «madaniyat ko‘zgusi», zaruriyat sifatida idrok etish lozim. O‘limni madaniyat doirasiga kiritilishdan undan keyingi umrning ma’nosi to‘g‘risidagi masala kelib chiqadi. Boshqacha aytganda, bu ma’noli yashalgan umrning o‘limdan keyingi davomi, ya’ni, yuksak ideallar bilan yashagan inson vafotidan keyin boshlangan hayoti manguligi masalasidir. Mangulik — insonning o‘z ijodiy, yaratuvchilik faoliyati bilan hayotda abadiy iz qoldirishidir. Inson o‘zidan dunyoda qoldirgan yaxshi nom — uning ikkinchi va davomdor umridir. Shu sababli ham, insoniyat uchun xayrli, ezgu ishlar qilib, yaxshi nom qoldirgan kishilar abadiy hurmat bilan tilga olinadi.


Asosiy tushunchalar
1.Buyuk shaxs — xalq orasidan yetishib chiqqan, uning taqdiri va tarixida olamshumul rol o‘ynagan kishilarga nisbatan aytiladi.

2.Amir Temur shaxsi — Vatanimiz tarixida o‘tgan ulug‘ siymolarning eng yirigi. XIV asrda mo‘g‘ullardan hokimiyatni tortib olib mustaqil, markazlashgan davlat tuzdi va keng qirrali faoliyati bilan yaqin mintaqalar tarixida va hatto Yevropa xalqlari tarixida ham chuqur iz qoldirdi.



3.Islom Karimov shaxsi — 130 yil davom etgan mustamlakachilikdan so‘ng milliy davlatchilikni tiklashda va uni mustahkamlashda favqulodda jasorat ko‘rsatdi.

4.Hayotning ma’nosi — ertami-kechmi har bir inson oldida ko‘ndalang bo‘lib turadigan masala bo‘lib, uning bir xil yechimi yo‘qdir. Inson o‘zining erkinligi doirasida qanday yashash kerakligini o‘zi hal qiladi.

5.O‘lim — inson biologik hayotining yakunlovchi moment yoki uning jismi faoliyatining yakuni, har qanday sotsiomadaniy tizim dunyoqarashining muhim unsuri.

6.Mangulik — inson hayotligida ijobiy ma’noda erishgan muvaffaqiyatlarining ezgulik tarzida avlodlar xotirasida saqlanishi.



Savollar va topshiriqlar

1. Shaxsning buyukligi nimalarda ko‘rinadi?

2. Vatanimiz tarixida o‘tgan qaysi buyuk shaxslarni bilasiz?

3. Hozirgi vaqtda Vatan istiqloliga xizmat qilish buyuklik maqomiga kiradimi?

4. Tarixni shaxs yaratadimi yoki shaxs tarixni yaratadimi
5. O‘lim hodisasiga din va fan munosabati qanday?

6. F.Nitsshening «insonning o‘limi uning hayotidan ko‘ra

ahamiyatliroqdir» degan fikrini qanday izohlaysiz?

7. Inson o‘limi va manguligi nisbati qanday?

8. «O‘lim»ni madaniyat darajasiga kiritilishi haqida fikringiz.

Amaliy ish
1.Insonning shaxs maqomini aniqlashda “individ” va “individuallik” tushunchalarining o’rni qanday?

2.Insonning shaxs maqomi uning biologiyaviy mohiyati bilan qanday munosabatda? Buni tushuntirib bering.

3.Ijtimoiylashuv inson shaxsi shakllanishining yagona sharti hisoblanadimi? Bu xususda o’z mulohazalaringizni ayting.

4.Erkinlik hodisasi inson zotidan boshqa mavjudotlarga ham taalluqlimi? O’z firlaringizni yozma bayon qiling.

5.Tutqunlikda ham inson shaxs sifatida shakllanadimi? Buni qullar qo’zg’oloni sardori Spartak misolida izohlang.

6.Shaxs erkinligi bilan u mansub millatning erkinligi o’zaro bog’liqmi? O’zbek davlatchiligi tiklanishi misolida tushuntiring.

7.Begonalashuv inson hayotida xususiy holmi yoki ob’ektiv hodisami? Buni o’zingizga tanish bo’lgan taniqli shaxslar misolida tushuntirib bering.

8.Shaxs va demokratiya nisbatida ulardan birini avval, boshqasini keyin kelib chiqqan deb hisoblasa bo’ladimi? Tarixiy bilimlaringizga tayanib javob bering.

9.Buyuk shaxs butun hayoti davomida buyukmi yoki bir-ikkita voqea ishtirokchisi bo’lish uni mashhur qiladimi? O’zingizga ma’lum siymolar misolida izohlang.

10.Vatanimiz va, umuman, O’rta Osiyo hamda Qozog’iston mintaqasida buyuk Amir Temurga teng ulug’ siymolar bormi? Bu xususda mintaqada yakunlangan ming yillikda yashab o’tgan kishilar misolida mulohaza yuriting.

11.Prezident Islom Karimov buyukligining siri nimada? Bu to’g’risida yozma yozma ish tayyorlang.

12.Inson stixiyali tarzda yashab hayotini manoli qilishi mumkinmi? Bilganlaringiz asosida yozma javob tayyorlang.

13.Inson o’limini ham manoli qilish mumkinmi? Buni mulohaza qilib ko’ring.

14.Evtanaziya haqida nimalarni bilasiz? Bilganlaringizni mulohaza qiling.




Ma’ruza va referatlar uchun mavzular
1. Shaxsning mohiyati.

2. Individning tavsifi.

3. Individuallikning mohiyati.

4. Ijtimoiylikning mohiyati.

5. Erkinlikning tavsifi.

6. Erkinlikning turlari.

7. Erkinlikning me’yorlari.

8. Davlat mustaqilligi va erkinlik.

9. Begonalashuvning tavsifi.

10. Shaxsning siyosiy maqomi.

11. Demokratiya sharoitlarida shaxs mas’uliyati.

12. Buyuk shaxs maqomi tavsifi.

13. Donolar o‘lim haqida.

14. Hayotning ma’nosi.

15. Hayotning mazmuni.
Tavsiya etiladigan adabiyotlar


  1. Falsafa. Darslik. Mas’ul muharrir M.Ahmedova. T. 2005.

  2. Коган Л.Н. Цель и смысль жизни человека. М. 1991.

  3. Феномен человека. Антология. М. 1993.

4.Sh.Azizov. Shaxs va jamiyat darsligi.Sharq n-ti.2010

I K K I N C H I B O‘ L I M
JAMIYAT – SOTSIUMNING TASHKILIY SHAKLI
III B O B. SOTSIUM DUNYOSI
9-§. “Sotsium” tushunchasi. Jamoa va jamiyat.

Reja
1.“Sotsium” , “jamoa” va “jamiyat” tushunchalari.

2. “Jamiyat” tushunchasiga zamonaviy yondoshuvlar



3. Jamiyat hayotining asosiy tamoyillari va tushunchalari
«Sotsium» atamasidagi lotincha «sotsio» fe’li qo‘shish, birlashtirish, birgalikda mehnat qilmoqni anglatadi. Tushuncha sifatida «sotsium», universumning — yaxlit olamning tarkibiy qismi bo‘lgan kishilik

dunyosi alohida jihatlarini ifodalaydi. Unda tabiatga, tabiiylikka muqobil bo‘lgan ijtimoiy-madaniy borliq aks etadi.



“Jamoa” va “jamiyat”. Bu atamalar anglatgan ma’nolariga ko‘ra yaqindir. Har ikki so‘z arabcha «jam’a»dan yasalgan bo‘lib, kishilarning turli darajada va maqomda olingan umumiyligini anglatadi. Agar «jamiyat» deyilganda keng ma’noda oldingi paragraflarda ko‘rsatib o‘tilganidek, kishilarning birgalikdagi manfaatlari va

kelishuvi asosida maqsadga muvofiq oqilona tashkil etilgan birgalikdagi faoliyati ifodasi tushunilsa, «jamoa» tushunchasida umumiy kelib chiqish, til, taqdir va qarashlar bilan bog‘liqlik o‘z aksini topadi. Oila, xalq va hokazolar ayni shunday jamoalardir. Har qanday jamoa ham jamiyat bo‘lavermaydi. Lekin istalgan jamiyat jamoa hisoblanadi. Ayniqsa, jamiyat murakkab jamoa bo‘lib o‘z-o‘zidan mavjudlik va rivojlanish xususiyatlariga egadir. Bunday murakkab hodisani yaxlit holda na kuzatib va na tajribada tekshirib bo‘ladi. Uni faqat nazariy jihatdangina andaza, nusxa tarzida tasavvur etib, asosiy jihatlarini aniqlash mumkin.

«Jamiyat» deyilganda, odatda hammaga tushunarli bo‘lgan atama va hatto tushuncha tasavvur etiladi. G‘ayri tabiiylik shundaki, ko‘pincha bu xildagi tushunchani ta’riflash, uning salmog‘ini aniqlash juda qiyin.

Masalaga tarixiy yondoshilganda ko‘rinadiki, «jamiyat» tushunchasi alohida holda XIX asrdan beri qo‘llaniladi. Unga qadar boshqa ilmiy tushunchalar orqali ifodalangan. Masalan, qadimgi yunon mutafakkirlari qarashlarida jamiyat nazarda tutilib shunday fikrlar ilgari surilgan: Empedokl (miloddan avvalgi 341—270-yillar) fikricha «kishilar o‘z hayotini yo‘lga qo‘yish uchun ongli ravishda uyushadilar». Aflotunning fikricha (meloddan avvalgi 427—347-yillar) «kishilar ehtiyojlariga ko‘ra bir-biriga muhtojdir».

Qadimgi yunonlar qarashlari markazida turli tomondan taxmin qilinishi mumkin va lozim bo‘lgan Olamning tarkibiy qismi sifatida «Sotsium» va «jamiyat» tushunchalari 55 kishilik dunyosi asosan axloq va davlat fenomenlari misolida tadqiq qilingan. Ayni ana shu tushunchada kishilar hayotining boshqa sohalari ham o‘z aksini topgan.

Kishilik hayoti muammolarini keyinroq maxsus tadqiq etgan mutafakkirlar – J.Vikoning (1668-1744, “Millatlarning umumiy tabiati to’g’risida yangi fanning asoslari”), I. Gerderning (1744-1803, “Inson tarixi falsafasiga doir”) asarlarida “jamiyat” atamasi ishlatilmay, “millat” va “insoniyat” tushunchalari qo’llangan.

XIX asrda O.Kont, G. Spenser va boshqalarning asarlarida uchray boshladi.

“Jamiyat” tushunchasiga zamonaviy yondoshuvlar. Kishilik dunyosi shakllari turli darajalaridan kelib-chiqib, jamiyat to‘g‘risidagi yangidan yangi qarashlar ilgari surildi. Ulardan biriga ko‘ra kishilarni jamiyatga ruhiy hayot o‘xshashligi, qadriyatlar mohiyatini bir xil tushunishi birlashtiradi. Boshqasiga binoan jamiyat — bu:1) o‘zidan katta tizimga kirmagan birlashma; 2) nikohlar birlashma a’zolari o‘rtasida tuziladi; 3) birlashma a’zolari bolalar hisobiga to‘ldiriladi; 4) hududiga ega; 5) o‘z nomi va tarixiga ega; 6) o‘z boshqaruv tizimiga ega; 7) o‘zining a’zosi umridan uzoq vaqt davomida mavjud bo‘ladi; 8) o‘zining madaniyatiga (odatlari, an’analari, me’yorlari, qonunlari, qoidalari va h.k.) ega. Uchinchi nuqtayi nazar tarafdorlari moddiy-iqtisodiy ishlab chiqarishni kishilik hayotining asosiy tashkil etuvchisi deb hisoblaydilar.

Ko‘rinadiki, «jamiyat» tushunchasining qo‘llanilish ko‘lami, tarkibiy jihatlari juda keng va turli-tumandir. Mazkur tushunchaga keng ma’no berilsa, «jamiyat» «tabiat ustida turgan olam», «ijtimoiy-madaniy borliq», «sotsium» bilan bir xil ma’noni anglatadi. Ma’lumki, turli ijtimoiy oqimlar bu tushunchalar yordamida kishilik dunyosi umumiy masalalarini xilma-xil ta’limotlarda (ba’zan ular bir-birini inkor etishi mumkin) ifodalab keldilar.

Jamiyatni keng ma’noda tushunish shartli bo‘lib, buni hisobga olmaslik ko‘pgina chalkashliklarni keltirib chiqaradi. Masalan, ovchilar jamiyati bilan kishilik jamiyati sifat jihatidan ham, mohiyat jihatidan ham boshqa-boshqa ekanligi o‘z-o‘zidan ravshan.

Ya’ni, aniq holda jamiyat — bu kishilar birgalikdagi faoliyatining tashkiliy shakllari turli darajalaridan iboratdir. Bu faoliyat doirasida turli-tuman jamiyat va uning a’zolari, ularga mansub bo‘lgan birliklarning har biri uchun umumiy bo‘lgan ehtiyojlar qondiriladi. Aniqroq qilib aytganda, jamiyat — bu o‘z-o‘zicha yetarlilik bo‘lib, o‘z a’zolari turmush sharoiti uchun barcha zarur jarayonlarni yo‘lga qo‘yadi, amalga oshiradi. Bu «o‘z-o‘zicha yetarlilik»ni jamiyat bilan uning bir qismi bo‘lgan siyosiy partiya nisbatini aniqlash misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasidagi hukmron partiyaning a’zolari soni allaqachon 100 million kishidan oshib ketgan. Lekin bu partiya jamiyat ichida mavjud. Umumiy soni mingdan ham ko‘p bo‘lmagan yovvoyilar qabilasi haqiqiy, to‘laqonli jamiyat bo‘la oladi. Gap shundaki, etnos tarixan birinchi o‘z-o‘zicha yetarli ijtimoiy guruh bo‘lgan.«Jamiyat» tushunchasiga zamonaviy yondoshishlar. Etnos a’zolari birgalikdagi xatti-harakatlari bilan zarur hayot sharoitlarini yaratadilar.

So’z turkumlardan ot bo’lgan “sotsium” va “jamiyat” so’zlaridan “sotsial” va “ijtimoiy” sifatlar yasaladi. Binobarin, ularni sinonim sifatida ishlatish to’g’ri bo’lmaydi. Chunki bu tushunchalar anglatadigan ma’nolar, garchand yaqin bo’lsa-da, lekin aynan emas. “Sotsium” tushunchasi “jamiyat” tushunchasidan keng. “Jamiyat” tushunchasi “sotsium” ifodalaydigan voqelikni konkretlashtirib aks ettiradi, uning mavjudlik usulini ko’rsatadi. Ushbu ho lot va sifat ko’rinishidagi “jamiyat”, “ijtimoiy” so’zlarini aniq ishlatish, o’rnida qo’llash zarurligini ko’rsatadi.
Bunday murakkab hodisani yaxlit holda na kuzatib va na tajribada tekshirib bo‘ladi. Uni faqat nazariy jihatdangina andaza, nusxa tarzida tasavvur etib, asosiy jihatlarini aniqlash mumkin. Nazariy model insoniyat voqeligi barcha jihatlarini o’zida mujassam eta olmasada jamiyatning mohiyati, mazmuni va rivojlanish sharoitlari, masalalariga mumkin qadar to’laroq javob topishda katta imkoniyat yaratadi. Jamiyatni nazariy modellashtirish yordamida mavhumlikdan konkretlikka, aniqlikka borish ta’minlanadi. Ya’ni, bunda model aniq bilimlar, masalan, kishilik tarixi rivojlanishining o‘tmishiga tadbiqan antik davr jamiyati, undan keyingi asrlar jamiyati va hokazo bosqichlarni farqlashga imkon beradi.

Tasavvur etilgan nazariy modeldan aniqlikka borilgan sari toboro mazmunan to’lalikka erishiladi. Chunki ob’ektning yuksak rivojlangan tarsi modellashtirilaganu tufayli aniqlikka tushilganda, uning xususiy jixatlari o’zining rang-barangligini, jamiyat esa murakkab tarkibini namoyon etadi.

Nazariy model tufayli nafaqat mavhumlikdan jamiyat aniq jihatlarini bilishga o’tiladi, balki aniq jihatlarni umumkashtirish orqali yana mavhumlikka qarab boriladi. Natijada jamiyatni tashkil etgan tomonlar va jarayonlar hamda ular o’rtasidagi aloqadorlikni ham aniqlash mumkin bo’ladi.

Jamiyat hayotining asosiy tamoyillari va tushunchalari. Jamiyatni umumiy tushunishda mavhumlikdan konkretlikka, aniqlikka borish ta’minlanadi. Ya’ni, bunda

aniq bilimlar, masalan, kishilik tarixi rivojlanishining o‘tmishiga tadbiqan antik davr jamiyati, undan keyingi asrlar jamiyati va hokazo bosqichlarni farqlashga imkon beradi.

Jamiyatning tahlili har qanday sharoitda ham muayyan tamoyillar va tushunchalar tizimiga tayanadi.

Faoliyatlilik eng asosiy tamoyil sifatida jamiyatni tashkil etgan kuchlarning aktivligi tufayli maqsadga muvofiq ravishda tevarakatrofni va o‘z-o‘zini o‘zgartirishni anglatadi. Bunda faoliyat tarkibi ilgari surilgan maqsad, tanlangan vositalar, erishilgan natija va tabiiyki, jarayonning o‘zidan ham iborat bo‘ladi.

Jamiyatga faoliyatlilik pozitsiyasidan yondoshish asosida ishlab chiqilgan ma’lum tushunchalar tizimida kishilik hayotining eng umumiy aloqadorliklari va xususiyatlari ifodalanadi. Bular jumlasiga «ijtimoiy munosabat», «ijtimoiy aloqa», «ijtimoiy ishlab chiqarish», «ijtimoiy jarayon», «obyektiv omil», «tarixiy qonuniyat», «sivilizatsiya», «madaniyat», «qadriyat», «maqsad», «manfaat», «shaxs», «oila» va h.k. tushunchalar kiradi.

Bu tushunchalar jamiyatning konkret sohalarida o‘ziga xos konkret ko‘rinishda olinadi. Xususan, iqtisodiyot sohasi tushunchalariga «mulk», «iste’mol», «texnika», «texnologiya», «fan-texnika inqilobi» va boshqalar kiradi. «Ma’naviyat», «g‘oya», «qadriyat», «ma’naviy ehtiyoj», «ma’rifat», «mafkura», «e’tiqod» va hokazolar

ma’naviy soha tushunchalaridir. Siyosiy soha tushunchalari o‘z ichiga «siyosat», «hokimiyat», «siyosiy guruh», «millat», «davlat», «tashkilot», «boshqaruv», «demokratiya» va hokazolarni oladi. Bu tushunchalarning chegarasi doimiy emas.

Mazkur tushunchalarni ma’lum tartibotlarga keltirishga har qancha urinilmasin, ular o‘rtasidagi me’yor hamisha shartlidir. Ularda aks etadigan jamiyat hodisalari, voqealari va jarayonlari doimo o‘zaro ta’sirda bo‘lib, bu chegarani o‘zgartirib turadi. Chunki jamiyatga chuqurroq qaralsa, unda kishilar o‘zlarining obyektiv va subyektiv ehtiyojlariga ko‘ra bir-biri bilan ko‘pdan ko‘p munosabatlarni amalga oshiradilar. Qat’iy ma’noda jamiyat rivoji, mazmunmohiyati kishilarning hayoti, ularning o‘zaro munosabatlari va daxldorligi orqali ta’minlanadi.

Kishilarning munosabatlari ularning faolligisiz mavjud emas. Faollik esa subyektning (kishining) obyektga — tashqi dunyoga ta’sir ko‘rsata olishi natijasidir. ning asosida inson borlig‘ining tabiiy va ijtimoiy tashkillanganligi, uyushganligi bilan bog‘liq bo‘lgan harakat yotadi. Albatta faqat birgina subyektning faolligi bilan ijtimoiy munosabatlar mavjudligi ta’min etilmaydi. Obyektning ham subyektga ko‘rsatadigan aks ta’siri bo‘lishi lozim.

Ana shu ta’sirlar tartiboti keng ma’noda kishilar faoliyatini tashkil etadi.
Asosiy tushunchalar
1. Sotsium va jamiyat — o‘zaro bog‘langan tushunchalar bo‘lib, birinchisi kishilik dunyosi umumiy tavsifini ifodalab o‘z ichiga ikkinchisini qamraydi. Jamiyat sotsiumning turli darajalardagi tashkiliy ifodasidir. Ba’zi o‘rinlarda bu tushunchalar tor ma’nolarda ham ishlatiladi.

2. Jamiyatning asosi — bu tushunchada ijtimoiy voqelikni muayyan

tushunishga bog‘liq ravishda iqtisodiyot, ma’naviyat yoki turli xil omillar asosida izohlash yotadi.

3. Jamiyatning o‘z-o‘zicha yetarliligi — jamiyatning mavjudligini

va o‘z-o‘zidan rivojlanishini ta’minlaydigan shartsharoitlarning

yetarliligini ifodaydi.

4. Tamoyil (arabcha: ilk asos) — qat’iy qoidani, asosiy sababni,

belgilangan tartibni anglatadigan tushuncha.

5.Tushuncha — tafakkurning mantiqiy shakllaridan biri,

tildagi bir xil ifodalanishning hamma tomonidan tan

6.Nazariy model – ob’ekt “sof holida” mantiqan tasavvur etilib o’rganiladi va olingan bilimlar ob’ektga tadbiq etiladi.

7. Tamoyil (arabcha: ilk asos) — qat’iy qoidani, asosiy sababni,

belgilangan tartibni anglatadigan tushuncha.

8.Tushuncha — tafakkurning mantiqiy shakllaridan biri,

tildagi bir xil ifodalanishning hamma tomonidan tan

olinganligi.


Savollar va topshiriqlar
1. «Jamiyat» tushunchasiga doir qarashlarda qaysi jihatlar o‘zgarishsiz qoladi?

2. «Jamoa» va «jamiyat» tushunchalari qanday nisbatda?

3. Tilshunoslik nuqtai nazaridan “sotsium” (ot) va “jamiyat” (ot) hamda “sotsial” (sifat) va “ijtimoiy” (sifat) istilohlarining ma’nolarini mulohaza qilib ko’ring.

4 Faoliyat tamoyil sifatida va jarayon tarzida qanday tavsivga ega?



  1. Jamiyatni o‘rganishda qo‘llaniladigan ilmiy tushunchalarning boshqa zarur atamalardan farqi nimada?

  2. Faoliyat jarayon sifatida qanday tavsiflanadi?


Tavsiya etilayotgan adabiyotlar


  1. Қуръони Карим. Тошкент, 2001.

  2. Инжил. Швеция-Стокгольм. 1993.

  3. Мифы народов мира. М., 1991.

  4. Бехтерева Н.Т. Механизм управления памятью человека. Л. , 1989.

  5. Алексеев В.П. Становления человечества. М., 1984.

  6. Кликс Ф. Пробуждающееся мышление. У истоков человеческого интеллекта. М. 1983.

  7. Окладников А.П., Окладникова Е.А. Заселение Земли человеком. М. 1984.

8. Sh.Azizov. Shaxs va jamiyat darsligi.Sharq n-ti.2010


IV B O B. JAMIYAT HAYOTINING ASOSIY SOHALARI
15-§. Ma’naviyat sohasi
Ma’naviyatning mazmuni. Jamiyat a’zolari uning asosiy jihatlarining tashuvchilari bo’lgan kishilar ichki dunyolarida bir tomondan o’zlariga tegishli, ikkinchi tomondan esa umumijtimoiylikni ifodalagsn eng oddiy his-tuyg’u, hayajon, hissiy bilish, tajriba, odatlardan tortib ruhiyatning oily bosqichi darajalari va ko’rinishlari qadriyatlarigacha joylaydilar. Ma’naviyat deb ataladigan ichki tuzilma kishilar moddiy borlig’iga muqobildir. Ma’naviy hodisalar takror hosil etib turishlikni taqozo etadi. Bular tegishli sohalar qadriyatlari bo’lib, o’z navbatida madaniyat umumiy tizimi tarkibiga kiradilar.

Madaniyat mezonida olingan kishilarning va ular mansub bo’lgan jamiyatning keng ma’noda bilish, axloq-odob, adabiyot va san’at, falsafa, huquq, din va hokazolarni o’z ichiga oladi. Bu hodisalar mavjudligi bilan bog’liq holda tegishli tashkilotlar va muassasalar faoliyati ham ma’naviylik kasb etadi. Barcha holatlarda bularning ma’naviy mohiyati borliq to‘g‘risidagi axborotlardan nechog‘lik xabardorligini taqozo etadi. Aniqrog‘i, jamiyatda axborotlar muayyan tarzda yig‘iladigan, saqlanadigan va qayta ishlanadigan soha ma’naviyat sohasidir. Inson shunday tuzilganki, u «sof holda» olingan axborotni shunchaki qayd etib qolmaydi, balki undan foydalanadi. Bu axborotning moddiy tashuvchisi miyada joylashgan bo’lib, inson uning borlig’ini bilsa-da, lekin his eta olmaydi.



Ziyolilar - ma’naviyatni yaratuvchilari. Ziyolilar alohida ijtimoiy guruhni, so’ngroq qatlamni tashkil etadi. Ular kasbiy jihatdan asosan murakkab aqliy faoliyat bilan shug’ullanadilar. Ayni vaqtda ular faoliyati ma’naviy-amaliy xarakter ham kasb etishi mumkin. Masalan, ma’naviy qadriyatlarni taqsimlash, tarqatish va iste’moli masalalari muayyan mutaxassislarning nazorati bo’lishligini taqazo etadi.

Ijtimoiy voqelikni ma’naviy-axloqiy o’zlashtirish mavjud jamiyatda amalda bo’lgan huquqiy, axloqiy, diniy va hokazo ve’yorlar tizimi doirasida amalga oshadi. Agar huquqda bular davlat hokimiyati, jamoa tashkilotlari tomonidan belgilangan va nazorat qilinadigan, shuningdek, ilgaridan davom etib kelayotgan an’anaviy me’yorlar bo’lsa, axloqda boshqacha tarzda mavjuddir. Unda jamiyat tomonidan kishilarning ezgulik, adolat, burch, sha’n va bularning muqobillari to’g’risidagi axloqiy bilimlariga muvofiq belgilanadi va jamoatchilik fikri kuchi bilan nazorat qilinadi.

Dinda bulardan farqli o’laroq ijtimoiy me’yorlar kishilarning Olamni, shu jumladan kishilarning o’zini ham yaratgan xudo to’g’risidagi tasavvurlarga tayanadi.

Ziyolilar qadimda aytarli badavlat bo’lmagan erkin fuqarolardan, undan keying asrlarda bir qismi mehnatkash ommaning, shu jumladan, kambag’al tabaqaning ham iqtidorli vakillaridan yetishgan. Bunday hol kishilik jamiyati tadrijining keying bosqichlarida ham garchi saqlangan bo’lsa-da, ammo ma’naviy qadriyatlarga bo’lgan katta ijtimoiy ehtiyoj tufayli ziyolilar safi tobora keng xalq ommasi vakillari hisobiga to’lib bormoqda.

Hozirgi vaqtda barcha rivojlangan davlatlarda ziyolilar mavjud ko’pchilik – O’rta qatlamning asosiy qismini tashkil etadilar va xizmat ko’rsatuvchi barcha sohalarda ularning soni toboro oshib bormoqda. Bunda ta’lim tizimining o’rni ahamiyatining qanday bo’lishi o’z-o’zidan ravshandir. Hozirgi jamiyatda yuksak bilimli, o’ziga ishongan, mas’ul qarorlar qabul qilishga tayor, zamonaviy texnika va texnologiyadan zarur darajada xabardor mutaxassisni faqat maxsus tayorlash mumkin. Masalan, Shvetsiyada bu maqsadda har bir o’quvchiga individual yondoshiladi. Mamlakat bo’yicha har 9 o’quvchiga bitta o’qituvchi to’g’ri keladi. Yoki Germaniyada texnik ta’lim ko’zdan kechirilsa, ma’lum bo’ladiki, bu yerda rasman oily ma’lumot olish uchun 4 yildan kam bo’lmagan vaqt ajratilgan. Lekin talabalarga chuqur mutaxassis bo’lish uchun 6-7 yil o’qish berilgan. Chunki firmalarga diplom egalari emas, balki mutaxassislar kerak, shunga ko’ra talabalar vaqtni qizg’anmasdan ixtisoslik egallaydilar.

Zamonaviy ta’lim tashkiliy-huquqiy jihatdan O’zbekiston Respublikasida eng yuksak talablar darajasida yo’lga qo’yilgan. Endigi vazifa mas’uliyat bilan mutaxassislar tayorlashdan iborat.



Asosiy tushunchalar


  1. Axborot – ma’naviyatning asosiy tashkil etuvchisi bo’lib moddiy tashuvchi inson miyasida joylashgan, uni his qilib bo’lmaydi, balki mantiq yordamida bilish mumkin.

  2. Ma’naviy madaniyat – kishilarning ma’naviy hayoti sohasi bo’lib, ular faoliyatida amalga oshadigan kuchi va qobiliyatidir.

  3. Ziyolilar – aholining asosan ma’naviyat sohasi bilan kasbiy shug’ullanuvchi (hozirgi vaqtda) qismi.

  4. Ta’lim – manaviyat tashkil etuvchilari ichida keng qamrovli ijtimoiy institut.


Savol va topshiriqlar


  1. Ma’naviyat jamiyat sohalari tizimida qanday o’rin tutadi?

  2. Ma’naviyatning bosh tashkil etuvchisini mulohaza qiling.

  3. Aholining ziyolilar qatlami paydo bo’lmasdan avval ham ma’naviyat bo’lganmi?

  4. Ma’naviyat tarkibida ta’limning o’rni qanday?

  5. O’zbekiston Respublikasi ta’lim tizimini mulohaza qilib ko’ring.


16-§. Iqtisodiyot sohasi

Iqtisodiyotning mazmuni. Keng ma’noda kishilarning o‘z moddiy sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha faoliyat turlari yig‘indisiga iqtisodiyot deyiladi. Ana shu faoliyat turlari insonning boshqa jonzotlardan farqini ko‘rsatadi. Inson tabiatdan oladiganlari bilan cheklana olmaydi. Unda ilgari bo‘lmagan mahsulotni inson ehtiyojiga moslab yaratish lozim bo‘ladi. Inson tabiatga ta’sir etish uchun tana kuchlarini harakatga keltirib, o‘z hayotining doimiy va zaruriy asosi hamda sharti bo‘lgan moddiy ne’matlar ishlab chiqarishni amalga oshiradi. Bunda bir tomondan inson bilan tabiat o‘rtasida yuz beradigan modda va quvvat almashuvining, inson mehnatining ilk mahsuli, ikkinchi tomondan esa inson mehnatining dastlabki vositasi bo‘lgan ish qurolidan ham foydalaniladi.

Mehnat unumdorligi. Inson quvvatining nechog‘li oqilona sarf etilganligi mehnat unumdorligining darajasini belgilaydi. Uning unumdorligini oshirish vazifalari tufayli ilk mehnat taqsimoti — chorvachilik kelib chiqqan, hunarmandchilik dehqonchilikdan ajralib chiqqan. Qadimdan hozirgacha mehnat taqsimotining ko‘pdan-ko‘p shakllari yuzaga kelgan. Jumladan, aqliy va jismoniy mehnatga bo‘linishi va o‘tmishda chorvadorlar ovulidan dehqonlar qishlog‘i, undan shahar ajralib chiqqan. Bu esa o‘z navbatida ishlab chiqarishning texnologiyaviy va tashkiliy jihatlarini kuchaytirmasligi mumkin emas edi.

Texnologiya. Ishlab chiqarishda fan va amaliyot talablari asosida ta’sir etuvchi usuli – bu texnologiyadir. Ushbu ta’sir muayyan texnika (lotinchada «texnika», «mahorat», «san’at» ma’nolarini anglatadi) yordamida amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarishning tashkiliy jihatlari — bu mehnat faoliyatini turli ko‘rinishlarda yo‘lga qo‘yish, uning texnologiyaviy, tarmoq, hududiy taqsimlanishi, mehnatning ixtisoslanishi, shirkatchilik va hokazolarni ifodalaydi.



Fan-texnika taraqqiyoti. Texnika taraqqiyoti fandagi chuqur o‘zgarishlarsiz yuz bermaydi. Hozir esa bu o‘zgarishlar bir vaqtning o‘zida yuz beribgina qolmay, balki sifat xususiyatlariga ham ega bo‘lgani uchun fan-texnika inqilobi (FTI) deb atalmoqda. Namoyon bo‘lishiga ko‘ra FTI o‘zining hozirgi bosqichida mikroelektronika, biotexnologiyaning rivojlanishi, yalpi kompyuterlashtirish va hokazolardan iborat bo‘lmoqda.

Ishlab chiqarishni tashkiliy-iqtisodiy va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bulardan birinchisi ishlab chiqarishni tashkil etish jarayonida kelib chiqadigan munosabatlarni ifodalasa, ikkinchisi mulk munosabatlarini aks ettiradi.

Mulk tushunchasi inson o‘ziga tegishli bo‘lgan narsalar, shu jumladan, o‘zining hayotini, jismoniy va ma’naviy kuchlarini tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgandagina yuzaga keladi.

Asosiy tushunchalar


  1. Iqtisodiyot – keng ma’noda moddiy-ishlab chiqarish sohasi.

  2. Mehnat unumdorligi inson kuchi quvvatidan qanchalik oqilona foydalanganlik ko’rsatkichi.

  3. Mehnat taqsimoti – chorvachilik, so’ngra dehqonchilikning kelib chiqishi, hunarmandchilikning dehqonchilikdan ajralib chiqishi.

  4. Inson-texnika” tartiboti – asboblardan foydalanish, mexanizatsiya va avtomatlashtirish bosqichlari.

  5. Fan-texnika inqilobi – fan va texnika, texnologiyada bir vaqtda yuz berayotgan tub sifat o’zgarishlari.


Savollar va topshiriqlar


  1. “Iqtisodiyot” va “iqtisod” atamalarini mulohaza qiling.

  2. Iqtisodiyotning tarkibi nimalardan iborat?

  3. Texnologiya nima?

  4. Ishlab chiqarishning tashkiliy-iqtisodiy shakllarini mulohaza qiling.

  5. Ishlab chiqarishning ijtimoiy-iqtisodiy tarzlarini tushuntirib bering.


17-§. Ijtimoiy soha
Ruhiyat, shu jumladan, irodaga ega bo‘lgan kishilar iqtisodiy faoliyatidan tashqari ham muayyan tarzda birikib hududiy (ovul, qishloq va shahar o‘rtasidagi farqlar), demografiyaviy (aholining jinsi, yoshi, kasb-kori va hokazo jihatlari), etnik (el-elat va millat bilan bog‘liq), sinfiy (tipik holda ko‘proq Yevropaga oid) jihatlarda ijtimoiy faoliyat alohida sohani – ijtimoiy sohani namoyon etadi. Ijtimoiy soha ikki – keng (butun jamiyatga tegishli) va tor (jamiyat hayotining muayan sohasi) ma’nolarida farqlanadi. Ikkinchi holda “ijtimoiy soha” tushunchasi yuqoridagi tuzilmalardan tashkil topganlik ma’nosida qo’llaniladi. 4

Hududiy umumiylikning barqaror ijtimoiylik kasb etishi kishilarning muayan ma’muriy hududlardagi hayot tarziga aloqador bo’lib, tegishli ravishda, masalan, bizning mamlakatimizga tadbiqan ovul, qishloq va shaharlardagi mulkchilik, hokimiyatni tashkil etish shakllari, xilma-xil infratuzilmalar faoliyati bilan bog’liqdir.

Demografiyaviy omil ijtimoiy sohaga tug’ilish, o’lim, jinslar nisbati, jins va yosh tarkibini o’rganish, aholi ko’payishi darajalarini hisobga olish ,ilan shuningdek, bu tarmoqqa doir boshqaruv institutlari faoliyatlari orqali tegishli bo’ladi.

Ishtimoiy soha tarkibiga kirgan etnik shakllarning o’zi xiyla katta mazmunni tashkil etadi. Ulardan urug’ dastlabki ijtimoiy umumiylik (birlik) hisoblanadi va ijtimoiy tarixning uzoq davom etgan ibtidoiy jamoa davriga to’g’ri keladi. Urug’lar tadriji natijasida qabila umumiyligi hamda qabilalar ittifoqi qaror topadi. Ular o’z navbatida keying umumiyliklarning – elat va millatning paydo bo’lishiga zamin hisoblanadi. Hozirgi sharoitlarda millatlararo va davlatlararo munosabatlarning tig’izlashuvi jarayonida alohida umumiylik sifatida xalq shakllanmoqda.

Tipik holda aholining ko’proq Yevropaga oid olingfnidagi sinfiy tabaqalanishi ijtimoiy soha tuzilmalarida muhim o’rin tutadi. Sinflarning mavjudligi dastavval mulkchilik shakllari va ijtimoiy mehnat taqsimoti bilan bog’liq. Hozirgi rivojlangan davlatlarda sinfiy farqlanish avvalgi o’tkirligini yo’qotib bormoqda. Zero, uning o’rnini ijtimoiy qatlamlarning bilim darajalari, mavjud hokimiyatga munosabatlari, yashash tarzlarining o’xshashligi singari belgilariga ko’ra ajralib turadigan ijtimoiy guruhlar egallamoqda. O’z navbatida ijtimoiy guruhlar kishilarning ijtimoiy ahamiyatga molik mezonlarga ko’ra farqlangan istagan tarzdagi birligidir. Bu jihatdan yondoshganda ijtimoiy maqomni – insonning jamiyatdagi o’rnini, ahvolini ham farqlash lizim bo’ladi. Buni quyidagi misolda – ayni bir odamni turli jihatlardan olib ko’rish mumkin: kasbi – o’qituvchi; yollanib ishlab o’rtacha ish haqi oluvchi – iqtisodiy belgi; 50 yoshdagi erkak – demografik ko’rsatkich; siyosiy partiya a’zosi – ijtimoiy pozitsiya; va hokazo.

Ijtimoiy sohani yuqorida qarab chiqilgan tashkil etuvchilari qatoriga yana ishlab chiqarishning muayan tarmoqlarida band bo’lgan hodimlar, mehnat jamoalari, fermrlar, turli tarzdagi ijarachilar, savdo sohasi dallollari (brokerlari) va boshqalarning egallagan ijtimoiy maqomidan krlib chiqib qo’shish mumkin.

Savodxonligi, ma’lumoti darajasi (masalan, boshlang’ich, o’rta yoki oliy) va xarakteriga ko’ra ijtimoiy-kasbiy (konkret kasb, aqliy va jismoniy mrhnat egalari) maqomiga binoan farqlanish ham aholining muayan qismi sifat holatini ifodalaganligiga ko’ra ijtimoiy sohaga mansub hisoblanadi. Kishilarning yuqoridagicha farqlanishi, agar ular oladigan daromadlari darajalariga (yashash minimum doirasida o’rtacha yoki yuqori daromadga ega bo’lganlar) bog’liq holda belgilansa, bu ham ijtimoiy sohaga tegishli bo’ladi.

Jamiyat hayotining ijtimoiy sohasi tarkibi haqida gapirganda nikoh va oilani chetlab o’tib bo’lmaydi. Zero nikoh huquqiy shartnoma bo’lib er-xotin, bolalar va qarindoshlar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadi. Oila esa nikohga, qon-qardoshlikka, maishiy hayot umumiyligiga, axloqiy va o’zaro yordam ma’suliyatiga asoslangan kichik guruh alohida ijtimoiy institutdir.


Asosiy tushunchalar


  1. Etnik shakllar – Sotsiumning ilk tashkiliy tarzi bo’lgan urug’dan boshlanib qabila, el-elat, millat va hozirgi vaqtda shakllanayotgan xalqdan iborat.

  2. Demografiya – aholishunoslik, aholini o’rganadigan fan.

  3. Sinflar – kishilarning qator asosiy ko’rsatkichlar bo’yicha farqlanishi.

  4. Nikoh va oila – erkak va ayol, ularning nasliyatga munosabati boshqariladi. Yosh avlod turmushning asosiy sohalari bo’yicha dastlabki saboqlarni oladi.


Savollar va topshiriqlar


  1. “Ijtimoiy” so’zining tilshunoslik (sifat) ma’nosi hamda keng va tor ma]nolarda qo’llanishini mulohaza qiling.

  2. Sinflar qaysi jihatlariga ko’ra o’zaro farqlanadi?

  3. “Millat” birligini mulohaza qiling.

  4. Aholining hududiy, demografik, ishlab chiqarish va bilim darajasiga ko’ra farqlanishida qaysi belgi asosiy hisoblanadi?

  5. Oila nikohsiz, nikoh oilasiz bo’lishi mumkinmi?


18-§. Boshqaruv va siyosat sohasi
Boshqaruv nima? Boshqaruv o‘zida jamiyatni muayyan maqsadlar tomon yo‘naltirish, tarkibiy unsurlarini takomillashtirish hamda rivojlantirishini ta’minlashni ifodalaydi. Birinchi xil boshqaruv o‘z navbatida ikkiga: stixiyali (masalan, an’ana, odat, bozor munosabatlari va h.k.) va o‘z-o‘zini ongli (masalan, oilaviy munosabatlarda) boshqaruvga bo‘linadi. Ikkinchi xil boshqaruv ham ikki ko‘rinishga ega. Birinchisida majburiylik obyektiv ravishda jamiyat yoki uning muayyan qismlari obyektiv ehtiyojlari bilan yuzaga kelsa, ikkinchisida maxsus yaratilgan tashkilotning vazifasi majburiylikni amalga oshirishdan iborat bo‘ladi.

Har qanday boshqaruvning oliy nuqtasi hokimiyatdir. Hokimiyatning umumiy doirasi ichida katta ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi munosabat bilan bog‘liq bo‘lgan siyosiy hokimiyat shakli farqlanadi. Siyosiy hokimiyat yuzaga kelishi bilan bog‘liq holda jamiyatning siyosiy sohasi tashkil topadi. Endi siyosatda o‘z ifodasini topmaydigan ijtimoiy hodisaning o‘zi bo‘lmaydi. Bu soha markazida davlatga nisbatan munosabat yotadi. Uni quyidagicha ta’riflash mumkin: davlat — bu insoniyat sivilizatsiyasi rivojlanishining mahsuli, xalqlar va millatlar hayotining huquq va qonunga asoslanib tashkil etilgan shaklidir.

Davlat va huquqning bog’liqligi uch asosiy jihatni – birlik (o’zlarining kelib chiqishidagi o’xshashlik va funksional umumiyliklari), o’zaro farq (birinchisi kuch-qudratning, ikkinchisi esa irodani ifodalaydi) va o’aro ta’sirni (davlat tomonidan huquq qonun sifatida yaratiladi, o’zgartiriladi, huquq esa davlat faoliyatini qonuniylashtiradi, uning amal qilish chegaralarini belgilaydi) o’z ichiga oladi.

Hozirgi zamon ijtimoiy qadriyatlari nuqtayi nazaridan davlat hokimiyati orqali olib borilgan boshqaruvda ikkita umumiy jihatni ko‘rish mumkin:

Birinchidan, davlat paydo bo‘lishi bilan kishilar hayotini tashkil etish va uni boshqarishning tarixan mavjud bo‘lgan tamoyillari asosida yangi shakllari qaror topdi.

Ikkinchidan, davlat mavjudligi sharoitlarida behisob vayronagarchiliklar keltirgan minglab urushlar, butun-butun xalqlarning qirilib ketishi, mustamlakachilik va boshqa ko‘pgina dahshatli voqealar ham yuz berdi.

Davlatchilikni rivojlantirish bilan siyosiy boshqaruvning murakkab tartiboti maydonga keladi. Bunda eng avvalo jamiyatning siyosiy sohasida yuzaga keladigan siyosiy tashkilotlar turkumi, masalan, partiyalar nazarda tutiladi.

Siyosiy partiya – bu jamiyat ma’lum qismi manfaatlarini ifodalab, ularni hokimiyat ishlarida qatnashishi yoki davlatni qo’lga kiritish orqali amalga oshirishni ko’zlagan hamfikrli kishilarning uyushgan guruhidir. Uning kurtaklari juda qadimga borib taqaladi. Hozirgi maqomdagi siyosiy partiyalarning dastlabki ko’rinishlari Yevropada XVII-XVIII asrlarda ro’y bergan inqiloblar bilan bevosita bog’liqlikda yuzaga keldi va xalq vakolatchiligini ifodaladi. Hozirgi vaqtda siyosatga xalq ommasining tortilishi munosabati bilan siyosiy partiyalarning roli oshib ketdi hamda ular siyosatning asosiy sub’ektlaridan va demokratik davlat zarur unsurlaridan biriga aylandi. Buni davlatning vakolatli organlariga o’tkaziladigan saylovlarda ishtirok etish (nomzodlar tavsiya etish, saylov olda targ’iboti, saylov komissiyalari ishida qatnashish va hokazo) da ko’rish mumkin. Davlat ham partiyalarni qonun yo’li bilan (partiyalarning siyosiy tizimdagi o’rni va roli belgilashi; ularning tashkil etilishi va faoliyatining to’xtatilish tartibi, shartlari; dasturlari va mafkurasiga doir talablar; partiyalarning moddiy-iqtisodiy bazasining belgilanishini va hokazo) nazorat qiladi. Partiyaviy tizim odatda ko’ppartiyaviylik (demokratiya mavjudligida) va bir partiyaviy (totalitar davlatlarda) ko’rinishidan iborat.


Asosiy tushuncalar


  1. Boshqaruv – qo’yilgan maqsadga erishish uchun qonun kuchiga tayanib ta’sir o’tkazishdir. Bunda boshqaruvchi va boshqariluvchi munosabatlari yuzaga keladi.

  2. Davlat – ijtimoiy boshqaruvning eng katta va maxsus tashkiloti.

  3. Siyosat – davlat hokimiyati bilan bog’liq munosabatlar, ularni tushuntiradigan ta’limotlar hamda amalga oshiradigan tashkilot va muassasalar faoliyatining jami.

  4. Siyosiy partiyalar – aholining avangard qismi bo’lib, muayan manfaatlarga (masalan, davlat hokimiyatiga) erishish uchun faoliyat ko’rsatadigan guruh.


  5. Yüklə 3,28 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   58




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə