O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus


Ma’ruza va referatlar uchun mavzular



Yüklə 3,28 Mb.
səhifə5/58
tarix06.05.2018
ölçüsü3,28 Mb.
#42512
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   58

Ma’ruza va referatlar uchun mavzular


  1. Tarixning ta’riflanishi.

  2. Tarixning kechishi mexanizmi to’g’risida.

  3. Jamiyatning funksional holati va uning tarixi o’rtasidagi bog’liqlik.

  4. Kishilik jamiyati funksional holatini diniy tushuntirish.

  5. Jamiyat mavjudligi va rivojlanishini dunyoviy tushunish.

  6. Jamiyat barqaror holatining asosiy shartlari.

  7. Kishilik jamiyatining taraqqiyoti muammosi.

  8. Taraqqiyotning mezonlari muammosi.


Tavsiya etiladigan adabiyotlar


  1. Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. T., “Sharq”, 1998.

  2. Karimov I.A. Jamiyatimiz mafkurasi xalqni xalq, millatni milat qilishga xizmat etsin. (“Tafakkur” jurnali bosh muharririning savollariga javoblar). “Xalq so’zi” gazetasi, 1998 yil 11 iyun.

  3. Karimov I.A. Donishmand xalqimizning mustahkam irodasiga ishonaman (“Fidokor” gazetasi muxbirining savollariga javoblari). 2000 yil 8 iyun.

  4. Falsafa. Darslik. Mas’ul muharrir M.Ahmedova. T., 2005.

  5. Кравченко А.И. Общество знаний. М., ООО «ТИД» «Русское слово - РС», 2006.


U CH I N CH I BO’ L I M
SIVILIZATSIYALAR - IJTIMOIY-MADANIY JARAYON
VI BOB. JAMIYAT VA SIVILIZATSIYA
22-§. Sivilizatsiyaning boshlanishi
Hozirgi vaqtda insoniyat tarixini sivilizatsiyaviy jarayonlar, ularning turli ko‘rinishlari va bosqichlari sifatida qarash ilmda yetakchi o‘rinni egallaydi. Jumladan:

Birinchidan, uning fan tarixida 250 yildan beri davom etib kelayotgan jiddiy an’analari mavjud.

Ikkinchidan, davrimizning barcha murakkabliklarini asosiy jihatlariga ko‘ra sivilizatsiyaviylik yondoshuvi bilan xiyla keng tushuntirish mumkin.

Uchinchidan, sobiq sotsialistik hamdo‘stlik deb atalgan tuzilmalar, shu jumladan sobiq Sovet davlatida fikr-o‘yning hukmdori bo‘lib, o‘zining yaroqsizligini to‘la ko‘rsatgan bo‘lsa-da, lekin hozircha batamom bartaraf etilmagan ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar to‘g‘risidagi markscha-lenincha dogmaning ijtimoiy-gnoseologik jihatdan ham umrini yashab bo‘lganligini tasdiqlaydi.



«Sivilizatsiya» atamasi. Lotincha sivilis so‘zidan olingan bo‘lib, shahar, shahar jamoasi, fuqaro, davlat, fuqaroviylikka, davlatchilikka oid juda ko‘p ma’nolarni bildiradigan bu atamani birinchi marta fransuz mutafakkiri katta Miraboning 1757-yilda bosilib chiqqan «Kishilarning do‘sti yoki aholi to‘g‘risidagi risola» kitobida tilga olingan. Shotlandiyalik A.Fergyusonning 1767-yilda nashr qilingan «Fuqaroviy jamiyat tarixi tajribasi» asari nomida ham ushbu atama ishlatilgan.

Ma’rifatchilik davri (XVIII asr) faylasuflari tomonidan «sivilizatsiya» atamasi yevropaliklar jamiyatining ma’rifatsiz «varvar»- lardan ustunligini ko‘rsatadigan, aql-idrok va adolatga asoslangan borliqning muhim tomonlari va holatlarini ifodalash ma’nosida qo‘llangan. Keyinroq bu so‘zni T.Jufrua (Fransiya) har bir xalqning etnografik qiyofasini ifodalaydigan ma’noda ishlatgan.

Haqiqatan ham buyuk geografik kashfiyotlar va sayohatlar natijasida to‘plangan boy tarixiy-elshunoslik materiallarini izohlash zaruriyati o‘z navbatida har bir xalqning o‘ziga xos sivilizatsiyasi mavjudligi haqidagi qarashlarni maydonga keltiradi. Ayni vaqtda nisbatan tezroq muomalaga singib borayotgan «sivilizatsiya» atamasi turli ma’nolari ichida ko‘proq yevropotsentrizmni ifodalashi ko‘zga tashlanmoqda.

XIX asr boshlaridan Yevropa ilmi doirasida sivilizatsiya va ijtimoiy taraqqiyot g‘oyalarini kun tartibiga qo‘yish orqali insoniyat o‘tmishi bosqichlarini ifodalashga harakat qilindi. Buning natijasida tarixni haqqoniy yoki nohaqqoniy ko‘rinishida qarash ham maydonga keldi. Keyinroq K.Marks insoniyatning ilk tashkiliy ifodasi bo‘lgan ibtidoiy jamoadan keyingi davrni ham haqiqiy tarix emas, insoniyatning haqiqiy tarixi sotsializmdan boshlandi, deb da’vo qilganida ayni shu pozitsiyada turgan edi.



Sivilizatsiya tushunchasi. Amerikalik antropolog L.G.Morgan «Qadimgi jamiyat» degan asarida sivilizatsiyaning insoniyat o‘tmishini xuddi A.Fergyussen kitoblarida yoritilganidek, yovvoyilik va varvarlik bosqichlaridan keyingi tarixini ifodalash uchun qo‘lladi. Ayni shu ma’noda sivilizatsiyani hozirgi amerikalik olim O.Tofler va boshqa ko‘pgina olimlar ham qo‘llamoqda. Shuningdek, «sivilizatsiya» atamasini ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida u yoki bu mintaqa yoki etnos rivojlanishi darajasining ifodasi ko‘rinishida (ingliz-sakson tafakkuri doirasida Arnold Toynbi va boshqalar), hatto madaniyatning yakuni tarzida (Osvald Shpengler) tushunganlar.

Tushunchaviy maqomiga ko‘ra sivilizatsiyada, birinchidan, jamiyatning taraqqiyotga o‘tishi ifodalanadi. Ya’ni insoniyatning qon-qardoshlikka asoslangan jamiyati o‘rnini kishilarning hududiyetnik tamoyilda tashkil topgan ijtimoiy-madaniy umumiyligi egallaydi. Bu umumiylikda, faqat o‘ziga xos qonuniyatlar belgilovchi o‘rin tutadi. Ikkinchidan, bu tushunchada kishilik dunyosi harakatining muhim shartlaridan bo‘lgan mehnat taqsimotining tobora murakkablashib borishi, uning ketma-ket keladigan bosqichlarida insoniyat moddiy va ma’naviy boyligini tobora ko‘paytirish o‘z ifodasini topadi.

Uchinchidan, insoniyat ilgarilama harakatida u erishgan darajani anglatgani bilan sivilizatsiya evristik — bilish ahamiyatiga molikdir. Bularga asoslanib sivilizatsiyaga quyidagicha ta’rif berish mumkin: unda keng ma’noda sotsiumning muayyan sifat holati, tor ma’noda esa uning har bir tarixiy bosqichlari tashkiliy tuzilishi tamoyillaridan tortib asosiy jihatlari namoyon bo‘lishining shart-sharoitlari

yig‘indisigacha barchasi tushuniladi.

Hozirgi vaqtda «sivilizatsiya» tushunchasi ijtimoiy-gumanitar fanlarda markaziy o‘rin tutmoqda. Uning yordamida insoniyat tarixi jarayonlarining turli-tuman kechishi masalalari to‘laroq qamrab olinadi.

Chorvachilik va dehqonchilikning kelib chiqishi. Tarixan ilk sivilizatsiyaning shakllanishi miloddan avvalgi XVII yuz yilliklarda Old Osiyo va Yaqin Sharqda mezolit davridan boshlangan.

Sug‘orma dehqonchilikka asoslangan hayot neolit inqilobini yuzaga keltirgan. Chorvachilik va dehqonchilikning kelib chiqishi insoniyat tarixida birinchi mehnat taqsimoti edi.

Dehqonchilikni yo‘lga qo‘yishda murakkab irrigatsion ishlarni bajarish uchun doimiy, o‘troq yashash zarur edi. O‘troqlikka o‘tish bilan paydo bo‘lgan manzilgohlar anchagina qulayliklarga, ba’zan esa tashqi devorlarga ega bo‘lganlar. Bu esa boyliklar va tajriba nafaqat jamoa tasarrufi ko‘rinishida, balki maxsus predmetlar (texnika) shakli va miqdori ko‘rinishida ham to‘planib borganini anglatadi. Faoliyat turlarining ko‘payishi natijasida toshdan, yog‘ochdan, suyakdan mehnat qurollari yasash, yerga ishlov berish, chorvachilik va dehqonchilik xomashyolariga qayta ishlov berish, kulolchilik buyumlari yasash, uy-joylar qurish va hokazolarga erishildi.

Hunarmandchilik va quruvchilikning maydonga kelishi yuqoridagi jarayonlarning natijasi bo‘ldi. Bularning barchasi sivilizatsiya kelib chiqishining iqtisodiy jihati hisoblanadi. Uning ijtimoiy ifodasi esa ibtidoiy kishilarda bo‘lgan zootsentristik, totemistik shakllarni bartaraf etib, ular o‘rniga antropotsentristik, urug‘ shakllarini paydo bo’lishini bildirgan. Sivilizatsiya kishisi iste’molchidan universal



qadriyatlarni yaratuvchiga aylangan. Uning uchun axloqiy, so‘ngra esa huquqiy me’yorlar va ularni amalga oshirish uchun ijtimoiysiyosiy tuzilmalar zarur bo‘lgan.

Politogenez. Bular esa o‘z navbatida to‘rtinchi mehnat taqsimotini — harbiylar, zodagonlar va dohiylar bo‘lishini, siyosiy boshqaruvning kelib chiqishini, politogenezini shart qilib qo‘yadi.

Politogenez jonli tabiatdagi mavjud o‘z-o‘zidan tashkillanishni, kishilik dunyosi tadriji ma’lum tomondan qadimgi Sharqning sug‘orma dehqonchilik qilinadigan mintaqalari jamoalaridagi boshqaruv tuzilmasini, ayniqsa uning ma’muriybuyruqbozlik ko‘rinishini bildirgan.

Siyosiy hokimiyatning amalda bo‘lishi ijtimoiy hokimiyatda zarur bo‘lgan barcha unsurlar bilan birga, qo‘shimcha ravishda quyidagi jihatlar ham bo‘lishini taqozo etadi:

1. Hokimiyatni amalga oshiruvchi guruh yoki guruhlar bilan hokimiyatning obyekti bo‘lgan guruh yoki guruhlarning o‘zaro ijtimoiy ajralishi.

2. Hokimiyatni amalga oshirishning asosi sifatida uyushgan majburiylikning mavjudligi (masalan, oqsoqollar kengashi va hokazo).

Sivilizatsiya kelib chiqishining ma’naviy shart-sharoitlari. Ma’naviy sohada sivilizatsiyaviy hayotning qaror topishi eng radikal tarzda bo‘lib, inson ruhiyatida mantiqiy tafakkurni, unda esa sifat jihatdan yangi dunyoqarashni keltirib chiqaradi. Astrologiya, arifmetika, biologiya, tibbiyot, agronomiya kabi fanlarning kurtaklari shakllana boshlandi. Unsurlari ko‘rina boshlangan ilk san’at namunalarida — urf-odat musiqalari va raqslarida asosan asotiriy (mifiy) personajlar aks etgan.

Sakral (lotincha sacrum — muqaddas) sohada sivilizatsiyaviy ruhiyatda ibtidoiylikda bo‘lganidek, mistika (yunoncha mistukos — sirli) to‘la hukmron edi.

Sivilizatsiyaning ilk ko‘rinishi bo‘lgan neolit davri asta-sekin eneolit bosqichiga, ya’ni mis-tosh, bronza davrlariga o‘rnini bo‘shatib berdi.



Xususiy mulk. Eneolit sivilizatsiyasining o‘ziga xos jihati shundaki, mulkning neolit davridagi umumiyligidan xususiy shakliga o‘tildi. Xususiy mulk ikki shaklda vujudga keldi. Birinchisi yirik shaklda — jamoa va qabila boshliqlari qo‘lida unumdor yerlar,chorva mollari va qullar to‘plandi. Ikkinchisi esa mayda shaklda — Sivilizatsiya kelibchiqishining ma’naviy shart-sharoitlari Xususiy mulkkichik yer egalari, chorvadorlar, hunarmandlarning mulki ko‘rinishida amalda bo‘ldi. Bu davrda qullarning o‘rni alohida bo‘lganligini nazarda tutmoq lozim.

Sivilizatsiyaning bu bosqichida mahsulotlarni muntazam ayirboshlashning zarur sharti sifatida pul muomalasi vujudga keldi. Muomala uchun dastlab oltin, so‘ngra kumush tangalar ishlatila boshlandi.

Sivilizatsiyalarning insoniyat ilgarilama harakati bosqichlari ekanligi doirasida madaniyat hodisasi alohida o’rin tutadi. Fransuz mutafakkiri J.J.Russo (XVIII asr) insonning tanasi va ruhiy ehtiyojlari to’g’risida fikr yuritib, birinchisi qonunchilik, davlat tuzilishi, xavfsizlik tizimiga ehtiyoj sezganidek, ikkinchisi ham o’zini takimillashtirish uchun madaniyatga, dastavval san’at va fanga bo’lgan ehtiyojni qondirishi kerak, deb ko’rsatgan edi. Nemis mutafakkiri O.Shpengler (XX asr) fikricha ham sivilizatsiya texnik-texnologik omillarning yuksak darajasini ifodalasa, madaniyat hayotiy ijodiylikni bildiradi. Darvoqe, bu mutafakkir G’arb tafakkuri tarixida birinchi bo’lib har bir sivilizatsiyaning noyobligini, betakrorligini isbotlagan.

M.Veber (XX asr, Germaniya) ta’kidlashicha sivilizatsiya Sotsium harakatining muayyan bosqichini anglatsa, madaniyat esa sivilizatsiyaning sifat darajasini ifodalaydi.

Madaniyat hodisasiga tizimiy yohdoshish lozim. Tizimning har bir unsure boshqasi bilan shunday tarkibiy bog’liqki ularning o’zi alohida-alohida kichik tizimni tashkil etadi. Masalan, siyosiy madaniyat tarkibiga siyosiy tanlov, siyosiy harakatlar, siyosiy me’yorlarning madaniy mohiyati kiradi. Ko’rinadiki, murakkab tuzilma bo’lgan madaniyat – bu inson yaratuvchilik mohiyatining ifodasidir.

Sivilizatsiya va uning madaniy tashkil etuvchisi yalpi olinganida ham yoki alohida tarkibiy qismlari ham insoniyat muayyan ehtiyojiga javob berishi bilan ahamiyatlidir. Ehtiyoj kishilarni maqsad sari yetaklaydi. Unga erishish esa muayyan idealga, me’yorga va bular orqali oxir-oqibatda qadriyatga tayanadi.

“Qadriyat” so’zi barcha xalqlar tillarida asosan insonning voqelikka bo’lgan alohida munosabatlarini, narsa va hodisalarning insonga nisbatan olingan ahamiyatliligini bildiradi. Masalaning muhimligiga ko’ra hozirgi vaqtda falsafiy bilish tizimida qadriyatlarni o’rganadigan maxsus tarmoq – aksiologiya (axios – qadriyat va logos – ta’limot) maydonga keldi.
Asosiy tushunchalar


  1. Sivilizatsiya – insoniyat jamiyati jarayonlari harakatida erishilgan daraja hamda moddiy va ma’naviy qadriyatlarni o’zlashtirish usulini ifodalaydigan tushuncha.

  2. Mehnat taqsimoti – individual sifatlarining rivojlanishi natijasida kishilar o’rtasidagi faoliyat almashinuvi va o’zaro bog’liqlikni anglatadigan tushuncha.

  3. Neolit va eneolit davrlari – sivilizatsiya kelib chiqqan va undan keyingi davrlar.

  4. Madaniyat – sivilizatsiyaning ma’naviy sohasi bo’lib ijodiylik ifodalaydi.

  5. Qadriyat – ijobiy ma’noda ehtiyojlarni qondiradigan istagan narsa yoki hodisa.


Savollar va topshiriqlar


  1. Nega “sivilizatsiya” atamasini qo’llash XVII asrdan boshlangan?

  2. “Sivilizatsiya” tushunchasining ko’p ma’noligini mulohaza qiling.

  3. “Tarix” va “sivilizatsiya” tushunchalarini izohlang.

  4. Sivilizatsiyani tushuntiradigan qarashlar rang-barangligi sabablarini mulohaza qiling.

  5. Politogenez qanday kechgan?

  6. Sivilizatsiya va madaniyat nisbatini mulohaza qiling.

  7. Qadriyatlar tasnifini bering.


23-24-§§. Sivilizatsiyalar tipologiyasi
Sivilizatsiyalar tasnifi. Ma’lumki, ilk sivilizatsiyalar Sharqda kelib chiqqan. “Sharq” geografik atama bo’lib ko’rilsa-da, bunda sivilizatsiyaviy jihatda alohida tarixiy-madaniylik, jamoatchilik, an’anaviylik, ijtimoiy-siyosiylik (alohida davlat tipi, individuallikdan jamoaviylikning ustunligi), ma’naviylik (turli darajadagi ochiq dinlar, intuitivlik bilan ratsionallikning qo’shilib ketganligi) eng ko’p darajada ifodalangandir. Shunga ko’ra sharqona sivilizatsiyalar hozirgi fanda g’arb Yevropa- nasroniy maqomda deb qaraladigan sivilizatsiyalarga muayyan darajada muqobil deb hisoblaniladi.

Sharq ma’naviy hayotida olamni idrok etish qorishiq-sinkretik tusda bo’lib Tabiat va sotsium, tabiiylik va notabiiylik keskin farqlanmagan, “Barcha narsalar birgalikda”, “hamma narsa hamma narsada” tarzida olingan. Ko’rinadiki, bunda kishilar hatti-harakati, ularning taqdiri koinotiy qonunlarga ko’ra erkin bo’laolmaydi. Ularning taqdirini Tabiat, Sotsium va Davlat belgilashi lozim bo’ladi.

Siyosiy hayot sharqda “kuch – hokimiyat - mulk” tamoyiliga qurilgan. Jamiyatning tarixan nisbatan progressivligi hukmdorning adolatlilik darajasiga bog’liq bo’lgan.

“G’arb” atamasi sivilizatsiyaviy ma’noda dastlab Yevropada XV-XVIII asrlarda qaror topgan ijtimoiy rivojlanishni ifodalash uchun qo’llanilgan. Hozirgi vaqtda bu nomad ratsionalizm, ma’rifatchilik, vakolatli demokratiya, individuallikning jamoaviylikdan ustunligi, ilmiy-texnikaviy ravnaq va hokazolar ifodalanadi. “G’arbchilikning tarixi antic davrga, xususan, Rimning rivojlanib jahoniy mavqega ega bo’lish davriga borib taqaladi.”

Keyinroq esa sivilizatsiya ko‘lami talablariga daryolar imkoniyati javob bera olmay qoldi. Shuning uchun ham keyingi sivilizatsiya dengiz sivilizatsiyasi (masalan, O‘rta Yer dengizi atroflaridagi sivilizatsiya— temir asri) bo‘lganligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Bora-bora sivilizatsiyalar ko‘lami kengayib Jahon okeanlari doirasi bilan ham belgilanadigan bo‘ldi.

Sivilizatsiyalarning makon va vaqt tasnifi ularning qayerda va qachon yuz berganligi, shuningdek, qanday xarakterda bo‘lganligi to‘g‘risidagi masalalarni kun tartibiga qo‘yadi. Bu xususda esa fikrlar juda xilma-xildir. Jahon xalqlari tillarida «Qadimgi Misr — Ikki daryo oralig‘i», «Antik Yunoniston — Rim», «Yevropa», «Sharq sivilizatsiyalari» atamalari ko‘p ishlatiladi. Bularda haqiqatan ham xalqlar o‘tmishining muhim jihatlari ifodalangan.

Sivilizatsiyani mintaqaviy tushunishda uning maqomida keng va tor ma’nolar borligini ham nazarda tutmoq kerak.

Toynbining sivilizatsiya nazariyasi. Ingliz faylasufi va tarixchi olimi Arnold Toynbi o‘zining 30 yil davomida yaratgan 12 jildlik «Tarix tadqiqotlari» asarida sivilizatsiyalarning tarixan asoslangan, to‘liq nazariyasini yaratdi. U ilmiy muomalaga butun yozma tarixni qamragan materiallarni kiritdi. Uning ta’limotiga ko‘ra insoniyat tarixi to‘g‘ri chiziq ko‘rinishida kechmaydi. Balki paydo bo‘ladigan, rivojlanadigan va so‘ngra halok bo‘ladigan qator sivilizatsiyalar ko‘rinishida yuz beradi. Sivilizatsiyalar o‘rtasida qat’iy o‘zaro aloqalar yo‘q. Balki har bir sivilizatsiyani tashkil etuvchilari orasida qat’iy aloqalar mavjud.

Kelib chiqishi jihati, tarixiy ko‘lami va hozir fanga ma’lum bo‘lgan yigirma bitta sivilizatsiyani Toyinbi (ulardan o‘n oltitasi halok bo‘lgan) tahlil qilish orqali ular sonini beshtaga keltiradi. Bular Jahon taqdirida muhim o‘rin tutgan g’arb, islom, pravoslav, Hind va Xitoy sivilizatsiyalaridir. Aholining ozchiligi bu sivilizatsiyalarning harakatlantiruvchi kuchlari hisoblanadi.

Qadimgi Yaqin va O‘rta Sharq, Old Osiyo, Yunoniston-Rim sivizatsiyalari G‘arbiy va Markaziy Yevropa, Slavyan dunyosiga, Islom mamlakatlarining hozirgi sivilizatsiyalarga manba bo‘lganligi holda bu sivilizatsiyalarning har biri betakrordir. Hind va Xitoy sivilizatsiyalari esa o‘z tadrijlari davomida mohiyatan mo‘tadil qolganlari holda mazmun va shakl jihatidan barcha local sivilizatsiyalarga xos jihatlari ham bor.

Lokal sivilizatsiya tarkibi (Toynbiga ko‘ra) vaziyat va shartsharoit «da’vati» bilan insonning bunga beradigan «javobi» tizimidan iborat. Bunda «da’vat» vaqtga qarab o‘zgarib turishi hamda tabiiy va ijtimoiy falokatga bog‘liq bo‘lishi lozim. Shundagina bu «javob» harakatlantiruvchi kuch darajasiga ham ko‘tarilishi mumkin.

Sivilizatsiyalarga jahoniy dinlar bo’yicha islomiy, nasroniy, buddaviy tarzda qarash ham qabul qilingan. Diinig kishilar hayotida tutgan o’rni shundayki, uning ta’siri barcha sohalarda sezilarlidir. Ba’zi davrlarda bu ta’sir belgilovchi darajaga ko’tarilishi ham mumkin.

Yaspers qarashlari. XX asrning atoqli faylasuflaridan biri Karl Yaspersning qarashlariga ko‘ra jahon tarixining kechishida sivilizatsiya insoniyat ma’naviy birligining real ifodasi sifatida gavdalanadi. Ya’ni yagona umuminsoniy xarakter kasb etadi. Mutafakkir sivilizatsiya tarixini to‘rt davrga bo‘ladi:

a) tarixgacha bo‘lgan inson shakllanishi davri – olov va mehnat qurollaridan foydalanish, nutqning paydo bo‘lishi, guruh va hamjamiyatlarning tashkil topishi yuz beradi.

b) Insoniyat tarixi boshidan Milodga qadar davom etgan. IV minginchi yildan boshlangan Shumer-Vavilon, Misr hamda Egey va III minginchi yildan boshlangan Hind sivilizatsiyalari kirgan.

v) miloddan avvalgi 800—200 yillar «o‘q vaqt» sifatida juda muhim o‘rin tutadiki, bu davrda Qadimgi Yunoniston, Palastina, Eron, Xitoy va Hindistonda shakllangan sivilizatsiya, qadriyatlari hozirg ham davom etib kelmoqda.

g) XVII asrdan boshlangan «Yangi texnika» davrida Yevropa taraqqiyoti bilan bog‘liq yagona jahon tarixi yaratildi.

Jahon tarixi insoniyatning yagona birlikka erishish yo‘nalishini ro‘yobga chiqaradi. Amerika va Yevropa bu yo‘nalishning markazida turibdi. Yangi «o‘q vaqti» kelib chiqishi kuzatilmoqda, uning asosiy belgisi inson erkinligining ro‘yobga chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgan insoniyat yangi birligining qaror topishidir.


Sivilizatsiya bosqichlari. Sivilizatsiyaga tarixiy-bosqichlilik yondashuvi tarafdorlari tayangan mezonlariga ko‘ra o‘zaro yaqin bo‘lgan qator nuqtayi nazarlarni ilgari suradilar.

Agrar-an’anaviy. Sivilizatsiyaning agrar-an’anaviylik shakli sivilizatsiyali tarixining hiyla katta davrini tashkil etadi. Bu birinchi navbatda, Osiyo-Sharq mamlakatlariga taalluqlidir. Yevropaliklar Sharqni ochib, uni mustamlaka qilib o‘zlashtira boshlaganlaridanoq o‘zlarining darajasi bilan u yerdagi rivojlanish farqlarini aniqlaganlar. Hayron qolarlisi shu ediki, Sharqda birinchi sivilizatsiyalar kelib chiqqani holda Yer yuzining bu qismida an’anaviylik saqlanib qoldi. Diniy-etnik jihat axloq-odobi, urf-odatlar saqlanishining sharti edi. Shuningdek, barcha boyliklarning egasi bo‘lgan davlat ham an’anaviylikni saqlashda muhim rol o‘ynagan. Natijada iqtisodiyot ham an’anaviy tarzda mavjud bo‘lgan.

Farmatsiyaviy yondoshuvning yaroqsizligi. Insoniyat hayoti va o‘tmishiga sivilizatsiyaviy yondoshish haqida gap borganda ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar to‘g‘risidagi marksistik qarashlarga ham munosabat bildirishga to‘g‘ri keladi. Bu qarashlar tarixiy jarayonni qat’iy sxematik sabab-oqibat, izchil ketma-ketlik tarzida kechadi, degan da’vosi bilan kishilik dunyosi butun murakkabliklarini qamray olmagani holda, yana chiziqli tafakkur usuli bo‘lib qolgan edi.

Ma’lumki, uyg‘onish davri, XV—XVII asrlar mutafakkirlari Yevropa tarixini uch bosqichga — porloq antik davrga, qora o‘rta asrlarga va kirib kelayotgan nurafshon yangi zamonga bo‘lgan edilar. Sen-Simon (Fransiya) esa antik davrga quldorchilik, o‘rta asrchilikka feodalizm va yangi davrga yollanma mehnatga asoslangan sanoat tizimi tarzida qaragan. Nemis faylasuflari K.Marks va F.Engels bu

uchlikka Luis Morgandan o‘zlashtirilgan ibtidoiy jamoa davrini va XIX asrda «sharpasi kezib yurgan», hozir esa utopiya ekanligi hammaga aniq bo‘lib qolgan kommunizmni o‘zlaridan qo‘shgan edilar. Natijada insoniyat tarixi ibtidoiy jamoa tuzumi, quldorchilik, feodalizm, kapitalistik va kommunistik formatsiyalardan (bu atama esa geologiya ilmidan olingan) iborat bo‘lib qolgan edi.

K.Marks va F.Engelsda, ularning davomchisi bolshevik V.I.Lenin-Ulyanovda 10 martacha «osiyocha ishlab chiqarish» usuli tushunchasi uchraydi. Buning boshqacha nomi osiyocha formatsiyadir. Gap shundaki, Osiyo-Sharq, shuningdek, Shimoliy Afrika mamlakatlariga tadbiqan quldorlik, feodalizm va kapitalizm mezonlari ishlamaydi.

Xolbuki, XIX asrning ikkinchi yarmida – XX asrning boshlarida ijtimoiy fikrda mutafakkir Marks Veber asoslagan ideal tip, M.Sheler– falsafiy antropologiya, kantichilardagi qadriyatlar, E.Gusserl – fenomenologiya, M.Xaydegger, K.Yaspers, J.P.Sartr ekzistensializm, G.Gadamer – germanevtika ta’limotlarida iqtisodiyotdan tashqari sohalarning o‘rni va ahamiyatining chuqur tahlili insoniyat bilimlarini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Marksizm-leninizm esa ijtimoiyruhiy borliqni an’anaviy mentalitetini, diniy e’tiqodni, kishilar etno-ruhiy xususiyatlarini ilmiy xoslikda o‘rganishga noqobil ta’limot bo‘lib chiqdi.
Asosiy tushunchalar
1. Lokal sivilizatsiya — muayyan joy bilan bog‘liqligiga urg‘u berilib sivilizatsiyalar talqin etiladi.

2. «O‘q vaqt» («jahonning o‘q vaqti») — K.Yaspers yangi eradan avvalgi VIII—II asrlarni shu tushunchada ifodalagan. Bu davrga jahon tarixining boshlanishi, deb qaraladi.

3. Industrial sivilizatsiya — bu sivilizatsiyaga rivojlanish va murakkab mehnat taqsimoti, keng iste’mol mollarini ommaviy ishlab chiqarish, avtomatizatsiya, mashinalashganlik, fan-texnika inqilobi va hokazolar xosdir.

4. «Osiyocha ishlab chiqarish usuli» — bu tushunchada Yerning jamoaviy mulk ekanligi sharoitida jamiyat tuzilishi va rivojlanishi ifodalangan bo‘lsa-da, marksistik ta’limotda biryoqlama aks etgan.
Savollar va topshiriqlar
1. Ilk sivilizatsiya qachon, qayerda va qanday vujudga kelgan?

2. Politogenez qanday kechgan?

3. Daryo, dengiz va okean sivilizatsiyalari qanday tavsiflanadi?

4. Sivilizatsiya tavsifi qaysi mezonlarga ko‘ra amalga oshiriladi?

5. Sivilizatsiyaga tarixiy bosqichlilik yondoshish nimalardan iborat?

6. Sharqona va G’arbcha sivilizatsiyalar farqlarni mulohaza qiling?

7. Marksistik formatsiya nazariyasining yaroqsizligi nimada?

25-26-§§. Turon —Movarounnahr —

Turkiston : sivilizatsiyaviylik mezonlari va bosqichlari
Qadimgi Turon jahoniy maqomining tabiiy va ijtimoiy-madaniy omillari. «Turon», «turonliklar» atamasi, ayniqsa, o‘rta asrlardagi arabiy, forsiy va turkiy adabiyotlarda (jumladan, Narshaxiy, Beruniy, Tabariy va boshqalarning asarlarida) ko‘p uchraydi. Qadimda va keyinroq ham Markaziy Osiyoning turkiy qavmlar yashaydigan hududlari turkiylar yurti, Turon nomi bilan yuritilgani manbalarda o‘z ifodasini topgan.

«Turon» atamasi antropologik jihatdan fanda muayyan kichik irqni ifodalash uchun ham ishlatiladi. Geografiyada bu atama Yer yuzidagi eng katta quruqlik va Markaziy Osiyodagi eng katta pasttekislik nomini anglatadi, biologiyaviy jihatdan bu yerda uchraydigan turlarning Turon nomida atalishi mavjud. Shuningdek, Turon Yer yuzining yopiq hududiy mintaqalariga kiradi. Ya’ni mintaqaning o‘zidagi tog‘lardan boshlanadigan barcha daryolar uning ichkarisida qoladi. Uning tog‘lari, daryolari va sahrolari tabiiy to‘siq, chegara sifatida boshqa hududlardan ajratib turadi.

Mintaqa Osiyoning nafaqat tabiiy jihatdan, balki iqtisodiy jihatdan ham strategik o‘rni , tabiiy boyliklarga mo‘lligi, Yevroosiyoning barcha madaniy qismlariga chiqish yo‘llarining mavjudligi mintaqada insoniyat hayotining juda qadimdan rivojlanishini ta’minlagan.

Bu davrda aholining tirikchiligi dehqonchilik va chorvachilikka asoslangan. Dehqonchilik tufayli yuzaga kelgan mehnat taqsimoti natijasida yaratilgan boyliklar hisobiga kishilar jamoalarini turli tashkiliy birliklarda, shu jumladan, jamiyat tarzida uyushtirish va ularni boshqarish vazifalarini ado etish uchun zarur miqdordagi kishilar bilan ta’minlash mumkin bo‘ldi. Keyinroq bu jarayon maxsus boshqaruvni shakllantirdiki, oxir-oqibatda davlat boshqaruvi vujudga keldi. Shuningdek, u jamiyatning muayyan tabaqalanishiga va aholining urbanizatsiyalashuviga, ya’ni shaharlar paydo bo‘lishiga zarur turtki bo‘ldi. Bu endi sivilizatsiyaning kelib chiqishidan dalolat edi.



Turonda sivilizatsiyaning boshlanishi. Bu yerda protodavlatlarning shakllanishi manbalarda miloddan avvalgi IX-VIII asrda boshlangani aytiladi. Tegishli tarzda bu hol ma’naviy hayotda o‘z ifodasini topgan. Qadimgi Turonda ijtimoiy munosabatlarda diniy qadriyatlarning ta’siri ham kuchli bo‘lgan.

Sharqdagi barcha an’anaviy jamiyatlarda bo’lgani singari Qadimgi Turonda ham ijtimoiy munosabatlarda diniy qadriyatlarning ta’siri kuchli bo’lgan. Mintaqa insoniyatga zardushtiylik dinini bergan.

Dualistik xususiyatga ega bo‘lgan zardushtiylik dini ko‘p xudolikdan yakka xudolikka o‘tishda muhim bosqich hisoblangan. Unda odamlarni xudolarga qurbonlik qilish man qilingan. Chunki inson yashash uchun yaratilgan va shunga ko‘ra uning hayotiga zavol bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.

Bu dinning payg‘ambari Zardusht yagona xudo — Axura Mazdaga ibodat qilishni targ‘ib qilib unga oltita oliyjanoblik — haqqoniylik, donolik, aqli rasolik, hokimiyat, salomatlik va chidamlilik sifatlari xosdir, deydi. Zardushtiylik dinida havo, yer, suv va olov muqaddas hisoblangan.

Bu din Turon doirasidan chiqib Fors mamlakatida ham keng tarqalgan. Fors hukmdorlari zardushtiylik ta’limotini ifodalagan muqaddas «Avesto» qismlarini to‘plaganlar.

Zardushtiylik dini o‘z ichiga olamning yaxlit qiyofasini ham olgan. Unga ko‘ra olam yulduzlari qavati — oliyjanob fikrlar, oy yorug‘i — oliyjanob so‘zlar, quyosh qavati — oliyjanob ishlar, alohida nur sohasi — Axura Mazda va uning yaqinlari makonidan iborat. Axriman podsholigi — do‘zax, jahannam hisoblanadi. Ular o‘rtasidagi oltin davrdan boshlangan kurash keskin tus olib, halokat bilan yakunlanishi ham mumkin edi. Lekin barcha jarayonlar yana qaytadan boshlanadi va ezgulikning muqobili — zulmat timsoli bo‘lgan Axrimanning yengilishi bunga olib kelmaydi.

Zardushtiylik faol dunyoviy jamiyat tantanasiga ta’sir qiladigan g‘oya sifatida tavsif etiladi.

Zardushtiylik dinining yahudiylar dini va nasroniylikka ham tegishli ta’sir ko‘rsatganligi mutaxassislar tomonidan tan olingan. Keyinroq undan moniylik diniy ta’limoti o‘sib chiqqan.

Turonda avlodlar merosiga yuksak darajada sodiqlik an’anasi har doim ustunligi bilan ajralib turgan. Jamoachilik kishilar o‘rtasidagi munosabatlarda muhim hisoblangan.

Turonliklar qadimdan qo‘shni xalqlar bilan keng aloqada bo‘lganlar, ular migratsiyasi Yunoniston va Misrgacha borgan. Turonda ham oromiy yozuvidan foydalanilgan. Keyinroq bu yozuvdan qadimgi so‘g‘diy, baqtriyaviy, parfiyaviy va xorazmiy yozuvlar kelib chiqqan.

Bu yerdagi xalqlarning iqtisodiy va ma’naviy-madaniy aloqalarni ifodalagan savdo yo’llari juda qadimdan Sharq va G‘arbni bog‘lagan.

O’troq va ko’chmanchi xalqlar madaniati. Turonda ham Sharq mintaqalari aksariyat qismlarida uchraganidek, dehqonchilik va chorvachilik moddiy-madaniyat tarzlari sifatida yonma-yon mavjud bo‘lgan. Ya’ni, dehqonchilikka asoslangan hayot tarzi daryolar, ba’zi joylarda dengiz bo‘ylarida ham rivojlangan. Bu joylar bilan tutash kengliklardan katta-katta cho‘llar, sahrolar boshlangan. Turkistonda bularni kesib o‘tgan Sirdaryo va Amudaryo hayot kechirishda dehqonchilikkagina emas, balki chorvachilik uchun ham muhim omillar hisoblangan. Boshqa mintaqalardan farq qilib, bu yerda hududiy ikkita chegara o‘zaro ajratilmaydi. Bu ikki xo‘jalik tarzi o‘zaro bir-biriga bog‘liq bo‘lgan.

Sharqqa xos umumiylik — yerga bo‘lgan ijtimoiy mulkchilik (yoki davlat mulkchiligi)ning mavjudligidir. Xususiy mulkchilikka juda cheklangan tarzdagina yo‘l qo‘yilgan. Bu yerda ham huquqiy institutning qator sohalari (masalan, meros huquqi) amalda bo‘lgan. Bunga ko‘ra ota-ona, oila, urug‘ yoki qabila ixtiyoridagi mulk muayyan holatlarda meros huquqiga ko‘ra taqsimlangan.

Bu yerda Muhammad Payg‘ambarning yer, suv va yaylov barchaga tegishli, degan qoidasi ayni to‘g‘ri kelganday edi. Aslida kuch-mulk, hokimiyat - mulk tamoyili oxir-oqibatda o‘zini namoyon etardi. Mulkning ana shunday tabiati yuqorida turli jihatlardan tilga olingan an’anaviylik kishilarning ilk jamoalaridan tortib yaqin vaqtlargacha ham amalda bo‘lishini taqozo etdi.

An’anaviylik avvalboshdan ma’naviy qadriyatlar bo‘lgan o‘zaro yordam, birgalikda umumiy yumushlarni bajarish, o‘zaro tenglik va hokazolarni yuzaga keltirdiki, bular ba’zan munosabatlarda tekischilik hukmron bo‘lishiga ham olib keldi. Natijada shaxsiy tashabbusdan, individual faoliyatdan manfaatdor bo‘lmaslik kabi

holatlar qaror topdi.

Movarounnahrda islom dinining tarqalishi. Bu yerda islomning tarqalishi Muhammad payg‘ambar vasiyatlariga ko‘ra amalga oshganligi manbalarda aytiladi. Islom payg‘ambari musulmonchilikning tarqalishida fathni birinchi o‘ringa qo‘yganligi ma’lum.

Islomning tarqalishi ham dastlab payg‘ambar qo‘llagan tamoyillarga mos bo’ldi. Movarounnahrda islom dinini yoyish bilan bog‘liq arablarning yurishlari to‘rt marta amalga oshirildi. Katta o‘lja, soliqlar va musulmon bo‘lish evaziga katta urush bo‘lmadi va qon to‘kilmadi.

Oxirgisida Xurosondagi noib Qutayba ibn Muslim musulmonchilikni zarur bo‘lgan joylarda kuch bilan joriy etdi va hududning barcha madaniy qismini xalifalik tarkibiga qo‘shib oldi.

Islom dini tarqalishi natijasida ilgari shakllanib bo‘lgan ma’naviyat o‘zining qariyb barcha ko‘rinishlarida jiddiy o‘zgarishga uchradi. Jumladan, oilaviy hayot, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va axloqiy munosabatlarda musulmonchilik ustun mavqega ega bo‘ldi.

Movarounnahrda islomiy e’tiqod mustahkam qaror topdi. Hududda ijtimoiy ko‘tarilish yuz berdi. Bu yerdan chiqqan olim-u fozillar xalifalik markaziy shaharlarida ham ko‘zga yaqqol tashlandi. Movarounnahrda diniy ta’limotlar bilan birga dunyoviy bilimlar, xususan, tabiatshunoslik rivojlanishi alohida e’tiborga molik. Albatta, passionarlik bu jihatdan ham o‘z natijasini ko‘rsatdi, deyish mumkin.

Islom dini yoyilishining sivilizatsiyaviy jihati shundan iborat bo‘ldiki, Movarounnahrdagi 20 tacha bekliklarga bo‘linib ketgan tarqoqliklar o‘rnida Xuroson viloyati tarkibidagi nohiya qaror topib, islomiy sivilizatsiya doirasiga tortildi.

Islom dini bir yarim — ikki asr ichida jahon miqyosida yangi sivilizatsiyaning

qaror topishiga olib kelganligi to‘g‘risida xolis ilmiy fikrni birinchi bo‘lib ko‘pchilik

G‘arb olimlari (masalan, Adam Mets (1876—1916) o‘zining «Musulmon renesansi» degan asarida) ilgari surgan.

Turkiy sivilizatsiya. Tarixiy jarayon kechishiga sivilizatsiyaviy yondashish tamoyillari talablariga muvofiq Renesans davri yangi sivilizatsiya boshlanishi tarzida baholanishi mumkin. Agar G‘arbda uzoq turg‘unlikdan keyin Antik Yunoniston va Rim sivilizatsiyasi yutuqlari XIV—XVI asrlarda o‘zlashtirilib, uni tiklashni bildirsa va bir marta kechgan bo‘lsa, hozir markazini O‘zbekiston davlati egallagan katta hududda bu jarayon ikki marta - arabiy-islomiy sivilizatsiya tarkibida IX—XIII asrlarda va Temuriylar davrida yuz berib, Turon-Movarounnahr hududi muhim makon bo’lgan edi. Buni tarixiy nomi bilan turkey sivilizatsiya deyish mumkin. Bunda etno-siyosiy zamin turkiy xalqlar va ularning islomiy davlatchiligi bo‘lgan. Insoniyat tarixini turkiy xalqlar o‘tmishisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ularning Yevropa, Osiyo va hatto Shimoliy Afrika xalqlari taqdiri va tarixida qanday rol o‘ynagani fanda ma’lum. Milodiy birinchi mingyillik oxirlarida shakllangan ikkita turkiy davlat — Qarluqlar davlati va O‘g‘uz davlati o‘zlari tashkil topgan hududlarida turkiy etnosni birlashtirdilar. Musulmonchilikni qabul qilib, G‘arb va G‘arb-u Janubga siljishlari bilan butun O‘rta Sharq va Old Osiyo xalqlari hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdilar.

Movarounnahrga tutash bo‘lgan shimoliy va sharqiy hududlarda sof turkiy davlatlar qaror topganidan so‘ng esa bu yerda ham siyosiy boshqaruv turkiylar qo‘liga o‘ta boshladi.



Hadisshunoslar faoliyati. IX—X asrlarda Movarounnahr Markaziy Osiyodan chiqqan allomalar Imom al-Buxoriy (810—870), Hakim at-Termiziy (824—894), Sulaymon Sijistoniy (817—880) kabi mutafakkirlarning hadisshunoslik faoliyati ma’naviy madaniyatni jiddiy rivojlantirdi.

Qur’oni Karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan manba — hadislar islom payg‘ambarining din, axloq va falsafadan tashqari ham hayotning ko‘pgina sohalariga tegishli ko‘rsatmalaridan iborat. Ularda mehr-oqibat, insonparvarlik, halollik, oliyjanoblik, sof ko‘ngillilik, oqibatlilik, insof-adolat, hurmat-izzat, mehnatsevarlik,

ilmning ahamiyati va hokazo qadriyatlar ifodalangan.

Diniy va dunyoviy bilimlar. Movarounnahrdagi islom ilmining rivojlanishi Arab-islom xalifaligida jiddiy ravnaqqa erishgan. Bu yerda ma’naviy-madaniy ravnaq o‘z davri uchun jiddiy yuksaklikni, g‘oya va e’tiqodlarning tengligini, e’tiqodiy bag‘rikenglik, sabrtoqatlilik, hurfikrlilikni ifodalagan lokal turkiy sivilizatsiya doirasida yetishib chiqqan Burhoniddin Marg‘inoniyning (1123—1197) «Hidoya» asarida erishilgan yuksak sivilizatsiyaviy maqom shundan iboratki, unda shariat qonunchiligi, musulmonlar jamiyatining barcha jihatlari nafaqat huquqiy, balki nazariy-metodologiyaviy yechimlari ham lozim darajada o‘z aksini topgan. Shunga ko‘ra «Hidoya» musulmonlarning bosh dorilfununi, al-Azharda (Misr) hozirgacha xanafiya mazhabi fiqhi bo‘yicha asosiy qo‘llanma sifatida uzluksiz o‘qitilib, o‘rganilib kelinadi.

Turkiy lokal sivilizatsiya, xalifalikdagi bosh ma’rifatparvar Ma’mun (813—833-yillarda xalifa bo‘lgan) va Bag‘doddagi mo‘taziliylar oqimi ko‘rsatgan faoliyatning davomi sifatida qaror topdi. Bag‘dodda «Bayt ul-hikma» boshlig‘i bo‘lgan Muhammad al-Xorazmiy (783—850) matematikaning barcha asosiy sohalari, geografiya, tarix va boshqa fanlarning qator tarmoqlari bo‘yicha jahonshumul tadqiqotlarni bajarishgan.

Ahmad al-Farg‘oniy (861-yilda vafot etgan) tabiatshunoslikning ko’pgina muhim sohalari bo‘yicha katta jasorat ko‘rsatgan olim sifatida vatanining shuhratini keng yoydi. Uning birgina «Astronomiya negizlari» asari Yevropada N.Kopernikka qadar asosiy qo‘llanma bo‘lgan.

Qomusiy bilimlar sohibi Abu Nasr al-Forobiy (873—950) birinchi manbalar asosida qadimgi yunon madaniyatini chuqur o‘rganib, Sharq Arastusi — «Ikkinchi muallim» nomini olgan hamda o‘z ilmiy va amaliy faoliyati bilan jahonga mashhur bo‘lgan siymodir.

Ulkan mutafakkir olim, o‘z davri bilimlari barchasini egallagan, Shayx ur-rais Faxriy unvoni sohibi bo‘lgan Abu Ali ibn Sino tibbiyotga oid birgina «Tib qonunlari» asari bilan dunyo tabobat ilmiga asos soldi.

Sharqning benazir qomusiy olimi, chuqur tafakkur sohibi Abu Rayhon al-Beruniy (973—1048) o‘zi faoliyat ko‘rsatgan ilm sohalarida ko‘pdan ko‘p yangiliklarni bergan. U, jumladan, X.Kolumbdan 460 yil oldin Amerika qit’asi borlig‘ini hisoblab topgan, N.Kopernikdan 500 yil ilgari geliotsentristik nuqtayi nazarni asoslagan. Bu o‘rinda uning doimiy homiysi, o‘rta asrlar turkiy davlatchiligining yirik vakillaridan bo‘lgan Mahmud G‘aznaviyning ham xizmatini ta’kidlash lozimdir.

Abu Abdulloh al-Xorazmiy (997-yilda vafot etgan) Vatan madaniyati tarixida qomusiy olim sifatida mashhur bo‘lgan. Xorazm va Buxoroda yashab ijod etgan bu siymoga shuhrat keltirgan hamda bizgacha yetib kelgan «Ilmlar kaliti» asari bilimlarning barcha sohalarini o‘z ichiga olgan.

Ijtimoiy-gumanitar bilimlar. IX—XII asrlarda Movarounnahrda yuz bergan sivilizatsiya davrida fanning ijtimoiyotshunoslik sohasi ancha rivojlandi. Abul Hasan Boyhaqiyning (995—1077) o‘ttiz jildlik tarixiy asarida g‘aznaviylar davri tarixi batafsil yoritildi. Majidduddin Adioning «Turkiston mamlakati tarixi», Muhammad Narshahiyning (899—959) «Buxoro tarixi» kabi asarlari tarix ilmining rivojlanganligidan dalolatdir. Fanning filologiya, geografiya sohalari Mahmud Qoshg‘ariyning (IX asr) «Devonu lug‘oti turk» asarida, filologiya, fiqxshunoslik, islom tarixi, falsafa masalalari Mahmud az-Zamahshariyning (1075—1144) ko‘pgina asarlarida fundamental tadqiq qilinadi. Bu mutafakkirlarning ayniqsa turkiy va arab tilshunosligiga doir qarashlari hozir ham ahamiyatini yo‘qotmagan.

Movarounnahrda somoniylar va g‘aznaviylar davlatchiligi davrida hukmdorlar homiyligida adabiyot rivoj topdi. G‘azna shahrida 400 dan ortiq ijodkor to‘planganligi manbalarda ko‘rsatilgan. Bular orasida Abulqosim Firdavsiy ham bo‘lgan.

Turkiy hududiy sivilizatsiya doirasida Sharqiy Turkistondan Yettisuv, Farg‘ona, Movarounnahrdan Xurosonga qadar hududlarda turkiy tilda badiiy ijodning yorqin qadriyatlari yaratilganligi manbalarda aytiladi. Bizgacha yetib kelganlari orasida Yusuf Xos Hojibning (XI asr) «Qutadg‘u bilig» («Saodatga boshlovchi bilim»), Ahmad Yugnakiyning (XII asrning ikkinchi yarmi — XIII asrning boshi) «Hibbat ul-haqoyiq» («Haqiqatlar armug‘oni»), Ahmad Yassaviyning (1166—1167 yilda vafot etgan) «Hikmatlar» asarlari alohida ahamiyatli.

Ma’naviy ko‘tarilish Buxoro, Samarqand, Xiva, Urganch, Marg‘ilon, Termiz, Marv, Farg‘ona kabi shaharlarning gurkirab o‘sishiga xizmat qildi.

Hududimiz sivilizatsiyasining birinchi davriga xos jihatlarni quyidagicha ko‘rsatish mumkin: birinchidan, milliy-mintaqaviy davlat mustaqilligi bilan bog‘liq muhim omillar; ikkinchidan, ma’naviy o‘zgarishlar markazida insonning komillikka erishuvi masalalari; uchinchidan, axloq-odob masalalari; to‘rtinchidan, bu davr bilimlarida diniy va dunyoviy qarashlar mushtarak tarzda tadqiq etilgan. Shunday qilib ushbu davrda yaratilgan ilmiy meros o‘zining olamshumul ahamiyati bilan yurtimiz dovrug‘ini olamga taratib kelmoqda.

Zardushtiylik dini o‘z ichiga olamning yaxlit qiyofasini ham olgan. Unga ko‘ra olam yulduzlari qavati — oliyjanob fikrlar, oy yorug‘i — oliyjanob so‘zlar, quyosh qavati — oliyjanob ishlar, alohida nur sohasi — Axura Mazda va uning yaqinlari makonidan iborat. Axriman podsholigi — do‘zax, jahannam hisoblanadi.



Amir Temur va temuriylar davri sivilizatsiyasi. Ma’lumki, barcha buyuk shaxslar o‘z davrining ulkan muammolari, mislsiz qarama-qarshiliklarini zimmalariga olib yashaydilar. Amir Temur ham tarix sahnasiga chiqqanida mo‘g‘ullarning 140 yillik istibdodi oqibatida xalq ommasi ma’naviy qashshoq, iqtisodiy nochor va siyosiy huquqsiz edi. Shunday sharoitda Temurning faoliyati milliy mustaqillikni tiklab, markazlashgan davlat tuzishga qaratildi.

Amir Temur nafaqat turkiy dunyoda sivilizatsiyaning vujudga kelishiga zamin yaratdi, balki islom mintaqasida uning rivojlanishiga ko‘mak berdi. Temur va uning avlodlari davri sivilizatsiyasi, ma’naviy qadriyatlari birinchi navbatda turkiy va, shuningdek, fors-tojik tillarida yaratildi. Bundan ilgari arab tilida yaratilgan ma’naviy

qadriyatlar lozim darajada o‘zlashtirildi.

Amir Temurdan avval va keyin o‘tgan ne-ne jahongirlar, jumladan, Qurush5, makedoniyalik Iskandar6 , Sezar7 , Chingiz8 , Napoleon9 va boshqalarning birontasi yangi sivilizatsiya asoschisi bo‘la olmagan.



Temur tuzuklari. Temurning sivilizatorlik faoliyati ko‘lami o‘z davri uchun muhim bo‘lgan barcha sohalarni qamragan edi. Muhim siyosiy-huquqiy va dasturiy manba sifatida katta ahamiyatga ega bo‘lgan «Temur tuzuklari»da keltirilishicha davlat boshqaruvi o‘n ikki tamoyilda amalga oshirilgan:

— har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim».

- ”Adolat va insof bilan tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim… Zolimlardan mazlumlar haqqini oldim».

- “maslahat, kengash, tadbirkorlik, faollik va hushyorlik-ehtiyotkorlik bilan g‘anim qo‘shinlarini yengib, mamlakatlarini o‘zimga bo‘ysundirdim. Saltanat ishlarini murosayi madora, muruvvat va sabr-u toqat bilan yurgizdim”.

- « o‘tgan sultonlarning qonunlari va turish-turmushlarini donolardan so‘rab-surishtirdim. Har qaysilarining yo‘l-yo‘riqlari, turish-turmushlari, qilishqilmishlari,

aytgan gaplarini xotiramda saqladim va yaxshi axloqlari, ma’qul sifatlaridan namuna olib, unga amal qildim».

- olimlar, sipohlar, bahodirlar bilan ittifoq bo‘lib, mard-u maydonligiga tayanib 30 tacha mamlakat tasarruf etilar ekan — bu ular bilan qilingan oqilona munosabatlarning natijasidir.

- adolat va insof bilan ish ko‘rib, kishilarga haqqoniyat yuzasidan muomalada bo‘lish muhim hisoblangan.

- sayyidlar, ulamo-yu mashoyix, oqil-u donolarni e’tiborli hisoblab, ularning maslahati bilan davlat ishlarini ta’minlagan.

- puxta o‘ylab boshlangan ishni azm-u jazm bilan nihoyasiga yetkazishga erishgan.

- raiyat ahvolidan doimo xabardor, har bir ulus, xalq va toifa bilan lozim darajada munosabatda bo‘lgan.

- saltanat tasarrufidagi turk-u tojik, arab-u ajamning ulug‘ini hurmat qilgan, qadriga yetgan, aybiga iqror bo‘lganlarni kechirgan.

- hukmdor mansabning qaysi darajasida bo‘lishiga qaramay farzandlar, qarindosh-urug‘, yor-u birodarlarning sodiqlik qilganlarini unutmaslikni muhim sanagan.

- boqiy mato bo‘lgan jonlarini foniy dunyoga bag‘ishlagan sipohlarni qadrlash, bunda ularning o‘z valine’matlari sodiqligini hisobga olish zarur hisoblangan.



Temuriy ma]rifatchilik. Islom ma’rifatchililigiga bo‘lgan e’tiborni Temurning muhim sifatlaridan hisoblamoq kerak. Islom dini peshvolari shaxsi, ta’limotlari, mozor va maqbaralariga alohida e’tibor bergan. Xalifa Ali, Payg‘ambarning forsiy sahobasi Salmon, Xanafiya mazhabining asoschisi imom A’zam ibn Xanafiya, imomlardan Hasan ibn Ali, Muso Kozim, Muhammad Toki, Ali ibn Muso, so‘fiylar Abduqodir Jiloniy, Ahmad Yassaviy, Zangi ota qabrlari obod qilinib, ziyoratgohlarga aylantirildan.

O‘tmishda biron-bir hukmdor hozirgi jahoniy dinlarning birontasiga ham Temurchalik e’tibor bermagan bo‘lsa kerak. Bu Temuriy ma’rifatparvarlik faoliyat insonda va jamiyat miqyosida ma’naviy qadriyatlarning salmog‘i va ahamiyatini oshirmasligi mumkin emas edi.

Ular xurosonlik mashhur ulamo Zayniddin Abu Bakr Toybodiy, movarounnahrlik shayx Shamsiddin Kulol va Said Baraka. Shuningdek, Samarqandda o‘z davrida mashhur bo‘lgan ulamolardan Abdujabbor Xorazmiy, Bahriddin Ahmad va boshqa taniqli siymolar har doim uning e’tiborida bo‘lgan.

Temur davlatida Samarqand siyosiy poytaxtgina emas, balki ilmiy markaz ham edi. Bu yerga olim va mutaxassislar olib kelinib ularning matematika, me’morchilik, san’atshunoslik va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatishi uchun hamma sharoit yaratib berildi. Bu to‘g‘rida Movarounnahrda bo‘lgan yevropalik sayohatchilar yetarli ma’lumotlar qoldirganlar.

Samarqandning yuksak darajada yuksalishi Temur davriga to‘g‘ri keladi. Hukmdor bu yerda ulkan me’morchilik ishlarini amalga oshirdi. Poytaxt atrofida o‘sha davrda jahonda mashhur bo‘lgan shaharlar nomlariga go‘zal manzilgohlar barpo etildi. Umuman, Temur amalga oshirgan qurilish-me’morchilik namunalari jahon san’atining yuksak namunasi bo‘lgan.

Temuriylar davri. Amir Temur faoliyati bilan boshlangan sivilizatsiya bosqichi temuriylar— Shohruh (Sohibqironning o‘g‘li) Ulug‘bek (uning o‘g‘li), Husayn Boyqaro, Bobur (avlodlari) davrida davom ettirildi.

Temur vafotidan so‘ng uning saltanati o‘rnida markazlari Samarqand va Hirot shaharlari bo‘lgan Movarounnahr va Xuroson davlatlari qaror topadi. Bu davlatlardagi sivilizatsiya ayniqsa, Muhammad Tarag‘ay — Ulug‘bek (fan), Alisher Navoiy (ma’naviy madaniyatning ko‘pgina sohalari), Zahiriddin Bobur (asosan Hindistonda sarkardalik, badiiy ijod, geografik-tarixiy ishlar) faoliyatlari bilan bog‘liq. Haqiqatan ham bu yerda 1018 ta yulduz o‘rganilib jadval tuzilgan. Zarur asboblari ham maxsus tayyorlangan, o‘lchov ishlari o‘ta aniqlikda olib borilgan. Bunday akademiya o‘z davrida ham, ancha keyingacha ham hech qayerda bo‘lmagan. Shuningdek, Ulug‘bek tarix va musiqaga oid ilmiy ishlar yozgan.



Alisher Navoiy faoliyati. Temuriylar davlatchiligi madaniy tarixini, ayniqsa Xurosonda buyuk gumanist, o‘rta asrlar sharoitida despotism va zulmga qarshi kurashgan, xalq himoyachisi Alisher Navoiyning serqirra faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mamlakatda Bosh vazir vazifasida ishlagan Navoiy davlat boshqaruvining kuchli bo‘lishiga, jamiyatda adolatning ustuvor bo‘lishiga hissa qo‘shdi. Dinning ravnaqiga ko‘mak berdi. Olim-u fozillarga rahnamolik qildi. San’atning ko‘p tarmoqlari rivojlanishiga homiylik ko‘rsatdi. Juda katta mol-u mulkka ega bo‘lgan Navoiy Davlat xarajatlarining ham ma’lum qismini o‘zi ko‘tardi.

Bular qanchalik keng ko‘lamli, ulug‘ va go‘zal obidalar bo‘lmasin, baribir Navoiy komilligini uning badiiy ijodi nihoyasiga yetkazdi. Shoirning shakllanishida birinchi navbatda an’anaviy turkiy va forsigo‘y adabiyotning o‘rni g‘oyat katta bo‘lgan.

Navoiy badiiyatining markazida inson, xalq, Vatan turadi. Uning ideali komil inson, din-u diyonatli farovon xalq va gullabyashnayotgan yurtdir. Asarlarining qahramonlari ishq-u sadoqatda, do‘st-u birodarlikda, adolat-u tinchlikda komillik darajasiga ko‘tarilgan siymolardir. So‘fiylikning ilm va naqshbandiya tariqati zaminida turgan shoir har doim mehnatni ulug‘lagan.

Turkiy islomiy sivilizatsiya vakili bo‘lgan Navoiyning bunday katta badiiy qudrati haqida uning ustozi Abdurahmon Jomiy gapirar ekan: “Ravnaqdan qolib ketgan va xorlik burchagidan o‘rin olgan turkiy so‘zga yangidan hayot berdi. Uni ijod maydoniga olib chiqdi. U forsiy tilda yozganda, boshqalarda so‘z aytishga majol qolmasdi. Bu mo‘jizakor nazm qarshisida Nizomiy kim-u Xusrav kim bo‘ldi?!” — deydi.

Navoiyning sivilizatorlik roli yana shundaki, qator turkiy xalqlar shoirlari forsiyda qalam tebratish an’analarini to‘xtatib, uning ketidan ergashib, o‘z etnosi tilida ijod qila boshladilar. Masalan, Ozarbayjon shoirlari Navoiyga qadar forsiygo‘y bo‘lsalar, so‘ngra Fuzuliydan Nobariygacha ozar turkiysiga o‘tganlar. Ozarbayjonda

Navoiy turkiy adabiyot asoschisi tarzida qadrlanadi.

Navoiydan keyin temuriylar davri sivilizatsiyasi maqomida faoliyat ko‘rsatgan shaxs — bu temuriy sulola vakili Zahiriddin Muhammad Bobur edi. U mashhur lashkarboshi10, o‘zga yurtda yangi saltanat yaratgan11 ma’rifatparvar davlat arbobi12, g‘oyat nozikta’b ijod sohibi, zukko olim, mamlakat obodonligiga rahnamo sifatida Movarounnahr, Xuroson va Hindiston xalqlari tarixiga kirgan.

Markaziy Osiyodagi Ikkinchi renessans davri namoyondalari ham olam sivilizatsiyasining rivojlanishiga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi va ko‘rsatib kelmoqda.


Yüklə 3,28 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   58




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə