O‘zbekiston Respublikasi


O‘zbekistonning moliyaviy siyosati va uning o’ziga xos xususiyatlari



Yüklə 1,07 Mb.
səhifə12/369
tarix10.04.2022
ölçüsü1,07 Mb.
#85249
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   369
T. Malikov O. Olimjonov moliya

O‘zbekistonning moliyaviy siyosati va uning o’ziga xos xususiyatlari

Tarixiy taraqqiyotning turli bosqichlarida davlat o’z oldiga qo’ygan vazifalarning mazmuni va talablaridan kelib chiqqan holda moliyaviy siyosatning mazmuni va shakllari ham o’zgarib boradi. Masalan, Sho’rolar moliya-viy siyosati o’zining mohiyati jihatidan tom ma’noda mustamlaka davlatining moliyaviy siyosati edi. Shu sabab sobiq SSSR davrida yuritilgan moliyaviy siyosati O‘zbekiston Respublikasining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga keskin salbiy ta’sir ko’rsatdi.

Sobiq Ittifoq moliyaviy siyosatning yana bir o’ziga xos xususiyati shunda ediki, u davrda mamlakat taraqqiyotini ta’minlashda moliyaviy siyosatning roliga etarlicha baho berilmadi. Jamiyat hayotining barcha jabhalarida va eng avvalo, iqtisodiy

sohada moliyaviy munosabatlarning roli buzib ko’rsatildi. Moliya va moliyaviy dastaklarning faol roli inkor etilib, moliyaviy siyosat mamlakat oldida turgan muammolarni hal qilishga qaratilgan zarur usullarni ishlab chiqishga ojizlik qilib qoldi. Uzoq davrga mo’ljallangan kontseptsiyalarni ishlab chiqishda iqtisodiy samaradorlik o’rniga ko’proq siyosiy g’oyalarning asos qilib olinishi, shu bois iqtisodiy jihatdan kam samara beradi-gan, qisqa muddatli foyda olishni ko’zlab amalga oshirilgan chora-tadbirlar iqtisodiyotni qiyin ahvolga olib keldi.

O‘zbekiston Respublikasida ayni davrda amal qilayotgan moliyaviy siyosatning mazmunini yaxshiroq tushunib olish uchun sobiq sho’rolar davri hamda mustamlakachilikdan qutulgan davlatlarda moliyaviy siyosatning ayrim jihatlari haqida qisqacha axborot berish maqsadga muvofiq bo’ladi.

Siyosiy mustaqillikka erishgan davlatning iqtisodiy mustaqil davlatga aylanib ketishi o’z-o’zidan amalga oshib ketaveradigan hodisa emas. Lekin davlat, iqtisodiy, ayniq-sa, moliyaviy mustaqillikka erisha olmasa, uni tom ma’noda mustaqil davlat, deb bo’lmaydi.

Mustamlaka zulmidan qutulgan davlatni moliyaviy qaramlik iskanjasida saqlab qolishdan manfaatdor kuchlar hamisha topiladi. Birinchi navbatda sobiq mustamlakachi davlat va undagi mustamlaka yurt iqtisodiyotini o’z foyda-siga ishlatib yotgan turli guruhlarda shunday intilish bo’ladi. Masalan, XX asr boshida va ikkinchi jahon urushidan so’ng Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida o’nlab davlatlar mustaqillikka erishdi. Lekin siyosiy mustaqillikni qo’lga kiritgan davlatlarning asosiy qismi moliyaviy jihatdan avvalgi mustamlakachi davlatlarga qaramligicha qolaverdi. Mustamlakachi davlatlar esa sobiq mustamlakalari iqti-sodiyotida o’z nufuzlarini saqlab qolish, ularda moliyaviy mustaqillikka erishish uchun qilinayotgan xatti-harakatlarga zimdan zarba berish, ilm-fan rivojiga to’sqinlik qilib, ishlab chiqarishning fan yutuqlari va yuqori intellektni talab qiladigan sohalari taraqqiyotini cheklash, ularni arzon ishchi kuchi va xomashyo mintaqalari sifatida saqlab qolish uchun turli vositalar o’ylab topishdi.

Masalan, rivojlangan davlatlar va yirik transmilliy kompaniyalar mahsulot sotish va xizmat ko’rsatish xalqaro bozorini o’zaro taqsimlab olishdi. Ular bu sohada tartib - intizom o’rnatishdek olijanob g’oya ostida turli xalqaro savdo-iqtisodiy tashkilotlar tuzishdi. Yosh, rivojlanayotgan davlatlardan birida har taraflama sifatli, bejirim mahsulot ishlab chiqarildi, deb faraz qilaylik. Jahon

bozorining “xo’jayinlari” yangi mahsulot egasiga ular bilan kelishmasdan, ya’ni daromadning ma’lum qismini birgalik-da baham ko’rmasdan, xalqaro bozorga chiqishga imkon bermaslikka harakat qila boshlashdi.

Ba’zan siyosiy mustaqil, iqtisodiy rivojlanish dara-jasi baland davlatlarning moliyaviy mustaqillikni qo’ldan boy berib qo’yish hollari ham uchraydi. Bunday hodisa turli sabablarga ko’ra yuz berishi mumkin. Masalan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Gonkong, Argentina, Rossiya kabi davlatlar 1997-1998 yillarda moliyaviy inqiroz holatiga tushib qolishdi va bu hodisa mazkur davlatlar moliyaviy mustaqilligiga juda katta salbiy ta’sir ko’rsatdi. Ayrim davlatlar, xalqaro moliya-viy idoralardan o’nlab milliard dollar miqdorida qarz olishga majbur bo’ldi va shu qarzni to’lab qutilgunlariga qadar amalda mustaqil moliyaviy siyosat o’tkazish huquqini yo’qotishdi.

Bu ro’yxatga tushib qolgan Janubiy Koreya tezda avvalgi mavqeini tiklab olishga muvaffaq bo’ldi. Negaki, koreys millatida vatanparvarlik va Vatanning istiqboli uchun fidoyilik juda kuchli ekanligi ma’lum bo’ldi. Koreya Respublikasida mamlakatning moliyaviy mavqeini tiklash bo’yicha umumxalq harakati boshlanib ketdi. Jumladan, ixtiyoriy suratda tilla va zeb-ziynat buyumlarni yig’ish va davlatga tekinga topshirish boshlandi. Birgina “DEU” kontserni jamoasi yarim kunning o’zida 45 kilogramm oltin yig’di. Mamlakat bo’yicha bu raqam juda katta miqdorni tashkil etdi.

2008 yili AQSh ipoteka banki tizimida boshlangan inqiroz butun dunyoni qamrab oldi. Mazkur iqtisodiy inqiroz iqtisodiyotni bozor munosabatlarining o’zlari tar-tibga solishi kerak, davlatning iqtisodiyotga iloji boricha aralashmasligi maqsadga muvofiq, degan nazariy qarash va amaliy xatti-harakatlar noto’g’ri ekanligini ko’rsatdi. Eng muhimi esa, jahonning rivojlangan davlatlari moliya siyo-satida juda katta xatolar bor ekanligi ma’lum bo’ldi va uni tubdan isloh qilish zaruriyati kun tartibiga qo’yildi.

Ayrim davlatlarning iqtisodiy rivoji ma’lum bir sohalargagina bog’lanib qolgan. Faqat turizm, qazilma boy-liklar, xomashyo qazib chiqarish bilan xalqaro iqtisodiy makonda o’z o’rnini topgan davlatlar bunga misol bo’la oladi. Mazkur sohalarga keskin ta’sir ko’rsata oladigan voqea-larning yuz berishi (konlarning tugashi, qurg’oqchilik yoki suv toshqini, sayyohlik marshrutlarining o’zgarishi va h.k.lar) natijasida mamlakat moliyaviy siyosatining mazmuni va shakllari keskin o’zgarishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, eng katta tabiiy boylik-lar ham hamisha mustaqil moliyaviy siyosat yuritish va iqti-sodiy taraqqiyotni ta’minlashga etarli zamin bo’la olmaydi. Agar shunday bo’lganda, Rossiya, Braziliya, Meksika, Argen-tina kabi davlatlar jahonning eng boy mamlakatlari bo’li-shi kerak edi. Holbuki, ular turli davrlarda dunyodagi eng ko’p qarzi bor davlatlar ro’yxatining birinchi o’ntaligidan joy olishgan (Rossiya 2000 yillarga kelibgina bu ro’yxatdan chiqa oldi). Qazilma boyliklari deyarli bo’lmagan Yaponiya esa ularga eng ko’p qarz bergan davlatlardan biri hisoblanadi.

Keltirilgan misollardagi kabi salbiy holatlar yuz bermasligining oldini olishda oqilona tanlangan va amalga oshirilgan moliyaviy siyosatning ahamiyati juda katta bo’ladi.

O‘zbekiston tom ma’nodagi mustamlaka mamlakat edi. Bu yerda yaratilgan boylik to’laligicha Moskva ixtiyoriga tashib ketilib, xuddi shu boylikning kichik bir qismi ortga qaytib berilardi. Lekin bu qaytish endi go’yoki Ittifoq hukuma-tining o’zini o’zi boqishga qodir bo’lmagan xalqqa “yordami” edi. O‘zbekistondan olib ketilayotgan boyliklarning buxgal-teriya hisob-kitoblari ham Moskvada yuritilar va yaratila-yotgan daromadlar miqdorini o’zbekistonliklar bilmasligi uchun turli vosita hamda usullar o’ylab topilgan edi.

Shu bois mustaqillikka erishish arafasida, ya’ni 1989-1991 yillarda O‘zbekiston davlat byudjeti daromadining 30-40 foizi sobiq Ittifoqdan qaytib beriladigan subven-tsiyadan iborat edi. Lekin, 1988 yildagi hisob-kitoblarga ko’ra, O‘zbekistondan olib ketilgan bir yillik paxta tolasi-ning o’zidangina 25 milliard rubl daromad olingan, ya’ni bu miqdor bizga “subventsiya”ga berilgan 2,5 milliard rubl-dan 10 baravar ko’p edi.

1991 byudjet yilida O‘zbekiston uchun yanada og’ir moli-yaviy ahvol yuzaga keldi. Rossiya Federatsiyasi rahbariyati SSSR davlat byudjetiga Rossiya hududidan yig’ib olinadigan mablag’ning tushishini to’xtatib qo’ydi. Mazkur holat Ittifoq byudjetidan O‘zbekistonga qaytishi mo’ljallangan subventsiya hajmining oldinroq qisqara boshlashiga, keyin esa butunlay to’xtashiga olib keldi. O‘zbekiston davlat byudjeti va iqtisodiyoti butunlay izdan chiqib ketish xavfi ostida qoldi.

Shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, O‘zbekiston Res- publikasi siyosiy mustaqillikni qo’lga kiritgan kundan bosh-lab mustaqil moliyaviy siyosat yurita boshladi. O‘zbekiston rahbariyati xalqaro moliyaviy maydonga biz barcha bilan faqat teng huquqli, o’zaro foydali shartlar asosida iqtiso-diy hamkorlik qilishga

tayyormiz, degan pozitsiya bilan chiqdi. Endigina mustaqillikka erishgan davlatlar rahbarlarining faqat yordam so’rab murojaat etishlariga o’rganib qolgan xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari uchun O‘zbekiston Respublikasining mustaqil moliyaviy siyosat kutilmagan hol edi. Aslida mustaqillikni endigina qo’lga kiritgan mamlakat tashqi moliyaviy yordamga muhtoj edi.

Bir vaqtning o’zida mustaqil O‘zbekistonning mustaqil moliya, bank va soliq tizimiga asos solish rejali iqtiso-diyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tish ob’yektiv zaruriyatga ay-langan murakkab bir sharoitga to’g’ri keldi va bu masalalar ham o’z echimini topdi.

Mustaqil moliya, bank va soliq tizimlarini barpo etish sohasida o’tkazilgan tadbirlarni bir necha guruhlarga bo’lish mumkin. Buning uchun birinchi navbatda moliya, soliq va bank tizimini mutlaqo yangi asoslarda barpo etish uchun zaruriy huquqiy asos yaratildi.

Mustaqil davlatchilik talablari asosida va yangi qonun-chilik negizida bu sohaning boshqaruv organlari butunlay qaytadan tashkil etildi. Masalan, moliya vazirligi tizimi tubdan qayta tashkil etilgan bo’lsa, Davlat soliq qo’mitasi butunlay yangidan barpo qilindi. SSSR Davlat banki O‘zbe-kiston filiali negizida O‘zbekiston Respublikasi mustaqil Markaziy banki, SSSR davlat ixtisoslashtirilgan tarmoq banklari O‘zbekiston filiallari asosida paychilikka asos-langan tijorat banklari tuzildi. Aralash mulk va xususiy mulkchilikka asoslangan o’nglab yangi tijorat banklari tashkil topdi.

Yuqorida sanab o’tilgan chora-tadbirlar natijasida 1991-1992 yillar mobaynida mustaqil davlatga xos bo’lgan moliya, soliq va bank tizimlari shakllana boshladi. O‘z daromadimizdan oqilona foydalanish evaziga, xarajat-larimizni qiyinchiliklar bilan bo’lsa-da, o’zimiz qoplay boshladik. Bu davrga kelib, mamlakatimizda bozor iqtiso-diyotini barpo etishning asosiy strategik masalalari, uning tamoyillari ishlab chiqildi.

Har qanday mustaqil davlat o’zining mustaqil pul birligiga ega bo’lishni xohlaydi va bu mustaqil davlat-chilikning muhim belgilaridan biri hisoblanadi. Lekin sobiq SSSR hududida endigina mustaqillikka erishgan davlatlar o’sha paytdagi sharoitda to o’z milliy pul tizimlarini barpo etgunga qadar “rubl”dan umumiy holda foydalanib turishlari iqtisodiy zaruriyat edi. Boshqa chora yo’q ham edi. Chunki siyosiy mustaqillikka erishilgani bilan sobiq ittifoqdosh respublikalarning bir-biriga qaram qilib tashlangan iqtisodiyotlari bir kunda mustaqil yashab keta olmasdi. Natijada Hamdo’stlik davlatlarining ko’pchi-ligi to o’z valyutasini kiritishga etarli sharoit yaratgunga qadar “yagona rubl hududi”da qolishga xohish bildirishdi

va ular 1992 yil oktyabrda “yagona rubl hududi” to’g’risidagi bitimni imzolashdi. Keyin O‘zbekiston va Rossiya hukumat-lari, Markaziy banklari pul tizimlarini birlashtirish haqidagi ikki tomonlama shartnomaga qo’l qo’yishdi.

1993 yil namunasidagi yangi rubllar O‘zbekiston hududiga etib kelgandan keyin mazkur bitim va kelishuvlar Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan bir tomonlama to’xtatildi.

Bundan sal oldinroq, ya’ni 1993 yilning 10 mayida Qirg’iziston to’satdan o’z milliy valyutasi – somni muomalaga kiritdi. Xolbuki, Hamdo’stlik davlatlaridan birortasi o’z milliy pul birligiga o’tishga qaror qilsa, bu haqda boshqa a’zolarni uch oy oldin rasman ogohlantirish shartligi haqida maxsus davlatlararo bitim bor edi.

Qirg’izistonda rubl o’rniga somning muomalaga kiritilishi va Rossiya Federatsiyasi shartnomalarni bekor qilishi tufayli 1993 yil kuziga kelib, yagona rubl hududi yaratish g’oyasi barbod bo’ldi.

Bu hodisa Hamdo’stlik davlatlari iqtisodiyotiga katta zarar etkazdi, iqtisodiy islohotlar samarasini sezilarli darajada pasaytirib yubordi, uning ilk natijalarini yo’qqa chiqardi. O‘zbekistonda endigina shakllanib kela boshlagan moliya va pul muomalasi tizimini qaytadan jar qirg’og’iga keltirib qo’ydi. Mamlakat iqtisodiy hayoti o’z maromida davom etishi uchun zarur vositalardan biri bo’lmish pul tizimi va pul birligisiz qoldi. Iqtisodiy hayot qisqa muddat ichida yana bir bor butunlay izdan chiqish xavfi ostida qoldi.

Zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 12 noyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida parallel to’lov vositasi sifatida “So’m-kupon”larni muomalaga kiritish to’g’risida”gi qarori asosida 15 noyabrdan boshlab so’m kuponlar muomalaga kiritildi. “So’m – kupon”larning 1, 3, 5 va 10 so’mliklari Angliyada ishlangan bo’lsa, 25, 50, 100 so’mlikdan 10 ming so’mlikkacha bo’lgan qismi o’z pul fabrikamizda bosib chiqarildi.

Pul belgilarini ishlab chiqish g’oyatda murakkab, ko’p mehnat va yuqori aniqlik talab etadigan jarayon bo’lib, unga erishish yuksak texnik va texnologik tayyorgarlikni taqozo qiladi. O‘ta qisqa fursat ichida, ya’ni 1993 yildayoq zamonaviy texnika va texnologiya asosida pul, boshqa qimmatli qog’oz va tanga ishlab chiqara oladigan “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi qurib ishga tushirildi.

“Yagona rubl hududi”si g’oyasi barbod bo’lganligiga bog’liq ko’plab salbiy oqibatlarni bartaraf etishni so’m-kuponlar o’z ustiga oldi va o’ta qisqa fursat ichida O‘zbekiston o’zining to’laqonli pul

birligi – so’mni 1994 yil 1 iyuldan muomalaga kiritish uchun zarur iqtisodiy sharoit yarata oldi.

Milliy valyutaning muomalaga kiritilishi mamlakat-ning moliyaviy siyosat tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.

Shu davrda O‘zbekistonda mustaqil moliya asoslarini yaratish jarayoniga noxush ta’sir ko’rsatgan yana bir voqea yuz berdi. Rossiya Federatsiyasi hukumati o’zini sobiq SSSRning barcha sohalar bo’yicha qonuniy merosxo’ri, deb e’lon qildi. Natijada uzoq yillar mobaynida sobiq ittifoqdosh respublikalar aholisi mehnati evaziga yaratilgan barcha boylik ular ixtiyoriga o’tib ketdi. Jumladan, aholining sobiq SSSR jamg’arma banki tizimida saqlanayotgan omonat-lari (o’sha paytda bu muassasa hali eski nomi bilan “omonat kassalari” deb atalar edi) Rossiya ixtiyoriga olib qo’yildi.

O‘zbekistonda milliy valyutaga o’tish masalasida “tadrijiy” usuldan foydalanildi. 1993 yil 15 noyabrda milliy valyutani joriy etishning tayyorgarlik bosqichi, ya’ni oraliq to’lov vositasi – “so’m- kupon”ga o’tildi. Rossiya rubllari o’rniga “so’m-kupon” muomalaga kirishi bilan eski puldan darhol voz kechilgani yo’q. Daromadlarini rublda jamg’arib kelgan aholiga uni oxirigacha ishlatish mikoniyati berildi. Almashtirish miqdori 200 ming rubl qilib belgilandi, undan ortiq qismi bankda mazkur shaxsning nomiga jamg’arma sifatida rasmiylashtirildi. Vaholanki, o’z milliy valyutasiga o’ta boshlagan Hamdo’stlik davlat-larining ko’pchiligida eski rubllarning 20, 30, 50 ming, eng ko’pi bilan 100 ming almashtirildi, undan ortiq qismi xalq qo’lida oddiy qog’oz sifatida qolib ketdi.

Mamlakatimizda pul almashtirishi bilanoq, pensiya, stipendiya, nafaqa va ish haqi yangi “so’m-kupon”da berila boshladi. Yaqindagina 20 foizga oshirilgan ish haqi yana 50 foizga ko’paytirildi.

Milliy pul birligini joriy etish bilan bog’liq ob’yektiv qiyinchiliklarni yumshatish masalasi shu taxlit chora-tadbirlar yordamida amalga oshirildi va 1994 yil 1 iyuldan “so’m-kupon” o’rniga haqiqiy valyuta – so’mga o’tildi.

O‘zbekistonda milliy valyutani darhol muomalaga kiri-tish va birdaniga uning erkin almashinuvini ta’minlash yo’lidan borilmadi. O‘zbek so’mining ichki konvertatsiyasi 2003 yil 15 oktyabrdan boshlandi. Lekin u hali tom ma’nodagi ichki konvertatsiya emas, balki katta cheklovlarga ega edi.

Aslida hech qanday cheklovsiz, xohlagan paytda xohlagan miqdordagi pulni xohlagan tarzda konvertatsiya qilish hech bir

davlatda mumkin emas va jahonda bunday valyutaning o’zi yo’q. Masalan, AQSh yoki Angliyaga ularning bir qop pulini ko’tarib kelsangiz, hech qaysi bank uni qabul qilmaydi. Siz eng avvalo, olib borgan pulingizni qayerda va qanday ishlab topganligingiz haqida, ya’ni uning manbai haqida hujjat taqdim etishingiz shart. Mana shu ham cheklovning bir ko’rinishi. Bunga o’xshash cheklovlar juda ko’p. Masalan, valyu-tasi to’la konvertatsiya qilinadigan davlatlarda narkobiz-nes, o’g’irlik, fohishabozlik, qurol-yarog’ni noqonuniy tarzda sotish kabi juda ko’p holatlarda topilgan pulni boshqa valyutaga konvertatsiya qilish mutlaqo taqiqlangan, ularni ishlatishga ham yo’l qo’yilmaydi.

Demak, hamma gap cheklovlarning mazmuni, shakli va miqdorida. Shu pozitsiyadan qaraydigan bo’lsak, 2003-2017 yillarda mamlakatimizda xalqning yuqori turmush darajasini ta’minlashga qodir rivojlangan bozor iqtisodiyoti barpo etish jarayoniga xizmat qiladigan holatlarda milliy valyuta muayyan miqdorda konvertatsiya qilib kelindi. Masalan, eksportga mahsulot chiqaradigan yoki import o’rnini bosadigan yuqori sifatli mahsulot yarata-yotgan yoki shunday xizmat ko’rsatayotgan xo’jalik yuritish sub’-ektlari rasman so’mni erkin almashtirish huquqiga ega edilar.

Bunday manzilli konvertatsiya usuli yordamida erkin almashinadigan valyutani kamroq sarflab, ko’proq natijaga erishish ko’zda tutilgan edi. Shunday usul bilan mamlakatda o’nlab yangi tarmoq va sohalarga asos solindi, ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirib qolgan minglab ishlab chiqarish korxonalari zamonaviy, yuqori unumli texnika va texnolo-giya bilan jihozlandi.

Mustaqillik yillari moliyaviy siyosat haqida so’z yurit-ganda uning quyidagi o’ziga xos tomonlariga alohida urg’u berish kerak bo’ladi.

Dastlab ma’muriy-buyruqbozlik tamoyillari asosiga o’rnatilgan mustamlaka davri iqtisodiyotini isloh qilish, ma’rifiy bozor iqtisodiyotini qurishning o’ziga xos nazariyasi yaratildi. Bunda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlanishning besh tamoyili asosida O‘zbekistonda dav-lat bosh islohotchi sifatida maydonga chiqdi. Bu esa tota-litar iqtisodiyot asoslari sindirilayotgan, yangisi endigina shakllanayotgan sharoitda jamiyatda boshqaruv tizimining mutlaqo buzilib ketmasligini ta’minlashga xizmat qildi.

Shuningdek, bozor munosabatlari shakllanayotgan sharo-itda inflyatsiya, ishsizlik, daromadlar notekis taqsimla-nishi kabi bozor iqtisodiyotiga xos ayrim salbiy holatlar-ning aholi turmush darajasiga noxush ta’sirini kamaytirish imkoniyatini yaratdi. Davlatning bosh islohotchiligi tufayli zamonaviy korxonalar, yangi sohalar paydo

bo’ldi, ular yordamida va mavjud tarmoqlarni qo’llab-quvvatlash yo’li bilan mustaqil davlatning mustaqil iqtisodiyoti asoslari barpo etildi.

Hamdo’stlik davlatlarining ko’pchiligida o’zini o’zi stixiyali suratda boshqaradigan bozor iqtisodiyotini barpo etish yo’lidagi urinishlari samarasiz tugadi. Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, mashhur iqtisodchilarning mamlakat iqtisodiyotini 500, 300, hatto 100 kun ichida qayta qurish kabi g’oyalari aslida puch ekanligi tezda isbotlandi.

Totalitar tuzum davrida mulkning 90 foizdan ortig’i davlatga tegishli edi. Bunga barham berish va mulkchilikning turli shakllaridan foydalanish masalasi kun tartibiga qo’yildi. Qator davlatlar mulkni davlat tasarrufidan chiqarishning shoshilinch usullarini tanlashdi. Masalan, uning vaucher usulini amalga oshirgan Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda mamlakat iqtisodiy asosini tashkil qiladigan eng yirik korxonalar arzon-garovga turli guruh yoki alohida shaxslar ixtiyoriga o’tib ketdi.

Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko’ra, Rossiyada narxni sun’iy ravishda pasaytirish tufayli birgina neft sanoati korxonalarini xususiylashtirishdan hukumat eng kamida 150 milliard AQSh dollari miqdorida zarar ko’rgan.24 Buning ustiga xususiylashgan korxonalar daromadlari bugun xalqning emas, yangi xo’jayinlarning cho’ntagini to’ldirmoqda.

Yuqorida bayon etilgan holatlar O‘zbekistonning 1992-2016 yillar mobaynida yurgizgan moliyaviy siyosatning mazmuni va uning o’ziga xos tomonlarini ko’rsatib beradi. Bu davr moliyaviy siyosatning eng muhim natijasi shu ediki, qisqa fursatda mustaqil davlatning mustaqil moliyaviy tizim va shunga mos keladigan moliyaviy siyosat yaratildi. Tubdan yangilangan moliyaviy siyosat O‘zbekiston Respublikasi mustaqil iqtisodiyotining asoslarini yaratishga muhim hissa qo’shdi.

Lekin bir paytning o’zida 1992-2016 yillar mobaynida amal qilgan moliyaviy siyosatning qator xato va kamchi-liklari ham bor edi. Ya’ni bu davrda qog’ozda rasman iqtisodiyotning siyosatdan ustuvorligi haqida bong urilgan bo’lsa-da, amalda ba’zan buning teskari hollari ham yuz berganligi haqiqiy bozor iqtisodiyotini barpo etish jarayoniga halaqit berdi. Shunga mos ravishda moliyaviy siyosat ham o’zibilarmonlik, jahonning ilg’or tajribasini inkor etish, ko’rsatkichlarni oshirib ko’rsatish kabi illatlarning qurboni bo’ldi. Moliyaviy ko’rsatkichlar ijtimoiy va iqtisodiy hayotning haqiqiy



24 “Trud” gazetasi, 1999 yil 18 noyabr.

ahvolini bo’yab ko’rsatish siyosatining muhim vositalaridan biriga aylandi. Natijada soxta moliyaviy ko’rsatkichlar jamiyatdagi haqiqiy ahvolni noto’g’ri ko’rsata boshladi. Moliyaviy ko’rsat-kichlarning katta qismi “xizmat doirasida foydalanish uchun”, eng muhimlari esa hatto “maxfiy” belgisi ostiga yashirildi, ya’ni ko’pchilik ular bilan tanishish imkoniyatidan mahrum etildi.

Bu masalada tub ijobiy burilish 2016 yili yuz berdi. O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga Shavkat Mirziyoev saylanishi bilan mamlakatimiz iqtisodiy hayotida yangi davr boshlandi. 1992-2016 yillik davrda moliyaviy siyosatda yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklarni tuzatish sari yo’l tutildi.

O‘zbekistonda 2016 yildan boshlangan yangi tarixiy davrda moliyaviy siyosatni tubdan o’zgartirib yuborgan qator qonunlar, Prezident farmon va qarorlari tayyorlandi va kuchga kirdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Preziden-tining 2017 yil 7 fevralda imzolangan “2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi”25 da mamlakatimiz moliyaviy siyosatni yanada takomillashti-rish, ba’zi o’rinlarda esa butunlay qayta tashkil etish talablari qo’yildi.



Shu nuqtai-nazardan qaraganda, iqtisodiy islohotlar-ning yangi bosqichida O‘zbekistonda moliyaviy siyosatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • Davlat byudjeti moliyaviy ahvolining barqarorligini ta’minlash;

  • byudjet daromadlari va xarajatlarining ochiq, shaffof va oshkora bo’lishini tashkil etish;

  • davlat xarajatlarini birinchi navbatda modernizatsiya qilish va tegishli tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish asosida iqtisodiyotni innovatsion asosda rivojlanishini ta’minlashga yo’naltirish;

  • xarajatlarning ijtimoiy yo’naltirilganligini saqlab qolgan holda davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash;

  • davlat byudjeti defitsitini yo’l qo’yilgan eng kam daraja doirasida (YaIMning 3-4%i atrofida) cheklashga yo’naltirilgan qat’iy moliyaviy siyosatni amalga oshirish;

  • mahalliy byudjetlarning daromad qismini yanada mustahkamlash va byudjetlararo munosabatlarni takomil-lashtirish;

  • byudjet intizomiga qat’iy rioya qilish;






25 “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi”. 2017 yil 7 fevralda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezi-dentining PF-4947-sonli Farmoni.

  • davlat byudjeti daromadlarining katta qismini joylarga biriktirish, mahalliy byudjetlarning daromad manbalarini mustahkamlash;

  • ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, aholining konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqlarini himoya qilishni ta’minlovchi moliyaviy bazani yaratish, erkin mehnat va ishbilarmonlik asosida aholi turmush daraja-sini keskin oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;

  • soliq yuklamasini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini yanada soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish;

  • soliq kontseptsiyasi va siyosatini takomillashtirish, soliqlarning iqtisodiyotga rag’batlantiruvchi ta’sirini kuchaytirish maqsadida:

  • soliq tizimining ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moddiy, tabiiy, moliyaviy va mehnat resurslaridan, to’plangan mol-mulkdan samarali foydalanishga rag’batlan-tiruvchi ta’sirini oshirish;

  • korxonalar zimmasidagi soliq yuklamasini kamay-tirish, qo’shilgan qiymat va foyda solig’i stavkalarini kamaytirish va shu asosda ishlab chiqarishni jonlantirishga turtki berish;

  • soliq tushumlari tarkibini tubdan o’zgartirish, resurslar, mol- mulk solig’ining rolini oshirish, jismoniy shaxslardan soliq undirishning progressiv tizimini takomillashtirish;

  • soliq siyosati belgilab bergan chora-tadbirlarni amaliyotga tadbiq etuvchi tegishli moliya-soliq mexanizmini ishlab chiqish va takomillashtirish;

  • istiqbolli investitsiya loyihalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kreditlashni yanada kengaytirish orqali kredit siyosatini takomillashtirish;

  • milliy valyutani haqiqiy konvertatsiya qilishni joriy etish, pul almashuv tartibini yanada soddalashtirish, so’mning barqarorligini ta’minlash;

  • ijtimoiy himoyaning manzilli bo’lishiga, moliyaviy mablag’larning ijtimoiy yordamga haqiqatda muhtoj aholi qatlamlariga etib borishini ta’minlash;

  • mahalliy byudjetlarni shakllantirish manbalari bo’lgan umumdavlat soliqlari bilan mahalliy soliqlar o’rtasida aniq chegara o’tkazish va boshqalar.

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz moliyaviy siyosat muam-molari qatoriga uning hayot (davr) bilan hamnafasligini, uning davlatimiz rivojlanishining 2016 yildan keskin o’zgargan sharoitlariga tezda moslasha olishini ta’minlash, o’z echimini kutayotgan vazifalarni hal

etish uchun kerakli usullarni o’z vaqtida topa bilish, strategik kontseptual echimlarni ishlab chiqish, mablag’larga qarab yashash talabiga rioya etilishini ta’minlash, fuqarolar ijtimoiy talab-ehtiyojlarini qondirishning moliyaviy bazasini (asosini) belgilashda qoldik yondashuvidan (usulidan) ijtimoiy xarajatlarning manzilliligini ta’minlashga o’tish kabi tadbirlar kiradi.

Davlatning yangi moliyaviy siyosat kontseptsiyasining ayni davrdagi maqsadi iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini butun choralar bilan oshirish asosida jamiyat a’zolarining turmush farovonligi darajasini keskin oshirishni ta’minlashdan iborat. Moliya strategiyasining ijtimoiy yo’naltirilganligi xalq farovonligini oshirishga ajratiladigan moliya resurs-larini ko’paytirish imkoniyatlarini qidirib topishda namoyon bo’libgina qolmay, balki iqtisodiy siyosatning bosh maqsadiga butunlay yangicha yondoshuvda ham namoyon bo’ladi va endilikda aholi turmush darajasi va ishlab chiqarishning o’sishi hamda moliyaviy resurslardan samarali foydalanish yo’nalishlarini belgilaydi.

Ijtimoiy himoya, birinchi navbatda, kam ta’minlangan fuqarolarni, shuningdek, byudjet tashkilotlari xodimla-rini ijtimoiy himoya qilishni ham nazarda tutadi. Ijtimoiy himoya, eng avvalo, daromadlarni indeksatsiyalash usuli yordamida, ya’ni, byudjet mablag’lari hisobiga, ba’zan esa kompensatsiyalarni iste’mol indeksiga muvofiq oshirish yo’li bilan ta’minlanadi.

Jamiyat hayotining iqtisodiy va ijtimoiy sohasiga moliyaviy ta’sir o’tkazishning asosiy uslublari bo’lib soliq solish, moliya resurslaridan mohirona va oqilona foyda-lanish, moliyalashtirish, moliya bozori va boshqalar hisoblanadi. Jamiyat taraqqiyoti hozirgi bosqichining moliyaviy siyosat moliya strategiyasi talablari asosida va yuzaga kelgan iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Xo’jalik yuritishning turli-tuman shakllaridan foyda-lanish jamoat talab-ehtiyojlarini yaxshiroq qondirish, resurslarni tejash, mahsulot assortimenti va texnika bazasini yangilash, mehnat jamoalarining ijtimoiy muammo-larini hal etishi yo’lida raqobatni rivojlantirish, tashabbuskorlik ko’rsatish uchun shart-sharoitlarni yaratadi.

Ijtimoiy va boshqa ehtiyojlarni qondirishga yo’nalti-riladigan moliya resurslarining o’sishiga, eng avvalo, rentabelli faoliyat ko’rsatish orqali erishiladi. Biroq siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoit o’zgarishi bilan davlat xarajatlari miqdori doimo o’sib boradi. Shu munosabat bilan hozirgi moliyaviy siyosat davlat moliya

resurslarining muntazam o’sishini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutadi.

Byudjetga tushayotgan to’lovlar hajmini oshirishning zarurligi xo’jalik bo’g’inlarining ishchan faolligini jonlantirishga qaratilgan moliyaviy siyosatning hayotga tatbiq etilishini talab qiladi.

Moliyaviy siyosatni faollashtirish maqsadida moliya-viy resurslarni qayta taqsimlash amaliyotini tubdan o’zgartirish katta ahamiyatga ega. Byudjet vositasida, shuningdek, yuqori tashkilotlar orqali amalga oshiriladigan «vertikal» uslubga qarama-qarshi moliyaviy resurslarni moliya bozori orqali «gorizontal» qayta taqsimlash ham borgan sari yanada keng rivoj topadi. Mablag’larning o’tkazib turilishi esa moliyaviy resurslardan talab va taklifdan kelib chiqqan holda foydalanishni nazarda tutadi.

Moliya bozorining rivojlanishi munosabati bilan milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va umumdavlat ehtiyojlarini qondirish uchun aholi, korxona va tashkilot-larning pul daromadlari va jamg’armalarini yanada kengroq jalb etish zarur. Shu munosabat bilan Davlat obligatsiyalari va xazina biletlarini chiqarish ham davlat resurslarining hajmini ko’paytiradi.

Moliyaviy siyosat real moliyaviy imkoniyatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilishi va amaliyotga tatbiq etilishi zarur. Xarajatlar miqdori moliya resurslari ko’paygani-dagina o’sishi mumkin. Bu, eng avvalo, ishlab chiqarishni moliyalashtirishni bildiradi. Iqtisodiy va moliyaviy siyosatning hamma tadbirlari, bir tomondan, aholiga o’z daromadlarini oshirish imkoniyatini berish, ikkinchi tomondan esa, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirpsh uchun maqbul sharoitlarni yaratishga qaratilishi kerak.

Moliyaviy siyosatning tubdan o’zgarishiga mos ravishda moliya mexanizmi ham qayta qurilmog’i lozim. Moliya mexanizmini qayta qurishning maqsadi bozor munosabatlari asosida ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligiga uning ta’sirini kuchaytirish, moliya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishni ta’minlashdir. Moliya mexanizmini qayta qurish negizida korxona, tashkilotlar ishining yakuniy natijalarini yaxshilash uchun xo’jalik tashabbuskorligi va mas’uliyatini butun choralar bilan kuchaytirish talab qilinadi.

Bozor iqtisodiyotida korxonalarning ishlab chiqarish omillaridan iloji boricha yaxshiroq foydalanishdan manfaatdorligini oshirish uchun alohida moliyaviy uslub-lardan foydalanish zarurati yo’qoladi. Bozor raqobati korxonalarni ishlab chiqarish samaradorligi, moliyaviy resurslardan foydalanish ustidan ichki xo’jalik moliya

nazoratini chuqurlashtirish haqida doimo g’amxo’rlik qilishga majbur qiladi. Shu bilan bir vaqtning o’zida davlat tomonidan bozor munosabatlarini moliyaviy boshqarishning ahamiyati ham oshadi. Moliyaviy boshqarish korxonalarga soliq solish, qo’shimcha soliqlarni (masalan, eksport va import solig’ini) kiritish, mehnatkashlar daromadlariga soliq solish, maqsadli dasturlarni moliyalashtirish vositasida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifat parametrlarini buzganlik uchun, atrof-muhitni muhofaza qilish bo’yicha talablarning sanitariya norma va qoidalariga rioya qilmaslik uchun moliyaviy jarimalar tizimiga talabchanlik oshiriladi. Davlat byud-jeti va byudjetdan tashqari jamg’armalar oldidagi moliya-viy majburiyatlarni o’z vaqtida bajarmaslik yoki to’liq bajarmaslik, foyda va boshqa soliq solish ob’ektlarini yashirganlik uchun jarima (sanktsiya)larning darajasi va miqdori kuchaytiriladi. Auditorlik moliya nazorati keng rivoj topmog’i lozim.

Boj siyosati hozirgi kunda mamlakat ichki bozoriga past sifatli, inson salomatligiga putur etkazuvchi tovarlarning kirib kelishini oldini olish va ilg’or texnologiyalar, fan-texnika yutuqlari natijalarining mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilishini rag’batlantirish vazifalarini bajarishi talab etiladi.

Aholiga ijtimoiy xizmat ko’rsatishni yaxshilash maqsa-dida ijtimoiy soha muassasalari va tashkilotlarida yangi xo’jalik mexanizmi joriy etilyapti. Ijtimoiy soha muassasalariga pulli xizmat ko’rsatish, xo’jalik faoliyati bilan shug’ullanish, olingan daromadlarni mustaqil tasar-ruf etish huquqi yanada kengaytirildi.

Davlat moliya mexanizmiga tub o’zgarishlar kiritildi. Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirish soliq aso-siga o’tkazildi, byudjet daromadlari tarkibi va byudjetdan moliyalashtirish tizimi butunlay o’zgardi. Byudjetdan tashqari jamg’armalar tizimi keng tarqaldi. Bozor munosabatlarining rivojlanishi mulkiy va shaxsiy sug’urtani tashkil etish va boshqarish sohasida ijobiy natijalarga olib keldi: kooperativ (shirkat) sug’urtasi rivojlanyapti, aktsiyadorlik sug’urta jamiyatlari vujudga kelyapti, sug’urtaning yangi turlari paydo bo’layapti.

2017 yilning 5 sentyabrida mamlakatimiz moliyaviy siyosatda muhim voqea yuz berdi. Chunki aynan shu kuni milliy pul birligimiz so’mni xorijiy valyutalarga konvertatsiya qilishni erkinlashtirish sohasida katta ahamiyat kasb etadigan qadam tashlandi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 2 sentyabrda imzo-lagan «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo’yicha

birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida26»gi farmoni bilan mamlakatimizda valyuta munosabatlarini tartibga soladigan yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valyutani erkin sotish hamda sotib olishga imkon beradigan yangi bozor mexanizmini joriy qilish boshlandi. Yangi tartibga ko’ra, endi milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan ayirboshlash kursi valyuta birjasining banklararo elektron savdolarida valyutaga bo’lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda shakllantiriladigan bo’ldi. 2017 yil 5 sentyabrda ushbu mexanizm ta’sirida shakllangan so’mning AQSh dollariga nisbatan ayirboshlash kursi 8100 so’m miqdorida belgilandi. Valyutani konvertatsiya qilish-ning yangi mexanizmi bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradi.



Xullas, mamlakatimizda 2016 yili yangi iqtisodiy sharoit talablaridan kelib chiqqan holda moliyaviy siyosatni takomillashtirish jarayoni boshlandi va u izchillik bilan davom ettirilmoqda.


Yüklə 1,07 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   369




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə