O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi


Dionisiy (bizning eramizgacha bo`lgan 170-90 y)



Yüklə 473,89 Kb.
səhifə4/9
tarix26.09.2017
ölçüsü473,89 Kb.
#1915
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Dionisiy (bizning eramizgacha bo`lgan 170-90 y).

Aristarxning shogirdi frakiyalik Dionisiy o`zigacha bo`lgan tadqiqotchilarning ishlari va tajribalarini o`rganib, ulardan foydalanib, rimliklar uchun «Grammatika san`ati» nomli sistemalashtirilgan dastlabki yunon grammatikasini yaratdi.

Dionisiy ta`limotiga ko`ra so`z so`zlashuv nutqining (bog`langan nutqning) eng kichik bo`lagi (qismi)dir. Gap (yoki nutq) esa so`zlarning o`zaro munosabatidan, bog`lanishidan hosil bo`lib, tugal fikr ifodalaydi.

Dionisiy grammatikasida ot turkumi haqida quyidagi fikr beriladi: ot kelishik va songa ko`ra o`zgaruvchi turkumdir. U sifatlarni ham otga kiritadi.

Dionisiy fe`l haqida fikr yuritib, fe`lning kelishiksiz so`z turkumi bo`lib, zamon, shaxs, son, mayl, nisbat, tuslanish va boshqalarga ega ekanligini aytadi. Fe`lning beshta: aniqlik, buyruq, istak, tobelik va noaniqlik mayllarini; fe`lning uchta: harakat, o`zlik va o`rta nisbatlarini; fe`lning uchta: birlik, juftlik va ko`plik sonlarini; fe`lning uchta: birinchi-nutqni so`zlagan, ikkinchi-nutq yo`naltirilgan va uchinchi-so`z yuritilgan (o`zga) shaxslarni qayd etadi. Grammatik zamon esa hozirgi, o`tgan va kelasi zamon kabi turlarga bo`linadi. Sifatdoshlar esa fe`l va otlarga xos bo`lgan belgilarni birlashtiradigan kategoriya sifatida talqin qilinadi.

Artikl, Dionisiy fikricha, turlanuvchi so`z turkumi bo`lib, u turlangan otdan oldin ham, keyin ham kela oladi. Olmosh ot o`rnida qo`llaniladigan so`z bo`lib, ma`lum shaxslarni ko`rsatadi. Ravish turlanmaydigan so`z turkumidir, fe`l haqida ma`lumot beradi va fe`lga birikadi. Bog`lovchi fikrni ma`lum tartibda bog`laydigan va fikrni ifodalashdagi oraliqlarni ko`rsata-digan so`zdir. Old ko`makchi so`z turkumi bo`lib, barcha so`z turkumlari oldidan so`z tarkibida ham, gap tarkibida ham keladi. Ya`ni u sintaksisda ham, so`z yasalishida ham qo`llaniladi.

Apolloniy Diskol (bizning eramizning II asrining birinchi yarmi)

Apolloniy Diskol bizgacha etib kelgan yunon tili sintaksisini yaratdi. U «Sintaksis haqida» asarida yunon tili sintaksisiga oid ma`lumotlarni berdi.

Iskandariya maktabi vakillari tilning tovush tomoniga ham katta e`tibor berishdi. Ular tovushlarni akustik princip asosida tasvirladilar, tovush va harflarni aynan bir narsa hisoblab, ularni unli va undosh tovushlarga ajratdilar. Shunga ko`ra harflarni unli tovushlar va undosh tovushlar nomi bilan tasvirladilar. Unli harflarni (tovushlarni) o`z holicha talaf-fuz qilinadigan va o`zini alohida eshitish mumkin bo`lgan tovushlar sifatida, undosh harflarni (tovushlarni) esa unlilar bilangina talaffuz qilinadigan tovushlar sifatida qaradilar. Shuningdek, ular bo`g`in, urg`u haqida ham ma`lumot berishdi.

Tilshunoslikning grammatik davrida Iskandariya maktabi vakillari yunon tilining fonetikasi, morfologiyasi va sintaksisi bo`yicha jiddiy tadqiqot ishlarini olib bordilar va qator asarlar yaratdilar. Yunon tilshunosligida, ayniqsa, morfologiyaga oid masalalar mukammal ishlangan bo`lib, unga nisbatan fonetika va sintaksis masalalari bo`sh tadqiq qilingan. Shuningdek, Iskandariya maktabi vakillari gram-matikani falsafadan ajratdilar.

Xullas, qadimda tilshunoslikning Iskandariya davri grammatikani mustaqil fan sifatida yaratdi.

Qadimgi yunon tilshunosligi (grammatikasi) hind tilshunosligi (grammatikasi) bilan bir qatorda o`z davrida arab tilshunosligiga (grammatikasiga) ta`sir qildi.



Foydalanilgan adabiyotlar:

1.Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. T., 200

2. N.A.Baskakov, A.S.Sodiqov, A.A.Abduazizov. Umumiy tilshunoslik. T., 1979.

3. S.Usmonov. Umumiy tilshunoslik. T., 1972.

4. Yo`ldoshev B. Umumiy tilshunoslik asoslari. S., 2005..

3-ma`ruza

Arab tilshunosligi. Kufa va Basra maktablari
Reja:


  1. Arab tilshunosligining vujudga kelish sabablari.

  2. Arab tilshunosligi maktablari.

  3. Arab tilshunosligida lug`at tuzish an’analari.


Asosiy tayanch tushunchalar: Tilshunoslikning yuzaga kelishidagi amaliy ehtiyoj; arab tilshunosligining dastlabki markazlari – Kufa va Basra grammatika maktablari; arab tilshunosligida leksikografiya sohasidagi yutuqlar; «Al - kitob» asari, Qomus – “okean” demakdir; «At - tuhfatuz zakiyatu fillug`atit turkiya» («Turkiy til haqida noyob tuhfa») asari.
VII-VIII asrlarda Arabiston hududida va arablar tomonidan bosib olingan qator mamlakatlarda - Old Osiyo, Shimoliy Amerika hamda Pireney yarim orolida - jahon miqyosidagi mamlakat - Arab xalifaligi tashkil topdi.

Arab xalifaligi islom diniga asoslangan ko`pmillatli davlat bo`lib, xalifalikda ish yuritish vositasi va fan tili arab til hisoblangan.

Arab xalifaligida tilshunoslikning paydo bo`lishi va rivojlanishi, Hindistondagi kabi, amaliy ehtiyojlar bilan bog`lanadi. Ya`ni bu davrda eski yodgorliklar va Qur’on tili bilan jonli arab tili (shevalari) orasida katta farqlanish yuzaga keladi.

Bir tomondan musulmon dunyosining muqaddas diniy kitobi bo`lgan «Qur’on»ni tushunarli qilish, undagi so`zlarni to`g`ri va aniq talaffuz qilish, ikkinchi tomondan, klassik arab tilini shevalar ta`siridan saqlash maqsadida arab olimlari til masalalari bilan jiddiy shug`ullanishga kirishdilar.

Arab tilshunosligi o`z taraqqiyoti davrida hind va yunon tilshunosligi yutuqlariga, o`z an`analariga tanqidiy va ijobiy yondashgan. Arablar o`z tillarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ulardan foydalanganlar.

VII-VIII asr arab tilshunosligining dastlabki markazlari Iroqning Basra va Kufa shaharlari hisoblangan. Basra va Kufa shaharlarida ikkita lisoniy maktab tashkil topgan bo`lib, ular o`rtasida tilshunoslikning ko`pgina masalalari yuzasidan «fikrlar jangi», qizg`in bahslar, munozaralar olib borilgan.

Ushbu lisoniy munozaralar tilshunoslik fanining markazi Arab xalifaligining poytaxti bo`lgan Bag`dod shahriga ko`chirilgandan so`ng to`xtagan.

Arab tilshunosligining asoschilaridan biri Basra grammatika maktabining vakili Xalil al - Farohidi (taxminan 718-791y) birinchi arab tili lug`atini yaratdi. U lug`atini «Kitobul ayn» («Ayn harfi kitobi») deb nomlab, unda grammatikaga oid muhim fikrlarni bayon etdi. Shuningdek, olim «Kitobul avomil» («Boshqaruvchilar kitobi») nomli asarni ham yozdi. Ammo bu asarlar bizgacha etib kelmagan.

Xalil al - Farohidining shogirdi, mashhur arab tilshunosi, kelib chiqishiga ko`ra fors basralik Amir bin Usmon Sibavayxiy (733 yilda vafot etgan) o`zining salmoqli «Al - kitob» asarini yaratdi. Muallif ushbu asarda o`zigacha bo`lgan barcha tadqiqotchilarning ta`limotlarini, fikrlarini, qarashlarini umumlashtiradi. U arab tili grammatikasining tugal va mukammal ko`rinishini taqdim etadi. Ushbu asar har ikkala: Basra va Kufa maktabi vakillari tomonidan bir xilda yuqori baholangan va qadrlangan.

Kelib chiqishiga ko`ra yunon Abu-Abayda (770-837) noyob so`z va ibora, ifodalarning keng qamrovli lug`atini tuzadi.

Bag`dodlik hind Sag`ani (1181-1252) 20 tomlik lug`at yaratadi va uni «To`lqinlar toshqini» deb nomlaydi.

Misrlik ibn Mansur (1232-1311) katta hajmdagi salmoqli lug`at tuzib, uni «Arab tili» deb ataydi.

Sherozlik fors Feruzobodi (1329-1414) 60 tomlik lug`at tuzgan va uni «Qomus» (Okean) deb nomlagan. Bundan keyin yaratilgan ko`plab lug`atlar ham «Qomus» nomi bilan ataladigan bo`lgan.

Yuqorida qayd etilgan fikrlardan, keltirilgan asarlardan ma`lum bo`ldiki, arab tilshunoslari leksikografiyaga alohida, jiddiy ahamiyat berganlar. Shuning uchun arab tilshunosligida leksikografik tadqiqotlar muhim o`rinni egallaydi. Arab leksikograflari ayrim predmetlarni anglatadigan sinonimlar lug`atini, masalan, qilichni anglatadigan 500 ta so`z va iboradan, arslonni anglatadigan 500 ta, tusni ifoda etadigan 400 ta so`z va iboradan tashkil topgan ko`plab turli mavzudagi lug`atlarni tuzganlar.

Demak, arab tilshunoslari leksikografiya sohasida juda katta yutuqlarga erishganlar.

Xullas, arab leksikografiyasida lug`atlar mazmuniga ko`ra olti guruhga bo`linadi: 1. To`liq izohli lug`atlar. 2. Predmet lug`atlari (masalan, hayvonlar bilan bog`liq lug`atlar va b). 3. Sinonimlar lug`ati. 4. Noyob so`zlar lug`ati. 5. O`zlashgan so`zlar lug`ati. 6. Tarjima lug`atlari.

Arab leksikografiyasi Sharq - Eron, Turkiya, qisman hind xalqlariga ham, Evropa xalqlariga ham katta ta`sir ko`rsatdi.

Turkiy tilga bag`ishlangan muallifi noma`lum «At - tuhfatuz zakiyatu fillug`atit turkiya» («Turkiy til haqida noyob tuhfa») asari ham bo`lib, u XIV asrga oid deb taxmin qilinadi. Arab tilida yozilgan bu manba prof. S.Mutallibov tarjimasida o`zbek tilida 1968 yilda Toshkentda nashr qilingan. 1978 yilda esa asar akad. E.Fozilov va M.T.Ziyayevlar tomonidan rus tiliga o`girilib, «Iziuskanniuy dar tyurkskomu yaziuku» nomi ostida (akad. A.N.Kononov muharrirligida) Toshkentda chop etildi.

Asarda qipchoq shevasining lug`at tarkibi va grammatik qurilishi tasvirlanadi. Tadqiqot uch bo`limdan: 1. Qisqacha kirish. 2. Lug`at va 3. Grammatikadan tashkil topgan.

Manbaning kirish qismida til va jamiyat masalasiga e`tibor qaratilib, tilning jamiyatdagi vazifasi, o`rni uning tafakkur bilan bog`liqligi haqida fikrlar beriladi.

Muallif: «Inson hayvondan faqat tushunish va til bilangina farq qiladi»,- deydi. Demak, fikrlash va til (nutq) qobilyati faqat insongagina xos ekanligi ta`kidlanadi. Binobarin, inson ana shu qobilyatiga ko`ra o`zgalar bilan, jamiyat a`zolari bilan aloqaga kirishadi, o`zaro aqliy, lisoniy munosabatda bo`ladi.

Muallif «At - tuhfa» asarida fe’l (fe`lun) turkumiga atroflicha to`xtaladi. Fe`l turkumining qator grammatik kategoriyalari: zamon, mayl, bo`lishli-bo`lishsizlik, shaxs, o`timlilik, nisbatlar haqida fikr yuritadi.

Ishda fe’lning ancha murakkab bo`lgan nisbat kategoriyasi-uning majhullik, birgalik, orttirma va o`zlik nisbatlari haqida ma`lumot beriladi.

Ishda fe’lning o`tgan zamon, hozirgi zamon va kelasi zamon kategoriyalari ham atroflicha yoritiladi.

«At - tuhfa» da harfun - yordamchi so`zlar masalasiga ham e`tibor beriladi. Turkiy tilda dag`i, taqi, yo`qsa, yo`q, ya, ammo kabi so`zlar bog`lovchi bo`lib kelishi aytiladi. Yuklamalar haqida fikr yuritilgan bo`limda faqat ta`kid yuklamalarigina emas, balki, umuman ma`noni kuchaytirish usullari haqida fikr beriladi. Qiyoslang: biy-biy (bek-bek); al-al; uk-uk.

Turkiy tilda undovlarning uchta ekanligi aytiladi. Bular: ey, abav, abu. Masalan: A kichi! «ey odam!»

«At - tuhfa» asarida grammatikaga – sintaksisga oid ma’lumotlar ham berilgan bo`lib, uning asosini gap haqidagi fikrlar tashkil qiladi. Gaplar otli va fe`lli gaplarga ajratiladi. Gapning zaruriy, tarkibiy qismlari sifatida ega (mubtado) va kesim (xabar beriladi). Muallif: Biy uydadir, gapini sintaktik jihatdan mutlaqo to`g`ri ega (biy) va kesim (uydadir) kabi bo`laklarga ajratadi.

Ishda, asosan, so`roq gaplar haqida fikr yuritiladi. So`roq gaplarning o`ziga xos xususiyatlari, hosil bo`lishi, so`roq vositalari haqida fikrlar beriladi. Masalan, Biylar keldilarmi? Nadan kularsan? Necha aqchadir? va boshqalar.

Xullas, arab tilshunosligi, umuman, jahon tilshunosligi tarixida yorqin iz qoldirgan bo`lib, Evropaga hind tilshunosligiga nisbatan ancha oldin ma`lum bo`lgan.

XIII asrning o`rtalarida (1258) Arab xalifaligining poytaxti bo`lgan Bog`dod mo`g`ullar tomonidan bosib olinadi. Natijada xalifalik o`z ichida alohida davlatlarga bo`linib ketadi. Shu bilan arab madaniyatining klassik davri o`zining nihoyasiga etadi.



Foydalanilgan adabiyotlar:
1. История лингвистических учений. М., 1968.

2. . Н.A.Кондрашов.История лингвистических учений. M., 1979.

3. T.A.Aмирова, Б.A.Oлховиков, Ю.В.Рождественский. Очерки по истории лингвистики. M., 1975.

4. S.Usmonov. Umumiy tilshunoslik. T., 1972.

5. Н.A.Кондрашов.История лингвистических учений. M., 1979.

6. Я.В.Лоя. История лингвистических учений. M., 1968.

7. A.Nurmonov. O`zbek tilshunosligi tarixi. T., 2002.

4-ma`ruza

O`rta Osiyoda tilshunoslik

Reja:


  1. Abu Nasr Forobiyning tilshunoslikka oid qarashlari.

  2. Beruniyning lingvistik qarashlari.

  3. Abu Ali ibn Sinoning tilshunoslikka doir qarashlari.

  4. Mahmud Qoshg`ariyning tilshunoslik rivojida tutgan o`rni.

  5. Zamaxshariy va tilshunoslikka oid asarlari.

  6. A.Navoiy – tilshunos olim.

  7. Mirzo Mehdixon tilshunoslikka oid qarashlari.


Asosiy tayanch tushunchalar: «Fanlar tasnifi» (yoki «Fanlar tasnifi haqidagi so`z») kitobi haqida; Til – so`zlovchi istagini eshituvchiga etkazuvchi tarjimon; nutq tovushlari va nutq organlarih; «savt» va «harf» tushunchalari; «Devon»dagi turkiy til va dialektlar tasnifi; Koshg`ariy metafora – o`xshashlik asosida ma`no ko`chishi haqida; Zamaxshariyning «Al-Mufassal» asari haqida.
O`rta Osiyolik mashur allomalarning jahon madaniyati, ma`rifati, ilm-faniga qo`shgan hissasi ulkandir. Jahon tan olgan buyuk allomalar: Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Koshg`ariy, Mahmud az- Zamahshariy, Alisher Navoiy va boshqalarning tilshunoslik fani taraqqiyotidagi xizmatlari kattadir.

Abu Nasr Forobiy. Qomusiy olim Abu Nasr Forobiy (873-930) yaratgan asarlar ichida «Fanlar tasnifi» (yoki «Fanlar tasnifi haqidagi so`z») kitobi tilshunoslik masalalariga bag`ishlanganligi bilan ajralib turadi.

Buyuk alloma tilshunoslikning fonetika, morfologiya, sintaksis, orfografiya, orfoepiya va stilistika kabi bo`limlari haqida dastlabki tushunchalarni bergan.

Forobiy fonetika haqida fikr yuritar ekan, nutq tovushlari, tovushlarning undosh va unli turlari, undosh tovushlarning paydo bo`lishi, o`rni, unli tovushlar va ularning xususiyatlari, so`zga qo`shimchalar qo`shganda yuz beradigan tovush o`zgarishlari, so`zning fonetik me`yori haqida fikr yuritadi.

U leksika yuzasidan ma`lumot berar ekan, leksik birlik bo`lgan so`z masalasiga, so`z ma`nolarining tasnifi masalasiga to`xtaladi. Ya`ni so`z ma`nosining ikki turini: sodda va murakkab bo`lishini ko`rsatadi. Sodda ma`noli so`zlarga: odam, hayvon, gul, ovqat, osmon kabi atash vazifasini bajaruvchi alohida so`zlarni kiritsa, murakkab ma`noli so`zlarga: narsa va uning belgisini bildiruvchi - Bu odam – bilimli, bu gul - o`simlik kabi ifodalarni kiritadi.

Forobiy morfologiya masalasida so`zlarni arab tilshunosligiga asoslangan holda ot, fe`l va harflarga ajratadi. Otlarni ikkiga: atoqli va turdosh otlarga bo`ladi. Aniqrog`i, sodda ma`noli so`zlarni ikkiga ajratadi: 1) atoqli otlar: Zayd, Amr; 2) turdosh otlar: odam, hayvon, ot va boshqalar. Otlarga son kategoriyasi (birlik, ikkilik, ko`plik), fe`llarga zamon (o`tgan, hozirgi, kelasi zamon) kategoriyasi xosligini ta`kidlaydi.

U sintaksis masalasida so`z birikmasi haqida, nutqning qismlarga bo`linishi, so`zlarning qanday birikish qoidalari va hukm bildirishi, so`zlarning qo`shilish turlari haqida fikr yuritadi.

Forobiy orfografiya masalasida so`zlarning yozilish qoidalari yuzasidan ham dastlabki ma`lumotlarni beradi.

Forobiy she`riyat - she`r haqida fikr yuritar ekan, she`rning yozilish o`lchovlari, ya`ni she`rning yozilishidagi to`liq va noto`liq o`lchovlar, qaysi o`lchov yoqimli va chiroyli ekanligi, umuman, she`r tovush va bo`g`inlardan tashkil topishi haqida fikr bayon qiladi.

Forobiy ulug` faylasuf olim sifatida umumiylik va xususiylik dialektikasi nuqtai nazaridan tilga, lisoniy hodisalarga ham murojaat qiladi.

U ot, fe`l va yuklama kabi so`z turkumlarining arab tilida ham, yunon tilida ham mavjudligini aytib, buni umumiylik sifatida talqin qiladi. Ayni vaqtda arab tilshunoslari ushbu so`z turkumlarini shu til hodisalari, birliklari asosida tahlil qilsalar, yunon tilshunoslari esa qayd etilgan morfologik kategoriyalarni o`z ona tili materiallari asosida o`rganishlarini ta`kidlaydiki, bu jarayon xususiylik sifatida namoyon bo`ladi. Binobarin,dialektik falsafaning umumiylik va xususiylik kategoriyasi tilning muayyan tushunchalari orqali o`zining isbotini, tasdig`ini topadi.



Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al - Beruniy. O`rta asr Evropasida Aliborona nomi bilan mashhur bo`lgan qomusiy alloma xorazmlik Abu Rayhon al - Beruniy (937-1048), ma`lumotlarga qaraganda, 150 dan ortiq asar yaratgan. Ushbu asarlar matematika, fonetika, kimyo, astronomiya, jo`g`rofiya, tibbiyot, adabiyot, musiqa, riyoziyot va tilshunoslik kabi qator sohalarga oid bo`lib, jahon ilm-fanining durdonalari sifatida qadrlanadi.

Abu Rayhon Beruniyning lisoniy qarashlari «Saydana» nomli asarida beriladi. Anig`i, ushbu asar dorivor o`simliklar, hayvonlar va ma`danlar tavsifiga bag`ishlangan bo`lib, unda dorivor moddalarning bir necha tillardagi nomlari keltiriladi. Buyuk alloma ushbu asarda dorivor moddalarning bir necha tillarda qanday nomlanishinigina bayon qilib qolmasdan, balki ushbu moddalarning har bir tildagi mahalliy, ya`ni har bir shevadagi nomlanishini ham alohida ko`rsatib beradi. Demak, muallif predmet va uning nomi munosabati masalasiga alohida ahamiyat beradiki, ayni masala qadimgi tilshunoslik davridan to shu kungacha ham til haqidagi fanning eng dolzarb muammolaridan biri bo`lib kelmoqda.

Beruniy she`riyat masalalari bilan ham shug`ullanadi, asarlar yaratadi, o`zi ham she`r ijod qiladi. U «Saydana» asarida qator shoirlarning she`riyatidan namunalar keltiradi.

Beruniy asardagi 29 bob va 1116 maqolada dorivor moddalarning nomiga izoh beradi. Har bir bob bir harfga bag`ishlanadi. U asarda 4500 dan ortiq arabcha, yunoncha, suriyacha, forscha, xorazmiycha, so`g`dcha, turkcha va boshqa tillardan o`simlik, hayvon, dorivorlar nomlarini to`playdi va izohlaydi. Demak, «Saydana» asari ayni vaqtda dorivor moddalar nomlarining izohli lug`ati sifatida ham qadrlanadi. Muallif asarda dorivor moddalar nomini arab alifbosi tartibida joylashtiradi. Bir harf bilan boshlanuvchi bir necha so`z bo`lsa, ular shu harf bobida ichki alfavit asosida beriladi. Mazkur lug`at ham izohli, ham tarjima, ham etimologik, ham dialektologik lug`at sifatida alohida ahamiyatga egadir.



Abu Ali ibn Sino. Ovrupoda Avicenna nomi bilan mashhur bo`lgan va Sharqda ulug`lab, «Shayhurrais» nomi bilan atalgan vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino (980-1037) turli sohalarda, shu jumladan, tilshunoslik bobida ham bir qancha asarlar yaratdi.

Qomusiy alloma Ibn Sino: 1) «Kitobi al milh finnahv» («O`tkirlik sintaksisda ekanligi kitobi») 2) «Kitob lisonul arab» («Arab tili kitobi») 3) «Asbobi xudut al xuruf» («Tovushlarning chegaralanish sabablari») kabi tilshunoslikka oid qator asarlar qoldirdi.

Shu kungacha «Asbobi hudut al huruf» asarining to`rtta nashri: Qohira (2), Tiflis nashri va Toshkent nashrlari ma`lum.

Asarning Toshkent nashrini tayyorlashda prof. A.Mahmudov va prof. Q.Mahmudovlarning xizmatlari katta bo`ldi.

Ushbu asar kirish va olti bobdan tashkil topgan. Manbada tovushning hamda nutq tovushlarining paydo bo`lish sabablari, bo`g`iz va tilning anatomiyasi, ayrim arab tovushlarining paydo bo`lishidagi o`ziga xosliklari, ushbu tovushlarga o`xshash nutq tovushlari hamda tovushlarning nutqiy bo`lmagan harakatlarda eshitilishi kabilar haqida fikr yuritiladi.

Ibn Sino tovushning hosil bo`lishida havoning to`lqinsimon harakati sabab ekanligini to`g`ri ko`rsatadi. Aniqrog`i, artikulyaciya o`rnidan havoning siqilib chiqishi natijasida nutq tovushlari yuzaga keladi.

U fizikaviy tovushlar bilan nutq tovushlarini bir-biridan farqlaydi. Fizikaviy tovushlarni «savt», nutq tovushlarini esa «harf» so`zlari-terminlari bilan nomlaydi. Fizikaviy tovushning ham, nutq tovushining ham havoning to`lqinsimon harakati sababli hosil bo`lishi ta`kidlanadi.

Demak, bu tovushlarning yuzaga kelishida havoning to`lqinsimon harakatlanishi umumiylik hisoblanadi. Ayni vaqtda bu umumiylikning xususiyligi shundaki, savtlardan - fizikaviy tovushlardan farqli holda harflarning – nutq tovushlarining hosil bo`lishida muayyan nutq a`zolari ishtirok qiladi. Demak, nutq tovushlari nutq a`zolari orqali, bevosita ularning ishtirokida yuzaga keladi.

Ibn Sino harflarni – nutq tovushlarini unli va undosh tovushlarga ajratadi. Unlilar miqdorini uchta, undoshlar miqdorini esa yigirma sakkizta deb belgilaydi. Undoshlar haqida mukammal ma`lumot beradi. Umuman, Ibn Sinoning fonetika sohasida yaratgan ishlarini, bayon qilgan fikrlarini, ayniqsa, uning tovushlarni unli va undosh tovushlarga ajratilishini jahon tilshunosligi taraqqiyotiga qo`shgan salmoqli hissasi sifatida baholash lozim.

Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad Koshg`ariy. Mahmud Koshg`ariy O`rta Osiyoning XI asrida yashab ijod etgan buyuk allomasidir. U turkiy tillarning qiyosiy grammatikasi va leksikologiyasiga asos soldi, fonetikasi bo`yicha qimmatli ma`lumotlar qoldirdi.

Mahmud Koshg`ariy turkiy tilshunoslikning enciklo-pediyasi hisoblangan mashhur «Devonu lug`atit turk» («Turkiy so`zlar devoni») asarini yaratdi. Shuningdek, shu kungacha topilmagan «Javohirun nahv fi lug`atit turk» («Turkiy tillar sintaksisining javohirlari») nomli asarini ham yozgan.

Arab tilidan K.Brokkel`man tomonidan nemis tiliga tarjima qilinib, 1928 yilda Leypcigda, Bosim Atalay tomonidan turk tiliga tarjima qilinib, 1939 yilda Anqarada nashr qilingan «Devonu lug`atit turk» asari prof. S. Mutallibov tomonidan o`zbek tiliga o`girilib, 1960-1963 yillarda Toshkentda nashrdan chiqdi.

Mahmud Koshg`ariyning «Devoni» akad. A.N.Kononov, prof. H.Ne`matov, prof. F. Abdullaev, prof S.Usmonov, prof. A.Kondrashov, prof.A.Nurmonov va boshqalarning taxminicha 1072- 1078; 1078- 1083; 1071- 1073; 1073- 1074; 1076- 1077 yillarda yozilgan. Xulosa bitta, asar X1 asrning ikkinchi yarmida tilshunoslik maydoniga kirib kelgan.

Tilni kishilar o`rtasidagi aloqa vositasi sifatida, jamiyat hayotini aks ettiruvchi ko`zgu sifatida tushungan Mahmud Koshg`ariy o`zining mashhur «Devon»ida aynan bir davrga oid bo`lgan turlicha turkiy tillar hodisalarini, faktlarini sinxron - qiyosiy metod asosida solishtiradi, taqqoslaydi. Chunki o`sha davrda aynan mana shu metod arab tilshunosligida juda keng tarqalgan bo`lib, bu arab tilining ko`p shevali til ekanligi xususiyatidan kelib chiqadi.

«Devonu lug`atit turk» asarida turkiy tilshunoslik tarixida birinchi marotaba turkiy til va dialektlarning tasnifi ham beriladi.

Xullas, Mahmud Koshg`ariy o`zining «Devon»i bilan sinxron - qiyosiy tilshunoslikka asos soldi, ayni tilshunoslikning buyuk vakili sifatida tanildi.

Mahmud Koshg`ariy sinxron - qiyosiy metod bilan qurollangan holda turkiy qabilalarni kezib, asosiy diqqat-e`tiborini ularning tillaridagi umumiy va farqli xususiyatlarga qaratadi. Shuningdek, u turkiy qabilalarning joylashish o`rni haqida ham qimmatli, asosli jo`g`rofiy ma`lumotlar beradiki, bu «Devon»dagi faktlarning, fikrlarning, qarashlarning ob`ektivligini ta`minlaydi. Aytilganlar «Devon»ning juda katta mehnat evaziga yaratilganligidan xabar beradi.

Tilshunoslikning barcha sathlari bo`yicha qiyosiy tadqiqot ishlarini olib borgan Mahmud Koshg`ariyning «Devon»i muqaddima va lug`at qismlaridan tashkil topadi.

«Devon»ning kirish qismida asarning tuzilishi haqida, shuningdek, Shimoliy Xitoydan tortib, butun Movarounnahr, Xorazm, Farg`ona, Buxorogacha tarqalgan katta hududdagi urug`lar, qabilalar va ularning tillari haqida, bu tillarning fonetik va grammatik xususiyatlari haqida ma`lumotlar beriladi.

«Devon»ning asosiy lug`at qismida esa 9 mingga yaqin turkiy so`z arab tiliga tarjima qilinib, izohlanadi, ularning fonetik, leksik va grammatik xususiyatlari haqida muhim fikrlar bayon qilinadi.

Mahmud Koshg`ariy turkiy tillar – so`zlar fonetikasi – tovushlar haqida fikr yuritar ekan, tovushlarni harflardan qat`iy farqlaydi, tovushlarning fiziologik va akustik xusu-siyatlari haqida fikr yuritadi. U arab yozuvi sistemasidagi harflarning turkiy tillardagi mavjud tovushlarni ifodalash uchun etarli emasligini aytib, arab yozuviga yangi belgilar kiri-tadi. Aniqrog`i, arab yozuvidagi 18 harfni – shu harflardan et-titasi ustiga maxsus qo`shimcha belgi qo`yish orqali 25 taga et-kazadi. Natijada 25 ta tovush o`zining yozma - harf shakliga, ifodasiga ega bo`ladi.

Alloma undosh tovushlar haqida gapirib, undoshlarning sodda va murakkab bo`lishi, jarangli va jarangsizligi, qattiq va yumshoqligi, undoshlarning ketma – ket kelishi: katta, oppoq (geminaciya) – kabi masalalarga to`xtaladi. Shuningdek, u singar-monizm, tovush tushishi, almashinishi, assimilyaciya, metateza, redukciya kabi bevosita tovushlar bilan bog`liq fonetik jara yonlar haqida ham fikr yuritadi.

Mahmud Koshg`ariy til va nutqning asosiy birligi bo`lgan so`z masalasiga leksikolog, semisiolog, leksikograf sifatida to`xtalar ekan, bunda u asosiy diqqat-e`tiborni tilshunoslikning eng muhim va eng murakkab masalalaridan biri bo`lgan so`z ma`nosiga, so`zning ko`p ma`noliligiga, so`z ma`nosining ko`chishiga, so`z ma`nosining izohi kabi o`ta jiddiy masalalarga qaratadi. Ya`ni olim «Devon»da so`zning muayyan ma`no anglatishdek eng muhim xususiyatidan kelib chiqib, so`z ma`nosi bilan bevosita bog`liq bo`lgan omonimiya, sinonimiya va antonimiya hodisalari haqida, so`z ma`nosining ko`chishi bilan bog`liq bo`lgan metafora, metonimiya, sinekdoxa, funkciyadoshlik kabi ma`noning ko`chish usullari haqida, so`z ma`nosining kengayishi va torayishi haqida fikr yuritadi, turkiy tillardan qator misollar keltiradi, fikrini isbotlaydi. Masalan, «Devon»da o`t so`zi omonim sifatida qayd etiladi va quyidagi omonimik ma`nolarda qo`llanilishi aytiladi. Qiyoslang: o`t-dori (u dori tomdirdi); o`t-o`simlik (qo`y o`tni eb tugatdi). Erik-eriydigan, eruvchan (masalan, yog` va boshqa eriydigan narsa); erik-chaqqon, yo`rg`a (masalan, chaqqon, g`ayratli odam, yo`rg`a ot).

Mahmud Koshg`ariy antonim so`zlarga ham to`xtalib, chivgin (to`q tutuvchi, semirtiruvchi, kuchli, masalan, ovqat) so`zining ma`no zidi – antonimi sifatida kevgin (to`q tutmaydigan, kuchsiz, masalan, ovqat, osh) so`zini keltiradi. Ya`ni so`zlarning biri «kuchli» (ko`p quvvatli) ma`nosini bersa, ikkinchisi «kuchsiz» (kam quvvatli) ma`nosini anglatadi.

Muallif «Devon»da sinonimik munosabatdagi so`zlar sifatida quyidagilarni qayd etadi: ishlar, urag`ut, o`xshag`u (xotin kishi ma`nosida); o`pdi, ichdi (ichmoq ma`nosida); ilishdi, asishdi (osmoq ma`nosida).

Mahmud Koshg`ariy metafora-o`xshashlik asosida ma`no ko`chishiga tug`moq fe`lini keltiradi. Ya`ni ushbu so`z faqat insonga nisbatan emas, balki qo`llanish vaqti jihatdan ancha keyin, tashqi o`xshashlik asosida, hayvonga nisbatan ham ishlatilishi haqida ma`lumot beradi.

U ma`no ko`chishining metonimiya usuliga to`xtalib, bulut, osmon va og`il so`zlarini keltiradi. Ya`ni bulut, osmon so`zlari yomg`ir ma`nosida qo`llansa, og`il so`zi go`ng, qiy ma`nosida ishlatilishini aytadi.

Alloma ma`noning kengayishiga tug`moq so`zini keltirib, bu so`z faqat odamlarga nisbatan emas, balki keyinchalik hayvonga nisbatan ham qo`llanganligini aytadi. Bundan so`zning qo`llanish qamrovi, muayyan predmet bilan bog`lanishi, uni anglatish faolligi kengayganligi ma`lum bo`ladi.

So`z ma`nosining torayishi sifatida esa sobon so`zini keltirib, ayni so`zning qo`shga nisbatan ham, omochga nisbatan ham - har ikkala boshqa-boshqa predmetlarga nisbatan ishlatilgani, so`ng esa faqat omochni anglatish uchun qo`llanishini tushuntiradi.

«Devon»dagi morfologiyaga oid tadqiqotlarga kelganda, asarda so`zlar, o`sha davr arab tilshunosligi an’analariga ko`ra, uch turkumga ajratiladi. Ya`ni bular ot, fe`l va yordamchi so`zlar. So`z turkumlaridan, ayniqsa, fe`l bilan bog`liq qator masalalar atroflicha o`rganiladi. Bunda u fe`l yasalishi, fe`l nisbatlari, fe`l mayllari, fe`l zamonlari masalasiga alohida e`tibor beradi, qimmatli ma`lumotlar keltiradi.

Xullas, Mahmud Koshg`ariy o`z davrining ulkan tilshunosi sifatida jahon tilshunosligi tarixida yorqin iz qoldirgan buyuk allomadir.



Yüklə 473,89 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə