O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi



Yüklə 473,89 Kb.
səhifə6/9
tarix26.09.2017
ölçüsü473,89 Kb.
#1915
1   2   3   4   5   6   7   8   9

Mixail Vasilyevich Lomonosov. Buyuk qomusiy olim M.V.Lomonosov (1711-1765) o`z asarlari -grammatikaga, notiqlikka va uslubshunoslikka oid tadqiqotlari bilan rus tilshunosligining mustahkam poydevorini qurib berdi. U 1755 yilda rus tilining birinchi grammatikasini – «Rossiya grammatikasi» asarini rus tilida e`lon qildi. Ya`ni M.V. Lomonosovgacha rus tili bo`yicha e`lon qilingan ishlar ayni tilda yaratilmagan edi.

M.V.Lomonosovning jonli rus tili asosida yaratilgan grammatikasi juda katta shuhratga ega bo`ldi. Aniqrog`i, ushbu asar rus tilshunosligi taraqqiyotida alohida muhim o`rinni egalladi.

M.V.Lomonosov grammatikasi tasviriy – me`yoriy - uslubiy grammatika bo`lib, rus tilining dastlabki ilmiy (akademik) grammatikasi hisoblanadi. Bu grammatika faqat normativ grammatika bo`lib qolmasdan, ayni vaqtda u rus tili haqida umumiy, yaxlit ma`lumot, tushuncha beruvchi grammatika hamdir.

M.V.Lomonosov grammatika haqida shunday deydi, «Grammatikasiz notiqlik ma`nosiz («o`tmas»), she`riyat to`mtoq, falsafa asossiz, tarix yoqimsiz, huquq ishonchsizdir».

M.V.Lomonosovning «Rossiya grammatikasi» asari olti bo`limdan (nasihatdan) iborat. Bular quyidagilar: 1. So`z haqida. 2. Orfoepiya va orfografiya haqida. 3. Nom (ot) haqida. 4. Fe`l haqida. 5. Ko`makchi (yordamchi) so`zlar haqida. 6. Sintaksis haqida.

M.V.Lomonosov so`z haqida fikr yuritar ekan, uning insonlarga o`z tushunchalarini ifodalash uchun, o`zgalarga xabar etkazish uchun xizmat qilishini to`g`ri ta`kidlaydi. Haqiqatan so`z ma`no anglatishi bilan, narsa, predmet, voqea - hodisalar haqida xabar, tushuncha berishi bilan ijtimoiy ahamiyatga, «quvvatga» ega bo`ladi.

U so`z turkumlari muammosiga to`xtalib, ularni sakkizta deb belgilaydi. Ya`ni: ot, olmosh, fe`l, sifatdosh, ravish, predlog, bog`lovchi, undov. Ushbu so`z turkumlarining nutqda qanday vazifani bajarishini ham izohlaydi. Masalan, nom (ot) narsa-predmetlarni ifodalash uchun, olmosh nomlashni qisqartirish uchun, fe`l esa harakat - holatni anglatish uchun, bog`lovchi tushunchalarimizning o`zaro bog`liqligini, aloqadorligini ko`rsatish uchun xizmat qilishini aytadi.

Umuman olganda, M.V.Lomonosov grammatik sistemasining markazida so`z turkumlari haqidagi ta`limot yotadi. Shunga ko`ra so`z turkumlari mantiqiy-funksional asosda, yuqorida ko`rganimizdek, asosan, ikki guruhga: mustaqil so`zlar va yordamchi so`zlarga ajratiladi. Mustaqil so`zlar-ot, fe`l, sifat va sonlar bo`lib, ular ob`ektiv borliqni aks ettiradi. Yordamchi so`zlar esa til birliklarining tejamkorlik principiga muvofiq nutqiy takrorni qisqartiradi, takrordan qutqaradi. Demak, yordamchi so`zlar, asosan, mustaqil so`zlarni bog`lash yoki ularni qisqartirish uchun xizmat qiladi.

M.V.Lomonosov rus ilmiy terminologiyasining boyishiga, mukammallashishiga katta hissa qo`shdi. U rus tili asosida tushunarli, aniq, ona tili lug`at tarkibiga asoslangan ilmiy terminologiyani ishlab chiqdiki, bunga oid terminlarning aksariyati hozirda ham o`z kuchini yo`qotgani yo`q. Masalan, predlojniuy padej, zemnaya os`, kislota, magnitnaya strelka, zakon dvijeniya, mayatnik, chertyoj, opiut, nablyudenie, severnoe siyanie, chasticiu, yavlenie va boshqalar.

M.V.Lomonosov o`zining «Ritorikaga oid qisqacha qo`llanma» (1748) asarida gap nazariyasi haqida atroflicha ma`lumot beradi. Shu bilan rus sintaksisining asosini yaratadi.

U «Rossiya tilidagi cherkov kitoblarining nafi haqida» asarida uch stil` (uslub) haqidagi nazariyani rivojlantirdi. Ya`ni u rus adabiy tilida so`zlarning ma`nosini, qo`llanishi, faollik darajasini, qanday o`rinlarda ishlatilishini, emocional-ekspressiv xususiyatlarini va boshqalarni o`rganib, rus tilidagi uch asosiy uslubni - yuqori, o`rta va quyi uslublarni ajratadi.

Yuqori uslub – slavyan - rus so`zlaridan tuzilib, bunda qahramonlik qasidalari, prozaik nutqlar tuziladi.

O`rta uslub - rus tilida qo`llanadigan so`zlardan tuzilib, sahna asarlari, maktublar, hajviy asarlar yoziladi.

Quyi uslub – cherkov - slavyan tilida mutlaqo uchramaydigan ruscha so`zlar - komediya, epigrammalar, ashulalar, prozada esa maktublar, ish qog`ozlari yoziladi.

Xullas, M.V.Lomonosov o`z tadqiqotlarida fonetika, so`z yasalishi, morfologiya va sintaksis sohalariga oid rus tili materiallarini kuzatish va umumlashtirishga asoslangan empirik metodga qat`iy amal qiladi.

Jonli rus tiliga asoslangan M.V.Lomonosov grammatikasi juda katta shon - shuhratga ega bo`lib, A.Vostokovning «Rus grammatikasi» asarigacha bo`lgan davrda - deyarli 80 yil rus tilining asosiy, etakchi grammatikasi vazifasini o`tadi.



Foydalanilgan adabiyotlar:


    1. Н.A.Кондрашов.История лингвистических учений. M., 1979.

    2. Я.В.Лоя. История лингвистических учений. M., 1968.

    3. В.В.Виноградовю История лингвистических учений. M., 1978.

6-ma`ruza

Qiyosiytarixiy tilshunoslik (komparativistika)

Reja:

  1. Qiyosiy – tarixiy tilshunoslik taraqqiyotining to`rt davri.

  2. F.Bopp qiyosiy – tarixiy tilshunoslikning asoschilaridan biri sifatida.

  3. R.Rask ilmiy merosi xususida.

  4. Y. Grimm va A.X.Vostokovlarning ilmiy faoliyatiga doir.


Asosiy tayanch tushunchalar: Komparativistika haqida, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik taraqqiyotining 4 davri, agglyutinatsiya hodisasi, «bobo til» tushunchasining mohiyati.

XVIII asrgacha til o`zgarmas hodisa deb hisoblangan. Aynan mana shu asrdan boshlab, tilga bunday qarash o`zgardi. Ya`ni XVIII asrning diqqatga sazovor eng katta xizmati shundaki, u tilga o`zgaruvchan, rivojlanuvchan hodisa sifatida baho berdi. Aniqrog`i, ushbu davrda Sharl` de Bros, Jan-Jak Russo, Monboddo, Adam Smit, Pristli, Gerder va boshqalar tillarning tarixiy taraqqiyoti g`oyasini qo`llab, uni rivojlantirdilar.

XIX asrning boshlariga kelib, tilshunoslikka alohida fan sifatida qarash g`oyasi qat`iy tus oldi. Ya`ni XIX asrning birinchi choragida tilshunoslikda faktlarni yig`ish, ularga e`tibor berish g`oyasidan qiyosiy-tarixiy g`oyaga-nuqtai nazarga burilish, o`tish yuz berdi. Albatta, XIX asrning boshlariga kelib, nuqtai nazarlarning o`zgarishiga lisoniy kuzatishlar, bu kuzatishlardan kelib chiqqan muayyan jiddiy fikrlar sabab bo`ldi. Aniqrog`i, XIX asrdan ancha oldin ayrim tillar o`rtasida o`xshashlik borligi aniqlansada, ammo uzoq vaqtlar davomida ushbu o`xshashlikning sabablari ilmiy jihatdan yoritib berilmadi, olimlar o`xshashlik sabablarini tushuntirib bera olmadi. XIX asrning boshlariga kelib, turli mamlakatlardagi ayrim tilshunoslar deyarli bir vaqtda bir qancha tillar o`rtasidagi sistematik o`xshashlikni faqatgina ularning qarindoshligi bilan - bir umumiy qadimiy bobotildan kelib chiqqanligi bilan, keyinchalik esa har biri alohida, mustaqil rivojlanganligi bilangina tushuntirish mumkin, degan xulosaga kelishdi. Shuningdek, tillar o`rtasida o`xshashlik mavjudligi g`oyasining maydonga kelishida fanga tarixiy yondashish yuzaga kelganligi - til hodisalari tarixiylik nuqtai nazaridan izohlana boshlanganligi bilan, tilshunoslikka romantizm g`oyalarining ta`siri, ya`ni jonli tillarning o`tmishini o`rganishga undash g`oyasi bilan hamda sanskrit (qadimgi hind adabiy tili) bilan yaqindan tanishish kabilar tillar o`rtasidagi o`xshashlikni ularning qarindoshligiga ko`ra izohlash mumkinligiga olib keldi.

Masalan, Bengaliyada xizmat qilgan ingliz sharqshunosi va huquqshunosi Vil`yam Djons (1746-1794) sanskrit tilini yunon va lotin tillariga qiyoslab, ular o`rtasida yaqinlik, qarindoshlik borligi haqidagi fikrlarni, ma`lumotlarni qat`iy aytdi.

Nemis olimi Fridrix Shlegel` (1772-1829) esa o`zining mashhur «Hindlarning tili va donoligi» asarida sanskrit tilining na faqat lug`at tarkibida, balki grammatik munosabatida ham lotin, grek, german va fors tillariga qarindosh ekanligini, ularning kelib chiqishiga ko`ra umumiy asosga egaligini qayd etadi.

Demak, tillarni qiyosiy nuqtai nazardan tadqiq qilish, ularga tarixiylik nuqtai nazardan yondashish kabilar qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning maydonga kelishiga, tilshunoslikning alohida, mustaqil fan sifatida qat`iy tan olinishiga zamin yaratdi.

Ushbu jarayonda qiyosiy-tarixiy metodning yaratilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lib, qiyoslash tillarni o`rganishda usul, vosita sifatida, tillarga tarixiylik nuqtai nazaridan yondashish esa tadqiqotning principi (bosh g`oyasi, maqsadi) sifatida namoyon bo`ldi.

Ta`kidlash shart, qiyosiy-tarixiy metodning ochilishigina tilshunoslikning fan sifatida tan olinishiga, boshqa fanlar qatoridan mustahkam o`rin egallashiga olib keldi. Chunki mana shu metodgina til haqidagi fanga chinakam, haqiqiy ilmiylik g`oyasini berdi, ilmiylik ruhini kiritdi.

Qiyosiy-tarixiy metodning yaratilishi bilan tilshunoslik ham tarixiy, ham ilmiy-nazariy jihatdan mustahkam asosga ega bo`ldi.

Еslatish joizki, Mahmud Koshg`ariy, Vil`yam Djons, Fridrix Shlegel` kabi olimlarning ham qiyosiy-tarixiy metodning yaratilishidagi xizmatlarini inkor qilib bo`lmaydi. Ular qiyosiy-tarixiy metodning ochilishiga jiddiy, chinakam yaqinlashishdi. Ammo qiyosiy-tarixiy metodning yaratilishida Frans Bopp, Rasmus Rask, Yakob Grimm, Aleksandr Vostokovlarning xizmatlari nihoyatda katta bo`lib, ular ijodkor (novator) tilshunoslar sifatida maydonga chiqdi.

Qiyosiy-tarixiy metod ilmiy-tekshirish usullarining muayyan sistemasi bo`lib, o`z oldiga qarindosh tillarni qiyoslash orqali o`rganib, u yoki bu tilning tarixini, undagi o`zgarishlarni, lisoniy hodisalarning mohiyatini, uning taraqqiyotidagi qonuniyatlarni ko`rsatib berish, tushuntirish vazifasini qo`yadi.

Hind-Evropa tillarini qiyosiy-tarixiy o`rganish tarixi to`rt davrni o`z ichiga oladi:



  1. Qiyosiy-tarixiy metodning yaratilishidan to yosh grammatikachilargacha bo`lgan davr (XIX asrning birinchi choragi-1870 y).

  2. Yosh grammatikachilar davri (1870-1890 y).

  3. Yosh grammatikachilar davridan to F de Sossyurning «Umumiy tilshunoslik kursi» asari va xet yozma yodgorliklarini o`qib, ma`nosini ochib berishgacha bo`lgan davr (XIX asrning oxiri va XX asrning ikki o`n yilligi).

  4. F. de Sossyur g`oyalaridan bizning davrimizgacha bo`lgan davr.

Birinchi davr, aytilganidek, qiyosiy-tarixiy metodning ochilishidan boshlab, yosh grammatikachilargacha bo`lgan davrni, ya`ni taxminan 1816-1870 yillarni o`z ichiga oladi.

Ushbu davrning etakchi, bosh yo`nalishi qiyosiy-tarixiy metodning yaratilishi va umumiy tilshunoslik fanining asoslanishi bo`ldi.

Birinchi davr ikkiga:


  1. F. Bopp – V.Gumbol`dt

  2. A.Shleyxer – G. Shteyntal bosqichlariga bo`linadi.

Birinchi bosqich (F.Bopp – V.Gumboldt bosqichi).

F.Bopp – V.Gumboldtbosqichi XIX asrning ikkinchi o`n yilligining o`rtalaridan to`rtinchi o`n yillikning oxirlarigacha bo`lgan vaqtni o`z ichiga oladi. Ushbu davr qiyosiy-tarixiy metodning yaratilishi, ochilishi va umumiy tilshunoslik fanining asoslanishi bilan xarakterlanadi.

Qiyosiy-tarixiy metodning asoschilari F.Bopp, R.Rask, Ya.Grimm hamda A.Vostokovlardir.

Frans Bopp. Frans Bopp (1781-1867) buyuk nemis tilshunosi-sanskrit mutaxassisi, Berlin universiteti professori. U 1816 yilda «Sanskrit tilining tuslanish sistemasi va uni grek, lotin, fors va german tillaridagi tuslanish sistemasiga qiyoslash» asarini yozdi.

F.Bopp qayd etilgan tillarda mavjud grammatik shakllarni-tuslanish formalarini qiyoslash asosida ushbu tillar o`rtasidagi umumiylikni, o`xshashlikni ochib berdi. U qiyoslash metodi bilan qiyoslanayotgan tillarning dastlabki holatini, ko`rinishini tiklash mumkin, degan fikrni ilgari surdi. Shunga ko`ra 1816 yil to`liq ma`noda qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning tug`ilish-yaratilish yili deb e`tirof qilinadi.

F.Boppning kashfiyoti, yangiligi nimada? Yuqorida aytilganidek, ko`pgina olimlar V.Djons, Fr.Shlegel` kabilar hind-Evropa tillari bir bobotildan kelib chiqqan, qarindosh tillar oilasini tashkil qiladi, degan fikrni aytishgan.

F.Boppning xizmati shundaki, u qarindosh tillarning materiallari asosida sistemaga asoslangan, sistema xarakteridagi umumiy nazariyani qurib berdi. U fe`llarning qo`shimchalarini qiyoslab, hayratlanarli darajaga keldi. Ya`ni, ma`lum bo`ldiki, hind-Evropa tillarida nafaqat alohida o`xshash hodisalar mavjud, balki ushbu tillarda o`zaro o`xshashlikning, o`zaro muvofiqlikning butun bir sistemasi-grammatik sistemalarning umumiyligi, o`xshashligi mavjudligi aniqlandi. F.Bopp uchun tillar o`rtasidagi o`zaro muvofiqlik faqat vosita edi, xolos. Maqsad esa boshqa. Ya`ni qiyoslanayotgan tillardagi grammatik shakllarning eng qadimiy, dastlabki ko`rinishini-shaklini ochib berish jarayonida bir tilga xos hodisani boshqa til faktlari yordamida yoritish, tushuntirish edi. Anig`i muayyan tilga oid shakllarni (so`z formalarini) boshqa tildagi shakllar (so`z formalari) orqali tushuntirish, izohlash edi. Ushbu nuqtai nazar F.Bopp tadqiqotlarining yangiligidir. U shu bilan qiyosiy-tarixiy metodning asosini yaratdi.

F.Bopp 1833-1852 yillarda uch tomdan iborat bo`lgan «Sanskrit, zend, arman, grek, lotin, litva, eski slavyan, got va nemis tillarining qiyosiy grammatikasi» nomli asosiy asarini e`lon qildi. Bu asarda sanskrit tiliga asoslangan holda ayrim grammatik formalarning taraqqiyotini va ularning dastlabki manbalarini aniqlash mumkin, degan fikrni ilgari surdi.

F.Bopp o`z ta`limoti, asarlari bilan o`sha davrda ma`lum bo`lgan barcha hind-Evropa tillarining qarindoshligini isbotlab berishga erishdi. Uning izlanishlaridan hali u davrda ochilmagan, noma`lum bo`lgan xet, toxar kabi tillargina chetda qoldi. F.Bopp tilshunoslikka hind-Evropa tillari degan terminni ham olib kirdi.

U o`z tadqiqotlarida, asosan, morfologiya bilan shug`ullandi, fonetika, sintaksis-gap shakllari, qo`llanishi, gap tuzilishi kabi masalalarga e`tibor bermadi.

F.Bopp tillarning qarindoshligi masalasida ham jiddiy xatolarga yo`l qo`ydi. Ya`ni u kichik Polineziya va janubiy Kavkaz tillarini ham asossiz ravishda hind-Evropa tillariga kiritdi.



Rasmus Rask. F.Bopp bilan deyarli bir vaqtda, ammo unga mutlaqo bog`liq bo`lmagan holda hind-Evropa tillarining qiyosiy-tarixiy tadqiqi bilan daniyalik buyuk tilshunos prof. Rasmus Xristian Rask ham shug`ullandi.

R.Rask 1811 yilda «Island tili bo`yicha qo`llanma» nomli birinchi ishini e`lon qildi. Ushbu tadqiqotidayoq F.Boppdan ham oldin grammatik ko`rsatkichlarni, ayniqsa, qo`shimchalarni qiyoslashning muhimligini aytib o`tdi. Ayni vaqtda u, Bopp g`oyalarini to`ldirgan holda, leksik qiyoslashga ham katta ahamiyat berdi va bu jarayonda dastavval eng zaruriy tushunchalar, hodisalar va predmetlar bilan bog`langan leksikani hisobga olinishini to`g`ri ta`kidladi.

1818 yilda R.Raskning «Qadimgi shimol tili sohasidagi tadqiqot yoki island tilining kelib chiqishi» nomli asosiy asari e`lon qilindi. U tadqiqotda german, litva, slavyan, lotin va grek tillarining qarindoshligini isbotlab berdi.

Ushbu asarning 2-qismi «Frakiy tili haqida» nomi bilan 1822 yilda nashrdan chiqdi. Ishda island tilining o`rnini belgilagan holda uning got tillari guruhiga va frakiy (grek va lotin) tillariga bo`lgan munosabatini o`rganadi.

R.Rask asarlarida so`zlarning o`z ma`nolarini o`zgartirishi mumkinligiga e`tibor beradi. Shuningdek, tub va o`zlashgan so`zlarning o`ziga xos xususiyatlarini qayd etadi, lisoniy hodisalarni tadqiq qilishda so`zni mukammal morfologik tahlil qilish lozimligini tavsiya qiladi.

U boltiq tillari slavyan tillari bilan ma`lum bog`liqlikka ega bo`lsa-da, ammo ayni tillar hind-Evropa tillarining mustaqil shahobchasi, tarmog`i hisoblanadi, degan haqqoniy fikrni birinchi bo`lib ilgari suradi.

R.Rask, F.Boppdan farqli, hind-Evropa tillarini boshqa til oilalari (masalan, kavkaz-yafetik tillari va Indoneziya tillari) bilan qorishtirmaydi. Shuningdek, u o`z tadqiqot-larida sanskrit tiliga murojaat qilmaydi.

Xullas, R.Rask tilshunoslik tarixida qiyosiy-tarixiy metodning va germanistika fanining asoschilaridan biri sifatida faxrli o`rinni egallaydi.



Yakob Grimm. Mashhur nemis tilshunosi Yakob Grimm (1785-1863) qiyosiy-tarixiy metod yordami bilan german tillarini tadqiq qildi. Ya.Grimmning to`rt tomdan iborat «Nemis grammatikasi» asari tilshunoslik tarixida muhim o`rin tutadi. U ushbu salmoqli asarida nemis tili tarixiy grammatikasini boshqa barcha german tillari bilan qiyoslagan holda beradi.

Asar 1- tomining birinchi nashri 1819 yilda, mazkur tomning butunlay, tubdan o`zgargan ikkinchi nashri 1822 yilda chop etiladi. Ayni tomdan german tillarining tarixiy fonetikasi hamda german tillaridagi undoshlarning siljishi, «ko`chish» qonuni o`rin olgan. Ya`ni Ya.Grimm (R.Rask, Ya.Bredsdorflar kabi) undoshlarning siljishini isbotlab beradi. Masalan, hind-Evropa tillarining nafas tovushlari (yoki nafas bilan aytiladigan tovushlar) yoki portlovchi undoshlar bh, dh, gh – german tillaridagi b, d, g tovushlariga o`zgargan-siljigan, ko`chgan yoki hind-Evropa tillariga oid b, d, g – german tillarida r, t, k ga; hind-evropacha r, t, k – germancha f, th, h ga siljigan, ko`chgan, o`tgan.

Ushbu jarayon fonetik qonunlarning tan olingan dastlabki, birinchi namunasi edi. «Nemis grammatikasi» asarining barcha tomlari 1837 yilda yakunlandi.

Ya.Grimmning «Nemis tili tarixi» asari esa 1848 yilda e`lon qilinadi. U jamiyat tarixini o`rganishda tilning asosiy, eng muhim manba ekanligini aytadi va tilni u yoki bu xalqning madaniy-tarixiy taraqqiyotining mahsuli deb hisoblaydi. Shunga ko`ra Ya.Grimm «Bizning tilimiz bizning tariximizdir» degan g`oyani ilgari suradi. Haqiqatan ham – shunday Ya.Grimm ushbu asarida «Xalqlar haqida suyaklar, qurollar va mozorlarga qaraganda jonliroq guvoh bor. Bu tildir», deydi.

Ya.Grimm «Nemis lug`ati» asarida (birinchi tomi 1854 yilda, oxirgi tomi 1960 yilda e`lon qilindi) nemis shoiri Lyuterdan tortib Gyotegacha bo`lgan nemis tili leksikasini qamrab olishga, ko`rsatib berishga harakat qildi.

Aleksandr Xristoforovich Vostokov. Taniqli rus tilshunos olimi, akademik (1841) A.Vostokov (1781-1864) tug`ma soqov bo`lib, Sankt-Peterburgdagi Rumyancev muzeyi kutubxonasiga boshchilik qilgan.

A.Vostokov slavyan tili materiallari asosida tadqiqot ishlarini olib boradi. U, aytilganidek, qiyosiy-tarixiy metodning asoschilaridan biri hisoblanadi.

Olim «Slavyan tili haqida mulohazalar» (1820), «Rus grammatikasi» (1831), «Viloyat buyuk rus tili tajribasi» (1852) «Cherkov slavyan tili lug`ati» (1858-1861) kabi qator e`tiborga loyiq ishlarni yaratdi.

A.Vostokov tadqiqotlari yangi boy faktik materiallarga asoslangan bo`lib, slavyan tilining taraqqiyotiga katta ta`sir ko`rsatdi. Shuningdek, qiyosiy-tarixiy metodning qat`iy qaror topishiga ham imkon yaratdi.

A.Vostokovning 1820 yilda e`lon qilgan «Slavyan tili haqida mulohazalar» maqolasi unga katta shuhrat keltirdi. Olim bu asarida slavyan filologiyasiga oid masalalarga to`xtalib, hind-Evropa tillarining slavyan tillari oilasiga mansub rus tilining eski slavyan, polyak va serb tillariga bo`lgan munosabatini aniqlaydi, izohlaydi.

A.Vostokovning qayd etilgan maqolasi tarixiy fonetika sohasidagi dastlabki ish hisoblanadi.

A.Vostokov 1842 yilda «Rumyancev muzeyidagi rus va slavyan qo`lyozmalarining tasviri» nomli ko`p yillik mehnatining natijasini e`lon qiladi. Ushbu tadqiqotida eski slavyan tilining shahobchalari bo`lgan bolgar, serb, rus va janubiy rus (ukrain) tillarini izchillik bilan farqlaydi. Bu esa amaliyotda eski slavyan tilining taraqqiyoti va undagi o`zgarishlarni davrlashtirishga, ya`ni qadimgi (IX-XIV), o`rta (XV-XVI) va yangi davrlarga bo`lishga imkon beradi.

A.Vostokov slavyan tillariga tarixiylik nuqtai nazardan yondashishni ilk bor boshlab bergan olimdir. U tarixiy principga amal qilgan holda eski slavyan tilidagi burun unlilarini aniqlaydi, ayrim harflarning talaffuzini belgilaydi, so`z turkumlarining (masalan, sifat, ravishdosh-larning) paydo bo`lish vaqti bilan bog`liq ayrim fikrlarni bayon qiladi.

Xullas, Rossiyada qiyosiy-tarixiy tadqiqotlar, slavyan tillari oilasiga mansub tillarni o`rganish, ayni tillarni qiyosiy-tarixiy metod asosida tadqiq qilish, ularni davrlashtirish kabilar dastavval akademik A.X.Vostokov nomi bilan bog`liqdir.

Hind-Evropa tillarini qiyosiy-tarixiy o`rganishning birinchi davri, aytilganidek, qiyosiy-tarixiy metodning yaratilishi va umumiy tilshunoslik fanining asoslanishi bo`ldi.


Foydalanilgan adabiyotlar

  1. T.A.AАмирова, Б.A.Oлховиков, Ю.В.Рождественский.

Oчерки по лингвистики. M., 1975.

  1. Я.В.Лоя. История лингвистических учений. M., 1968.

  2. Xрестоматия по истории языкознания XIX-XX веков.

M.,1956.

  1. Н.A.Koндрашов. История лингвистичевких учений.

M.,1979.

  1. В.И.Кодухов. Oбщее языкознание. M., 1974.

  2. S.Usmonov. Umumiy tilshunoslik. T., 1972.


7-maruza

Vilgelm fon Gumboldt va umumiy tilshunoslikning

vujudga kelishi

Reja:

  1. V.Gumboldt umumiy nazariy tilshunoslikning asoschisi sifatida.

  2. V.Gumboldt tilning tabiati haqida.

  3. V.Gumboldtning til antinomiyalari.

Asosiy tayanch tushunchalar: V.Gumboldtning “til falsafasi”; «Yava orolidagi kavi tili haqida»; til antinomiyalari; til - faoliyat, nutq - faoliyat mahsuli, tilning ichki formasi, tilning tashqi formasi haqida; til xalq ruhining tashqi ko`rinishi; til jamiyat rivojining asosiy belgisi.

Germaniyaning eng buyuk olimlaridan biri bo`lgan V.Gumbol`dt (1767-1835) har tomonlama bilim sohibi edi. U tilshunoslik, adabiyot nazariyasi, falsafa, davlat huquqi, siyosat va diplomatik faoliyat bilan shug`ullanadi, Berlin universitetining asoschisi hamda davlat arbobi hisoblanadi.

V.Gumboldtning til bilimi nihoyatda keng bo`lib, ulkan olim nafaqat hind-Evropa tillarini bilar, balki dunyoning boshqa tillari - bask tilidan tortib, Amerikaning kichik Polineziya va mahalliy aholisining (indeeslarning) tillari haqida ham chuqur bilimga, ma`lumotga ega edi.

V.Gumboldt asarlari, g`oyalari, koncepciyalari bilan umumiy nazariy tilshunoslikka asos soldi. Buyuk olim tilshunoslikning, idealistik ruhda bo`lsa-da, qator eng muhim va murakkab muammolarini hal qilib berdi, ta’limotlar yaratdi. Shu tufayli u jahon tilshunosligining keyingi taraqqiyotiga juda katta ta`sir ko`rsatdi.

Qiyosiy-tarixiy metodning asoschilaridan biri bo`lgan F.Bopp uni hurmat bilan tilga olsa, G.Shteyntal, A.Shleyxer, K.Fosler, A.Pott, G.Kursius, A.Potebnya, B.de Kurtene kabi taniqli va mashhur tilshunoslar o`zlarini uning shogirdi deb hisoblaganlar.

Agar F.Bopp umumiy, nazariy g`oyalardan, qarashlardan chetlashib, asosan, faktlar yig`ish, ularni qiyoslash, ular orasidagi munosabatlarni, bog`liqliklarni aniqlash bilan shug`ullangan bo`lsa, V.Gumboldt nazariy, falsafiy g`oyalar bilan, tilning ilmiy nazariyasini yaratish bilan mashg`ul bo`ldi. Aniqrog`i, V.Gumboldtning tilshunoslikdagi ahamiyatini, o`rnini I.Kant va Gegellarning jahon falsafasi taraqqiyotiga ko`rsatgan ta`siri bilan qiyoslash mumkin.

V.Gumboldtning umumiy tilshunosligini til falsafasi deb aytish mumkinki, bu falsafa eng oliy lisoniy umumlashmalarni va uzoq davrlarda ham tilshunoslik rivojiga jiddiy ta’sir ko`rsatadigan xulosalarni qamrab oladi.

V.Gumboldt til falsafasini tiklab, uning obro`-e’tiborini ko`tardi va ayni falsafaga butunlay yangi yo`nalish berdiki, bu yo`nalish qiyosiy-tarixiy metod bilan zich bog`langan holda, uning asosida yuzaga keldi. Aniqrog`i, V.Gumboldtgacha bo`lgan nazariyalar bo`sh, mustahkam asosga ega bo`lmagan, shunchaki, yuzaki nazariyalar edi. V.Gumboldt esa tilning ilmiy nazariyasini, til falsafasini til hodisalariga qiyosiy-tarixiy metodni qo`llash asosida qurdi, yaratdi. Natijada uning ta`limoti, lisoniy qarashlari tilshunoslik fanining taraqqiyotiga uzoq yillar davomida samarali xizmat qildi.

V.Gumboldt1820 yilda Berlin akademiyasida «Tillar taraqqiyotining turli davrlarida ularni qiyosiy-tarixiy o`rganish haqida» degan mavzuda ma`ruza qiladi. Ushbu mavzudagi ma`ruza uning tilga oid dastlabki tadqiqoti bo`lib, muallif unda til haqida alohida, mustaqil fan yaratish zarurligi g`oyasini o`rtaga tashlaydi va uni asoslab beradi.

Shuningdek, olim ma`ruzasida qarindosh va qarindosh bo`lmagan tillarning tipologik qiyosiy grammatikasini yaratish tarafdori bo`lib chiqadi. U o`zigacha bo`lgan, ya`ni har bir tilning o`ziga xosligini, mustaqilligini tan olmaydigan, barcha dunyo tillarini tayyor mantiqiy jadvallarga majburan kiritishga intiluvchi deduktiv umumiy grammatikani – Por Royal` grammatikasini inkor qiladi. V.Gumboldt turli tillardagi aynan bir tushunchani - fikrni ifoda etishning, etkazishning turlicha usullarini aniqlashga intiladi.

V.Gumboldt hayotining oxirgi yillarida o`zining eng muhim uch tomli «Yava orolidagi kavi tili haqida» nomli salmoqli asari ustida ish olib boradi. Bu asar uning vafo-tidan so`ng akasi A.Gumboldttomonidan 1836-1840 yillarda nashr qilindi.

V.Gumboldtning qayd etilgan tadqiqotlarining bevosita nazariya bilan bog`liq kirish qismi nihoyatda katta ahamiyatga egadir.

Ishning kirish qismi «Inson tili tuzilishining har xilligi va uning inson naslining ma`naviy taraqqiyotiga ta`siri» deb nomlanib, turli tillarga - 1859 yilda esa rus tiliga tarjima qilinadi.

V.Gumboldtaynan mana shu asarida, ayniqsa, uning kirish qismida o`zining tilga bo`lgan nazariy - falsafiy qarashlarini mukammal bayon etadi.

U tadqiqotlarida tilga aloqa vositasi sifatida, predmetlarni anglatish vazifasini bajaruvchi sifatida baho berdi. Ayni vaqtda olim tilning murakkab o`zaro qarama - qarshi xu-susiyatlardan iborat ko`p jihatli hodisa ekanligini qayd etadi.

V.Gumboldt tilni mukammal o`rganishda, unga xos belgi-xu-susiyatlarni, boshqa hodisalar bilan aloqasini, o`ziga xosli-gini aniqlash va ochishda antinomiya metodini, ya`ni o`zaro zid, qarama-qarshi qo`yish usulini qo`llaydi. U ushbu usul orqali tilga xos xususiyatlarni, uning eng muhim jihatlarini birma-bir bayon etadi. Shuningdek, til nazariyasi haqidagi mukammal ta`limotlarni, g`oyalarni yaratadiki, bu ta`limot va g`oyalar nazariy tilshunoslikning taraqqiyotida yangi-yangi qarashlarni ochishda xizmat qildi. Til va tilga yondash hodisalarning, til bilan bevosita aloqador, bog`liq jarayonlarning o`zaro dialektik munosabatda ekanligi ma`lum bo`ldi.

Xullas, V.Gumboldtning tilni o`rganish jarayonida belgilagan, qayd etgan antinomiyasi – til hodisalariga dialektik zidlik asosida yondashishi jahon tilshunosligi lisoniy tafakkur taraqqiyotida juda katta ahamiyatga ega bo`ldi.

V.Gumboldtning til antinomiyasi (o`zaro zidligi va bir-ligi) quyidagilarda namoyon bo`ladi:

1. Ijtimoiylik (sociallik) va alohidalik (individuallik) antinomiyasi. Ya`ni til bir vaqtning o`zida ham ijtimoiy, sotsial, ham alohida, individual hodisa. Til bir vaqtning o`zida ham yakka, alohida shaxsga, ham ko`p shaxsga, umumga tegishli. Tilning ijtimoiyligi jamiyat bilan, shaxslar bilan - xalq mahsuli sifatida belgilansa, tilning alohidaligi bir shaxs bilan, yakka individ bilan - ayrim shaxs mahsuli sifatida belgilanadi.

Alohida shaxslar o`zlarigacha bo`lgan avlodlar, xalqlar tomo-nidan yaratilgan lisoniy mahsulotdan, «hosil»dan foydalanadi.

Demak, yuqorida aytilganlardan tildagi umumiylik va xususiylik dialektikasi, antinomiyasi namoyon bo`ladi.

2. Til va tafakkur antinomiyasi. Til tafakkursiz, tafak-kur esa tilsiz mavjud emas. Biri ikkinchisini taqozo qiladi, talab qiladi. Inson hayotida, insonning lisoniy va aqliy fa-oliyatida til va tafakkur alohida, yakka holda mavjud emas, ular birgalikda, o`zaro bog`liqlikda «yashaydi», insonga xizmat qiladi. Ayni vaqtda ularning har biri o`ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Demak, bundan til va tafakkurning dialektik munosabati - o`zaro ajralmasligi, bog`liqligi va shu bilan birga ichki zidligi, qarama - qarshiligi g`oyasi kelib chiqadi. Tilning (tovushning) moddiyligi, tafakkurning esa psixik hodisaligi ma`lum bo`ladi.

Til va tafakkurning dialektik birligi, ajralmasligi birining ikkinchisisiz mavjud emasligida, biri, tabiiy ra-vishda, ikkinchisini talab qilishida, biri ikkinchisi orqali namoyon bo`lishida; ularning dialektik zidligi, ichki qarama-qarshiligi esa tilning moddiy, «tashqi» hodisaligida, tafak-kurning esa ruhiy, «ichki» hodisaligida ko`rinadi. Ya`ni til ham, tafakkur ham muayyan bir butunlikning o`zaro ajralmas va ayni vaqtda o`zaro zid, qarama-qarshi ikki tomonidir.

3. Til va nutq antinomiyasi. Til muayyan sistemadir, «organik butunlikdir». Shuningdek, u nutqiy faoliyatning alohida aktidir (harakatidir). Boshqacha aytganda, til nutqiy fao-liyatning alohida aktlar (harakatlar) ko`rinishidagi voqe bo`li-shidir. Til ayrim nutq aktidan farq qiladi va ayni vaqtda u nutq aktida, jonli nutqda mavjud bo`ladi, yashaydi.

Til - faoliyat, nutq - faoliyat mahsuli, tilning voqelanishi, namoyon bo`lishidir. Demak, til faoliyati til va nutqdan tashkil topadi. Til faoliyatida til va nutq ajratiladi, farqlanadi.

V.Gumboldtning til va nutq antinomiyasi, ularning farqlanishi, til va nutqning dialektik munosabatda olinishi tilshunoslik taraqqiyotiga qo`shilgan juda katta hissa bo`ldi.

4. Nutq va tushunish antinomiyasi. Til va nutq antinomiyasiga bevosita aloqada bo`lgan ushbu dialektik bog`liqlikda, «birlikda» nutq va uni tushunish, aslida, til faoliyatining turli shakllaridir, nutqiy faoliyatning ikki tomonidir. Ya`ni so`zlar individ nutqidagina - nutq faoliyatidagina muayyan aniqlikka, ma`noga ega bo`ladi.

Nutq tashqi, bevosita ta`sir qiluvchi, moddiy faoliyat bo`lsa, nutqni tushunish esa ichki, ruhiy faoliyatdir.

5. Til holati va taraqqiyoti antinomiyasi. Tilning statikligi (turg`unligi) va dinamikligi (harakatchanligi) antinomiyasi. Til taraqqiyotining tugallanganligi va til taraqqiyotining to`xtovsizligi antinomiyasi. Til tugal tashkil topgan va ayni vaqtda doimiy rivojlanayotgan hodisa, jarayondir. Har bir avlod tilni tayyor holda oldingi avloddan qabul qiladi. Bu jihatdan til tayyor holdagi - tashkil topishiga ko`ra tugallangan hodisadir. Shuningdek, til doimo ijodiy, taraqqiyotdagi, yangilanishdagi, «o`sishdagi», yangi - yangi birliklarning, shakllarning paydo bo`lishidagi «qaynayotgan» jarayondir.

6. Tildagi ob`ektivlik va sub`ektivlik antinomiyasi. Til ob`ektiv, ayni vaqtda sub`ektivdir.

Til o`zining haqiqiy «hayotini» insonlar orasida qo`llanishidagina topsada, ammo uning mavjudligi, «hayotiyligi» alohida shaxslarga bog`liq emas. U jamiyatning aloqa quroli sifatida ob`ektiv mavjud. Til bir vaqtning o`zida insonga ham bog`liq, ham bog`liq emas. Bir tomondan inson tilni an`anaga ko`ra qabul qilsa, o`zlashtirsa - ob`ektiv ravishda, ikkinchi tomondan, uning o`zi doimo tilni yaratadi, yangidan «quradi», barpo qiladi. Har gal individ nutqida til birliklari, vositalari, til «xom ashyosi» harakatga keladi, jonlanadi – sub`ektiv ravishda.

7. Fikrni obyektivlashtirish va fikrni rag`batlantirish antinomiyasi. Ushbu antinomiyada til tinglovchi fikrini ob`ektivlashtiruvchi va rag`batlantiruvchi, yuzaga keltiruvchi kuch, sabab sifatida namoyon bo`ladi.

Til sub`ektda paydo bo`lgan fikrni obyektivlashtiradi, reallashtiradi, umumga etkazadi – ta`sir qiluvchi kuchga aylantiradi. Fikrni ob`ektivlashtirish jarayoni fikrni o`zgalarga etkazish imkoniyatini beradi, yaratadi. Ammo ayni vaqtda har bir nutq, har bir fikrni ifodalash sub`ektivdir. Nutqni qabul qiluvchi, idrok qiluvchi shaxs – tinglovchi nutqni go`yoki qaytadan o`zida yaratadi.

V.Gumboldt asarlarida tilning so`z va grammatik qoidalardan iboratligini, til birligi bo`lgan so`zning esa tushunchani ifodalaydigan belgi, ramz ekanligini to`g`ri qayd etadi.

U har bir xalqning tilida o`sha xalqning tarixi, madaniyati va, umuman, uning butun ruhiy dunyosi namoyon bo`lishini ta`kidlaydi.

V.Gumboldt lisoniy ta’limotining eng muhim nuqtalaridan biri til shakli (formasi) haqidagi ta`limot yoki, boshqacha aytganda, tilning ichki tuzilishi haqidagi nazariyadir.

V.Gumboldt ta’limotiga ko`ra til formadir (shakldir). U til formasining bir qancha xususiyatlarga ega ekanligini aytadi. Shulardan biri til formasining nutq tovushlaridan tashkil topishidir. Ya’ni nutq tovushlari tilning formasini hosil qilishidir. Yana biri til formasining sistema sifatida namoyon bo`lishidir. Ya`ni har bir til elementi, birligi boshqa elementga ko`ra mavjuddir, u bilan o`zaro bog`liqdir, aloqadordir. Shuningdek, til formasi ikki jihatning, ikki tomonning: moddiy va ruhiy, tashqi va ichki tomonlarning birligidan, bog`liqligidan iboratdir.

Tilning tashqi formasi tilning materiyasi, xom-ashyosidir, uning tovush sistemasidir. Aytilganidek, nutq tovushlari tilning shaklidir.

Nutq tovushlari muayyan ma`no ifodalovchi til birliklarini hosil qilishda qo`llanadigan, ishlatiladigan shaklidir.

Tilningn ichki formasi til strukturalarining tashkil qilinish, fikrni tilda ob`ektivlashtirish usulidir, xalq ruhining ifodasidir. V.Gumboldt tilning ikki formasi haqidagi ta`limotida ichki formani xalqning ruhi bilan bog`laydi. Ya`ni ichki forma xalq ruhining qandayligini ko`rsatadi hamda so`z orqali ifodalanadigan ma`nodir.

V.Gumboldt fikricha, xalqning tili uning ruhidir va xalq ruhi uning tilidir.

V.Gumboldtning ichki forma haqidagi ta`limotining xatosi shunda ediki, u tilning ichki formasini (shaklini) faqat milliy ruh bilan, xalq ruhi bilan va mutlaq g`oya bilan bog`laydi. Ya`ni u tillarning milliylik xususiyatini alohida tillarning konkret tarixiy taraqqiyotiga bog`liq shart - sharoitlar bilan, xalq tarixi bilan, tilni yaratuvchi, uni o`zida tashuvchi, undan foydalanuvchilar bilan bog`liq holda tushuntirmaydi. Balki tilning ichki formasini, tillarning milliylik xususiyatini mavjud bo`lmagan, etarli darajada aniqlanmagan, o`rganilmagan ruhiy ibtidoning namoyon bo`lishi bilan tushuntiradi. Aniqrog`i, V.Gumboldt nemis faylasufi I.Kant kabi ongni, ruhni alohida mavjud bo`lgan ibtido deb, biladi va uni ob`ektiv mavjud bo`lgan moddiy tabiatga bog`liq bo`lmagan hodisa deb, izohlaydi. Shu ta`limotdan kelib chiqib, u tilni ruhning butun majmuidan iborat deb, ta`riflaydi va til ruhga xos bo`lgan qonunlar asosida rivojlanadi, deb biladi. Uning fikricha, tilda xalqning ma`naviy qiyofasini aks ettiradigan ma`lum bir dunyoqarash ifodalanadi. Boshqa tilni o`rganish bilan go`yo dunyoqarash ham o`zgaradi. Shu fikr asosida V.Gumboldt tilning «ichki formasi» haqidagi ta`limotini yaratadi. «Ichki forma», uning fikricha, bir tomondan, xalqning ruhi qandayligini ko`rsatsa, ikkinchi tomondan, so`z yasalishi, shakllanishi jarayonida ifodalanadigan ma`nodir.

V.Gumboldt nutq tovushlarini til formasi deb, so`zning nutqda qo`llangandagi qiyofasini so`zning grammatik formasi deb, ta`riflaydi. Uning bu fikrlari hamda «ichki forma» haqidagi ta`limoti, ayni ta`limotning idealistik jihatlari olib tashlansa, ushbu fikrlar umum tilshunoslikda hozir ham diqqatga sazovordir.

Aytish mumkinki, XIX asr tilshunoslik tafakkuri, taraqqiyoti V.Gumboldtning lisoniy nazariyalari asosida taraqqiy qildi. Uning ko`pgina lingvistik g`oyalari XIX va XX asr tilshunosligining rivojiga jiddiy ta`sir qildi.

Xullas, F.Bopp, R.Rask, Ya.Grimm, A.Vostokovlar qiyosiy -tarixiy tilshunoslik va bu tilshunoslikning ilmiy-tadqiqot usuli bo`lgan qiyosiy-tarixiy metodga asos solgan bo`lsalar, V.Gumboldt umumiy nazariy tilshunoslik faniga, uning mustaqilligiga, til falsafasiga asos soldi.

Hind – Evropa tilshunosligining XIX va XX asrning boshlaridagi taraqqiyot davrida Vilgelm Gumboldt g`oyalarining ta`siri natijasida umum tilshunoslikda muayyan ta`limotlar, yo`nalishlar maydonga keldi. Bu ta`limotlar jahon tilshunosligida naturalizm (A.Shleyxer ta`limoti) va psixologizm (G.Shteyntal ta`limoti) va boshqa nomlar ostida namoyon bo`ldi.


Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Ya.V.Loya. Istoriya lingvisticheskix ucheniy. M., 1968.

  2. N.A.Kondrashov. Istoriya lingvisticheskix ucheniy.M., 1973.

  3. V.I.Koduxov. ObShee yaziukoznanie. M., 1974.

  4. S.Usmonov. Umumiy tilshunoslik. T., 1972.

  5. T.A.Amirova, B.A.Ol`xovikov, Yu.V.Rojdestvenskiy. Ocherki po istorii lingvistiki. M., 1975.

  6. N.A.Baskakov, A.S.Sodiqov, A.A.Abduazizov. Umumiy

tilshunoslik T., 1979.

Yüklə 473,89 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə