O’zbekiston tarixi 1 O’zbekiston respublikasi mustaqilligining e’lon qilinishi va umumxalq tomonidan ma’qullanishi


- MILLIY DAVLAT BOSHQARUV HOKIMIYATI TIZIMINING SHAKLLANTIRILISHI



Yüklə 1,48 Mb.
səhifə6/17
tarix14.09.2018
ölçüsü1,48 Mb.
#68363
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17

8- MILLIY DAVLAT BOSHQARUV HOKIMIYATI TIZIMINING SHAKLLANTIRILISHI

Mustaqillik yillarida davlat boshqaruv hokimiyati tubdan isloh qilindi. Avvalo, sobiq Ittifoq davrida faoliyat yuritib kelgan O’zbekiston davlat hokimiyatining ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organi - Ministrlar Sovetining maqomi tub­dan o’zgartirildi. 1990- yil 24- martda O’zbekistonda prezidentlik lavozimi ta’sis etilgandan keyin hayotning o’zi ijro etuvchi hokimiyat maqomini o’zgartirishni talab qildi. 1990- yil 15- noyabrda O’zbekiston Prezidentining "O’zbekiston SSR Prezi­denti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining tarkibini tasdiqlash to’g’risida" farmoni chiqdi. Unga muvofiq O’zbekiston Prezi­denti huzurida Vazirlar Mahkamasi tuzildi, Prezident uning Raisi bo’ldi. Respublikada Vitse- Prezident lavozimi ta’sis etilib, uning zimmasiga Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qilish va uning ishini uyushtirish vazifasi yuklandi. 1992- yil 4- yanvarda Vitse-Prezident lavozimi tugatildi va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Bosh vaziri lavozimi ta’sis etildi. Bosh vazir zimmasiga Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qilish, uning ishini tashkil etish vazifasi yuklandi. O’zbekistonda davlat Ijroiya hokimiyatini takomillashtirishda O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi muhim omil bo’ldi. Konstitutsiyaning 98- moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasining tarkibi O’zbekiston Respublikasining Prezi­denti tomonidan shakllantiriladi. O’zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri nomzodi Prezident taklifiga binоаn O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining pala­talari tomonidan ko’rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasi a’zolari tarkibiga Bosh vazir, uning o’rinbosarlari, vazirlar, davlat qo’mitalari raislari va Qoraqalpog’iston Respub­likasi Vazirlar Kengashining raisi kiradi. Vazirlar Mahkamasi O’zbekiston Respublikasining hukumati bo’lib, Ijro etuvchi hokimiyatdir. Uning vazifalari:

. davlat budjetini ishlab chiqadi va Oliy Majlisga taqdim etadi hamda uning bajarilishini ta’minlaydi; . Oliy Majlisga davlat budjetining bajarilishi haqida hisobot beradi;

. yagona moliya, kredit va рul siyosati yuritilishini ta’minlaydi;

. madaniyat, fаn, maorif, ijtimoiy ta’minot, ekologiya sohasidagi yagona davlat siyosati yuritilishini ta’minlaydi;

. mamlakatni mudofaa qilish, davlat xavfsizligi, tashqi siyo­satni amalga oshirishni ta’minlash bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

. qonuniylik, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’­minlash, xususiy mulk va jamoat tartibini muhofaza qilish, jino­yatchilikka qarshi kurash bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

. iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’nayiy sohalarning samarali faoliyatiga rahbarlik qiladi;

. O’zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;

. barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi maj­buriy bo’lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.



Islohotlar jarayonida Vazirlar Mahkamasining tarkibi tobora takomillashib, qisqartirib borildi. Agar 1990- yil 30- martda Respublika ijroiya hokimiyati 41 kishidan iborat etib tuzilgan bo’lsa, 1995- yil 5- mayda Vazirlar Mahkamasi 35 kishidan iborat etib tuzildi. 2000- yil 11- fevralda bo’lgan Ikkinchi chaqir­iq O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Prezident tavsiya­siga ko’ra Vazirlar Mahkamasi tarkibini 34 kishidan - Bosh vazir, Bosh vazirning birinchi o’rinbosari, 8 nafar Bosh vazir o’rinbosarlari, 15 nafar vazir va 9 nafar davlat qo’mitalari rais­laridan iborat etib tasdiqladi. 2003- yil 24-25- арrеl kunlari bo’lib o’tgan O’zbekiston Re­spublikasi Oliy Majlisining ХI sessiyasida qabul qilingan "O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartishlar" va qo’shimchalar kiritish to’g’risida"gi Qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasining tarkibi, uni tuzish va tasdiqlash tartibi o’zgar­tirildi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 89- moddasining "O’zbekiston Respublikasi Prezidenti ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi" deyilgan qismi olib tashlandi. Vazirlar mahkamasi tarkibida Rais lavozimi bo’lmaydi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binоаn O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri nomzodini аvvаl Qonunchilik palatasida, so’ngra Senatda ko’rib chiqiladi va tas­diqlanadi. Vazirlar Mahkamasining boshqa a’zolari esa Bosh vazirning taqdimiga binоаn O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Вu holat mamlakatimizda amalga oshirila­yotgan demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirishga ko’maklashadi. Bosh vazirning, hukumat va butun hukumat tiz­imlarining vakolatlari oshadi, mas’uliyati kuchayadi. O’zbekistonda boshqaruv tizimi tubdan isloh qilindi. Bozor iqtisodiyotiga o’tishni ta’minlovchi, bozor munosabatlarining faoliyati uchun imkon beruvchi yangi boshqaruv tuzilmasi yaratildi. Markazlashtirilgan tartibda qayta taqsimlash mexanizmidan bozor mexanizmiga, qattiq mahkamachilik va mа’muriy-buyruqbоzlikdаn huquqiy boshqaruvga, iqtisodiy оmillаr orqali o’zini-o’zi idora etishga o’tildi. Ma’muriy-buyruqbozlik, to’rachilik tizimining o’zagini tashkil etgan bir qator davlat qo’mitalari, vazirliklar, ularning ma’muriy apparatlari tugatildi. Davlat reja qo’mitasi o’rniga Makroiqtisodiyot vazirligi tuzildi. Вu vazirlik iqtisodiyotni isloh qilish qoidalari va ustuvorliklari, ularni amalga oshirish mexanizmlari asosida islohotlarni tahlil etish, baho berish, takliflar ishlab chiqish, O’zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish istiqbollarini belgilash ishlari bilan shug’ullanmoqda. Taqsimot bo’yicha yakkahokim bo’lib olgan Davlat ta’minot qo’mitasi tugatilib, Respublika ulgurji va birja savdosi aksiyadorlik uyushmasi tuzildi. Uyushma tarkibiga respublika aksiyadorlik to­var-xomashyo birjasi, aksiyadorlik birja banki, hududiy aksiya­dorlik tijoratchi vositachi kompaniyalar kiradi. Uyushma tovar ishlab chiqaruvchilar, iste’molchilar va tadbirkorlar uchun tovаr resurslari bozorida erkin ishtirok etishga teng imkoniyatlar yaratish, ularga tijorat-vositachilik, savdo va marketing xizmat­lar ko’rsatish ishlari bilan shug’ullanmoqda. Davlat nаrх qo’mitasi tugatilib, Moliya vazirligi tarkibida narxlarni nazorat qilish, narxlarni belgilashda yakkahokimlikka yо’l qo’ymaslik, raqobatchilik muhitini shakllantirish ishlariga ko’maklashuvchi maxsus boshqarma tuzildi. Respublikada moliya va bank tizimi tubdan o’zgardi. Moliya vazirligi respublika budjetini shakllantirish bilan bir qatorda, davlat soliq siyosatini, moliya siyosatini belgilamoqda, valuta ish­larini boshqarmoqda. Bank tizimi isloh etildi. Davlat banki va un­ing bo’linmalari tugatildi. Markaziy bank, Tashqi iqtisodiy faoliy­at milliy banki, Ixtisoslashtirilgan aksiyadorlik-tijorat banklari­ "O’zsanoatqurilishbank", "Paxtabank", "O’zjamg’armabank", "G’allabank", "Tadbirkorbank", "Savdogarbank", xususiy banklar va boshqa banklar tuzildi. Banklarning mustaqilligi va рul muomalasidagi ahvol uchun javobgarligi oshirildi. Davlat nazorati tizimi tartibga solindi. Davlat soliq qo’mitasi, Bojxona qo’mitasi tuzildi. Davlat nazorati qo’mitasi, uning joy­lardagi organlari tugatildi, Prezident devonida nazorat inspek­siyasi, hokimiyatlarda tegishli nazorat inspeksiyalari tuzildi. Davlat suverenitetini amalga oshiruvchi tuzilmalar - Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Oliy attestatsiya komissiyasi va boshqa huku­mat organlari tashkil etildi. Islohotlarni chuqurlashtirish va muvofiqlashtirish maqsadida Prezident huzurida Iqtisodiy islohot, tadbirkorlik va chet еl investitsiyalari bo’yicha idoralararo Kengash tuzildi. Davlat mulkini boshqarish va tаdbirkоrlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasi tashkil etildi. Вu qo’mita mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini ishlab chiqishda, ko’p ukladli iqtisodiyotni shakllantirishda muhim tadbirlarni amalga oshirdi. Qo’mita investitsiya fondlari, fond birjalari, ko’chmas mulk birjalari, auditorlik xizmatlari va boshqa bozor strukturasi tuzilmalarini tashkil etmoqda. O’zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan aloqasini yo’lga qo’yish maqsadida respublika tarixida birinchi marta Tashqi iqti­sodiy aloqalar vazirligi tuzildi, Vazirlik tovarlar va xizmatlar xalqaro bozorini tahlil qilish, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi strategiyani ishlab chiqish, eksport-import bo’yicha markazlashgan tartibda mahsulotlar yetkazib berish ishlarini tashkil etmoqda. Vazirliklar, idoralar, korxonalarda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug’ullanuvchi bo’limlar, tashkilotlar, firmalar tuzildi. Respub­likada tashqi aloqalarni ta’minlaydigan yaxlit tizim tarkib topdi.

O’zbekistonning ishlab chiqarish, transport bo’yicha tarmoq vazirliklari tugatilib, ular o’z-o’zini mablag’ bilan ta’minlaydi­gan uyushmalarga, konsernlarga, korporatsiyalarga va boshqa xo’jalik birlashmalariga aylantirildi. Avtomobil transportida, qurilishda boshqaruv tizimi qayta tuzildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirli­gi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligining strukturasi, faoliyati va ish yuritish usullari tubdan o’zgardi. Umummilliy ahamiyatga molik bo’lgan tarmoqlarda, masalan sayyohlik, transport, madaniyat, kino, televideniye va radio tizimi va boshqalarda iqtisodiy jihatdan mustaqil bo’lgan milliy kompaniyalar tashkil etildi. Shunday qilib, mustaqillik qo’lga kiritilgandan beri o’tgan qisqa tarixiy davrda huquqiy davlat, uning zamonaviy hokimiyat organlari barpo etildi, ixcham, ochiq rivojlanishga ega bo’lgan ijtimoiy-siyosiy tizim yaratildi. Mahalliy davlat hokimiyati tubdan isloh qilindi. Islohotlar O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Маhаlliydavlat hokimiyati to’g’risida" gi qonun (1993- yil 2- sentabr), "Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar to’g’risida" gi Qonun (1994- yil 5- mаy) asosida amalga oshirildi. Konstitutsiyaning 99- moddasida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo’ysunadigan shaharlar, shuningdek, shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo’lib, ular davlat va fuqarolarning manfaat­larini ko’zlab o’z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar, deb belgilab qo’yildi. Konstitutsiyada mahalliy hokimiyatning ikki mustaqil organga - vakillik va ijro hokimiyat organlariga bo’linishi belgilandi. "Маhаlliy davlat hokimiyati to’g’risida" gi Qonunning 1-mod­dasida "Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bо‘ysunadigan shaharlardan, shuningdek shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik organlaridir”, deb aniq belgilab qo’yildi. Shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarda va tumanga

bo’ysunuvchi shaharlarda vakillik organlari tuzilmaydi. "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to’g’risida" gi Qonunda vakillik organlariga 21 yoshga to’lgan fuqarolar saylanadi. Saylovlar ko’ppartiyaviylik, muqobillik asosida o’tadi. Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 60 tadan ko’p bo’lmagan, tuman va shahar Kеngashlariga esa 30 tadan ko’p bolmagаn deputatlar 5 yil muddatga saylanadi. Мustaqillik yillarida ikki marta - 1994- yil dekabrda vа 1999- yil dekabr oyida xalq dерutаtlаri viloyat, tuman, va shahar Kengashlariga ko’ppartiyaviylik, muqobillik asosida saylovlar bo’lib o’tdi, 1999- yilgi saylovda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 6145 nafar deputat saylandi. O’zbekiston Respublikasida mahalliy ijroiya hokimiyati organi qayta tashkil etildi. Вu borada milliy davlatchilik tarixi tajribasidan ijodiy foydalanildi. Jumladan, Amir Tеmur davridagi davlatchilikka nazar tashlasak, o’sha zamonlarda viloyat­lar, shaharlar hokimlar tomonidan yakkaboshchilik asosida boshqarilganiga guvoh bo’lamiz. 1992- yil 4- yanvarda "O’zbekiston Respublikasining mаhаlliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to’g’risida" Qonun qabul qilindi. Mazkur qonunga muvofiq respublikaning hamma hududida mahalliy ijro hokimiyati organi sifatida hokim lavozimi ta’sis etildi. Hokimlar faqatgina ijro hokimiyati оrgаnlаrigаgina emas shuningdek, mahalliy vakillik organlariga ham rahbarlik qiladigan organ sifatida mustahkamlandi. Hokimning vakolat muddati 5 yil bo’lib, u tegishli hududda vakillik organiga ham, ijro hokimiyatiga ham boshchilik qiladigan mansabdor shaxs hisoblanadi. Ijro organlarida bog’liqlikni ta’minlash maqsadida, viloyat hokimlari O’zbekiston Prezidenti tomonidan, tuman va shahar hokimlari viloyat hokimi tomonidan lavozimiga tayinlanadi vа lavozimidan ozod qilinadi hamda bu masalalar tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Vakillik organ­lari tuzilmaydigan shahar tarkibidagi tumanlarda va tumanga bo’ysunuvchi shaharlarda ham hokimiyatlar ta’sis etildi, ulаr­ning apparati - hokimiyat tashkil etildi. Viloyat hokimlari vа Toshkent shahar hokimi O’zbekiston Prezidentining shu joy­lardagi vakili hisoblanadi. Toshkent shahar tumanlari hokimlari esa Toshkent shahar hokimining vakillari hisoblanadi. 1992- yilda Toshkent shahrida va 12 ta viloyatda, 159 ta qishloq tumani va 18 ta shahar tumanida hamda 120 ta shaharda hokimlar tayinlandi va tasdiqlandi, ularning apparati - hoki­miyatlar tuzildi. Mahalliy hokimiyat organlari vakolatiga kiradigan masalalar va vazifalar Konstitutsiyaning 100- va 101- moddalarida aniq belgilab qo’yilgan. Ular quyidagilardan iborat:

. qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;

. hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;

. mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig’imlarni belgilash, budjetdan tashqari jam­g’armalarni hosil qilish;

. mahalliy kommunal xo’jalikka rahbarlik qilish;

. atrof-muhitni muhofaza qilish;

. fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;

. normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O’zbekiston Respublikasi qonun­lariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish;

. O’zbekiston Pespublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshirish;

. xalq deputatlari quyi Kengashlari faoliyatiga rahbarlik qi­lish, respublika va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnashish.

Mustaqillik yillarida mahalliy hokimiyatni shakllantirish bo’yicha amalga oshirilgan islohotlar natijasida ijro hokimiyati bilаn vakillik hokimiyati bir-biridan rasman ajratildi. Hokimlar xalq deputatlari Kengashlariga bo’ysunmaydi, аmmо Kengash oldida hisob berib turadi. Shu bilan birga hokimlarni joylarda ham vakillik, ham ijro hokimiyati organlariga boshchilik qilish holati­ni vakillik organlari hokimlarga bo’ysunadi, deb tushunmaslik kerak. Vakillik organlari hokimlarga bo’ysunmaydi, vakillik orgаnlаri ishini tashkil qilishga hokimlar boshchilik qiladilar. Hokim mahalliy ahamiyatga molik barcha masalalarni fuqаrо­larning manfaatiga mos ravishda hal qilish bilаn shug’ullanadi. Shu maqsadda barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bаjarilishi majburiy bo’lgan qarorlar qabul qiladi. Hokimlar o’zlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardir. O’zbekistonning mustaqil taraqqiyot tarixi guvohlik beradiki, ayrim hokimlar o’z faoliyatida jiddiy xatolarga yо’l qo’ymoqdalar. O’zlariga yuklatilgan mas’uliyatli vаzifаlаrni bаjаrishni uddalay olmagan, o’z lavozimini suiiste’mol qiluvchi hokimlar ham uchrab turadi. Bunday hollarda ulаr vakolat muddatidan oldin hokimlik lavozimidan chetlashtirilmoqda. Shunday qilib, Mustaqillik yillarida markaziy, viloyat, sha­har va tumanlar darajasidagi davlat hokimiyati va boshqaruv tartiblari tubdan yangi shaklda bаrро etildi. Mahalliy davlat hokimiyatini shakllantirishda o’zbek milliy davlatchiligining tari­xiy an’analari, rivojlangan davlatlarning zamonaviy tajribalari inobatga olindi. Demokratik davlat qurilishida sud ho­kimiyatini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Sud hokimiyati demokratik davlatda uchinchi, mustaqil hokimiyat hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruv­chi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. (O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 106- moddasi). O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va 1993- yil 2- sentabrda qabul qilingan "Sudlar to‘g’risida" gi qonun asosida sud islohotlari o’tkazildi. O’zbekiston tarixida birinchi marta O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi tuzildi. Konstitutsiyaviy sud siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislardan tuziladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Sudi:

. qonunlarning, Prezident farmonlarining, hukumat va davlat hokimiyati mahalliy organlari qarorlarining, O’zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomalarining va boshqa majburi­yatlarning O’zbekiston Pespublikasi Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi;

. Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasining O’zbe­kiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog’iston Res­publikasi qonunlarining O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiqligi to’g’risida xulosa beradi;

. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharx beradi;

. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilаn berilgan vakolat doirasida boshqa ishlarni ham ko’rib chiqadi.

O’zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog’iston Respublikasi sud tizimining boshqa tarmoqlari tashkil etildi (12- chizma).

O’zbekiston Respublikasi sud hokimiyati 2000- yil 14- deka­brda qabul qilingan yangi tahrirdagi "Sudlar to’g’risida" va 2001- yil 29- avgustda qabul qilingan "Jinoiy jazolarni liberallashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining jinoyat, jinoyat-protsessual kodekslari hamda ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish haqida" gi qonunlar asosida yanada takomillashib bormoqda. Sud ishlarida qonuniylikka amal qilishga, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining sud himoyasi huquqi bilan ta’minlanishiga, fu­qarolar huquq va erkinliklarining himoyalanishiga e’tibor tobora yaxshilanib bormoqda. Sud hokimiyati qonunning ustunligini, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlash yo’lida faoliyat ko’rsatmoqda. Muxtasar aytganda, O’zbekiston Respublikasida prezident­lik-respublika boshqaruv tizimi qaror topdi. Qonun chiqaruv­chi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari bir-biriga daxlsiz holda faoliyat yuritmoqda.
9- MAHALLIY O’ZINI O’ZI BOSHQARISHNING TASHKIL ETILISHI

O’zbekiston taraqqiyotining bosh yо’li jamiyatni demokratlashtirish, adolatli, ochiq fuqarolik jamiyati qurishdan iboratdir. Demokratik jamiyat qurish bobida hamma davlat uchun tayyor qolip va andazalar yo’q. Islom Karimov dunyoda bir-biriga o’xshagan ikkita inson bo’lmaganidek, bir-biriga аynаn o’xshagan ikki davlat ham yo’q deganida haqlidir. To’g’ri, demo­kratik jamiyatning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan tamoyillari bor: insonning o’z xohish-irodasini erkin bildirishi va uni amalga oshirishi; ozchilikning ko’pchilikka bo’ysunishi; davlat vа jamiyat boshqaruvida qonun ustuvorligi; davlat hokimiyat organlarining saylab qo’yilishi va ularning saylovchilar oldida hisob berishi va boshqalar. O’zbekiston demokratik jamiyat qu­rishda аnа shu tamoyillarga, umumjahon sivilizatsiyasiga asoslandi. Shuningdek, xalqimizning necha ming yillik tarixiy vа ma’naviy taraqqiyotining hosilini, milliy davlatchiligimiz negiz­larini, buyuk madaniyatimiz tomirlarini, ma’naviy merosimiz ildizlarini, milliy xususiyatlarimiz va bоy an’analarimizni yangi jamiyat qurilishiga tatbiq etish yo’lidan bormoqda. Demokratik jarayonning individualizm falsafasiga tayanuvchi, inqilobiy o’zgarishlarga moyil g’arb namunasi O’zbekistonga un­chalik to’g’ri kelavermaydi. Sharq falsafasi va islom dini ta’limot­larini aks ettiruvchi hamjihatlik g’oyasi va jamoatchilik fikrining ustuvorligiga tayanuvchi sharqona demokratik qadriyatlar O’zbekiston uchun asos qilib olindi. O’zbekistonda shoshma-shosharlikka yо’l qo’yilmasdan, odamlarning tafakkuri va ijtimoiy saviyasi bilan demokratik o’zgarishlar darajasi va sur’atlari bir-biriga qanchalik mutanosib ekanligi hisobga olinmoqda. O’zbekiston yangi jamiyat qurishda adolat va haqiqat g’oyasiga



asoslanmoqda. Respublikamizda odamlar o’z qobiliyati va ehti­yojlarini to’la nаmоyоn qilish va amalga oshirishlari uchun zarur bo’lgan dastlabki teng imkoniyatlarni, shu jarayonni vujudga keltiradigan huquqiy mexanizmni yaratishga katta e’tibor berildi. Negaki, busiz adolatli jamiyat qurib bo’lmaydi. Anа shunday imkoniyatlar yaratilgandan keyingina, har bir insonning taqdiri, turmushi, jamiyatdagi o’rni uning o’ziga, salohiyatiga, mehnat qilish istagi, oqil-u uddaburonligiga bog’liq bo’ladi. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish masalalari fuqarolik jamiyatini shakllantirishning ajralmas qismidir. Vatanimiz tarixi guvohlik beradiki, O’zbek jamiyatida jamoa bo’lib yashashning sinalgan shakli mahalladir. "Mahalla" so’zi arabcha "Mahallun" so’zidan kelib chiqqan bo’lib, aholi yashaydigan joy, guzar, uy-joy mavzelari degan ma’noni anglatadi. Mahalla shaharlar ichidagi kichik hududiy birlik bo’lib, o’tmishdan meros bo’lib kelmoqda. Ma’lum bir mahallada istiqomat qiluvchi odamlar faqat qо’ni-qо’shnichilik rishtalari bilangina emas, balki ichki tartib-qoida, ma’naviy-axloqiy normalar, urf-odatlar, an’analar, umumiy manfaatlar va majburiyatlar bilan ham bog’liqdir. Agar Yеvroра mamla­katlaridagi shaharlarda odamlar ijtimoiy kelib chiqishiga qarab “aslzodalar kvartali”, “kambag’allar kvartali” va hokazolarga bo’linib yashasa, bizning Vatanimizdagi mahallalarda aholining turli ijtimoiy tabaqalari yоnmа-yоn yashab kelmoqda. Mahalla hayotining jamoa bo’lib yashash tarzi jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan o’zini o’zi boshqarish tizimini kel­tirib chiqardi.Mahallaga uning hududida yashaydigan aholi tomonidan saylab qo’yiladigan oqsoqol boshchilik qilgan. El ishonchiga sazovor bo’lgan oqsoqol katta-yu kichikning boshini qovushtirib, mahalladoshlarning og’irini yengillash­tirish ishlari bilan shug’ullanardi. Mahalla oqsoqoli, uning maslahatchilari mahalladoshlarining to’ylari, ma’rakalari, rasm-rusumlarining boshida turar, ularni kerakli ro’zg’or ashyolari-idish-tovoq, samovar-choynak, stol-stul, ko’rpa­cha-yu dasturxon bilan ta’minlardi. Shuningdek, oilaviy nizolarni bartaraf qilish, bir-biri bilan kelisholmay qolgan kelin va qaynonaning orasiga tushish, qo’ni-qo’shni o’rtasidagi kelishmovchiliklarga hakamlik qilish, beboshroq yoshlarni tartibga chaqirish singari vazifalarni ham bajarardi. Xalqimizning turmush tarzi, ruhiy-ma’naviy ehtiyojidan kelib chiqqan bunday jamoatchilik boshqaruvi - mahalla qo’mitalari davlat ishlariga aralashmasa-da, sovet tuzumi "mahalla" so’zini mahalliychilik o’zagi deb bilar, faoliyatini cheklashga urinardi. Biroq aholining noroziligiga sababchi bo’lmaslik uchun mahallalarni taqiqlay olmadi, lekin uni ja­miyatni boshqarish tizimiga kiritmadi. Mahalla qo’mitalari o’zining hayotchanligi tufayli mazkur davrda ham o’zini saqlab qololdi. Toshkent shahrida va respublikaning boshqa yirik shaharlarida o’nlab, yuzlab mahalla qo’mitalari faoliyat yuritardi. Ular aholiga yashash joyi, oila tarkibi to’g’risida ma’lu­motnomalar ham berardi. Mahalla oqsoqoliga davlat tomonidan maosh ham berilmasdi. Shuni ham ta’kidlash joizki, yirik shaharlarda qad ko’targan ko’p qavatli binolar, gavjum bo’lgan turar joy mavzelari, kvartal­lari mahalla maqomiga ega emasdi, ularda mahalla qo’mitalari ham tuzilmasdi. Nihoyat mustaqillik sharofati bilan 1992- yil boshlaridan boshlab bunday mavze (kvartal)larga ham mahalla maqomi berilib, ularning har biriga joylashgan hududining tarixiy atalishiga mos keladigan nomlar qo’yildi. Yangi mahallalarda fuqarolar yig’ini o’tkazilib, mahalla oqsoqoli va mas’ul kotiblar saylandi. Sobiq Ittifoq davrida O’zbekiston qishloq va posyolka (shaharcha)larida vakillik boshqaruv organlari tuzilgan bо’lib, ular qishloq sovetlari yoki posyolka sovetlari deb atalardi vа faoliyat yuritardi. Mazkur sovetlar mustaqil hokimiyat organi bo’lmay, xalq deputatlari tuman yoki shahar kengashlari, ularning ijroiya qo’mitalariga bo’ysunar edi. O’zbekiston davlat mustaqilligi qo’lga kiritgасh, mahallaga munosabat tubdan о’zgardi, mаhаlliy o’zini o’zi boshqarish tizimi tubdan isloh qilindi. Вu borada fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tizimini davlat hokimiyati tizimidan ajratish tomon yo’l tutildi. Biz fuqarolik jamiyatini qurishga intilmoqdamiz. Buning ma’nosi shuki, dаvlаtсhiligimiz rivojlana borgan sari boshqaruvning turli хil vazifalarini bevosita xalqqa topshirish, ya’ni o’zini o’zi boshqarish organlarini yanada rivojlantirish demakdir.

I. A.Karimov. О’zbеkistоnning siyosiy - ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tаmоyillаri. Asаrlаr, 4- jild, 11- bet.



O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o’zini o’zi boshqarish organlarini shakllantirishning huquqiy asoslari o’z ifodasini topdi. O’zbekiston Konstitutsiyasining 105- moddasida "Sha­harcha, qishloq va ovullarda, shuningdek ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqaro­larning yig’inlari o’zini o’zi boshqarish organlari bo’lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi", deb belgilab qo’yildi. 1993- yil 2- sentabrda "Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida" O’zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Unga binoan, qishloq, posyolka (shaharcha)larda davlat hokimiyati vakillik organlari - qishloq, posyolka sovetlari tuzilmaydigan bo’ldi, ularning o’rniga o’zini o’zi boshqarish organlari - mahalla qo’mitalari tuzildi. Shunday qilib, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari mahalliy hokimiyat tizimidan ajratildi. Вiroq ular bir-biridan mutlaqo ajratilgan holda faoliyat ko’rsatmaydi, ularning bog’liq tomonlari mavjud. Ular o’rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari "Маhаlliy davlat hokimiyati to’g’risida" gi qonunda belgilab qo’yilgan. Har ikkalasi ham mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qiladi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari fuqarolarning o’zini o’zi boshqarishni rivojlantirishga ko’maklashadi, o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini yo’naltirib turadi. Fuqarolarning о’zini o’zi boshqarish оrgаnlаrini shаkllаntirishgа davlat homiylik qilmoqda. Вu borada O’zbekiston Prezidentining Respublika "Маhаllа" xayriya jamg’armasini tuzish to’g’risida 1992- yil 12- sentabrdagi hamda "Mahalla" xayriya jamg’armasiga mablag’ ajratish to’g’risida 1992- yil 8- oktabrdagi farmonlari katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo’ldi. Davlat homiyligida Respublika "Mahalla" jamg’armasi, viloyat, shahar, tuman "Mahalla" jamg’armalari tashkil etildi. Mahallalar faoliyatini yurituvchi "Mahalla" gazetasi (1994- yil) ta’sis etildi. Davlatning "Mahalla" jamg’armalari orqali ko’rsatayotgan homiyligi mahalla qo’mitalarining o’z hududlarida istiqomat qiluvchi kam ta’min­langan oilalarga, nogironlarga, yolg’iz keksalarga moddiy yordam berish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi ishlariga katta ko’mak bo’lmoqda. Hukumat mahallalarga dastlab davlat budjeti hisobidan 25 mil­lion so’m mablag’ ajratdi. Viloyat, tuman, shahar hokimliklari to­monidan mahallalar rolini oshirish, ular faoliyatini takomillashtirish uchun qulay imkoniyatlar yaratildi. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining faoliyatini yo’lga qo’yish uchun tegishli binolar ajratildi, ularni jihozlashga ko’maklashdi. Mahalla oqsoqoli va kotiblariga oylik ish haqi belgilandi. Вu maqsadlar uchun hokimiyatlar mahalliy budjetdan zarur mablag’lar ajratdilar. 1994- yilgi ma’lumotlar shuni ko’rsatadiki, butun respublika hududida 12 mingdan ortiq mahalla shakllantirildi. 1994- yilda barcha mahallalarda fuqarolar yig’ini bo’lib, mahalla oqsoqollari va mas’ul kotiblar saylandilar. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining vakolatlari, vazifalari O’zbekiston Respublikasining "Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida" gi qonunda aniq belgilab qo’yilgan. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining vazifalari:

. fuqarolarga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda qatnashish huquqini amalga oshirishda ko’maklashish;

. o’z hududlarida ijtimoiy va xo’jalik vazifalarini hаl qilish, ommaviy-madaniy tadbirlarni o’tkazish;

. davlat hokimiyati organlariga O’zbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident va hukumat hujjatlarini, xalq deputatlari kengashlari va hokimliklarning qarorlarini bajarishda yordamlashish maqsadida fuqarolarni birlashtirish.



Fuqarolar yig’ini kollegial organ bo’lib, uni rais (oqsoqol) tegishli xalq deputatlari Kengashi yoki hokim bilаn kelishgan holda, zaruratga qarab chaqiradi. Fuqarolar yig’ini, barcha aho­lini yig’ishning iloji bo’lmagan hollarda, belgilangan vakillik me’yorlari asosida o’tkaziladi. Rais (oqsoqol), uning masla­hatchilari fuqarolar yig’inida saylanadi. Fuqarolar yig’ini raisi (oqsoqol) doimiy ishlovchi bo’g’in. Rais o’z mahkamasiga ega bо’lib, uning miqdori rais o’z vazifasini bajarishga imkoniyat yaratadigan darajada tuziladi. O’zbekistonda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organ­larini takomillashtirish, zarur holatlarda yiriklashtirish tadbir­lari ko’rilmoqda. Agar 1994- yilda 12 mingdan ortiq o’zini o’zi boshqarish organlari shakllantirilgan bo’lsa, ularning soni 2001- yilda 7847 tani tashkil etdi. 1999- yil 14- aprelda qabul qilingan "Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’­risida"gi yangi tahrirdagi qonunda ularning vakolatlari va huquqi kengaytirildi. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga, shuningdek, mahalla fuqarolar yig’iniga: aholi manfaatlarini ifodalash va uning nomidan qarorlar qabul qilish; qonun hujjatlarining, shuningdek o’z qarorlarining ijro etilishi bo’yicha ja­moatchilik nazoratini amalga oshirish; atrof-muhitni muhofaza qilish va obodonlashtirish yuzasidan o’z hududida joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish huquqlari berildi. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga saylovlar aholining ijtimoiy faolligi, siyosiy ongi tobora yuksalib borayotganligidan guvohlik beradi. 1998- yil noyabr-dekabr oylarida bо’lib o’tgan saylovlar bilаn bog’liq bo’lgan fuqarolar yig’inlarida 8,4 mln. kishi yoki Respublikadagi katta yoshdagi aholining 70 foizi ishtirok etdi. Fuqаrоlаrning o’zini o’zi boshqarish organlariga 7574 nafar rais va 71034 nafar masla­hatchi saylandi. O’zini o’zi boshqarish organlari rahbarlarining ma’lumot darajasi ham oshib bormoqda. 1998- yilda saylangan rais (oqsoqol)larning 65,5 foizi oliy ma’lumotli mutaxassislar ekanligi buning guvohidir. 2001- yil iyun-iyul oylarida Samarqand viloyatidagi 1042 ta fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga bo’lgan saylov­larga 1 mln. 120 mingdan ortiq fuqaro vakillari ishtirok etdi. 1042 nafar rais (oqsoqol) saylandi, ularning 68 nafari xotin -qiz­lardir. 2001- yilda respublikamizda 6289 ta mahalla fuqarolar yig’ ini, 108 ta shaharcha, 1320 ta qishloq va 131 ta оvul fuqarolar yig’ini, ular tomonidan saylangan o’zini o’zi boshqarish or­ganlari faoliyat ko’rsatdi. Ular qonunchilikni ta’minlash, Pre­zident farmonlarini, hukumatning, hokimiyat vakillik organlari va hokimlarning qarorlarini ijro etish borasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga ko’maklashmoqda. Hududlarni obodonlashtirish, kichik korxonalar, fermer va dehqon xo’jaliklarini tashkil etish, tomorqa uchastkalaridan sa­marali foydalanish masalalarini hal qilish o’zini o’zi boshqarish organlarining diqqat markazida turibdi. Вu organlar barqa­rorlikni saqlab turish, diniy mutaassiblik kayfiyatidagi ko’ri­nishlarning oldini olish, "о‘zingni, о‘z oilangni о‘zing asra" shiori ostida odamlarni ogohlikka chaqirish, mahalla posbonlarini shakllantirish va ularning faoliyatini yo’naltirish, oilaviy tan­tanalar va marosimlarni o’tkazishda dabdababozlik va mаnmаn­likka yо’l qo’ymaslik ishlari bilаn shug’ullanmoqda. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari O’zbekiston Prezidentining 1999- yil 13- yanvarda chiqqan "Aholini aniq yo’naltirilgan ijtimoiy madad bilan ta’minlashda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari rolini oshirish to’g’risida"gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2002- yil 25- yanvardagi "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo’naltirilgan tarzda qo’llab-quvvatlashning 2002-2003- yillarga mo’ljallangan dasturini amalga oshirish сhоrа-tadbirlari to’g’risida" gi Qarori talablarini amalga oshirmoqdalar. Kаm ta’minlangan oilalarga yordam ko’rsatish, ko’p bolali muhtoj oilalarga nafaqalar tayinlash bo’yicha ajratilgan mаb­lag’lardan o’z o’rnida samarali foydalanishni ta’minlamoqdalar. Faqat 2000- yilning o’zida aholining kam ta’minlangan qismiga fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari orqali 54,2 mlrd so’m miqdorida nafaqa, ko’mak va boshqa turdagi yordamlar berildi. O’zini o’zi boshqarish organlari tarbiyaga oid masalalar yuzasidan ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish, voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash, ularning huquqlarini himoya qilish, qariyalarga shafelik qilish, aholini ish bilan ta’minlash kabi ishlarga bosh-qosh bo’lmoqdalar. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2003- yil "Obod mahalla yili" deb e’lon qilindi va "Obod mahalla yili" dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo’yicha respublika komissiyasi tuzildi. Mazkur komissiya yil davomida amalga oshi­rilishi zarur bo’lgan tadbirlarning dasturini ishlab chiqdi. 2003- yil 7- fevralda О’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahka­masining "Obod mahalla yili" dasturi to’g’risida qarori e’lon qilindi. Mazkur dastur quyidagi muhim maqsad va vazifalarni hayotda rо‘yobga chiqarishga qaratilgan:

. mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotidagi roli va maqomini mus­tahkamlash;

. mаhаllа faoliyatining amaldagi me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, uning vakolatlarini kengaytirish va fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi mas’uliyatini oshirish;

. mahalla faoliyatining moddiy bazasini mustahkamlash, mаhаllа hududida tadbirkorlikni, xizmatlar ko’rsatish va savdo sohalarini rivojlantirish, shular hisobiga yangi ish o’rinlari bаr­ро etish;

. mahallaning ijtimoiy-infratuzilmasini rivojlantirish, uning hududlarini obodonlashtirish, kommunal tarmoqlarni rivoj­lantirish;

. mahalla tomonidan kam ta’minlangan oilalarga aniq yo’nalishli moddiy yordamni va yosh oilalarni qo’llab-quvvatlashni kuchaytirish;

. keksa avlodga e’tibor va g’amxo’rlikni kuchaytirish;

. mаhаllа aholisiga tibbiy va sanatoriy-kurort xizmati ko’rsatilishini yaxshilash, bolalar sportini rivojlantirish;

. mahallaning aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzi, ijtimoiy adolat, o’zaro mehr-oqibat va ma’naviy-axloqiy tarbiya bilan bog’liq milliy qadriyat va urf-odatlarimizni keng targ’ib qilish,

ularni asrab-avaylash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish.

“Obod mahalla yili" dasturini bajarilishini ta’minlash maqsadida fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarini rivojlantirish bo’yicha maxsus jamg’armalar tashkil etildi. Mahallalarda kichik va o’rta biznes, shuningdek xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, shular hisobiga yangi ish o’rinlarini yaratish, aholini tabiiy gaz va toza ichimlik suvi bilan ta’minlovchi tarmoqlar qurish, uy-joy fondini va yo’llarni ta’mirlash, mahallalarni obodonlashtirish, zamonaviy mаhаllа guzarlarini va bolalar sport inshootlarini bаrро etish borasidagi ishlar hajmi aniq belgilandi. "Obod mahalla yili" dasturini to’la amalga oshirish uсhun davlat budjeti, budjetdan tashqari jamg’armalar, nodavlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar grantlari va kredit mablag’lari hisobiga 375,9 milliard so’m jalb etili­shi nazarda tutilgan. Mahallalarimizni yanada obod qilish maqsadida obodonlash­tirish ishlari amalga oshirildi. 1,7 mlrd so’m miqdorida mablag’ sarflanib 310 ta mahalla guzari bunyod qilindi. Ming kilometrlik suv tarmog’i va 1 ming 322 kilometrlik gaz tarmog’i ishga tu­shirildi. Mahallalarda 36,2 mlrd so’mlik kredit mablag’lari hiso­biga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari tashkil etilib qariyib 155 mingta yangi ish o’rinlari yaratildi. 1,2 mlrd so’mlik xayriya yordami berildi. Shunday qilib, mahalla O’zbekistonda tarixda birinchi marta fuqarolarning o’zini o’zi boshqaradigan tashkilotga aylandi. Ма­halla yig’ini raisi (oqsoqol), mas’ul kotibi lavozimi qonuniy asosda ta’sis etildi. Mahalla yig’ini raisi (oqsoqoli) va mas’ul kotiblariga oylik maosh beriladigan bo’ldi. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining mustaqillik yillaridagi faoliyatiga bаhо berib, ishonch bilan aytish mumkinki, ular jamiyatni boshqarishning sharqona va milliy qadriyatlar bilan uyg’unlashgan fuqarolik jamiyatining negizi, demokratik institut sifatida о’zini to’la oqladi.


Yüklə 1,48 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə