O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’LI



Yüklə 26,35 Kb.
tarix21.10.2023
ölçüsü26,35 Kb.
#130683
O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’li


Mavzu: O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’li




Reja:



  1. O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’li

  2. O’zbek modeli

  3. Bizning iqtisodiyot, siyosat, davlat-huquq va sud sohasida amalga oshirayotgan ishlar

  4. Xulosa

Shuni ta’kidlash lozimki, mustaqillikka erishish davri haqida, eski tuzum inqirozga duchor bo‘lib, sobiq ittifoq parokandalikka yuz tutgan bir paytda mamlakatimizda tobora keskin tus olgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat, o‘zligimizni anglash va toptalgan milliy g‘ururimizni tiklashga qaratilgan intilish kuchayib borgani, Vatanimiz mustaqilligini qo‘lga kiritish qanday sharoitda kechgani haqida yaxlit, yagona va xolis ko‘z bilan qarab baho beradigan jiddiy tahlil-tadqiqot hozirgacha amalda yo‘qligini afsus bilan aytishga to‘g‘ri keladi.


O‘zbekiston mana shunday tahlikali va murakkab vaziyatda qanday maqsadlarni ko‘zda tutib, qanday amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirganini, bu harakatlarning ilmiy-tarixiy, mantiqiy va qonuniy zamini va omillari, kerak bo‘lsa, istiqlol o‘zbek xalqiga tuhfa tariqasida berilmagani – bularning barchasi haqida har taraflama chuqur yoritib va isbotlab beradigan izlanish va tahlil bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmaganini qayd etishimiz zarur.
Respublikamizning bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘li va oldimizda turgan vazifalarning ma’no-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritganda, bu yo‘lni alohida ikki davrga ajratish to‘g‘ri bo‘ladi. Hech shubhasiz, bu davrlarning har biri mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos va o‘ziga mos muhim o‘rin egallaydi.
Bugun 16 yil mobaynida boshimizdan kechirgan kunlar, haftalar, oylarni ana shu nuqtai nazardan baholar ekanmiz, qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, o‘tish davri va milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish bilan bog‘liq birinchi galdagi islohot va o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan dastlabki bosqich – 1991-2000 yillar mamlakatimiz va xalqimiz hayotida ulkan iz qoldirgan o‘tish davri tom ma’noda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan davr bo‘ldi.
2001 yildan 2007 yilgacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga olgan ikkinchi bosqich – faol demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri esa iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, siyosiy hayotimizni, qonunchilik, sud-huquq tizimi va ijtimoiy-gumanitar sohalarni izchil isloh qilishni ta’minlashda g‘oyat muhim rol o‘ynagan davr bo‘ldi.
Biz mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab o‘z umrini o‘tab bo‘lgan eski mustabid sovet tizimidan voz kechib, mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga azmu qaror qildik.
Yangi davlat va jamiyat qurishda amalda o‘zini to‘la oqlagan quyidagi besh tamoyil asos qilib olindi:
birinchidan – iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va uning siyosatdan ustunligi. Boshqacha aytganda, avval iqtisod, keyin siyosat;
ikkinchidan – davlatning o‘zi eski tuzumdan yangi tuzumga o‘tish davrida bosh islohotchi bo‘lishi, ya’ni uning mamlakatni davlatchilik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda yangilashga qaratilgan islohotlarning tashabbuskori bo‘lish vazifasini o‘z zimmasiga olishi;
uchinchidan – qonun ustuvorligi yoki barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi;
to‘rtinchidan – kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, davlatning aholini ijtimoiy nochor qatlam va guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasida mas’ul bo‘lishi;
beshinchidan – islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, “shok terapeyasi” deb atalgan turli usullardan voz kechish. Boshqacha aytganda, mamlakat inqilobiy yo‘ldan emas, balki tadrijiy yo‘ldan rivojlanishi kerak. Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, har qanday inqilobiy yo‘l hamisha xalqqa zulm va zo‘ravonlik, qon to‘kish va talafotlar keltirgan.
Ushbu tamoyillar avvalambor bizning kommunistik mafkuradan butunlay voz kechganimizning yaqqol ifodasi bo‘lib, yigirmanchi asrning 90- yillari boshidagi real hayotni o‘zida yorqin aks ettirdi va mamlakatimizni isloh etish bo‘yicha aniq prinsipial maqsad va vazifalarni belgilab olish imkonini berdi.
Biz aynan ana shu tamoyillardan kelib chiqqan holda, yangi davlat, yangi jamiyat poydevorini barpo etishga kirishdik. Aynan ana shu tamoyillarni amalga oshirish zarurati tufayli “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”, “Islohotlar – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan, bugun ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan hayotiy shiorlar paydo bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizni isloh etish va yangilashga qaratilgan dasturiy vazifalarni bajarishda biz milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni saqlashga, xalqimizning asrlar davomida shakllangan mentalitetiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga katta e’tibor qaratdik. Shu bilan birga, muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanadigan zamonaviy demokratik davlat qurishning o‘zini oqlagan jahon tajribasini chuqur o‘rganish va qabul qilish ham diqqatimiz markazida bo‘ldi.
Ma’lumki, SSSR parchalanib ketganidan keyin sobiq sovet hududida juda keskin va tahlikali vaziyat yuzaga keldi. Bu esa boshboshdoqlikning oldini olish, huquq-tartibotni saqlash va aholining eng zarur, birinchi galda, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha zudlik bilan tegishli choralar ko‘rishni talab etdi.
Aziz do‘stlar, birodarlar, o‘sha qaltis va murakkab davrda yurtimizda bor-yo‘g‘i o‘n-o‘n besh kunga yetadigan bug‘doy va un zaxirasi qolgani, mamlakat amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolganini o‘zimizga bir tasavvur qilaylik.
Tabiiyki, bunday hol avvalo butun sovet tizimiga xos bo‘lgan markazlashtirilgan usulda rejalashtirish va taqsimlashdek illatlarning ta’siri edi. Lekin, eng yomoni, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan xomashyo tayyorlashga yo‘naltirilgani, biryoqlama rivojlanish hisobidan mo‘rt va nochor holga tushib qolgan bo‘lib, iqtisodiyotga, ekologiya va aholi genofondiga halokatli ta’sir o‘tkazadigan paxta yakkahokimligi yurtimizdagi vaziyatni jar yoqasiga olib kelib qo‘ygan edi. Buning oqibatida ulkan tabiiy, mineral-xomashyo, mehnat va inson salohiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, respublikamiz sobiq SSSRda aholi turmush darajasi, ijtimoiy va gumanitar sohalar rivoji bo‘yicha oxirgi o‘rinlardan birida turar edi. Buni aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha 1989 yilda o‘tkazilgan statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi.
Boz ustiga, amaldagi sovet puli o‘z qimmatini yo‘qotib bo‘lgan, yangi milliy valutamiz esa hali joriy etilmagan edi. Bunday sharoitda iqtisodiyotning fojiali ravishda inqirozga yuz tutishi va inflatsiyaning o‘ta keskin, hatto yiliga minglab foizga o‘sib ketishini jilovlash favqulodda muhim ahamiyat kasb etar edi. Birinchi galda ilgari shakllangan xo‘jalik, ishlab chiqarish va moliyaviy aloqalarning butunlay uzilishiga barham berish, ommaviy ishsizlikning oldini olish zarur edi.
Ichki va tashqi xavfsizlikni ta’minlash tizimining parchalanishi natijasida jamiyatda huquqiy bo‘shliq vujudga kelgani, millatlar va dinlararo, hududiy va turli guruhlar, urug‘-aymoqlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning avj olib ketish xavfi, radikal kayfiyatlarning ayniqsa yoshlar o‘rtasida kuchayishi g‘oyat jiddiy xatarga aylangan edi. Qisqacha aytganda, tub ildizlari sovet davlatining so‘nggi yillariga borib taqaladigan ichki va tashqi mojarolardan mamlakatimizni asrab qolish talabi o‘ta keskin bo‘lib turar edi.
Bu o‘rinda avvalambor el-yurtimiz boshidan kechirgan 1984-1989 yillardagi mudhish qora kunlarni eslash kifoya, deb o‘ylayman.O‘sha davrda respublikamizda yuzaga kelgan og‘ir ijtimoiy ahvol sababli aholining kuchayib borayotgan noroziligining oldini olish va to‘xtatish uchun KPSS Markaziy komiteti qarori bilan O‘zbekistonga yuborilgan, xalq juda topib, “desantchilar” deb atagan guruh tomonidan sodir etilgan qonunsizlik va zo‘ravonlikni ko‘pchilik yaxshi eslaydi.
Bu haqda gapirganda, Quvasoy, Farg‘ona va Qo‘qon, Namangan, Bo‘ka va Parkent, Guliston, Toshkent va O‘shda ro‘y bergan fojiali voqealar odamlarimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatlarni, yurtimizga chet eldagi markazlar tomonidan moliyaviy ta’minlangan va boshqarilgan terrorchi to‘dalar Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li tumanlari orqali suqilib kirgan tahlikali kunlarni ham eslashimiz lozim. Agarki ana shu yovuz niyatli kuchlarning qabih va uzoqni ko‘zlagan buzg‘unchilik maqsadlari amalga oshganida bormi, mamlakatimiz fuqarolar urushi olovi ichida qolib ketgan va uning oqibatlari, hech shubhasiz, butun O‘rta Osiyodagi vaziyatni portlatib yuborgan bo‘lur edi.
Respublikada vujudga kelgan bunday o‘ta murakkab va fojiali sharoitda o‘zini yo‘qotmasdan, bosiqlik, chidam va bardosh bilan ish tutish, qat’iy siyosiy irodani namoyon etish, mamlakatni chuqur tanazzuldan olib chiqishga qaratilgan, har tomonlama puxta o‘ylangan strategiyani ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun jamiyatdagi barcha sog‘lom kuchlarni safarbar etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etgan edi.
Biz siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot, davlat va jamiyat qurish strategiyasini barpo etishda xalqimizning tarixan shakllangan milliy va madaniy o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan, mamlakatimizning mavjud tabiiy-iqtisodiy, mineral-xomashyo va insoniy salohiyatini xolisona va jiddiy baholagan holda, jahon xo‘jalik aloqalari tizimida o‘zimizga munosib joy egallashni maqsad qilib qo‘yib, bunday marralarga erishishni asosiy vazifamiz sifatida belgilab oldik.
Shu borada mamlakatimizni isloh qilish va milliy davlatchilik poydevorini barpo etish bo‘yicha qabul qilingan ana shu strategiyani amalga oshirishdagi birinchi qadamlarimiz nimalardan iborat bo‘lganini yana bir bor eslash o‘rinlidir.
Avvalo, tarixan juda qisqa muddatda Asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bu qomusiy hujjatda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyillari aniq ifodalab berildi, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi eng muhim tamoyil sifatida belgilandi. Shuningdek, inson huquqlarining davlat manfaatlaridan, umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalarining esa milliy huquqiy me’yorlardan ustunligi ham Konstitutsiyada muhrlab qo‘yildi.
Asosiy qonunimizda hech qanday mafkuraning davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi va ijtimoiy-siyosiy hayot siyosiy institutlarning rang-barangligi, mafkura va fikrlarning xilma-xilligiga asoslanishi belgilab berildi. Ayni paytda barcha mulk shakllarining teng huquqliligi sharoitida xususiy mulkning ustuvorligi konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qo‘yildi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, tub islohotlar va o‘zgarishlarning qonuniy natijasi sifatida so‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sish sur’ati barqaror xususiyat kasb etdi. Birgina keyingi to‘rt yilning o‘zida yillik o‘sish sur’ati 7 foizdan oshgani ham buning yaqqol isbotidir.
Respublikamizda yalpi ichki mahsulot 1990 yilga nisbatan 1,3 barobar oshdi. Holbuki, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarining aksariyatida bu ko‘rsatkich hanuzgacha islohotlar boshlangan davrdagi darajaga ham yetgani yo‘q.
Shunisi muhimki, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlari jahon bozorida neft va gaz narxi oshib borayotgan bir sharoitda qator mamlakatlarda kuzatilayotgan holatdan tubdan farq qiladi. Ya’ni, bizning iqtisodiy rivojlanishimiz ekstensiv o‘sish va faqat uglevodorod xomashyosini zo‘r berib to‘xtovsiz qazib olish evaziga bo‘layotgani yo‘q. Aksincha, biz aniq maqsadga qaratilgan bozor islohotlarini, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, tarmoq va korxonalarni yangilash, texnik qayta jihozlash, raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan iqtisodiy taraqqiyotga erishmoqdamiz.
Shu o‘rinda mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal o‘sib borayotgani iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida chuqur iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga asoslanganini yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman. O‘tgan yillar davomida iqtisodiyotni isloh qilishning har bir bosqichida ustuvor vazifalarni aniq belgilashga alohida e’tibor qaratilib, ularni hal etish uchun zarur moliyaviy, moddiy va insoniy resurslar jalb etilmoqda.
Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati erkinligini va iqtisodiy mustaqilligini oshirish, keng tarmoqli bozor infratuzilmasini shakllantirish, davlatning nazorat va boshqaruv vakolatini keskin kamaytirish, uning korxonalar xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini cheklash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish – bularning barchasi islohotlarni chuqurlashtirishning hal qiluvchi yo‘nalishi hisoblanadi.
Ayniqsa, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Buning negizini mahalliy xomashyoni qayta ishlash va jahon bozoridagi keskin raqobatga bardosh bera oladigan mahsulotlar tayyorlashga asoslangan sanoat tarmoqlarining yetakchi o‘ringa chiqishi va xizmat ko‘rsatish sohalarining tez sur’atlar bilan rivojlanishi tashkil qiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, mustaqillik yillarida yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 11 foizdan 25 foizga, xizmat ko‘rsatish sohalarining ulushi esa 18 foizdan 42 foizga yoki 2 barobardan ziyod oshdi.
Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni jadal modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashni ta’minlash, yuksak texnologiyalar asosida ishlaydigan avtomobilsozlik va gaz-kimyo, elektr texnikasi va to‘qimachilik, oziq-ovqat va farmatsevtika, axborot va telekommunikatsiyalar tarmog‘i hamda boshqa yo‘nalishlardagi yangi va zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini yuritishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Xorijiy va mahalliy sarmoyadorlar uchun qulay, har tomonlama imtiyozli investitsiya muhiti yaratildi. Natijada mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimiz iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilindi. Buning 25 milliard dollardan ziyodini xorijiy sarmoyadorlarning mablag‘lari tashkil etadi.
Soliq yukini kamaytirish borasida ham izchil siyosat olib borilmoqda. Faqatgina 2000-2007 yillar davomida daromad solig‘i 38 foizdan 10 foizga, yagona ijtimoiy to‘lov 40 foizdan 24 foizga, kichik biznes subyektlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun yagona soliq miqdori esa 10 foizga kamaytirildi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar daromadining soliq stavkasi sezilarli darajada qisqartirildi. Shu tariqa keyingi 7 yilning o‘zida umumiy soliq yuki 40 foizdan 27 foizga kamaytirildi.
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida ham tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xo‘jalik yuritishning sovet davridan qolgan, o‘zini oqlamagan shakllaridan voz kechib, ularning o‘rniga butun dunyoda keng joriy etilgan xususiy fermer xo‘jaliklari tashkil etildi.
Bugungi kunda fermer xo‘jaliklari tom ma’noda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining asosiy shakliga, uni barqaror va samarali rivojlantiradigan harakatlantiruvchi kuchga, ta’bir joiz bo‘lsa, bu yo‘nalishning lokomotiviga aylandi. Bu sohada bozor infratuzilmasi amalda qayta tuzildi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etish va rag‘batlantirish sifat jihatidan yangi tamoyillar asosiga qurildi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning 76 foizi, jumladan, sanoat mahsulotining qariyb 80 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va chakana savdo aylanmasi esa to‘lig‘icha iqtisodiyotning nodavlat sektorida yaratilmoqda. Yurtimizdagi korxonalarning 90 foizi xususiy va korporativ mulk shakliga o‘tgan, ularda jami ish bilan band aholining 77 foizi mehnat qilmoqda.
Kichik va xususiy biznesning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi 45 foizdan ortib borayotgani va u mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yetakchi kuchga aylanib, bozorlarimizni zarur tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholi daromadi va farovonligini oshirishning asosiy manbai, odamlarni ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni hal etishning muhim omiliga aylangani e’tiborga sazovordir.
Ayni paytda yurtimizda transport kommunikatsiya tizimini rivojlantirish masalasiga ham respublikamizni jadal taraqqiy toptirishning asosiy sharti va mezoni sifatida katta ahamiyat berilmoqda.
So‘nggi yillarda barpo etilgan, umumiy uzunligi 633 kilometrni tashkil qiladigan Navoiy-Nukus, 223 kilometrlik Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l magistrallari, Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan tezkor avtomobil yo‘lining bu boradagi o‘rni va ahamiyati qanchalik beqiyos ekanini hammamiz yaxshi anglaymiz. Bu yo‘llar mamlakatimizning barcha hududlarini yagona transport tarmog‘iga ishonchli tarzda birlashtirib, mintaqalarimizda mavjud bo‘lgan boy mineral-xomashyo va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
O‘tgan davrda qo‘lga kiritgan salmoqli yutuq va natijalarimiz xalqimizning daromadlari va farovonligini izchil ravishda oshirib borishni ta’minlash, keng ko‘lamli ijtimoiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini berdi.
Barchamizga ma’lumki, aholi ish haqi va daromadlarining o‘sish sur’ati eng muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Bu haqda gapirganda, aholi real daromadlarining 2006 yilda 2000 yilga nisbatan 2,5, 1992 yilga nisbatan esa o‘rtacha 12 barobar oshganini ta’kidlash lozim. Joriy yil oxiriga borib respublikamizda o‘rtacha ish haqi miqdorining 200 dollar darajasiga yetishi kutilmoqda.
Biz har uch yilda ish haqini 2-2,5 barobar oshirishni o‘z oldimizga muhim strategik vazifa qilib qo‘yganmiz. Shu tariqa, aholining xarid qobiliyatini hisobga olgan holda, biz yaqin yillar ichida xalq farovonligi va daromadlarini ta’minlash bo‘yicha yuksak marralarga erishayotgan mamlakatlar darajasiga ko‘tarilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Bugungi kunda yurtimizda zamonaviy mehnat bozori shakllandi – mustaqillik yillarida 5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Ularning 70 foizdan ziyodi sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Ayniqsa, shahar va qishloqlarda birinchi navbatda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash imkonini beradigan, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida tashkil etiladigan kasanachilik jadal rivojlana boshlaganini ta’kidlash lozim.
Biz uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan aholini ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga katta e’tibor qaratib, bu borada aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni izchil amalga oshirayotganimiz mavjud ahvolni tubdan o‘zgartirish uchun imkon yaratdi. 2006 yilda ishsizlik darajasi 5,3 foizgacha kamaygani ham shundan dalolat beradi.
Mamlakatimiz aholisi, avvalo qishloq joylardagi odamlarning turmush sharoiti izchil tarzda yaxshilanmoqda. Istiqlol yillarida 36 ming kilometrlik suv quvurlari, 72 ming kilometrlik gaz tarmoqlari ishga tushirildi. Bu 1991 yilga qadar erishilgan natijalarga nisbatan tegishli ravishda 2 va 4 barobar ko‘p demakdir.
Natijada aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bugungi kunda 84 foizni, jumladan, qishloq joylarda 77 foizni, tabiiy gaz bilan ta’minlash 82 foizni, qishloq joylarda esa 78 foizni tashkil etmoqda.
Xalqimiz turmush sharoitini yaxshilashga doir chora-tadbirlar tizimida sog‘liqni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilish alohida o‘rin tutishini hammamiz yaxshi tushunamiz.
O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi amalda to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgi vaqtda bu boradagi islohotlarning asosiy bosqichlaridan biri nihoyasiga yetmoqda. Aholiga bepul shoshilinch va yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun eng yuksak talablarga javob beradigan ixtisoslashtirilgan shifoxona va bo‘limlar tarmog‘ining tashkil etilishi bu bosqichning eng muhim va konkret natijasi bo‘lganini qayd etish zarur. Maxsus tashkil etilgan respublika markazi bu tizimga rahbarlikni va uning faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlamoqda.
Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida, ayniqsa, qishloq joylarda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Samarasiz ishlayotgan feldsherlik-akusherlik punktlari va qishloq ambulatoriyalari o‘rnida zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan 3 mingdan ziyod qishloq vrachlik punkti tashkil etilgani bu sohadagi katta qadam bo‘ldi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish tizimining har tomonlama qayta ko‘rib chiqilishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni sifat jihatidan sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Natijada keyingi 2-3 yilda soha xodimlarining ish haqi 2 barobardan ziyod ko‘paydi.
Yurtimizda yangi tashkil etilgan sog‘liqni saqlash tizimida eng yuksak zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va texnikasi bilan ta’minlangan ixtisoslashgan klinikalar muhim o‘rin egallamoqda. Ularda yuqori malakali mutaxassislar jahon miqyosidagi murakkab va noyob operatsiyalarni amalga oshirib, odamlar hayotini saqlab, ularning umriga umr qo‘shayotgani bu boradagi islohotlarimizning yana bir amaliy ifodasidir.
Sog‘liqni saqlash tizimida bo‘lajak onalar salomatligini muntazam nazorat qilib boradigan, sog‘lom bolalar tug‘ilishiga xizmat qiladigan keng tarmoqli skrining markazlarining o‘rni va ahamiyati qanchalik katta ekani haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirib o‘tirishga hojat yo‘q.
Agar 1991 yilda onalar o‘limi bilan bog‘liq ko‘rsatkich har 100 ming nafar ayolga nisbatan 65 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 24 taga tushdi, go‘daklar o‘limi esa ilgari 1000 nafar chaqaloqqa 35 tadan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda 14 taga tushdi.


Xulosa
Shunisi e’tiborliki, bugun O‘zbekistonda chechak va ich terlama, kuydirgi, o‘lat va vabo kabi yuqumli kasalliklarga butunlay barham berildi.
O‘tgan davr mobaynida yurtimizda aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi ham sezilarli ravishda ortganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim. Bu boradagi umumiy ko‘rsatkich 1990 yilda 67 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2006 yilda 72,5 yoshni tashkil etdi. Jumladan, erkaklar o‘rtasidagi o‘rtacha umr ko‘rish 66 yoshdan 70 yoshga, ayollar o‘rtasida esa 70 yoshdan 74,6 yoshga uzayganini odamlar salomatligini muhofaza qilish va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning aniq va yaqqol natijasi sifatida baholash o‘rinli bo‘ladi.
O‘z-o‘zidan ayonki, O‘zbekiston jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash, o‘z xalqining tinchligi va farovonligini ta’minlashga intilayotgan boshqa davlatlar qatori hozirgi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan murakkab davr o‘rtaga qo‘yayotgan talab va savollarga to‘liq javob beradigan, aniq va ravshan, har tomonlama puxta o‘ylangan strategiya va harakat dasturiga ega bo‘lishi zarurligini bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Bu strategiya avvalambor tajribada o‘zini oqlagan demokratik, siyosiy va iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, tinchliksevar tashqi siyosat yuritish va jahon xo‘jalik tizimiga integratsiyalashishga qaratilgan yo‘limizni bundan buyon ham izchil davom ettirishni ta’minlashi darkor.
Faqat ana shunday siyosatgina o‘z oldimizga qo‘ygan uzoq muddatli maqsad-muddaolarimiz – O‘zbekistonimizning dunyodagi rivojlangan mamlakatlar safidan o‘rin olishiga erishish borasida zarur shart-sharoit va mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
“Hamma narsa inson uchun, uning kelajagi uchun” degan ezgu tamoyilni to‘liq amalga oshirish biz uchun doim eng muhim ustuvor vazifa bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Bizning iqtisodiyot, siyosat, davlat-huquq va sud sohasida amalga oshirayotgan barcha o‘zgarish va islohotlarimiz pirovard natijada yagona maqsadga – xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish, odamlarning daromadi va farovonligini izchil oshirib borish, har bir insonga o‘zining intellektual, kasb va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur imkoniyatlar yaratib berishga qaratilishi darkor.
Yüklə 26,35 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə