Qadimgi davr falsafasi


Markaziy Osiyoda diniy-falsafiy tasavvurlar



Yüklə 114,33 Kb.
səhifə2/3
tarix27.10.2017
ölçüsü114,33 Kb.
#6908
1   2   3

4. Markaziy Osiyoda diniy-falsafiy tasavvurlar

Eramizdan oldingi II asrda Baqtriyada paydo bo‘lgan qabilalar bu yerda taraqqiy topgan madaniyat, iqtisod va davlatchilik an'analari bilan yuzma-yuz bo‘lishdi. Bu narsa kelgindilarning o‘zlarini ijtimoiy-madaniy rivojlanishini tezlashishiga va o‘sha zamondagi jahon miqyosidagi davlatlardan biri -Kushon imperiyasining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Xitoycha matnlarda Kushon imperiyasining hukmdorlari, Rim va Xan podsholigining hukmdorlari bilan bir qatorda, butun dunyoni5 o‘zaro bo‘lib oluvchi «Osmon o‘g‘illari» deb atalgan. Bu davrda kushonliklar va parfyanliklar yerlari orqali Xitoydan O‘rta yer dengizi tomonga tarixda birinchi marta qit'alarni bosib o‘tadigan savdo va elchilik aloqalari yo‘li bo‘lgan –Buyuk ipak yo‘li barpo etildi. Shu davrning o‘zida, ya'ni Vasko de Gama sayohatidan ming yildan ortiqroq ilgari rimlilar bosib olgan Misr bilan Kushon davlatining dengiz darvozasi bo‘lgan G‘arbiy Hindiston bandargohlari o‘rtasida Hind okeani bo‘ylab muntazam aloqa yo‘li o‘rnatilgan edi.

Kushon davrining o‘ziga xos xususiyati shunda ediki, unda turli irqlarga taalluqli madaniy an'analar va diniy oqimlar bir-birlari bilan yonma-yon yashashar edi. Bunga ko‘p jihatdan kushon shohlari tomonidan yurg‘izilgan diniy bag‘rikenglik siyosati yordam bergan edi. Kushon hukmdorlari tomonidan zarb etilgan tangalarda biz hind, eron va ellinistik xudolar dastasi bilan bog‘liq bo‘lgan ilohlarning ismlari va siymolari aksini uchratamiz. Mitra va hosildorlik xudosi Orloxsho bilan bir qatorda urush xudosi Veretragna, hind xudolari Shiva va Budda turganligining guvohi bo‘lamiz. Kushon imperiyasida dunyo sivilizatsiyasi tarixida kamdan-kam uchraydigan hodisalardan biri sifatida buddaviylik, jaynizm, zardushtiylik, maxalliy va qabilaviy diniy e'tiqodlarning bir-birlari bilan tinch yashaganliklarini qayd etish lozim. Aynan ana shu Kushonlar davrida Markaziy Osiyo va Uzoq Sharq mamlakatlariga yoyilgan Mohayana shaklidagi buddaviylikning alohida rivojlanganligini kuzatish mumkin.

Buddaviylikning yoyilishi mahalliy diniy e'tiqodlar va an'analarning yo‘q qilinishi yoki yutib yuborilishi degan ma'noni anglatmas edi. Bu mahalliy an'analar ta'sirida olib kelingan udumlarning o‘zaro ta'siri va o‘zgarishiga olib kelgan murakkab jarayon edi. Buddaviylik madaniyati Markaziy Osiyodan Xitoy, Yaponiya va Quriyaga tarqaldi. Xitoycha manbalar matnida Baqtriya, So‘g‘d va Parfiyadan chiqqan, ilohiyotga doir jiddiy risolalar yozib, ularni Xitoy tiliga tarjima qilgan buddaviy rohiblarning ismlari tilga olingan. Ba'zi olimlarning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyolik rohiblarsiz II-IV asrlardagi Xitoy, buddaviylik haqida deyarli hyech narsa bilmagan bo‘lar edi6.

Markaziy Osiyoda Vaybxashika buddaviylik maktabi tarqalgan edi. Vaybxashika maktabiga mansub bo‘lganlar o‘zlarining bilish nazariyalarida ob'ektiv dunyodan kelib chiqdilarki, uni bilish his-tuyg‘u a'zolari orqali amalga oshiriladi. Ashyolarning javhari besh doimiy unsurdir. Barcha ob'ektlar pirovardida atomlarga kelib taqaladi. Ba'zida vaybxashika muxlislarini voqyeylikning bevosita vakillari deb ataydilar. Vaybxashika tarafdorlari fikricha, Budda oddiy odam bo‘lgan va to‘la-to‘kis nirvona holatiga erishgach, o‘z mavjudligiga barham bergan. Biroq unda ilohiy unsur-haqiqatni ichki tushunish mavjud bo‘lgan. Buddaviylik bilan bir qatorda Markaziy Osiyoga hindlarning dunyoviy fan va madaniyatining unsurlari ham tarqaldi.

Eramizning II-III asrlarida quldorlik tuzumi o‘zining inqiroz va buzilish bosqichiga kirdi. Inqirozning g‘oyaviy ifodasi sifatida yangi oqim bo‘lgan monixiylik (Bobildi 216 yoki 217-inchi yilda tug‘ilgan asoschisi Moniy nomidan olingan) paydo bo‘ldi. Moniy bir necha diniy-axloqiy risolalar yozgan. U «monixiylik xati» deb nom olgan alifboni kashf etdi. Moniyning ta'limoti zardushtiylik kohinlari tomonidan dushmanlik bilan kutib olindi. U ta'kiblar ostida Erondan qochdi. O‘z ta'limotini targ‘ib qilgan Moniy shon-shuhrat qozondi. Moniyning o‘sib borayotgan obro‘sidan xavfsiragan zardushtiylik kohinlari uni falsafiy bahsga chaqirdilar. Ammo u zindonga solindi va 276 yilda qatl etildi.

Monixiylik zardushtiylik ta'limotining xayr bilan sharr (yaxshilik va yomonlik) to‘g‘risidagi aqidasiga, ya'ni sa'naviyat (dualizm)ga tayanar edi. Xristianlik va gnostitsizm (lazzat talablik) unga sezilarli ta'sir o‘tkazgan edi. Moniylik ta'limoti o‘z ifodasini soddacha ruhda dehqonlar ozodligini targ‘ib qilishda topgan ediki, bu yangi sharoitlarda Avestoning qadimgi qobiqlarida bayon etilgan Zaratushtiraning ta'limotini qaytarish edi. Bu esa ezilgan va tahqirlangan dehqonlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan edi. Bu bilan monixiylik zardushtiylikka qarama-qarishi turdi, negaki, u asta-sekin o‘z mohiyatini o‘zgartirib, ilk feodal jamiyat mafkurasiga aylangan edi. Monixiylikning ozod dehqonlar ruhiyatiga mos keladigan xususiyati uni eramizning III asrida va undan keyingi davrlarda Eron, Markaziy Osiyo, Baynalnahrin, Mesopotamiya, Suriya, Misr va Rim imperiyasining sharqiy viloyatlari dehqon ommasi orasida keng tarqalishiga yordam berdi.

Ammo monixiylik qandaydir faol harakatlarni rad etib, kurashning bo‘sh usullarini qo‘llashni targ‘ib etdi. Natijada umidsizlik, sufiylik va tarki dunyochilikni targ‘ib qiluvchi mayda tariqatlarga bo‘linib ketdi. Monixiylikning bunday xususiyatlari xristian mazhablari bo‘lgan pavlikian va bogomil kabilarning ta'limotiga ta'sir o‘tkazdi. Monixiylikning kuchli ta'sirini mazdakiylik ta'limotida ham mushohada qilish mumkin.

Markaziy Osiyo va Eronda feodalizmning rivojlanib borishi va dehqonlar hayotining og‘irlashishi tabaqalar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirib yubordi. Urushlar, tabiiy ofatlar, kahatchilik bu jarayonni chukurlashtirdi. Dehqonlarning feodal hukmdorlardan noroziligi oshib bordi. Bunday qarama - qarshiliklarning ifodasi sifatida yangi diniy- falsafiy oqim bo‘lgan mazdakiylik paydo bo‘ldi. V-VI asrlar davomida mazdakiylik feodallarga qarshi qaratilgan harakatlarning mafkurasi bo‘lib xizmat qildi.

Uni asoschisi Mazdak (529-nchi yilda qatl etilgan) Eron shohi Qubod I (hukmronlik yillari 488-528) saroyi ahllariga yaqin bo‘lgan zardushtiylik kohini edi. U shohni mamlakatda islohotlar o‘tkazish zarurligiga ishontirishga urindi. Keyinchalik Mazdak dehqonlar harakatining rahnomasiga aylandi. Harakat bostirilgach, Mazdak qatl etildi.

Mazdakiylikning falsafiy ta'limoti zardushtiylikning ikki ibtido, ya'ni xayr va sharr, yorug‘lik va oqillik bilan qorong‘ulik o‘rtasidagi kurash haqidagi tasavvurlarga borib taqaladi. Tabiat uch unsur: suv, olov va tuproqdan tashkil topgan bo‘lib, ularning ko‘shilishidan ijobiy va salbiy hodisalar kelib chiqadi. Xayr bilan sharr o‘rtasidagi kurash xayrning g‘alabasi va sharrning (yomonlik) kuch ishlatish orqali yo‘q qilish bilan xotima topadi. Mazdakchilarning ijtimoiy dasturi keskin talablar qo‘ydi: barcha odamlarning teng huquqligi, iste'molda tenglik, barcha mulklarning va avvalo yerning umum ixtiyorida bo‘lishi. Bu narsa oddiy xalq o‘rtasida Mazdakning dong chiqarishiga olib keldi.

Mazdakiylik harakatining boshida shoh Qubod I bir tomonlama kuchayib borayotgan feodallar va zardushtiylik kohinlariga qarshi kurashda o‘z hokimiyatini mustahkamlash manfaatlaridan kelib chiqib, undan foydalanishga urindi. Biroq harakatning keng quloch ochishi, undagi keskin talablarning kuchayishi, zadagonlar va mulklarning yo‘q qilinishi xukmron doiralarni qo‘rqitib yubordi. Shoh va hukmron aslzodalar qo‘zg‘olonni kuch bilan bostirib, uning ishtirokchilarini shafqatsizlarcha jazoladilar.

Mazdakiylik harakati bostirilgandan keyin ham uning g‘oyalari uzoq vaqt Eron, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mehnatkashlarining kurashi uchun bayroq sifatida xizmat qildi. Markaziy Osiyoda bu g‘oyalar XII asrgacha rasm bo‘lgan edi.
5. Qadimgi Yunoniston va Qadimgi Rim falsafasi
Orfiklar va boshqa qator afsonaviy-falsafiy ta'limotlar vakillari yunonlarning an'anaviy diniy e'tiqodlarini to‘g‘rilash va tozalashga urindilar. Shu vaqtning o‘zida (er.ol. VI asr) Ioniya naturfalsafasi deb atalgan maktabning vakillari bo‘lgan Tolis (Fales), Anaksimandr va Anaksimenlar dunyoga butunlay boshqacha qarashni rivojlantirdilar. Ularning har uchchalasi Kichik Osiyodagi yunon shahar-davlati bo‘lgan Milet shahrida tug‘ilgan edi. Miletlik mutafakkirlar birinchi bo‘lib Koinotni uyg‘un ravishda tuzilgan, o‘z-o‘zidan rivojlanuvchi va o‘zi tomonidan boshqariladigan tizim sifatida tasvirlashga urindilar. Olam hyech qanday xudolar va hyech qanday odamlar tomonidan yaratilgan emas. U doimo mavjud bo‘lishi lozim. Uni boshqarayotgan qonunlarni inson tushunib yetishi mumkin. Ularda hyech qanday tushunib bo‘lmaydigan, sirli narsa yo‘q. Shunday qilib, dunyoni diniy-afsonaviy tushunish yo‘lidan uni inson aqli vositasida tushunishga hal qiluvchi qadam ko‘yildi.

Birinchi faylasuflar noiloj ravishda barcha ashyolaring birinchi ibtidosi, birinchi sababi nima, degan savolga duch kelishlari muqarrar edi. Tolis va Anaksimenlar fikricha, hamma narsalar paydo bo‘lib, pirovardida yana unga aylanadigan birlamchi javhar tabiatning to‘rt asosiy hodisasidan biri bo‘lmog‘i lozim edi. Tolis bu narsada ustunlikni suvga bergan bo‘lsa, Anaksimen havoga berdi.

Ammo tabiat hodisalarini majhul nazariy idrok qilish bobida Anaksimandr hammadan ilgarilab ketdi. U barcha mavjud narsalarning birinchi sababi va asosi apeyron, deb e'lon qildi. Apeyron abadiy va cheksiz javhar bo‘lib, sifat jihatdan uni to‘rt tabiiy hodisaning birortasiga bog‘lab bo‘lmaydi va shu bilan birga u doimiy harakatdadir. Uzluksiz harakat jarayonida apeyrondan qarama-qarshi ibtidolar bo‘lgan issiqlik va sovuqlik, quruqlik va namlik va shunga o‘xshashlar ajralib chiqadi. Qarama-qarshiliklarning ushbu juftliklari o‘zaro ta'sirga kirishib tabiatning ham tirik va ham o‘lik hodisalarini vujudga keltiradilar.

Anaksimandr tomonidan berilgan dunyo manzarasi kelib chiqishi jihatidan o‘sha zamon uchun butunlay yangi va g‘ayri oddiy edi. U o‘zida bir qator moddiyuncha va dialektik xususiyatga ega bo‘lgan unsurlarni yaqqol ifodalar edi. Shu jumladan o‘z shaklini doimo o‘zgartirib boruvchi va hamma narsalarni qamrab oluvchi birlamchi javhar to‘g‘risidagi tasavvur, moddaning hozirgi zamondagi tasavvuriga juda yaqindir. Qarama-qarshiliklarning kurashi va ularning birini ikkinchisiga o‘tib turishi, hamda ularni dunyodagi ko‘plab xilma-xil barcha jarayonlarning bosh manbasi ekanligi haqidagi fikr ham hozirgi zamon ilmiy qarashlari bilan hamohangdir.

Yunonistonlik faylasuflar shuni yaxshi tushunar edilarki, har qanday bilimlarning eng ishonchli asosi bo‘lib tajriba, tajribaviy izlanishlar va kuzatish xizmat qiladi. Mohiyat jihatdan ular faqat birinchi faylasuflargina bo‘lib qolmay, balki yunon va butun yevropa fanining asoschilari bo‘lgan birinchi olimlar ham edilar. Qadimgilarning o‘zlari Tolisni «birinchi riyozidon» (matematik), «birinchi munajjim», «birinchi fizik» deb atar edilar. Bobillik munajjimlarning ilgarigi kashfiyotlaridan foydalanib, Tolis (Fales) eramizdan oldingi 585 yilda yuz berishi mumkin bo‘lgan quyosh tutilishini oldindan bashorat qilgan edi. U birinchi bo‘lib birnecha asosiy geometrik teoremallarni isbot qildi, iste'molga sirkul va burchak o‘lchovchi asbobni kiritdi. Ma'lum bo‘lgan yer yuzini birinchi geografik xaritasini tuzgan kishi sifatida Anaksimandrni yod etadilar. U yer yuzini silindr shaklida, havoda muallaq osilib turgan holatda tasavvur etgan. Anaksimandr osmon gumbazi bo‘ylab harakat qiladigan yoritgichlar holatini namoyish etadigan «samoviy doira»ni kashf etdiki, unda yoritgichlarni yerga va bir-birlariga nisbatan joylashganliklarini ko‘rsatuvchi imkoniyat mavjud edi.

Miletdan keyingi Ioniya falsafasining markazi, faylasuf Geraklitning vatani Efes shahri edi. Dunyoning birlamchi unsurini Geraklit olovda ko‘rdi. Geraklitning falsafa tarixidagi ahamiyati shunda ediki, u moddaga xos bo‘lgan qonuniylik zaruriyati haqidagi masalani dunyoning dialektik rivojlanishi holati bilan bog‘lab tushuntirdi. Qarama-qarshiliklarning dialektik birligi Geraklit tomonidan shunday ifodalandiki, ular bir-birlarini doimo o‘zaro uyg‘unlikda to‘ldiradilar va shu jihatdan paydo bo‘ladilar. U o‘z falsafasining asosiy nuqtai nazarlarini hammaga keng ma'lum bo‘lgan bir qator hikmatli so‘zlarda ifodaladi: «hamma narsa oqimda, hamma narsa o‘zgarishda», «bir daryoga ikki marta sho‘ng‘ib bo‘lmaydi» va hokazo.

Janubiy Italiyada faoliyat ko‘rsatgan mashhur falsafiy maktab pifagorchilar maktabi edi. Pifagorchilar demokratiyaga dushman bo‘lgan, ommadan ajralib qolgan, o‘z qobig‘iga o‘ralgan aslzodalar to‘dasi edi. Ularning sirli ta'limoti ko‘proq nozik tab xususiyatga ega bo‘lib, aqliy yuksaklikka da'vo qilar edi. Pifagor (mashhur teorema muallifi) va uning izdoshlari matematik hisob-kitoblar bilan qiziqishar, sonlar va raqamlar birikmasini sirli ruhda talqin qilar edilar. Din va axloqni pifagorchilar jamiyatni tartibga solishning ajralmas qismi hisoblar edilar. Bu hind va eron tasavvufiy qarashlari ta'sirining natijasi edi. Pifagorchilar axloqni xalqni aslzodalarga bo‘ysunishini ta'minlaydigan ijtimoiy uyg‘unlikning asosi deb hisoblar edilar. Uning eng muhim qismi hyech qanday shartlarsiz bo‘ysunish edi.

Eramizdan oldingi V asr yunon falsafasini ko‘zdan kechirib, yunonlarning diniy qarashlarida inqiroz yuz berganligini qayd etish lozim. Eski tasavvurlarning tushkunligi sharoitida yangi diniy g‘oyalar tug‘ildi. Jumladan, shu vaqtda insonning xudo bilan shaxsiy aloqasi to‘g‘risidagi mashhur g‘oya tarqaldi. Uni biz masalan, an'anaviy qarashlarga salbiy munosabatda bo‘lgan yevripid ijodida uchratamiz. Yangi diniy e'tiqodlarning, masalan, tabobat xudosi Asklepiyaning ahamiyati oshib bordi. Vazifalarining o‘zgarganligi munosabati bilan ba'zi eski diniy aqidalar yangitdan tug‘ildi. An'anaviy diniy aqidalarning tushkunligi frakiyalik va osiyolik chet el aqidalarini Elladaga keng ravishda kirib kelishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, diniy tasavvufning yoyilishi ham o‘ziga xos xususiyat edi.



O‘zgaruvchanlikni ham, barqarorlikni ham hisobga oluvchi Geraklit dialektikasi zamondoshlari tomonidan qabul qilinmadi va juda ham xilma-xil tarzda tanqil ostiga olindi. Agar Kratil barqarorlik lahzasini inkor etishga chaqirgan bo‘lsa, eleatchilardan bo‘lgan Ksenofan, Parmenid va Zenonlar butun e'tiborni aynan ana shu barqarorlik lahzasiga qaratdilar. Ular Geraklitni o‘zgaruvchanlik rolini ortiqcha oshirib yuborishda aybladilar. His-tuyg‘u dunyosi beradigan ma'lumotlar omonat va o‘zgaruvchan bo‘lganligini (dam tug‘iladi, dam gullaydi, dam o‘ladi) tan olgan holda, eleatlar bu omonat hissiy dunyoga yagona qo‘zg‘almas borliq dunyosining qarama-qarshi qo‘ydilar. Bu dunyo sof tafakkurga ochiq bo‘lganligi uchun ham faqat unigina haqiqiy borliq sifatida tan olmoq lozim. Eleatlar moddiyunchiligining tabiiyligi, ularning ong bilan moddiy dunyoni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga bo‘lgan tamoyillari shu narsaga olib keldiki, dialektikani tashqi dunyoga nisbatan qo‘llab-quvatlab, shu bilan birgalikda ular g‘oyaviy dunyoni metafizik osoyishtalik saltanati, deb e'lon qildilar. Abadiylik va o‘zgarmaslik ular tomonidan haqiqiylikning sifati hisoblandi. Bilish rivojida mushkul vaziyat paydo bo‘ldi: ba'zilar, tasviriy ibora bilan aytganda, dunyoni olov oqimida eritdilar, boshqalar esa uni ko‘zg‘almas toshda kristallga aylantirdilar (muayyan bir shaklga kiritdilar).

Bu davr moddiyunchiligining eng yorqin vakillari Anaksagor va Empedokl edilar. Anaskagor fikricha, dunyo dastavval harakatsiz qotishmadan iborat bo‘lib, eng kichik zarrachalardan («urug‘lar») tashkil topgan ediki, unga aql (nus) harakat bag‘ishlagan. Anaksagorning aql haqidagi ta'limoti faoliyatsiz moddaga harakat manbasini keskin qarama-qarshi qo‘yganligini bildirar edi. Bu narsa falsafiy fikrning kelgusi rivojiga (yangi zamon falsafasining «birinchi turtki» g‘oyasi) sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Empedokl barcha narsalar asosida birlamchi to‘rt unsur («barcha ashyolarning o‘zagi»): olov, havo, tuproq va suvni ko‘rdi. Empedokl aqidasicha, barcha ashyolar miqdor va sifat jihatdan o‘zgarmaydigan, turli mutanosiblikda bir-biri bilan qo‘shilgan to‘rt unsurdan tashkil topganlar. Moddaning harakati (Anaksagorda bo‘lganidek) koinotdagi boshlang‘ich tartibsizlikni bartaraf qilgan va uni o‘zini uyushtirgan va uning aqlidan tashqarida bo‘lgan narsa sifatida ifodalanadi. To‘rt unsur haqidagi nazariyani Arastu qabul qilganligi tufayli, u XVII asrgacha yevropa fizikasining asosi bo‘lib xizmat qildi. Empedoklning sezish nazariyasi ham ko‘plarga, jumladan Aflotun va Arastuga ham katta ta'sir o‘tkazdiki, unga binoan sezgi a'zolarining «badanidan ter chiqadigan teshik»lariga qabul qilinayotgan ob'ektdan ajralib chiqayotgan moddiy «to‘ldiruvchilar» kiradilar.

Qadimgi Yunonistonning moddiyunchilik qarashlari o‘zining eng gullab-yashnagan davriga Miletlik Levkipp va Abderlik Demokrit (er.ol. 460 yillar) ta'limotlarida erishdi. Levkipp atomistik falsafaga asos soldi. Uning shogirdi Demokrit uni kengaytirib, sayqallashtirdi va har tomonlama umumiy falsafiy tizim yaratdi. Ushbu nazariyaga muvofiq dunyo bo‘shliq va harakatdagi atomlardan, ya'ni sifat jihatdan bir xil va o‘zgarmaydigan, ammo shakl va andoza jihatdan turlicha bo‘lgan cheksiz mayda bo‘linmas zarrachalardan tashkil topgan. Atomlar bo‘shliqda harakat qiladilar va ularning bir-biriga qo‘shilishi butun dunyoni vujudga keltiradi. Tirik mavjudot tirik bo‘lmagan narsadan ruhi borligi bilan farq qiladi. Ruh doira shaklidagi harakatlanuvchi atomlardan tashkil topgan. Demokrit ruhni o‘ladigan narsa deb hisobladi. Qachonki, badan o‘lsa, atomlar makonga sochilib ketadi. Demokrit ta'limotidagi eng muhim qoida, bu moddaning ajralmas xususiyati sifatida taqdim etilgan va unga xos bo‘lgan harakat haqidagi qarashdir. Harakat ruh ta'sirining natijasi bo‘lmay, balki moddaning o‘zini xususiyatidir.

Demokrit falsafa tarixida birinchi marta keng yoyilgan bilish nazariyasini yaratdiki, uning manbai hissiy tajriba edi. Ammo Demokrit fikricha, ashyolarning haqiqiy «tabiati» (atomlar)ni bilishga his-tuyg‘u bilan erishib bo‘lmaydi va uni faqat tafakkur yordamida idrok etish mumkin.

Empedokl kabi Demokrit ham hissiy qabul qilishni o‘tib ketuvchi oqim bilan tushuntirdi (qabul qilinayotgan badandan ajralib chiqayotgan atomlar oqimi).

Demokrit ta'limotida ijtimoiy va axloqiy muammolar katta o‘rin tutadi. Davlat tuzumining eng yaxshi shakli sifatida u demokratiyani hisobladi, eng xayrli ish deb donishmandlikni bildi. Demokrit ko‘p qirrali olim bo‘lib, uning asarlari o‘sha zamondagi barcha bilim sohalarini qamrab olgan edi. Demokrit falsafasi yevropa falsafasi va tabiatshunoslik fanlari rivojiga katta ta'sir ko‘rsatdi.

Eramizdan oldingi V asr boshidagi barcha falsafiy maktablarni koinot va borliq haqida yagona ta'limot yaratib, dunyoning yagonaligi va xilma-xilligini tushuntirib berish istagi birlashtirgan edi. Biroq eramizdan oldingi V- asrning o‘rtalaridan boshlab Yunonistonning ma'naviy hayotida keskin burilish yuz berdi, ya'ni bundan keyin falsafa asosiga dunyo emas, balki inson qo‘yildi. Bunday ma'naviy to‘ntarishda sofistlarning (yunoncha sofos-oqil) o‘rni kam emas edi. Sofistlar harakatining paydo bo‘lishi jamiyat tarkibining murakkablashishi bilan bog‘liq bo‘lib, kasbi siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanish bo‘lgan toifaning ko‘payishi, muvaffaqiyatli siyosiy faoliyat olib borish uchun zarur bo‘lgan muayyan bilimlar hajmining oshishi bilan ifodalanar edi.

Safarda kezib yurib, pul ishlash maqsadida donishmandlik va notiqlik ilmidan dars beruvchi o‘qituvchi-sofist-kasbiy bilimlar olish jarayoni zaruriyatining tabiiy natijasi edi. Sofistlar ta'limoti tug‘ilishining boshqa bir sababi - bilimlarning o‘zini mantiqiy rivoji edi. O‘zining asosiga ko‘ra, aqliy mushohadaga tayangan tabiatni o‘rganuvchi faylasuflarining hamma narsani qamrab oluvchi koinot to‘g‘risidagi ta'limotlari juda bo‘sh va omonat asosga kurilgan edi. Vaqt o‘tishi bilan koinotning bosh tasvirini ko‘plab alohida olingan tajribaviy kuzatishlar va xususiy fanlarning xulosalari bilan muvofiqlashtirish qiyinlashib bordi. Tabiat falsafasi bilan muayyan voqyeylikdagi bilimlar o‘rtasidagi uzilish kuchliroq darajada anglashilgani sari naturfalsafaga nisbatan ijtimoiy umidsizlik oshib bordi. Ana shunday umidva ishonchsizlikning ifodachilari sofistlar edilar. Ushbu ishonchsizlik o‘zining nazariy asosini sofistlar tomonidan qo‘yilgan haqiqat mezoni muammosida topdi: inson bilimlariga ishonish mumkinmi? Ularning to‘g‘ri yoki yolg‘on ekanligini qanday qilib tekshirish mumkin? Umumiy tarzda sofistlarning ta'limoti relyativizm (nisbiylik)edi. Sofistlar faoliyati xususiyatining o‘zi bunga imkon bergan edi, chunki ular har qanday nuqtai nazarni himoya qilishga o‘rgatar edilar. Bunday ta'limotning asosida mutlaq haqiqat va ob'ektiv qadriyatlarning yo‘qligi haqidagi ta'limoti yotar edi.

Sofistlar ta'limotining eng mashhur vakillari Abder shahridan bo‘lgan Protagor va Leontinlik Gorgiy edilar. Protagor barcha hodisalar va idrokning nisbiyligi va ularning muqarrar ravishda sub'ektivligi (bir taraflama ekanligi) haqidagi qoidani oldingi surdi («inson barcha ashyolarning mezonidir»). Protagor qadimgi davrlardayoq sofizm deb nom olgan og‘zaki bahs musobaqalariga asos soldiki, unda sofistlar mantiqiy mushkul holatlarni qo‘llar va umum tomonidan qabul qilingan fikrlardan keskin farq qiladigan nuqtai nazarlarni bayon qilar edilar. Sofistlar Yunonistonda bilimlarning keng tarqalishiga imkon yaratdilar. Bundan tashqari, dalillarga asoslangan fan sofistik ishonchsizlik asosiga qurilgan kuchli raqib bilan duch kelib, uning natijasida mustahkamlandi. Ba'zi sofistlar an'anaviy diniy aqidalarga qarama-qarshi bo‘lgan fikrlarni bayon qildilar. Masalan, Protagor xudolar bor yoki yo‘qligini bilmasligini ta'kidlagan edi. Din xalqni itoatda tutib turish uchun ayyor siyosatchi tomonidan o‘ylab chiqarilgan degan nuqtai nazarni Kritiyga taalluqli deydilar.

Afinada sofistlarning murosasiz dushmani sifatida Suqrot (er.ol. 470-399yy.) maydonga chiqdi. U sofistlarga qarshi o‘laroq, baribir haqiqat mavjud va u bahsda topilishi mumkin, degan fikrda edi. Suqrotning kuchi bahs yuritish sohasida u ishlab chiqqan usulda ediki, unda bir qator savollar berish yo‘li bilan opponentni o‘z nuqtai nazarini noto‘g‘ri ekanligini tan olishgacha olib borib, so‘ngra shu usulning o‘zi bilan o‘z qarashlarining adolatliligini isbot qilar edi. Suqrot ta'limotining asosida donishmandlar tomonidan bilib olinadigan, ob'ektiv ravishda mavjud bo‘lgan ruh to‘g‘risidagi g‘oya yotar edi. U hayotning har qanday sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun kasbiy bilimlar zarurligini ta'kidlagan edi. Ana shundan siyosiy xulosalar ham qilinar edi, ya'ni davlatga rahbarlik qilish –bu ham kasb va shuning uchun shu narsa zarurki, u bilan shunday kasbga ega bo‘lganlar shug‘ullansin. Bunday nuqtai nazar Afina demokratiyasining asosiy qoidalariga butunlay qarama-qarshi edi, negaki, polisni (davlat-shahar) boshqarish-har bir fuqaroning ishi edi. Shu bilan birga Suqrotning ta'limoti oligarxlar (bir to‘da puldorlarning siyosiy va iqtisodiy hukmronligi) uchun nazariy asos yaratdiki, pirovardida demos (xalq hokimiyati) bilan ixtilofga olib keldi. Bu narsa Suqrotni mahkum etilishi va o‘limi bilan xotima topdi.

Aflotun (er.ol. 427-347yy.) Afinadagi aslzodalar urug‘iga mansub edi. «Davlat» va «Qonunlar» degan risolalarida Aflotun orzudagidek polis (shahar-davlat)namunasini yaratdiki, unda tabaqalarga bo‘linganlik tizimi o‘zining quyi tabaqalar faoliyati ustidan jamiyat yuqori tabaqalarining qat'iy nazorati o‘rnatilishi orqali sinchkovlik bilan ishlab chiqilgan edi. Polis tepasida bilimga ega bo‘lgan kishilar, faylasuflar turishi lozim edi. Aflotunning fikricha, demokratiyaning beboshligi tufayli polis halokat yoqasida turibdi, negaki, u tabiiy kelib chiqishi jihatidan boshqarishga qobiliyati yo‘q odamlarni boshliq qilib, o‘rnatilgan tartibni buzdi. Bundan chiqish yo‘lini u polis xilidagi davlatlarga xos bo‘lgan dastlabki asoslarni qayta tiklashda ko‘rdi. Ular quyi mansabdorlarning yuqori mansabdorlarga bo‘ysunish tartibidagi tizimni tashkil etadilarki, unda uchta davlat tabaqasining faoliyat doirasi aniq ajratilgan: hukmdor faylasuflar, harbiylar va yerga ishlov beruvchilar. Har kim o‘z ishi bilan shug‘ullanadi, davlat esa barcha ish tartibini belgilaydi va hammani nazorat qiladi. Aflotun fikricha, oilani jamiyatning boshlang‘ich tashkiloti sifatida yo‘qotish, bolalarni esa umumiy qilish lozim. Davlatning farovonligi uning fuqarolarining qanchalik tarbiya topganliklariga bog‘liqdir. Aflotun bunga shunchalik katta ahamiyat berdiki, muayyan yoshga yetgandan keyin bolalarni ota-onalari ixtiyoridan olib, davlat tarbiyasiga berishni tavsiya etdi.


Yüklə 114,33 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə