Reja: Kirish i-bob. Asosiy qism



Yüklə 65,77 Kb.
səhifə1/5
tarix25.05.2022
ölçüsü65,77 Kb.
#87881
  1   2   3   4   5
MUSIQA JO\'RLIGIDA HAMDA SANASH ORQALI SAF VA UMUMIY RIVOJLANTIRISH MASHQLARNI O\'TKAZISH


MUSIQA JO'RLIGIDA HAMDA SANASH ORQALI SAF VA UMUMIY RIVOJLANTIRISH MASHQLARNI O'TKAZISH
Reja:
Kirish
I-bob.Asosiy qism
1.1.Badiiy gimnastikaning vujudga kelish
1.2.Sport turi elementlarining paydo bo'lishi
II-bob. Musiqa jo'rligida hamda sanash orqali saf va umumiy rivojlantirish mashqlarni o'tkazish
2.1.Badiiy gimnastikada musiqaning ahamiyati
2.2.Musiqiylikni rivojlantiruvchi namunaviy o’yinlar
2.3.Musiqali kuzatishning ritm va o’lchovlari
Xulosa
Adabiyotlar


KIRISH
Badiiy gimnastika - sport turlari orasida o’zining jozibasi, harakatlarining ham murakkab, ham betakrorligi bilan ajralib turadi. Turli musobaqalarda musiqa sadolari ostida harakatlar uyg‘unligi ila turli obrazlarni ijro etayotgan qizchani ko‘rib, bu aynan xotin-qizlar uchun yaratilgan sport turi ekanligini anglaysan kishi. Sportchining mashqlarni yengil va maromda bajarayotganini ko‘rib, tomoshabin buning zamirida qancha mehnat, mashaqqat, sport turiga sadoqat, kuchli jismoniy tayyorgarlik borligini tasavvur ham qilolmaydi. Juda zavqli ko‘ringan chiqish sportchining mahorati, ko‘nikma va malakasini namoyish etadi.
Badiiy gimnastika - yurtimizda juda keng jadal rivojlanib, ommalashib bormoqda. Nafaqat shahar, tuman markazlari, balki chekka-chekka qishloqlarda ham sportning bu turiga qiziqish va shug‘ullanuvchilar soni ortishi tahsinga loyiqdir. O‘tkazilayotgan musobaqalarda ham sportchilar ko‘nikma malakalari oshayotgani, sport mahorati yuksalayotgani badiiy gimnastikaning kelajagi yurtimizda barqaror ekanidan dalolat beradi.
Bu sport turi bilan qizlar 4-5 yoshdan boshlab shug‘ullanishlari mumkin. Mashg‘ulotlar jarayonida olinadigan yuklamalar, mashqlar qizlar organizmi uchun foydali va samarali ta’sir ko‘rsatishi juda ko‘p manbalarda ta’kidlangan. Bu ayni haqiqatdir. Chunki, ushbu sport turi bilan shug‘ullangan qizlarda noziklik, harakatlarning mayinligi, nafisligi, kelishgan qaddi-qomat shakllanadi. Bundan tashqari, jismoniy sifatlardan, egiluvchanlik, epchillik, chaqqonlik va koordinatsiya juda yaxshi rivojlanadi. Shu bilan birga, axloqiy, estetik va irodaviy hislatlarni ham tarbiyalaydi.


  1. BADIIY GIMNASTIKA SPORT TURINING RIVOJLANISH TARIXI
    2.1. Badiiy gimnastikaning vujudga kelish


Badiiy gimnastika o‘z shakllanishi va rivojlanishida sport va san’atdan eng yaxshi xislatlarni o‘ziga mujassam qilgan holda uzoq davrni o‘tdi.
Barchaga ma’lumki, odamlar juda qadim zamonlardan boshlab raqsga tushishgan. Raqs hissiyotlar va sezgilarni ifodalash usuli sifatida odamzotning barcha tarixida mavjud. Bu, o‘zida odamning musiqiy, jozibali, sport, estetik va badiiy rivojlanishi va ta’limi vositalarini o‘zida uyg‘unlashtirgan raqsning ko‘p qirraligi bilan bog‘liq. Raqs har xil asrlar davomida, shu davr uchun o‘ziga xos xarakterga ega bo‘lgan. Raqs borgan sari o‘zgargan va yangidan-yangi yo‘nalishlarni qamrab olgan. Keyinchalik, raqs studiyalari va teatr san’ati studiyalari paydo bo‘lgan.
X1X asrning oxiri - XX asrning boshlarida Fransua Delsartning ifodali gimnastika studiyasi, Emil Jak-Dalkrozning ritmik gimnastika, Jorj Demenining raqs gimnastikasi va Aysedora Dunkanning erkin raqs studiyalari juda katta ommaviylikka erishgan. Ularning ijodiy merosi butun dunyoda tan olindi va badiiy harakatning yangi yo‘nalishni rivojlanishiga asos bo‘ldi, aynan shu, ayollar uchun sport turini yuzaga kelishining boshlanishi bo‘ldi.
Fransua Delsart (1811 yil 11 noyabr - 1871 yil 20 iyul, Parij) fransiyalik qo‘shiqchi, vokal bo‘yicha pedagog va sahna san’atining nazariyachisi hisoblanib, akterlar va raqqosalar uchun ifodali gimnastika tizimini yaratgan. O‘z hissiyotlarini mimika va imo-ishoralar bilan ifodalayotgan katta odamlar va bolalarning harakatlarini kuzatishi hamda yunon san’atini o‘rganishi oqibatida, u, imo- ishoralarni mohiyatiga, mazmuniga va hissiy qirralariga ko‘ra tizimlashtirgan. Delsart jadvallar tuzgan va qo‘llar harakatlarining barchasini tasniflagan bo‘lib, ularda u yoki bu ifodali harakatlar va kayfiyat matematik aniqlik bilan aks ettirilgan. Masalan, faqatgina qo‘llar uchun harakatlarning 243 ta turlari nazarda tutilgan. Lekin, Delsart qo‘llar harakatlari tizimini yaratishi orqali har bir hissiy holatga tananing, qo‘llarning, boshning ma’lum bir holati va ma’lum bir mimika mos kelishi kerakligini nazarda tutgan. U, odamning har xil kechinmalarini, kayfiyatlarini va fikrlarini sun’iy harakatlar bilan emas, balki tabiiy harakatlar orqali etkazishga qobiliyatli odam gavdasi harakatlarining erkin va hissiy ifodaliligi ustida ishlashning yangi usullarini ishlab chiqqan. U, artistlarni oddiygina boshni ko‘tarishga, egilishga, burilishga, yurish va yugurishga emas, balki har bir harakatga ma’lum bir mazmun va mohiyatni kiritishga o‘rgatgan. Uning gapiga ko‘ra, his qilish kam va o‘zidan sinovdan o‘tkazish etarli emas, balki hissiyotni harakatga aylantirish va boshidan o‘tgan kechinmani ifodalash zarur. Delsart harakatlarning har xil tezkorligiga va kuchiga katta e’tibor qaratgan, bu, harakatlarning sun’iyligini oldini olishga yordam beradi, deb o‘ylagan.
Delsart harakatning asosini, uning kelib chiqishini tabiiyligida ko‘ra bilgan, gimnastik mashqlarni musiqa bilan uyg‘unlashtirishga intilgan. U, quyidagi tamoyillarga rioya qilgan holda mashqlarni yaratgan:

  • ko‘pchilik bo‘g‘imlarni harakatlarga bir butun sifatida kirishishini;

  • odamning hissiy holati bilan gavda harakatlari o‘rtasidagi aloqadorlikni;

  • harakatlanishlar paytida qo‘llar va oyoqlarning qarama-qarshi harakatlarini (yurish va yugurishning turli xarakterlarini).

F.Delsart tomonidan ishlab chiqilgan ushbu barcha g‘oyalar va tamoyillar badiiy gimnastika uchun juda qimmatli hisoblanadi va uning bazaviy harakatlari asosiga kiritilgan. Masalan, badiiy gimnastikaning to‘lqinsimon va prujinasimon harakatlari ko‘pchilik bo‘g‘imlarni bir butun sifatida harakatlarga qo‘shilishi asosida, sekin-asta gavdaning bir zvenosidan boshqasiga o‘tish orqali bajariladi. Badiiy gimnastikada yurish, yugurish va sakrashlarning har xil bazaviy turlari, ularni bajarilishi paytida qo‘llar va oyoqlarning qarama-qarshi harakatlanishini talab qiladi.
Shveysariyalik bastakor va pedagog Emil Jak-Dalkroz (1865 yil 6 iyul, Vena, 1950 yil 1 iyul, Jeneva) ritmik gimnastika deb ataladigan mualliflik tizimini yaratgan bo‘lib, unda u, musiqiy ritmni odam gavdasining harakatlariga olib o‘tishga uringan. Emil Jak-Dalkroz, o‘zining tizimi asosiga musiqa ritmi va musiqani jozibali amalga oshirish tushunchasini qo‘ygan. Musiqa va joziba ritmdan boshlanadi. Tanani, qalbni, ruhni va umuman odamni tarbiyalash va shakllantirish uchun eng ifodali ritm zarur. Emil Jak-Dalkroz dunyoning yaratilishi sirlaridan voqif bo‘lish va misli ko‘rilmagan qudratga, o‘z tanasi va o‘z hayotida ritmni his qilishga qobiliyat faqatgina insonga xos, deb hisoblagan. Raqqosa musiqa va harakatlardagi ichki aloqani har doim anglashi kerak. Musiqa bilan shug‘ullanishdan oldin, ritm va tovushlarni yaratadigan hissiyotlar ichiga kirish, uni o‘zining tani-joni bilan his qilish va idrok qilishni o‘rganishi kerak. Emil Jak- Dalkroz bolalar uchun maktab ta’limi tizimiga ritmikaning kiritilishini ahamiyatini alohida aytgan, chunki harakat - ularning zaruriy ehtiyoji hisoblanadi. U, ritmni har qanday san’atni, jumladan she’riyatni, haykaltaroshlikni, me’morchilik va musiqani bilish uchun baza sifatida belgilagan. Musiqa odamning xulq-atvorini sokinlashtirishi va qo‘zg‘aluvchanligini tinchlantirishi orqali umumiy tarbiyaviy ahamiyatga ega, deb hisoblagan. Emil Jak-Dalkroz barkamol rivojlangan shaxs - odamning antik idealiga qaytadi. Uning maqsadi - odamni o‘zini-o‘zi bilishiga, hayotdan quvonishiga olib kelish, jismoniy va psixologik qiyinchiliklarni bartaraf qilish va o‘zining kuchi va ijodiy imkoniyatlari to‘g‘risida yorqin tasavvurlarni yaratish bo‘lgan. Emil Jak-Dalkrozning asosiy tamoyillari: “Musiqa gavda harakatlarini ruhlantirish kerak, toki u “ko‘rinadigan tovushga” aylansin”. “Tovushlar musiqasi va imo-ishoralar musiqasi bitta hissiyotlar bilan ruhlantirilishi kerak”. Emil Jak-Dalkroz “raqs”ni ritmik harakatlarning uyg‘unligi sifatida belgilagan bo‘lib, ularning yordamida odam o‘z hissiyotlarini namoyon qiladi. Lekin, u, buni mumtoz raqsda ko‘rmagan. O‘z uslubiyotini ritmni “qars urish” bilan o‘qitishi va qiyin o‘zlashtirayotgan o‘quvchilarga davomiylikni uyg‘unlashtirish maqsadida o‘zining tizimini musiqa ritmidagi erkin harakatlarda tuzgan (ritmik gimnastika). Ularning tarkibiga musiqa nazariyasi, xor tarkibida ashula aytish, solfedjio, shved gimnastikasi, ruhlantirilgan gimnastika, raqs kursi va hokazolar kabi predmetlarni kiritgan. Ritmik gimnastika darslarida qo‘llaniladigan vositalar badiiy gimnastikaning bazaviy elementlariga o‘xshash. Bunday harakatlarga yurish, yugurish, sakrashlarning har xil turlari kiradi. Harakatlarning variantlari - uzilib va sokin ijro etish, musiqa ritmiga bog’liq holda, musiqaning har bir tovushiga mos keladigan sekinlashish va tezlashish bilan qo‘llaniladi. Bunday mashqlarning barchasi qiyinlik darajasi bo‘yicha aniq ketma- ketlikda berilgan va shakli bo‘yicha juda xilma xil bo‘lgan. Mashg‘ulotlar tizimida ohang va ritmdagi juda kichik o‘zgarishlarni harakatlarda aks etuvchi musiqa ostidagi individual va guruhdagi improvizatsiya ancha sezilarli joy egallaydi.
Emil Jak-Dalkroz o‘z davrida keng tarqalgan gimnastik harakatlar musiqa bilan uyg‘un bo‘lgan har xil yo‘nalishlarni o‘rgangan va tahlil qilgan. U, ulardagi ijobiy va salbiy tomonlarini ajratgan bo‘lib, bu, uning ritmik tizimini betakror stilini shakllantirish imkonini bergan. Badiiy gimnastikada bunday yondashuv o‘z qo‘llanilishini topdi va yanada rivojlantirildi.
Fransiyalik fiziolog va pedagog Jorj Demeni (1850-1917) fiziologiya va anatomiya yutuqlari asosida tuzilgan gimnastik jismoniy tarbiya tizimi muallifi. Jorj Demeni o‘z davrida mavjud bo‘lgan gimnastikaning asosiy kamchiligi deb, harakatlarning o‘ta keskinligini, to‘g‘ri chiziqliligi va sun’iyligini hisoblagan. U, fiziologik jarayonlarga asoslangan holda mushaklarni cho‘zishga va bo‘shashtirishga qaratilgan mashqlarning, ortiqcha davomiy statik kuchlanishlarsiz to‘liq amplituda bilan va keskin siltashlar va beso‘naqay harakatlarsiz bajariladigan mashqlarni maqsadga muvofiqligini isbotlagan. U, jismoniy tarbiyaga bo‘lgan quyidagi prinsipial talablarni ishlab chiqqan:

  • gimnastika dinamik bo‘lishi kerak, statik mashqlardan qochish kerak;

  • harakatlarda to‘liq amplitudaga erishish zarur. Agarda, bir xil mushaklar to‘liq kuchlangan bo‘lsa, unda qarama-qarshi mushaklar to‘liq bo‘shashgan bo‘lishi kerak;

  • harakatlar tabiiy ko‘rinishga ega bo ‘lishi, burchakli va uzilib bajariladiganlari bo‘lmasligi kerak;

  • harakatlarda ishtirok etmayotgan mushaklar, bo‘shashgan bo‘lishi kerak;

  • mashqlarni o‘rgatish paytida tanish mashqlardan notanish mashqlarga o‘tish, engil mashqlardan ancha qiyin mashqlarga, oddiylaridan murakkab mashqlarga o‘tish lozim.

Jorj Demeni mashqlarni bajarishning qiyinligini va jadalligini o‘quvchilarni toliqish darajasigacha olib bormasdan sekin-asta oshirish kerakligini isbotlagan. Buning uchun u, yuklamaning kattaligini - quvvatini va ishlash vaqtini aniqlashni boshlagan. Jorj Demenining jismoniy tarbiya tizimi salomatlikni va jismoniy kuchni mustahkamlashga, energiyani eng kam sarflash bilan ishlash qobiliyatini ishlab chiqarishga va matonatni tarbiyalashga, tana va harakatlarning chiroyli bo‘lishini tarbiyalashga yo‘naltirilgan. Erkaklar uchun gimnastikaning asosiy maqsadi egiluvchanlikni, kuchni, epchillikni har qanday sharoitlarda ham tezkor va tejamkor harakatlar qilish hamda harbiy-amaliy harakatlarning turlarini o‘zlashtirishni rivojlantirishdan iborat. Qizlarni jismoniy tarbiyasida boshqa vazifalarni qo‘ygan, ularning ichida eng muhimlari quyidagilar bo‘lgan: nozik harakatni va jozibani rivojlantirish, yaxshi qaddi-qomatni, egiluvchanlikni, epchillikni shakllantirish, ohista va nozik harakatlanish malakasiga erishish. Mashg‘ulotlar tarkibiga bulavalar, tayoqlar va boshqa jismlar bilan mashqlar hamda raqs qadamlari harakatlari, har xil ritmik harakatlar va improvizatsiya kiritilgan. Mashg‘ulotlar asosan, mumtoz asarlardan olingan musiqa ostida o‘tkazilgan.
Jorj Demenining gimnastik tizimini ushbu ta’kidlashlari va holatlari hozirgi vaqtda ham badiiy gimnastika uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Sportchi ayollarning zamonaviy dasturlarida Jorj Demeni tmonidan taklif qilingan jismlarning turlari o‘zgartirilgan holda qo‘llaniladi, barkamol shaxsni, nozik harakatlarni, egiluvchanlik va harakatlar go‘zalligini tarbiya qilish esa - badiiy gimnastika bilan shug‘ullanishning asosi hisoblanadi.
Erkin raqs asoschisi, amerikalik raqqosa Aysedora Dunkan (1877 yil 27 may, San-Fransisko - 1927 yil 14 sentyabr, Nitssa) raqsni o‘ziga xos san’at turi sifatida tushungan, mumtoz baletning qat’iy qoidalarini inkor qilgan, raqsda tabiiylikka, raqs va musiqani bir butunga birlashtirishga intilgan. Aysedora Dunkan qadimgi Yunon san’atiga tayangan holda, Yunon vazalariga chizilgan rasmlardagi pozalarni o‘rganish orqali yunonliklarning nozik harakatlanishlaridan namunalar olgan va raqsda tasviriy san’at, musiqiy va nozik harakatlar shakllarini birlashtirishga uringan. Musiqadan va tirik tabiatdan ilhom olishi orqali, u, raqsning tabiiy shakllarini rivojlantirgan va siyqasi chiqqan standart aylanishlar va sakrashlarsiz o‘zining harakatlarini yaratgan. Musiqa va hissiyotlar uyg‘unligi haqqoniy va tabiiy bo‘lgan, uning tani-jonidan chiqib keladigan harakatlarni yuzaga keltirgan. Aysedora Dunkanning harakatlari musiqa ortidan yurgan, undan oldinga chiqib ketmagan. Uning raqslaridagi harakatlar oddiy bo‘lgan: qadam bosishlar, yarim barmoqlari ustida engil yugurishlar, kichkina sakrashlar, tabiiy to‘xtalishlar va pozalar, u, oyoq yalang engil shaffof, rivojlanuvchi tuniklarda raqs tushgan. Aysedora Dunkan raqsda improvizatsiya qilgan bo‘lib, bu harakatlar zavq bilan va chin dildan amalga oshirilgan, notabiiy ritmikali, musiqiy va betakror bo‘lgan. U Chaykovskiy, Vagner, Shubert, Betxoven, Motsart, Shopen va boshqa bastakorlarning yuqori badiiy musiqalari ostida raqsga tushgan. Musiqani hissiy qabul qilishi va uni harakatlarga o‘tkazishi, uning usuli asosida yotgan. Aysedora Dunkan o‘z o‘quvchilariga harakatlar paytida chiziqlarning to‘lqinsimon bo‘lishini va tirik tabiatning o‘ta go‘zal va tabiiy shaklini mujassamlashtirishga o‘rgatishga intilgan.
Aysedora Dunkanning ijodiyoti avlodlardan avlodlarga o‘tib yangi yondashuvga o‘rnak bo‘ldi va yangi raqs yo‘nalishlarini yaratilishiga ko‘maklashdi.
Aysedora Dunkanning ijodiyoti badiiy gimnastikaning rivojlanishiga ham ancha sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Sportchi ayollardan musiqani individual interpretatsiya qilishlari va esda qoladigan obrazni yaratish uchun uni harakatlar bilan to‘liq o‘zaro bog‘lash talab qilinadi. Bidiiy gimnastikaning bazaviy harakatlari - to’lqinlar, prujinasimon harakatlar va ularning uyg’unligi, qo’llar va tana bilan harakatlar, yugurish, yurish va sakrashlarning har xil turlari hisoblanadi.
Shunday qilib, ajdodlarning ifodalangan gimnastika asoschisi F.Delsartning, ritmik gimnastika asoschisi E.J.Dalkrozaning, raqs gimnastika asoschisi J.Demenining va erkin raqs asoschisi A.Dunkanning ijodiy merosi X1X asr oxiri - XX asr boshlarida Rossiyada keng ommalashdi. Nozik harakatlar va teatr san’ati studiyalari katta miqdorda ochildi:

  • 1912 yilda S.Volkonskiy Peterburgda ritmik gimnastika kurslarini ochdi. Studiyada Dalkroz tomonidan Rossiyaga yuborilgan rus o‘qituvchilari va mutaxassislari ish olib borishgan;

  • 1915 yilda Petrogradda MXAT aktrisasi K.Isachenko-Sokolova nozik harakatlar va sahna ifodaliligi maktabini ochgan bo‘lib, unda F.Delsartning ifodalangan gimnastikasi, E.J.Dalkrozaning ritmik gimnastikasi, J.Demenining raqs gimnastikasi hamda predmetlar - koptok, sharf va boshqalar bilan mashqlar o‘z aksini topgan;

  • 1918 yil E.I.Rambek (A.Dunkanning shogirdi) studiyasida nozik harakatlar bo‘yicha maxsus ta’lim olgan E.N.Gorlova Petrogradda nozik harakatlar sohasida o‘zining pedagogik faoliyatini boshlagan. Keyinchalik Gorlova “Geptaxor” studiyasi tizimi bilan va D.M.Musinaning studiyasi bilan tanishgan hamda ritmik gimnastika bilan shug‘ullangan;

  • 1918 yil N.Romanovaning rahbarligi ostida ritm maktabi ochilgan bo‘lib, u, guberniya xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida bo‘lgan. Ritmik gimnastika maktablardagi jismoniy tarbiya darslariga kiritilgan va maktabdan tashqari vaqtda - bolalarning badiiy tarbiyasi vositasi sifatida kiritilgan;

  • 1919 yil S.Auer Petrogradda mukammal harakatlar studiyasini va keyinchalik institutini ochgan. Unda shug‘ullanuvchilar har tomonlama jismoniy madaniyatni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lishgan. Institutning o‘quv rejasi ko‘p predmetli bo‘lgan va akrobatikani, ot minishni, qilichbozlikni, ritmik gimnastikani, xarakterli raqsni va hokazolarni o‘z ichiga qamrab olgan;

  • 1919 yili Jonli so‘z institutining musiqiy harakatlar studiyasi qoshida “Geptaxor” studiyasi ish boshlagan bo‘lib, u, xoreografik spektakllarni va konsert chiqishlarni bezash ustida ish olib borgan. 1933 yildan boshlab “Geptaxor” studiyasi jismoniy tarbiya bo‘yicha viloyat kengashining jismoniy tarbiya seksiyasini topshirig‘iga binoan bolalar bilan ommaviy ishlashni boshlagan va “harakat gimnastikasi tizimini” yaratgan;

  • Pedagogik xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj 1920 yilda Ritm institutini ochilishiga olib kelgan. Ushbu institut dasturining asosiy yo’nalishlari - umumiy pedagogik tayyorgarlik (pedagogika, psixologiya, biomexanika), harakat tayyorgarligi (xalq raqslari, nozik harakatlar, shved gimnastikasi), musiqiy tayyorgarlik (musiqa eshitish, ashula aytish va musiqiy-plastik etyudlar) hisoblangan;

  • 1920 yilda D.M.Musinaning rahbarligi ostida F.Delsart nomidagi yagona san’at studiyasi “Glavnauka” tasarrufida o‘z ishini boshlagan. Unda, amaliy, ilmiy- tadqiqot va o‘quv seksiyalari bo‘lib, ularda raqs, badiiy so‘z va mimikali nozik harakatlarni ifodalash o‘qitilgan. 1923 yili studiya, o‘quv rejasi tarkibiga akrobatikani, gimnastikani va bir qator nazariy fanlarning kiritilishi hisobiga kengaytirilgan. D.M.Musina studiyasining asosiy ishi san’atning har xil turlarini ilmiy asoslash va ularni sintezlashni amaliy jihatdan amalga oshirishdan iborat bo‘lgan. Lekin, barcha qo‘yilgan vazifalrni studiya tomonidan amalga oshirish imkoni bo‘lmagan;

  • 1921 yili Z.Verbova studiyasi tuzilgan bo‘lib, u, 1923 yilda Davlat badiiy maktabi huquqiga ega bo‘lgan. Unda, o‘zini-o‘zi mukammallashtirishni istagan barcha odamlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilgan va jismoniy tarbiya bo‘yicha ta’lim beruvchi pedagog kadrlar tayyorlangan. Mashg‘ulotlar tarkibiga quyidagi fanlar kiritilgan: biomexanika, anatomiya, raqs tarixi, libos tarixi, umumiy gimnastika, qo‘llab turishlar, xarakterli raqs, pantomima, improvizatsiya va sahnalashtirish- rejisserlik ishlari. Keyinchalik Z.Verbova ishlab chiqarish jamoalarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan, 1936 yilda esa, P.FLesgaft nomidagi jismoniy madaniyat institutining badiiy harakat dotsenturasida xodim sifatida ish boshlagan;

-1923 yili E.N.Gorlova bolalar badiiy studiyasida iqtidorli bolalar guruhi bilan nozik harakatlar bo‘yicha ish boshlagan. Trenirovkalar xilma xil konstruksiyalarni hamda predmetlarni (tasma, koptok, sharf va h.k.) qo‘llash orqali amalga oshirilgan. Xoreografik sahnalashtirishlar, teatrlashtirish elementlarini kiritilishi orqali, albatta ma’lum bir syujetni rivojlantirish bilan amalga oshirilgan.
Shunday qilib, Leningradda badiiy harakatlarni rivojlantirilishida bir nechta bosqichlarni ajratish mumkin.
Birinchi bosqich - 1917 yildan to 1924-1925 yillargacha mavjud maktablarning tarqoqligi va ularni bir-birlariga nisbatan keskin qarma-qarshiligi bilan tavsiflanadi, yuzaga kelgan maktablarning har biri faqatgina o‘z tamoyillarini tan olgan. Mavjud studiyalar tomonidan tashkil qilingan alohida konferensiyalar, ko‘rgazmali chiqishlar asosan illyustrativ xarakterga ega bo‘lgan.
Ikkinchi bosqich har xil yo‘nalishdagi studiyalar va maktablarni birlashtirishga urinishlar bilan xarakterli. 1925 yildan boshlab studiyalar vakillari bir-birlari va sport jamiyatlari bilan birgalikda ishlash imkoniyatlarini izlay boshlashgan. 1926 yildan boshlab alohida maktablarning ritmikasi va nozik harakatlari bir-birlariga kamroq darajada qarshi tura boshlagan.1927 yili tashkil qilingan nozik harakatlar xodimlari assotsiatsiyasi badiiy harakatlarning har xil turlarini o‘rganish asosida mavjud barcha nozik harakatlar bo‘yicha yagona tizimni yaratish vazifasini qo‘ygan. Lekin belgilangan vazifalar amalga oshmay qolgan. Shu bilan birga, badiiy harakatlanishlar texnikasini chuqurlashtirilgan o‘rganishga ob’ektiv ehtiyoj namoyon bo‘lgan va shu tarzda, jismoniy madaniyatga ma’lum bir qo‘shilish belgilangan. 1929 yili Leningrad viloyati jismoniy madaniyat kengashi bazasida mavjud badiiy yo‘nalishlarni birlashtirish bo‘yicha keyingi qadam qo‘yilgan. Badiiy harakatlarda harakat apparatining ishida xilma xil usullar qo‘llanilgan bo‘lib, bu, jismoniy madaniyat xodimlarida badiiy va estetik yangiliklarni jismoniy madaniyat mashg‘ulotlariga olib o‘tish maqsadidagi qiziqishlarini uyg‘otdi. Nozik harakatlar va ritmik gimnastika materiallari jismoniy madaniyat bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar tarkibiga kiritilgan.
Uchinchi bosqich - tarqoq maktablar va studiyalar ish tajribasini umumlashtirilishi va badiiy harakatlar yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlashga o‘tilishi bilan tavsiflanadi. 1932 yili P.F.Lesgaft nomidagi institutda badiiy harakatlar dotsenturasi tashkil qilingan bo‘lib, badiiy harakatlar sohasida to‘plangan materiallarni chuqurlashtirilgan metodik va tadqiqot ishlari doirasida birlashtirish va qayta ishlash imkoni yuzaga kelgan. Dotsentura xodimlarining asosiy vazifasi - badiiy harakatlar bo‘yicha tizimli tayyorlash uchun zarur bo‘lgan uslubiy ta’minot va dasturlarni yaratish hisoblangan. Boshlang‘ich ta’lim maktablarida badiiy harakatlar yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga, 1932 yili Leningrad bolalarni badiiy tarbiyalash uyi (LDXVD) qoshidagi uslubiy markaz rahbarlik qila boshlagan. Tashkil qilingan bolalar raqs jamoasi, keyinchalik Leningrad bolalarni badiiy tarbiyalash uyi qoshidagi badiiy harakatlar studiyasiga, so‘ngra pionerlar saroyiga aylangan. Bir vaqtning o‘zida Leningrad bolalarni badiiy tarbiyalash uyi qoshida musiqa ta’limi pedagoglari va badiiy harakatlar pedagoglari ikki yillik kurslarda va seminarlarda o‘z malakalarini oshirishgan. P.F.Lesgaft nomidagi institut badiiy harakatlar dotsenturasidagi va Leningrad bolalarni badiiy tarbiyalash uyidagi mutaxassislarning ishlari o‘zaro hamkorlik asosida amalga oshirilgan. Ularning hamkorligida badiiy harakatning dasturlari va tamoyillari ishlab chiqilgan.
Badiiy gimnastika sport turi sifatida Leningradda P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy madaniyat institutida yuzaga kelgani va shakllangani bejiz emas. Institut xududiy jihatdan madaniyat va san’atning yuksak markazlari bo‘lmish - Mariinskiy opera va balet teatri va A.N.Rimskiy-Korsakov nomidagi konservatoriyalar bilan qo‘shni bo‘lgan, bu, tabiiyki, musiqa va raqs madaniyatiga katta qiziqishni namoyon qilinishiga ko‘maklashgan. Vaqtning o‘zi eski madaniyat an’analarida novatorlikni talab qilgan. Xali “oltin asr” madaniyatida tarbiyalangan avlod tirik bo‘lgan. Shu bilan birga, badiiy gimnastikaning shakllanishiga Gimnastika kafedrasining (1934 yili dotsentruadan qayta tuzilgan) birinchi mudiri Lev Pavlovich Orlovning juda katta hissa qo‘shganligini aytish lozim. U, juda ziyoli odam bo‘lgan, nozik tabiat sohibi va san’atni idrok qila olgan, shuning uchun gimnastikaning estetik tarkibini muximligini tushunish unga ososn bo‘lgan. Badiiy gimnastikaning yuzaga kelishi biron-bir yangi harakat emas, balki buyuk rus musiqiy, raqs madaniyati va san’atining davomi va novdasi bo‘ldi.
1934 yilda P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy madaniyat institutiga mamlakatning eng dongdor ritmoplastik maktablari rahbarlari taklif qilingan. Shu yilning o‘zida, uning bazasida badiiy harakatlarning Oliy maktabi ochilgan. Aynan shu moment, badiiy gimnastikani sport turi sifatidagi rivojlanishini rasmiy boshlanishi hisoblanadi. Maktabda talabalarni maxsus tayyorlashning asosiy fani “badiiy gimnastika” deb atalgan.


Yüklə 65,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə