Reja: Xarakter haqida tushuncha



Yüklə 24 Kb.
tarix05.10.2017
ölçüsü24 Kb.
#3287

Aim.uz

Xarakter

Reja:


1.Xarakter haqida tushuncha.

2. Xarakterning fiziologik asoslari.

3. Xarakter tipologiyasi.

4. Xarakter aktsentuatsiyasi.

5. Xarakter tarkibi.

6. Xarakterning shakllanishi.


Mavzu yuzasidan tayanch tushunchalar:


Xarakter - shaxsning voqelikka bo`lgan munosabatlarini ifodalovchi uning xulq - atvori va xatti - harakatlarida namoyon bo`ladigan barqaror xususiyatlarning individual tarzdagi yig`indisi.

Xarakter aktsentuatsiyasi - biror xususiyatning boshqa belgilar fonida ajralib turishi va alohida rivojlanishga ega bo`lishi.

Psixopatiya - aqliy qobiliyat saqlanib qolgani tarzda boshqa kishilar bilan bog`liq xarakterga oid hastalik, ba`zan atrofdagilar uchun ijtimoiy xavfli bo`lishi ham mumkin.

1. Xarakter haqida tushuncha


Har bir odam har qanday boshqa odamdan o`zining individual - psixologik xususiyati bilan ajralib turadi. Bu erda gap xarakter haqida boradi. “Xarakter” so`zi aynan tarjima qilinganda grekchadan “tamg`a” degan ma`noni anglatadi. Lekin har qanday individual xususiyatlar ham xarakter bo`la olmaydi. Masalan, ko`rish va eshitishning o`tkirligi, tez esda olib qolish bu xarakter emas.

Xarakter deganda mazkur shaxs uchun tipik hisoblangan, faoliyat usullarida namoyon bo`ladigan, tipik sharoitlarda ko`rinadigan va bu sharoitlarga shaxsning munosabati bilan belgilanadigan individual - psixologik xususiyatlar yig`indisi tushuniladi. Xarakter xususiyatlarining namoyon bo`lishi - har bir tipik vaziyat hissiy kechinmalarining individual o`ziga xos xususiyati shaxs munosabatlariga bog`liq. Ikkinchi tomondan, har bir tipik vaziyatdagi harakat sifatlari va individual o`ziga xos usullari shaxs munosabatlariga bog`liq. Xarakterning intellektual, hissiy va irodaviy xislatlarini ajratish mumkin. Xarakter deganda, shaxsda muhit va tarbiya ta`siri ostida tarkib topgan va uning irodaviy faolligida, tevarak atrofdagi olamga (boshqa kishilarga, mehnatga, buyumlarga) o`z - o`ziga bo`lgan munosabatlarda namoyon bo`ladigan individual xususiyatlarini tushunamiz.

Xarakterning juda ko`p xislatlari odamning ish - harakatlarini belgilovchi chuqur va faol mayllar hisoblanadi. Mana shu moyilliklarda xarakter xislatlarining undovchilik kuchi namoyon bo`ladi. Odam xarakter xislatlarining ana shunday undovchilik kuchi tufayli ko`pincha ob`ektiv sharoitga zid ish qiladi va mutlaqo maqsadga nomuvofiq harakat usullarini qo`llaydi. Ayrim odamlar bilib turib qiyin vazifani tanlaydilar, ayrimlar aksincha. Xarakter xislatlari ma`lum tarzda harakat qilishga ba`zan esa sharoitga qarama - qarshi harakat qilishga undar ekanlar, ular hayotiy qiyin daqiqalarda yaxshiroq namoyon bo`ladilar. Xarakter qarshilik ko`rsatuvchi sharoitlar bilan kurashda sinaladi. Xarakterni tarbiyalash barkamol avlodni tarbiyalashning markaziy va muhim vazifalaridan biridir. Qat`iyatlilik tanqidiy qarash, fahm-farosat, kuzatuvchanlik, xushyorlik singari xislatlari – intellektual (aqliy), quvnoqlik, mehribonlik - hissiy - irodaviy xususiyatlarga kiradi.

2. Xarakterning fiziologik asoslari


Xarakterning psixologik va fiziologik sabablari haqida faqat taxminiy fikrlar, xulosalar mavjud. Kishi temperamenti uning xarakteri tarkibiga kiradi, shu sababli ham xarakterning fiziologik asosi asab tizimining tipidan iborat.

Xarakter xislatlari shaxsning qiyin hosil qilinadigan va mustahkamlanib qoladigan xususiyatlari bo`lganlari tufayli, xarakterning fiziologik asosi ham individual hayot jarayonida asab tizimining o`zgargan xususiyatlaridan iborat. Hayvon asab faoliyatining tug`ma konstitutsion turi genotip. Lekin hayvon tug`ilganidan keyin tashqi sharoitlarning g`oyat xilma - xil taassurotlariga duch keladi va bunga muayyan faoliyat orqali u muqarrar javob berishi lozim bo`ladiki, ko`pincha bu faoliyatlar mustahkamlanib, butun hayoti bo`yicha saqlanib qoladi. SHu sababli hayvonning batamom tarkib topgan asab faoliyati tipga oid belgilardan tashqari muhit ta`siri ostida hosil bo`lgan o`zgarishlarning qotishmasi - fenotip xarakterdir. Dinamik stereotip shaxsdagi mustahkam odat bo`lib qolgan xususiyatlarining, jumladan, xarakter xislatlarining ham nerv - fiziologik asosidir. Xarakterning nerv - fiziologik asosini tushunish uchun I.P. Pavlovning ikkinchi signal tizimi haqidagi ta`limoti katta ahamiyatga egadir. Ikkinchi signal tizimi nutq va tafakkurning fiziologik asosi bo`lish bilan birga, kishi xulqini ham idora qiladi. Xarakterning fiziologik asosi xarakterning mazmunini tashkil qiladigan sifatlari, chunonchi, ijtimoiy maslak, mardlik, o`z burchiga sadoqatli bo`lishlarini o`z ichiga olmaydi va ololmaydi ham, albatta xarakter psixologiyasining mazmuni o`zining kelib chiqishi jihatidan ijtimoiy hodisadir: psixologiya xarakterning mazmunini tashqil qilgan tomonlarini yoritishligi tufayli, u ijtimoiy fanlar qatoriga kiradi.


3. Xarakter tipologiyasi


Psixologiya tarixida xarakterning tipologiyasini yaratishga bir necha bor urinib ko`rilgan. Nemis psixologi va psixiatri e.Krechmer tomonidan XX asr boshlarida tavsiya etilgan tipologiya eng mashhur va dastlabki urinishlardan biri edi. Keyinchalik uning hamkasblari U.SHeldon, e.Fromm, K. Leongard va A.E.Lichkolar tomonidan ham shunday tipologiyalar tavsiya etildi. Inson xarakterining barcha tipologiyalari quyidagi asosiy g`oyalarga muvofiq tarzda tashqil etilgan:

1. Inson xarakteri uning ontogenetik taraqqiyoti mobaynida juda erta namoyon bo`la boshlaydi va butun hayoti davomida barqaror bo`lib boradi.

2. Xarakter tarkibiga kirgan xususiyatlar tasodifiy uyushma emas. Ular xarakter tipologiyasini tuzish imkonini beruvchi bir - biridan farq qiluvchi tiplardan iborat.

3. Mazkur tipologiyaga ko`ra, ko`pchilik kishilarni ma`lum guruhlarga birlashtirish mumkin.

E. Krechmer odam tanasining tuzilishi va konstitutsiyasiga ko`ra, eng ko`p uchraydigan uchta tipni ajratib ko`rsatgan (astenik, atletik, piknik).Ularning har birini shaxsning ma`lum xarakter tiplari bilan bog`langan bo`lsa ham aslida hech qanday ilmiy asoslar bo`lmagan.

1. Astenik tip - Krechmer fikricha, uncha katta bo`lmagan gavda tuzilishi urtacha yoki undan balandroq bo`yli, oriq kishilardir. Asteniklarning tana va yuz terisi noziq, elkasi tor, yassi, mushaklari yaxshi rivojlanmagan.

2. Atletik tip - skelet va mushaklar yaxshi rivojlangan, o`rtachadan yuqori, baland bo`yli, keng elkali, kuchli ko`krak qafasli, boshini tik tutib yuradigan kishilardir.

3. Piknik tip - bosh, ko`krak qafasi va qorin bo`shligi yaxshi rivojlangan, semirishga moyil, tayanch - harakat a`zolari yaxshi rivojlanmagan kishilardir.

E. Krechmer mazkur tiplar bilan ayrim ruxiy kasalliklar o`rtasida muvofiqlik bor, degan fikrni ilgari suradi. Masalan, atletik va astenik tiplar shizofreniyaga moyilroq deb hisoblaydi.

E. Krechmer tipologiyasi hayotiy kuzatishlar asosida xulosalar chiqarish orqali tuzilgan bo`lsa ham kamchiliklarga ega. Ba`zi ilmiy tadqiqotlar ma`lum tana tuzilishiga ega kishilar ruxiy kasalliklarga moyil ekanligini aniqladi va xarakter aktsentuatsiyasi haqidagi fikrlarni ilgari surish imkonini berdi.


4. Xarakter aktsentuatsiyasi


Nemis psixiatri K. Leongard fikricha, 20 - 50 % kishilarda ba`zi xarakter xususiyatlari shu darajada kuchliki, ba`zan bir xil tipdagi ziddiyat va hissiy portlashlarga olib kelishi mumkin. Xarakter aktsentuatsiyasi - biror xususiyatning boshqalari zarariga kuchli rivojlanishi va atrofdagilar bilan munosabatlarining yomonlashuviga olib kelishidir. Xarakter aktsentuatsiyasi turli darajada engil va hatto psixopatiya darajasigacha bo`lishi mumkin. O`smirlar orasida xarakter aktsentuatsiyasi ko`p (50-80%) uchraydi. Uni turli psixodiagnostik testlar, masalan, Shmishek testi orqali aniqlash mumkin.

K. Leongard tomonidan xarakter aktsentuatsiyasi quyidagicha tasniflanadi:

1. Gipertim tip. Haddan tashqari aloqaga kirishuvchan, ko`p gapiradi, imo - ishora, mimikaga boy, suhbat mavzusini burib yuborishga moyil, ko`pincha xizmatga doir va ommaviy majburiyatlarni unutib qo`yganligi sababli ziddiyatlar kelib chiqadi.

2. Distim tip. Kamgap, muloqotga kirishishga qiynaladi, pessimist, ziddiyatlardan o`zini olib qochadi, uyda yolg`iz qolishni yoqtiradi.

3. TSikloid tip. Kayfiyati tez o`zgarishga moyil, kayfiyati yaxshi paytda - gipertim, yomon paytda distim tipga o`xshab qoladi.

4. Qo`zg`aluvchan tip. Muloqotda passiv, verbal va noverbal reaktsiyalari sust, qaysar, ba`zan urushqoq, ko`pincha turli mojarolarning tashabbuskori.

5. Kuchaytiruvchi tip. Kamgap, aql o`rgatishni yoqtiradi, yuqori natijalarga erishishni xohlaydi, tez xafa bo`ladi, shubhalanuvchan, qasoskor. Kichik-kichik muammolarni kattalashtirishga, bo`rttirishga moyil.

6. Pedant tip. Ziddiyatlarga kam qo`shiladi, ko`pincha passiv holatda bo`ladi, atrofdagilarga ko`plab rasmiy talablar qo`yadi, tartibli, jiddiy, ishonchli xodim.

7. Xavotirli tip. Kamgap, odamovi, o`ziga ishonmaydi, ziddiyatlardan o`zini olib qochadi, tinchliksevar, o`z - o`zini tanqid qiladi. Topshiriqlarni vaqtida bajaradi.

8. Eemotiv tip. Tor doiradagi kishilar bilan muloqotga kirishishni yoqtiradi, xafa bo`lsa tashqaridan sezdirmaslikka harakat qiladi, mehribon, g`amxo`r, mas`uliyatni his qiladi. Boshqalarning yutuqlaridan quvonadi.

9. Namoyishkorona (demonstrativ) tip. Muloqotga tez kirishadi, etakchilikka intiladi, hoqimiyat va maqtovni yoqtiradi, boshqalarni o`ziga jalb qila oladi, noyob tafakkurga, xulq - atvorga ega.

10. Ekzaltirovanlashgan tip. O`ta muloqotga kirishuvchan, ko`p gapiradi, qiziquvchan, do`stlari va yakinlariga e`tiborli, boshqalarga yordam beradi, did- farosatli, samimiy.

11. Ekstrovertirovanlashgan tip. Muloqotga kirishuvchan, do`stlari ko`p, ziddiyatlardan o`zini olib qochadi, boshqalarni diqqat bilan eshitishi mumkin. Topshiriqlarni vaqtida bajaradi.

12. Introvertirovanlashgan tip. Muloqotga kirishishga qiynaladi, “ichimdagini top”, falsafiy fikr yuritishni yoqtiradi, qat`iyatli, e`tiqodi mustahkam, qaysar, tafakkuri qotib qolgan.

To`g`ri tashqil etilgan ta`lim - tarbiya jarayonida xarakter aktsentuatsiyasini tarbiyalash va tuzatish mumkin.

5. Xarakter tarkibi


Odam xarakterining tarkibi turli xususiyatlari tasodifiy yig`indisidan iborat emas. Xarakterning ayrim xususiyatlari bir - biriga bog`liq, biri - biriga tobe yaxlit organizmni hosil qiladi. Mana shunday yaxlit organizm xarakter tarkibi deb ataladi. Masalan, odamning takabbur va shuhratparastligini bilsak, uning ichi qora, qorako`ngilli deb, kamtarligini bilsak, ko`ngilchan deb aytamiz.

Hozirgi zamon psixologiyasida shaxsning turli munosabatlari bilan belgilanadigan xarakter xususiyatlarining to`rtta tizimi farqlanadi.

1. Jamoa va ayrim odamlarga bo`lgan munosabatlarini ifodalovchi xususiyatlar (yaxshilik, mehribonlik, talabchanlik, takabburlik va shu kabilar).

2. Mehnatga bo`lgan munosabatni ifodalovchi xususiyatlar: (mehnatsevarlik, yalqovlik, vijdonlilik, mehnatga mas`uliyat yoki mas`uliyatsizlik bilan munosabatda bo`lish kabilar).

3. Narsalarga bo`lgan munosabatni ifodalovchi xususiyatlar (ozodalik yoki ifloslik, narsalar bilan ayab yoki ayamasdan munosabatda bo`lish kabilar).

4. Odamning o`z - o`ziga bo`lgan munosabatini ifodalovchi xususiyatlar (izzat - nafslilik, shuhratparastlik, mag`rurlik, o`zini katta olish, kamtarlik kabilar).

Bundan tashqari, kamroq ahamiyatga ega bo`lgan boshqa juda ko`p xususiyatlar ham mavjud: o`ziga ishonish, o`zbilarmonlik, o`ziga bino qo`yish, maktanchoqlik kabilar. Xarakterning hamma xususiyatlari bir - biri bilan bog`liq, kishining xarakteri nisbatan bir butundir. Xarakterning tarkibi faqat ayrim xususiyatlarining o`zaro bog`liqligi bilan emas, balki bir butun xarakterga xos bo`lgan xususiyatlar bilan belgilanadi. Xarakterning xususiyatlari jumlasiga birinchidan, ularning chuqurlik darajasi kiradi. Shaxsning markaziy asosiy munosabatlari bilan belgilanadigan xususiyatlarini biz xarakterni birmuncha chuqurroq xususiyatlari deb ataymiz. Masalan, barkamol shaxsda odamlarga, jamoa va mehnatga nisbatan vijdonan munosabatda bo`lish bilan belgilanadigan xususiyatlar chuqurroq xususiyatlar hisoblanadi. Ikkinchidan, xarakter kuchi yoki faolligi . Xarakter faolligi xarakter xususiyatlarining kishini biror narsaga undash kuchi bilan tashqi sharoitlarga qarshilik ko`rsatish darajasi bilan belgilanadi.

Uchinchidan, xarakterning tarkibiy xususiyatlariga - uning barqarorlik va o`zgaruvchanlik darajasi kiradi. Xarakter barqarorligi va o`zgaruvchanligi ham moslashish faoliyatining zarur shartlaridandir. Agar tashqi sharoitning o`zgarishi bilan har gal xarakter boshqacha bo`lib, o`zgarib qoladigan bo`lsa, unday paytda odamning xatti -harakatlari tashqi sharoit ta`siriga nisbatan passiv javob reaktsiyasiga aylanib qolgan xatti -harakat batamom passiv moslashishga aylangan bo`lar edi. Odamning xarakter xususiyatlari juda xilma - xil hayot sharoitlarida ham qarshilik qiluvchi sharoit bo`lishiga qaramay uning xatti -harakatlarini boshqaradi.

Xarakter ma`lum darajada plastikdir (egiluvchandir). Xarakterning plastikligi ikki xil ma`noga ega, birinchidan, xarakterning plastikligi (egiluvchanligi) xarakterning barqarorligi singari muhim faol ta`sir qilishidir. Ikkinchidan, xarakter ma`lum darajada plastik bo`lganligi uchungina istalgan odamning xarakterini tarbiyalay va qayta tarbiyalay olamiz.

Kishiga mustahkamlanib, uning shaxsiy xususiyatiga aylanib qolgan iroda sifatlari xarakterning iroda bilan bog`liq bo`lgan xislatlaridir, bu sifatlar alohida ko`rinib emas, balki shaxsning fazilatiga aylanib qoladi, qat`iyat, sabr – toqat, chidamlilik, dadillik, o`zini tuta bilish, mustaqillik, intizomlilik, mas`uliyatni his qilish, o`z - o`zini tanqid axloqiy xislatlardir.


6. Xarakterning shakllanishi


Organizmning nasliy xususiyatlari xarakter xususiyatlarining paydo bo`lishidagi shartlardan biridir. Xarakter xususiyatlari irsiyatning biologik qonuniyatlari bilan emas, balki ijtimoiy qonuniyatlar bilan belgilanadi. (egizaklar). egizaklar temperament xususiyatlari jihatidan o`xshasalar ham xarakter xislatlari bir - biridan farq qiladi. Xarakterning xususiyati shaxs munosabatlari bilan bog`liqdir. Lekin shaxs munosabatlari o`z navbatida ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanadi. Kishining xarakteri tug`ma, doimiy va o`zgarmaydigan narsa emas. Hech bir bola mehnatsevar yoki dangasa, rostgo`y yoki yolg`onchi, qo`rqoq yoki jasur bo`lib tug`ilmaydi. Har bir odamning xarakteri temperamenti asosida, ijtimoiy muhit ta`siri bilan tarbiya, amaliy faoliyat jarayonida va kishining o`z - o`zini tarbiyalashi bilan taraqqiy qilib, o`zgarib boradi. Xarakterning taraqqiyoti kishining irodasi, aql - idroki va hissiyotlarining taraqqiy qilib borishi bilan mustahkam bog`liqdir. Kishining butun hayoti davomida uning xarakterining tarkib topishiga ijtimoiy muhit, avvalo shu kishi bilan birga yashab turgan va ishlab kelgan jamoa katta ta`sir ko`rsatadi. Kichik bolalarda xarakterning tarkib topishida taqlidning roli katta. Bolalar ota - onasiga, yaqin kishilarga va kattalarga o`xshashlikka harakat qiladi. Ular kattalarning yurish - turishlari, dasturxon atrofida o`zini to`tishi va boshqalarga taqlid qiladilar, kichiklarga va jonivorlarga munosabatlarini kuzatadilar. Ota - onalar va o`qituvchilar, umuman katta yoshdagilar hammasi o`zlariga ham e`tibor bilan qarashlari, o`zlarida ijobiy xarakter xislatlarini har doim tarbiyalab borishlari lozim. Bolalarda ijobiy, irodaviy va axloqiy sifatlarini tarbiyalab etkazmoq uchun ota - onalar va tarbiyachilarning o`zlari bunday sifatlarga ega bo`lishlari lozim.

Xarakterning o`sishida tarbiya va o`z - o`zini tarbiyalashning roli katta. O`sib kelayotgan yosh avlodning xarakteri, avvalo oilada va maktabda tarbiyalanadi. Bolalarning xarakterini tarbiyalashda katta mas`uliyatli vazifa ota - onalar, o`qituvchilar va bolalar bog`chasi tarbiyachilari zimmasiga to`shadi. Xarakterni tarbiyalashda pedagog bolaning temperamentni ijobiy va salbiy tomonlarini yaxshi bilishi lozim. Xarakterni tarbiyalash, jumladan, temperamentning ijobiy tomonlarini o`stirishdan, uning salbiy tomonlarini yo`qotishdan va bu salbiy tomonlarni xarakterning ijobiy xislatlari bilan almashtirishdan iborat. Xarakterning salbiy tomonlarini yo`qotmoq, ijobiy tomonlarini tarbiyalab etkazmoq uchun tarbiyalanuvchining o`z temperamentini o`zi idora qilishiga o`rgatmoq lozim. O`z temperamentini idora qila bilish xarakterning ijobiy xislatidir. Bola xarakterining tarkib topishida jamoaning tarbiyalovchi roli nihoyatda katta. Inson yakka bir - biridan ajralgan tarika hayot kechirmaydi, muayyan jamoada, ya`ni muayyan oilada, maktabda, tsexda va hokazolarda hayot kechiradi. Jamoa shaxs bilan jamiyat o`rtasidagi bog`lovchi bo`g`indir. Har bir o`qituvchi va tarbiyachi bola xarakterining ayrim xislatlarini tarbiyalashda faqat jamoa orqali ta`sir qilib, ijobiy natijalarga erishmoqi mumkin.



Xarakterning tashabbuskorlik, qat`iyatlilik, dadillik, sabotlilik singari ijobiy xislatlari bolalar bog`chasida o`yin faoliyatida tarkib topa boshlaydi. To`g`ri uyushtirilgan maktab jamoasi sharoitida o`quvchilarda uyushqoqlik, intizom, saranjom - sarishtalik, o`z - o`zini tuta bilish, o`zini idora qilish, o`ziga nisbatan talabchan bo`lish kabi xarakter xislatlari tarbiyalanib etishadi. Kishi jamoada bir - biri bilan aloqa qilish jarayonida boshqalarning va o`zining xarakter xususiyatlarini bilib oladi. Xarakterini bir xili ijobiy, boshqa bir xili salbiy ekanligini ajratib oladi. Bunday sharoit kishini o`z xarakterini o`zi tarbiyalash, jumladan, o`z xarakterini qaytadan tarbiyalashni yo`lga soladi. Har bir kishi ma`lum yoshdan boshlab o`z xarakteri va uning sifatlari uchun o`zi javobgardir. O`z xarakterini tarbiyalashda kishi avvalo yaxshi fazilatlarini ko`zda tutmog`i lozim. O`z kamchiliklariga iqror bo`lish kamchiliklarini yo`qotishga boshlaydi.
Yüklə 24 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə