Axloqiy tarbiya. Intizom. Komenskiy yoshligidan boshlab bolada axloq va odob hosil qilish kerakligini aytadi. Mardlik, o‘zini tuta bilish, chidamlilik, vaqt va vaziyat talab qilganida foyda etkazishga tayyor bo‘lib turish, burchni ado qilish kabi xislatlar fazilatdir. Shu asosiy fazilatlardan tashqari kamtarlik, mo‘min-qobillik, kishilarga xayrixohlik, pokizalik, puxtalik, xushmuomalalik, kattalarni hurmatlash, mehnatsevarlik xislatlarni tarbiyalashni ham muhim vazifa, deb hisoblaydi.
U quyidagilarni axloqiy tarbiya vositalari deb biladi: a) ota-ona, o‘qituvchi, o‘rtoqlarining namunasi; b) bolalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, ular bilan suhbatlar o‘tkazish; v) bolalarni yaxshi xulqqa o‘rgatishda mashqlar o‘tkazish, yalqovlik, o‘ylamay ish qilishga, intizomsizlikka qarshi kurashish.
Komenskiy intizomning katta ahamiyati borligini ko‘rsatib, “Intizomsiz maktab bamisoli suvsiz tegirmondir” degan chex maqolini keltiradi. O‘rta asr maktablarida kaltak vositasi bilan o‘rnatiladigan intizomga u qarshi chiqadi. Bolalarga insoniy muomalada bo‘lishni tavsiya etadi. Intizom: o‘qituvchining namuna ko‘rsatishi, samimiy, ochiq xayrixohligi, o‘qituvchining bolaga bo‘lgan to‘g‘ri munosabati (agar u bolani sevsa, uning yaxshi bo‘lishini istasa, darsi mazmunli bo‘lsa, tushuntira olsa intizomlilik vujudga keladi), bolani ko‘pchilik oldida, o‘rtoqlari o‘rtasida oqilona maqtash yoki qoralash intizomlilikka olib keladi, deydi.
Dostları ilə paylaş: |