43
Baxtga qarshi, haqparastlik kompleksi har birimizda kuchsiz bo’lsa ham mavjud.
Axir, qay birimiz birov bilan bahsda osongina yengilamiz? Bahs san’ati haqida keyingi
boblarda aytib o’tilgan, ammo sizga kezi kelganda bir sirni ochib o’tay: bahsda
suhbatdoshi nuqtayi nazarini tan olgan odam yutadi, chunki bahsda o’z fikrini
o’tkaza olgan odam shu fikrlari to’g’ri ekaniga yana bir bor amin bo’ladi va undagi
haqparastlik kompleksi mustahkamlanadi. Raqibi fikrini qabul qilgan odam esa bu ishi
bilan o’zidagi kompleksni susaytiradi.
Haqparastlik kompleksining alohida ko’rinishi – bu adolat hissidir. Adolat hissiga
birgina misol keltiraman – siz buning nima ekanini darhol anglab olasiz. Siz o’z
uyingizda oynayi jahon qarshisida maza qilib tovuq sho’rva ichib o’tiribsiz. Hayvonot
olami haqida ko’rsatuv ketyapti deb tasavvur qiling. Unda bo’rilarning ov qilishi haqida
hikoya qilinyapti. Mana kattakon bo’ri yosh qo’zichoqni quvib yetib, bir hamlada uning
bo’g’zidan tishladi. Shu lahzada nimani his etasiz? Qo’ziga achinasizmi? Bo’ridan
jahlingiz chiqadimi? Ana shu hissiyotlaringiz asosida adolat hissi turadi. Endi men sizga
savol beray – kosangizdagi tovuqqa rahmingiz kelyaptimi? Yo’q deysizmi? Nimaga?..
Adolat hissi – muhimlik mevasi. U har doim vaziyatni to’g’ri baholashga halal
beradi.
Shunday
ekan,
keyingi
gal
kimnidir
haqsizlikda ayblab, haqparastlik
kompleksiga berilishdan avval sizni bunga adolat hissi turtkilayotganini eslang.
Adolatni tiklayman deb o’zingizga gunoh orttirib olishingiz mumkin.
Afsuski, haqparastlik kompleksidan qutulish juda qiyin. Har qalay buni faqat
hayot uddalashi mumkin – haqparast o’z muhimligiga berilgani uchun muammoli
vaziyatlarga va hatto qattiq zarbalarga duch keladi. Ana shu talato’plar ham uni
kompleksdan xalos qila olmasa, unga hech kim yordam bera olmaydi.
Bizni ko’ngil xotirjamligi va to’kis hayotdan mahrum qiladigan yana bir illat –
kurashchi kompleksidir. Bu kompleks ta’siridagi odam doimiy jismoniy va ruhiy
zo’riqishda bo’ladi. U har doim o’z-o’ziga talablar va marralar qo’yib, shu maqsadlarga
erishish uchun kurashib yashaydi. Bunday odamning yana bir alohida belgisi – u doim
har ishda raqobatga intilishidir.
Kurashchi kompleksi odamni juda tez holdan toydirishi va hayotiy energiyasini
tarqatib yuborishi mumkin. Bu jihatdan u eng zararli komplekslardan biri. Bu
kompleksdagi kishilarga hasad ham notanish emas.
Agar bunday odam oila, guruh yoki tashkilot rahbari bo’lsa, unda uning
qaramog’idagi barcha odam uning kurashchi kompleksidan zarar ko’radi. Ular tabiatdan
qaysar, o’z tamoyillaridan mahkam tutgan va mag’lubiyatni hech tan olmaydigan
bo’lishadi.
Kurashchi kompleksi aslida odam o’ziga past baho berishi tufayli kelib chiqadi.
Men o’zimni kimdandir quyiroq hisoblasam, menda buning aksini isbotlashga kuchli
ehtiyoj paydo bo’ladi. Agar shaxsiy muhimlikka ergashsam, men bu yo’lda hech
narsadan qaytmayman va o’z maqsadimga erishmaguncha tinchimayman.
Ba’zida ota-onalar o’z farzandida kurashchi kompleksini yaratib qo’yishadi. “Sen
hammadan zo’r bo’lishing kerak”, “To’rt baho yaxshimas – faqat besh bo’lsin”,
“Hammaga kim ekanligingni bir ko’rsatib qo’y”, “Shunday qilginki, biz sen bilan
faxrlanaylik” kabi ta’kidlar bolada kurashchi kompleksini ildiz ottiradi va rivojlantiradi.
44
Bolada yaxshi farzand kabi ota-onaning mehriga sazovor bo’lishning yagona yo’li
qo’yilgan shartlarni bajarish degan xato tushuncha hosil bo’ladi. Xo’sh, bolangiz
hammadan zo’r bo’lmasa yoki ba’zida to’rt olib tursa yoki kim ekanligini dunyoga
bildirib qo’ymasa yoki sizni faxrlantiradigan ish qilmasa – uni yaxshi ko’rmay
qo’yasizmi? Bolangizda hech bir kompleks paydo bo’lmasligini ta’minlashning
yagona siri uni shartsiz yaxshi ko’rishdir. Hech qachon farzandingizga bo’lgan
mehringizni shartlar bilan cheklamang. Boladan sizning mehringizni olish uchun hech
bir shartni bajarish talab etilmasin. Axir, mehr – sotilmaydi.
Bugun suhbatlashgan komplekslarimizning hammasi – umumiy olib qaraganda –
muhimlikdan kelib chiqadi. Shaxsiy yoki tashqi muhimlikka berilish oqibatida odamda
u yoki bu kemtik paydo bo’ladi. Komplekslar asosan sizning o’zingizga zarar yetkazadi
– shunday ekan, ulardan xalos bo’lish sizning manfaatingizga xizmat qiladi. Har qanday
kompleksni yengishning eng samarali yo’li – uning ildizi bo’lgan muhimlikni nazorat
ostiga olishdir. Muhimlikni qanday jilovlash kerakligi haqida esa siz kechagi suhbatdan
yaxshi bilasiz.
45
PAYSHANBA
Qo’rquvlar
Tabiiy va ijtimoiy
Qo’rquv – eng qadimgi tuyg’u. Eng qadimgi ajdodlarimizni ham aynan qo’rquv
to’dalarga birlashtirgan. Aynan qo’rquv g’orlardan boshpana topishga, keyinchalik
devorlar bilan o’ralgan shaharlar qurishga majbur qilgan.
Qo’rquv odamdagi eng kuchli tuyg’u hamdir. Bizning hayotiy quvvatimizni hech
bir hissiyot qo’rquvchalik tortib ololmaydi. Biz uning turli ko’rinishlarini turlicha
nomlaymiz – hadik, xavotir, hayajon, bezovtalik, g’ashlik, sarosima, vahima, talvasa –
bari qo’rquvning qiyofalari. U har doim yoqimsiz va bizning hayotiy quvvatimiz
kushandasi. Qo’rquv hatto sog’liqqa ham zarar yetkazishi mumkin.
Odamdagi qo’rquvlar tabiiy yoki ijtimoiy bo’lishi mumkin. Tabiiy qo’rquv asosiy
tabiiy ehtiyojdan kelib chiqadi – ya’ni o’limdan qo’rqish. Bu tuyg’uga nafaqat
odamzod, balki borcha jonli mavjudotlar moyil. Daraxtlar ham bolta ko’targan odam
yoki atrofga ilashib borayotgan alangani ko’rsalar – qo’rqadilar. Faqat o’simliklarda bu
tuyg’u hayvonlardan boshqacha ichki jarayonlarga sabab bo’ladi. Issiqqon jonzotlarda
tabiiy qo’rquv qonga katta miqdorda adrenalin chiqarilishiga sabab bo’ladi va
organizmni harakatga undaydi. Adrenalinga to’yingan qon yurak urishini tezlashtirib
beradi. Bunday holatda hayvon juda tez va dadil harakat qiladi. Natijada o’limdan omon
qolish uchun u oddiy holatda qilolmaydigan harakatlarni qiladi. Qo’rquvning asrovchi
kuchi ana shunda.
Tabiiy qo’rquv dunyoni mukammal qilish uchun ko’rilgan yana bir chora aslida –
chunki tabiiy qo’rquv jonzotlarni tirik qolishga undaydi. Tasavvur qiling, o’limdan
qo’rqish bo’lmasa nima bo’lardi? Unda dunyodagi borki jonzotlar qirilib ketardi.
Hayotga intiluvchanlik asosida aynan o’limdan qo’rqish turadi.
Odamdagi tabiiy qo’rquvning asosiy manbai – noma’lumlik, xususan, noma’lum
kelajak. Biz ertaga, bir soat o’tib, bir soniyadan so’ng nima bo’lishini bilmaymiz –
shuning uchun qo’rqamiz. Shu qo’rquv hozirgi lahzada bizni nimadir qilishga undaydi
va biz harakat qilamiz. Biz o’z qo’rquvimiz tufayligina yashaymiz.
Ijtimoiy qo’rquv – faqat odamzodga xos. Anglab turganingizdek, u jamiyat bilan
birga shakllanib borgan. Bu qo’rquvning notabiiyligi shundaki, odam u bilan
tug’ilmaydi, balki uni keyinchalik orttirib oladi. Ijtimoiy tuyg’u odam tabiatiga aql
orqali singdiriladi – aql tashqi ijtimoiy ta’sirga o’z munosabatlarini ro’yxatga olib
boradi, salbiy holatlarni keyinchalik chetlab o’tish uchun “bundan qo’rqish kerak” deb
belgilab ketadi.
Tabiiy tuyg’u noma’lumlikdan kelib chiqsa, ijtimoiy tuyg’u – bilimdan kelib
chiqishi ham mumkin. Biz u yoki bu xatti-harakatlarimiz qandaydir ijtimoiy natijalarga
olib kelishini bilamiz va shuning uchun qo’rqamiz.
Odamning yashash sharoiti va hayotda duch kelgan vaziyatlariga qarab unda turli
xil ijtimoiy qo’rquvlar shakllanishi mumkin. Ularning eng kuchlisi – yolg’izlikdan
qo’rqishdir. Ya’ni odam a’zo bo’lgan jamiyatdan ajralib qolishi, muloqot va e’tibordan
mahrum bo’lishi uning uchun qo’rqinchli holat.