Ta’lim tizimida axborot olish madaniyatini shakllantirish masalalari



Yüklə 80,94 Kb.
səhifə1/9
tarix05.01.2022
ölçüsü80,94 Kb.
#82602
  1   2   3   4   5   6   7   8   9
axborot iste\'moli madaniyati.


Ta’lim tizimida axborot olish madaniyatini shakllantirish masalalari

.

Axborot texnologiyalarining rivoji insoniyatning bilim olish ko‘lami va imkoniyatlarini misli ko‘rilmagan darajada kengaytirdi. Internet tarmog‘ining paydo bo‘lishi va bu sohadagi boshqa yutuqlar barcha uchun bilim olish imkoniyatlarini tenglashtirdi. Bunday o‘zgarishlar ro‘y berayotgan jamiyatda yashash o‘ziga xos ma’suliyatlarni zimmasiga olishni nazarda tutib, odam o‘zini-o‘zi tarbiyalashi va hajmi misli ko‘rilmagan darajada ortib ketayotgan axborotni “hazm qilishga” ko‘nikish lozimligini nazarda tutadi. Shu o‘rinda eng ishonchli va eng to‘g‘ri ma’lumotlarni sarashni o‘rganishning ahamiyati ham tobora yuksalib bormoqda.



Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan islohotlar ta’lim muassasalari kutubxonalari faoliyatini ham zamonaviy talablar va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda qayta tashkil etish, takomillashtirish zaruriyatini kun tartibiga qo‘ymoqda. Chunki ular ta’lim tizimi mazmunan va shaklan yangilanayotgan bir pallada hosil bo‘layotgan kuchli axborot oqimini qabul qilish, jamlash va o‘z o‘rnida, ularni keng jamoatchilik, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda o‘quvchilarga eng manzur yo‘llar bilan taqdim etishdek muhim vazifani bajarishlari lozim. Ushbu axborot manbalariga, birinchi galda, o‘quv adabiyotlari, me’yoriy hujjatlar, metodik qo‘llanmalar va bevosita ta’lim jara­yoniga taalluqli bo‘lgan boshqa manbalar kiradi.

Respublikamizda ta’limni modernizatsiyalashtirilayotgan jara­yonda jamiyatni tezkor axborotlashtirish, o‘quv nashrlari bozorini barpo etish, axborot texnologiyalarini rivojlantirish bilan uyg‘un tarzda kechmoqda. Bularning barchasi ta’lim muassasalari kutubxonalarining ajralmas qismi, chinakam axborot ta’minoti markazi, shaxsning axborot olish madaniyatini shakllantiradigan bazasiga aylantirishni taqozo etadi. Shuni ta’kidlash kerakki, har bir ta’lim muassasasi global axborot tarmog‘idan o‘ziga zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olishi va qayta ishlab, foydalanishi lozim. Ilgarilari moddiy ne’matlar jamg‘arishga katta ahamiyat berilgan bo‘lsa, endilikda axborotlar va bilimlar jamiyatning bosh resurslariga aylanib bormoqda, ya’ni axborotga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib, u jamiyat va davlatni rivojlantirishning tabiiy, moliyaviy, mehnat va boshqa resurslarlari bilan bir qatorda, turgan strategik resurs sifatida anglana boshlandi. Zamonaviy axbo­rot-resurslari, axborot tizimidagi hujjatlar oqimining tavsif va xususi­yatlari tobora o‘zgarib bormoqda. Axborot texnologiyalari rivojla­nishining bugungi darajasiga ko‘ra, qog‘oz shakldagi axborot tashuv­chilar elektron vositalarga o‘tkazilmoqda. Bu holat hujjatlar va ma’lumotnomalargagina emas, balki badiiy matnlar, nazariy, pe­dagogik va metodik adabiyotlarga ham taalluqlidir. Internet tarmog‘i­dan foydalanish imkoniyati axborotlarni mislsiz tezlikda, Yer yuzining istalgan nuqtasidan turib, uzatish va qabul qilish imkonini bermoqda.

Axborot texnologiyalari rivojlanishi tufayli hayotimizga Internet kirib keldi, kitoblar ham, matbuot nashrlari ham elektron shaklda taqdim etila boshlandi. Axborot oqimining ko‘pligi u bilan tani­shish, qayd qilish, unga ishlov berish, undan foydalanishga bo‘l­gan munosabatni o‘zgartirish, ya’ni axborot olish madaniyatini egallash zaruriyatini keltirib chiqardi. Endi kutubxona deganda, o‘quvchilarning kitob o‘qishi haqidagina emas, balki pedagoglar boshqacha aytganda, aholining mutolaa madaniyati to‘g‘risida fikr yuritish odat tusiga aylandi. Jamiyatimiz beqiyos darajada axborotlashayotgan shunday bir sharoitda kutubxonachining kasbiy tayyorgarligini tubdan yaxshilash, kutubxonachilar, o‘quvchilar, talabalar va professor-o‘qituvchilarning axborot olish madaniyatini shakllantirish, bu borada ularning o‘zaro hamkorlik qilishlarini ta’minlash vazifasi yuzaga keldi, bu vazifa davlat buyurtmasiga aylandi.

Axborotlashayotgan jamiyatda fuqarolarning axborot olish madaniyatini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega. Mana shu jara­yonning samarali kechishida esa pedagoglarning o‘rni beqiyos. O‘quvchi, talabaning kitob o‘qishi, pedagoglarning nazariy, pedago­gik va metodik adabiyotlar bilan o‘z vaqtida tanishib borishlari, shu yo‘l bilan bilimlarini oshirishlari, dunyoqarashi, o‘qimishli kishi­larga xos jihatlarini tarbiyalashlari, kasbiy mahoratlarini yuksaltirishlari bevosita axborot olish madaniyatining shakllanishi bilan bog‘liq. Axborot-resurs markazlarining tashkil etilishi o‘quvchilarga axborot olishning zamonaviy, avtomatlashgan shaklini taqdim etadi. Metodik adabiyotlarda ilgari surilgan fikrlarni umumlashtirish hamda ularni tahlil etish kitobxonlarda axborot olish madaniyatini shakllantirish zaruriyatini keltirib chiquvchi omillar quyidagilardan iboratligini e’tirof etish imkonini beradi:



  • ta’lim modeli o‘zgarib, bir umrga yetadigan bilim olish o‘rnini umr bo‘yi ta’lim olish egallay boshlaganligi;

  • axborot ko‘lamining jadal ortib borayotganligi;

  • jamiyatning keng miqyosda axborotlashayotganligi;

  • axborot olishda u bilan tanishishning o‘zi yetarli emasligi;

  • axborot olish oz miqdordagi adabiyotlar bilan cheklanishni ifoda etmasligi;

  • axborotni imkon qadar ko‘proq o‘zlashtirish jamiyat taraqqi­yotini ta’minlovchi eng muhim omil ekanligi;

  • tobora taraqqiy etayotgan axborot texnikasi va texnologiyasidan foydalanilayotganligidir.

Bugun kompyuterga ega Internetga ulanish imkoniyati mavjud bo‘lgan xonadonlar, tashkilotlarga axborot jadal kirib bormoqda. Bunday axborotlashuv jarayoni jamiyatning axborot-resurslari zahirasida, ya’ni axborotlashtirilgan makonning yuzaga kelishi va kutubxonalarning yangi sharoitda innovatsion faoliyat ko‘rsatishi hamda shunga yarasha kitobxonning axborot olish madaniyatini egallashida o‘z ifodasini topmoqda.

Zamonaviy axborot makoni kitobxonlar uchun katta imkoniyatdir. I. G. Zaxa­rovaning fikricha, «ushbu imkoniyatlardan jamiyatning yangi axborot makonida mo‘ljal ola bilishga imkon beradigan zarur bilimlarga ega bo‘lgan a’zolarigina oqilona foydalanadilar». Aks holda, yangilik topish ilinjida axborot ummoniga sho‘ng‘igan kitobxon hech narsa topolmay chiqishi mumkin. N. I. Gendina ta’kidlagani­dek, «Bugun axborot jamiyatini «ta’lim oluvchi» jamiyat deb bejiz atalayotgani yo‘q. Bunday deyishga quyidagilar asos bo‘la oladi: axborot va bilimlar — jamiyatning bosh bunyodkor kuchi, yangilik, tezkorlik, jadallashuv — bugungi kunning eng tavsifli belgilari, xoh ishlab chiqarish, xoh ijtimoiy hayot bo‘lsin texnolo­giyalarning yan­gilanish maromi olti–yetti yilni tashkil etmoqda; ta’lim olishning uzluksizligi va qayta tayyorlovdan o‘tishga qo­dirlik — shaxsning o‘z ijtimoiy maqomini saqlab qolishning ajralmas qismi; har bir insonning taqdiri o‘z vaqtida, yangi axborotni qidirib topish, olish, mos ravishda qabul qilish va undan samarali foydalanishiga bog‘liq». Respublikada «axborot olish madaniyati», axborot-resurs markaz­larining paydo bo‘lishi munosabati bilan esa «o‘quv jarayonining metodik ta’minoti» tushunchalari keng ommalashib bormoqda. Mutaxassislarning bergan ta’rif va izohlariga ko‘ra axborot olish madaniyati quyidagilarni o‘z ichiga oladi:



  • jamiyatning axborotlashuv darajasini anglash;

  • shaxsda axborot olishga intilishning vujudga kelishi (shaxs­ning sifati);

  • axborot olishga doir bilimlar, ko‘nikmalar va malakalarni egallash;

  • axborot vositalari manbalaridan samarali foydalanish;

  • shaxs erkinligi, uning axborotlashgan jamiyatdagi xulq-atvori;

  • huquqiy bilimlari.

Jamiyatning axborotlashuv darajasini anglash deganda:

  • axborotning jamiyatda amal qilishi;

  • yagona axborot makonining yuzaga kelishi; axborot olish imkoniyatlarining ortishi;

  • aniq bir jamiyat, xalqlar, millatlarning axborotlashuvi;

  • muayyan faoliyat sohalarining rivojlanish darajasini ifodalashi nazarda tutiladi.

Demak, jamiyatning axborotlashuv darajasini anglash uning jadal axboratlashuvi va yagona axborot makonining yuzaga kelishi, jamiyat a’zolarining axborot oqimidagi o‘zgarishlarni anglashlaridan iborat. Shaxsning ichki olamida axborot olishga intilishning paydo bo‘lishini axborotlashayotgan jamiyatga monand axborot olishga qiziqish, ehtiyoj sezish ham kasbiy, ham ma’naviy ehti­yojlarni qondirishga intilish, axborot yaratish va uni uzatish, axborotni sifatli o‘zlashtirish hamda undan samarali tarzda amaliy foydalanish sifatlarini namoyon etish, huquqiy savodxon bo‘lish, xulq-atvor me’yorlariga amal qilish tarzida ta’riflash mumkin.

Axborot olishga doir bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash:



  • insonning axborotni o‘zlashtirish saviyasi va undan foydala­nish sifati;

  • axborot olish faoliyatining sifat tavsifi (inson hayot faoliyati­ning axborot olish, uzatish, saqlash va undan foydalanish sohasidagi sifat tavsifi);

Axborot ustidagi ish turlarida:

  • uni olish, to‘plash, kodlashtirish va unga qayta ishlov berishda, shu asosda sifat jihatdan yangi axborot yaratishda, uni uzatishda, undan amaliy foydalanishda inson, jamiyat yoki muayyan qismining kamol topganlik darajasi;

  • axborot manbalarini ongli ravishda tanlash va ularga qayta ishlov berish algoritmini egallash;

  • kutubxonachilik-bibliografik savodxonlik, mutolaa (kitob o‘qish) madaniyati, axborotlashuv jarayoni nima ekanligini va uni kutubxona joylashgan tumanda, hududda amalga oshirish xusu­siyatlarini bilish;

  • axborotlashuv huquqiy maydonida, mualliflik huquqi muammolarida, so‘z erkinligida, shaxsning axborot jihatdan xavfsizligida va hokazolarda mo‘ljal ola bilish;

  • «kutubxonachilik-bibliografik bilimlar», «kitob o‘qish mada­niyati», «axborot olish savodxonligi», ta’lim jarayonida axborotning roli muhim ekanligini anglab yetish, an’anaviy, elektron, tarmoqli va boshqa axborot-resurslaridan majmuaviy foydalanish, o‘zini axborot tashuvchisi va tarqatuvchisi deb bilish, faol axborot olish;

  • odamning axborot jamiyatidagi xulq-atvor qoidalari majmuida namoyon bo‘ladi.

Axborot vositalari va manbalarini ishlatish metodlarini egallaganlik:

  • kompyuter savodxonligi; axborot makonida, uni shakllantirish va o‘zaro axborot almashishda erkin mo‘ljal ola bilish imkonini beradigan bilimlar va ko‘nikmalar;

  • turli moddiy axborot tashuvchilar yordamida qayd etilgan subyekt–subyekt va subyekt–obyekt munosabatlarining mohiyati; zamonaviy axborot-resurslari, ayrim hujjatlar, axborot tizimidagi kutubxonalar, arxivlar, jamg‘armalar, ma’lumotlar banklari tavsiya va xususiyatlarini tushunish;

  • turli xil axborot tashuvchilardan foydalanish imkoniyatlari, axborotni to‘plash, tizimga solish, saqlash va izlashning an’anaviy va elektron vositalari afzalliklari hamda kamchiliklari haqida tasavvurga ega bo‘lish; zamonaviy axborot texnologiya­laridan foydalana bilish;

  • sun’iy intellekt tizimi bilan muloqot qilish, odam-mashina tizi­mida dialogik muloqot yuritish, telematika vositalari, global va lokal axborot-hisoblash tarmoqlaridan foydalanish, olamdagi axborot manzarasini ramzlar va belgilar, bevosita va aks axborot aloqalari tizimi sifatida anglash va o‘zlashtirish, axborotlashgan jamiyatda erkin mo‘ljal olish, unga moslashish qobi­liyati, maktab­da informatikani va axborot texnologiyalarini tashkiliy sur’atda o‘qitish va axborot uzatishning zamonaviy elektron vositalarini o‘quv-tarbiya jarayoniga olib kirish kabilarda namoyon bo‘ladi.

Umumlashtirib ta’riflaganda: u zamonaviy axborot-resurslari, ayrim hujjatlar, axborot tizimidagi kutubxonalar, arxivlar, jam­g‘armalar, ma’lumotlar banklarining xarakteri va xususiyatlarini tushunish; turli xil axborot tashuvchilarini ochish imkoniyatlari, axborotni to‘plash, tizimga solish, saqlash va izlashning an’anaviy va elektron vositalari afzalliklari hamda kamchiliklari haqida tasavvurga ega bo‘lish; zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana bilishdan iboratdir. Bugungi kunda axborot zahiralarini elektron tashuvchilarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. «Axborot olish madaniyati» tushunchasi tarkibiga kirgan «axborotni sifatli o‘zlashtirish hamda samarali tarzda amaliy foydalanish»ga shunchaki kerakli adabi­yotlarni o‘qish bilangina erishish mumkin emas. Axborot olish madaniyatini egallash, axborot yordamida ijtimoiylashuv uchun shaxs qanday bilim, ko‘nikma va malakalarni qo‘lga kiritishi lozimligi, ularni qayerda, qaysi usullar bilan egallash mumkinligi, amali­yotda qo‘llash uchun nimalar qilish zarurligi masalasidir.

Kitobxonning ijtimoiylashuvi axborot olish madaniyatining shakllanishida muhim o‘rin tutadi. V. A. Borodinaning bergan ta’rifiga ko‘ra, «Kutubxona — ijtimoiy institut, kutubxona xizmati esa — subyektlarni kutubxonalar tizimi orqali ijtimoiylashtirishga qaratilgan faoliyat». Boshqacha aytganda, ijtimoiy institut kitobxonni ijtimoiylashtirish uchun xizmat qiladi. Bizningcha, kitobxonning ijtimoiylashuvi — insoniyat tomonidan to‘plangan kitobxonlik tajri­basini egallash jarayoni va shu jarayonda erishilgan natijalarni o‘zlash­tirishdir. Kitobxonlikning ijtimoiylashuvi murakkab pedagogik-psi­xologik hodisa bo‘lib, mutolaa ko‘nikmalarining shakllanishidan tashqari, uning natijasi, usuli, shaxsda axborotga nisbatan munosabatning hosil bo‘lishida ham ifodalanadi.

Xulosa qilib aytganda, ta’lim tizimida axborot olish madaniyati bo‘yicha qo‘llanmalar yaratib, ta’limni boshqarish tizimlari bilan uy­g‘unlashtirish talabalarga berilayotgan bilimlarning samarasini ta’minlashning yaxshi usuli bo‘lib xizmat qiladi. Yana axborot olish madaniyati, ya’ni axborot savodxonligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘quv dasturiga kiritilsa, talabalarni sifatli ilmiy manbalardan foydala­nishiga, malakalari oshib borishiga katta ta’sir ko‘rsatar edi.

Foydalangan adabiyotlar:



  1. Зимняя И. A. — Культурa, образованность, профессионализм специалистa (к проблеме унифицирования требований к уровню профессиональной подготовки в структурe государственных стандартов непрерывного образования) // Проблемы качества, eго нормирования и стандартов в образовании. М., 1998.

  2. Umarov A. Mutolaa madaniyati: shaxs, jamiyat taraqqiyoti. — Toshkent: Fan, 2004.

  3. Рубакин Н. A. Психология читателя и книги: краткое введение в библиологическую психологию. — Москва: Книгa, 1997. — 264с.

  4. Key Enn Kassel va Uma Xayrmat. XXI asrda ma’lumot va axbo­rot xizmatlari: ikkinchi tahrir. — Toshkent: Baktria press, 2014. — V.325.
















Yüklə 80,94 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə