Ta’lim tizimida axborot olish madaniyatini shakllantirish masalalari



Yüklə 80,94 Kb.
səhifə6/9
tarix05.01.2022
ölçüsü80,94 Kb.
#82602
1   2   3   4   5   6   7   8   9
axborot iste\'moli madaniyati.

Tayanch iboralar

Informatika, Axborotlashgan jamiyat, Axborot madaniyati, axborot, ma'lumotlar, iqtisodiy axborot, axborotni olish usullari, axborotni qayta ishlash usullari, axborot - tadqiqot ob’yekti, ma'lumotnoma axborot, tavsiyanoma axborot, axborotni taqdim etish usullari.



Axborot madaniyati — hayot-mamot masalasi

Azaliy tushunchalar ma’no qatlami benihoya kengayib borayotgan zamonda yashayapmiz. “Madaniyat” atamasi ham ana shunday kengayuv, chuqurlashuv, rang-baranglashuv jarayonini boshdan kechirmoqda. Shaxsiy madaniyat, muomala madaniyati, kiyinish madaniyati singari birmuncha tor bo‘lgan mavzular bilan cheklanish davri ortda qoldi. Endilikda iqtisodiyot, ishlab chiqarish, bozor munosabatlari, dehqonchilik, tibbiyot, rahbarlik, siyosat va xalqaro munosabatlarning o‘z madaniyati bor, ya’ni “madaniyat” tushunchasidan xoli soha, tarmoq, jabha yo‘q. Hatto, har qanday jamiyat o‘zagini, demak, taraqqiyot yo‘sinlari umurtqasini madaniyat tashkil etishi isbot talab qilinmaydigan haqiqatga aylanib ulgurdi.

Buni qarangki, axborotlashgan jamiyat, jamoatchilik bilan aloqalar (ommaviy kommunikatsiya) asr muammosi sifatida sertarmoq fan maqomiga ega bo‘la borayotgan hozirgi vaqtda axborot madaniyati hayot-mamot masalasi darajasiga ko‘tarildi. Atak-chechak qadam -tashlayotgan bolajondan tortib, asrni qaritgan bobo-buvilargacha shu “hayot-mamot” iskanjasida deyavering.

Ongli inson borki, hayotining har lahzasida yo axborot oladi, yo uni idrok etadi va yoki uzatadi. Ushbu uch jarayonning to‘rtinchisi — keraksiz axborotdan xalos bo‘lish. Biz axborot erkinligi haqida juda ko‘p gapirdik, endi esa keraksiz axborotdan qutulish muammosi yo‘limizda ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Afsuski, ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz ravishda mulkingizga aylangan axborot yig‘indisi xonadoningizda hosil bo‘lgan chiqindi emaski, undan osongina voz kechsangiz. Axborot madaniyati mazkur to‘rt bosqichli jarayon ichida eson-omon yashash hamda faoliyat yuritishga zamin yaratadi, doimiy yordamchiga aylanadi. Murakkabdan-murakkab, serqatlam axborot almashinuv jarayoni sohalar, jamiyatlar, mamlakatlar, mintaqalar va dunyo miqyosida keng ko‘lamlarda kechayotganini tasavvur qilib ko‘rsak, so‘z yuritilayotgan mavzuning ham ilmiy, ham amaliy ahamiyati naqadar ulkanligi ayonlashadi. Biroq mazkur haqiqatni to‘la anglashga tasavvurimiz hamda aql-idrokimiz imkoniyatlari qodirmikan?

Qodir bo‘lmagani uchun ham inson bu qadar mislsiz, zalvorli yukni axborot vositalari zimmasiga yukladi. Gazeta, jurnal, kitob, radio, televideniye, telefon, faks, kompyuter, internet, mobil telefon sharofati bilan Yer yuzi mo‘jaz “qishloq”qa aylandi-qo‘ydi. Ikki dunyoni bir qadamga aylantirgan ham axborot, globallashuv jarayonlari maxraji, ustqurmasi ham axborot. Zamonaviy taraqqiyot, farovonligu farog‘atning noni, suvi, havosi ham shu! Sanab o‘tilgan axborot vositalarining ko‘zga ko‘rinmas changalidan tashqarida yashayotgan odam yo‘q hisobi. Ularning barchasi oddiy turmush tarzining ajralmas zaruratiga, ta’bir joiz bo‘lsa, tanamizning “a’zosi”ga aylanib bo‘ldi. Shu munosabat bilan g‘oyat qiziq va g‘alati holat vujudga keldi: yakka axborot vositalari, guruh axborot vositalari, ommaviy axborot vositalari rivojlangani sayin insonning axborotga bo‘lgan ehtiyoji yetarli darajada qondirilmayotgani ma’lum bo‘lmoqda, aksincha, axborot taqchilligi, yetishmovchiligi zo‘raygandan zo‘rayib bormoqda. Nega? Sabab nimada? Chindan ham shundaymi?

Masalani bir boshidan oydinlashtirishga to‘g‘ri keladi. Zamon shiddati odamlar ruhiyatiga ko‘chdi. Muloqotga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib borayotir. Bugungi ishni ertaga surish u yoqda tursin, aksincha shu daqiqadagi yumushning keyingi daqiqaga surilishiga toqat dosh bermayapti. Bu ketishda tez orada elektron manzillar, SMSlar orqali muloqot tezligidan-da jadal ishlaydigan aloqa vositalari yaratilsa, ajab emas.

Yangilikka o‘chlik boyagina olingan axborotning o‘sha zahoti eskirishiga olib kelmoqda. Hozirgina yuz mashaqqat bilan topgan yangiligimizni to‘la anglab-idrok etib ulgurmasimizdan chiqitga chiqaryapmiz. Bir qarashda, buning yomon tomoni yo‘q, ammo har bir yangilik ortidagi voqelik yuzasidan chuqur mulohaza yuritish, tosh-taroziga solish hamda hayotiy xulosalar chiqarishga bo‘lgan moyillik unutilib bormoqda. “Bu ahvolda internet to‘lqinlarida soat sayin “bolalayotgan” nashrlar shu tariqa yengil shov-shuvga o‘ch, shundan narini ko‘zlamaydigan, tahlilu mulohazalardan yiroq avlod vakillarini shakllantiruvchi “maktab”larga aylanib qolmasmikan?!” degan xavotir ham yo‘q emas.

Ruhiyat bilan bog‘liq yana bir omil avj olayotir. Axborot oqimi shiddati ortgani sayin odamlarda individuallashuvga moyillik kuchaymoqda. Deylik, oiladagi ota-ona va uch farzandning har biri o‘zi istagan teleko‘rsatuvni tomosha qiladi, o‘zi yoqtirgan radioeshittirishni tinglaydi, ularning har birida alohida kompyuter, internet, mobil telefon. Ota o‘qiyotgan gazetaning o‘g‘ilga umuman qizig‘i yo‘q, qizi qo‘ldan qo‘ymaydigan suratli jurnalni ona varaqlab ham ko‘rmaydi. Shubhasiz, bu holni axborot oqimi hamda vositalari ta’sirida odamlarning yakkalanishi, deb ta’riflash mumkin. Ko‘plashib, oila davrasida emas, xonaga qamalib olib, yakka holda kompyuter ekraniga termulgancha hordiq chiqarish, bo‘sh vaqtni o‘tkazish odati ommalashmoqda.

Bunday yangiliklar milliy oila tutumlari, odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin emas. Aytib o‘tilgan axborot vositalarining har biri mo‘jiza, inson aql-idrokining mahsuli, ularning har biri bilimni oshirish, dunyoqarashni kengaytirishga xizmat qiladi, ularning ta’rifiga til ojiz. Biroq ularning barchasiga milliy-axloqiy qadriyatlarimiz, tafakkur va qalb tarbiyasi, qisqacha aytganda, komil inson tarbiyasi mezonlaridan kelib chiqqan holda yondashilsa, ko‘p savollar yo‘limizda ko‘ndalang bo‘ladi. Teletomosha hamda radio tinglash madaniyati, internet, ayniqsa, mobil telefondan foydalanish madaniyati — barchasini umumlashtirib aytganda, axborot madaniyati asri odamlarni chin ma’noda shoshirib qo‘ymoqda. Zamonaviy axborot ilmi asoschilaridan bo‘lgan mashhur Marshall Maklyuen (Kanada) o‘tgan asrning

70-yillarida “Har bir yangi axborot vositasi o‘sha zamon kishilarini imtihondan, sinovdan o‘tkazadi”, deganida, hali kompyuter, internet, mobil telefon odamzod xayoliga kelmagan edi. Lekin ushbu dono bashorat naqadar to‘g‘riligini bugungi hayot, turmush tarzi har qadam, har lahzada ko‘rsatmoqda, isbotlamoqda.

Haqli savol tug‘iladi: o‘z ixtiyorimizdagi axborot vositalaridan foydalanish madaniyati me’yorlarini nechog‘li o‘zlashtirganmiz? Ularni amalda qo‘llayapmizmi? O‘sha jonsiz buyumlar har birimizni imtihondan, sinovdan o‘tkazayotganini — fe’l-atvorimizda yangi axborot madaniyatiga ehtiyoj orta borayotganini yetarli darajada his etyapmizmi?

Mo‘jizakor axborot vositalaridan zararli maqsadlarda foydalanish, farzandlarimizning noto‘g‘ri yo‘llarga chalg‘ishi, oldi-qochdilarga umrni sovurish, ayniqsa, mobil telefon bois kelib chiqayotgan ko‘plab noroziliklar, ko‘ngilsizliklar bu borada qilinadigan ishlar nihoyatda ko‘pligidan darak beradi.

Taraqqiy topgan davlatlarda axborot madaniyati (infoetika, mediaetika, mediata’lim va hokazo) alohida fan, alohida muammo, alohida pedagogika, alohida siyosat darajasiga chiqdi. Ilmiy markazlar, olimu mutaxassislar ushbu muammolar tevaragida ixtisoslashgan holda, yuz berayotgan holatni o‘rganishmoqda, tahliliy asarlar yaratishyapti. Bu bejiz emas. -Amerikalik olim E. Toffler “Uchinchi to‘lqin” asarida “Insoniyat ortda qoldirgan yo‘l uch bosqichdan iborat”, degan fikrni ilgari suradi. Ya’ni qishloq xo‘jaligi, sanoat hamda hozirgi axborot tamaddunlari. Tabiiy savol tug‘iladi: xo‘sh, keyin-chi? Insoniyat to‘rtinchi to‘lqin davrini ham boshdan kechiradimi? Unga qanday nom beriladi? Taraqqiyot shiddati bashariyatni qayerlarga olib boradi? O‘zimiz yaratgan, erishgan va erishayotgan taraqqiyot cho‘qqilarida omon qolish hamda yashash epini topa bilamizmi?

Sog‘lom aql-idrok va mantiqdan kelib chiqilsa, hozirdanoq to‘rtinchi to‘lqin axborot odobi, madaniyati tamadduni, deb nomlanishi birdan-bir to‘g‘ri hamda oqilona chora ekanligini ko‘rsatadi. Ha, endilikda odamlarning, oilalarning, milliy qadriyatlarning — insoniyatning rivoji, farog‘ati va istiqboli mazkur xaloskor madaniyatga bevosita bog‘liq bo‘lib qoladi.




Yüklə 80,94 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə