Tarix” kafedrasi “manbashunoslik va tarixshunoslik”


Fors tilidagi tarixiy manbalar



Yüklə 0,99 Mb.
səhifə110/144
tarix17.04.2022
ölçüsü0,99 Mb.
#85561
növüReferat
1   ...   106   107   108   109   110   111   112   113   ...   144
Tarix” kafedrasi “manbashunoslik va tarixshunoslik”

Fors tilidagi tarixiy manbalar

Buxoro tarixi” “Buxoro tarixi”, “Tarixi Narshaxiy” va “Tahqiq ul-viloyat” (“Buxoro viloyati tahqiqi”) nomlari bilan mashhur bo’lgan bu asarda Buxoro va quyi Zarafshon vohasida joylashgan shahar va qishloqlarning jo’g’rofiy holati, aholisining VII-X asrlardagi ijtimoiy-siyosiy hayotini aks ettirgan qimmatli tarixiy manbadir.

Kitob muallifining nomi qisqacha Narshaxiy (899-959 yy.) deb ataladi. Uning to’liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Jaxfar ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Shariq bo’lib, X asrda ijod qilgan buxorolik ymrmk tarixchi sifatida mashhurdir. Tarixchi Sam’oniyning ma’lumotiga qaraganda, Narshaxiy asli Buxoroning Narshax (hozirgi Vobkent yonida) qishlog’idan. Narshaxiy o’z asarini 944 yili yozib tugallagan.

“Buxoro tarixi” asarining Narshaxiy yozgan arab tilidagi asli saqlanib qolmagan. Asar 1128 yili farg’onalik (Quva shahridan) Abunasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al-Qubaviy tarafidan ilk bor qisqartirilib forsiy tilga tarjima qilingan. Oradan taxminan 50 yil o’tgach, 1178 yili kotib Muhammad ibn Zufar ibn Umar“Buxoro tarixi” tomonidan ikkinchi marta tahrir etildi.

Shuni ham ko’rsatish lozimki, “Buxoro tarixi” asarining bizgacha yetib kelgan nusxalarida 1178-1220 yilgi voqealar bayoni uning tarkibiga kiritib yuborilgan. Shunga qaraganda, Narshaxiyning asari uchinchi marta noma’lum muharrir tomonidan to’ldirilgan ko’rinadi.

“Buxoro tarixi” O’zbekistonning arablar tomonidan bosib olinishi, bu yerda islom dinining tarqatilishi hamda mamlakatning Somoniylar hukmronligi yillaridagi tarixini bayon etadigan noyob manbadir.

Bu asarning forsiy matni 1892, 1894, 1904 va 1939 yillarda Parij, Buxoro va Tehronda chop etilgan. Kitob rus, ingliz va o’zbek tillariga (1897, 1954, 1966 yillari) tarjima qilingan.

Hudud ul-olam” “Hudud ul-olam” fors tilida yozilgan (982 y.) birinchi jug’rofiy xarakterdagi asardir. Kitobning to’la nomi “Hudud al-olam min Mashriq ila-l Mag’rib”dir( “Sharqdan Ғarbga qarab joylashgan mamlakatlarning chegaralari”). Asar muallifi noma’lum. U Guznono (Afg’onistonning sharqi-shimoliy qismida joylashgan qadimiy viloyat) hokimlaridan (Farug’iniylar) biriga atab yozilgan. Kitobning yagona qo’lyozma nusxasi sharqshunos A.G.Tumanskiy (1861-1920 yy.) tomonidan 1892 yili Buxoroda topilgan.

“Hudud ul-olam” asari muqaddima va 59 bobdan iborat. Uning 1-7 boblarida yerning tuzilishi, dengizlar, orollar, tog’lar, daryolar, cho’lu biyobonlar hamda dunyoning inson yashaydigan to’rtdan bir qismi – rub’i maskun va unda istiqlmat qiluvchi xalqlar, rub’i maskunning mamlakat hamda viloyatlariga taqsimlanishi haqida umumiy mulohaza yuritiladi.

8-59- boblarida sharqdan g’arbga qarab joylashgan mamlakatlar, ularni xalqi, o’sha mamlakatlarda ishlab chiqariladigan asosiy matolar, ayrim o’rinlarda esa savdo-sotiqning umumiy ahvoli xususida so’z boradi.

“Hudud ul-olam” asarida O’zbekistonning shaharlari, aholisi va ularning mashg’uloti haqida qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz.

Asarning matni aynan (fotomatni) faksimilesi, kirish va zarur izohlar bilan birga, 1930 yili V.V.Bartold tarafidan, inglizcha tarjimasi esa (tadqiqot va izohlar bilan birga) 1937 yili V.F.Minorskiy tarafidan nashr etilgan. Uning forscha matni ikki marta (M.Sotude va sayyid Jaloluddin Tehroniy tarafidan) Eronda chop etilgan. 1983 yili asarning tojikcha nashri amalga oshirilgan.

Ushbu kitob fors tilidagi ilk tarixiy-jug’rofiy manba sifatida juda qimmatli asar hisoblanadi.

Siyosatnoma” Bu mashhur asar muallifi Nizomulmulk laqabini olgan Saljuqiylar davlatida vazir sifatida xizmat qilgan yirik davlat arbobi va tarixchi olimdir. Uning asli ismi Abu Ali al-Hasan ibn Ali ibn Ishoq at-Tusiy (1018-1092 yy.) bo’lib, Saljuqiy hukmdorlar Sulton Alp Arslon (1063-1073) hamda Sulton Malikshoh I larning bosh vaziri bo’lgan va bu davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida katta rol o’ynagan. U saltanatdagi tarqoqlikka barham berish, markaziy davlat tuzumini mustahkamlash, davlatning moliyaviy ishlarini tartibga solish uchun harakat qilgan. Shuning uchun unga mamlakatni tartibga soluvchi, ya’ni Nizomulmulk nomi berilgan. Nizomulmulk Bag’dodda “Nizomiya” atalmish musulmon huquq-aqoid maktabiga asos solgan.

“Siyosatnoma” asarining boshqa nomi ”Ciyar al-muluk” (“Podshohlarning turmushi”)dir. Kitob 1092 yili yozib tugallangan. U 51 bobdan iborat bo’lib, unda davlat tizimi, moliyaviy hisob-kitob ishlari, qo’shin tuzulishi, mansablar va ularga amaldorlarni tayinlash tartibi, amaldorlar faoliyati muammolari xususida fikr yuritiladi.

Asarda O’zbekiston tarixiga oid muhim va qimmatli ma’lumotlar bor. Somoniylar zamonida turk g’ulomlarining davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o’rni, Turkiston xonlari Qoraxoniylar saroyida xizmat qiluvchi xodimlarning maishiy ahvoli, Somoniylar xizmatida bo’lgan amirlar unvonlari, Xorazmshoh Oltintosh (1017-1032) bilan Sulton Mahmud Ғaznaviyning vaziri Ahmad ibn Hasan o’rtasidagi yozishmalar ana shular jumlasidandir. Asarda, bundan tashqari, karmatlar, botiniylar harakati, Muqanna qo’zg’oloni haqida ham ayrim diqqatga sazovor ma’lumotlar mavjud.

“Siyosatnoma”ning forschasi 1931, 1956 yillari, frantsuzchasi 1893 yili, inglizchasi 1960 yili hamda ruschasi 1949 yili B. D. Zaxoder tomonidan chop qilingan. Kitob o’zbek tiliga ham tarjima qilingan.

Chor maqola” “Chor maqola” nomi bilan mashhur bo’lgan bu qiziqarli asar muallifi Nizomiy Aruziy Samarqandiydir. Uning o’z ismi Najmuddin Ahmad ibn Umar ibn ali bo’lib, asli Samarqandlikdir. Otasi bir vaqtlar Saljuqiy Alp Arslon xizmatida bo’lgan. Bo’lg’usi olim IX asrning 90- yillarida tug’ilgan, 1116-1119 yillari Sulton Sanjar (1118-1157) saroyida Nishopurda hayot kechirdi, so’ngra Gur va Bomiyonda (Afg’onistonning markaziy qismida joylashgan viloyatlar) hukm surgan Shansabiylar xizmatiga kirdi va umrining oxirigacha o’sha yerda yashadi.

“Chor maqola” ilmiy, etnik-didaktik mavzuda yozilgan asar bo’lib, “Majma’ ul-g’aroyib” (“Ajoyibotlar majmuasi”) nomi bilan ham ataladi. Asar 1156-1157 yillari bitilgan bo’lib, to’rt qismdan iborat:

  1. Dabir (kotib)lar va dabirlik haqida;


  2. She’riyat ilmi va shoirlarning qadr-qiymati haqida;


  3. Cayyoralar haqidagi ilm va munajjimlik haqida;


  4. Tibb (meditsina) va tabiblik xususidadir.


Birinchi qismda qoraxitoylar bilan Sulton Sanjar o’rtasidagi 1141 yilning 9 sentyabrida Samarqand atrofida bo’lgan urush, Qoraxitoylar bilan Xorazm, shuningdek, Sulton Mahmud Ғaznaviy bilan Movarounnahr hukmdori Qoraxoniy Bug’raxon Muhammad (1033-1056 yillar atrofida vafot etgan) o’rtasidagi siyosiy munosabatlar, qoraxitoylar istilosi arafasida Buxoro sadrlarining umumiy ahvoli haqida qisqa, lekin qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

“Chor maqola”ning ikkinchi qismida ham muhim ma’oumotlarni uchratamiz. Mashhur forsiyzabon shoirlar Rudakiy (taxm.860-941 yy.), Farruhiy (1038 yili vafot etgan), Firdavsiy (taxminan 940-1020-1030 yillar orasi)larning hayotiga oid, shuningdek, Bodhizning tabiiy sharoiti, masalan u yerda bo’lgan 1000ga yaqin koriz, uzumning 120ta navi, Qoraxoniylar davrida Movarounnahrning adabiy va madaniy hayotiga oid axborotlar shular jumlasidandir.

Uchinchi qismda Abu Rayhon Beruniy va Umar Hayyomning (taxm. 1048-1123) hayoti (Nizomiy Aruziy Samarqandiy u bilan yaqindan tanish bo’lgan) bilan bog’liq ma’lumotlar berilgan.

To’rtinchi qismda o’zbekistonlik buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning (980-1037 yy.) Buxoro va Xoraz mdagi ilmiy faoliyati bilan bog’liq ma’lumotlarni uchratamiz.

Xullas, Nizomiy Aruziy Samarqandiyning ushbu asari O’zbekistonning X-XI asrlardagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotini o’rganishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan manbalardan biri hisoblanadi.

“Chor maqola”ning forsiy matni 1910 va 1955-1957 yillarda eronlik sharqshunos olimlar Mirzo Muhammad Qazviniy hamda Muhammad Mu’in tomonidan chop qilingan. Asar ingliz tiliga 1921 yili va 1963 yili rus tiliga tarjima qilingan. Sharqshunos Mahmud Hasaniy uni o’zbek tiliga tarjima qilib chop ettirgan.

Mujmal at-tavorix va qisas” Muallifi noma’lum bo’lgan “Mujmal at-tavorix va qisas” (“Tarixlar va qissalar majmuasi”) nomli bu asar ixcham tarzda yozilgan umumiy tarixga oiddir. Unda qadim zamonlardan (islomiyatdan avval o’tgan Eron podshohlari zamonidan to o’g’uzlar tarafidan Sulton Sanjarning asir olinishi (1153) va Nishopurning vayron etilishigacha bo’lgan davr ichida Eronda va qisman O’zbekistonda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar hikoya qilinadi.

Asar 1153 yildan keyin yaratilgan. Kitobning ilmiy qimmati shundaki, unda turkiy xalqlar, ularning kelib chiqishi haqidagi rivoyatlar, turklarning vatanlaridan biri Issiqko’l haqida boshqa manbalarda uchramaydigan ma’lumotlar keltirilgan.

“Mujmal at-tavorix va qisas”ning yagona qo’lyozma nusxasi Parij Milliy kutubxonasining qadimiy forsiy kitoblar fondida, 62 raqam ostida saqlanmoqda. Uning matni 1939 yili eronlik Malik ush-shuaro Bahor tomonidan chop etilgan.

Zayn al-axbor” “Zayn al-axbor” (“Tarixlar bezagi”) nomli kitob muallifi XI asrning yirik tarixchisi Gardiziydir. Uning to’la ismi Abu Said Abulhay ibn Zahhok ibn Mahmud Gardiziy, Ғazniga (Afoniston) tobe bo’lgan va uning sharqiy tarafida joylashgan Gardiz qishlog’ida tug’ilgan. U o’z zamonidayoq shuhrat topgan olimdir. Bu esa uning yaqin “Zayn al-axbor” nomli asari tufayli bo’ldi. Kitob 1049-1050 yillar orasida yozib tamomlangan va Ғaznaviylardan Sulton Abdurashidga (1049-1053) taqdim etilgan.

“Zayn al-axbor” asosan qadim zamonlardan (islomiyatdan avval o’tgan qadimgi Eron podshohlari zamonidan) to 1041 yilgacha, ya’ni Ғaznaviylardan Sulton Mavdud (1041-1050) bilan Sulton Muhammad (1030-1031, ikkinchi marta 1041) o’rtasida, ya’ni 1041 yili Dinovarda bo’lgan urushgacha Xurosonda bo’lib o’tgan voqealar haqida hikoya qiladi. Asarda ayniqsa Xurosonning arab istilosidan 1041 yilgacha bo’lgan tarixi boshqa asarlarga nisbatan kengroq yoritilgan.

Gardiziy ushbu asarini yozishda as-Sallomiyning “Kitob fi axbor vuloti Xuroson”, al-Jayxoniyning “Ajoyib al-buldon”, shuningdek ibn Muqaffa, ibn Xalliqonning asarlaridan ham foydalangan.

“Zayn al-axbor” rumliklarning madaniyati (dar ma’rifati rumiyon), turli xalqlarning diniy marosimlari va yil hisoblari, Movarounnahrning turkiy aholisi va Hindiston haqida degan boblardan iborat. Asarning turli xalqlarning (musulmonlar, yahudiydar, xristianlar va boshqalarning) diniy marosimlari va yil hisoblari hamda Hindiston haqidagi boblari Abu Rayhon Beruniy asarlari, O’rtv Osiyo va O’zbekistonning turkiy aholisi haqidagi bobi esa qisman ibn Xurdodbeh, Jayhoniy va ibn Muqaffa asarlariga tayanib yozilgan.

Gardiziyning “Zayn al-axbor” asari Xuroson va Movarounnahrning arablar istilosidan to XI asrning o’rtalarigacha bo’lgan siyosiy tarixini qrganishda muhim o’rin tutadi.

“Zayn al-axbor” asarining forscha matni eronlik Mirzo Muhammad Qazviniy 1937 yili, Muhammad Nozim 1928 yili hamda Said Nafisiy tomonidan 1954 yili chop etilgan edi. 1969 yili Tehronda asarning to’la nashri amalga oshirildi. Uning turkiy xalqlar haqidagi bobi rus tilida V.V.Bartold tomonidan 1900 yili nashr qilingan.

Kitobning O’zbekistonga aloqador qismi A.K.Arends tomonidan ruschaga qilingan tarjimasi 1991 yili L.M.Yepifanova tomonidan nashrga tayyorlanib Toshkentda chop etildi.

Kitob al-qand fi tarixi Samarqand” “Kitob al-qand fi tarixi Samarqand” (“Samarqand tarixi haqida qand kitob”) nomli asar muallifi yirik tarixchi, tilshunos va faqih Najmuddin Abu Hifs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Luqmon an-Nasafiy (1068-1142)dir. U musulmon qonunshunosligiga oid “Manzumot an-Nasafiya fi-l-xulofiyot” (“Kelishmovchiliklar haqida Nasafiyning she’riy asari”), “Aqoid an-Nasafiy” (“(Islom) aqidalariga an-Nasafiy sharhi”) shariat yo’l-yo’riqlari va “Qur’oni karim” sharhiga bag’ishlangan “Al-yavoqit fi-l-mavoqit” (“Qulay vaqtlar xususida yoqutlar”), “Zallat al-qoriy” (“Qorilarning xatolari haqida”) va tasavvuf xususida “Risolai Najmiya” kabi bir necha kitoblar yaratgan.

Nasafiyning tarix fani uchun eng muhim “Kitob al-qand fi tarixi Samarqand” asaridir. Uning yana bir nomi “Kitob al-qand fi ma’rifati ulamoi Samarqand” (“Samarqand olimlarini tanish borasida qand kitobi”) ham mashhurdir. Ushbu asarda O’zbekistonning islomgacha bo’lgan tarixi, uning arab istilochilari tomonidan bosib olinishi, Samarqandning diqqatga sazovor osori atiqalari haqida ma’lumot keltirilgan.

“Kitob al-qand fi tarixi Samarqand”ning arabcha asl nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Nasafiyning shogirdi Abulfazl Muhammad ibn Abdujalil ibn Abdumalik ibn Haydar as-Samarqandiy (XII asr) ushbu asarning qisqartirilgan forscha tahririni yaratgan. V.V.Bartoldning fikricha (Asarlar, VIII jild,- M.: 1973, 257 bet) Abulfazl Muhammad as-Samarqandiy asarning forscha tahririga Abulfazl Muhammad as-Samarqandiy al-Idrisiyning (1015 yili vafot etgan) “Kitob komil al-ma’rifat ar-rijol” (“Mashhur kishilarni tanish haqida mukammal kitob”) nomli asaridan am ayrim parchalarni olib kiritgan.

“Kitob al-qand fi tarixi Samarqand”ning XV asr oxiri XVI asr boshlarida Said Ahmad ibn Mir Vali qalamiga mansub forscha tahriri ham bor. “Qandiyayi xurd” (“Kichik qandiya”) nomi bilan mashhur bo’lgan bu asarning qo’lyozma nusxalari Sankt-Peterburg, Toshkent va Dushanbe shaharlarida hamda Germaniya, Hindiston va Saudiya Arabistoni kutubxonalarida saqlanmoqda.

“Qandiyayi xurd” bir necha marta toshbosma usulida Samarqand (1909 y.), Toshkent va Tehronda (1955 y.) chop etilgan; bir qismi V.L.Vyatkin (1869-1932 yy.) tarafidan rus tiliga tarjima qilingan va 1906 yili nashr etilgan.

Tarixi Muborakshoh” “Tarixi Muborakshoh” (“Muborakshoh tarixi”) asarining muallifi Faxriddin Muborakshoh Mavarrudiy bo’lib, u XII asrning ikkinchi yarmi va X111 asrning boshlarida yashagan yirik tarixchi olimdir. Tarixchining to’la ismi Faxriddin Muborakshoh yoki Faxri mudir nomi bilan mashhur bo’lgan ekan.

Faxriddin Muborakshoh o’z asarining debochasida, shuningdek, Ibn Al-Asir va “Haft iqlim” muallifining keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, otasi ham, o’zi ham Ғuriylardan22 Shahobiddin (yoki Mu’izziddin) Muhammad (1173-1206) hamda Ғiyosuddin Mahmud (1206-1212) saroyida xizmat qilgan va o’z zamonasining keng ma’lumotli kishilaridan hisoblangan.

Faxriddin Muborakshoh 1206 yili o’zining mashhur “Tarixi Muborakshoh” asarini yozib tamomladi va Lohurda Ғiyosuddin Mahmudga taqdim etib, uning e’tiborini qozongan. Asar, muallifning so’zlariga qaraganda, 13 yil ichida tamomlangan.

“Tarixi Muborakshoh” asari 136 qism (shajara)dan iborat bo’lib, unda Muhammad pag’ambar, xulafoyi Roshidin (Abubakr, Umar, Usmon, Ali), ansorlar23, muhojir sahobalar24, Ғassaniylar, ya’ni Suriya hukmdorlari, Yaman podshohlari, johiliyat zamonida, ya’ni islomiyatdan avval o’tgan shoirlar, sahoyuadar orasidan chiqqan shoirlar, Ajam podshohlari (Peshdodiylar, Kayoniylar, Ashkoniylar, Sosoniylar), Umaviylar, Abbosiylar, Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, Ғaznaviylar va nihoyat Ғuriylar tarixi bayon etilgan.

Ushbu asarning biz uchun qimmati shundaki, unda Turkistonning sarhadlari va Turkistonda ishlab chiqaraladigan mol va matolar, ularning horijiy mamlakatlarda e’tibor qlzongan navlari, turk qabilalari va urug’lari, ularning tili va madaniyati, yozuvlari, urf-odatlari haqida boy daliliy ma’lumotlar keltirilgan.

“Tarixi Muborakshoh” asarining yagona mo’‘tabar qo’lyozmasi Angliyaning Oksford shahridagi Bodli kutubxonasida saqlanmoqda. Kitobning Ғuriylar va turkiy xalqlar tarixiga oid qismi matnini ingliz sharqshunosi Denison Ross 1927 yili chop qilgan.

Tarixi Mas’udiy” An’anaviy tarixiy asarlardan yaqqol ajralib turadigan “Tarixi Mas’udiy” (“Mas’ud tarixi”) asarning muallifi Abulfazl Muhammad ibn al-Husayn al-kotib al-Bayhaqiydir (995-1077). U Nishopur viloyatiga qarashli Harisobod qishlog’ida badavlat mansabdor oilada tug’ilgan, asosan Nishopur shahrida ta’lim olib, balog’atga yetgan.

Abulfazl Bayhaqiy taxminan 1021 yili Ғaznaviylar davlatining devoni rasoili - xorijiy mamlakatlar bilan aloqa yurituvchi mahkamaga dabirlik mansabiga qabul qilindi va vazir Abu Nasr Mishkon rahbarligida 19 yil ysha mansabda xizmat qildi. Abu Nasr Mishkon vafotidan so’ng 1039 yili Abulfazl Bayhaqiy uning o’rniga devon boshlig’i etib ta’yinlandi. 1041 yili Sulton Mas’ud o’ldirilgandan so’ng u saroy xizmatidan chetlatildi va faqat Sulton Abdurashid 1050 yili hokimiyat tepasiga kelgach, yana o’z o’rniga tiklandi. Abulfazl Bayhaqiy bu lavozimda 1059 yilgacha, ya’ni Sulton Farruhzod (1053-1059 yy.) saltanatining oxirigacha davlat xizmatida bo’ldi, keyin iste’foga chiqib, ilmiy ish bilan mashg’ul bo’ldi. U 1077 yili vafot etgan.

Abulfazl Bayhaqiy “Ziynat ul-kitob” (“Kitoblar ziynati”), “Tarixi oli Mahmud” (“Mahmud xonadonining tarixi”) yoki “Jomi’ fi tarixi oli Sabuqtegin” (“Sabuktegin xonadoni tarixidan hikoyalar majmuasi”) nomli asarlari bilan mashhur. “Tarixi Bayhaq” (“Bayhaq (viloyati) tarixi”) asar muallifi Abulhasan Ali Bayhaqiy, XII asrning ikkinchi yarmida o’tgan va ko’pincha ibn Funduq nomi bilan mashhur bo’lgan olimning ma’oumotiga qaraganda, Abulfazl Bayhaqiyning “Tarixi oli Mahmud” asari o’ttiz jilddan iborat bo’lgan. Lekin bu ulkan asarning faqat oltinchi jildining ikkinchi qismi, 7, 8, 9 jildlari hamda 10-jildining bir qismi yetib kelgan, xalos. Bu qismlar Sulton Mas’ud (1030-1041 yy.) davri tarixini o’z ichiga oladi va “Tarixi Mas’udiy” nomi bilan ma’lum va mashhur.

“Tarixi Mas’udiy” asarida boshqa tarixiy kitoblardan farqli muallif o’zi ko’rgan va ishonchli kishidardan aniqlagan ma’lumotlarni, shuningdek, hukumat mahkamalarida saqlangan rasmiy hujjatlar asosida hamda ma’ishiy tafsilotlarga ham alohida e’tibor berilgan.

Bu xususiyat asarning daliliy ma’lumotlarga boyligi, voqealarning keng va atroflicha bayon etilishi va nihoyati zo’r badiiy mahorat bilan yozilganligi, uning boshqa tarixiy asarlardan alohida ajratib turadi.

Kitobda asosan Sulton Mas’ud davri Ғaznaviylar saltanati ixtimoiy-siyosiy ahvoliga keng o’rin berilgan. Bundan tashqari, asarda Safforiylar, Somoniylar, Saljuqiylar tarixiga oid muhim ma’lumotlar ham bor. Ayniqsa, Ғaznaviylar bilan Xorazm, Saljuqiylar hamja Qoraxoniylar davlati o’rtasida bo’lgan siyosiy munosabatlar haqida qimmatli ma’lumotlar ko’p.

Ushbu asarda Abu Rayhon Beruniy hayoti to’g’risida tafsilotlar va uning bizgacha yetib kelmagan Xorazm tarixiga oid asaridan lavhalar biz uchun juda qimmatlidir. Chunki muarrix ulug’ vatandoshimiz bilan muloqotda bo’lgan, uni yaxshi bilgan va fikrlarini qadrlagan.

“Tarixi Mas’udiy” asarining forsiy matnini U. Morley Kalkuttada 1861 yili, Tehronda esa Ahmad Peshavoriy 1886 yili, Said Nafisiy 1941-1954 yillari, Ғani va Fayoz 1945 yili chop etganlar. Uning arabcha tarjimasi Qohirada Yahyo Hashshob va Sodiq Nishot tomonidan chop etilgan.

“Tarixi Mas’udiy” asarining ruscha tarjimasi tadqiqot va zarur izohlar bilan atoqli manbashunos olim A.K.Arends tomonidan Toshkentda 1962 yili va Moskvada 1969 yili e’lon qilindi. Kitobning X-XI asr tarixini o’rganuvchilar uchun manba sifatidagi ahamiyati juda katta.

Lubob ul-albob” “Lubob ul-albob” (“Qalblar qalbi”, 1222-1223 yillari yozilgan) nomli asarning muallifi Sa’duddin Muhammad Avfiy bo’lib, u XII asrning so’nggi choragi va XIII asrning birinchi yarmida yashagan adib, tarjimon va tazkiranavis olimdir.

Avfiy 1172-1177 yillar orasida Buxoroda tug’ilgan, asosiy ma’lumotni ona shahrida olgan va 1201 yili Samarqand hokimi Qoraxoniy Ibrohim IV ibn Husayn (1178-1204 yy.) saroyiga taklif etilgan. U bu yerda ko’pgina fozil kishilar, jumladan shayx Najmuddin Kubro (1221 yili Urganjda mo’g’ullar qirg’ini vaqtida halok bo’lgan) hamda shayx Majdiddin Bag’dodiy (1216 yili xorazmshoh Alouddin Muhammadning amri bilan qatl etilgan) bilan uchrashgan.

Olim 1205 yildan boshlab Movarounnahr va Xuroson bo’ylab ko’p sayohat qilgan, dastlab Niso, Marv, Tus, Hirot va Seistonda bo’ladi. U Nishopurda ham bo’lib, Xurosonning yetuk arabiynavis va forsinavis shoirlari bilan yaqindan tanishadi. Xullas, olim Xuroson shaharlari bo’ylab qilgan sayohati vaqtida bo’lajak tazkirasi uchun ma’lumotlar to’playdi.

Avfiy mo’g’ullar istilosi arafasida Hindiston safariga otlanadi. Ғaznaga yetkanda Chingizxon (1206-1227 yy.) boshliq mo’g’ul qo’shinlarining O’rta Osiyoga bostirib kirgani haqida xabar tarqaladi. Olim Xuroson va Movarounnahrdan kelgan qochoqlarga qo’shilib Hindistonga jo’naydi va 1222 yili Panjobning Uch viloyatiga kelib, bu yerning hokimi Nosiruddin Qabochaning (1205-1227 yy.) xizmatiga kiradi. Oradan ko’p vaqt o’tmay, Avfiy Gujoratga qozi qilib tayinlanadi. U 1227 yili Dehliga ko’chib kelib, Sulton Shamsuddin Eltutmishning25 xizmatiga kiradi va umrining oxirigacha shu yerda kun kechiradi.

Nuriddin Muhammad Avfiy Uchda turgan vaqtida o’zining “Lubob ul-albob” nomli tazkirasini yozdi, Gujoratda esa arabiynavis olim qozi Muhsin Tanuhiyning (940-994 yy.) “Al-faraj ba’d ash-shiddat” (“Ofatdan so’nggi ovunish”, 984 yili yozilgan) nomli asarini arab tilidan fors tiliga tarjima qildi. “Javomi ul-hikoyat va lavomi’ ar-rivoyat” (“Hikoyatlar majmuasi va rivoyatlar shu’lasi”) asarini ham o’sha yerda yoza boshladi.

“Lubob ul-albob” tazkira bo’lib, unda O’zbekiston, Xuroson, Iroq, Ozarbayjon, Ғazna hamda Ғarbiy Hindistonda X-XII asrlarda yashab ijod etgan 299 shoir va adib haqida umumiy ma’lumot beriladi. Asar Uch viloyatining hokimi Raziuddin Abubakrning topshirig’i bilan yozilgan.

“Lubob ul-albob”ning forsiy matni 1903 va 1906 yillari E.Braun va Mirza Muhammad Qazviniy tarafidan chop etilgan.

Avfiyning ikkinchi muhim asari “Javomi ul-hikoyat” bo’lib, 1227-1236 yillari orasida yozilgan. Asar to’rt qismdan, har bir qism esa 25 bobdan iborat. Unda Hinliston, Eron, O’rta Osiyo va O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga oid 2113 ta tarixiy latifadan iborat. Biz uchun uning ayniqsa to’rtinchi qismi alohida qimmat kasb etadi. Bu qismda O’rta Osiyoning qadimiy turkiy xalqlari va Buxoro sadrlari haqida muhim ma’lumotlar bor.

“Javomi ul-hikoyat” chop qilinmagan, ayrim qismlari I.Nizomutdinov va T.Fayziev tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan.

Tarixi jahonkushoy” “Tarixi jahonkushoy” (“Jahongir (Chmngizxon) tarixi”) nomli yirik tarixiy asarni yaratgan tarixchi XIII asrda o’tgan yirik olim va davlat arbobi Juvayniydir. Uning to’la ismi Alouddin Otamalik ibn Bahouddin Muhammad al-Juvayniy. U 1226 yili Ғarbiy Xurosonning Juvayn hududiga qarashli Ozodvor qishlog’ida badavlat va nufuzli siyosiy arbob oilasida tug’ilgan. Otasi Bahouddin Muhammad Xorazmshoh Alouddin Muhammadning Xurosondagi noibi bo’lgan, mo’g’ullar xuruji vaqtida Sulton Jaloluddin bilan birga ularga qarshi danglarda qatnashgan. Mo’g’ullar 1221 yili Nishopurni ishg’ol qilgach, Bahouddin Muhammad Tusga qochib bordi va uning mustahkam qal’alaridan biriga yashirindi. Lekin qal’a hokimi uni bandga olib mo’g’ul lashkarboshilaridan Qo’lbo’lotga topshirdi. Qo’lbo’lot asirning ma’lumotli va iste’dodli shaxs ekanligini anglab, uni tirik qoldirdi. Keyincha Bahouddin Muhammad mo’g’ullar xizmatiga qabul qilindi va tovafotiga (1258 y.) qadar Xurosondagi mo’g’ul hokimlari Chintemur, Kirko’z, Arg’un og’a huzurida sohib devonlik vazifasida turdi.

Bahouddin Muhammaddan ikki o’g’il qoldi. To’ng’ichi Shamsuddin Muhammad 1262-1283 yillari Erondagi mo’g’ul hukmdorlari Elxonlardan Halokuxon (1256-1265 yy.) hamda Abaqaxon (1265-1282 yy.)ning vaziri, sohib devon bo’lgan va mamlakatning idtimoiy-siyosiy hayotida katta rol o’ynagan.

Bahouddin Muhammadning kenda o’g’li Alouddin yoshligidan yaxshi o’qidi, arab, fors, keyinchalik mo’g’ul va uyg’ur tillarini mukammal o’rgandi, o’rta asr fanining bir talay sohalarini puxta egalladi. U yoshligidayoq mo’g’ul hukmdorlari xizmatiga qabul qilindi va Kirko’z hamda Arg’un og’aning devonida xizmat qildi. Alouddin Otamalik Juvayniy Arg’un og’a bilan uch marta 1246-1247, 1249-1251, 1252-1253 yillari Mo’g’ulustonga, Qoraqo’rumga bordi. U 1256 yilning boshlarida Halokuxonning buyrug’i bilan Ismoiliylar hukmdori Rukniddin Hurshoh huzuriga Maymanduz qal’asiga elchi bo’lib bordi va unga qarshilik ko’rsatmay taslim bo’lish haqidagi talabnomani topshirdi. Juvayniy Maymanduzni mo’g’ul qo’shinlari tomonidan ishg’ol qilish chog’ida Ismoiliylarning boy kutubxonasini talon-tarojdan saqlab qoldi.

Alouddin Otamalik Juvayniy 1259 yili Iroq va Xuzistonga hokim, malik qilib tayinlandi. O’shanda u Bag’dod va uning atrofidagi joylarni obod qildi. Tarixchi Vassofning (XIII asr oxiri-XIV asrning birinchi yarmi) ma’lumotlariga qaraganda, u katta mablag’, 10000 oltin dinor sarflab Frot daryosidan Kufa va Najafga suv olib kelgan. Juvayniy bu lavozimda 20 yildan ortiq turdi. 1271 yili raqiblari qozi sayyid Tojiddin Ali ibn Muhammad, “Kitob al-faxriy” asari muallifi Abu Ja’far Jaloluddinning otasi, boshchiligida unga qarshi zimdan kurash boshladilar. Oqibatda ular Juvayniyni mansabini suiiste’mol qilib, xazinani bir qismini o’zlashtirganlikda aybladilar. Juvayniy odam yollab qozi Tojuddin Alini o’ldirtirdi, lekin bu bilan muxoliflarining ta’qibidan qutulib qololmadi. O’sha yilning o’zida Abaqaxon Bag’dod devonini taftish qilish uchun odam yubordi. Taftish natijasida 250 tuman, bir tuman 10000 kumush dinorga teng, kamomad borligi aniqlandi. Juvayniy qamab qo’yildi va kamomad undirib olingandan keyin hibsdan ozod qilindi va o’z mansabiga tiklandi.

Oradan o’n yil o’tgach, 1281 yili, Tojuddin ismli bir shaxs uni yana xazinaga “qo’l cho’zishda” va yashirincha Misr bilan aloqa bog’laganlikda aybladi. Bag’dodning moliyaviy xo’jaligi yana taftish qilindi va 300 tuman kamomad borligi aniqlandi. Bag’dodning moliyaviy xo’jaligi yana taftish qilindi va 300 tuman kamomad borligi aniqlandi. Juvayniy yana hibsga olindi, lekin kamomadgi to’lashga so’z bergani uchun qamoqdan ozod qilindi. Lekin, butun yer-suv va qimmatbaho buyumlarni sotsa ham kamomadning faqat 170 tumanini qopladi, xalos. Juvayniy yana qamoqqa olindi, uni qiynoqqa soldilar, Bag’dod ko’chvlari bo’ylab yalangg’och qilib olib o’tdilar. Juvayniy To’qudar Ahmad davri(1282-1284 yy.)da og’asining yordamida hibsdan ozod etildi, musodara qilingan molu mulki qaytarib berildi. Lekin oradan ko’p o’tmay, shahzoda Arg’un Bag’dod devonini qaytadan taftish qilish va Juvayniyning mol-mulkini musodara qilishni buyurdi. O’sha vaqtda Juvayniy Ozarbayjonning Arronida edi. Bu xabar fojeaga olib keldi – 1283 yili Juvayniyning .ragi yorilib vafot etdi.

Alouddin Otamalik Juvayniy Mo’g’uliston, O’zbekiston hamda Eronning XIII asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixidan hikoya qiluvchi asari bilan shuhrat topti. Kitob 1260 yili yozib tamomlangan.

“Tarixi jahonkushoy” asari uch qismdan iborat: 1)mo’g’ullar, ularning Chingizxon davridagi istilochilik yurishlaridan to Guyukxon (1246-1249 yy.) davrigacha, shuningdek, Jo’jixon, Chig’atoyxon va avlodlari tarixi, 2)Xorazmshohlar va Xurosonning mo’g’ul hukmdorlari davridagi (1258-yilgacha) tarixi, 3) Eronning 1256-1258 yillardagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli, shuningdek, Ismoiliylarning diniy-harbiy uyushmasi va Ismoiliylar davlati (1090-1258 yy.) tarixi. Ismoiliylar tarixi Maymanduzdagi kutubxonada topilgan asarlar, xususan Ismoiliylarning ko’zga ko’ringan namoyandalaridan Hasan Sabohning (taxminan 1055-1124 yy.) hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Sarguzashti sayyidno” (“Sayidimizning sarguzashtlari”) nomli kitob asosida yozilgan.

O’rta Osiyo va O’zbekiston tarixi uchun “Tarixi jahonkushoy”ning I-II qismlari alohida qiymatga ega. Asarning Xorazm va Xorazmshohlar tarixiga oid qismi (II qism) bizgacha yetib kelmagan “Mashorib at-tajorib va g’avorib al-g’aroib” (“Imtihonni salqinlashtirish joyi va ajoyib narsalarning yuqori darajasi”), Faxriddin Roziyning (1210 yili vafot etgan) “Javome’ ul-ulum” (“Ilmlar majmuasi”) kitoblari asosida yozilgan. Movarounnahr va Sharqiy Turkiston tarixi, shuningdek, Mo’g’uliston haqidagi xabarlar asosan muallifning shu mamlakatlarga qilgan sayohatlari vaqtida to’plangan ma’lumotlar asosida yozilgan.

“Tarixi jahonkushoy”ning forsiycha matni Mirzo Muhammadxon Qazviniy tarafidan 1912, 1916 va 1937 yillari nashr etilgan. Asarning to’la inglizcha va turkcha-usmonlicha (1 jildi) tarjimalari bor.

Jome’ ut-tavorix” “Jome’ ut-tavorix” (“Tarixlar majmuasi”) asarining muallifi mashhur qomusiy olim, tarixchi, tilshunos, tabib va yirik davlat arbobi Rashiuddin Fazlulloh ibn Imoduddavla Abulxayr al-Xamadaniydir. Uning ota-bobolari ham o’z zamonining o’qimishli kishilaridan bo’lgandar. Masalan, bobosi dastlab yirik qomusiy olim Nosiruddin Tusiy (1201-1274 yy.) bilan birgalikda Alamut qal’asida26 Ismoiliylar xizmatida bo’lgan, so’ng mo’g’ullar tarafiga o’tib ketgan. Otasi Imoduddavla Abulxayr o’rta hol kishi bo’lib, Hamadonda tabibchilik bilan kun kechirgan, keyinchalik Elxlniylar saroyiga taklif qilinib, u yerda ham o’z kasbi bilan shug’ullangan.

Rashiduddin 1247 yili Hamadonda tug’ilgan. O’shligidan yaxshi o’qib, ota kasbidan tashqari, ko’pgina ilmlarni – ilohiyot, tabiiy fanlar, mumtoz adabiyot, tarix, geografiya va boshqa fanlarni puxta egallagan.

Rashiduddin Elxon Abaqaxon (1265-1282 yy.) davrida uning shaxsiy tabibi bo’lib xizmat qilgan, keyincha Ғozonxon (1295-1304 yy.) va O’ljoytuxon (1304-1317 yy.)lar vaziri bo’lgan. Ushbu xonlarning homiyligi, ayniqsa o’zining tadbirkorligi orqasida, davlatning moliyaviy muassasasi tamoman uning qo’lida edi, Rashiduddin vazirlik yillari (1298-1317 yy.) o’z davrining eng badavlat va nufuzli kishilaridan biriga aylandi. Halokuiylar davlatining turli viloyatlarida uning 80 000 gektar hosildor yer-suvi, bog’lari, o’nlab hammomlari, karvonsaroylari, hunarmandchilik va savdo do’konlari, yaylovlarda esa 250 000 qo’yi, 30 000 yilqisi, 10 000 tuyasi bo’lgan. Rashiduddinning shaxsiy boyligi, tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, 35 000 000 dinorga teng bo’lgan. Uning ko’p sonli o’g’illari, 16 nafar Bag’dod, Rum, Gurjiston, Ardabil, Isfahon, Fors, Xuziston, Kirmon va Domg’on vilochtlarining hokimi edilar.

Rashiduddin feodal tarqoqlik va ayirmachilik tarafdori bo’lgan ko’chmanchi turk-mo’g’ul katta yer egalaridan farqli o’laroq, o’troqlik hamda markaziy davlat muassasini mustahkamlash tarafdori edi. Uning Ғozonxon davrida o’tkazgan ma’muriy va moliyaviy islohotlari shunga qaratilgandi. Oxiri Rashiduddin elxoniylar saroyida hukm surgan fitna qurboni bo’ldi. Endigina taxtga o’tqazilgan Abu Sa’idxon (1317-1335 yy.) Rashiduddinni saroydan chetlashtirdi. Oradan bir yil o’tgach, u O’ljoytuxonni zaharlab o’ldirishda ayblanib, 1318 yilning 18 iyulida qatl etildi, barcha mol-mulki musodara qilindi. O’shanda uning Tabrizdagi 600 000 jild kitobga ega boy kutubxonasi ham talon-taroj qilindi.

Rashiduddin tarixda o’zining yirik asarlari bilan ham nom qoldirdi. Ilohiyot ilmining ayrim masalalariga bag’ishlangan “Al-majmuot ar-Rashidiya” (“Rashiduddinning majmualari”), tabiyotga oid “Al-osor va-l-ihya”(“Tirik narsalarning qoldiqlari”), “Bayon al-haqoiq” (“Haqiqatlar bayoni”), qurilish masalalariga bag’ishlangan “Asila va ajiba”(“Ajib va asil narsalar”) va nihoyat, jahon tarixini o’x ichiga olgan “Jome ut-tavorix” uning qalamiga mansub asarlar jumlasidandir.

Olimning bizning zamonamizgacha to’la yetib kelgan birdan-bir asari ana shu “Jome ut-tavorix” bo’lib, u o’rta asr tarixnavisligining o’ziga xos noyob asari hisoblanadi. Bu kitob o’rta asr Sharq tarixchiligida yangi an’anani boshlab bergan asar. Unda umumiy tarix sifatida musulmon mamlakatlari tarixi bilan birga, Ғarb mamlakatlari, Xitoy hamda Hindiston tarixini ham yoritishga intilgan, Sharq mamlakatlari tarixini umum jahon tarixining bir qismi, deb hisoblangan.

“Jome ut-tavorix” asari 1301-1311 yillari orasida Ғozonxonning topshirig’i bilan yozilgan. Asar uch qismdan iborat: 1) mo’g’ullar va ular asos solgan davlatlar Ulug’ yurt ya’ni Mo’g’uliston, Elxoniylar davlati hamda mo’g’ullar asoratiga tushib qolgan mamlakatlar, Shimoliy Xitoy, Urta Osiyo va Yaqin hamda O’rta Sharq mamlakatlari xalqlarining mo’g’ul istolchisigacha bo’lgan qisqacha tarixi; 2) Sharq mamlakatlari xalqlarining islomiyotdan avvalgi tarixi, Arab xalifaligi va uning tarkibida tashkil topgan Ғaznaviylar imperiyasi, Saljuqiylar davlati, Xorazmshohlar davlati tarixi; Xitoy, qadimgi yahudiylar, franklar, Rim imperiyasi va Hindiston tarixi; 3) Yer kurrasi hamda yetti iqlim mamlakatlarining geografik holati. Afsuski, asarning so’nggi, uchinchi qismi saqlanmagan. Qo’lyozma 1318 yili Rashiduddinning shaxsiy kutubxonasi talon-taroj qilingan vaqtlarda yo’qolgan bo’lishi mumkin.

Mazkur asar, ayniqsa uning turk va mo’g’ul xalqlarining Chingizxonga qadar kechgan tarixi Mahmud Koshg’ariy va Alouddin Otamalik Juvayniy asarlari, Elxoniylar kutubxonasida saqlanayotgan “Oltin daftar”, Chingizxon va uning ota-bobolari tarixi, shuningdek, turk-mo’g’ul xalqlari tarixi va irvoyatlarini yaxshi bilgan kishilar, Po’lod, Chjen-syan, Ғozonxon va boshqalarning og’zaki axborotlari, Ғarb mamlakatlari, Xitoy va Hindiston xalqlari tarixiga oid qismlari o’sha vaqtlarda Eronga kelib qolgan frantsiyalik ikki katolik rohib, ikki xitoylik olim va kashmirlik rohibning ishtirokida yozilgan. To’plangan ma’lumotlarni tartibga solish ishlarini muallifning yordamchilari Abdulla Koshoniy hamda Ahmad Buxoriylar bajarganlar.

“Jome ut-tavorix” asarining ayniqsa turk-mo’g’ul xalqlari tarixini o’z ichiga olgan qismi Markaziy Osiyo xalqlari tarixini o’rganishda katta ahamiyatga ega. Kitobning O’rta Osiyo, Eron va Kavkaz orti xalqlarining XIII asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid qismlari ham benihoyatda qimmatlidir.

Asarning ayrim qismlari Katrmer (1836 y.), E.Bloshe (1911 y.), K.Yan (1941 y.), I.N.Berezin (1858-1888 yy.) tarafidan rus, frantsuz hamda nemis tillariga tarjima qilingan va forscha matni, so’z boshi bilan chop qilingan. Uning o’zbek tiliga qilingan ikkita tarjimasi bor. Ulardan biri Shayboniylardan Ko’chkinchixonning (1510-1530 yy.) topshirig’i bilan Muhammad Ali ibn Darvish Ali Buxoriy tomonidan qilingan va muqaddima va uch jilddan iborat. Bu tarjimaning noyob qo’lyozmasi O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida 2 tartib raqami ostida saqlanmoqda. Ikkinchi tarjima esa 1556 yili Niso shahrida Solur bob ibn Qul Ali tarafidan Urganch hokimi Ali Sultonning (1572 yili vafot etgan) buyrug’i bilan bajarilgan bo’lib, uning qo’lyozma nusxasi Ashgabadda Turkmaniston Fanlar Akademiyasining Til va adabiyot institutida saqlanadi.

“Jome ut-tavorix” asarining to’la ruscha tarjimasi 7 nafar mo’‘tabar qo’lyozmalar asosida 1946-1960 yillari Sankt-Peterburgda amalga oshirilgan.

Tarixi guzida”

“Tarixi guzida” (“Saylangan tarix”) asari muallifi Hamdulloh Qazviniy bo’lib, u XIII asr so’nggi choragi va XIV asrning birinchi yarmida yashab o’tgan yirik geograf va tarixshunos olimdir. Uning to’la ismi Hamdulloh ibn Abubakr ibn Ahmad ibn Nasr Mustavfiy Qazviniy bo’lib, kelib chiqishi bo’yicha arab va 1281 yili Eron Ozarbayjonining Qazvin shahrida tug’ilgan.

Hamdulloh Qazviniy Rashiduddin davrida Qazvin, Abhar va Zanjon viloyatlarining moliya ishlarini boshqargan. Rashiduddin qatl etilgandan so’ng, uning o’g’li Ғiyosuddin Muhammad (1327-1336 yillari Elxoniy Abu Sa’idning vaziri bo’lgan)ning xizmatida bo’lgan. Tarixchi 1350 yili vafot etgan.

Hamdulloh Qazviniy “Zafarnoma”, “Tarixi guzida” hamda “Nuzhat ul-qulub” nomli asarlar muallifidir.

“Tarixi guzida” umumiy tarix yo’nalishida yozilgan asar bo’lib, unda qadim zamonlardan to 1330 yilgacha Eron va qisman, Urta Osiyoda bo’lib o’tgan voqealar bayon etilgan. Hamdulloh Qazviniy vafotidan keyin o’g’li Zaynuddin tomonidan asar davom ettirilgan va unga 1392 yilgacha Eronda bo’lib o’tgan voqealar qo’shilgan. Kitobning asosiy qismi xoji Ғiyosuddin Muhammadga bag’ishlangan. Asar muqaddima-fotiha va olti bobdan iborat: 1) payg’ambarlar va avliyolar; 2) islomiyatdan avval o’tgan Eron podshohlari; 3) Muhammad payg’ambar, xaoifayi Roshidin, Umaviylar va Abbosiylar tarixi; 4) Abbosiylar davrida Eron, Afg’oniston va O’rta Osiyoda hukmronlik qilgan Safforiylar, Somoniylar, Ғaznaviylar, Ғuriylar, Daylamiylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, mo’g’ullar va boshqa sulolalar tarixi; 5) islomiyat davrida o’tgan shayxlar, olimlar va shoirlar; 6) Qazvin shahrining tarixi.

“Tarixi guzida” Eron, O’rta Osiyo hamda O’zbekistonning XIII-XIV asrning birinchi yarmidagi tarixini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kitob 1910 yili ingliz sharqshunosi E.Braun tarfidan matn va qisqartirilgan inglizcha tarjimasini hamda 1960 yili Abdulhusayn Navoiy asar matnini nashr qilgan.

Ravzat uli-l-albob”

“Ravzat uli-l-albob” yoki “Ravzat uli-l-albob fi tavorihal-akobir va-l-ansob” (“Akobir va asil (kishilar) tarixi xususida oqillar bog’i”) nomli asarning ijodkori Faxruddin Abu Sulaymon Dovud ibn Abulfazl Muhammad Banokatiy (1330 yili vafot etgan) bo’lib, u XIII asrning II- yarmi va XIV asr I- yarmining birinchi choragida o’tgan shoir va yirik tarixchi olimdir. U ko’proq Banokatiy nomi bilan mashhur.

Banokat eski Toshkent shahar nomlaridan biri bo’lib, u Iloq, ya’ni Ohangaron daryosining Sirdaryo bilan qo’shilish joyi yaqinida joylashgan qadimiy shahar, 1392 yilidan boshlab Shohruhiya nomi bilan atalgan. Tarixchi mana shu shaharda tug’ilgan. Elxon Ғozonxon hamda O’ljoytuxon saroyida xizmat qilgan va 1301 yili malik ush-shuaro (shoirlar podshohi) unvoniga sazovor bo’lgan.

Lekin Banokatiy ko’proq tarixchi olim sifatida va jahon tarixini o’z ichiga olgan “Ravzat uli-l-albob” nomli asari bilan mashhur bo’ldi. Asar 1317 yili yozib tamomlangan va muqaddima hamda to’qqiz qismdan iborat: 1) Odam Atodan to Muso payg’ambargacha o’tgan davrda yashagan patriarx va payg’ambardar; 2) qadimiy Eron podshohlari; 3) Muhammad payg’ambar, xalifayi Roshidin, imomlar, Umaviya va Abbosiya xalifalari davri; 4) Abbosiylar bilan hamasr bo’lgan Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, Xorazmshohlar va boshqa sulolalar; 5) yahuliylarning payg’ambarlari va podshohlari; 6) xristianlar va franklar tarixi, xristianlarning dini va e’tiqodi, Armaniston va frank mamlakatlarining geografik holati; 7) Hindiston tarixi, hindlarning dini va e’tiqodi; 8) Xitoy tarixi va uning geografik holati, xitoylarning dini va urf odatlari; 9) mo’g’ullarning tarixi va ularning istilochilik yurishlari.

“Ravzat uli-l-albob” asari Rashiduddinning “Jome ut-tavorix” asari asosida yozilgan bo’lib, uning qisqartirilgan tahriri deb aytish hpm mumkin. Lekin Banokatiy asarida Rashiduddin kitobida uchramaydigan ma’lumotlar ham bor. Masalan, yetti iqlim mamlakatlarining tavsifi, Eronning 1310-1317 yillar orasidagi tarixi shular jumlasidandir.

Xullas, Banokatiyning mazkur asari O’rta Osiyo va O’zbekistonning XIII-XIV asrning birinchi choragidagi tarixi, geografik holati va aholisining turmishini o’rganishda muhim manbalardan hisobanadi.

“Ravzat uli-l-albob” XVII asrdan buyon ilmiy jamoatchilikning diqqat-e’tiborini o’ziga tortib kelmoqda. Uning ayrim qismlari lotin, turk, ingliz hamda frantsuz tillariga tarjima qilinib chop etilgan.

Asarning qo’lyozma nusxalari Toshkent, Sankt-Peterburg, Qozon, Dushanbe va xorijiy mamlakatlar kutubxonalarida mavjud. Kitobdan Alisher Navoiy o’zining tarixiy asarlarini yaratishda foydalangan.


Yüklə 0,99 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   106   107   108   109   110   111   112   113   ...   144




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə