Tarix” kafedrasi “manbashunoslik va tarixshunoslik”


Shomiyning “Zafarnoma” asari



Yüklə 0,99 Mb.
səhifə111/144
tarix17.04.2022
ölçüsü0,99 Mb.
#85561
növüReferat
1   ...   107   108   109   110   111   112   113   114   ...   144
Tarix” kafedrasi “manbashunoslik va tarixshunoslik”

Shomiyning “Zafarnoma” asari

Mavlono Nizomuddin Shomiy yoki mavlono Nizomuddin Shanbiy, Shanbi Ғozoniy asli Tabrizning shimoli-g’arbiy tarafida, undan ikki mil masofada joylashgan joyda tug’ilgan tarixchi “Zafarnoma” asari bilan mashhur bo’lgan. U 1393 yili Amir Temur xizmatiga qabul qilingan, 1404 yilgacha u bilan bo’lib, sohibqironning harbiy yurishlarida voqeanavis va voiz mansabida ishtirok qilgan.

1402 yili Amir Temur unga o’zining tarixini aniq va sodda tilda yozib berishni buyurgan. Nizomuddin Shomiy bu asarni 1402-1404 yillar orasida yozib tamomlagan. Asar jahongirning hokimiyat tepasiga kelishi (1370 yil.)dan to 1404 yilgacha bo’lgan voqealarni o’z ichiga oladi. “Zafarnoma” asari haqiqatan ham sodda tilda, ravon uslubda yozilgan, daliliy ma’lumotlarga boy. Lekin Amir Temur hayoti mazkur asarda birmuncha, Sharafuddin Aliga nisbatan kam, idealashtirilgan.

Asar O’zbekiston, Qozog’iston, Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarining XIV asr II- yarmi va XV asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’rganishda muhim va ishonchli manbalardan biri hisoblanadi.

Nizomuddin Shomiy o’z asarini yozishda Ғiyosidin Ali Yazdiyning “Ro’znomayi g’azavoti Hinduston”, Amir Temurning uyg’ur kotiblari tomonidan yaratilgan “Tarixi xoniy” va boshqa saroyda bitilgan kundaliklardan foydalangan.

“Zafarnoma”yi Nizomuddin Shomiyning ikkita tarhriri mavjud: 1) 1404 yili Amir Temur Ozarbayjon yurishidan qaytganda unga taqdim etilgan nusxa. 2) Mironshohning o’g’li Mirzo Umarga (1404 yid 26 martda Amir Temur “Halokuxon taxti”ni , ya’ni Ғarbiy Eron hamda Ozarbayjonni in’om qilgan) paytida taqdim qilingan. U yuqorida qayd etib o’tilgan birinchi nusxadan deyarli farq qilmaydi. Asar “Zafarnoma” deb ataladi. Unga ayrim uslubiy tuzatishlar kiritilgan va debocha hamda Mirzo Umarga bag’ishlangan kichik bir ilova (zayl) qo’shilgan. Shunga qaraganda, Nizomuddin Shomiy umrining so’nggi yillarini Mirzo Umar xizmatida bo’lgan va ona yurti Tabrizda istiqomat qilgan.

“Zafarnoma”ning qo’lyozma nusxalari Armaniston, Angliya, Frantsiya, Iroq va Turkiya kutubxlnalarida saqlanmoqda. Asarning tanqidiy matni F.Tauer tomonidan 1937 va 1956 yillari Pragada chop etildi.

1996 yili Nizomuddin Shomiy “Zafarnoma” asarini Yu. Hakimjonov tomonidan amalga oshirilgan forscha tarjimasi A.O’rinboev tomonidan tahrir qilinib nashr etildi.

Muntahab ut-tavorixi Mu’iniy”

“Muntahab ut-tavorixi Mu’iniy” nomli Temuriylar davriga oid asar muallifi Mu’niddin Natanziydir. U Isfahon shahriga qarashli, undan qariyb yigirma farsah masofada joylashgan Natanz shahrida tug’ilgan. Ch.A.Storining ma’lumotiga qaraganda asli seistonlik bo’lgan27. Fors viloyatining hokimi Temuriy Iskandar Mirzo (Amir Temurning nabirasi, Umarshayxning o’g’li, 1415 yili inisi Boyqaro Mirzo tomonidan o’ldirilgan) saroyida xizmat qilgan. Davlatshoh Samarqandiyning so’zlariga qaraganda, “Mu’iniddin Natanziy Sulton Iskandar davrida Iroqi Ajam va Forsda shuhrat topgan olimlar va shoirlar jumlasidagn bo’lib..., ilmda o’z zamonasining yetakchisi edi va Mirzo Iskandarning maqoma va holati hamda tarixini yozgan”28.

Mu’niddin Natanziy qalamiga mansub bo’lgan va bizning zamonamizgacha yetib kelgan bu asarning aniq nomi ma’lum emas. U ilmiy jamoatchilik orasida “Anonim Iskandera” nomi bilan mashhur. Asar 1413 yili yozib tamomlangan. Uning ikkinchi tahriri ham bo’lib, “Muntaxab ut-tavorixi Mu’iniy” (“Mu’niniyning saylangan tarixi”) deb ataladi va Temurning o’g’li Shohruh Mirzoga bag’ishlanadi.

“Muntaxab ut-tavorix” umumiy tarix tipida yozilgan asar bo’lib, olamning yaratilishidan to Amir Temur vafotigacha, 1405 yil 18 fevralgacha musulmon mamlakatlarida yuz bergan voqealar haqida baxs yuritadi. asar muqaddima va uch bobdan iborat.

Muqaddima diniy mazmunda bo’lib, unda olamning yaratilishi, Odam Ato va uning farzandlari, Nuh payg’ambar va uning avlodi haqida umumiy gap boradi.

Birinchi bobda qadimiy Eron va Yunoniston podshohlari, Rim va Vizantiya imperatorlari, Rim papalari, qadimiy arab hamda Efiopiya podshohlarining qisqacha tarixi bayon etilgan.

Ikkinchi bobda Muhammad payg’ambar va uning avlodi, xalifayi Roshidin, Umaviya va Abbosiya xalifalari, Arabiston hamda Misrda podshohlik qilgan Ali va Fotima avlodi, shuningdek, Abbosiylar bilan zamondosh bo’lgan Eron va Movarounnahr hukmdorlari tarixi talqin etilgan.

Asarning noyob va qimmatli qismi uning uchinchi bobi hisoblanadi. U turk-mo’g’ul qabilalari va ularning kelib chiqishi, Chingizxon va uning avlodi, Shimoliy Xitoyda ukmronlik qilgan mo’g’ul xonlari, Chig’atoy ulusi hukmdorlari, Elxoniylar, Jaloiriylar, Cho’poniylar, Muzaffariylar, Oq O’rda xonlari, 1346-1370 yillar orasida Movarounnahrda hukmronlik qilgan amirlartarixini o’z ichiga oladi.

Asarning uchinchi qismini yozishda muallif Tabariy, Juvayniy, Rashiduddin hamda turkiy tilda yozilgan ”Tarixi xoniy” kabi asarlardan keng foydalangan.

“Muntaxab ut-tavorixi Mu’iniy” asarining matni 1957 yili Eronda Jak Oben tarafidan chop etilgan. Uning ko’lyozma nusxalari Sankt-Peterburg, Angliya, Frantsiya va Eron kutubxonalarida mavjud. Bu asar to’g’risida va undagi ayrim lavhalar Ғ.Karimov tomonidan “Amir Temur va Ulug’bek zamondoshlari xotirasida”(T.: 1996) va “Temuriylar bunyodkorligi davr manbalari”(T.: 1997) nomli to’plamlarda chop etgan.

Majmu at-tavorix”

“Majmu at-tavorix” yoki “Zubdat ut-tavorix” nomli asar muallifi Hofizi Abru nomi bilan mashhur bo’lgan yirik geograf va tarixchi olimdir. Uning haqiqiy ismi Shahobuddin Abdulloh ibn Lutfulloh ibn Abdurashid al-Havofiydir. Abdurazzoq Samarqandiyning so’zlariga qaraganda Hofizi Abru Hirot hududidagi Havofda tug’ilgan, Hamadonda tahsil ko’rgan va 1430 yilda Zanjonda vafot etgan. Boshqa tarixiy manbalarning ma’lumotlariga va uning so’zlariga qaraganda, Hofizi Abru Amir Temur va Shohruh saroyida istiqomat qilgan va har ikkala hukmdor bilan yaqindan munosabatda bo’lgan. Agar u Amir Temur bilan faqat saroydagina yaqin suhbatdosh bo’lgan bo’lsa, Shohruh bilan uning yurishlarida birga bo’lgan.

Hofizi Abru Shohruhning topshirig’i bilan ikkita yirik asar yozgan.

Bulardan biri tarixiy-geografik mazmunda bo’lib, 1414-1420 yillar orasida yozilgan. U X asrda arab tilida bitilgan nomaxlum bir kitob asosida yozilgan. Yu.Ye.Borщevskiyning so’zlariga qaraganda, bu “Kitob al-masolik va-l-mamolik” deb atalib, Hasan ibn Ahmad Muhallabiyning qalamiga mansub bo’lgan. Shohruh Mirzo 1414 yili Hofizi Abruga mazkur asarni fors tiliga tarjima qilish va boshqa manbalar asosida qayta ishlashni topshirgan. Demak, bu asar shunchaki kompilyatsiya va tarjima bo’lib qolmay, balki yangi dalillar bilan boyitilgan, diqqatga sazovor asardir. Shuni aytish kifoyaki, unda har bir viloyatning geografik holatini tavsiflashdan tashqari, uning qisqacha siyosiy tarixi ham bayon qilingan. Biz uchun asarda Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyilishi haqidagi, shuningdek, Movarounnahr va uning yirik shaharlari Buxoro, Samarqand, Nasaf, Kesh, Termiz, Xo’jand va boshqalar haqida keltirilgan ma’lumotlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Asarning yaxshi qo’lyozma nusxalari Angliya va Rossiyada, Sankt-Peterburg shahrida saqlanmoqda.

Hofizi Abru Shohruhning ko’rsatmasi bilan o’zidan avval o’tgan mazkur tarixchilar Tabariy, Rashiduddin hamda Nizomuddin Shomiy asarlariga qo’shimchalar (zayl) ham yozgan. 1412-1418 yillar orasida yozilgan bu qo’shimchalar “Majmua-yi Hofizi Abru” deb ataladi.

Tabariy asarining Bal’amiy tahririga qilingan qo’shimcha xalifa Muqtadir (908-932 yy.) zamonidan to Mo’‘tasim (1242-1258 yy.) davrigacha xalifalikka kirgan mamlakatlarda bo’lib o’tgan voqealarni o’z ichiga oladi.

Rashiduddinning “Jome ut-tavorix”iga qilingan qo’shimchaga Kurtlar (Kartlar) sulolasidan chiqqan podshohlar, Tug’a Temur, Amir Vali ibn Shayx Ali Hindu, sarbadorlar hamda Amir Arg’unshoh tarizi, ya’ni Eronda 1306-1393 yillar orsida bo’lib o’tgan voqealar kiritilgan.

Nizomuddin Shomiyning “Zafarnoma”siga qilingan ilovada esa Amir Temur hukmronligining so’nggi davri va Shohruh tarixi 1416 yilga qadar bayon etiladi.

“Majmua”ning ayrim qismlari matni va tarjimasini Xonbobo Bayoniy 1938 yilda, F.Tauer 1959 yili va K.M.Maitra 1934 yili nashr ettirganlar.

Hofizi Abruning asosiy katta tarixiy asari “Majmu at-tavorix” bo’lib, uni muarrix Shohruhning o’g’li Boysung’ur Mirzo (1433 yili vafot etgan)ning topshirig’i bilan 1423-1425 yillari yozilgan. Mazkur asar to’rt qismga bo’lingan: 1) islomiyatdan avval o’tgan payg’ambarlar va Eron podshohlari; 2) Muhammad payg’ambar va arab xalifalari (al-Muhtasimgacha); 3) Eronning Saljuqiylar hamda mo’g’ullar davridagi (Elxon Abu Said davrigacha) tarixi; 4) “Zubdat ut-tavorixi Boysunquriy”.

Asarning so’nggi, to’rtinchi qismi asli va mustaqil ahamiyatga ega bo’lib, unda Amir Temur tarixi, qayta ishlangan va birmuncha to’latilgan hamda Xuroson, qisman Movarounnahrning 1427 yilgacha bo’lgan ijtimoiy-siyosiy ahvoli bayon etilgan.

“Majmu at-tavorix” asarining qo’lyozmalari Toshkent hamda xorijiy mamlakatlar Turkiya, Olmoniya, Angliya, Frantsiya, Eron va boshqa mamlakatlari kutubxonalarida saqlanmoqda.

Tarixnoma”

“Tarixnoma” yoki “Zayli Zafarnoma” (“Zafarnoma”ga qo’shimcha”) deb ataladigan muhim tarixiy asar muallifi Xoja Tojuddin as-Salmoniydir. U yetuk xattot bo’lib Muzaffariylar29 saroyida, devoni inshoda xizmat qilgan. Amir Temur Sherozni egallab, Muzaffariylar sulolasi barham topgandan keyin 1393 yili boshqa ilm ahli bilan Samarqandga olib kelingan va saroy xizmatiga tayinlangan. 1409 yili mart oyida amirlar isyoni bartaraf etilgach, oliy hokimiyat Shohruh Mirzo Xoja Tojuddin as-Salmoniy uning amri bilan Hirotga olib ketiladi va oliy hukmdorning topshirig’i bilan o’zining mazkur asarini yozishga kirishadi. Lekin uni tamomlay olmaydi. Lradan ko’p vaqt o’tmay saroyda vazir Faxruddinga qarshi uyushtirilgan fitnada qatnashganlikda ayblanib qamalib qoladi va jazoga tortiladi.

Xoja Tojuddin as-Salmoniy mazkur asarida Amir Temurning so’nggi yillari va Shohruh Mirzoning tarixini yozishni niyat qilgan edi. Lekin, taqdir taqazosibilan maqsadiga erisha olmaydi. Faqat 1404-1409 yillar tarixini yozib bitirishga ulguradi, xalos. Asarda 1404 yilda Xitoyga yurish oldidan Konigilda o’tgan katta tantanalar, shahzodalar Ulug’bek, Ibrohim Sulton, Ijil Mirzo, Sidi Ahmad, Pirmuhammad va Mirzo Boyqarolarning nikoh to’ylari, Xitoyga yurishning boshlanishi, hazrat sohibqironning 18 fevral 1405 yilgi vafotidan keyingi og’ir ahvol, Xalil Sultonning noqonuniy yo’l oliy hokimiyatni egallab olish voqealari batafsil bayon etiladi. Voqealar tafsiloti 1408 yil mart oyida Xalil Sultonning amir Xuloydod boshliq bir guruh fitnachi amirlar tarafidan asir olinishi haqidagi hikoya bilan tugaydi.

Xoja Tojuddin as-Salmoniyning “Tarixnoma” asari bizning zamonimizgacha uch nusxada yetib kelgan. Ulardan biri suqutli va shu kunlarda Angliyaning muzeyida (Inv.№ 159) saqlanmoqda. Yana ikkitasi Turkiyada, Istanbuldagi Sulaymon Fotih (Inv.№ 4305) va Lala Ismoil afandi kutubxonalarida (Inv.№ 304) saqlanadi. Birinchi nusxa suqutli, ikkinchisi to’la.

Asar G.R.Ryomer tarafidan nemis tiliga 1956 yili, Ismoil aka tarafidan 1988 yili turk tiliga va Z.M.Buniyatov tomonidan 1991 yili rus tiliga erkin tarjima qilingan.

Zafarnomayi Temuriy”

“Zafarnomayi Temuriy”, “Fathnomayi sohibqironiy”, “Tarixi jahonkushoyi Temuriy” yoki “Zafarnoma” nomi bilan mashhur bo’lgan asarni o’z davrining yirik tarixchisi Sharafuddin Ali Yazdiydir. U asli Eronning Yazd viloyatidagi Taft qishlog’idan bo’lib, turli fan sohalarini egallangan edi. Shuning uchun ham Alisher Navoiy uni “Sharaf davla va din”, ya’ni din va davlat sharafi deb ta’riflagan.

Sharafuddin Ali Yazdiy Fors viloyatining hokimi Temuriy Ibrohim Sulton (1415-1435 yy.) saroyida xizmat qilgan. U ilm-fan homiysi bo’lmish mazkur shahzodaniina emas, balki Shohruhning ham zo’r hurmat-e’tiborini qozongan edi.

Sharafuddin Ali Yazdiy 1442 yili Shohruhning nabirasi va Sultoniya, Qazvin, Ray hamda Qum hokimi Sulton Muhammad (1442-1446 yy.)ning taklifi bilan Qumga keldi va shahzodaning xizmatiga kirdi. Sulton Muhammad 1446 yili Shohruhning og’ir kasalligidan foydalanib, isyon ko’tardi, Hamadon hamda Isfahonni bosib oldi, Sherozni qamal qildi. Shohruh unga qarshi qo’shin tortti. Culton Muhammad Shohruh bilan ochiq jang qilishdan qo’rqib toqqa qochdi30. Shohruh Sulton Muhammad bilan yaqin bo’lgan kishilarni, shuningdek, mahalliy sayyidlardan birmunchasini isyonda ishtirok etishda ayblab hibsga oldi va ko’plarini o’limga mahkum qildi. O’shanda hibsga olinganlar orasida Sharafuddin Ali Yazdiy ham bor edi. Faqat Mirzo Abdullatifning (Ulug’bekning to’ng’ich o’g’li) aralashuvi bilan Sharafuddin Ali Yazdiy jazodan qutulib qoldi. Shahzoda uni Samarqandga, otasi huzuriga jo’eatib yubordi. Sharafuddin Ali Yazdiy Samarqandda bir yil chamasi istiqomat qildi va fikrimizcha, Ulug’bekning ilmiy izlanishlarida ishtirok etgan bo’lishi kerak. Shohruh vafotidan (1447 y.) keyin 1449 yilda Sharafuddin Ali Yazdiy Xurosonga qaytdi va Sulton Muhammadning ruxsati bilan yana o’z vatani Taftga qaytib bordi va umrining oxirgi qismini uzlatda kechirdi. Sharafuddin Ali Yazdiy 1454 yili vafot etdi.

“Zafarnoma” asosan Nizomuddin Shomiyning shunday nomli asari asosida zo’r badiiy mahorat bilan yozilgan. Lekin Sharafuddin Ali Yazdiy Nizomuddin Shomiy asarida bayon etilgan voqealarning ba’zilariga yangi tarixiy manbalar asosida aniqliklar kiritdi, uni yangi isbot va dalillar bilan boyitdi. Amir Temurning shaxsiyati va uning faoliyatidagi qarama-qarshiliklar, ya’ni bir tomondan qattiqqo’l ekanligi, ikkinchi tomonlan esa Movarounnahrdagi tarqoqlikka barham berib, markazlashgan davlatga asos solganligi birmuncha to’g’ri va haqqoniy yoritilgan.

Sharafuddin Ali Yazdiy asarining zo’r qimmati shundaki, unda Mo’g’ul imperiyasining tarkibida tashkil topgan Oltin O’rda, Elxoniylar davlati, Chig’atoy ulusi, shuningdek Movarounnahrning Chingizxon zamonidan to Temur davlatining paydo bo’lishigacha bo’lgan ijtimoiy-siyosiy tarixi qisqa tarzda yoritib yuerilgan. Asarning bu qismi “Tarixi jahongir”, yoki “Muqaddimayi Zafarnoma” nomi bilan ataladi va 1419 yili yozib tamomlangan.

“Zafarnoma” asarining asosiy qismi, muallifning dastlabki redalariga ko’ra, uch qism – maqoladan iborat bo’lmog’i, birinchi qismda Amir Temur tarixi, ikkinchi qismda Shohruh Mirzo va nihoyat, uchinchi qismda ushbu asar yozishning tashabbuskori Ibrohim Sultonning davrida o’tgan voqealar bayon etilishi mo’ljallangan edi. Lekin, biz hozir asarning birinchi qismigagina egamix, xalos. Uning ikkinchi va uchinchi qismlari saqlanmagan. Ehtimol, ikkinchi va uchinchi qismlari yozilmay qolgan bo’lsa kerak. “Zafarnoma” asarining asosiy qismi 1425 yili yozib tamomlangan.

Asarning qo’lyozma nusxalari ko’p, xorijiy mamlakat kutubxonalari, xususan Toshkentda O’zR FA Sharqshunoslik institutida uning yigirma to’rt nusxasi bo’lib, ularning ikkitasiga (Inv. № 3440 va № 4472) XV va XVII asrlarda rasmlar ishlangan. “Zafarnoma” asari matni Hindiston (1885-1888 yy.), Eron (1957 y.) va 1972 yili A.O’.O’rinboev tomonidan Toshkentda chop qilingan. Asar ikki marta o’zbek tiliga, ingliz, frantsuz va turk tillariga tarjima qilingan. Undan ayrim parchalar ingliz hamda rus tillarida bosilgan.

“Zafarnoma” asarining muqaddimasi terma tarjimasi va 10 yilgi Movarounnahr voqealari bayoni O.Bo’riev tomonidan tarjima qilinib, 1996 yili nashr qilindi. Kitob O’zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixini o’rganishdagi ilmiy ahamiyati juda katta. Keyincha yaratilgan tarixiy asarlarga bu kitobning ta’siri yaqqol seziladi.

Ulusi arba’-yi Chingiziy”

“Ulusi arba’-yi Chingiziy” (“Chingiziylar to’rt ulusi” (tarixi) yoki “Tarixi arba’ ulus” (“To’rt ulus tarixi”) nomli asar asosiy mualliflaridan biri, uning yaratilish tashabbuskori XU asrda o’tgan buyuk olim, yirik davlat arbobi, Shohruh Mirzoning o’g’li Muhammad Tarag’ay Mirzo Ulug’bekdir. U 1394 yil 22 martida Amir Temurning Iroq va Ozarbayjonga qilgan navbatdagi besh yillik harbiy yurishi vaqtida Sultoniya shahrida, Eron Ozarbayjonida tug’ilgan. Amir Temur saroyida hukm surgan an’anaga ko’ra, shahzoda sohibqironning katta xotini Saroymulk xonim, Bibi xonimning tarbiyasiga topshiriladi. Oradan bir yil chamasi vaqt o’tgach, 1395 yili Amir Temur Saroymulk xonim va nabirasini Shohruhga qo’gib Samarqandga jo’natadi.

1398 yili Ulug’bekka mashhur qissaxon, shoir va olim, shayx Orif Ozariy (1382-1462 yy.) muallif etib tayinlandi va u dastlabki asosiy ta’limni ana shu ajoyib shaxsdan oldi. Shahzoda Amir Temurning bar qator harbiy harakatlarida, 1399-1404 yillari Turkiya va Suriyaga qarshi o’tkazilgan yurishda, 1404-1405 yili Xitoyga qarshi uyushtirilayotgan yurishda qatnashdi.

Amir Temur 1405 yil 18 fevralda vafot etgach, Movarounnahr taxtini nabirasi Xalil Sulton zo’rlik bilan egallab oldi. Bu vaqtda Ulug’bek otasi Shohruh xizmatida bo’ldi. 1409 yili Xalil Sulton o’z amirlari tomonidan asir olingach, Shohruh Xurosondan Movarunnahrga kelib, Mirzo Ulug’bekni Movarounnahr va Turkiston hokimi etib tayinlandi. U 1449 yil 25 oktyabrigacha bu mamlakatni boshqardi.

Mirzo Ulug’bek yirik davlat arbobi, sarkarda edi. Lekin u buyuk olim va ilm-fan hamda madaniyat homiysi sifatida tengi yo’q edi. Samarqand uning davrida Sharqning yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan biriga aylandi.

Mirzo Ulug’bek ikki yirik asar yaratdi. Biri “Ziji jadidi ko’ragoniy” (“Ko’ragoniyning yangi astronomik jadvali”) bo’lib, 1437 yili yaratilgan kitobda ilmi nujumning nazariy va amaliy masalalari qamrab olingan, o’sha davrdagi eng yuksak ilmiy jasorat hisoblangan.

Olimning ikkinchi asari “Ulusi arba’-yi Chingiziy” bo’lib, unda XIII-XIV asrlarda Mo’g’ul imperiyasi tarkibiga kirgan mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy tarixi qisqa tarzda bayon etilgan. Kitob 1425 yildan keyin tugallangan.

“Tarixi arba’ ulus” muqaddima va to’rt qismdan iborat. Muqaddimada o’rta asrlarda tarixchilar o’rtasida hukm surgan an’anaga ko’ra, islomiyatdan avval o’tgan payg’ambarlar, turklarning afsonaviy ota-bobolari hisoblangan O’fas ibn Nuh va uning farzandi Turkxon, shuningdek, turk mo’g’ul qabilalari va Chingizxon tarixi bayon etilgan.

Birinchi qism Ulug’ yurt, ya’ni Mo’g’uliston va Shimoliy Xitoy tarixi, O’gadayxon (1227-1241 yy.), Chingizxonning uchinchi o’g’li davridan to Ariq Bug’o avlodi O’rdoy qoon zamonigacha yuz bergan voqealarni o’z ichiga oladi.

Ikkinchi qismda Jo’ji ulusi, ya’ni Oltin O’rda tarixi, Jo’jixondan davridan to Shohruhning zamondoshi bo’lmish Muhammadxon zamonigacha, XIII-XV asrning birinchi choragi tarixi bayon etilgan.

Uchinchi qismda Elxoniylar, ya’ni Eron hamda Ozarbayjonning XIII-XIV asrlardagi tarixidan baxs yuritiladi.

To’rtinchi qismda Chig’atoy ulusining, Koshg’ar, Yettisur, Movarounnahr, Shimoliy Afg’oniston hududidagi XIII-XIV asrlardagi tarixi talqin etilgan. Shuni ham aytish kerakki, muallif mazkur ulusda hukmronlik qilgan har bir hukmdor xon ustida qisqa va alohida-alohida to’xtalib, ularning davrida sodir bo’lgan voqealardan eng muhimlarini yuayon etgan.

“Tarixi arba’ ulus” asarining ayrim qismlari, xususan uning to’rtinchi qismi, ko’p jihatdan Sharafuddin Ali Yazdiyning “Muqaddimayi Zafarnoma”siga o’xshab ketadi. Lekin Ulug’bek asari birmuncha mukammaldir. Bundan tashqari, unda to’rt ulus o’rtasidagi siyosiy munosabatlar, “o’zbek” etnonimining kelib chiqish vaqti xususida ham qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz.

Ushbu kitobning faqat qisqartirilgan tahririning to’rt mo’‘tabar qo’lyozmasi yuizgacha yetib kelgan. Ularning ikkitasi Angliyada, bittasi Hindistonda va to’rtinchi nusxasi AQShda saqlanmoqda.

Mirzo Ulug’bek tarixiy asarining inglizcha tarjimasi 1838 yili Mayls tomonidan Angliyada chop etilgan. O’zbekcha tarjimasi B.Ahmedov, M.Hasaniy va N.Norqulovlar bajarilib, 1994 yili Toshkentda chop etildi.

“Tarixi arba’ ulus” Markaziy Osiyo, O’zbekiston va Qozog’istonning XIII-XIV asrlardagi tarixini, ayniqsa Chig’atoy ulusi tarixini o’rganishda muhim manbalardan biri vazifasini o’tashi mumkin.

Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul-bahrayn”

“Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul-bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqish joyi va ikki azim daryoning qo’shilish yeri”) nomli yirik tarixiy asar muallifi o’z davrining yirik diplomati va tarixchi olimi Abdurazzoq Samarqandiydir. Uning to’la ismi Kamoluddin Abdurazzoq ibn Jaloluddin Ishoq Samarqandiy (1413-1482 yy.) bo’lib, Hirotdagi badavlat va nufuzli xonadonlarning biriga mansubdir. Tarixchining otasi Shohruh huzurida qozi askar va imomlik lavozimida turgan. Abdurazzoq yaxshi o’qib, fiqh, tafsir, hadis, arab tili, g’azal va tarix ilmlarini puxta egallagan, o’z zamonasining yetuk olimlaridan biri bo’lib yetishdi.

Abdurazzoq Samarqandiy 1438 yili o’zining qozi Azizuddinning arab tili grammatikasining ba’zi masalalari, yuklama va olmoshni tadqiq etuvchi “Risolayi Azudiya” kitobiga bag’ishlangan sharhini yozib tamomladi va uni Shohruhga taqdim qildi. Hukmdor asar bilan tanishib va yosh olimdagi ulkan salohiyatni ko’rib, uni saroy xizmatiga, devoni inshoga tayin qildi. Shu vaqtdan boshlab to 1463 yilga qadar Abdurazzoq Samarqandiy dastlab Shohruh, so’ngra Abulqosim Bobur (1451-1457 yy.) va boshqa Temuriy shahzodalarning saroyida xizmat qildi.

Abdurazzoq Samarqandiy ko’proq xorijiy davlatlar bilan olib boriladigan diplomatik yozishmalarni hozirlash, shuningdek elchilik ishlari bilan mashg’ul bo’lgan. Masalan, u Shohruh davrida 1441 yili Janubiy Hindistonga elchi qilib yuboriladi. Kolikut shahrida hamda Vijayanagar rojaligida bo’lib oradan ikki yil o’tgach, 1444 yilning 27 dekabrida Hirotga qaytib keladi. Mazkur elchilik Temuriylar davlatining Hindiston bilan bo’lgan munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirishda katta rol o’ynaydi. Abdurazzoq Samarqandiy Hindiston safari vaqtida ko’rgan-bilganlarini to’plab, bir xotira sifatida yozib qoldirgan va bu ma’lumot Temuriylar davlati bilan Hindistonning o’sha vaqtlardagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli, ayniqsa Hindistonning ijtimoiy va madaniy hayotini o’rganishda katta o’rin tutadi.

Abdurazzoq Samarqandiy 1447 yili Shohruhning topshirig’i bilan Gilonga bordi va uning hokimi amir Muhammad bilan muzokaralar olib bordi. O’sha yili u Misrga elchi qilib tayinlandi, lekin Shohruhning 1447 yil 12 martdagi vafoti tufayli bu tashrif amalga oshmay qoldi.

Abdurazzoq Samarqandiy Abulqosim Bobur xizmatida bo’lgan kezlarida uning harbiy yurishlarida, masalan, 1458 yili Mozandaron va 1454 yili Samarqand ustiga qilgan yurishlarida qatnashdi. 1458 yili Hirotni egallagan Sulton Abu Sa’id Mirzo uni 1463 yili Shohruh xonaqosiga shayx qilib tayinladi va Abdurazzoq umrining oxirigacha o’sha manzilda istiqomat qilib, asosan ilmiy ish bilan mashg’ul bo’ldi.

Abdurazzoq Samarqandiy yirik tarixnavis olim sifatida ham nom qoldirdi. U Eron, O’rta Osiyo va O’zbekistonning XIV-XV asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotidan, shuningdek, Temuriylar davlatining qo’shni mamlakatlar Hindiston, Xitoy va boshqalar bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalari tarizidan baxs yurituvchi “Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul-bahrayn” deb ataluvchi asari bilan mashhur bo’ldi. Kitob 1467-1470 yillar orasida yakunlangan.

“Matla’ us-sa’dayn” ikki qism – daftardan iborat: 1) Elxon Abu Sa’id (1316-1335 yy.) davridan to Amir Temurning vafoti va Xalil Sultonning Samarqand taxtiga o’tirishigacha, ya’ni 1405 yilgacha bo’lgan davr tarixi va 2) Shohruhning 1405 yili Hirotda Temuriylar imperiyasining oliy hukmdori deb e’lon qilinishidan to Temuriy Abu Sa’idning 1469 yili o’ldirilishigacha bo’lgan tarixi. Asarning 1427 yilgacha bo’lgan davrni o’z ichiga olgan qismi kompilyatsiya bo’lib, Hofizi Abruning “Majmu’ at-tavorix” kitobi asosida yozilgan.

Asarda voqealar xronologik tartibda, yilma-yil bayon qilingan. Bu hol kitobdan foydalanishda katta qulayliklar tug’diradi, albatta.

“Matla’ us-sa’dayn”ning qo’lyozma nusxalari Sankt-Peturburg, Toshkent, Dushanbe va Angliya, Frantsiya, Hindiston, Eron va boshqa mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda.

Asarning ikkinchi davtari matni Muhammad Shafe’ tarafidan 1941 va 1949 yillari Lohur shahrida chop etilgan.

Abdurazzoq Samarqandiyning Hindistonga qilgan safari bayon etilgan qismi hamda ikkinchi davtarning 1405-1427 yillar voqealarini o’z ichiga olgan birinchi qism-juz A.O’rinboev tarafidan o’zbek tiliga tarjima qilinib, 1960 va 1969 yillari chop etilgan.

“Matla’ us-sa’dayn” asarining ikkinchi qismi, xususan uning 1427-1469 yillar voqealarini o’z ichiga olgan qismi yangi bo’lib, Eron, Markaziy Osiyo va O’zbekistonning shu davr ichidagi ijtimoiy-siyosi“Matla’ us-sa’dayn”y tarixi va madaniy hayotini o’rganishda asosiy manba vazifasini o’taydi.

Ravzat us-safo”

“Ravzat us-safo” (“Cof jannat bog’i”) yoki “Ravzat us-safo fi siyrat al-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo” (“Payg’ambarlar, podshohlar va xalifalarning tarjimai holi haqidagi sof jannat bog’i”) nomi bilan mashhur bo’lgan asar umumiy tarixga oiddir. Uning muallifi Mir Muhammad ibn Sayyid Burxoniddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Mahmud al-Balxiy bo’lib, asosan Mirxond (1433-1497 yy.) nomi bilan mashhur.

Muarrixning ota-bobolari asli Buxorodandir. Mirxondning otasi sayyid Burxoniddin Xovandshoh ham o’qimishli va keng ma’lumotli kishi bo’lib, Temuriylar hukmronligi davrida Balxga ketib qolgan va o’sha yerda vafot etgan.

Mirxond Balxda tug’ilgan, lekin umrining ko’p qismini Hirotda o’tkazgan. Uning nabirasi Xondamirning guvohlik berishicha, Mirxond Alisher Navoiy bilan uchrashguncha turli ilmlar bilan shug’ullangan, ammo birontasida muta’yin emas edi. Tarixchi Alisher Navoiy bilan uchrashgach, shoir o’zining “Ixlosiya” xonaqohidan unga alohida xona ajratib, shaxsiy kutubxonasidagi kitoblardan foydalanishga ijozat berib, olimni umumiy tarixga oid katta asar yozishga undagan, uni bu sohada doimo moddiy qo’llab turgan. Ammo Mirxond ulkan asarini mukammal tugata olmiy, ya’ni yettinchi jildi va jug’rofiy ilova materiallari yig’ilgan musavvada holida qolganida vafot etadi. Uning asarini nabirasi Ғiyosiddin Xondamir yakuniga yetkazadi.

“Ravzat us-safo” asarini yaratishda Mirxond qirqta muallif, ya’ni arab tilida ijod qilgan o’n sakkizta va fors tilida ijod qilgan yigirma ikkita olim ijodiga murojaat qilgan. Shak-shubhasiz, bu asar zamonaviy tadqiqot darajasida yaratilgan tarixiy yodgorlikdir.

Kitob muqaddima, xotima va yetti jilddan iborat:


  1. Dunyoning “yaratilishidan” to Sosoniy Yazdijard III (632-651 yy.) davrigacha;


  2. Muhammad payg’ambar va xalifai Roshidin davri;


  3. 12 imom tarixi; Umaviy va Abbosiy xalifalari;


  4. Abbosiylar bilan zamondosh sulolalar;


  5. Chingizxon va uning avlodi;


  6. Amir Temur va uning avlodi to Sulton Abu Said vafotigacha (1469 y.);


  7. Culton Husayn va uning avlodi tarixi (1523 yilgacha) bayon etilgan. So’nggi 7- jildi musavvadaligicha qolib ketgan va uni Xondamir to’ldirib, oqqa ko’chirgan.


“Ravzat us-safo” asarining 1-6- jildlari kompilyatsiya –boshqalar asaridagi ma’lumotlar asosida yozilgan bo’lsa-da, ko’plab manbalardan foydalanish asosida yaratilgani uchun bu qismi ham katta ilmiy qiymatga ega. 6- jildning bir qismi va 7- jild yangi ma’lumotlar va muallif o’zi ko’rgan, bilgan va shohidi bo’lgan voqealar bayonidan bo’lganligi uchun juda katta ahamiyatga ega.

“Ravzat us-safo” asarini eng mashhur va manzur umumiy tarixga oid fors tilidagi kitoblardan biri deb baholash mumkin, chunki birgina Toshkentdagi O’zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomli institut xazinasida uning yuzdan ziyod mo’‘tabar qo’lyozmalari mavjud. Ushbu ulkan asarning o’zbek tiliga tarjimasi Xorazmda bir necha yillar davomida yetuk tarjimon, shoir va tarixchilar Munis va Ogahiy ishtiroki va rahbarligida amalgaoshirilgan.

Kitob matni 1845-1848 yillari Bombey, 1853-1857, 1960 yillari Tehron, 1874-1883-1891 yillari Lakhnav shaharlarida chop etilgani ham asarning shuhrati va ahamiyatidan dalolatdir.

Asardan ayrim parchalar ingliz, frantsuz, nemis va rus tillariga tarjima qilinib, chop etilgan. Bu kitob to’g’risida 1999 yili sharqshunos Mahmud Hasaniy risola e’lon qilgan.


Yüklə 0,99 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   107   108   109   110   111   112   113   114   ...   144




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə