Temur tig‘i yetmagan joyni



Yüklə 23,05 Kb.
tarix22.12.2022
ölçüsü23,05 Kb.
#97699
Abdulla Oripov kurs ishl


KIRISH

O‘zbek xalqi azaldan shoirtabiat xalq, uning tuprog‘idan tortib yaprog‘igacha shoirdir. Shuning uchun ham u farzandlariga she’riyat kabi teran, she’riyat kabi serma’no, bir-biriga uyqash ismlar qo‘yadi. U to‘y qilsa, shodliklarini she’rga solib “yor-yor” aytadi. Hattoki azada ham hasratlarini she’rga aylantirib bo‘zlaydi.

Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher[2]

deb yozgan o‘zbek xalqining sevimli farzandi, shoir Abdulla Oripov.

Temur kabi sohibi zamonlar qilichi yetmagan yerlarni qalam bilan olishga Alisherni qodir qilgan qudrat she’riyatdir. She’riyatni “onajonim” deb ulug‘lagan va chindan ham she’riyatga fidoyi farzand bo‘lgan Abdulla Oripovning she’ri kirib kelmagan bironta xonadon O‘zbekistonda topilmasa kerak.

“O‘zbekistonning o‘zi shoir bir yurt. Abdulla Oripov o‘z she’rlarini ana shu “ustozi”ga barhaq va barhayot ilhom manbai, “asrlarning koshonasida mangu yorug‘ maskan” bo‘lgan ona yurti – O‘zbekistonga bag‘ishlaydi”[3].

Darhaqiqat, shoir bu yurt o‘zining shoir o‘g‘lini behad sevadi. Uning she’rlarini o‘qiydi, yodlaydi. Biz dalada kolxozchilar tushlik payti Abdulladan she’r o‘qiganlarini, bola emizib o‘tirgan ayollar masrur bir xayol bilan tinglayotganini ko‘rganmiz. Uning she’rlarini tinglagan chollar, umring uzoq bo‘lsin, o‘g‘lim, deb alqaganini eshitganmiz. Olis safarlarga yo‘l olganda faqat abdullaning she’rlarini hamroh qilib olib ketgan shofyorlarni, uning she’rlarini qo‘lidan qo‘ymay yurgan quruvchilarni ko‘rganmiz. Ba’zan shunday ham bo‘ladiki, Toshkentga borib kelgan kishilardan uning sog‘ligini kuyinib so‘raydilar. Bu haqda shoirning o‘zi ham haqli ravishda faxrlanib yozadi:

Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq…


Paxtakorlar va ishchilar pisand qildilar,
Ziyolilar, yumushchilar pisand qildilar,
Studentlar, to‘quvchilar pisand qildilar,
Maktabdagi o‘quvchilar pisand qildilar,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq[4]

Xalqning o‘z shoiriga bo‘lgan bu muhabbati Abdulla Oripov o‘zi orzu qilganidek “bizniki” bo‘lib qolganini bildiradi:

Koshkiydi ahli yurt turib tepamda
— U bizniki edi- desalar[5]

-deb yozgan shoir o‘sha olis yillar ortidagi “Mitti yulduz” to‘plamidan boshlab xalqning o‘ziniki bo‘lib qolgan.

Ma’lumki, Abdulla Oripov ijodi deyarli barcha munaqqidlarimiz e’tiborini tortgan. Biz mazkur tadqiqotda shoirning “Onajon”, “Mitti yulduz”, “Ruhim”, “Najot qal’asi”, “Surat va siyrat”, “Yillar armoni” kabi kitoblari bilan tanishib, ayrim she’rlari ustida fikr yuritdik. Shuningdek, Abdulla Oripov ijodi xususida bahs yuritgan taniqli munaqqidlarning maqolalarini o‘rgandik.
Salohiddin Mamajonov, Mahkam Mahmudovning she’riyat haqidagi fikrlari, Matyoqub Qo‘shjonovning Abdulla Oripov ijodiga bag‘ishlangan “Onajonim she’riyat” deb nomlangan risolasi, Norboy Xudoyberganovning “Ehtiros to‘lqinlari” kitobidagi shoir she’rlariga munaqqid munosabati, shuningdek, N. Rahimjonov kabi tanqidchilar fikrini o‘rgandik.

Yuqorida aytilgan manbaalarga suyanib, Abdulla Oripov she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan o‘z fikrlarimizni bayon etishga harakat qildik.

SHOIR –XALQ QALBINING TARJIMONI

Shoirning xalqqa, xalqning esa shoirga bu qadar dildosh va sirdosh qilgan shoir fazilatlari, o‘ziga xos xususiyatlari nimada ekan?

“Abdulla qaysi bir temaga qo‘l urmasin, nima haqda she’r yozmasin, uning ko‘zi oldida Ulug‘ Vatan turadi, o‘sha ulug‘ Vatanning farzandi sifatida qo‘liga qalam oladi. Shu sababdan uning she’rlari doim hayotbaxsh, pafosi baland, ovozi dadil, ruhi tetik”[6], deb yozadi Matyoqub Qo‘shjonov.

Abdulla Oripov she’riyatining o‘ziga xos tomonlari haqida so‘z yuritilar ekan, uning she’rlarini xalqqa manzur qilgan xususiyatlaridan biri uning xalqchilligida, xalq tilida yozilganligidadir.

Shoir o‘z qalbini xalq qalbiga tarjima qiladi, tarjima uchun esa shubhasiz so‘z kerak. Bu so‘z esa xalqning o‘z so‘zi bo‘lmog‘i lozim. To‘g‘ri, hamma shoir ham o‘z ona tilida she’r yozadi. Lekin ayrim yo‘nalishdagi shoirlar borki, o‘zbek tilida o‘zbekcha bo‘lmagan she’rlar yozadilar. Ularning she’rini oddiy xalq tushunmaydi. Ularning lirik qahramoni butun dunyoga, XX asrga qarata falsafa so‘qiydi. Bunday “muallaq gaplardan” to‘ygan shoirning o‘zi ham shunday yozadi:

Iqbol deb behuda chekasan yohu,


Ohing bu – folbinning daraklaridir.
Asrim, asrim deysan asring nima u?!
U — to‘zg‘oq kalendar varaqlaridir[7].

Shoir bu she’rida havoyi gaplardan ko‘ra yonginangda turgan insonning orzulariga oshno, dardlariga hamdard bo‘lishga chaqiradi. Yuqorida keltirilgan she’rdagi quyidagi misralar buni yaqqol tasdiqlaydi:


Inson deb falakka hayqirmoq nega,
Inson yoningdaku, u mening qo‘shnim[8].

Axir, paxtakor-paxtakor” deb siyqa nom bilan siylangan kolxozchining, ishchining, mexanizatorning ham qalbi bor, ularga ham ma’naviy rizqu ro‘z – she’riyat kerak.

Xalqqa tushunarsiz, o‘ta donishmandlik da’vosida, turli xil eksperimentlar shaklida yozilayotgan she’rlar to‘lib-toshib yotar ekan, ko‘pchilik hamisha Abdulla Oripov she’rlarini sog‘inib, Erkin Vohidovga ko‘z tutib, Omon Matjonni izlab yursa hech ajab emas.

Abdulla Oripov yoshlar bilan bo‘lgan bir suhbatda shunday deydi: “O‘zbek tilida eshakni eshak deyiladi, lekin ba’zi shoirlar eshakni eshak deyishdan or qiladi”[9].

Ha, shoir xalq so‘zi bilan xalq qalbini kuylaydi, kuylaganda dilrabo ohang bilan, yonib, o‘rtanib kuylaydi.

Kulma, kulma, nega kulasan,


Xijolat chekkanning holiga.
Nega qo‘l uzatding bir kambag‘alning
O‘g‘rilardan qolgan moliga[10].

“O‘g‘rilardan qolgan mol” – xalq tilidagi oddiy ibora, lekin shoir tiliga ko‘chganda bu ibora inson qalbining tafakkur rivojlanib borgani sayin kamyoblanib borayotgan ezgu tuyg‘ulari ekanligini shunday ta’sircha ifodalaydiki, eng besavod odamning ham qalbi titraydi.

Kolumbda bor alamim manim,
O‘zbekiston Vatanim manim[11].

Shoir kuylagan bu “alam” – xalqning buyuk armoni, dardi, g‘ururi ekanligini xalq qalbiga tarjima qilgan. Bu misralarni o‘qigan har bir she’rxon bu “Alam”ni o‘z qalbiga tuyadi. Taajjubki, bu “alam”dan ko‘ksi tog‘dek ko‘tariladi.

Abdulla Oripov she’riyatining o‘ziga xosligi shundaki, u behad o‘ziga xos shoir. U sevsa, yonib, o‘rtanib sevadi, agar nafratlansa, sevgisi darajasidagi kuchli dard, armon bilan nafratlanadi. Unda hech qachon oraliq holat bo‘lmaydi.

Men shoirman, istasangiz shu,


O‘zimniki erur shu sozim.
Birovlardan olmadim tuyg‘u,
O‘zgaga ham bermam ovozim[12].

Bu – o‘zligini anglagan o‘zbekning o‘ktam ovozi. Ayni paytda “mijg‘ov va past” gaplardan zada bo‘lgan shoir qalbining nidosi.

“Sozim” she’ri shoirning eng yoniq, fikrchan va kurashchan she’riyati namunasi. Lekin tanqidchi Norboy Xudoyberganov mazkur she’rni “Biroz umumiyroq she’r bo‘lib, unda konkret mazmun chuqur yoritilmagan. Bordi-yu zikr etilmoqchi bo‘lgan fikr jonli, hayotiy va haqqoniy lirik qahramon xarakteriga singdirilib, yedirilib yuborilganda edi, she’rning ta’sir kuchi yanada ortardi”[13]- deb maslahat beradi. Axir, bu she’rda lirik qahramon shoirning o‘zi-ku, axir u “jonli, hayotiy va haqqoniy” emasmi? Bu she’rning o‘zi butunligicha tanqidchi e’tirozlariga raddiyadir.

N. Xudoyberganov Abdulla Oripovning sadoqat gimniga aylanib ketgan «Ayol» she’riga ham noto‘g‘ri munosabat bildirgan. “Baxt va muhabbat yo‘lida” nomli maqolasida “Fidoyilik, o‘lgan odam uchun baxtni qurbon qilish g‘ bu, asketizm va fatalizmning ko‘rinishlaridan biridir. Bunday holat har qanday sharoitda ham kishini tushkunlikka, tarkidunyochilikka olib boradi”[14] – deb yozadi va fikrini davom ettirib, Abdulla Oripovning “Ayol” she’rini misol kel[15]tiradi. “Abdulla Oripov o‘zining “Ayol” she’rida beva qolgan ayollarni ulug‘lab, o‘zlarini “Ming bitta bozordan olib, ming bitta bozorga soladigan” buzuq xotin qizlarga qarata:

Shu sodiq bevaga sajdalar qiling,
Shu sodiq bevaga aylang ehtirom, – deydi.

Buni qanday izohlash mumkin? Avvalo shuki, yengil tabiatlixotinlar bevalarga sig‘inmaydi, ularga bosh egmaydi. Negaki, ular bevalikni tarkidunyochilik bilan baravar deb tushunishadi. Binobarin, haligiday yengil tabiatli ayollarga nisbatan beva qolgan xotinlarni emas, balk ko‘z o‘ngida turmush kechirayotgan sadoqatli er-xotinlarni namuna qilib ko‘rsatilsa yaxshi bo‘lardi”. Tanqidchi: “Aza umrbod davom etishi mumkin emas, nahotki, yoridan ajraganlarning hammasi bir umrga tarki dunyo qilishi kerak bo‘lsa?” – deya ajablanib, “Ayol” she’ridagi singari ayollarni esa istisno holatlarga yo‘yadi.

Yuqorida keltirilgan munaqqid fikrlariga bizning e’tirozlarimiz bor. Birinchidan, fidoyilik hech qachon tarkidunyochilikka olib bormaydi. Agar yoridan ajralganlarning hammasi bir umrga yoriga sodiq qolmoq uchun beva o‘tsalar ham, dunyo bundan hech qanday ziyon ko‘rmasdi, balki bevafo, betutruqlar jabridan ruhi majruh, qalbi xasta bo‘layotganlar, “sadoqat satridan nolib, nadomat komida qolgan” ayollar aybi bilan dunyoga kelib, tirik yetim bo‘layotgan bolalar kamayar edi, qo‘ying-chi, dunyomiz ma’naviy jihatdan poklanar edi.

Ikkinchidan esa, tannoz ayollar bevalarga sajda qilmas ekan, o‘sha namunali er-xotinlardan ham o‘rnak olmaydi. Agar shoir she’rini munaqqid aytgandek yozsa, u holda “Ayol” sheri ayolga qasida emas, ayolga nasihat bo‘lib qolardi. Umuman, sadoqatli er-xotinlarni namuna qilib ko‘rsatish shoirning ishi emas, balki mahalla komitetlarining ishi emasmi?

Munaqqid Abdulla Oripovning “O‘ylarim”, “Bahor”, “Albomga”, “Temir odam”, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” kabi she’rlarini bunisida undoq demoqchi, bunisida bundoq demoqchi deb, hadeb uqtiraveradi. Agar tanqidchining vazifasi o‘quvchiga she’rning mazmunini tushuntirib berish emas-ku!

Ayniqsa, Abdulla Oripov kabi shoirning she’rlari hamma uchun birdek tushunarli emasmi! Bizningcha, munaqqid shoirning sa’natini, she’rning ta’sir doirasini inson ruhining qaysi bilgisiz nuqtalariga daxldorligini she’xonga yetkazishi kerak.

N. Xudoyberganov Abdulla Oripov she’rlarining “ayrim nuqsonlari” haqida bosh qotirib, shunday deydi: “Abdulla Oripovning ayrim she’rlarida mantiqiy izchillik yetishmaydi, fikrni yalang‘och ifodalash ustun turadi, poetik manzaralar yaratish o‘rniga nasihatbozlikka berilish holatlari uchraydi”[16]- deydi.

Agar shoir she’rlarida poetik manzaralar bo‘lmasa, biron bir she’rida nasihatbozlikka berilgan bo‘lsa, she’rxon Abdullani bu qadar sevmas edi.

RANGIN TUYG‘ULAR MUSAVVIRI

Poetik manzaralar yaratish, tabiat manzaralarini inson tuyg‘ulariga yo‘g‘irib tasvirlash Abdulla Oripov she’riyatining yana bir o‘ziga xos, takrorlanmas qirralaridan hisoblanadi. U shu qadar ajoyib, betakror manzaralar yaratadiki, usta rassomlardan ham o‘tkarib yuboradi.

Aslida she’riyat- bu, rangin olamning inson tuyg‘ulariga, inson kechinmalariga yo‘g‘rilgan tasviridir. Ma’lumki, hamma voqea-hodisalar zamon va makonda sodir bo‘ladi. Hatoki, inson qalbida kechgan eng mayda tuyg‘ular ham.

Kimningdir ko‘ksiga engashgancha gul


Marmar sag‘anadan o‘qib turar bayt[17].

Mazkur misralarda bir tomonda mangu yo‘qlikka ketgan insonning mangu makoni, ikkinchi tomonda esa uning ko‘ksiga engashib, tiriklik qo‘shig‘ini kuylab turgan gul tasviri chizilgan

Yo‘q, shoirlar aldaydi bizni,
Bahor faqat uch oydir xolos[18].

Shoirning bu haqqoniy misralaridan she’rxon qalbida mangu bahorlar boshlansa ajab emas.

Aytgim keldi onam, yoningga,
Yuragimda ismsiz dardlar.
Sovuq xonam, soat “chiq-chiq”i,
Tashqarida hazonrez bog‘lar[19].

Agar “sovuq xona”, “soat chiq-chiqi”, “xazonrez bog‘lar” tasviri bo‘lmasa, biz ham o‘sha “ismsiz dard”ning ismini bilolmay qolardik.

Mag‘lub bahodirning nayzasi misol
Ma’yus egiladi terak uchlari.
Barglar soyasida o‘ynaydi behol
Uyqudagi qizning bedor tushlari[20].

Egilgan terak uchlarining ma’yusligi, uyqudagi qizning bedor tushlari barglar soyasida o‘ynashining surati… Naqadar go‘zal tasvir. Bu misralarni munaqqid emas, balki bastakorgina (u ham shoir darajasidagi sohir qalb sohibi bo‘lsagina) sharhlashi mumkin.

Fikrimizcha, “o‘zbek onanomasi”da Mirtemirdan so‘ng hech kim Abdulla Oripovchalik “ko‘p va ho‘p” yozmagan. Abdulla yaratgan ona obrazi munisu mushfiq, o‘zi aytgan allalar ohangidek inson qalbini ezgulikka chorlovchi onadir.

U kun chetda oh chekardim


G‘ussalarning dastidan.
Sen otamga pul beribsan
Yostig‘ingning ostidan[21].

Hayotining so‘nggi daqiqalarini kechirayotgan onaning bu cheksiz armonli saxovatidan jonu jahona o‘rtangan farzandning minnatdor iztirobini quyidagi satrlardan ham samimiyroq ifodalash mumkinmi?!

Balki sening qabring uzra
Ko‘karganda gulchechak,
Otonamga qadam qo‘yar
Sen istagan kelinchak[22].

Abdulla Oripov o‘z onasining munis siymosini, ezgu xotirasini ulug‘lar ekan, u ona-jahonga Alisherlarni bergan barcha yaxshiliklar beshigini tebratgan jamiki onaizorlar obrazini yaratadi.

SHOIR YANGILAGAN KO‘HNA MUHABBAT

Adabiyotimizda Abdulla Oripovning “Mitti yulduz”i porlaguncha muhabbat mavzusi eski ohanglarda, siyqa obrazu tashbehlarda kuylanar edi. Birovlar yorning qoshu ko‘zini maqtab ovora bo‘lsalar, ba’zilar bevafo yorga ta’na toshlarini otib charchamas edilar.

Abdulla Oripov she’riyatidagi oshiq obrazi esa armonli muhabbatga duchor bo‘lib, bir umr “hayot barcha ne’matlarini ayamasa-da, muhabbat taqdiridan maqtanolmay” o‘tishga mahkumdir. Lekin u munisa qizga hech qachon ta’na toshlarini otmaydi, bevafolikda ayblamaydi, balki –

Nega bir tosh bo‘lmagansan, seni avaylab,


Til ostimga solib yursam jonimga joylab[23] —

deya armon qiladi.

Jo‘nar bo‘ldim men bundan diltang,
Yo‘llarimga qarab qolding sen.
Sochginangni tarab qolding sen.
O, bilaman, badjahl otang
Ostonangga yo‘ltmas seni[24].

Shoirga “uzalgan qo‘llari” bilaguzuk bilan bog‘langan qizning munis va ma’yus surati ko‘z o‘ngimizda muhrlanib qoladi. “Bilaguzuk bilan bog‘langan” qo‘llar tasvirida ham, shoirning “Bilaguzuk banding uzilsin, yor qo‘lini qisgandan ko‘ra!” – deya qilgan nidosida ham qandaylir yorug‘lik, qandaydir tozalik, qandaydir ajib shoironalik bor.

“Geyneni yondirgan yulduz”, “Alisherning Gulisi” darajasida sevilgan qiz – Abdullaning she’rlariga muattar bo‘y taratib turgan gulga o‘xshaydi.

SHOIR OLAM BILAN “YUZMA-YUZ”

Abdulla Oripov ijtimoiy mazmunda davrimizning katta gaplarini ajib misralarda ayta olgan shoirdir. Uning “Yuzma-yuz”, “Temir odam”, “Uyqu”, “Dengizga” kabi she’rlarida davrimizning dolzarb masalalari ko‘tarilgan.Bu she’rlar xususida juda ko‘p munozaralar bo‘lib o‘tgan. Katta munaqqidlar bu she’rlarni har tomonlama sharhlab, yuksak baho berishgan.

Biz bu o‘rinda bir narsanigina aytib o‘tmoqchimiz. Norboy Xudoyberganov “Yuzma-yuz” she’riga “Yuzma-yuz” deb nom berilishi o‘zini oqlamaydigan taassurot qoldiradi. Nega yuzma-yuz, kim bilan yuzma-yuz? Bu muammoligicha qolib ketgan”[25], -deydi. Bizningcha, shoir siz bilan yuzma-yuz, she’rxon bilan yuzma-yuz, qo‘ying-chi butun olam bilan yuzma-yuz! Bu olamning barcha dardlari, orzu va armonlari shoir qalbida aks-sado beradi. Shuning uchun ham shoir o‘zining “So‘nggi urush” she’rida yozadi:

Bir qadam qo‘ysang bas- naryog‘i o‘lim,
Bir qadam qo‘ysang bas – shaksiz halokat.
Odamzot boshida turibdi bu zum
Qazoyi muallaq, mudhish halokat[26].

Insoniyat o‘z qo‘li bilan yaratgan bu “mudhish falokat”ni , “qazoyi muallaq”ni shoir yanada aniq va ravshan tasvirlar bilan ko‘z oldimizga olib keladi.

Bu bari – asrimiz kashf etgan balo,
Bu – yovuz sarmoya, hamisha basir.
Boshimiz ustida turibdi go‘yo
Bir soch tolasiga bog‘langan shamshir[27].

Shoirning bezovta qalbidan sitib chiqqan bu misralar insoniyatni hamisha qalbi, imoni, vijdoni bilan uyg‘oq bo‘lishga chorlaydi.

Abdulla Oripovning “Yillar armoni” deb nomlangan navbatdagi kitobiga kiritilgan yangi she’rlarining ko‘pchiligida inson qalbining ashaddiy kushandalari bo‘lgan hasadgo‘ylar, g‘iybatchilar, fitna-fasodchilar, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va razolat haqidagi qarashlari yanada keskin ruh bilan ifodalanadi. Abdulla Oripov bir she’rida shunday yozadi:

Sizdan nima ketdi, ey do‘sti aziz,


Sog‘inmang menga ham bir zum yomonlik.
Mendan nima ketdi, Sizga ham cheksiz
Saodat tilayin, tilay omonlik[28].

Chindan ham, koshki edi, shoir aytgandek, odamzot hech qachon bir-biriga yomonlik sog‘inmasa, qani endi, hamma hamisha bir-biriga saodat va omonlik tilayversa. Shoirning bu ezgu orzulari sizning qalbingizga ham “mendan nima ketdi, yaxshilik qilsam2 qabilidagi mardona tuyg‘ularni uyg‘otadi.

Abdulla Oripovning Erkin vohidovga bag‘ishlangan “Arslon chorlaganda…” deb nomlangan she’rida bu ikki zamondosh shoirning ulug‘ maqsadlarini arslonga o‘xshatadi. Buyuk qalb sohiblari bo‘lmish bu shoirlarning ezgu maqsadlar shohi – arslon qoshiga chorlagandi. Va bu ulug‘ maqsadlarga erishish uchun ularda matonat ham, bardosh ham bor edi. Lekin ularga yo‘lda qumursqalar – razil va xudbin insonlar hamrox bo‘ldilar.

Jamiki tiriklikka tanish bo‘lgan bu xatar faqat yoppa talamoqqagina yaratilgan. Axir inson ana shunday qumursqalar bilan olishib ulug‘ maqsadlariga erisholmay qolishi mumkin-ku.

Bu she’r tiriklikning xatarli hamrohi bo‘lgan qumursqanusxalarga ayovsiz aybnomadir. Mana, o‘sha she’r:

Biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni,


Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni
Lekin qumursqalar bo‘ldi safardosh.

Jami tiriklikka tanish bu xatar,


Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Do‘stim, alam qilar, arslon bexabar
Yem bo‘lib ketsak bu qumursqalarga[29].

Shoirning mazkur to‘plamdagi ko‘pgina yangi she’rlarida inson qalbini ich-ichidan yemiruvchi, aslida esa mayda tashvishlar hisoblangan illatlar xususida so‘z ketadi.

Yuqorida biz ko‘rib o‘tgan “Arslon chorlagandi…” she’ri bilan yonma-yon “Sen uzoq yashaysan…” deb boshlanuvchi she’r ham bor. Bu she’rda inson umrini egovlovchi omillardan biri inson ruhiyatiga ozor beruvchi, uning qalbini majruh qiluvchi “beomon hislar” ekanligini kuyinib aytadi. Bu she’rni shoir shunday yakunlaydi:

Yuz yil yashab o‘tar dunyodan birov,


Fursat manglayiga sololmas izlar.
Yo‘q, yo‘q yillar emas ularga egov
Uni yemiradi beomon hislar[30].

Shoirgaki, shunchalar ruhiy azob beruvchi zotlar bor ekan, ulardan insoniyatga hali-hamon osoyish yo‘qdir. Axir, alisherni sarsonu sargardon qilgan, Pushkinga o‘q uzib, mashrabni dorga ostirganlar ham o‘shalar emasmi?!

Abdulla Oripovning fikran barkamol, badiiy tafakkurning yetuk namunasi bo‘lgan she’rlaridan biri “Olomonga” she’ridir. Bu she’r shu qadar mantiqan yaxlitki, biror bandini ajratib olib tahlil qilish mumkin emas. Shuning uchun bu she’rni to‘laligicha keltiramiz.

Mashrab osilganda qayoqda eding?


Lorka otilganda qayoqda eding?

Surishtirganmiding Qodiriyni yo


Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?

Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,


Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.

Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?


Nechun tamoshoga munchalar o‘chsan?

Qarshingda hasratli o‘yga tolaman:


Qachon xalq bo‘lasan, ey, sen- olomon?![31].

Axir biz ham har qadamda ana shunday olomonni uchratmayapmizmi? Avtobuslarda joy bo‘shatish malol kelib, nogiron chollar bilan janjallashayotgan ba’zi beyuzlarni ko‘rib, indamay yalpayib o‘tirgan kimsalarni, birovning cho‘ntagini kesib ketayotganlarni ko‘rib ko‘rmaslikka olayotgan kishilarni, birovni nohaq malomat qilib, infarktga yo‘liqtirgan “olomon”ni biz ko‘rmayapmizmi? Ba’zi hollarda o‘zimiz istab-istamay ana shu “olomon”ga qo‘shilib qolmayapmizmi?

O‘oir go‘yo o‘zining otashin misralari bilan vijdoni uyg‘oq kishilarni olomon orasidan tortib chiqarmoqchi. Biroq shoir razillar razolatiga qancha ko‘p duchor bo‘lmasin, bedillar sitamidan qancha ko‘p ozor chekmasin, inson qalbining ezguligiga va bu ezgulikning manguligiga qattiq ishonadi. Shuning uchun ham u yozadi:

Dunyoda diyonat hali mavduddir,


Hali mard yigitlar yashab yuribdi.
Onalar oq suti hamon oq sutdir,
Quyosh ham falakda porlab turibdi[32].

U xayrlashuv she’rida:

Hayajon bu- o‘lim, kulfatdir – qo‘shiq,
Qilt etgan shamoldan titramas yurak.
Unga endi na dard, na quvonch, na ishq,
Balkim tung‘ib qolgan bir orom kerak[33].

Chindan ham dunyoning dardlarini, bani odamning sevinch va xasratlarini qalbida tuya-tuya, shoirning hasta yuragi uchun “hayajon-o‘lim, “qo‘shiq-kulfat” bo‘lib qolmog‘iga ham shubha qilmasa bo‘ladi.

Mazkur tadqiqotning muallifi shoirning ana shu she’riga quyidagi javob she’rini yozgan.

ABDULLA ORIPOVNING “XAYRLASHUV” SHE’RIGA JAVOB

Ketmang siz, chechaklar yig‘laydi yum-yum,
Ketmang siz yulduzlar ko‘tarar faryod.
Shamollar boshini toshlarga urib,
Dod deydi, dod deydi, dod ustiga dod!

Sohir tabiatning sobir g‘amkashi,


Ketmang, to ohular yutmasin og‘u.
“O‘zi ming yillarkim qo‘shiq serqayg‘u..”
Qo‘ying, u endi hech chekmasin yohu!

Ketmang siz, to hayrat bezabon qolib,


Hasratga esa til bitmasin biyron,
Shoir o‘z xalqining toza iymoni,
Ketmang, to bepanoh qolmasin iymon.

Shoir qalbiga shunchalar ozor bergan dard nima? Bu savolga javobni ham shoirning o‘z she’rlaridan axtarmoq kerak.

Abdulla Oripov “Qonuniyat” nomli she’rida aytgan alamli haqiqat qalblarni larzaga soladi. Dunyoda jamiki mavjudotning o‘z yashash tarzi bor. Mushuk sichqonning kushandasi, tulki esa quyon yoki tovuq yeb tirikchilik qiladi. Faqat odamzotgina bir-birining kushandasi ekanligi shoir qalbini o‘rtaydi:

Oh, faqat odamzot – farzandi bashar,


Bir-birin maxv etish qasdida yashar[34].

Mana, shoir qalbini beorom, yuragini dog‘ qilgan dard! Bu dard butun bashariyatning dardidir. Shoir ana shu olamshumul dardga davo izlaydi. Chunki shoir olam dardini hammadan ham ko‘proq, hammadan ham teranroq tuyadi. Shuning uchun ham u hamisha yonib, o‘rtanib kuylaydi.

MUSIQIY MISRALAR SADOSI

Abdulla Oripov she’riyati musiqaviy she’riyatdir. Uning har bir misrasida, har bir bandida alohida takrorlanmas ohang bor. Mana, bir vazmin, bir o‘ktam ohangda otashin misralar yangramoqda.

Hamin sarhadlardan g‘amgin sas kelur,
Malomat toshlari basma-bas kelur.

Odamni mahv etar farzandi odam,


Odam erur ammo tamoshabin ham.

Yetim go‘daklarning ko‘zdagi yoshi


Bu – jumla jahonga malomat toshi[35].

Yuqoridagi misralarda har bir so‘z bittadan tosh bo‘lib go‘yo alohida-alohida ritm bilan naq sening ko‘ksingga tegadi, ruhingga g‘alayon soladi. Bu haqda shoirning o‘zi ham she’r boshidayoq aytib qo‘ygan:

Idroking mavjiga tekkani zamon
U mudroq ruhingga solur g‘alayon[36].

Abdulla Oripovning har bir she’rining o‘z ohangi bor, uni sira ham boshqa ohangda aytib bo‘lmaydi. Shoirning bundan yigirma bir yil muqaddam (1963) yozgan “Sen bag‘orni sog‘inmadingmi?” deb nomlangan she’r sarlavhasining o‘ziyoq allaqanday musiqiy sadolarni yodimizga soladi. U sadolar ham shunday sadolarki, bahorning nimpushti g‘unchalari, chuchmomalar gulbarglarining qatlari ochilishidan paydo bo‘lgan, faqat qalb qulog‘i tinglashi mumkin bo‘lgan sadolardir:

Uzoqlardan zalvorli tog‘lar
Xayolimni keldilar bosib.
O‘tdi qancha intizor chog‘lar
Vasling menga bo‘lmadi nasib.
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
Sen bahorni sog‘inmadingmi?[37].

Abdulla Oripovning “Yurtim shamoli” she’ri mening nazarimda ham zukko rassom mo‘yqalami bilan chizilgan tengsiz suratga, ham sohir qalbdi bastakor yaratgan kuyga o‘xshaydi. Shoir vatan shamolining zangori suratini chizar ekan, avval bahor yellarining atlas ko‘ylaklar etagini taragandagi mayin saslari eshitilganday bo‘ladi. So‘ng esa goh shodlik, goh qayg‘u nafasini olib kelgan dolg‘ali shamollar ovozini tinglaymiz.

Shoirning maqsadi faqatgina Vatan shamolining suratini chizish emas, u olamdagi “qancha bo‘stonlarni sovurgan” davronlar bo‘ronidan so‘ylab, “qayg‘ulardan holiy” yurti shamolini kuylamoqdir.
Yashil bog‘lar quchog‘ida sayragan turfa qushlar orasida bulbul ovozi yagona bo‘lganidek, shoir Abdullaning ovozi ham tanhodir.

MЕHRGA MUHTOJ QALBLAR KUYCHISI

Abdulla Oripov she’rlarining eng katta mavzularidan biri, Mayoqub Qo‘shjonov yozganidek, “katta harf bilan yozilishi kerak bo‘lgan insoniy mehrdir”[38].

Shoirning “Samoviy mehmon, besh donishmand va farrosh kampir qissasi” nomli she’rida ana shu mehrning tirik haykali farrosh kampir obrazini yaratadi. Beshta qit’adan tanlab olingan, olamdagi barcha ilmlarni o‘zida mujassam etgan olimlar yecholmagan jumboqni farrosh kampir bir zumda hal qiladi-qo‘yadi. Kampir samoviy mehmonga somon yo‘lini ham, alfa-yu betalarni ham ko‘rsatib o‘tirmaydi. Balki o‘zining onalik qalbidagi samimiy mehrini izhor etadi. U samoviy mehmonning “sap-sariq rangi zardini” ko‘rib, shunday deydi:

Voy bechora bolagina,
Dard zaptiga olibdi-ku.
Holdan toyib, boshqa ko‘zi
Yumilib ham qopti-ku.

Shunday qilib farrosh kampir “rangini ko‘r somon deysan, suvdanmikan yo o‘tdan” deya girgitton bo‘ladi. Uning tikanakday tikka o‘sgan sochginasini silab” unga ichgani suv ham tutadi. Shu payt mo‘’jiza ro‘y beradi. Kampirning mehribonligidan samoviy mehmonning “bittagina ko‘ziga duvva-duvva yosh” keladi. Bu she’r o‘zining afsonaviy obrazlari bilan, ehtimol, minglab yillar insoniyatga mehrdan saboq berar.Axir, mehr zamingagina emas, insongagina emas, balki samoga ham zarurdir.

Agar hozirgi kunimizda insoniyat samoga mehrini emas, qahrini armug‘on etayotgani,imperialistik doiralar kosmosdan harbiy maqsadlarda foydalanishga harakat qilayotganini hisobga olsak, shoirning mazkur she’ri naqadar ulkan ijtimoiy xarakterga kasb etishini yanada yaqqolroq his etamiz.

Afsuski, taraqqiyot behad va benihoyat tez bo‘lgan bizning asrimizda o‘sha “katta harf bilan yozilishi kerak bo‘lgan mehr”ning bozori tobora kasod bo‘lib borayotgani hech kimga sir emas. Albatta, bu hol birinchi navbatda shoir qalbini bezovta qilishi ham shubhasizdir.

Shoirning keyingi paytlarda yozgan she’rlarida mehrga tashnalik hissi yanada o‘tliroq, yanada jozibaliroq kuylanadi. Uning “Qirq yosh” nomli she’rida mehr haqidagi, mehrga tashnalik haqidagi quyidagi misralarni o‘qigan she’rxon qalbi larzaga tushadi:

Kim alam chekmabdi umrida bir bor,


U meni anglamas, anglamas zinhor.
Kim haqqa tashnadir, kim mehrga zor,
Men unga umrimni etgumdir fido[39].

Mehr so‘zi qadimda quyosh ma’nosini bildirar ekan. Mehrga muhtoj qalblarning mumtoz kuychisi bo‘lgan Abdulla Oripov olamda mehru muhabbatning quyosh nurlari kabi serob bo‘lishini tilaydi.

TRADITSIYADAN – NOVATORLIKKA

Abdulla Oripov ijodida o‘zbek she’riyatidagi eng ezgu traditsiyalar izchil ravishda davom ettirilgan. Shoir o‘z she’rlarida Alisher navoiy kuylagan insonparvarlik, ezgullik, yaxshilik, razolatga ayovsiz nafrat, insoniy sevgi va muhabbat g‘oyalarini o‘ziga xos otashin misralarda talqin etadi, o‘sha g‘oyalarni mehru muhabbat bilan davom ettiradi. U G‘afur G‘ulom va Hamid olimjon kabi shoirlar ijodidagi vatanparvarlik motivlarini yanada jarangdor pardalarda kuylaydi.


Alisher Navoiy:

Odamiy ersang demagil odami


Oningkim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami –

deya xalq g‘amini yemagan insonlar odam emasligini aytsa, Abdulla Oripov undaylarni “temir odam” deydi:

Ustoz, qalbi yo‘qdir uning ham, hayhot,
Na nafrat, na ishqni tanlamas u ham,
Uning ham ko‘zida chaqnamas hayot,
Munis boqishlarni anglamas u ham[40].

Klassik shoirlar ijodida olam go‘zalliklari inson chehrasiga nisbat berilib kuylangan. Biz Alisher navoiy, lutfiy, Fuzuliy kabi ulug‘ shoirlarning har bir misrasida gullar, chechaklar, yaproqlar, mayin shabbodalar, quyoshning ipak shu’lalari… qo‘ying-chi, bu nurli olamning barcha go‘zalliklari yorning go‘zalligiga nisbat berilib, bu yorug‘ dunyoga va olamning gultoji bo‘lmish insonga muhabbat ifoda etilgan.

Abdulla Oripovning ham har bir misrasida o‘sha gulu chechaklar, kuzning za’far yaproqlaridan tortib, yomg‘irlarning ma’yus shivirlashlarigacha tasvirlangan. Lekin bu tasvirlar inson qalbining turli manzaralarini, inson ruhiyatining rangin suratlarini akslantirish uchun xizmat qiladi.

Do‘stim, tingla…yaproqchalarning


Shivirlashi eshitilmoqda…
…Yuragim ham daraxtzor kabi
Nimanidir olqishlamoqda[41].

Shoirning yuqoridagi kabi misralarida inson ruhiyatidagi tug‘yonli lahzalar suratini tabiat manzaralari suratiorqali tasvirlaydi.

Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom kabi shoirlar ijodida Vatan madhi tantanavor ohanglarda jaranglasa, Abdulla Oripov Vatanni ezgu bir dard bilan sevadi. Uni Ulug‘bekning boshini kesgan, Boburning sarsonu sargardon qilgan, Chingizxonlar zulmidan qon-qaqshagan, lekin bosh egmagan xalqni oppoq armon bilan sharaflaydi.

Abdulla Oripov dono xalqimiz yaratgan maqol va matallardan, iboralardan juda oqilona va san’atkorlik bilan foydalanadiki, natijada shoir tilga olgan maqollar qayta boshdan she’riy umrini boshlaydi. Ayniqsa, shoir o‘z to‘rtliklarida xalq maqollaridan samarali foydalangan. Uning “Men anglab yetgan falsafa”, “Tingla, bu abadiy sado bo‘ladi”,, “Deydilar, it hurar o‘tadi karvon”, “Bulbul o‘gay erur zog‘lar orasida kabi to‘rtliklarida xalq maqollaridan zargarona foydalanilgan”. Shoir bu maqollarni shunchaki o‘z fikrini isbotlash uchungina keltirmay, balki bu maqollarni yangi qirralar bilan, o‘zgacha jilolar bilan boyitgani uning novatorligidir.

Bozorga o‘xshaydi asli bu dunyo,
Bozorga o‘xshaydi bunda ham ma’ni.
Ikkisi ichra ham ko‘rmadim aslo
Molim yomon degan biror kimsani[42].

Shoir bu to‘rtligiga “Men anglab yetgan falsafa” deb sarlavha qo‘yibdi. Ha, shoir anglab yetgan falsafa bu tiriklik bozorining mangu haqiqat bo‘lgan falsafasidir.

SHOIR BADIIYATI HAQQONIYLIKDIR

Abdulla Oripov she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirar ekanmiz, uning yana bir xisslati haqida to‘xtalib o‘tmog‘imiz joizdir. Bu xislat shoir she’rlaridagi badiiyatdir.


“Lirik poeziyani faqat muzika bilan solishtirish mumkin,” — degan edi V.G. Belinskiy. Yana u so‘z ma’nosi yo‘qolib, his va musiqiy sadoga aylanishi haqida ham ajoyib fikr aytgan[43]. Poeziyani “his va musiqiy sadoga” aylantiruvchi omil, bu- she’rning badiiyatidir.

Badiiyat – bu, go‘zallikdir, tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan she’riy tafakkur go‘zalligidir. “Go‘zallikning o‘zi muhim g‘oya. Bu go‘zallikni bo‘lib-bo‘lib tahlil etish daryodagi erkin baliqni tutib, pichoqda kesib, a’zolarini tekshirib, yana suvga qo‘yib yuborish bilan teng. Baliq faqat suvda yayragandagina odamning havasini keltiradi. To‘g‘ri, suvdagi baliqni tamosho qilishdan ko‘ra uni yeyishni afzal ko‘radigan odamlar ham oz emas. Bunday hissiz odamlar faqat san’at go‘zalligini emas, hayot go‘zalligini ham ko‘rmaydilar. To‘g‘risi, kun kechiradilar”[44], — deb yozadi taniqli munaqqid Mahkam Mahmudov.

Badiiyat, Mahkam Mahmudov iboralari bilan aytganda, “inson qalbidagi manzaralarning cheksiz bo‘yog‘ini his etmoqdir”. Shoir so‘zdan tuyg‘u yaratadi, tuyg‘ular orqali, tuyg‘ular bo‘yog‘i bilan esa inson qalbining manzaralarini chizib beradi.

Mahkam Mahmudov yozadi: “So‘zning buyuk qudratini zarracha inkor etmaganimiz holda, shuni aytishimiz kerakki, tuyg‘u agar daryo bo‘lsa, so‘z uning qirg‘og‘i, tuyg‘u agar parivash qiz bo‘lsa, so‘z uning surati, tuyg‘u agar gulzor bo‘lsa, so‘z- rassomning bo‘yog‘i. Yong‘oqdan murod uning mag‘zi, qig‘oqdan murod uning suvi. Suratdan murod uning sohibasi, bo‘yoqlardan murod gulzorning o‘zi”[45].

Munaqqid fikrlaridan anglashiladiki, she’riyatning ham asl murodi inson tuyg‘ulariga ta’sir etmoqdir. Lekin she’riyatda badiiylik bo‘lsagina inson tuyg‘ulariga ta’sir etadi. Yolg‘ir fikrning o‘zi inson qalbiga, uning tuyg‘ulariga ta’sir etmaydi. She’riyat esa tuyg‘ularga ta’sir eta olish qudrati bilan boshqa san’atlardan farq etadi.

Filologiya fanlari kandidati, dotsent Muhammadjon Madg‘oziyev “Badiiylik nima, menga tushuntirib bersangiz”, — deb xat yozgan havaskorlarga shunday javob yozibdilar: “ So‘rab ko‘ring-chi, asalari asal yig‘ishni kimdan o‘rgangan ekan, gullar rango rang ochilishni va muattar bo‘y sochish haqida kimdan maslahat olgan ekan? Badiiylik ham xuddi shuning kabi hayotiylik va haqqoniylikdadir”[46].

Abdulla Oripov she’riyatining qudrati ham uning yuksak darajadagi badiiyligidadir. Lekin uning she’rlarida sun’iy badiiylik, zo‘rma-zo‘raki o‘xshatishlar, mantiqqa zid bo‘lgan jonlantirishlar orqali badiiyat yaratilmaydi. Uning har bir iborasi, har bir tashbehi ayni haqiqatdir. Mana, uning “Bahor” she’rida shunday misralar bor:

Qaydadir shoira kuylaydi behol,


Mening ham oy kabi ko‘nglim yarimta[47].

“Yarimta ko‘ngil” va “yarim oy” –naqadar haqqoniy va go‘zal tashbeh. Agar yarimta ko‘ngilga yarim oy o‘xshatilmaganida, shunchaki fikrning o‘zi, ya’ni darak gap bo‘lib qolar edi. “Yarimta oy” bu – haqqoniy badiiyat va shoir she’riga mangulik bag‘ishlagan omildir.

Shoirning ko‘pdan ma’lum va mashhur she’rlaridan biri “Nay” she’ridir. Undagi badiiylik hayotning, haqiqatning o‘zidir. Qamishning “adirlarda durkun yashagani” ham, odamlar uning tanasini pichoq bilan kesib olganlari ham, ko‘zi va bag‘rini o‘yib olganlari-yu, bu ham yetmagandek, bo‘g‘ziga lablarini qo‘yib puflaganlari ham haqiqatdir. Alamiga chiday olmay sho‘rlikning nola chekib yuborgani, odamlar esa qamishni yig‘latib qo‘yib, rohat qilganlari ham rost.

Bu tashqi ko‘rinishdagi haqiqatdan tashqari majoziy haqiqat ham bor. Bu ham bo‘lsa, inson yurak-bag‘ri alamlardan sitilib, chok-chok bo‘lganidan qamishdan nay yasab, o‘z dardlarini kuylashga ehtiyoj sezganidir. Haqqoniy va hayotiy badiiyatning qudrati ana shundadir.

Abdulla Oripov she’riyatining qalblarga yaqin va barchaga sevimli qilgan xususiyatlaridan biri ana shundadir.

XULOSA


Abdulla Oripov she’riyati, xalq va adabiyotshunoslik bir ovozdan e’tirof etganidek, o‘zbek poeziyasida muhim o‘ringa, katta salmoqqa ega bo‘lgan she’riyatdir.

Uning she’riyatidagi xalq qalbiga yaqinlik, xalq dilidagi quvonch va shodlik, armon va dardlarni topib so‘ylash, insonning rangin tuyg‘ularini rassomona ko‘z bilan ilg‘ab, musiqiy misralarda ifodalash, uning she’riyatidagi badiiy haqqoniyat uyg‘unligi – shoir she’rlarining takrorlanmas, o‘ziga xos xususiyatlaridandir.

Abdulla Oripovdek shoirning qalbi ona zamin yanglig‘ saxovatlidir. Zamin bag‘rida turfa xil gullar ochiladi, tikanlar o‘sadi. Shu kabi shoirningqalbi ham o‘z tuyg‘ularidan turfa xil gullar – she’riyat gullarini armug‘on etadi.

Chindan ham Abdulla Oripovning she’rlari mohiyat e’tibori bilan voqe bo‘lgan she’rlardir. Biz uchun, “shoir bir yurt” bo‘lgan O‘zbekiston uchun shoir ham, uning she’rlari ham hamisha aziz va ardoqlidir.

BIBLIOGRAFIYA

Abdulla Oripov. Yuzma-yuz. — G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent, 1978.


Abdulla Oripov. Yillar armoni. — G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent, 1984.
Abdulla Oripov. Najot qal’asi. — G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent, 1980.
Abdulla oripov. Surat va siyrat. — “Yosh gvardiya” nashriyoti, Toshkent, 1981.
Abdulla Oripov. Mitti yulduz. — Toshkent, 1965.
Abdulla Oripov. Surat va siyrat. — “Yosh gvardiya” nashriyoti, Toshkent, 1981.
Abdulla Oripov. Ko‘zlarim yo‘lingda. — Toshkent, 1966.
Abdulla Oripov. Onajon. — Toshkent, 1969.
Abdulla Oripov. Ruhim. — Toshkent, 1971.
Abdulla Oripov. Hayrat. — Toshkent, 1974.
Belinskiy V.G. Poeziyaning xil va turlarga bo‘linishi. — Toshkent, 1975.
Boboyev T. Adabiyotshunoslikka kirish. — “O‘qituvchi” nashriyoti, Toshkent, 1979.
Matyoqub Qo‘shjonov. Onajonim she’riyat. — “O‘qituvchi” nashriyoti, Toshkent, 1984.
Mahkam mahmudov. Abadiyat lahzalari. — G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent, 1981.
M. M.Madg‘oziyev. Nozim va nozimalarga xat – “Kommuna” gazetasi, 1976 yil 27 yanvar.
M. Madg‘oziyev. Kitobxon kundaligi. Qo‘zyozma.
S. Mamajonov. Saylanma. — G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent, 1981.
N. Xudoyberganov. Ehtiros to‘lqinlari. — G‘afur g‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyati. Toshkent, 1970.
Norboy Xudoyberganov. Cho‘qqilar chorlaydi. — G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent, 1978.
Ibrohim G‘afurov. Yurak-alanga. — G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent, 1979.
N. Rahimjonov. Qalbning to‘rt fasli. – “O‘zbekiston madaniyati” gaz., 1979 yil 28 avgust.
Sh. Homidiy va boshq. Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati. — “O‘qituvchi” nashriyoti, Toshkent, 1970.
Yüklə 23,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə