Termiz davlat pedagogika institutining milliy g'oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi yo'nalishi 2-bosqich 203-guruh talabasi abdalimov abdulmalik



Yüklə 88,5 Kb.
tarix29.11.2023
ölçüsü88,5 Kb.
#142647
Fuqarolik huquqi 2.


TERMIZ DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTINING
MILLIY G'OYA, MA'NAVİYAT
ASOSLARİ VA HUQUQ TA'LIMI YO'NALISHI 2-BOSQICH
203-GURUH TALABASI
ABDALIMOV ABDULMALIK

Mavzu: Fuqarolik huquqining metodlari va vazifalari.


Reja:


1. Fuqarolik huquq layoqati tushunchasi
2. Huquq layoqatining boshlanishi va tamom bo`lishi
3. Fuqarolarning muomala layoqati
4. Vasiylik va homiylik
5. Xususiy tadbirkor fuqarolarning huquqiy maqomi
6. Fuqarolarning turar joyi
7. Fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish yoki vafot etgan deb e`lon qilish
8. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish

Fuqarolik huquq layoqati tushunchasi


Huquq subyektlarini belgilaydigan asosiy huquqiy xusu-siyatlar huquq va muomala layoqatlaridan iborat. Fuqarolik huquq va burchlariga ega bo`lish layoqati (huquq layoqati) teng ravishda e`tirof etiladi (FK, 17-modda). Har bir shaxs fuqarolik huquq va burchlariga ega bo`lish layoqatiga molik bo`lmay turib, fuqarolik huquqining subyekti bo`la olmaydi. Bu qoida, odatda, yuridik shaxslarga taalluqli bo`lsada, jismoniy shaxslar uchun ham ahamiyatli hisoblanadi.
Davlat hayotning moddiy sharoitlariga qarab fuqarolarning huquq layoqati, ya`ni muayyan huquq va burchlarga ega bo`lish layoqatini belgilaydi. Huquq layoqatining belgilari va mazmuni jamiyatdagi ishlab chiqarish munosabatlaridan kelib chiqadi.
Fuqarolik huquq layoqati fuqarolarga o`zlarining moddiy va madaniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida xilma-xil huquqiy munosabatlarga kirishishning yuridik imkoniyatini beradi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida aytilganidek, O`zbekiston Respublikasidagi barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo`lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar, qonun oldida tengdirlar. Ushbu qoidaga asoslangan holda fuqarolik huquqida fuqarolar huquq layoqatida teng hisoblanadilar. YA`ni barcha fuqarolarga bir xildagi huquq va burchlar belgilanadi.

O`zbekiston Respublikasi fuqarolari huquq layoqatining maz-muni Konstitutsiyaning “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” nomli ikkinchi bo`limidagi qator moddalarda keng ta`riflangan va mustahkamlangan. Ularda fuqa-rolarning mol-mulkka ega bo`lishi, meros olishi, meros qoldirishi, kasb va turar-joy tanlash, fan, adabiyot, san`at asarlari yaratish, tadbirkorlik faoliyati bilan va umuman qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shug`ullanish, shuningdek boshqa keng mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo`lishlari mumkinligi aytilgan va asosiy qonun doirasida mustahkamlangan.


O`zbekiston Respublikasida fuqarolarning fuqarolik huquq layoqati mazmunini FKning 18-moddasida mustahkamlab qo`yilgan. Unga asosan fuqarolar:
–mulk huquqi asosida mol-mulkka ega bo`lishlari;
–mulkni meros qilib olishlari va vasiyat qilib qoldirish-lari;
–bankda jamg`armalarga ega bo`lishlari;
–tadbirkorlik, dehqon (fermer) xo`jaligi bilan hamda qonun-da taqiqlab qo`yilmagan boshqa faoliyat bilan shug`ullanishlari;
–yollanma mehnatdan foydalanishlari, o`zlari mustaqil ra-vishda yoki boshqa fuqarolar va yuridik shaxslar bilan birgalikda yuridik shaxslar tashkil etishlari;
–qonunga zid bo`lmagan har qanday bitimlar tuzishlari va majburiyatlarda qatnashishlari;

–boshqa shaxslar tomonidan yetkazilgan zararning to`lanishini talab qilishlari;


–mahsulot turini va yashash joyini tanlashlari;
–fan, adabiyot va san`at asarlarining, ixtirolarning, qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa intellektual faoliyat natijalari-ning muallifi huquqiga ega bo`lishlari;
–shuningdek, boshqa mulkiy va shaxsiy huquqlarga ega bo`lishlari mumkin.
Qonunda belgilangan hollar va tartibdan tashqari, hech kim-ning huquq va muomala layoqati cheklanishi mumkin emas. Fuqaro-ning huquq va muomala layoqatidan to`la yoki qisman voz kechishi haqidagi, shuningdek o`z huquq va muomala layoqatini cheklashga qaratilgan bitimlar qonun yo`l qo`ygan hollardan tashqari o`z o`zidan haqiqiy emas deb hisoblanadi (FK, 23-modda). O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 43-moddasi ayrim fuqarolik huquqlaridan, chunonchi xizmat bo`yicha cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish hollarini ko`zda tutadi. Jinoyat qonunida huquqdan mahrum qilish vaqtincha chora sifatida ko`zda tutiladi[33].
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45-moddasida ko`rsatilganidek, muayyan huquqdan mahrum qilish bir yildan besh yilgacha muddatga tayinlanishi mumkin. Bu muddat o`tgach, fuqaro yana o`zi mahrum qilingan o`sha huquqni qonuniy asoslarda qo`lga kiritishi mumkin bo`ladi.

Huquq layoqatining boshlanishi va tamom bo`lishi


Huquq layoqati kishi tug`ilganidan to o`limigacha undan ajralmaydi, u bilan birga bo`ladi. Yangi tug`ilgan chaqaloq ham har xil huquqlarga, chunonchi, yashash huquqi, ovqatlanish huquqi, erkin bo`lish huquqi kabi qator tabiiy huquqlarga, shu jumladan, ota-onalardan tarbiya olish va boshqa huquqlarga ega bo`ladi. Aqli zaif va ruhiy xastalar ham huquq subyekti bo`lib hisoblanadi. Ular, xususan, davolanish, pensiya olish va boshqa huquqlarga ega. Ularning mulkiy huquqlari to`liq hajmda saqlanadi.


Kishi tug`ilishi bilan uning hayoti boshlanganidek, tug`ilishi bilan huquq subyekti sifatida yashashi ham boshlanadi. Kishining tug`ilish fakti muhim yuridik ahamiyatga ega bo`lganligi tufayli bolaning tug`ilishi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo`limida (FHDYO) davlat ro`yxatidan o`tkaziladi. Ro`yxatdan o`tkazilmaslik tug`ilgan bolaning huquqiga ta`sir etmaydi, faqat uning huquqlarini ro`yobga chiqarish uchun zarur harakatlarni amalga oshirishda qiyinchilik tug`diradi.
Kishining huquq layoqati uning tug`ilishi bilan boshlansa ham, qonun ba`zi hollarda hali tug`ilmagan bolaning – kelgusidagi hu-quq subyektining manfaatlarini ham e`tiborga oladi va qo`riq-laydi. Masalan, qonunga asosan meros qoldiruvchi vafot etgan, ya`ni qonun belgilangan tartibda meros ochilganidan so`ng tug`ilgan bolalari ham voris bo`la oladilar (FK, 1118-modda). Uy-joy kodek-sida ko`rsatilganidek, fuqarolarga uy-joy berilganida, turar-joy hajmini belgilashda oilada homilador ayollarning bo`lishi ham hisobga olinadi.
Huquq layoqati kishi, ya`ni huquq subyekti vafot etishi bilan tamom bo`ladi. O`lgan kishining to o`limiga qadar ixtiyorida bo`lgan huquq va zimmasidagi majburiyatlarning bir qismi (mulkiy, shaxsiy huquq va majburiyatlari) bekor bo`ladi, shu bilan birga ba`zi mulkiy huquqlar vorislarga o`tadi. O`lim qator huquqiy oqibatlar tug`diradigan faktdir. Shuning uchun o`lim ham tug`ilish singari fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo`limi (FHDYO) da oila qonunchiligiga muvofiq qayd etiladi.
Normal tartibda guvohlantirilgan o`lim hollaridan tashqari, qonun fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish va vafot etgan deb e`lon qilish institutini ham belgilaydi.
Fuqarolarning muomala layoqati
Muomala layoqati fuqarolarning o`z harakatlari bilan fuqa-rolik huquqlarini olish, amalga oshirish, o`zlari uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqatidir (FK, 22-modda). Muomala layoqatini yuridik harakatlar qilish, ya`ni qonun bo`yicha ma`lum huquqiy oqibatlar qilish layoqati deb ham ta`riflash mumkin (masalan, shartnomalar tuzish, yetkazilgan zararni to`lash va hokazolar).
Muomala layoqatining huquq layoqatidan farqi shuki, barcha fuqarolar ham muomala layoqatiga ega bo`lavermaydilar. Muomala layoqatiga ega bo`lishning sharti shundan iboratki, muomala layoqa-tiga ega bo`lgan fuqarolar aqli rasolik bilan o`z harakatlarining oqibatlarini tushunib harakat qiladilar. Ma`lumki, yangi tug`ilgan bola to`la huquq layoqatiga ega bo`lsa ham, o`z harakatlari bilan bironta huquq va majburiyat olmaydi. Ongli harakatlar qilish layoqati faqat ma`lum yoshga yetgandan keyingina boshlanadi. Binobarin, fuqarolik muomala layoqatining fuqaro to`la hajmda voyaga yetish bilan vujudga kelishini ko`rsatadi. Voyaga yetish 18 yoshga to`lish bilan boshlanadi. Bu yoshga yetish bilan kishi fuqarolik-huquqiy munosabatlarda, jumladan, mulkiy munosabatlarda to`la qatnashuvchigina bo`lib qolmay, siyosiy huquqlar bilan birga, boshqa fuqarolik huquqlari va majburiyatlarini ham oladi.

Qonun voyaga yetish yoshini belgilash bilan bir qatorda, voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan o`tgan fuqaro nikohdan o`tgan vaqtdan e`tiboran to`la hajmda muomala layoqatiga ega bo`lishini ham belgilaydi (FK, 22-modda).


Voyaga yetgan fuqarolar teng darajada muomalaga layoqatli hisoblanadilar. Fuqarolarning muomala layoqati faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina cheklanishi mumkin. Fuqaroning muomala layoqatini cheklashga qaratilgan bitimlar o`z o`zidan haqiqiy emas (FK, 23-modda).
To`la muomala layoqati yuqorida ko`rsatilganidek, o`n sakkiz yoshga yetgan fuqarolarga berilgani sababli bu yoshga to`lmagan shaxslarning huquqiy holatini belgilashda ular ikkiga bo`linib, ya`ni o`n to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga yetmagan va o`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan voyaga yetmagan shaxslar muomala layoqati o`ziga xosligi bilan ajralib turadi.
O`n to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) to`la ravishda muomalaga layoqatsiz hisoblanadilar.
Olti yoshdan o`n to`rt yoshgacha bo`lgan bolalar:
1) mayda maishiy bitimlar;
2) tekin manfaat ko`rishga qaratilgan, notarial guvohlanti-rish yoki davlat ro`yxatidan o`tkazishni talab qilmaydigan bitimlar;
3) qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablag`larni tasarruf etish borasidagi bitimlarni amalga oshirishga haqlidirlar (FK, 29-modda).

N.Ashurovaning fikricha, kichik yoshdagi bolalar mustaqil tuza oladigan mayda maishiy bitim deganda, bola yoki uning oila a`zo-larining odatdagi, xar kungi ehtiyojini qondirishga qaratilgan va yuqori bo`lmagan bahodagi bitim tushuniladi. Bitimning mayda maishiy bitim ekanligini belgilovchi ikki shart mavjud bo`lishi talab etiladi. Birinchisi, odatdagi, har kungi ehtiyojlarni qondirishga qaratilganligi va ikkinchisi, yuqori bo`lmagan bahoda bo`lishi talab etiladi[34].


O`n to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlar uchun bitimlarni ularning nomidan ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzadilar.
Birovga yetkazilgan zararlari uchun ham kichik yoshdagi bolalar javobgar bo`lmaydilar. Ular uchun ota-onalari yoki boshqa nazoratchilari javobgardir. O`n to`rt yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlarning banklarga omonat qo`yish va ularni tasarruf qilish huquqlari qonun bilan belgilanadi.
O`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlar (o`smirlar) qisman muomalaga layoqatli bo`lib, qonuniy vakillari (ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylari) ning roziligi bo`lgan taqdirda o`z harakatlari bilan huquq va majburiyatlar olishlari mumkin.
O`smirlar bitimlarni ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining roziligi bilan tuzadilar. Ammo ular mustaqil ravishda o`zlarining ish haqlari yoki stipendiyalarini tasarruf qilishga, o`z asarlari, ixtirolariga bo`lgan mualliflik hamda ixtirochilik huquqlarini, o`z kashfiyotlariga bo`lgan huquqlarini amalga oshirishga, kredit muassasalariga mablag`lar qo`yish va ularni tasarruf etishga, shuningdek mayda maishiy bitimlarni tuzishga haqlidirlar. Ular 16 yoshdan kooperativlarga a`zo bo`lib kirishlari mumkin.

Yetarli asoslar mavjud bo`lganida sud qonuniy vakillari yoxud vasiylik va homiylik organining iltimosnomasiga ko`ra o`smirning o`z ish haqi yoki stipendiyasini mustaqil tasarruf qilish huquqini cheklashi yoki bu huquqdan mahrum etishi mumkin (FK, 27-modda 8-band).


O`smirlar boshqa shaxslarga yetkazilgan zararlari uchun FK bilan belgilangan tartibda javobgar bo`ladilar.
Ruhiy kasallar va aqli zaiflar to`la hajmda muomalaga layo-qatsiz hisoblanadilar. Ongli harakatlar qilish va o`z harakat-larining yuridik oqibatlarini hisobga olish layoqati (muomala layoqati) ga, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli ega bo`lmagan fuqaro – muomala layoqatiga ega emas deb tanilishi mumkin. Har qanday ruhiy kasallik yoki aqli zaiflik fuqaroni ongli harakatlar qilish va fuqarolik muomalasida qatnashish layoqatidan mahrum qilmaydi. Ruhiy holat buzilishi faktining o`zigina kishini muomalaga layoqatsiz deb topishga asos bo`lmaydi. FKda ko`rsatilishicha, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli o`z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni idora qila olmaydigan fuqaro sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilishi mumkin, shu munosabat bilan unga nisbatan vasiylik belgilanadi (FK, 30-modda).
Ruhiy kasalni yoki aqli zaif kishini sud tomonidan tayin-langan psixiatr (ruhshunos)larning ishtiroki bilan bo`ladigan maxsus komissiya tomonidan ko`rib tekshirish va uning natijalari haqida dalolatnoma tuzish sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topish haqida hal qiluv qarori chiqarish uchun asos bo`ladi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni ularning vasiylari tuzadilar.

Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishiga sabab bo`lgan asoslar bekor bo`lsa, sud uni muomalaga layoqatli deb topadi va belgilangan vasiylikni bekor qiladi (FK, 30-modda). Qonun ba`zi hollarda voyaga yetgan fuqarolarning muomala layoqatini cheklash hollarini nazarda tutadi, chunonchi, FKning 31-moddasida ko`rsati-lishicha, spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiiste`mol qilish natijasida o`z oilasini og`ir moddiy ahvolga solib qo`yayotgan fuqaroning muomalaga layoqati FPKda belgilangan tartibda sud tomonidan cheklab qo`yilishi mumkin. Bunday holda u mayda maishiy bitimlarni istisno qilganda, qolgan bitimlarni homiyning roziligisiz tuza olmaydi.


Agar fuqaro spirtli ichimlik yoki narkotik moddalarni suiiste`mol qilishni tashlasa, sud uning muomalaga layoqati cheklanganligini bekor qiladi. Sud qaroriga asosan unga nisbatan belgilangan homiylik ham bekor qilinadi.
Vasiylik va homiylik

Muomalaga layoqatsiz fuqaro shaxsini, uning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda mulkiy huquqlarini qo`riqlash uchun vasiylik va homiylik belgilanadi.


Vasiylik shundan iboratki, bunda muomalaga layoqatsiz shaxs – o`n to`rt yoshga to`lmagan fuqarolar, ruhiy kasal va aqli zaiflar nomidan vasiy sifatida harakat qiladi hamda o`zining harakatla-ri bilan vasiylikka olingan shaxs uchun huquq va majburiyatlar tug`diradi.

Homiylikda homiylar qisman muomala layoqatiga ega bo`lgan shaxslarga (o`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan fuqarolarga) o`z huquqlarini amalga oshirish, majburiyatlarni bajarishda yordam ko`rsatadilar, shuningdek ularni uchinchi shaxslarning ba`zan bo`lishi mumkin bo`lgan yomon niyatli harakatlaridan saqlaydilar. Homiylik ba`zi hollarda jismoniy kamchiliklari bo`lgan, masalan, ko`zi ojiz (ko`rlik), mayiblik sababli o`z huquqlarini o`zlari amalga oshira olmaydigan va himoya qila olmaydigan to`la muomala layoqatiga ega bo`lgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Bunday shaxslarga nisbatan homiylikning vazifasi huquqlar olish yoki ularni amalga oshirish bilan bog`liq turli harakatlarni ular uchun bajarishdan iborat.


Bolaning ota-onasi olti oydan ortiq muddatda bo`lmagan hollarda, agar bolaning manfatlari uchun zarur bo`lsa, ularga nisbatan ham vasiylik va homiylik belgilanadi[35].
Mahalliy organlar vasiylik va homiylik organlari bo`la oladi. Ular voyaga yetmaganlarga nisbatan vasiylik harakatlarini amalga oshirishni yosh bolalarga nisbatan xalq ta`lim bo`lim-lariga, ruhiy kasal va aqli zaiflarga nisbatan sog`liqni saqlash bo`limlariga, vasiylikka olinuvchilarning boshqa toifalariga nisbatan esa ijtimoiy ta`minot bo`limlariga yuklaydilar. Vasiylik va homiylik qishloq joylarida fuqarolik yig`inlari tomonidan belgilanadi.
O`zbekiston Respublikasidan tashqarida yashaydigan, ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan O`zbekiston Respublikasi-ning voyaga yetmagan fuqarolariga va sog`lig`i tufayli o`z huquqini mustaqil ravishda amalga oshira olmaydigan, o`z majburiyatlarini bajara olmaydigan O`zbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarolariga vasiylik va homiylik faoliyatini amalga oshirish O`zbekiston Respublikasining konsullik idoralari zimmasiga yuk-lanadi. Agar vasiylikka olinuvchining mulki u turgan joyda bo`l-masa, ikki vasiy: biri – uning o`ziga nisbatan, ikkinchisi – vasiy-likka olingan shaxsning mulkiga nisbatan tayinlanishi mumkin.
Ota-onalar vasiylik va homiylik vazifalariga alohida tayinlanmay, vasiylik va homiylik qonun bo`yicha bajaradilar. Ota-onalari bo`lmagan taqdirda yoki ular amalda bu vazifani bironta sabab, masalan, qamoqda yoki shifoxonada bo`lishi tufayli bajara olmasalar yoki ota-onalik huquqidan mahrum bo`lgan bo`lsa-lar, vasiylik va homiylik organlari vasiy va homiyni, birinchi navbatda, vasiylikka olinuvchiga yoki homiy tayinlanayotganga yaqin shaxslardan biriga tayinlaydi.
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslar, sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilinganlar yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar sobiq farzandlikka oluvchilar-ning farzandlikka olganligi Oila kodeksining 169-moddasiga muvofiq bekor qilingan shaxslar (ya`ni, o`z zimmalaridagi majbu-riyatlarni bajarishdan bo`yin tovlayotgan yoki ularni lozim dara-jada bajarmayotgan, ota-onalik huquqini suiiste`mol qilayotgan, farzandlikka olinganlarga nisbatan, shafqatsizlik bilan muoma-lada bo`layotgan, muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubta-lo bo`lgan shaxslar) qonun bilan zimmalariga yuklangan majburiyat-larni lozim darajada bajarmaganliklari yoki o`z huquqlarini suiiste`mol qilganliklari uchun vasiylik (homiylik) vazifa-laridan chetlatilgan shaxslar, ruhiy yoki narkologik muassasalarda ro`yxatda turganlar, qasddan sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilingan shaxslar vasiy va homiy qilib tayinlanishi mumkin emas[36].
Vasiy va homiyning asosiy vazifasi vasiylikka olinuvchining shaxsi va mulki yuzasidan g`amxo`rlik qilishdan, vasiylikka olinuvchining manfaatlarini qo`riqlashdan iborat. Binobarin, vasiylikka oluvchi o`ziga ishonilgan mulkdan o`zi uchun hech qanday foyda olmasligi lozim. U vasiylikka olingan shaxsni asrash va uning mulkini idora etish xarajatinigina undirishga haqli. Umumiy qoida bo`yicha vasiylik va homiylik vazifalari bepul bajariladi. Vasiy va homiy o`z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsga ta`minot berishga majbur emas. Vasiy va homiyning o`z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsning ta`minoti uchun qilgan xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu shaxsning mablag`i hisobidan qoplanadi, bu mablag` yetarli bo`lmagan taqdirda esa, uning ta`minoti uchun vasiylik va homiylik organlari nafaqa tayinlashi mumkin.
Vasiy vasiylikka olingan shaxs tomonidan bitimlar tuzishga haqli, lekin vasiylikka olinuvchining mulkiy ahvoliga yomon ta`sir etadigan bitimlar tuzishda vasiylik organlarining roziliklari bilan ish qilish lozim. Notarial guvohlantirishni talab qiladigan shartnomalar tuzish, vasiylikka olingan shaxsga qarashli mulkiy huquqlardan voz kechish, mulkni taqsimlash va shu kabi harakatlar uchun vasiylik organlarining roziligi zarur. Yosh bolalarga qarashli imoratlarni sotish uchun vasiylik organlari-dan maxsus ruxsat olinishi kerak.
Vasiy vasiylikka olingan shaxsning o`zi bilan va uning nomi-dan o`zining yaqin kishilari bilan bitimlar tuza olmaydi, chunki bunda vasiylikka olinuvchining manfaatlariga zarar keltirib, o`ziga yaqin kishilarning manfaatlariga ustunlik berish xavfi bor.
Vasiy voyaga yetmaganlarning tarbiyalanishlari, sog`liklari haqida g`amxo`rlik qilishga va ular bilan birga turishga majbur. Ruhiy kasallarning vasiylari esa, ularni davolash va sog`lik-lariga muvofiq sharoitda asrash tadbirlarini ta`minlashlari lozim.

Homiylar g`amxo`rlik qilish uchun o`zlariga ishonilgan shaxs-larga, ularning huquq va majburiyatlarini amalga oshirishlarida yordam ko`rsatadilar, ularni uchinchi shaxslarning yomon niyatli harakatlaridan saqlaydilar. Bitim tuzish uchun vasiylik va homiylik organlarining roziliklari talab qilinmagan hollarda, bitimlar tuzishga rozilik bera oladilar.


Vasiylar va homiylar o`z himoyalaridagi shaxslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maxsus vakolatlarsiz himoya qila oladi-lar (FK, 32-modda).
Vasiylik va homiylik bilan bog`liq bo`lgan munosabatlarga oid asosiy qoidalar Oila kodeksi hamda vasiylik va homiylik organlari to`g`risidagi Nizom bilan tartibga solinadi.
Xususiy tadbirkor fuqarolarning huquqiy maqomi

Ma`lumki, tadbirkorlik faoliyatining subyekti jismoniy shaxslar ham bo`lishi mumkin. FKning tegishli normalarida, chunonchi, 18-moddaning talabiga ko`ra, fuqarolar mulk huquqi asosida mol-mulkka ega bo`lishlari dehqon va fermer xo`jaligi tashkil etishlari, tadbirkorlik hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyat bilan shug`ullanishlari, shuningdek yollanma mehnat asosida faoliyat yuritishlari mumkinligi belgilanadi.


Umumiy qoida bo`yicha, fuqarolar 18 yoshga to`lib, to`liq muomala layoqatiga ega bo`lgach, xususiy tadbirkorlik bilan shug`ullanishga haqli. Biroq FKning 28-moddasiga asosan 16 yoshga to`lgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi bo`yicha ishlayotgan bo`lsa, yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotgan bo`lsa, u to`la muomalaga layoqatli deb e`lon qilinishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsni to`la muomalaga layoqatli deb e`lon qilish (emansipatsiya) ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud bunday rozilik bo`lmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi. Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari bo`yicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar bo`yicha, tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq majburiyatlar bo`yicha javobgar bo`lmaydilar. Emansipatsiya qilingan voyaga yetmagan tadbirkorga nisbatan FKning 27-moddasi 1-2-bandi qo`llanilmaydi.
Xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan fuqaro tuman (shahar) hokimligiga zarur hujjatlar taqdim etgan holda ariza bilan murojaat qiladi. Agar tadbirkor maxsus ruxsatnoma talab etiladigan faoliyat turi bilan shug`ullanish istagini bildirsa, tegishli organlarning xulosasini ham taqdim etishi lozim. Yuridik shaxs bo`lmasdan o`z faoliyatini amalga oshiruvchi xususiy tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tkazilgan jismoniy shaxsga u, albatta, davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risida guvohnoma beriladi va tegishli hududiy soliq organida qayd etiladi. Shu paytdan boshlab fuqaro tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishga haqli. Uning faoliyatiga nisbatan FKning tijorat tashkilotlari bo`lgan yuridik shaxslar faoliyatini tartibga soluvchi qoidalari qo`llaniladi. Davlat ro`yxatidan o`tmasdan turib xususiy tadbirkorlik bilan shug`ullanganlik uchun qonunlarda tegishli javobgarlik mavjud.

Yakka tadbirkor kreditorlarning u tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog`liq bo`lgan talablarini qanoatlantirish-ga qodir bo`lmasa, bunday tadbirkor belgilangan tartibda bankrot deb topilishi mumkin. Yakka tadbirkorni bankrot deb topish rasm-rusmlarini amalga oshirish jarayonida uning tadbirkorlik fao-liyatini amalga oshirish bilan bog`liq bo`lmagan majburiyatlari bo`yicha kreditorlari ham o`z talablarini qo`yishga haqli. Mazkur kreditorlarning ushbu tartibda qo`yilgan talablari yakka tadbirkor bankrot deb topilganidan keyin ham o`z kuchini saqlab qoladi (FK, 26-modda).


Xususiy tadbirkorga berilgan guvohnoma muddati tamom bo`l-ganida, qonunga nomuvofiq faoliyat yuritganda, jumladan, ruxsat olish asosida shug`ullanish lozim bo`lgan faoliyat bilan ruxsatsiz shug`ullanganda xususiy tadbirkorlik huquqi bekor bo`ladi. Xususiy tadbirkor o`z xohishiga ko`ra guvohnomada ko`rsatilgan muddatdan oldin ham tadbirkorlik faoliyatini to`xtatishga haqli.
Bugungi kunda yakka tadbirkor fuqaro ham mustaqil, yuridik shaxs tuzib, faoliyat yuritish ham mustahkamlandi. Masalan, dehqon xo`jaligi[37] yoki xususiy notarial idoralar[38] shular jumlasidandir.

Fuqarolarning turar joyi


Fuqaroning doimiy turar joyi fuqarolik huquqi uchun muayyan ahamiyatga egadir. Fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi, deb ko`rsatiladi. O`n to`rt yoshga to`lgan voyaga yetmaganlarning (kichik yoshdagi bolalarning) yoki vasiylikda bo`lgan fuqarolarning qonuniy vakillari, ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari yashaydigan joy voyaga yetmaganlar yoki vasiylikda bo`lgan fuqarolarning yashash joyi hisoblanadi (FK, 21-modda).


Turar joy tanlash huquqi muomalaga layoqatli fuqaroning o`zi tomonidan belgilanadi. Turar joy tanlash huquqi faqat qonunda nazarda tutilgan hollar va tartibdagina, masalan, ozodlikdan mahrum qilinishi hollarida maxsus ijozat olish yo`li bilan joylashish mumkin hududlarda cheklanishi mumkin.
Odatda, fuqaro yashash uchun qayerda ro`yxatdan o`tgan bo`lsa, shu joy uning turar joyi hisoblanadi. Fuqaroning turar joyi qonun-ga muvofiq ko`p hollarda huquqiy ahamiyatga ega. Chunonchi, fuqaro-lik da`volari bilan, qoidaga ko`ra javobgarning turar joyi hudu-didagi sudga murojaat qilinadi. Ammo ba`zi da`volar, masalan, aliment undirish, zararni to`latish to`g`risidagi da`volar da`vo-garning turar joyidagi sudga bildirilishi mumkin. Majburiyat-larning ko`p qismi qarzdorning turar joyida, pul majburiyatlari esa – kreditor turgan joyda ijro etiladi. Meros qoldirgan shaxs-ning oxirgi doimiy turar joyi bo`yicha meros ochiladi va hokazo.
Turar joy bilan bog`liq huquqiy munosabatlar asosan O`zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi[39] orqali tartibga solinadi.

Fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish yoki vafot etgan deb e`lon qilish


Fuqaroning huquq layoqati uning o`limi natijasida batamom tugaydi. Ammo huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan noaniqlik-larni bartaraf etish uchun shu huquqiy munosabatlarning ishtirok-chilaridan biri bo`lgan fuqaro ayrim sabablarga ko`ra doimiy yashash joyidan uzoq muddatga ketib qolganda, uning haqiqiy yashash joyini aniqlash imkoniyati bo`lmasa, bunday hollarda bedarak yo`qolgan deb topilishi mumkin.


Fuqarolik huquqida, umuman, huquqning boshqa sohalarida ham bedarak yo`qolgan deb topish instituti katta amaliy ahamiyatga ega. Bu institut bedarak yo`qolgan fuqaroning qarindoshlari va boshqa manfaatdor shaxslarning shaxsiy va mulkiy huquqlari ta`minlani-shini kafolatlaydi.
Turmushda shunday voqealar ham bo`ladiki, ba`zan fuqaro o`zining doimiy yashash joyiga uzoq muddat kelmay qo`yadi. U o`zining qayerda turganligi to`g`risida bironta ma`lumot ham yubormaydi. Uning qayerda yashayotganini yoki qayerga ketganini aniqlashga qara-tilgan barcha harakatlar behuda ketadi. Uning tirik yoki o`likli-gini aniqlash mumkin bo`lmaydi. Bunday hollarda ham huquqiy munosabat qatnashchisi bo`lgan fuqaroning ancha vaqt yo`qolib ketishi uning huquqiy munosabatdagi taqdiriga ta`sir qilmasligi kerak. Odatda, bunday fuqaroning doimiy yashab turadigan joyida qandaydir mulklari qoladi. Bu shaxs biron-bir majburiyatda qarzdor yoki kreditor bo`lishi mumkin. U, shuningdek huquq va majburiyatning egasi bo`lgani uchun boshqa kishilarning shaxsi bilan bevosita bog`liq bo`lishi, chunonchi, nikohda bo`lishi, ota-onalik huquq va majburiyatiga ega bo`lishi ham mumkin. Fuqaroning uzoq vaqt doimiy turar joyiga qaytib kela olmasdan bedarak yo`qolib ketishi ko`p vaqtga cho`zilib ketmasligi kerak. Chunki davlat fuqarolik-huquqiy munosabatning bunday beqarorligiga befarq qaray olmaydi. Bedarak yo`qolgan fuqaroning yaqin kishilarining, kreditorlarining, davlatning va nihoyat o`zining shaxsiy manfaat-lari, bunday noaniqlik va beqarorliklarning tugatilishini talab etadi.

Basharti bedarak yo`qolgan fuqaro o`lgan bo`lsa, uning biron-bir huquqiy munosabatda bo`lishi to`g`risida gap ham bo`lishi mumkin emas. Binobarin, unga tegishli bo`lgan huquq va burchlar boshqalarga o`tishi kerak. Manfaatdor shaxslar esa, uning vorislariga nisbatan o`zlarining tegishli e`tiroz va da`volarini bildirish imkoniya-tiga ega bo`lishlari lozim.


Fuqarolik kodeksining 33-moddasi birinchi qismida bedarak yo`qolgan deb topish to`g`risida umumiy qoidalar beriladi. Unga asosan, agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma`lumotlar bo`lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topishi mumkin. Fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish uning fuqarolik huquqlarini bekor qilmaydi. Aksincha, bedarak yo`qolgan deb topilgan fuqaroning huquqlarini himoya qilish uchun zarur choralar amalga oshirilishi talab qilinadi.
Bedarak yo`qolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur bo`lsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgi-lanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv to`g`-risidagi shartnoma (FKning 49-bobi) asosida ish olib boradigan shaxsga topshiriladi. Bu mol-mulkdan bedarak yo`qolgan shaxs qonunga muvofiq boqishi kerak bo`lgan fuqarolarga ta`minot beriladi, uning soliqlar va boshqa majburiyatlar bo`yicha qarzlari to`lanadi (FK, 34-modda).
Manfaatdor shaxslarning arizalari bo`yicha vasiylik va homiylik qiluvchi organ bedarak yo`qolgan fuqaroning mulkini qo`riqlash uchun, shuningdek uning mulkini idora etish uchun, uning qayerda ekanligi to`g`risidagi oxirgi ma`lumot olingan kundan e`ti-boran bir yil o`tishini kutmasdanoq mulkka boshqaruvchi tayinlashi mumkin.

Fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish boshqa huquqiy oqibat-larni ham keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, fuqaroni bedarak yo`qolgan deb topish topshiriq shartnomasining bekor bo`lishiga asos bo`ladi. Agar fuqaro jinoyat qilgan yoxud alimentlarni undirish ishi bo`yicha qidiruvdan yashirinib yurgan bo`lsa, bunday hollarda u bedarak yo`qolgan deb topilmaydi.


Bedarak yo`qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uning bedarak yo`qolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi (FK, 35-modda).
Fuqaroni vafot etgan deb e`lon qilish to`g`risidagi asosiy qoida FKning 36-moddasida berilgan. Bu qoidada aytilishicha, “agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida ma`lumot bo`lmasa, basharti u o`lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo`lgan deb taxmin qilish uchun asos bo`ladigan vaziyatlarda bedarak yo`qolgan bo`lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma`lumotlar bo`lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e`lon qilishi mumkin.
Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yo`qolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom bo`lgan kundan e`tiboran kamida ikki yil o`tganidan keyin sud tomonidan vafot etgan deb e`lon qilinishi mumkin”.
Fuqaro vafot etgan deb e`lon qilinganda uning huquqiy munosabatlari tugaydi, mulkiga nisbatan meros ochiladi, shaxsiy majburiyatlari tamom bo`ladi va hokazo.

Basharti vafot etgan deb e`lon qilingan fuqaro tirik bo`lsa, uning barcha huquqiy munosabatlari amalda davom etaveradi. Vafot etgan deb e`lon qilingan fuqaro qaytib kelgan taqdirda yoki uning qayerda turganligi ma`lum bo`lgan taqdirda, uni vafot etgan deb e`lon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi.


Fuqaroni vafot etgan deb e`lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin u har qanday shaxsdan bu shaxsga bepul o`tib qolgan mavjud mol-mulkini o`ziga qaytarib berishni uch yil (FK, 150-modda talabiga ko`ra) mobaynida sud orqali talab qilishga haqli.
Agar vafot etgan deb e`lon qilingan fuqaroning mol-mulki, uning vorislari tomonidan uchinchi shaxslarga sotilgan bo`lib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom to`lamagan bo`lsalar, bu holda to`lanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga o`tadi.
Vafot etgan deb e`lon qilingan fuqaroning mol-mulkini haq to`lashni nazarda tutadigan bitimlar asosida olgan shaxslar mol-mulkni vafot etgan deb e`lon qilingan fuqaroning tirikligini bila turib, sotib olganliklari isbotlansa, ular fuqaroga bu mol-mulkni qaytarib berishlari shart. Bunday mol-mulkni asli holida qaytarib berishning imkoni bo`lmasa, uning qiymati to`lanadi.
Agar vafot etgan deb e`lon qilingan shaxsning mol-mulki meros huquqi bo`yicha davlatga o`tgan va sotib yuborilgan bo`lsa, fuqaroni vafot etgan deb e`lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qayta-rib beriladi (FK, 37-modda).

Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish


O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 38-moddasiga asosan, quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan qayd etilishi kerak:


1. Tug`ilish.
2. O`lim.
3. Nikoh tuzilganligi.
4. Nikohdan ajralish[40].
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini o`zgartirish, jinsning o`zgartirilishi kabi faktlar yuqori-da sanab o`tilgan fuqarolik holati hujjatlariga tegishli o`zgar-tirishlar kiritish yo`li bilan ifodalanadi.
Fuqaroning shaxsiy hayotdagi hamda uning jamiyatdagi huquqiy holati (fuqarolik holati) uchun, uning fuqarolik huquqi va oila huquqining subyekti sifatida tanilishi uchun ahamiyatli hisoblan-gan yuqoridagi faktlar davlatning tegishli organlari tomonidan ro`yxatga olinadi (qayd qilinadi).
Fuqarolik holati dalolatnomalarini ro`yxatga olish shahar va tuman markazlarida, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) bo`limi tomonidan, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari (fuqarolik yig`inlari) kotiblari tomonidan olib boriladi.

Fuqaroning tug`ilish faktini ro`yxatga olish mazkur fuqaroga nisbatan fuqarolik huquq layoqatining vujudga kelganligini va bolaning ma`lum ota-onadan tug`ilganligini belgilash uchun zarur. Fuqaroning faqat ma`lum yoshga to`lgandan so`ng muomala layoqatiga ega bo`lganligi sababli tug`ilish faktini olish mazkur fuqaroga FHDYO bo`limi fuqarolik muomala layoqatining vujudga kelganligi-ni belgilash uchun ham ahamiyatlidir. Bolaning tug`ilishi to`g`risi-dagi ariza FHDYO organiga bir oylik muddat ichida bolaning ota-onasi yoki ulardan biri tomonidan, alohida hollarda esa, qo`shnilari, qarindoshlari, tibbiyot muassasalari ma`muriyati, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlari tomonidan berilishi mumkin. Tug`ilish to`g`risidagi ariza bola o`lik tug`ilgan taqdirda ham berilishi shart. O`lik tug`ilgan bola tug`ilgandan keyin 24 soat ichida FHDYO idorasida qayd etilishi kerak.


Nikohni qayd etish muhim davlat ahamiyatiga ega bo`lgan hujjat hisoblanadi. Oila qonunchiligida belgilanishicha, faqat FHDYO idoralarida qayd etilgan nikohgina er va xotin uchun muayyan huquq hamda majburiyatlarni vujudga keltiradi. Nikoh nikohla-nuvchilarning turar-joylari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Oila qonunchiligiga rioya qilinib ro`yxatdan o`tkaziladi.
Nikohdan ajralish er-xotinning roziligi bo`yicha yoki sudning nikohni bekor qilish to`g`risidagi hal qiluv qarori asosida qayd etiladi. Er va xotinning ajralishlari FHDYO idoralarida qayd etilgandan keyingina tan olinadi, ular o`rtasidagi er va xotin-likka oid huquq hamda majburiyatlar bekor bo`ladi.
Fuqaroning vafot etganligi yoki vafot etgan deb e`lon qilin-ganligini qayd etish ham muhim ahamiyatga ega. Fuqaroning o`lim fakti qayd etilishi huquq layoqatini bekor qiladi. Shu munosabat bilan vafot etgan shaxsning huquq va majburiyatlari tamom bo`ladi. Uning mulkiga nisbatan meros ochiladi. Fuqaroning vafot etganli-gi to`g`risidagi ma`lumot o`lim fakti to`g`risidagi tibbiyot guvoh-nomasi bilan uch kundan kechiktirilmay FHDYO idorasiga bildiri-lishi va shu muddat ichida o`lim fakti qayd etilishi shart. O`ldirilgan, shuningdek o`zini o`zi o`ldirgan yoki baxtsiz hodisadan o`lgan yoki murda topilgan paytdan boshlab 24 soat ichida o`lim sababi to`g`risida tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan guvohno-maga muvofiq FHDYO organida qayd etiladi. O`lim fakti to`g`risi-dagi arizalar marhumning yaqin kishilari yoki turar-joy idorasi tomonidan, zo`rlik bilan o`ldirilishi, o`zini o`zi o`ldirish yoki baxtsizlik hodisasidan o`lish hollaridagi tegishli ma`lumotlar tergov organlari yoxud militsiya tomonidan berilishi lozim.
Farzandlikka olish fakti shahar (tuman) hokimligi tomoni-dan chiqarilgan qarorga binoan ro`yxatdan o`tkaziladi. Farzand-likka olinuvchining nasabi va ota ismi sifatida farzandlikka oluvchining nasabi va ismi ko`rsatilishida yoki farzandlikka oluv-chi er va xotin bolaning ota-onalari sifatida yozilishida bolaning tug`ilishi to`g`risida yozilgan ma`lumotlarga tegishlicha o`zgartirish-lar kiritiladi. Farzandlikka olishning bekor qilinishi ham shahar (tuman) hokimliklari qarori bilan rasmiylashtiriladi va FHDYO idorasida qayd etiladi.
Fuqarolar familiya, ism va ota ismlarini o`zgartirish to`g`risida 16 yoshga to`lganlaridan so`ng FHDYO idoralariga murojaat qilishlari mumkin. Fuqaroning ishi tergovda yoki u sudlangan bo`lsa, shuningdek davlat hokimiyati idoralari norozilik bildir-sa, FHDYO idoralarida nasab va ismlarning o`zgartirilishiga yo`l qo`yilmaydi va bu sud tomonidan hal etiladi.

Otalikni belgilash nikohda bo`lmagan ota-onadan tug`ilgan bolaga otalikni belgilash ota va onasi (agar otasi voyaga yetmagan bo`lsa, unda uning ota-onasi yoki qonuniy vakili) tomonidan be-rilgan birgalikdagi ariza asosida FHDYO organida amalga oshiri-ladi. Otalikni belgilashda ota-onaning shaxsan ishtiroki talab etiladi. 10 yoshga to`lgan bolaga nisbatan otalik uning roziligi bilan belgilanadi.


FHDYO organi otalikni belgilash haqidagi ariza asosida tug`ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli o`zgartirishlar kiritadi.
Agar otalik belgilangan shaxs nikoh tuzgan bo`lsa, u holda FHDYO organi nikoh tuzilganligi va bolalarining tug`ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tegishli o`zgartirishlar kirita-di, shuningdek otalikning belgilanganligi haqida ma`lumotnoma beradi.
Fuqarolik holatlari hujjatlari yozuvlarini bekor qilish va tiklash FHDYO idoralari tomonidan manfaatdor shaxslar o`rtasida nizo bo`lsa yoki fuqarolik holati hujjatlaridagi yozuvlarda jiddiy tafovutlar bo`lsa, sud qaroriga asosan amalga oshiraladi.
Ushbu faktlarning davlat va jamiyat hayotidagi, fuqarolar hayotidagi ahamiyatidan kelib chiqib, FHDYO organlari arxivlarida ular tuzilgan kundan boshlab, 75 yil mobaynida saqlanadi. Bu muddat tugagach, ushbu dalolatnoma yozuvlari daftarlari tegishli shahar, viloyat va respublika FHDYO arxivlariga topshiriladi.
Fuqaroning tug`ilishi, nikohga kirishi, nikohning bekor qili-nishi, farzandlikka olinishi, familiya ism va ota ismining o`zgar-tirilishi, fuqaroning o`limi faktlarini qayd etish O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksi hamda O`zbekiston Respublikasi shahar va tuman hokimliklari fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo`limlariga hamda o`zini o`zi boshqarish idoralarida fuqa-rolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalariga[41] muvofiq rasmiylashtiriladi.
Yüklə 88,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə