Til, madaniyat va etnos xususiyatlarining etnotoponimlarda aks etishi (toshkent areali misolida) Abdullaev Akmal Amirovich Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti



Yüklə 92,5 Kb.
səhifə1/2
tarix19.04.2023
ölçüsü92,5 Kb.
#106411
  1   2
Abdullayev 1-sho‘ba


TIL, MADANIYAT VA ETNOS XUSUSIYATLARINING ETNOTOPONIMLARDA AKS ETISHI (TOSHKENT AREALI MISOLIDA)
Abdullaev Akmal Amirovich
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
O‘zbek tilshunosligi kafedrasi tayanch doktoranti
akmalabdullayev713@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqolada onomastikaning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan toponimlarning til, madaniyat va etnos bilan uzviy aloqasi mahsuli sifatida etnotoponimlarda aks etishi bilan bog‘liq jihatlar yoritilgan. Tilning asosiy vazifasidan tashqari uning ekstralingvistik xarakteri uning madaniyat va etnos bilan munosabatlarida aks etishi Toshkent viloyati etnotoponimlari misolida ko‘rsatib berilgan.
Kalit so‘zlar: til, madaniyat, etnos, etnokulturologiya, lingvosotsium, toponim, etnotoponim, lingvokulturema, qangli, qipchoq, do‘rmon, arg‘in.
REFLECTION OF LANGUAGE, CULTURE AND ETHNIC PROPERTIES IN ETHNOTOPONYMS (ON THE EXAMPLE OF TASHKENT AREAL)
Annotation. This article discusses the aspects of toponyms, which are one of the components of onomastics, reflected in ethnotoponyms as a product of their integral connection with language, culture and ethnos. In addition to the main function of the language, its extralinguistic character is reflected in its relations with culture and ethnos, as exemplified by ethnotoponyms of the Tashkent region.
Keywords: language, culture, ethnos, ethnoculturology, lingvosotsium, toponym, ethnotoponym, lingvokulturema, kangli, kipchak, dormon, argin.

Ma’lumki, til o‘zining bosh vazifasi – o‘zaro aloqa vositasi bo‘lishi bilan bir qatorda, xalqni birlashtiradigan, jamiyatni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib ham hisoblanadi. Xossatan, ushbu jihatlar milliy tilimiz sanalmish o‘zbek tilining ham ekstralingvistik xususiyatlaridan biridir. O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylanib ulgurgan [1, 1-b.].


Bugungi kunda til va madaniyatning o‘zaro munosabatlari muammosi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda va tilshunoslikda asosiy muammolardan biri deb hisoblanib, uni o‘rganishda turli xil yondashuvlar qo‘llanilmoqda. Til va madaniyatning o‘zaro munosabatlarini o‘rganuvchi lingvomadaniyatshunoslik yo‘nalishining paydo bo‘lishi nazariy tilshunoslikdagi ilmiy bilish rivojining zamonaviy tendensiyalariga mos keluvchi muhim hodisa sifatida taqdim etilmoqda, chunki til bu – «madaniyatni ilmiy o‘rganishda yetakchi tamoyil sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan “ijtimoiy voqelik”dagi qo‘llanma»dir [2, 261-b.]. Shubhasiz, til madaniyatdan tashqarida mavjud bo‘lmaydi va bu fikrga tilshunoslar e’tiroz bildirmaydilar. Ushbu jarayonga etnokulturologiya ham bevosita daxldordir.
Bugungi kun zamonaviy lingvistikasida tilni faqatgina aloqa va bilish usuli emas, balki millatning madaniy kodi sifatida o‘rganuvchi yo‘nalishlar vujudga keldi. Rus olimasi V.A. Maslova, til madaniyat bilan chambarchas bog‘liq: til nafaqat madaniyatda mavjud narsani nomlaydi, nafaqat uni ifodalaydi, madaniyatdan unib uni shakllantiradi, balki tilning o‘zi ham madaniyat ichida rivojlanadi, deya ta’kidlaydi [3, 25-b.].
Ta’kidlash mumkinki, bugungi kunda zamonaviy tilshunoslikdagi tadqiqotlarda til nazariyasiga oid leksik, grammatik va sintaktik hodisalarni ushbu tilda gapiradigan xalqning madaniy xususiyatlari bilan bog‘lovchi ishlar ko‘lami salmoqli ahamiyat kasb etib bormoqda, zero ular lisoniy birliklarning umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarini tavsiflashdan tashqari, bularni lingvosotsium (ya’ni muayyan tilda gapiradigan jamiyat)ning madaniy xususiyatlari bilan izohlaydilar. Mazkur izohlar joy nomlariga xos bo‘lgan lingvistik hodisalarni tavsiflashda yangicha – lingvomadaniy yondashuvlarni nazarda tutadi.
Aynan til madaniy merosning mohiyatini aks ettiradi, millat madaniyatini sinxron aspektda xalqlar va ellar o‘rtasida, diaxron aspektda avlodlardan-avlodlarga yetkazib beruvchi asosiy vositadir. Gumboldt, til azaliy lug‘at boyligini saqlay oladi, bu esa millatning shakllanishi, saqlanib qolishi va rivojiga xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, til uyg‘unligi bilan o‘zida inson ruhiyati va madaniyatining tarqoq jihatlarini mujassamlay oladi. Qolaversa, til o‘zining nozik uyg‘unligi bilan inson ruhiyati va madaniyatining bir-biridan farqli tomonlarini o‘zida bir vaqtda mujassamlashtira oladi. [4, 4–55- b.b.] deydi.
Joy nomlari, ya’ni toponimlar keng ma’noda xalq madaniyati va mentalitetining qimmatli manbasidir, chunki ular o‘zida onomastikon (ya’ni ma’lum bir hududda, alohida xalq orasida, turli tarixiy davrlarga ko‘ra yoki alohida adabiy asardagi o‘ziga xos nomlar to‘plami)da mavjud madaniy va tarixiy ma’lumotlarni saqlaydi. Ushbu jihatdan qaraganda, Toshkent viloyati toponimlari, xususan, etnotoponimlari yuqorida qayd etilgan ekstralingvistik va lingvomadaniy hamda etnomadaniy jihatlarini o‘zida aks ettirgan lingvokulturema hisoblanadi. Sababi, toponim madaniy belgilangan lisoniy birlik bo‘lib, o‘z semantikasida ko‘plab milliy an’analar, ramzlar, obrazlar, mifologemalarni aks etadi. Bu esa o‘z navbatida toponimlarning har bir tilda o‘z milliy-madaniy talqiniga ega ekanligidan dalolat beradi [5, 83-b.].
Lingvokulturolog Postovalovaning so‘zlariga ko‘ra, lingvomadaniyat-shunoslik onomastikani “ma’naviy madaniyatni yaratishda tilning ishtiroki va tilni shakllantirishda ma’naviy madaniyatning ishtiroki aspektida” baholaydi. [6, 25-b.].
Toponimikada madaniyat o‘zining barcha yo‘nalishlarida aks etadi, ammo turli holatda – turlicha. Rus toponimisti Leonovich, atoqli otlar tilda yasaladi, ya’ni ular uchun asosiysi – ma’naviy madaniyatdir. Shu bilan birga, atoqli otlar ma’naviy va moddiy madaniyat faktlaridan tez ta’sirlanadi. Har qanday madaniyat atoqli otlarning ma’lum turlarini yaratadi, o‘z navbatida, har qanday otda ushbu madaniyat aks etadi [7, 235-b.], deya ta’kidlaydi.
Lingvist olim V.P. Neroznak asosli ravishda onomastika lingvomadaniyatshunoslikning bo‘limi bo‘lib, atoqli otlar etnikmadaniy xususiyatlarini o‘rganadi, deb hisoblaydi. [8, 4-b.].
Xalq madaniyatining uzoq davom etgan rivojlanish jarayoni toponimlar semantik keysida jamlanib, ular uning ekstralingvistik xususiyatlarini qayd etadi va avloddan-avlodga o‘tkazadi. Geografik nomlar, ular gidronimlar turkumi bo‘ladimi, oykonimlar yoki oronimlar turkumi bo‘ladimi, qat’i nazar, o‘tmish va hozirgi zamon ruhiyati va madaniyatini o‘z ichiga qamrab oladi. Sababi, joylarga nomlar inson tomonidan til vositasida beriladi. Bundan tashqari, har bir yangi nom davrni va u bilan bog‘liq voqelikni o‘ziga xos tarzda aks ettiradi [9, 3-b.]. Biror hududning onomastikasini, xususan, joy nomlarini lingvomadaniy jihatdan tadqiq etayotganda shuni yodda tutish kerakki, toponimlar nafaqat u yoki bu qavm hayotining hududiy va tabiiy-geografik xususiyatlariga ishora beradi, balki uning urf-odatlari va an’analarida mujassamlangan ruhiy holati haqida ham ma’lumot berishi mumkin.
Madaniyat “Jamiyatning ishlab chiqarish, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida qo‘lga kiritgan yutuqlari majmui yoki biror ijtimoiy guruh, sinf yoki xalqning ma’lum davrda qo‘lga kiritgan shunday yutuqlari darajasi” [9, 521-b.] ekan, ana shu ijtimoiy hayotda ma’lum bir jamiyat a’zolarining til sohasida atoqli otlar tizimida asrlar davomida qo‘llab kelgan joy nomlari ham faqat til birligi sifatida emas, ma’naviy-ma’rifiy sohada ham qo‘lga kiritgan yutuqlari darajasiga kiradi.
Joy nomlarini o‘rganishning lingvomadaniy jihati etimologizatsiya va uning etnik-lingvistik talqinidan iboratdir. Toshkent viloyati etnotoponimlari tadqiqida ushbu jihatlar yaqqol aks etib turadi.
Toshkent viloyatining ko‘pgina joy nomlari etnotoponimlar, ya’ni turli elat, urug‘larning etnonimlari joy nomiga qo‘yilishi natijasida paydo bo‘lgan toponimlar hisoblanadi. Bu bir qancha tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy omillar bilan bog‘liq. Mazkur hududdagi etnotoponimlarning o‘z tarixiy etimologiyasi bor. Jumladan, Toshkent vohasidagi joy nomlarining etnoslar bilan bog‘liq bir qancha ma’lumotlarni mashhur tarixchi adib Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asarida ko‘rishimiz mumkin. Asarda ayrim etnik guruhlarning nomi ularning kundalik mashg‘ulotlari bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi ma’lumotlar ham mavjud bo‘lib, uni muallifning qongli qavmi nomining kelib chiqishi to‘g‘risida keltirgan ma’lumotidan anglash mumkin. Hofiz Tanishning yozishicha, qonglilar arava yasash bilan shug‘ullanib, uni mahorat bilan amalga oshirganlar. Bu aravalarning nomi qongli atalib, keyinchalik uni yasagan aholi ham shu nom bilan atala boshlangan [10, 36-b.]. Bu etnonim vaqt o‘tishi bilan joy nomiga ko‘chgan. Bugungi kunda Qibray tumanida Qangli deb ataladigan joy nomi bor.
O‘rta Osiyo tarixini yorituvchi manbalarda ko‘p uchraydigan urug‘lardan biri bu do‘rmonlar bo‘lib, ular Buxoro xonligida katta kuchga va mavqega ega bo‘lgan. “Abdullanoma” asari muallifi do‘rmon urug‘i to‘g‘risida ma’lumot keltirib, uning etimologik ma’nosini berishga harakat qilgan. Hofiz Tanishning yozishicha, do‘rmon toifasi Nirundan tarqagan bo‘lib, ular to‘rt o‘g‘il bo‘lgan va o‘zlari yashab turgan joydan Chingizxonning viloyatiga kirishni istagan. Ular sol bog‘lab (yog‘ochlarni birlashtirib bog‘lab suvda suzish uchun moslashtirilgan moslama), unda suzib Chingizxon viloyatiga kirgan va hozirgi do‘rmon qavmi o‘shalarning naslidan hisoblanadi. Muallifning ta’kidlashicha, mo‘g‘ulchada “do‘rmon” – “to‘rt” degan ma’noni anglatadi [10, 46-b.]. Hozida Qibray tumanidagi joy nomlaridan biri Do‘rmon deb ataladi.
Hofiz Tanish Buxoriy “Abdullanoma”da ayrim urug‘ va qabilalarning nomi hamda ularning geneologiyasiga to‘xtalgan qismida qipchoq nomining kelib chiqishi haqida ham qiziqarli, shuningdek, bir-biriga zid fikrlarni bayon qilgan. Asar muallifining yozishicha, O‘g‘izxon davrida ikki daryo oralig‘ida bo‘lgan janglardan birida halok bo‘lgan jangchining homilador xotini bir daraxt kovagiga kirib, shu yerda o‘g‘il farzand ko‘rgan. O‘g‘izxon bolaning otasi yo‘qligi sababli uni o‘z vasiyligiga olgan va uning ismini “Qipchoq” deb qo‘ygan. Hofiz Tanishning fikricha, mazkur ism “qabaq” so‘zidan olingan bo‘lib, turkchada kavakli daraxt shunday atalgan. Oradan yillar o‘tgach, O‘g‘izxon itboqar qavmini yengib, Eron zaminini o‘ziga bo‘ysundirib yurtiga qaytgach, yana o‘sha qavmning bosh ko‘targanligi haqida xabar topgan. Shu sababli ularning zararli harakatlarining oldini olish uchun Qipchoqqa o‘sha yaylovga joylashishlarini buyurgan. O‘sha zamondan beri bu yaylov va qishloqlar u qavmning makoniga aylandi, deb yozadi asar muallifi [10, 39-b.]. Hofiz Tanish bu fikrlari orqali qipchoq qavmi nomining etimologiyasi va uning kelib chiqishi hamda ularning nima uchun yashash joyi o‘sha yer bo‘lganligini izohlashga harakat qilgan. Ammo, bu kabi ma’lumotlarning ilmiy asosga ega ekanligini aniqlab berish alohida etnologik va etnografik tadqiqotlarni talab qiladi. Hozirgi kunda respublikamizning ko‘plab joylarida, jumladan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida ham Qipchoq nomi bilan atalgan joy bor.
Muhammad Solihxo‘ja Toshkandiyning “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida qo‘ng‘irot, qang‘li, sanjaqli, sergili, qora qayroq, arg‘in, beshtamg‘ali urug‘lari qayd etiladi [11, 396–397- b.b.]. Ushbu nomlari sanab o‘tilganlar Toshkent va Dashti -Qipchoq aholisi tarkibidagi etnik guruhlardir hamda hozirgi kunda ushbu etnonimlar Toshkent hududida joy nomlariga o‘tgan. Misol uchun, Arg‘in Qibray tumanidagi joy nomi. Bu urug‘ O‘rta Osiyoda qadimda yashab kelgan va Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida qayd qilingan arg‘u qabilasining o‘zginasi bo‘lsa kerak. «Boburnoma»da, o‘zbek urug‘larning dastlabki yozma shajarasi hisoblangan va Mulla Sayfiddin Axsikandiyning «Majmuat-tavorix» asarida keltirilgan o‘zbek elatlari ro‘yxatida bu urug‘ arg‘un shaklida qayd qilingan. Bu etnonim mo‘g‘ulcha arg‘in (o‘zagi arg‘ – duragay) so‘zidan kelib chiqqandir. Arg‘in (arg‘un) so‘zi qirg‘iz tilida hozir ham ana shu ma’noni anglatadi. Shu narsa diqqatga sazovorki, ko‘pgina etnonimlar, chunonchi, qalmoq, arg‘in «duragay, qurama» degan ma’noni anglatgan. Aslini olganda, boshqalar bilan aralashib, chatishib ketmagan bironta ham xalq yoki qabila yo‘q – barcha ellar, urug‘lar bir-birlari bilan aralashib, qo‘shilib ketgan [12, 2-b.].
Toponimika fani rivojlana borar ekan, o‘z navbatida toponimik atamalarning tuzilishi, o‘zak qismining to‘g‘ri ifodalanishi, natijada toponimlarda mujassamlashgan ma’no-mazmunning anglashuvini ta’minlaydi. Bu holat esa, lingvistik tahlillarsiz ya’ni lingvistik metodlarni qo‘llamasdan amalga oshmaydi. Natijada amalda qo‘llanayotgan nomlarni to‘g‘ri va aniq, xatosiz yozish ham savodxonlikni, ham madaniylikni, ham ma’rifiylikni ifodalovchi me’yoriy holatlardan biri sifatida onomastika fanining rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Atamashunoslikdagi ana shu jihatlarga Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev ham alohida ahamiyat berib bu haqda shunday degan edi: “Jamiyatimizda til bilan bog‘liq eng ko‘p muhokama qilinayotgan, haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan mavzu bu – joy nomlarini belgilash masalasi, desak, xato bo‘lmaydi. Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasi Atamalar komissiyasi bilan birgalikda ushbu masalalarni keng jamoatchilik ishtirokida jiddiy o‘rganib chiqishi va tartibga solishi zarur. Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va ma’naviy saviyamizni yaqqol ko‘rsatadigan o‘ziga xos mezondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak.” [1, 3-b.].
Fan va madaniyat tobora shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda xalqaro aloqalar tilimizda geografik nomlarning tobora ko‘proq ishlatilishini taqozo etmoqda. Bu jarayon esa, o‘z navbatida, toponimik atamalardan foydalanish madaniyatini yanada takomillashtirish orqaligina rivojlana oladi. Shu sababli toponimik atamalarni to‘g‘ri nomlash, ularning ma’no-mazmuni, kelib chiqishi, tarixi, geografik tarqalishini o‘rganish davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan masalalar qatoridan o‘rin olgan. Shu bilan birgalikda toponimik atamalardan to‘g‘ri foydalanish yuksak madaniyat belgisi sifatida anglashiladi, toponimik madaniyat shakllanadi.

Yüklə 92,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə