Toshkent davlat sharqshunoslik instituti jahon siyosati va tarix fakulteti jahon siyosati kafedrasi


Yevropa jamiyatida islom va xristian dinlarining o’zgarish dinamikasi



Yüklə 310,27 Kb.
səhifə3/4
tarix01.11.2017
ölçüsü310,27 Kb.
#7623
1   2   3   4

2.2. Yevropa jamiyatida islom va xristian dinlarining o’zgarish dinamikasi.
G’arb va Sharq mamlakatlarining diniy madaniyatlarida sezilarli farqlar xam mavjud. O’rta asr Yevropasida cherkovning ahamiyati alohida o’rin tutadi. Cherkov xudo va inson o’rtasidagi vositachi bulib, faqat u insonning ruxini iloxiy “mu’jiza” yordamida xalos kilishi mumkin (cho’qintirish, tavba, nikoh udumlarida). Cherkov, o’zining yozma an’analariga ega bo’lmagan Yevropadagi qabilalar uchun bilimlarni to’plovchi va saqlovchi joy bulib, ta’lim tizimining shakllanishida, jamiyatning ijtimoiy tuzilishida, huquqiy va axloqiy mezonlari shakllanishida muxim rol o’ynadi. Islomiy an’analarning asosiy uziga xosligi shundaki, uning negizi diniy va dunyoviy, iloxiy va oddiy tafovutga ajratmasdan, mutloq“sof diniy” mazmunda ekanligidir.1 Islomda xech kachon xristianlikdagi diniy aqidalarni qonunlashtiruvchi Vselensk sobori kabi institutlar bo’lmagan. Islomdagi teokratik ideal davlat bilan bir qatorda turuvchi aloxida diniy institutning (cherkovni) mavjud g’oyalari bilan muvofik kelmagan. E’tiqod aqidalarini ishlab chiqish va sharxlash davlat yoki diniy muassasaning, xalifalarning sud qilish ishlariga kirmagan. Jamoatchilik fikrining shakllanishi xususiy shaxslar, diniy arboblar (ulamolar) zimmasida bulib, ularning obro’yi diniy bilimlarga asoslangan. Din masalalari buyicha o’z fikrini bildirishhuquqiga xar bir musulmon ega bo’lgan, faqat u Qur’on va xadisga zid bo’lmasligi lozim edi2.

Islom dini ilm-fan va ma’naviyat maydonida sof aqiydadan tortib to odob-axloq, yurish-turishgacha, ijtimoiy va shaxsiy maydondan tortib to siyosat, qonun va xalqaro aloqalargacha, xalq kasbu-hunaridan tortib to me’morchilik, adabiyot, she’riyat va benazir did-farosat maydonlarida o’zligini namoyon etdi.3

Xristianlik asosan Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya qit’alarida hamda qisman Afrika qit’asining janubiy qismida va Osiyo qit’asining sharqiy qismida tarqalgan.

Xristianlik eramizning boshida Rim imperiyasining sharqiy qismida Falastin erlarida vujudga keldi. Iso Masih (Iisus Xristos) Bibliyaning xabar berishiga ko‘ra, xristianlik ta’limotining asoschisi bo‘lib, u Rim imperiyasi tashkil topganining 747 yili Falastinning Nazaret tug’ilgan. Yangi eraning boshlanishi ham Iso Masihning dunyoga kelishi bilan bog‘liq.

Iso nomiga qo‘shiluvchi Masih so‘zi qadimiy yahudiy tili - ivritdagi «moshiax» so‘zidan olingan bo‘lib, «silangan» yoki «siylangan» ma’nolarini beradi. Grekchada bu so‘z «xristos» («christos») shakliga ega. Bu dinning «xristianlik» yoki «masihiylik» deb atalishi ham shu so‘zlar bilan bog‘liq. Bundan tashqari xristianlik Iso Masihning tug‘ilgan qishlog‘i - «Nazaret» bilan bog‘lab, nazroniyya deb ham atalgan. Keyinchalik bu nom nasroniyya, nasroniylik shaklini olgan.1

Xristianlikning ta’limoti. Manbalar xabar berishicha, xristianlik yahudiy muhitida yuzaga kelgan. Bu esa xristianlikning yahudiylikdan ko‘p jihatdan ta’sirlanishiga sabab bo‘ldi. Xristianlikning asosiy g‘oyasi - Isoning odamzodning xaloskori «messiya» ekanligi yahudiylikda mavjud bo‘lib, oxiratga yaqin kelishi kutilayotgan xaloskor haqidagi ta’limotdan kelib chiqqandir.

Xristianlikdagi oqimlar. Xristian cherkovining Katolik va Pravoslav cherkovlariga ajralib ketishi Rim papasi va Istanbul Patriarxining xristian olamida etakchilik uchun olib borgan raqobati oqibatida vujudga keldi. Ajralish jarayoni Rim imperiyasining g‘arbiy va sharqiy tafovutlari o‘sib chuqurlashib borayotgan asrlardayoq boshlangan edi. 867 yillar orasida Papa Nikolay va Istanbul patriarxi Fetiy orasida uzil-kesil ajralish ro‘y berdi va bu ajralish 1054 yili rasman tan olindi.2

XVI asr boshlarida katolisizmdan bir necha Evropa cherkovlari ajralib chiqishi natijasida xristianlikda protestantlik harakatlari vujudga keldi. Buning doirasida lyuteranlik, baptizm, anglikanlik va kalvinizm cherkovlari shakllandi. Bular bir cherkovning asosiy marosimlari jihatidan o‘zlariga xos bo‘lgan tomonlarga ega bo‘lish bilan bir qatorda, bular ham o‘z navbatida bir necha yo‘nalishlar, mazhablar va oqimlarga bo‘lindi.



Pravoslav oqimi. Pravoslav oqimi xristianlikning uch asosiy yo‘nalishidan biri o‘laroq, tarixan uning sharqiy shahobchasi sifatida ro‘yobga chiqdi va shakllandi. Bu oqim asosan SHarqiy Evropa, Yaqin SHarq va Bolqon mamlakatlarida tarqalgan. Muqaddas kitob bo‘lmish Injil va muqaddas o‘gitlar IV-VIII asrlardagi etti butxona Soborlarining qarorlari, shuningdek Afanasiy Aleksandriyskiy, Vasiliy Velikiy, Grigoriy Bogoslov, Ioann Damasskiy, Ioann Zlatoust kabi yirik cherkov xodimlarining asarlari ushbu oqim ta’limotining asosi deb tan olingan.1

Protestantizm oqimi. Protestanizm tarixi Martin Lyuterdan (1483-1546) boshlanadi. U birinchi bo‘lib katolik cherkovi bilan aloqani uzdi va protestant cherkovining asosiy qoidalarini ishlab chiqdi va uni himoya qildi. Bu nizomga ko‘ra, insonning Xudo bilan bevosita muloqoti mumkin. Lyuterning diniy va dunyoviy hokimiyatga qarshi chiqishlari, katolik dindorlarning imonni va vijdonni inson bilan Xudo o‘rtasidagi vositachi sifatida nazorat qilish haqidagi mulohazalarga qarshi chiqishi jamoatchilik tomonidan favqulodda diqqat bilan tinglandi.2

Xristianlik shaxsning bir qadar maishiy mustaqilligini ta’minladi. Diniy va dunyoviy ibtidoning bir qadarmustaqilligi xususida Injilda shunday deyilgan: “Qaysarga xokimiyat, taqvodorga esa Xudoni bering”. Islomda kishi faqat va so’zsiz Xudoga tegishlidir. Musulmon kishi islom buyurganicha fikr yuritadi, shunga muvofik “din” va “mentalitet” tushunchalarini ajratish mumkin emas. Agar xristian uchun injilga madaniyat yodgorligi sifatida munosabat bildirishi mumkin, musulmon uchun Qur’on biron-bir madaniyatga qiyos kilib bo’lmaydigan, iloxning beqiyos timsoli, balki sifatidir. Xristianlikda “qism” va “butun”ning maqsadi o’zaro munosabatda bir-birini taqozo qiladi (dindor va cherkovning, individ va umumning), o’z iroda kuchidan xoli bo’lganidek, cherkovdan tashkarida shaxsiy najot mumkin emas. Islomda aloxida individning taqvodorligini uning qanchalik shaxsiy zoxidligi emas, umma (musulmonlar qavmi) ishlarida shunchalik qat’iy yo’l-yo’rik asosida ishtiroki belgilaydi, busiz najot topishi mumkin emas, ya’ni islomda ayrim butunga kushilgan kabi seziladi.1

MDH hududida ham xristian dinining pravoslav mazhabi keng tarqalgan. Ruslar, ukrainlar, beloruslar, chuvashlar, moldavanlar, gruzinlar, osetinlar kabilar xristian diniga e’tiqod qiladi. Katolik mazhabiga g’arbiy ukrainlar, beloruslarning bir qismi, litvalikar, latishlar e’tiqod qiladi.

MDH hududida ikkinchi katta din-Islom dinidir. Bu dinga O’rta Osiyo va Qozog’iston xalqlari, shuningdek, sharqiy kavkaz xalqlari, tatarlar, bashqirdlar, janubiy Sibirning turkiy tillarida gaplashuvchi xalqlari e’tiqod qilishadi.

Yevropaliklarning Islom to’g’risidagi O’rta asrlarga oid tasavvurlarida turli xil bo’lmagan uydirmalar to’lib yotibdi. Islomning qanday tez tarqashini tushuntira olmagan ko’pchilik siyosiy va diniy rahbarlar o’z xalqlariga uni yolg’onchilik dini, maishiy buzuqlik, zo’ravonlik dini, faqat qurol kuchi bilan tarqatiladigan din deb tushuntirishdi. Tabiiyki, nasroniylik dini Islomga qarshi g’oyaviy maqsadlarda, ruhiy-ma’naviy poklik, faqat tushunchalar kuchi bilan tarqaladigan din sifatida qo’yildi.2

Uyg’onish davrida islom fani ta’siri sharofati bilan Yevropa fanining shiddatli yuksalishi va g’oyaviy qarashlarning o’zgarishi musulmon madaniyatini, diniy ta’limotini haqiqiy o’rganish imkoniyatlarini berdi. Shu sabab Yevropaliklarning Islomga bog’liq noto’g’ri tasavvurlari o’zgardi. Bu jarayon hozirgi kungacha davom etib kelyapti.

Shu bugungi ma’rifatli zamonda ham Islomni maishiy buzuqlik va bosqinchilik dini sifatida ko’rsatish harakatlari davom etmoqda. Shunisi hayron qolarliki, bu harakatlarning mualliflari ba’zi o’rta asr ilohiyotchilarining eskirgan va tarix tomonidan inkor qilingan, isbotsiz va bir yoqlama da’volarini oldinga surmoqdalar.1

Bu voqealarni A.V.Juravskiy o’zining «Христианство и Ислам. Социо-културние проблеми диалога» kitobida batafsil tahlil qiladi. U yozadi: “Arablarning diniy harbiy yurishida juda katta hududlarda Islomning paydo bo’lishi, tez va mustahkam joy olishi SHarq nasroniyligining taqdirini hal qildi. Ular yangi dinni deyarli qarshiliklarsiz kutib oldilar. Bu birinchidan avvaliga, islomning nasroniylar e’tiqodiga sabrli ekanligida (albatta keyingilarning siyosiy qarshilik qilmaganlarida), ikkinchidan musulmonlarning ularni Vizantiya nasturiy va monofistlik zulmidan, chidab bo’lmas quvg’inidan himoya qilishlarida edi.

Shunisi muhimki, arablar avvalgi davrlarda nasroniylarga yunon tili o’rniga o’z milliy tillarini qo’llashni qonuniy qilib qo’ydilar (qibtiylar orasida VII-VIII asrlarda adabiyot uchun yangi rivojlanish to’lqinini paydo qildi). SHuning uchun nasroniylar tamomila yo’qolib ketmadilar, balki diniy va madaniy o’zliklarini saqlab qoldilar”.2

Nasroniy shaharlarni egallashda yo’l qo’yilgan shafqatsizliklar va vayron qilishlar to’g’risidagi da’volar butkul asosli emas, tarix fani va dalillarga zid gaplardir. Xalifalik qo’shinlarining Quddusga kirishida Xalifa Umar ra tomonidan Quddusning patriarxi Sofroniyga berilgan ahdnoma xati yaqqol misol bo’ladi:

Mana shunday ahdnomalarni barcha musulmon harbiy sarkardalari nasroniy shaharlariga kirishda o’z zimmalariga olishgan. Ular asosida Muhammad payg’ambarning Najron nasroniylari bilan tuzgan sulhlari yotadi. Musulmon tarixchisi Tabariy mashhur musulmonlar qo’mondoni Xolid ibn Validning Baniqiyya va Borusma ahli bilan tuzgan sulh shartnomasi matnini keltiradi.

Keyin A.V Juravskiy Islomning boshqa din vakillari bilan birgalikda yashash muammolari islom ta’limotiga mos kelishligi to’g’risida yozadi: “Qadimiy Islom insonning 3ta fuqarolik martabasini tan oladi: a) musulmon, b) zimmiy, v)mushrik. Zimmiylar – “ahli kitoblar”, ya’ni Ilohiy vahiy yuborilgan, xudoga, payg’ambarlarga, qiyomat kuniga imon keltirgan yahudiylar va nasroniylar. Ularga g’ayri din jamoalar sifatida yashashlari kafolatlangan, shu shart bilanki, ularga barcha fuqarolarga tayin qilingan yer solig’i xirojni to’lash bilan birga, har bir jon boshiga jizya to’lash majburiyati bor edi”1.

Shu sababli musulmonlar yahudiylar va nasroniylarga kengbag’irlik bilan muomala qilganlar: “Umuman olganda musulmonlarning zimmiylarga (yahudiy va nasroniylarga) munosabatlari agar siyosiy va harbiy sabablar aralashmasa, bag’rikenglik bilan edi. Bu borada ortlarida hech qanday tashqi kuch bo’lmagan yahudiylarning hollari ancha yaxshi edi. Salibchilar bilan bo’lgan urush paytida ham musulmonlar, nasroniylarga salibchilar musulmonlarni dushman tutganidan ko’ra yaxshiroq munosabatda edilar.2 Nasroniy va yahudiylarning Islom mamlakatlaridagi holatlari, o’rta asr Yevropa mamlakatlarida g’ayridinlar holidan yaxshi edi. Yahudiylar, hatta sharqiy nasroniylar Yevropa nasroniylik podshohliklari ostida yashashdan ko’ra musulmonlar hokimiyati ostida yashashni afzal ko’rardilar”.

A.V.Juravskiy aytganiday “keyinchalik Islomning siyosiy va diniy jihatdan mustahkamlanishi bilan yaqin sharq nasroniylarining ko’pchilik qismi musulmonlikni qabul qildi, o’z dinlariga sodiq qolganlari esa umuman arablashib ketdi”. Bu o’tish ommalashib ketganda “ba’zi islom xalifalari nasroniylarning ommaviy ravishda islomni qabul qilishlaridan norozi ham bo’ldilar. Chunki bu Xalifalik xazinasiga zarar keltirar edi.”3

Nasroniy aholi deyarli barcha jamoat ishlarida qatnashar edi. “Eng ko’p foyda keltiradigan o’rinlarni qattiq va mustahkam egallab olganlar, ayniqsa bankirlar, yirik savdogarlar, matolar savdosi, katta yer egalari va tabiblar nasroniylar va yahudiylar edi.

Xuddi shunday holatlar bir muncha keyingi davrlarda davom etdi. Usmoniylar imperiyasi davri bunga yaqqol misol bo’ladi. “Diniy-jamoaviy tafriqalar Usmonli imperiyasi davrida yanada mustahkamlandi, qaysiki o’zining nasroniy fuqarolarini nafaqat diniy balki dunyoviy jihatdan ham jamoat tomonidan saylangan va Porto tomonidan tayinlangan patriarxlar hokimiyatiga bo’ysundirib alohida “millat” sifatida ajratdi. Natijada har bir diniy jamoa o’ziga xos siyosiy cherkov birligiga aylandi.1

Mana shunday rasmiy millatlar soni ko’payib bordi. Agar XV asrda sulton Mahmud II o’ziga qarashli nasroniylarni ikki jamoaga (birinchisini monofizitlar, ikkinchisini esa qolgan barcha nasroniylar tashkil qilgan) ajratgan bo’lsa, 1914 yilga kelib Usmoniylar imperiyasida 17 millat paydo bo’ldi. Shu bilan birga har biri Yevropa davlatlaridan birining himoyasidan foydalanar edi. Arab tarixchisi ta’kidlaganidek, “XVII-XVII asrlarda Sultonning nasroniy fuqarolari boy va obro’lik kishilarga aylandilar Yevropa mamlakatlari bilan mustahkam savdo, madaniy va ko’pincha siyosiy aloqalarni o’rnatdilar. Shuning uchun ham imperiyaning barcha qismlaridagi shaharlarda boy nasroniylar jamoasi rivoj topdi.

Bugungi kunda Indoneziya, Malayziya, Rossiya (Shimoliy Kavkaz, Tatariston va boshqalar), Afrika mamlakatlari (Sahroi Kabirdan janubdagi) aholisining katta qismi Islomni qabul qilgan. Bu mamlakatlarning birontasiga hech qachon Arab fotihining qadami tushmaganligini bilish uchun tarix mutaxassisi bo’lishshart emas. Shu bilan birga bizning zamonamizda amerikaliklar, Yevropaliklar va rossiyaliklar Islomni qabul qilishmoqda, tabiyki bu o’rinda kuch ishlatish majburlash to’g’risida gap bo’lishi mumkin emas.2

Islomiy xalifalikning oxirgi davridagi Usmoniylar saltanatining 1923 yilda ag’darilishi ortidan, nasroniy Yevropa Islom va xalifalik ustidan alamli va og’riqli yo’l bilan qozongan g’alabasini nishonlash uchun tantana o’tkazmoqchi bo’ldi.3

Islom tarixi asrlar osha siyosiy va mazhablarga asoslangan bo’lg’ash va qoralashning ashaddiy siyosati bilan qarshilashdi. Bu qoralashning har bir bosqichi o’zining qandaydir ko’rinishi bilan musulmonlar qo’lida amalga oshirildi. Bu tarix ichidan Usmonlilar tarixigina shu davlatga qo’rqinchli gina va adovatlar bilan to’lgan Yevropa va Yevropaliklar qo’li bilan qattiq qoralandi. Chunki Usmonlilar davlati Yevropa va Yevropaliklarga mag’lubiyat va inqiroz ta’mini uzoq asrlar mobaynida tottirib kelgan edi. Natijada, Yevropaliklar Usmoniy davlatining shonli tarixini bo’lg’ash uchun bor imkoniyatlarini safarbar etdilar va ularga xayollariga kelgan barcha salbiy narsalarni yopishtirdilar. U davlatning ijobiy yutuqlari haqida biron marta ham og’iz ochmadilar. Ular Usmoniylar tarixiga, salbiyliklarnigina ko’rsatadigan adovat va nafrat ko’zi bilan boqdilar.1

Shu bois bo’lsa kerak, Usmoniylar davlatining tarixini faqatgina Yevropaliklar yoki Yevropaliklarga maftun bo’lgan va ularning yo’lidan yurgan mahalliy yozuvchilargina ta’lif etdilar. Shuning uchun ham Usmonlilar davlati haqida insof va betaraflik bilan yozilgan kitoblarni nodir uchratish mumkin. Yevropa va arab manba’laridagi Usmoniy davlati barcha fazilatdan mosuvo va razolatlar botqog’i o’laroq salbiy ko’rinishda aks ettirildi. Usmoniylar davlati ko’pchilikning tasavvurida arablarni mustamlakaga aylantirgan, qirgan, talon-taroj etgan, mamlakatlarning yer osti va usti boyliklarini tashib ketgan, qonxo’r davlat o’laroq shakllandi. Uning qoloq va manqurt ekani qalamga olindi. Yevropaliklar tasavvurida bu davlat terrorchi, bosqinchi, urushqoq, go’daklarni o’g’irlaydigan, xotin-qizlarga tajovuz qiladigan, o’lkalarni bosib oladigan va resurslarni oyoq osti qiladigan zolim bosqinchi ko’rinishida aks ettirildi.2

Zero Yevropa 857 yilda mashhur sarkarda Muhammad Fotih rahimahulloh qo’mondonligida Usmoniylarning o’z davrida Xristian olamining poytaxti hisoblangan Konstantinopolni fath etib, Aya Sofiya cherkovini masjidga aylantirganlarini hech unutmadi. Chunki bu, Islomning xristian dini ustidan qilgan katta g’alabasiga ishora edi. Bundan tashqari Usmoniylar davlatining o’z sarhadlarini kengaytirib, Yugoslaviya, Vengriya, Polsha, Rossiyaning yarmi, Bolgariya, Ruminiya, Gretsiya tuproqlarigacha kirib borishi hamda uch qit’a osha viloyatlarining gurkiragani, Yevropaliklar yuragini hali ham ezmoqda.1

Yevropa musulmonlarning jahonning turli burchaklarida salibchilarga qarshi qanday kurashganlari: Andalusiyadagi musulmonlar boshiga kelayotgan zulmni yengillatish uchun Yevropasharqiga hujum qilganlari. Arab ko’rfazining janubi va Afrikaning sharqida portugaliyaliklar, Afrikaning shimoli va O’rta yer dengizi sohillarida ispanlar, O’rta Osiyoda ruslarga qarshi kurash olib borganini unutmadi. Yevropaliklar musulmonlar sarhadi ichiga kirgan tuproqlarni, Usmoniylar davlati yiqilishidan bir oz avvalgina mustamlaka qilishga qodir bo’ldilar. Usmoniy davlati hududiga kirmagan Hindiston, Indoneziya va Malayziya kabi davlatlar Yevropaning qonli panjalariga ancha erta tushgan va Ikkinchi Jahon Urushidan keyin buning achchiq asoratlarini totgan edi.2

Yevropaliklar Usmoniylar davlati Islom dinini Yevropaning turli burchaklariga yetkazgani, musulmon bo’lgani uchun butun Yevropa, jumladan, Yevropaning sharqida yashayotgan xalqlar Usmoniylardan qarzdor ekanini va Yevropadagi musulmon muhojirlarning aksari turklar ekanini hech qachon unutmadi. Buni ko’p musulmonlar bilmasada, (o’tgan asrning) to’qsoninchi yillarida bo’lib o’tgan qonli Bosniya-Gertsogoviniya urushi buni oshkora qildi.

Yevropa solnomasidan o’chmagan yana qancha narsalar borki, ularning asosiy sababchisi Usmoniylar davlati edi. Yevropaliklar Birinchi va Ikkinchi Kosovo urushlarini, Vena, Belgrad, Nikopolos, Varna, Konstantinopol va boshqa ko’plab urushlarni, bundan tashqari, Usmoniylar davlati fath etilgan Yevropa davlatlaridagi yetim bolalarni olib, ularga islomiy tarbiyalar berib, “yenicheri” (yanыcharы) nomli harbiy polk tuzgani va ular uzoq asrlar davomida Usmoniylar davlatining shukuhi va faxri bo’lganini hech unutmadi.

Yevropaliklar, ular yo’lidagi sekulyar insonlar hamda Yevropaga mahliyo bo’lganlar, Usmoniylar davlatiga gina saqlashmoqda, undan butunlay nafratlanishmoqda. 1Yevropaliklar qo’lida Usmoniylar davlati va turklar boshiga kelgan katta musibatlarga qaramay, hanuz Usmoniy musulmonlarni adovati tinmaydigan, nafrati unutilmaydigan ashaddiy tarixiy dushmani o’laroq ko’rmoqda. SHu bois, ular, Usmoniy davlat shavkatini eslatgan va xotirlatgan har qanday fikr va loyihaga olib boradigan barcha yo’llarni to’sish uchun imkoniyatlaridagi bor kuchlarini sarf etishmoqda.

Shu kunlarda oynai jahonda namoyish etilayotgan “Muhtasham yuz yil” (Velikolepnыy vek) turk teleseriali, Usmoniy sultonlarning eng buyuklaridan biri-Sulaymon Qonuniy rahimahulloh hayotini g’arazgo’ylik bilan tasvirlagan. Holbuki, Sulton Sulaymon rahimahulloh zamonida Usmoniylar davlati qudrati bilan gurkiragan, shavkati va sarhadlari jug’rofiy nuqtai nazardan chor atrofga yoyilgan, siyosati, iqtisodiy va ijtimoiy tizimi ustivor, harbiy qudrati va diplomatik zakosi ustun bo’lgan hatto Yevropaliklar sulton Sulaymon Qonuniy rahimahullohga “Buyuk” laqabini berishgan edi. Sulton Sulaymon Qonuniy rahimahulloh mashhur Vizantiya imperatori SHarlkanni mag’lubiyatga uchratib, Venani qamal qilgan va uni fath qilishiga oz qolgan edi.

Serialning stsenariy muallifi, rejissyori va montajchilari tomoshabinlarga Usmoniy davlatni eng xunuk va rasvo suratda namoyish qilishmoqchi bo’lgan. Stsenariy muallifi yaqinda rak kasali sababli olamdan o’tdi. Serialda sultoni, vazirlari va davlat arkoni sharobxo’rlik, xotinbozlik va haram oshig’i bo’lgan davlat ko’rsatilgan. Haramda o’tirish, joriyalardan birining quchog’idan chiqib ikkinchisiga oshiqish, u va bu xotinlarning chaquvlarini tinglashdan boshqa biron maqsadi bo’lmagan, o’z ayshu ishrati va shahvatidan boshqa ishi qolmagan sulton aks ettirilgan. Bu Yevropalik tushunchasi va madaniyatida musulmonlar ommasi va xususan esa Usmoniylar davlatidagi musulmonning ko’rinishidir. Holbuki, sulton Sulaymon Qonuniy rahimahulloh o’ttiz yil davomida dunyoning turli chekkalarida muttasil g’azavotlarda ishtirok etgan, faqatgina, keksaygan chog’larida (poytaxtda) istirohat etishni tanlagan edi.2

Bu qisqacha tarixiy sharhdan ma’lum bo’ldiki, Islomni zo’ravonlik va shafqatsizlik dini sifatida namoyon etish harakatlari biror bir tarixiy asosga ega emas.

Yevropaning maqsadlari Islom ummatining shonli tarixidan nafratlangan va sekulyar odamlar tomonida tarixni bo’lg’agan, sharafli kunlarni oyoq osti qilgan, salbiyliklarni ko’rsatib, xato va kamchiliklarni bo’rttirgan, haqiqatlardan yiroq, yangi avlod tasavvurida gullab yashnagan Islomiy tarix haqida xunuk va rasvo ko’rinishni aqllarni jalb etadigan, diqqatlarni tortadigan serial va film tarzida kirib kelmoqda.

Yevropa bugun ham Islom va musulmonlar bilan hisoblashmoqchi va buning uchun Islomning o’zi va uning shonli tarixidan intiqomini olishga harakat qilmoqda.
2.3. Islom dinining Yevropa davlatlarida siyosiylashuvining istiqbollari.
Bugun dunyo oilaning maqomi to’g’risidagi munozaralar avj olgan davrda yashamoqda, U “tushkun” shimol hamda taraqqiyparvar, lekin qashshoq Janub o’rtasidagi mafkuraviy to’qnashuvlar markazida turibdi. Bu to’qnashuvlarning qoq markazida bo’lgan Yevropadagi musulmonlar jamoasi o’z o’rnini topish va omon qolishga o’rinmoqda. Madaniyatlar to’qnashuv taraflar uchun o’zlikni anglash ma’nosida muhim hayotiy ahamiyatga ega, bugungi kunda hech kim bu jarayondan chetda tura olmaydi. 1

Hozirgi kunda shimolning qotib qolgan qarashlari va qat’iy tarzda oilada yashashga o’rgangan Uchinchi dunyoning xastaliklari, u yerda istiqomat qiladigan aholining liberal demokratik jamiyatlardagi kabi ijtimoiy aqidalarga mos tarzda yashashni mutlaqo istamasligi xususidagi hujjatli filmlarning intihosiz va jiddiy gumanitar parhezi allalagan tahlikasini kuzatishga majbur bo’lamiz. O’rtacha g’arb kishisi bunday biryoqlama munozaradan qanoat hosil qiladi va uni tabiiy hol deb tushunadi. Natijada u, o’zim yashayotgan sharoit Uchinchi dunyoga nisbatan yaxshiroq, degan xulosaga keladi va uning jamiyatdagi muammolardan asabiylashuvi kamayadi. Bunday vaziyat shunday jamoatchilik fikrini shakllantiradiki, unga ko’ra, falastinlik, bosniyalik yoki zapatistalarni juda oz miqdorda aybdorlikni his qilish bilan (biroq o’zini haq deb bilgan holda) yo’qotish mumkin bo’ladi. Aslida, munozara qiluvchilar feminizm va gomoseksualizmni Uchinchi dunyoni savalash uchun kaltak o’rnida ishlatayotganiday, modern G’arbning ijtimoiy aqidalari mingyillikning so’nggi yillarida imperialistik mafkuralarga aylanib bo’lgan. Bundan yuz yilcha muqaddam Yevropaliklar teologik dogma va tijorat bilan hammaning joniga tekkan edi, endilikda esa ijtimoiy dogma va tijorat bilan xuddi shunday qilishyapti. Biroq asosiy munosabat bo’lmish nafrat juda sekinlik bilan o’zgarmoqda. 1

G’arbda yashaydigan musulmonlar ushbu masalada qiziq bir ustunlikka ega. Ko’pgina islom ilohiyotshunoslari musulmon dunyosidagi “g’arblashtirish jarayoni” va uning oila hayotiga sharmandalarcha ta’siri haqida yozayotgan bir paytda, ulardan ayrimlari qayd etganiday, ko’hna dunyoviy elita bu jarayonni himoya qilgani chin haqiqat bo’lib, uning madaniy qurilmalari eski imperialistik davlatlar qo’lga kiritgan yutuq edi. O’rtacha dunyoviy suriyalik yoki turkning turmush tarzi zamonaviy Yevropalikning turmush tarzidan o’zaro farq qiladi.2Uning kiyimlari, sharoiti, nikoh bilan bog’liq marosimlari va boshqa ikir-chikirlari bugungi G’arb turmush tarzi voqeligi bilan solishtirganda, 40-50-yillarni eslatadi. Shunday qilib, musulmonlarning oiladagi o’zgarishlarga oid asosiy munozaralari “erkinlashgan G’arb”ning qoq markazidagi biz yashab turgan vaziyatga mos bo’lishga bir oz moyildir.

G’arblik musulmonlar o’z sharoitini nazariylashtirishga harakat qilayotgan sharoitda g’ayri oddiy voqealarga duch kelyapmiz: biz qo’shilib keta boshlagan madaniyat endilikda yo’qlikka yuz tutdi. Hatto yaqin-yaqinlarda: XX asrning 50-yillari va 60-yillarining boshida ham ulug’ diniy an’anaga asoslangan Yevropadagi oilaviy qadriyatlarni tanib olish mumkin edi. Islom va xristianlik o’rtasidagi doktrinaga oid bahslar keskinligicha qolgan paytda, musulmonlar va xristianlarning axloqiy va ijtimoiy qarashlari aksariyat hollarda bir-biriga juda yaqin edi.1

Yevropalik musulmonlar, ba’zi musulmon davlatlarida ro’y berganidek, islomning qashshoqlashib borayotgan va o’z “mafkurasi”ga qarshi tura bilmasa, samimiy tashvishlanishga asoslangan e’tiqod shakli shamoyilini qaytarishga harakat qilmasa, biz real vaziyat yuzasidan muayyan masala bo’yicha keng bahslarga o’z hissamizni qo’sha olmaymiz.

Hozir ayni shunday himoya paytidir. Keyingi yillarda britaniyalik bir necha diniy arbob oilaning taraqqiyot bilan bog’liq inqirozi fojiasi xususida o’zlarining ko’pincha iztirobli, umuman olganda, ishonchli mulohazalarini bildirishdi. Liverpul yepiskopi va bosh ravvin ushbu jarayon xususida odatdagi statistik ma’lumotlar yordamida mana bunday xulosa chiqaribdi: “Britaniyada bolalarning 34 foizi nikohsiz tug’ilmoqda;2 taxminan shuncha miqdordagi katta yoshlilar ajrashish alamidan aziyat chekmoqda; kelgusi yigirma yil davomida britaniyalik bolalarning yarmidan ozrog’igina ota-ona tarbiyasini oladi va hokozo. Juda oz kishilargina quyidagi amaliy falokatlarga shubha bilan qaraydi: ma’lum bo’lishicha, AQShda qamalganlarning yarmidan ko’pi buzilgan oilalar farzandlari ekani, ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba erkak va ayollarga o’rta yosh, hatto keksalik chog’ida ham salbiy ta’sir ko’rsatib turishi aniqlangan. Yepiskop ham, ravvin ham bugungi tez o’zgarib borayotgan dunyoda oila boshpanasiga bolalar qatori kattalar ham hech qachon bu qadar muhtoj bo’lmaganidan birday tashvish chekadi, uni gunohlarning eng og’iri-xudbinlikkina barbod qilishi mumkin, deydi. Hech kim o’zini qurbon qilishni istamaydi: barchamiz shaxsiy erkinlik deb atalmish ma’budga topinar ekanmiz, huquqlarimiz haqida jar solamiz, mas’uliyatimiz borligidan esa asabiylashamiz.3 Hayotdan olinadan saboq bizni nechog’li asabiylashtirmasin, bir narsa kundek ravshan: Adam Smitning raqobatbardosh xususiy manfaat himoyasini ulug’lashini kollektiv ijtimoiy rivojlanishning kaliti deb bilgan Tetcher-Reygan egotsentrizmi butun boshli tashabbusga xavf tug’diruvchi ko’plab baxtsiz hodisalarni talab etadi. Ochko’zlik ko’plab badavlat kishilar va moliya vazirlarini paydo qiladi, biroq endi uning xunini to’lash uchun uzoq vaqt kerak bo’ladi, bugun mana shu vaqt boshlandi. Qo’shimcha qo’riqchilar, qamoqxonalar, ijtimoiy xizmatchilar va ijtimoiy ta’minot to’lovlarining kun-bakun kuchayib borayotgan qor bo’roni millionlab ijtimoiy va iqtisodiy chek qog’ozlarini uchirib yuribdi. Sotsialistik inqilob barbod bo’ldi; pirovardida kapitalizmni o’z ziddiyatlari bo’g’ib tashlashi ham mumkin. 1

Shu yergacha hammasi ravshan. Ochko’zlikning gunohligi dindorlardan boshqalarga ham tushunarli ekani xususida bahs qilib o’tirishshart emas. O’tgan asrlarda fidoiylikka qaytish haqidagi ko’plab da’vatlar odamlarning ensasini qotirar ediki, ularni biror qaror qabul qilish uchun yetarli deb bo’lmaydi. Modomiki, dinlar insonlar qilgan gunohlar oqibatini bartaraf etar darajada qudratli ekan, “yaxshi bo’lish” uchun yolvorish kamdan-kam hollarda ta’sir kuchiga ega bo’ladi, unga islohotlarning amalga oshirish mumkin bo’lgan paradigmasi yo’ldosh bo’lishi kerak. Ravvin ham, yepiskop ham real va muayyan narsadan boshqasini taklif etishi qiyin; bu siyosatchilar va liberal OAV murosa qilgan, hattoki, yo’l sifatida tanlagan narsa bo’lsa ajab emas. Biroq biz maqomi muayyan ijtimoiy, shuningdek, ma’naviy dasturda “millatlarga saxiylik” deb bayon etilgan vositachi orqali diniy erkinlik bilan siylangan musulmonlar sifatida bilamizki, jamiyatning mavjud og’ir ahvolini hech qachon va’zgo’ylik bilan tuzatib bo’lmaydi. Struktural o’zgarishlar ham talab etiladi: biz muammoning tortish kuchi ta’siriga tushib qolib, bunday o’zgarishlar og’riqli bo’lishi mumkinligidan ajablanmasligimiz kerak. 2

Biroq siyosat muhitning eng qayg’uli namunasidir. Eronliklar uni “olov va paxtaning apoq-chapoqligi” deb ataydi. Ilgari hech qachon jamiyatda xiyonat uchun imkoniyatlar shu darajada ko’payib ketmagan edi, bu holni axloqsizlik tarafdori bo’lgan jurnalist ham, siyosatchi ham va ijtimoiy strateg ham ko’rmasligi mumkin emas.

Tashxis keskin ekani ko’rinib turgan bo’lsa-da, uning davosi bormikin? Islom xilvat yoki “noqonuniy tarzda yolg’iz yashash”ni G’arb kishisi tasavvur ham qilolmaydigan darajadagi jinoyat deb biladi. Har bir ma’naviy falokatning o’z peshravi-darakchisi bo’ladi; islom bunday peshravlar paydo bo’ladigan ijtimoiy sabablarni kamaytirish yo’lini axtaradi. Shunday qilib, bizning vazifamiz bir kishining faqat bir kishi bilan jinsiy aloqa qilishi kerakligidan ta’lim berishdir1.

Nyutonning kuzatishicha, tabiat bo’shliqni yoqtirmaydi; ushbu qoida fanning maqomiga bo’lgan psixologik munosabatni yaxshilashga yordam berishi mumkin. Dunyoviy qarash ham anglash mushkul, ham mavhum bo’lishi mumkin, biroq dindorlar uchun Yangi Ijtimoiy Aqidalar tez orada yangi diniy qarashlar shaklini olishi mumkin. Yigirmanchi asrning ulkan erkinliklari ko’pincha dinni harakatga keltiruvchi quvvatning kuchli poklovchisiga o’xshab ko’rinadi. Dunyo tashvishlaridan va “men”ni tiya bilishdan qutulishday tug’ma istak shaxs erkinliklarini cheklashga qarshi qattiq varaja-konvulsiyaga aylanayotgani ajablanarlidir.

Shu ma’noda, siyosiy jihatdan to’g’ri yo’l tutayotgan G’arb kuchli diniy jamiyatdir. Uning o’z dogmalari, ilohiyotshunoslari, ruhoniylari, jabrdiydalari, Amerikadagi universitetlar shaharchalariga va’z-axloqnomalarni yetkazib borgan missionerlari va kufrni yer bilan yakson qiluvchi yaxshi rivojlantirilgan nazariyasi bor.

Ba’zi bir kishilar bularning barchasini zarur, chunki odamlar ishonch va asosga muhtoj, chin e’tiqodsiz o’zlarini G’arbda idora etolmay qolishi va qonunbuzarlik yo’liga kirib ketishi mumkin, deb biladi. Ammo, hamma balo shundaki, ayni paytda qonunchilik, maktab o’quv rejasi, eshittirish va ko’rsatuvlarni boshqarish qoidalariga aylangan yangi aqidalar, haqiqiy yangi din vazifasini ham o’tay olmaydi yoki uning o’rnini bosolmaydi. Diniy axloq, musulmonmi, xristianmi, buddaviymi, yoki eskimosmi, bundan qat’i nazar, o’ziga yuklangan mas’uliyatni sharaf deb biladigan shaxsning o’zligini namoyon qilishg’oyasi orqali jamiyatda hamjihatlikni ta’minlaydi1. Bunga mutlaqo teskari bo’lgan G’arbning yangi dini unga huquqlardan lazzatlanish orqali erishiladi, deb o’rgatadi.

Ushbu ters holatning ekstremizmga xos ekanini inobatga olsak, u ta’sir ko’rsatayotgan jamiyatlar qiyin ahvolga tushib qolishidan ajablanmasa ham bo’ladi. Konor Kruiz O’Brayenning mulohazasini o’zgartirib, dunyoviy ijtimoiy tibbiyot bilan bog’liq ko’ngilsizliklar shundan iboratki, u qanchalik ko’p qo’llansa, mijoz shunchalik kasal bo’lib boraveradi, deyish mumkin.2 Yangi e’tiqodlar bizni porloq va erkin xomxayolga yetaklash o’rniga ijtimoiy illatlarimizni yanada chigallashtirib yubordi, deyish kufr bilan barobardir. Biroq aynan shunday bo’lgani bor gap. Boz ustiga, xushmuomalalik hukmron bo’lgan jamiyatda soxta din bunday buzg’unchilikka boshlagan tushunchalar tanqid qilinmasligiga kafil bo’ladigan darajada kuchlidir

Ushbu asrda ro’y bergan erkinlik uchun kurashlarning o’ziga xoslaridan biri feminizmdir. Ba’zilari ehtiyotkor va dalillangan, boshqalari esa jodugarlik va o’z jinsi vakilasini sevish singari tasavvur ham qilib bo’lmaydigan son-sanoqsiz darbadar tamoyillarga bo’linib ketgan bu harakat xususida bir necha umumlashmalar qilish mumkin. Biroq buni kuzatishni boshlash uchun eng qulay vaqt ayollarning o’zlari istamagan holda viktorianlarning feminizmoldi va yigirmanchi asrning so’nggidagi feministik qadriyatlar qurboni bo’lgan paytidir.

Ayollarning erlaridan alohida moliyaviy yoki huquqiy sub’ekt sifatida ajralib yashashi mumkinligini rad etgan an’anaviy xristian madaniyatlarida xotin-qizlar qonundan tashqarida qolishdan aziyat chekar edi. Bu holni ularning aksariyati hech ikkilanmay qabul qilishi mumkin edi, ammo ijtimoiy yordam bermay qo’yilgan ayollar real adolatsizlik qurboni bo’lishdi, oqibatda ular mustaqil yashashga ehtiyojmand ekanini anglab yetishdi. Shu tariqa ayollarning saylovlarda ovoz berish huquqiga ega bo’lgani chin ma’noda adolat izlash natijasi edi. Bu hol G’arb jamiyatini xristian an’analaridan islom me’yorlari tomon burib yubordi. Unga ko’ra, ayol hamisha, hatto turmushga chiqqanidan so’ng ham qonuniy sub’ekt hisoblanadi, uning mulki, familiyasi, vorislik huquqi va da’vo bilan sudga murojaat qilish huquqi saqlanib qoladi. 1

Go’yoki so’nggi 30 yil davomidagi yangi feminizmdan musulmonlarning paytavasiga qurt tushib qolgan, qabilidagi gaplar Freyden, Greer va Dalining jangari va mafkura suvi yuritilgan dunyoqarashidan boshqa narsa emas. Ushbu mutafakkirlar nafaqat jamiyatdagi struktural adolatsizlik, qolaversa, erkak va ayollarning identiteti xususidagi fundamental qarashlarga qarshi hujum qilish bilan yangi bir bosqichni boshlab berishdi. Simon de Beovo (Beauvoir): “Onalik instinkti bekor qilinmaguncha, ayollar qulligicha qolaveradi”, deb yozgan edi; yangi feministlarning bunday baqir-chaqirlarini har qadamda eshitish mumkin. Shu nuqtai nazardan qaraganda, an’anaviy tarzda ayol deganda, noziklik, erkak deganda esa jasorat esga tushishi biologik va axloqiy nuqtai nazardan asossizdir. U “patriarxat” deb ataluvchi butun boshli an’anaviy binoning tayanchi sifatida hujum qilib turish ob’ekti bo’lgan.

Ayollar o’rtasida erkaklar bilan faoliyatning mutlaq tenghuquqliligini talab etuvchi ortodoksal feminizmga isyon belgilari zuhur bo’lmoqda. Ommaviy axborot vositalari bong urayotganining aksi o’laroq, ziyoli ayollar bola boqish uchun “chetga chiqib qolish”dan hazar qilayotgani yo’q. Lekin haqiqiy zarar yetkazib bo’lindi. 2

Bunday qayg’uli vaziyatda ajrashish mantiqan to’g’ri bo’ladi. Ota ham, ona ham ishlaydigan oiladagi siqilishni oddiy kishilar yenga olmaydi. Daromadning oshishi va (ba’zi birovlar uchun) ishdan olingan lazzat charchoq va tortishuvlar ehtimoli kuchayishining o’rnini to’ldirishi qiyin. Ayolning oilani o’z mehri bilan isitishidan mahrum bo’lgan ota va farzandlar o’zini xavfsiz his eta olmaydi. Er-xotinning birday ishlashi intihosiz tortishuvlar uchun zamin hozirlaydi. Ajrashishgali kelganda esa, aksariyat hollarda ayol kishiga jabr bo’ladi. Qariyotgan yolg’iz ona sifatida u jamiyat o’ziga mutlaqo qiziqmay qo’yganini anglay boshlaydi. U “davlatning xotini” deb ataluvchi yangi sinfga borib qo’shiladi.

Davlat ko’pxotinli bo’lishi mumkin. Yangi Yevropani ijtimoiy jihatdan anglash soliq daromadlarining keskin ko’payish davriga to’g’ri keldi. Siyosatchilar orasida ijtimoiy inqiroz darajasi yillik yalpi ichki mahsulot o’sishidan o’zib ketmagan bir vaziyatda bu borada qayg’uruvchilar kamdan-kam topiladi. Yana millionlab yolg’iz oilalarning taqdiri achinarlidir. Daromad manbai yagona bo’lgan oilalar ayollarga bola boqishday muqaddas burchni oyoq osti qilish emas, bajarishga izn berilishi liberallar taxmin qilganidan ham ko’ra ko’proq ma’naviy ahamiyatga ega ekanini yaqqol tasdiqlab turibdi.

Ammo feministlar ijtimoiy matoni kemirayotgan yagona kuya emas. Yana boshqalari ham borki, ularning ba’zilari haddan ziyod radikaldir. Ularning eng keskini gomoseksualistlardir, qiziq, ammo doimo jirkanch mafkuralardir, ular aholiga oilalar uchun oqibati halokatli bo’lgan dogmalarni tiqishtiradi.

Vilfred Tezigerning yozishicha, u o’zining arab badaviylari bilan uzoq sayohatlari davomida hech qachon odamni kamsitadigan bunday amaliyotga duch kelmagan. U boshqa jamiyatlarda, xususan, zamonaviy shahar madaniyatlarida juda keng tarqalgan. Nega aynan shunday bo’lishi kerakligi xususidagi nazariyalar tiqilib yotibdi: ba’zi bir tadqiqotchilar aholi haddan ziyod ko’payib ketgan jamiyatlarda bu tamoyil tabiatning nufus o’sishini nazorat qilish usulidir, deb safsata sotadi. 1


Yüklə 310,27 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə