Yozuvchi Abdulla Oripov she’riyatida milliy – ma’naviy qadriyatlar ustunligi



Yüklə 44,45 Kb.
tarix29.04.2022
ölçüsü44,45 Kb.
#86154
mustaqil ish falsafa


Yozuvchi Abdulla Oripov she’riyatida milliy – ma’naviy qadriyatlar ustunligi.

Yaxlit bir yaqin o‘tmishga aylangan XX asr o‘zbek adabiyoti tarixida 60-yillar avlodining alohida o‘rni bor. Garchand mustabid tuzumning mafkuraviy zug‘umlari badiiy ijod sohasiga o‘z ta’sirini o‘tkazishda davom etayotgan bo‘lsa ham, bir muddat hukm surgan iliqlik davrida adabiyot maydoniga yangi bir avlod kirib keldi. Bu avlod ijodida milliy o‘zlikni anglash, Vatanni e’zozlash, milliy urf-odatlarni targ‘ib-tashviq qilish, milliy his-tuyg‘ularni tarannum etish tamoyillari yetakchilik qilar edi. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon kabi shoirlar bu adabiy avlodning yetakchi shoirlari sanaladi. Davrning tabiiy bir ehtiyoji bu avlod zimmasiga an’anaviy she’riyatni yangilash va badiiy tafakkurda teranlashuvdek ulkan bir vazifani yuklagan edi. Ijod ahli xalq diliga yaqinlashdi, xalqning dardu alamlariga sheriklik tuyg‘ularini ilgari surdi; ramzlar vositasida o‘z millatining tutqunlikdan ozod bo‘lishdek ezgu istagini bayon qildi. Bu avlod vakillari ijodida xalqona 7 poetik tafakkurga xos belgilar paydo bo‘ldi. Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” she’ri, Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi, Omon Matjonning “Haqqush qichqirig‘i” va boshqa shoirlarning qator turkumlari xalqimiz qalbida chuqur iz qoldirdi. Milliy fikr tarbiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bu shoirlar xalqning chinakam mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lish uchun ijodkorning estetik ideali yuksak bo‘lishini, o‘zlari xalq hayotining ichiga kirishi zaruratini juda teran angladilar. Shu bois, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov bir she’rida: El ustozim men esam –tolib! So‘z durlarin termoqdir ishim. Odamlarning o‘zidan olib Odamlarga bermoqdir ishim, – deb umuman ijodkorga xos konsepsiyani g‘oyatda muxtasar tarzda ifoda qildi. Tabiiyki, shoir zoti inson ko‘nglining tarjimoni sifatida qalam tebratadi. Ayniqsa, uning “men”ida milliy, umuminsoniy ezgu tuyg‘ular tajassum topishi lozim. Shu ma’noda: “Ijodkor umuminsoniy dardni shaxsiy darddek qabul qilishi yoki shaxsiy dardini umuminsoniy dard darajasiga ko‘tarishi lozim”, – deb yozadi Abdulla Oripov. Shoir ushbu talabni o‘z ijodiga to‘la-to‘kis tatbiq ham qildi. Bu adabiy avlod zimmasidagi mahobatli missiya zamirida “mayda gaplarni ko‘tarmagay she’r” (A.Oripov) degan aqida, umuminsoniy g‘oyalarni, o‘zbekning milliy o‘zligini anglashdek, xalqni erkinlikka, qolaversa, istiqboldagi istiqlol kunlariga hozirlashdek ulkan fikrlar mujassam edi. Abdulla Oripov fenomeni ana shunday adabiy muhitda tabiiy zarurat, “ehtiyoj farzandi” sifatida maydonga keldi. 1.1. Poetik ifodaning xalqona tarzi Har qanday iste’dodli, milliy shoir badiiy tafakkur vositasida o‘ziga xos san’atkor ekanini ko‘rsatadi. Tabiiyki, bunday ijodkor asarlarida badiiy tasvir vositalarini mohirona qo‘llash, badiiy tilning tasvir imkoniyatlari, ayniqsa, poetik ifodaning xalqona tarzi yaqqol namoyon bo‘ladi. Qolaversa, muayyan xalqning milliy xususiyatlari mavhum tushuncha emas, balki tilidek o‘ta aniq va individual hodisada reallashadi. Har qanday badiiy asar qaysi millat hayoti haqida hikoya qilsa, qaysi millatga mansub insonning his-tuyg‘ularini ifodalasa, shu xalqning ruhini, an’analarini, milliy o‘ziga xosligini qabariq holda ifodalashi tabiiydir. Milliy til va xalq ruhi “...har bir asarda betakror tarzda uyg‘unlashadilar va jonli bir “vujud”ni - badiiyatning aniq bir farzandini dunyoga keltiradilar”1. Darhaqiqat, har qanday badiiy asarning sehrli, jozibali, maftunkorligi, o‘z navbatida, badiiy asar tiliga, ruhiyatiga hamda ijodkorning individual uslubiga bog‘liq. Zero, xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov: “Har bir tilning qudrati va afzaliyatlari shu tilni yaratgan xalqning o‘zi bilan birga yashasagina rivojlanib, o‘sib boradi. O‘z 8 xalqidan va sarzaminidan uzilib qolgan til tabiiy kuchini, boyligi va go‘zalligini yo‘qota boshlaydi. Demak, el borki, til bor. Eldan uzilmagan odam tildan ham ayrilmaydi”2, deb ta’kidlaydi. Ijod ahli go‘zal va betakror iboralarni, matal, maqol va rivoyatlarni, albatta, elidan, xalq ichidan topadi; ko‘pchilik bir oz e’tiborsiz bo‘lgan yoki ustini bir oz chang bosgan noyob durdonalarni qayta yaraqlatib o‘z xalqiga taqdim etadi. Natijada, ifodalarning xalqona ekanligi, el diliga yaqinligi uchun tahsinlar eshitadi. Chinakam xalq yozuvchisi, shoiri sifatida shuhrat qozonadi. O‘zbek xalqining shunday ehtiromiga sazovor bo‘lgan, xalq dilidan, qalbidan o‘z she’rlari bilan chuqur o‘rin olgan shoirlardan biri shubhasiz Abdulla Oripovdir. Mustabid tuzum davrida ham bu shoir birovlarga taqlid qilishdan, to‘ti bo‘lishdan orlandi; “bulbul kuyini” o‘z so‘zi bilan o‘zbekona go‘zal tilda kuylashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi tufayli milliy tilimizga e’tibor kuchaydi. Ona tilini sevish insonparvarlik belgisi hamda ajdodlarimiz ruhiga cheksiz mehr-muhabbat ramziga aylandi. Har qadamda millatni qadrlash, tilni asrab-avaylash umumxalq ishi, fuqarolarning milliy g‘ururini ko‘tarish omili bo‘lib qoldi. Binobarin, Prezidentimiz Islom Karimov ona tilining ahamiyatini ta’kidlab, shunday degan edi: “Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Men bu masalani alohida ta’kidlab aytganim bejiz emas. Ona tili - bu millatning ruhidir. O‘z tilini yo‘qotgan har qanday millat o‘zligidan judo bo‘lishi muqarrardir”1. Zero, millat ruhini anglatuvchi yagona dastak ham ona tilidir. Ijodkorlar milliy til taraqqiyotida, uning turli leksik va semantik jihatidan boyishida o‘z badiiy asarlari bilan cheksiz ulkan xizmat qilishlari mumkin. Agar jiddiyroq e’tibor berilsa, badiiy asarni poetik tilsiz mutlaqo tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki badiiy adabiyot so‘z san’atidir. Bu san’at turining boshqa komponentlarini mutlaqo e’tibordan soqit qilmagan holda ta’kidlash lozimki, ijod ahli badiiy til vositasida muazzam san’at koshonalarini bunyod qiladi. Shu ma’noda Abdulla Oripov yaratgan she’riyatning badiiy tili, tildagi imkoniyatlar, yangiliklar, uslubiy o‘ziga xosliklar ustida alohida fikr yuritish foydali bo‘ladi, albatta. Har qanday ijodkor his-tuyg‘ularini, voqelikka estetik munosabatini so‘z vositasida ifoda qiladi. Badiiy asar tili poetik tafakkurning eng muhim mezonlaridan biri sanaladi. Aslida nazariy jihatdan qaraganda til badiiyati negizida so‘zlarni ko‘chma ma’noda qo‘llanish, lug‘at boyligimizda mavjud so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatish, xalqona frazeologik birliklardan unumli foydalanish juda katta ahamiyat kasb etadi. Abdulla Oripovning mashhur «O‘zbekiston» she’rida qaratqich kelishigi qo‘shimchasi (- ning) shaklini o‘zgartirib, ya’ni «mening» o‘riniga «manim» tarzida qo‘llashi ham, aynan, she’rning badiiy qiymati oshishiga xizmat qilgan. Ora-orada takrorlanib keladigan «O‘zbekiston Vatanim manim» satri o‘z orginalligi, shuningdek, shu misradagi ikki so‘zning (Vatanim, manim) o‘zaro ichki qofiyalanib kelishi kuchli emotsiyani paydo qiladi. Shoir xuddi shu 9 she’rida: «Balki ustoz Oybekdek to‘lib, Yozajaksan yangi bir doston, Balki Habib Abdulla bo‘lib, Sahrolarda ochajaksan kon», degan misralar bor. E’tibor qilinsa, adabiy tilga normamezonlariga bo‘lmagan «-jak» grammatik qo‘shimchasi asosan o‘g‘iz lahjasida keng qo‘llanadi. SHe’riy misrada qo‘shimchaning «yozajaksan», «ochajaksan» tarzida anormal qo‘llanishi til badiiyatiga xizmat qilgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda oddiy ko‘ringan birgina grammatik qo‘shimcha ham she’riy asarning badiiy tili masalasida o‘z ahamiyatiga ega, albatta. O‘zbek adabiy tili shevalarda mavjud so‘zlar vositasida boyib boradi. Ulkan epik asarlarda qahramonlar nutqi shevadagi so‘zlar asosida individuallashtirilsa, ishonchlilik quvvati oshadi. Agar she’riy misralar tarkibida o‘rinli qo‘llansa, tabiiyki, she’r xalq qalbidan o‘rin oladi. Shu ma’noda Abdulla Oripov she’rlari tilidagi xalq tili elementlari, xususan, shevaga xos so‘zlarning o‘z o‘rnida qo‘llanishi kuzatiladi. Shoir «Yuzma-yuz» she’rida yozadi: Mamontlar to‘dasi chiqdi o‘rmondan, Shimol ko‘chkiniday vahshiy va sarmast Va lekin vahshiyroq to‘da har yondan Bostirib keldilar guras va guras. (I jild, 60-bet). “Sarmast” so‘ziga original qofiya sifatida ishlatilgan “guras” so‘zi shoir tug‘ilib o‘sgan Qashqadaryo shevasiga xos bo‘lgan so‘z hisoblanadi. Xuddi shu “Yuzma-yuz” she’rida shoir xalqini ta’riflar ekan, uning zahmatkashligini aytib “Yelda tinim bordir, unda yo‘q tinim” degan g‘oyatda xalqona o‘xshatishni ishlatadi. Keyingi satrida: “Shunday ishparastdir u munisginam”, deya xalqiga bo‘lgan mehrini ifodalaydi. Ishchanligini, mehnatkashlagini “ishparast” degan yangi bir o‘zi ijodkor sifatida yasagan so‘z bilan bayon etadi. SHe’rning davomida “millionlab egatlarga sochilgan o‘zbek”ning holiga qarab, “Rangpar singilginam, o‘ylayman seni”, deb yozadi. Boshqa bir o‘rinda: “Akaning singilga achinganiday” degan bag‘oyat xalqona ta’birni qo‘llaydi. “Munisginam”, “singilginam”, “ishparast”, “rangpar” – har holda bu poetik so‘zlar, o‘ziga xos tashbehlar shoir she’riyatining yuksak til badiiyatini ko‘rsatadigan omillar sanaladi. Xalqimiz ta’birlarini o‘z o‘rnida qo‘llash, xalq tilida mavjud bo‘lgan iboralardan, o‘xshatishlardan unumli foydalanish she’r badiiyatini kuchaytiradi; ta’sir quvvatini oshiradi. Xalqimiz og‘ir narsalarni toqqa mengzaydi, yengil narsalarni paxta yoki qush patiga qiyoslaydi. Abdulla Oripov to‘rt satrdan iborat «Shoir» nomli she’rida quyidagicha yozadi: Demangiz, dunyoning tashvishi qolib, O‘zini har yonga uradi shoir. 10 Tog‘day og‘ir yukni kiftiga olib, Qushday yengil bo‘lib yuradi shoir. Yoki: Xalqim, moziy o‘tdi, tole ko‘rmading, Pishirding o‘zingga benasib taom. Kiygizding birovga, o‘zing kiymading, Yulduzni kashf etib nom olding – avom 1 . Aynan ana shu misralardagi san’atga diqqatini qaratgan adabiyotshunos olim M.Olimov:”Tamomila boshqa oilaga mansub tilning yoki biznikidan uzoq turkiy tilning vakili bu o‘xshatishlarni shoirning o‘z topilmasi deb o‘ylashi ham mumkin. Lekin ular – xalqniki”1. «Tog‘day og‘ir», «qushday yengil» ta’birlari ijod ahlining holatini tasvirlash uchun juda qo‘l kelganini bu o‘rinda ko‘rish mumkin. Shoir zoti bir qarashda juda xushchaqchaq, baxtiyor, saodatli bo‘lib ko‘rinadi. Aslida esa ular zimmasiga juda ulkan missiya yuklangan bo‘ladi. Ikkinchidan, bu so‘z birikmalarida zidlashuv mavjud, shoir tazoddan foydalanadi. Shoir qalbining aks-sadosi sifatida yangraydigan, tug‘ilgan zamonga muhabbat nafasi ufurib turgan «Qarshi qo‘shig‘i»da ham nihoyatda topib aytilgan, xalqning aynan o‘zidan olgan poetik so‘zlarni uratamiz: «Mana bukun, ey yurtim, g‘oz turibman qarshingda», «Bu yerlarning bori shu: qip-qizil sahro bari», «Oyoqlangan qo‘ziday dovdirar yelda maysa», «Bosh ustingda o‘t purkar samoning ajdahosi, Asta sekin kun qaytar, bosilar qaynoq to‘zon» kabi misralardagi «g‘oz turibman» (mag‘rurlik ma’nosi kuchli), «qip-qizil sahro» (o‘ta yalong‘och ma’nosi kuchli), «oyoqlangan qo‘ziday» (xalqona o‘xshatish tasvir realligini kuchaytirgan), «o‘t purkar» (o‘ta qizdirish ma’nosi kuchli), «kun qaytar» (vaqt o‘tishini, quyoshning yotog‘i tomon og‘a boshlashini xalq shu ibora bilan ifoda etadi) kabi o‘xshatish va so‘z birikmalarida xalq tili va dilining tafti sezilib turibdi. SHe’rning badiiy qiymatini oshirishga bunday ta’birlarning ijobiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiydir. Ma’lumki, o‘zbek tili - dunyoning eng qadimiy va boy tillaridan biridir. Uning keng imkoniyatlari qadimiy tosh bitiklarda, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘atit-turk”, Ahmad Yugnakiyning “Qutadg‘u bilig” asarlari, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning “Xazoyinul-maoniy», “Xamsa”, Boburning “Boburnoma” asarlarida, Mashrab, Ogahiy, Nodira kabi mumtoz shoirlarimiz va XX asrda yashagan adiblarimiz ijodida yaqqol namoyon bo‘ldi. 1Абдулла Орипов. Танланган асарлар. Тўрт жилдлик. 1-жилд. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 2000. – Б.62 (Бошқа кўчирмалар ҳам шу манбадан олинади ва саҳифаси қавс ичида бериб борилади). 11 Abdulla Oripov bo‘lajak shoir sifatida mavjud barcha mumtoz adabiy durdonalarni qunt bilan o‘rgandi. Ayni choqda, xalq ruhiyatini o‘zida tashuvchi milliy tilning ichki imkoniyatlaridan o‘z ijodida unumli foydalandi. Shoir qo‘llagan «ochun» so‘zining ommaviylashishi, iste’molga kirishi, ba’zan «dunyo» va «olam» so‘zlari bilan sinonim tarzida kelishi, tabiiyki, o‘sha qadimiy yozma bitiklardan o‘rganish natijasidir. Umuman, Abdulla Oripov she’rlarining badiiy til xususiyatlari tadqiq qilinayotgan mavzu e’tiboridan bir sidra nazardan o‘tkazish shoir ijodining poetik mohiyatini yana ham teranroq anglashga xizmat qiladi. Darhaqiqat, Abdulla Oripovning o‘zi ehtirom bilan ta’kidlaganidek, “... Ma’lum did va saviyaga ega bo‘lmagan ijodkor adabiyotning birinchi elementi bo‘lmish tilning o‘zidayoq kimligini bildirib qo‘yadi. Didsiz shoir biror so‘zni biron o‘rinda eplab ishlatishi gumon. Gap shunchaki tizmalar emas, balki anchayin jiddiy she’riyat ustida ketayotibdi. Fikrimni isbotlash uchun ba’zi misollarga murojaat etaman. “Muhokamat ul– lug‘atayn”da Alisher Navoiy yig‘lamoq so‘zining bir necha sinonimlarini keltiradi. (Ular holatlar hamdir). Xususan, bo‘zlamoq, o‘kramoq, bo‘kramoq, siqtamoq va hokazo. Bizning shoirlarimizning qahramoni yig‘layapti deylik. Ammo u qaysi sababga ko‘ra va qanday holatda ko‘z yoshi to‘kmoqda? Uzoqroq izlanishga toqati qolmagan yoki didi nomukammal shoir qahramonim umuman yig‘layapti, deb qo‘ya qoladi. Holbuki, haligiga o‘xshash sinonimlar shoirga bunday o‘rinda juda qo‘l kelishi mumkin. Masalan, tasavvurimcha, bolasi o‘lgan ona bo‘zlaydi, ota o‘kraydi. Yoki ma’lum bir satrda unli va undoshlarning uyg‘un kelishi uchun tuproqni tufroq deyishga ham to‘g‘ri keladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin”1. Binobarin, Abdulla Oripov nazdida milliy til va uning leksik boyliklarini did bilan ishlatish, ona tilimizning so‘z xazinalariga katta e’tibor, bu yo‘ldagi ongli, chinakam mehnatgina san’atkorni pog‘onama-pog‘ona yuksak cho‘qqiga ko‘tarishi mumkin. Bu masalani shoir ijodining tadqiqotchilari va ixlosmandlari ham doimo alohida ta’kidlab ko‘rsatganlar. “Obrazlilik, -deb ta’kidlaydi akademik M.Qo‘shjonov va adabiyotshunos Suvon Meli, -Abdulla Oripovni adabiyotning birinchi elementi - til xususida o‘ylashga majbur qiladi. U so‘zlarga jilo bera oladi. Uning asarlarida bizga ma’lum so‘zlar yangicha ma’no kasb etgandek bo‘ladi. Shu bilan barobar, o‘zbek tilining boyligi haqida ham qayg‘uradi. Ba’zan fikrlarni betakror so‘zlar bilan ifodalay oladi. Buning uchun u o‘zbek tilining bor boyliklaridan unumli foydalanadi”1. Shoir ijodida tilga munosabatning ikki ko‘rinishi badiiy aks etadi. Birinchidan, shoir o‘z she’rlarida tilni tabiatning faqat insongagina in’om etilgan ulug‘ ne’mati sifatida tasvirlaydi. Til va ruhni egizak tushunchalar sifatida badiiy idrok etadi. Ikkinchidan, tilga ana shunday badiiy va falsafiy munosabat shoir ijodida ham amaliy tabiati bilan namoyon bo‘ladi. Tildan mohirona foydalanish, so‘z ummonidan g‘avvos kabi “durri g‘alton”lar terish, so‘zga inja va muqaddas go‘zallik 12 sifatida munosabatda bo‘lib istifoda etish, uning ilohiy qudratini ruhan his qilish shoir badiiy olamining o‘ziga xos belgilaridan biridir. O‘tgan asrning 60-yillar oxiri, 70-yillar boshida Erkin Vohidov, Muhammad Ali, Rauf Parfi, Oydin Hojiyeva, Omon Matjon, Cho‘lpon Ergash, Ma’ruf Jalil kabi ko‘plab iste’dodli shoirlar qatori Abdulla Oripov ijodida ham ustozlar she’riyatidagi xususiyatlar, hayotiylik va tabiiylik, muammolarga jiddiy munosabat, illatlarga murosasizlik ayon sezilib turadi . O‘tgan asrdagi hukmron mafkura zo‘ravonliklariga qarshi, millatni dinidan, tilidan, tarixi va ma’naviyatidan mahrum qilmoqchi bo‘lgan mustabid mafkura siyosatiga qarshi fikrlarini shoir o‘z vaqtida ochiq-oydin badiiy shaklga sola bilgani ham ulug‘ adiblarga xos jasoratdir. 1965 yilda yaratilgan “Ona tilimga” she’ri mustabid mafkura qarshiligiga uchrab, shoir boshiga juda ko‘p malomatlar keltirgan asarlaridan biridir. Bu she’r shoir she’riyatidagi muhim va ijod fenomenini belgilovchi vosita. Bunda ona tilining millat borlig‘i va borligi sifatidagi ahamiyati yuksak badiiy libosda namoyon etiladi. Bugungi kun uchun muhim bo‘lgan fikrni olg‘a surib, tilning ijtimoiy funksiyasini shunday ulug‘laydi: Ona tilim, sen borsan, shaksiz Bulbul kuyin she’rga solaman. Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz, Men ham to‘ti bo‘lib qolaman... (I jild, 74-bet) SHe’rni o‘qiganda mustabid tuzum davrida “ikkinchi ona til” tomonidan siqib chiqarilayozgan o‘zbek tilining ijtimoiy maqomi ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Bu holni shoir to‘tining holiga qiyoslaydi. Ona tilidan ajralib qolsa, hatto millat ham bir “to‘ti bo‘lib qolajagini” alam bilan ta’kidlaydi. Shoir o‘sha murakkab davrlardayoq o‘zbek tilining taqdiri va kelajagi haqida kuyunib yozadi. SHe’rda shoirning millatparvarligi va ijtimoiy pozitsiyasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. U o‘tgan asrda milliy fojeaning, millatni yo‘qotishga qilingan sa’y-harakatlarning muqarrar oqibatlarini teran fuqarolik hissi bilan idrok etadi. Tasvir ham originalligi bilan ajralib turadi. Ona tili bulbul kuyiga “tanosub” qilingan bo‘lsa, to‘ti bulbul va ona tili birliklariga zidlanib, tazod san’ati ko‘rinishi sifatida yuzaga chiqqan. To‘ti va bulbul obrazlarining o‘zaro zidligi xalq og‘zaki poetik ijodida ham, xalq tilida ham ko‘p qo‘llanadi. Umuman, bulbul kuyi va ona tili ohangi - shoir nazdida bir-birini qoplovchi va to‘ldiruvchi tushunchalar. Buni shoirning “Bulbul” nomli she’rida ham ko‘rish mumkin: Shomu sahar tinim bilmay sharh aylading dilingni, Qani, ayt-chi, bulbulginam, kim tushundi tilingni? 13 Birov seni nola dedi, birov dedi oh-fig‘on, Bulbul tilin bulbul bilar, men bilmasman, bulbuljon. Anglarmi deb behudaga roz so‘ylama, qushim, hay, Sen — bulbulsan, bulbulginam, seni bulbul tushungay.(I jild, 76-bet). Shoir xalq og‘zaki ijodidagi “Qush tilini qush bilar”, “Tanasi boshqa dard bilmas”, “Tili boshqaning dili boshqa” kabi hikmatli ibora – xalq maqolini she’rda yangicha shaklda bayon etadi. Boshqacha aytganda, shoir badiiy ifodasini o‘qib, uning zaminidagi mazkur maqollar eslanadi. Abdulla Oripovning mahorati natijasi o‘laroq yuzaga chiqqan bu okkazional ifoda she’rdagi botiniy va zohiriy qatlamlarni bog‘lovchi badiiy unsur ahamiyatiga egadir. O‘tgan fasllarda tahlil etilgan millatning o‘ziga xos fazilatlarini ifodalovchi xalqona ohanglarda yaratilgan asarlardan biri "Samoviy mehmon, besh donishmad va farrosh kampir qissasi" she’ridir. SHe’rda ifodalanishiga ko‘ra, qilni qirq yoradigan donishmandlar dunyo tillarini besh barmoqday bilishsa-da, ammo samoviy mehmon oldida ular ojiz. Aniqrog‘i, Abdulla Oripov she’rda xalq tilida mashhur bo‘lgan “Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, yomon gap bilan pichoq qinidan chiqadi” maqoliga ishora qiladi. Bu botiniy vositadan ustalik bilan badiiy foydalangan. SHe’rning sarlavhasidan ko‘rinib turibdiki, badiiy maqsad bir - biriga mutlaqo o‘xshamagan asar qahramonlari: 1) samoviy mehmon, 2) besh donishmand, 3) farrosh kampir va ularning xatti-harakatlari orqali hal etilishi lozim. SHe’r "Xabar keldi Fan shahriga olis Jungli tomondan. O‘tgan kecha allanarsa Yonib tushmish osmondan" degan fantastik xabar bilan boshlanadi. Undan keyin besh donishmandning izchil ta’rifi beriladi. Oxirida esa, istar-istamas "Hatto farrosh kampirni ham birga olib keldilar" deb qo‘shib qo‘yiladi. Aslida, yozuvchining badiiy maqsadi ana shu farrosh kampir faoliyati orqali ochib berilishi lozim edi. Bu "sir"ni shoir asarning oxirigacha o‘quvchidan yashirib keladi. SHe’rni shunday tugatadi: "Olimlarning xizmatlari Yo‘q, bekorga ketmabdi. Shuncha ishni qilishibdi, Faqat mehr yetmabdi". Asarni o‘qib bo‘lgach, yuksak mahorat bilan tasvirlangan samoviy mehmon haqidagi fantastik ma’lumotlar ham, besh donishmandning har qanday kishini lol qoldiradigan ish - faoliyati ham, birdan, arzimas bir narsaga aylanib qolgandek tuyula boshlaydi... Asarda farrosh kampir paydo bo‘lishi bilan ifoda tili ham tubdan o‘zgaradi. Tasvirda jonli xalq tili, xalq og‘zaki ijodiga xos ifodalar yetakchilik qila boshlaydi:"O‘sha payt, deng farrosh kampir kirib keldi tentirab. Farrosh-da u, uni- buni yig‘ishtirmoq unga tan. O‘rindiqda yotgan zotni ko‘rdi kampir daf’atan!" Ana shu qisqacha ekspozitsiyadan so‘ng farrosh kampirning favqulodda nutqi - o‘zbek kampirlariga xos tabiiy mehribonlikni ifodalovchi so‘zlarida milliy o‘ziga xos mehr tuyg‘usi namoyon bo‘ladi: 14 - Voy bechora bolaginam, Dard zabtiga opti-ku! Holdan toyib, boshqa ko‘zi Yumilib ham qopdi - ku! ( I jild, 304-bet). Shoir nazdida so‘zda mehr, shafqat, insoniylik tuyg‘ulari – kechinmalari ifodalansagina til to‘laqonli va tom ma’noda muloqot va muomala ehtiyojini qondira oladi. Bu o‘rinda shoir tildan ko‘ra ruhga ustuvor mavqe beradi. Bu oddiygina farrosh kampir nutqida mujassamlashgan. Demak, farrosh kampir obrazida shoir til va dil munosabatida ruhning ustuvorligiga e’tiborni tortadi. SHe’rning yana bir fazilati ruhan xalq og‘zaki an’analariga bog‘lanishidir. Shoirning shu kabi xalqona poetik tafakkur negizida yaratilgan she’rlarida ruh va til, inson nutqi va ruhiyati tushunchalari o‘zaro uyg‘unlashib ketadi. Rangini ko‘r, somon deysan, Suvdanmikan yo o‘tdan! ( I jild, 304-305-bet). Bu nutqda barcha o‘zbek ayollariga xos o‘zbekona milliy mehr-muhabbatning mumtoz namunasi o‘z ifodasini topgan. Ushbu nutqiy xarakteristika orqali shoir farrosh kampirning milliy fazilatlari sirasiga kiruvchi qiyofasini yuksak badiiy mahorat bilan chizib beradi. Bu nutqiy parchada jonli xalq tiliga xos ko‘plab badiiy vositalar ("Dard zabtiga opti-ku!, " "Rangini ko‘r somon deysan", "Suvdanmikan yo o‘tdan!") qo‘llaniladi. Bu shoirning xalq poetik tili xazinasini juda yaxshi bilishi, undan san’atkorona foydalana olishidan darak beradi. Nutqiy xarakteristikadan keyin farrosh kampirning xatti-harakatlarini, uslub yo‘nalishini o‘zgartirmagan holda, shoirning o‘zi tasvirlashni davom ettiradi: "Azbaroyi mehr bilan Boshginasin siladi. Tikandayin tikka o‘sgan sochginasin siladi. Kampir bilmas, kim bu mahluq, YO bilsa ham unutdi. Icha qolgin, jon bolam, deb Hatto unga suv tutdi". ( I jild, 305 -bet). Farrosh kampirning mehr bilan to‘lib-toshgan bu harakatlari asta-sekin o‘z samarasini bera boshlaydi: "O‘shanda deng, haligining qon chopdi-ya yuziga. Duvva-duvva yosh ham keldi Bittagina ko‘ziga... Aylantirib bitta ko‘zin Boqdi u yoq-bu yoqqa. Bir mahal deng, dab-durustdan Mehmon turdi oyoqqa".(I jild, 305-bet). Faqat farrosh kampirning qiyofasi, nutqi va harakatlarigina emas, “...Farrosh kampir qissasi”ning matni to‘laligicha xalq tilida, milliy ohangda yaratilgan. Besh qit’adan yig‘ib kelingan beshta tengsiz olimning badiiy tasvirida bironta ham ilmiy-texnikaviy termin yoki ibora ishlatilmagan. Aksincha, besh barmoqday biladi, 15 qushlar tilin biladi, xandon suhbat qiladi kabi xalq tilida sayqal topgan va davr sinovlaridan o‘tib kelayotgan asl milliy iboralar qo‘llanilgan. Xalq tilining asosiy belgilaridan biri – uning yumorga boyligidir. O‘zbek xalqi quvonchli damlarida ham, oddiy kunlarida ham, hatto g‘amgin paytlarida ham hazil–mutoyibasiz yashay olmaydi. Bu fazilat “...Farrosh kampir qissasi”da ham yorqin namoyon bo‘ladi. Asarning boshidayoq besh qit’adan yig‘ib kelingan nufuzli delegatsiya tarkibiga farrosh kampirning kiritilishidan (“Hatto farrosh kampirni ham Birga olib keldilar”) yengil kulgi uyg‘onadi. Asarning oxirida ham o‘sha farrosh kampir kulgiga sababchi bo‘ladi: Farroshlarning yulduzidan Tushdimikan yo mehmon. ( I jild, 305-bet). Bu kulgi endi “yengil kulgi” emas, qudratli kulgi edi, buning ustiga, besh donishmand ma’naviyatidagi “kemtik” ustidan kulish edi: Olimlarning xizmatlari Yo‘q, bekorga ketmapti, Shuncha ishni qilishipti, Faqat Mehr yetmapti. ( I jild, 306-bet). Mehr tuyg‘usini yo‘qotish – inson uchun mudhish holat. Bu esa bir vaqtning o‘zida tilda ham o‘z aksini topadi. Xususan, ijodkor til va ruhning dialektik yaxlitiligini ta’kidlaydi. Tildan ajralgan ruh yoki ruhdan ajralgan tilning holati mehr tuyg‘usini his etmagan besh donishmandga qiyoslanadi. Xalqchillikning badiiy ifodasiga aylangan “Farrosh kampir" she’ri adabiyotimiz xazinasini boyituvchi yuksak milliy asar namunasi sifatida qolajak. Sof o‘zbekona milliy xususiyatlar, keskin ruhiy holatdagi andishalilik, vazminlik, mulohazakorlikni ifodalovchi xalq iboralari shoir she’riyatida o‘ziga xos yangicha badiiy sayqal topadi. Natijada milliy ta’rif – tavsif tufayli xalqimiz ruhiyati va milliy xarakteriga xos milliy xususiyatlar kitobxon ko‘z o‘ngida jonli manzara kashf etadi. Ayniqsa, xalq tilining muhim qirrasi bo‘lgan kinoya va kesatiqlarning maromida ishlatilishi shoir mahoratini belgilovchi omillardan biridir. Ular shoir she’rlarining umumiy ruhiga ko‘milib chuqur ma’no kasb etadi. Buni shoirning 1967 yilda Buxoro gazining Moskvaga yetib borishi munosabati bilan yozilgan “Sovg‘a” she’rida sarkazm tasvir usulidan mohirona foydalanganligida ko‘ramiz: Gaz degan, do‘stlarim, nima bo‘libdi, Azaldan jonimiz sizga sadaqa. 16 Jahon-ku rost gapni ko‘rib turibdi, Bizlar shundoq edik, bular shunaqa. Bizlar baxsh etamiz do‘stlarga olov, Mana, Osiyoning quyoshi sizga. Yoz payti saraton qizdirsa lov-lov, Sizdan ham shabada kelgusi bizga... (1 jild, 146-bet). Ko‘ramizki, she’rda ijtimoiy-siyosiy mazmun yuksak badiiy shaklda ifodalangan. Shoir sobiq umumittifoq fondiga qanchalar paxtayu, tillolar, meva-chevalar ketayotganligi yetmaganiday, endi Buxoro gazining Uralga va Moskvaga, ular orqali markaziy shaharlarga, hatto Yevropaga yuborilayotgan ayni paytda O‘zbekistondagi o‘nlab shaharlar, yuzlab tuman va qishloqlar hali gazlashtirilmaganligini, xalqning ongli qatlami ruhida o‘ziga xos norozilik paydo bo‘la boshlaganini istehzo va kesatiqli misralar bilan badiiy ifodalaydi. Lirik qahramonning xursandchiligi tagida achchiqqina zahari ham borligi ochiq–oydin seziladi. Abdulla Oripov ijodida til va ruhning omuxtaligi falsafiy yo‘sinda yuksak badiiy shakllarda namoyon bo‘ladi. Masalan, tilni o‘zlashtirish va undan foydalanish ham mumkin. Biroq faylasuflar til o‘rganishni o‘sha tilning ruhini o‘rganishdan boshlash lozimligini uqtirishadi. Ruhiyatdan xoli til bamisoli jonsiz tana. Bunda til funksiyasi torayib bir yoqlama bo‘lib qoladi. Boshqacha aytganda, til uning zamiridagi dil aksi bilan jonlidir. Adabiyotshunos T.Boboyev:“...ijodkor xalq dilining haqiqiy tarjimoni bo‘lsagina uning asarlari tilida xalqchillik aniq sezilib turadi”1, deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, tilga hurmat-ehtirom xalqchillikning alohida ko‘rinishidir. U milliy mahdudlikni keltirib chiqarmasligi, milliylik umuminsoniylikka, umumbashariy manfaatlarga to‘siq bo‘lmasligi kerak. Ulug‘ ajdodlarimizdan o‘zga tillarga hurmat o‘zga xalqlarga hurmat ramzi ekanligi muqaddas meros tuyg‘u sifatida saqlanib kelmoqda. Milliylik va baynalmilallik bir-birini taqozo etuvchi tushunchalardir. Shu boisdan keyingi o‘n yilliklarda, to‘g‘rirog‘i, mamlakatda qayta qurish va yangilanish shabadalari esa boshlagan, ayniqsa, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi davrda xalq tilida erkin so‘zlash imkoni vujudga keldi. Xulosa qilib aytganda, Abdulla Oripovning o‘z she’rlari bilan ona tilimizning go‘zalligini yuzaga chiqarish uchun ham amaliy, ham nazariy jihatdan ulkan ziyoli shaxs sifatida faol bo‘lganini ko‘kramiz. Uning o‘z ona tiliga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtiromi asarlaridagi xalqona ruhidan seziladi. Qolaversa, shoir she’rlarida qo‘llagan xalqona ta’birlar, original yasalgan so‘zlar, qadim mumtoz asarlardan olingan so‘zlarni, shevaga xos so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llash, betakror o‘xshatishlar shoir she’rlarining til badiiyatini namoyon etadi. 17 Haqiqiy ijodkor ona tilida jaranglagan so‘z orqali kindik qoni to‘kilgan tuproq bilan, ona xalqi bilan samimiy muloqotga kirishadi. Undan ruhiy-ma’naviy quvvat oladi. Shoir xalqona badiiy tafakkurida badiiylikning bosh mezonlaridan biri sanalguvchi badiiy til jozibasi, jonli xalq tilining butun go‘zalligi yetakchilik qiladi. Bu Abdulla Oripov she’riyatiga xos muhim adabiyestetik tamoyillaridan biri sanaladi. 1.2. Shoirning poetik so‘zdan foydalanish mahorati Obrazli tafakkurning eng serjilo, ta’sirchan va lo‘nda shakli bo‘lgan she’riy asarlarda poetik so‘zning o‘rni o‘zgachadir. Shoir oddiy so‘zlarni muayyan sifatlar yoki iboralar bilan qo‘llaganda kutilmagan ma’nolar, favqulodda ta’sirchan, quyma misralar maydonga keladi. Zotan shoir Abdulla Oripov she’rlarida ipakday mayin, mushki anbardek iforli, xanjardek keskir so‘z va ma’no uyg‘unligi mujassamdir. Ma’lumki, badiiy asar tilini poetik tahlil qilishda poetik nutqning fikr ifodalashdagi imkoniyatlari o‘rganiladi. Darvoqe, buni Abdulla Oripov ijodining umumiy manzarasida ham, ko‘plab she’rlarida ham kuzatiladi. Shoir ona tili imkoniyatlaridan foydalanib, so‘zning ma’nosini kengaytirishga harakat qiladi. Injular tizmasidek jilolangan ona tili lug‘at boyligini botiniy ko‘z bilan ko‘ra olgan shoir har bir so‘zni did bilan tanlaydi; tafakkur tarozisida o‘lchaydi. Original va obrazli ifoda usuli zamirida badiiy mantiq yotadi; tabiiyki, bu mantiq lo‘nda, har qanday sun’iy bezakdan xoli, ixcham shaklda yuzaga chiqadi. Bu shaklning voqe bo‘lishida, avvalo, shoirning didi, tafakkuri va o‘tkir nigohining uyg‘un mutanosibligini ko‘ramiz. Aslida xalq hayotini, turmush tajribalarini kuzatish natijasida ijtimoiy-ruhiy holatlarga oid xulosalar, mantiqiy umumlashmalar og‘zaki ijodda paydo bo‘ladi. Maqol, matal, aforizmlar kabi paremalar avloddan-avlodga o‘tib, xalq badiiy tafakkurida yashab keladi. Bunday hikmatli iboralarda o‘xshatish (istiora, tashbeh, metafora), taqqoslash (antiteza), parallelizm, kinoya, piching va boshqa badiiy tasvir vositalari keng qo‘llanadi. Abdulla Oripov she’riyatida bu kabi tasvir vositalari mavjud, albatta. Masalan, shoirning aksar she’rlarida, qisqa va lo‘nda to‘rtlikarida irsoli masal san’ati qo‘llanganini, muayyan bir fikr isboti yoki his-tuyg‘u ifodasi uchun xalq maqoli, matallarini o‘z o‘rnida ishlatganini kuzatish mumkin. “Yaxshilik va yomonlik” she’rida shoir yozadi: El aro yuradi bir naql, Xalq uni takrorlab aytadi. Kimsaga yomonlik qilmagil, Bir kuni o‘zingga qaytadi. 18 Darvoqe, pand bersang bir jonga, U ham tinch turarmi hech zamon. Deydilar, tuflasang osmonga Yuzingga tushgaydir begumon: Yaxshilik qilsang-chi, sen, biroq, Qaytari u senga? Bu mubham... Boshini silasang gohi choq Qo‘lingni tishlaydi iting ham. (2 jild, 248-bet). Shoir ushbu she’rda bitta emas, bir nechta hikmatni qalamga olingan mavzu mohiyatiga singdirib yuboradi. Birinchi bandda yaxshilik qadrini ochish uchun unga antiteza bo‘lmish yomonlik to‘g‘risidagi: «Birovga yomonlik qilsang, albatta, senga ham yomonlik qaytadi», degan xalq naqlini keltiradi. Ushbu naqlning: «Birovga choh qazisang, o‘zing yiqilasan» yoki «Birovga yaxshilik qilsang, yaxshilk ko‘rasan» kabi variantlari ham mavjud. SHe’rning ikkinchi bandida «Osmonga tuflasang, betingga tushar» xalq naqlinig bir oz sayqallangan variantini qo‘llaydi. Ayni band mohiyatida ham senga tegmagan, senga ozor yetkazmagan kimgadir tegadigan bo‘lsang, o‘zingga jabr qilgan bo‘lasan, degan mazmun mujassamdir. Bu o‘rinda yuqoridagi ikkinchi band tahlili munosabati bilan Abdulla Oripov she’rlariga xos bo‘lgan alohida bir xususiyatni ta’kidlashni istar edik. Shoir aksar hollarda aynan xalq naqlini, azaliy haqiqatlarni she’r matnda qo‘llashi jarayonida «Deydilar», «Deydiki» tarzidagi ifodani ko‘p ishlatadi. Shoirning mashhur «Deydilar, it hurar - O‘tadi karvon», misralari bilan boshlanuvchi to‘rtligi fikrimizni isbot etadi. «Deydilar» fe’lida majhullik nisbati bor. Ammo shoirning har bir go‘zal satri shu so‘z ortida xalq donoligining javhari turganini ta’kidlab turadi. Shoir ba’zan dono odam yoki donishmand tildan so‘z aytishga jazm qiladi: Donishmand dediki, Osonni kutma, Imkondan ortiq bir imkonni kutma. Daryodan daryoni talab aylagil Va lekin hech qachon ummoni kutma. 19 Aslida shoirning o‘zi ham donishmand, faylasuf. Uning she’riy misralarida dono fikrlar ko‘p. Shoir aytmoqchiki, har narsaning o‘z o‘lchovi bor, har narsa o‘ziga mos bo‘lsin, iste’dodsizdan san’atni kutma, tuban odamdan saxovat kutma, tuban tuban, yuksak yuksakdir. “Yaxshilik va yomonlik” she’rining oxirgi bandida shoir it obraziga murojaat qiladi. Aslida, xalq orasida it bilan bog‘liq juda ko‘p naqllar bor. Bu o‘rinda shoir kimga yaxshilik qilishni ham bilgan ma’qul demoqchi. Chunki xalq orasida “It itligini qaladi”, degan hikmat yuradi. Shoir bu kabi hikmatlarni juda yaxshi biladi. Bu tipdagi misollarning barchasi shoirning xalq qo‘llagan tasvir vositalaridan, uning go‘zal tili va xalq donishmandligidan juda o‘rinli foydalanganini, shoirga xos poetik tafakkurning naqadar xalqona ekanini namoyon etadi. Abdulla Oripov she’rlarini tadqiqot mavzusi nuqtai nazaridan tekshirganda juda ko‘p o‘rinlarda bevosita «falsafa» yoki «hikmat» so‘zlarining qo‘llangani ko‘zga tashlanadi. SHe’rlaridan ayrimlari «Tulki falsafasi», «Men anglab yetgan falsafa» yoki «Sharq hikmati» kabi sarlavhalar bilan nomlanadi. Ayrim she’rlarining avvaligi misrasidayoq shu «hikmat»li so‘z aytayotganiga diqqatni qaratadi: «Dunyoda ajib bir hikmat mavjuddir» (2-jild, 265-bet), «Mana bu hikmatga, do‘stim, quloq sol» (2-jild, 342-bet). Shoir garchand she’riy misralar tarkibida «xalqning so‘zi» (1-jild, 307-bet), «donishmand dediki» (1-jild, 307-bet), «qadim bir gapni uqtirar hayot» (2-jild, 118-bet), «azaliy haq gap» (2-jild, 135-bet), «xalq naqli» (2-jild, 230-bet), «tabarruk keksaning gapi» (2-jild, 310-bet) birikmalarini ishlatsa ham, bular aynan o‘sha xalq donoligi, xalq falsafasi va hikmatiga sinonim tarzida keladi. Shoirning o‘z ta’biri bilan aytganda «ulug‘ bir hikmatga amin bo‘lgan»i diqqatni tortadi (2-jild, 315-bet). Shoir bir to‘rtligida yozadi: Goho yer mehrini o‘ylarkan, Esga tushar dorning siyog‘i; Ajab hikmat, odam o‘larkan, Uzilganda... yerdan oyog‘i. ( 1 jild, 57-bet). Ushbu to‘rtlikda ikki ma’no mujassam. Istaysizmi-yo‘qmi insonning oyog‘i yerdan uzilganda o‘ladi. Ikkinchidan dorga osilgan odamning ham oyog‘i yerdan uzilgan bo‘ladi. Dor va yer so‘zlari vositasida shoir «ajib hikmat»ni bayon etmoqda. Ko‘p hollarda aynan «hikmat» so‘zi ishlatilmasa ham, shoirning mutafakkir sifatida hikmatlar yozayotganiga guvoh bo‘lasiz. Masalan quyidagi to‘rt misrada xalqona tafakkurga xos shu darajada balqib turadiki, uning muallifini aniq bilmaganlar xalq to‘qigan deyishlari ham mumkin. 20 Bozorga o‘xshaydi asli bu dunyo, Bozorga o‘xshaydi bunda ham ma’ni. Ikkisi ichra ham ko‘rmadim aslo, Molim yomon degan biror kimsani. (1- jild, 231-bet). Darvoqe, shoirning hadislarni she’rga solib yozgan «Haj daftari» turkumining ikkinchi nomi «Hikmat sadolari»dir. Shoir ijodini nashrga tayyorlovchi, fidoyi tadqiqotchi Doniyor Begimqulov shoirning ayrim she’rlari bevosita hikmatli so‘zlar bilan boshlanishiga e’tibor berib yozadi: “Ko‘pchilik kichik she’rlar hikmatli so‘zlar bilan boshlanadi: “Toki tirik ekan dunyoda odam, unga hamroh erur goh shodlik, goh g‘am” (“Bayram”). Bunday she’rlarni xotimalashda ham o‘ziga xoslik bo‘rtib turishini aytib: “Bejiz aytmaganlar, asl hukmdor, Xudoning yerdagi soyasi bo‘lur” (“Sharq hikmatlari”), “Janglarda qay uzra bergan bo‘lsa jon, uning qatorida men ham o‘lganman” (“Mujohid”) kabi misralarni misol qilib keltiradi1.. Shoirning “O‘zbekiston” she’rida ikki-uch ming yillik xalq tarixi millatning so‘z boyligiga tayangan holda san’atkorona mahorat bilan singdirilgan. SHe’rni o‘qir ekanmiz, Beruniy, Amir Temur, Ulug‘bek, Navoiy kabi buyuk siymolar shaxsiyati, ularning ulug‘ bunyodkorlik ishlari ko‘z oldimizda jonlanadi. SHe’rning boshidan oxirigacha ezgulik va olijanoblik, tenglik va adolat uchun kurash tuyg‘ularini ifodalashda xalqimizning quyma tashbehlari, noyob topilmalari, ularga burkangan so‘z sehri she’rga yangicha jilo bergan: Zabtga olib keng Osiyoni, Bir zot chiqdi mag‘rur, davongir, Ikki asr yarim dunyoni Zir qaqshatdi Buyuk jahongir. yoki : Temur tig‘i yetmagan joyni Qalam bilan oldi Alisher. yoki: Dengiz ortin yoritdi ilk bor Beruniyning aql mash’ali. (1-jild, 179-bet) SHe’rdagi so‘z kitobxonning diqqatini o‘ziga jalb etadi. Qo‘llangan odatiy so‘zlardan o‘zgacha poetik so‘zgina shoirning iste’dodini namoyon qiladi. Yuqoridagi misollarda “zabtga olib”, “zir qaqshatdi”, “aql mash’ali”, “davongir” kabi so‘z birikmalari va 21 so‘zlari odatiy adabiy til normalaridan badiiy jilosi bilan farqlanib turadi. Qolaversa, bu birikmalar xalq poetik nutqida topiladi ham. Shoirning “O‘zbekiston” she’rini o‘qigan har bir kitobxon qalbida Vatanga cheksiz muhabbat his – tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Misralarda ona tilimizning so‘z boyliklari butun husnu tarovati bilan ko‘z-ko‘z etiladi. SHe’rdagi his-tuyg‘u va voqelik ifodasi mantiqiy, izchil tadrijda, bir-birini to‘ldiradi, ijtimoiy jarayonlar negizini teran ochgan holda yuksak badiiyat bilan tasvirlanadi. Abdulla Oripov poetik ijodining xalqona qirrasi shoirning keng xalq ommasi uchun tushunarli badiiy til imkoniyatlaridan foydalanish mahorati bilan bog‘liq, albatta. Shoir Dantening “Ilohiy komediya” tarjimasi haqida fikr yuritib, shunday degan edi: “Tarjima jarayoni men uchun eng ulug‘ maktab bo‘ldi. Agar qog‘oz ustida eng ko‘p ter to‘kkan bo‘lsam, o‘sha tarjima ustida to‘kkanman. Ona tilimizning naqadar boy ekanligiga imon keltirganman”. Chunki adabiy asarlarda xalq hayotini badiiy aks ettirishning asosiy vositasi sifatida til ish ko‘radi. Epik asarlarga nisbatan ulkan adabiyotshunos Izzat Sulton aytgan quyidagi mulohaza g‘oyat o‘rinlidir: “Tilning badiiy asardagi alohida roli yana shunda ko‘rinadiki, asarning syujet qurilishida, xarakterlar tasvirining chuqurligida, kompozitsiyasida nuqsonlar bo‘lsa, o‘quvchi unday asarni o‘qishi mumkin, ammo tili no‘noq bo‘lsa, o‘qimaydi”1. Til - adabiyotning asosiy quroli, hayot hodisalari, dalillar bilan birga uning asosiy ish materialidir. Voqelikni obyektiv yoritishda, subyektiv nuqtai nazar bilan baholashlarni ifodalashda asarning mazmuni va uslubi til vositasida ro‘yobga chiqadi. U yoki bu darajada o‘quvchi ongi – shuuriga, hissiyotiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu boisdan xoh mumtoz adabiyotimizda, xoh zamonaviy badiiy-estetik tafakkurimizda bo‘lsin, atoqli so‘z san’atkorlari o‘z asarlarining tili masalasiga alohida e’tibor berib kelganlar. Bu borada Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiylardan tortib Alisher Navoiy, Boburgacha, shuningdek, Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor kabi adiblarning ma’naviy merosidan juda ko‘plab qimmatli fikrlar keltirish mumkin. Abdulla Qodiriy «Yozg‘uvchilarimizga» nomli maqolasida: «So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Yozuvchining o‘zigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozuvchilik aytmoqchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashmovchilik solmaslikdadir. Bundan tashqari, fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan so‘z va jumlalarga yozuvda aslo o‘rin bermasligi lozim... Kishiga ishonish va behuda kuchanish ma’qul gap emas, birovga orqa qilib, o‘zingizda bo‘lgan talantning ruhiga fotiha o‘qiy ko‘rmangiz! Bir soatda emas, o‘n soatda yozish, bir qayta emas, o‘n qayta tuzatish kishining yordamiga termulishga qaraganda ham foydali, ham unumlidir», deb ta’kidlaydi. Shuningdek, Oybek “O‘zbek poeziyasida til” maqolasida poeziya tiliga xos to‘rtta xususiyatni alohida qayd 22 qiladi. Ular - ohangdorlik, bo‘yoqlilik, ixchamlik, chiroylilikdir. Adibning ta’kidlashicha, “qofiya uchun ma’noni qurbon qilish yaramaydi”, “har bir so‘z uzukka qo‘yilgan qimmatli tosh kabi porlasin.” Oybek tildagi yetishmovchiliklar yosh shoirlarda, hatto G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda kabi taniqli shoirlarning she’rlarida ham yo‘q emasligini dalillagan. Tildagi kamchiliklar - chigallik, siqiqlik, balandparvozlik, sun’iylik, qashshoqlik va quruqlikdan iborat. Uningcha, so‘zlar she’rga chertib, tanlab olinishi lozim. SHe’rda ishlatilgan so‘z kuchli, ifodali, ravshan, sodda, toza, xalqqa yaqin bo‘lishi kerak. SHe’r tili “texnika lug‘ati” emas. Oybek she’r tili oldiga vazifalar qo‘yib deydiki, til hayotni to‘g‘ri ko‘rsatishga xizmat qilsin. U yaxshi ishlanishi kerak, asar omma ichiga til orqali kirib boradi, u keng aholiga qaratiladi, shu sababli u barchaga tushunarli bo‘lsin1. Ko‘pgina asarlarni o‘qiganda «til go‘zalligini, ipakday mayin bo‘lib jilolanib turishini kamdan-kam uchratayotgan», «xatto katta adiblarimizning asarlarida ham ona tilimizning ruhi siniq»ligini yashirmayotgan adib: «Darhaqiqat, ma’lum did va saviyaga ega bo‘lmagan ijodkor adabiyotning birinchi elementi bo‘lmish tilning o‘zidayoq kimligini bildirib qo‘yadi», deb yozadi «Ehtiyoj farzandi» kitobida. U so‘zni o‘z o‘rnida ishlata bilish, albatta, she’rni bezashini, G‘afur G‘ulom she’rlarini ona tilimizda o‘qishli qilib turgan fazilat ham ustoz shoirning so‘zda chapdastligida ekanini ta’kidlaydi. Haqiqatan ham buyuk so‘z san’atkorlari Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjonlarning iste’dodlari til mas’uliyati va zahmati tufayli umrboqiylik kasb etgan. Akademik shoir G‘afur G‘ulomning: Bir varaq qog‘ozga besh so‘z yozguncha Ming karra o‘ylayman, toki bu. Sizday dono bola, o‘g‘il-qizlarim, Bitta mo‘ysafidin qilmasin kulgudegan so‘zlari har bir qalamkash uchun esdalik-dasturilamal sifatida hamon jaranglayveradi. Abdulla Oripov asarlari Doniyor Begimqulov yozganidek, uning tilga nisbatan zargorona munosabatidan guvohlik berib turibdi. Eng avvalo, shoir til boyligidan o‘rinli foydalanish uchun sinchikovlik bilan izlanadi. Serqirra hisoblangan til lug‘atining purma’no so‘zlari, ma’nodosh so‘z va iboralarini chertib chertib tanlaydi. Biron bir she’ri misolida til ustida qanday ish olib borgani haqida so‘zlaganda «Ona sayyora» she’rini rosa olti oydan so‘ng chop ettirganini aytib, sababini shunday izohlaydi: «Bir zumlik bezovta o‘ylar so‘nggida, yana ruxsoringga termulaman jim» degan satrlar bor. Uning dastlabki nusxalarida «bezovta» so‘zi o‘rniga «tashvishli», «g‘amgin» va shunga o‘xshash so‘zlarni ishlatgandim. Ammo, nazarimda, 23 ular joyiga tushmagandek tuyulaveradi: «Qanaqa so‘z topsam ekan?» deb ancha bosh qotirdim…» Abdulla Oripov qaysi tilda sinonim ko‘p bo‘lsa, o‘sha tilni boy hisoblaydi va o‘zbek tilida sinonimiyalar ko‘pligini qayd qilib, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning bebaho hikmatlarini adabiy maqola va suhbatlarida («Ehtiyoj farzandi», «Bezovta o‘ylar sehrida…») qayta - qayta tilga oladi. O‘zi ham sinonim so‘zlarning ma’no nozikliklariga jiddiy e’tibor beradi: Yulduzlar bilmaysiz mening xalqimni, Bundayin zaxmatkash Yer yuzida kam. Yelda tinim bordir, unda yo‘q tinim, Shunday ishparastdir, u munisginam. Men uni o‘ylayman, tun-kechalarda Ona xalqim, deyman, mehrim oqar jim. Ko‘zimga ba’zida ko‘rinsa janda, Ko‘nglim to‘lib – ketar, ingrayman: xalqim. Birinchi bobni quyidagicha xulosalash mumkin: Birinchidan, Adabiy asarlardagi badiiy til masalasi birorta ijodkorni befarq qoldirgan emas. Zero, ijodkor mahoratini belgilovchi asosiy xususiyatlardan biri uning xalq tili va adabiy tilga bo‘lgan munosabatida ko‘zga tashlanadi. Badiiy adabiyot so‘z san’ati deb atalishining sababi ham ana shundadir. Ikkinchidan, ijodkor o‘z ijodiy laboratoriyasida pishitgan hayotiy hodisalar va xarakterlarni badiiylik komponentlari, xususan, syujet, xarakter, kompozitsiyaga mos holda til orqali bayon qiladi. Izzat Sulton shu xususda to‘xtalib, quyidagilarni yozadi: “O‘quvchilar va ba’zi adabiyotshunoslar orasida, badiiy adabiyotning alohida tili bor, degan fikr yuradi. Bu noto‘g‘ridir. Badiiy adabiyotning xalq tilidan ajralib turuvchi alohida tili bo‘lishi mumkin emas. Agar shunday bo‘lgan taqdirda, badiiy adabiyot keng omma tomonidan tushunilmas edi”2. Umuman, xalq tili talantli ijodkor uchun bitmas-tuganmas chashmadir. Uchinchidan, mohir so‘z san’atkori, bugungi o‘zbek she’riyatining sardori Abdulla Oripovning ona tiliga munosabati, ona tili imkoniyatlaridan foydalanish mahorati badiiy madaniyatimizda ibrat maktabiga aylanib bormoqda. Shoir asarlarini o‘zbek tili lisoniy imkoniyatlarining badiiy tajassumi nuqtai nazaridan tadqiq qilish adabiyotshunoslik fani uchun ham, tilshunoslik fani uchun ham birday benihoya katta ahamiyatga ega. 24 II. BOB. POETIK TASVIR VOSITALARI 2.1. Xikmatli so‘zlarning shoir ijodidagi tajassumi Hayot gultoji deb atalmish insonni hayvondan judo aylagan guhari sharif – TIL, ustozlarning takrorlanmas fazilatlarini o’zida mujassam eta olgan alloma shoir Abdulla Oripov uqtirganidek, til faqat vositayu robitagina emas, balki g’oyat o’tkir ma’naviy qurol hamdir. Ko’pgina asarlarni o’qiganda “til go’zalligini, ipakday mayin bo’lib jilolanib turishini kamdankam uchratayotgan”, “hatta ba’zi katta adiblarimizning asarlarida ham ona tilimizning ruhi siniq”ligini yashirmayotgan adib: “Darhaqiqat, ma’lum did va saviyaga ega bo’lmagan ijodkor adabiyotning birinchi elementi bo’lmish tilning o’zidayoq kimligini bildirib qo’yadi”, deb yozadi “Ehtiyoj farzandi” kitobida. U so’zni o’z o’rnida ishlata bilish, albatta, she’rni bezashini, G’afur G’ulom she’rlarini ona tilimizda o’qishli kitob turgan fazilat ham ustoz shoirning so’zga chapdastligida ekanini ta’kidlaydi. Haqiqatan ham buyuk so’z san’atkorlari Abdulla Qodiriy, 25 G’afur G’ulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjonlarning iste’dodlari til mas’uliyati va zahmati tufayli umrboqiylik kasb etgan. Akademik shoir G’afur G’ulomning: Bir varaq qog’ozga besh so’z yozguncha, Ming karra o’ylayman, toki bu. Sizday dono bola, og’il-qizlarim, Bitta mo’ysafidni qilmasin kulgu – Degan so’zlari har bir qalamkash uchun esdalik-dasturilamal sifatida hamon jaranglayveradi. Endilikda 60-yillarida ustoz G’afur G’ulom “Yozaver, o’g’lim” deya yelkasiga qoqib aytgan iliq so’zlardan g’ayrati jo’shgan, ulug’ zot Oybek domla Yozuvchilar uyushmasiga kirishiga tavsiya yozib bergan, she’rlaridan teran qalb sohibi, atoqli Abdulla Qahhor o’z asariga epigraf olib himoya qilgan Abdulla Oripovning o’zi xalq ardoqlagan shoir. U 1989 yilda davlat maqomini olgan ona tilimizning fidoyisi ham. Abdulla Oripov asarlari, Doniyor Begimqulov yozganidek, uning tilga nisbatan zargarona munosabatidan guvohlik berib turibdi. Eng avvalo, shoir til boyligidan o’rinli foydalanish uchun sinchkovlik bilan izlanadi. Serqirra hisoblangan til lug’atining purma’no so’zlari, ma’nodosh so’z va iboralarini chertibchertib tanlaydi. Biron bir she’ri misolida til ustida qanday ish olib borgani haqida so’ralganda “Ona sayyora” she’rini rosa olti oydan so’ng chop ettirganini aytib, sababini shunday izohlaydi: “Bir zumlik bezovta o’ylar so’ngida, yana ruxsoringga termulaman jim” degan satrlar bor. Uning dastlabki nusxalarida “bezovta” so’zi o’rniga “tashvishli”, “g’amgin” va shunga o’xshagan so’zlarni ishlatgandim. Ammo, nazarimda, ular joyiga tushmagandek tuyulaverdi. “qanaqa so’z topsam ekan?” deb ancha bosh qotirdim…” Abdulla Oripov qaysi tilda sinonim ko’p bo’lsa, o’sha tilni boy hisoblaydi va o’zbek tilida sinonimiyalar ko’pligini qayd qilib, g’azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning bebaho hikmatlarini adabiy maqola va suhbatlarida (“Ehtiyoj farzandi”, “Bezovta o’ylar sehrida…”) qayta-qayta tilga oladi. O’zi ham sinonim so’zlarning ma’no noziklariga jiddiy e’tibor beradi. Yulduzlar bilmaysiz mening xalqimni, Bundayin zahmatkash Yer yuzida kam. Yelda tinim border, unda yo’q tinim, Shunday ishparastdir, u munisginam. Men uni o’ylayman, tun-kechalarda 26 Ona xalqim, deyman, mehrim oqar jim. Ko’zimga ba’zida ko’rinsa janda, Ko’nglim to’lib ketar, ingrayman: xalqim. “Axir dunyoda tengsiz mehnatkash xalqimiz bor…” deb faxr etgan shoir, elda tinim bo’lsayu, xalqida tinim bo’lmas, uni shunchaki “mehnatkash” desa, “zahmatkash” so’zidagi og’ir, mashaqqatli mehnatni bajaruvchi ma’nosini anglashilmay qolardi-da. Shuningdek, “mehnatsevar” so’zida “ishparast” so’zidagi ma’noni ifodalab bo’lmaydi: so’zning “parast” qismida narsaga, holatga o’ta berilganlik, unga e’tiqod qilish ma’nosi ham bor. Shuni nazarda tutib adib barcha ne’matlar manbai – MEHNATga nihoyatda fidoyi xalqini madh etuvchi so’z ijod qiladi. “Ishparastdir”dan oldin keltirilgan “shunday” (“shu qadar”, “shunchalik”, “shu darajada” ma’nolarida) mantiqiy urg’u olib fikrni yanada kuchaytiradi. “Ingrayman” so’zida “dard bilan yig’lamoq” ma’nosi bor. Shu sababli ham shoir “yig’layman”ni ishlatib qo’ya qolmaydi: mazkur so’zning ma’nodoshlari haqida o’qigan va aytganlariga amal qiladi. Yana “munisginam” so’ziga diqqat qiling, bu so’z, “O’zbek tilining izohli lig’ati”da ulfat, hamdam, doim birga bo’luvchi ulfat tarzida izohlangan. San’atkor “mening xalqim”, “ona xalqim” deb yozganiga sodiq: o’zini doim birga bo’luvchi hisoblab, “munis” so’zini tanlaydi va unga erkalash, suyish ma’nolarini anglatuvchi shakl –ginani ham qo’shadi. Ma’nodosh so’zlarni (“tun-kechalarda”) juftlab ishlatish natijasida kuchaytirish ma’nosi (uyqu bilmay) anglashiladi. “Ko’ngl(i) to’ldi” iborasining mamnun bo’lmoq; qanoat hosil qilmoq, tinchimoq ma’nolari frazeologik lug’atda qayd etilgan. Ammo unda “o’pka(si) to’ldi” iborasidagi iztirob chekib, yig’lab yuborish holatiga yetmoq ma’nosi ham mavjud. Bu “tomog’i to’ldi” tarzida ham beriladi. Urushdan keyingi ocharchilik yillarida g’o’za jo’yakda kul’tivatsiya yurgizgan, “jo’yaklarda boshlangan Onalar to’lg’oq dardi”ga dardkash Abdulla Oripovning ba’zida “paxta tolasiga yurak rishtasi payvast”, shu paxtaning ishqi necha ming yillar yuragida parvarish topgan” xalq egnida janda-uloq-quroq kiyim ko’rsa-bo’zchi belboqqa yolchilmasa – iztirob chekishi ingrashi tabiiy holdir. Shoir hatto, “ko’nglim to’lar” demaydi, chunki shu bilangina qanoat hosil qilmaydi: “ko’nglim to’lib ketar” deydi! Bu o’rinda ket ko’makchi fe’li “normal holatdan kuchlilikni (yuqorilikni) bildiradi, ya’ni ma’noni kuchli ottenka bilan ifodalaydi. Bunday hollarda “ket” fe’lining asl ma’nosi butunlay yo’qotiladi”. (A.Hojiyev. o’zbek tilida ko’makchi fe’llar. T. “Fan”, 1966, 145-bet). Ma’nodoshlik (sinonimiya)ning qamrovi ancha kengaygan. Adib, “Xullas, yoshlarimiz ijodida hozircha “davr” so’ziga sinonim bo’la oladigan (davrga hamohang deyilmoqchi), mazmunan salmoqdor asarlar kam” (“Ustozlar sabog’i”), “O’zbekiston” so’zi bugungi kunda 27 “Do’stlik” so’zi bilan sinonimga aylanib ketdi” (“Karvon”), - deb yozadiki, matniy ma’nodoshlik ham nutqni boyitadi. Chindan ham, O’zbekiston “oq oltin diyori”, “allomalar yurti” (R.Rasulov, I.Umirov. O’zbek tili tasviriy ifodalarining izohli lug’ati.) deb ham ataladi. “O’zbekiston Vatanim mening” deya faxr etgan shoir O’zbekistonni Onaga mengzaydi: Mayli yursangiz ham darveshday kezib, Bo’yab chiqsangiz ham mayli jahonni. Faqat bir o’tinch bor bergaysiz chizib, Onamiz suratin – O’zbekistonni. (Yosh rassomlarga) Abdulla Oripov o’zbek tilining so’z yasash qoliplari asosida tushunilishi oson so’zlar yasaydi. Bu bilan, bir tomonda, o’z fikrini ko’ngildagidek ifodalaydi; ikkinchidan ona tilimiz lug’atini boyitishga munosib ulush ham qo’shadi. (Ajratilgan so’zlarga e’tibor bering). “Shu paxta obro’ladi million degan sanoqli…” “Xo’sh, ashulaning she’rining yozgan shoir nazmboz tovlamachi ekan, uning muzikasini yozgan bastakor allaqanday ohangfurush ekan, ijrosi bo’z to’qishdan boshqa ishga yaramaydigan o’tkinchi savodsiz kimsa ekan, million-million xalqda nima ayb?!”. Xalqimizda “shahar bedarvoza emas” degan gap bor. Mohir shoir “Ko’ngil kaliti” (qo’shiqchilik mavzusidagi) munozara munosabati bilan yozilgan maqolasida yuqoridagi gap qolipidan ustalik bilan foydalanadi. “Ammo hammamiz bir mantiqni yaxshi anglab olmog’imiz kerak. Qo’shiqchilik bedarvoza soha emas!” Gap joyiga tushganiga qoyil qolmay ilojimiz yo’q! Abdulla Oripov asarlarini o’qish jarayonida yon daftar yuritilsa, mo’jaz izohli lug’at paydo bo’ladiganday: “Pushkin so’zi qadimiy yunoncha bo’lib, yo’q joydan bor qilish degan ma’noni anglatar ekan”. (“Ehtiyoj farzandi”). “Shusha” (asli “shisha” degani bo’lib, havosi, suvi g’oyatda tiniq, manzarasi shaffofligidan shunday nomlangan) ozarbayjon mug’anniylari beshigi sifatida ham mashhurdir (“Do’stlik bor bo’lsin”). “ Bosh urmoq” o’zbek tilida ikki xil ma’noni anglatadi”. (“Yuzinhi ma’no”). bu ro’yxatni Yenisey, imon, savob, juftgarchi, sevgi va boshqa so’zlar izohi hisobiga yana davom etaverish mumkin. O’zbekiston xalq shoiri xali uchun xalqona yozadi. Uning she’rlarida Hamid Olimjon mmisralari ravonligi, ko’tarinkiligi uyg’unlashib ketgan. Abdulla Oripov ijodining xalqchilligi, birinchi navbatda, xalq tiliga yaqinlikda: 28 Tong bilan Vatan bo’ylab Bir xabar qoqodi qanot, O’zbek yana o’z so’zin Ustivor do’ndiripti. Betimsol taloto’pda Muzaffaru bosabot O’zbek yana do’ppisin Qiyalab qo’ndiribdi (“O’zbek paxtasi”). “Tongda” – tong bilan, “tarqaldi” – qanot qoqdi, “va’da”, “majburiyat” – so’z, “bajarmoq” – do’ndirmoq so’zlashuv uslubining so’zlari emasmi, o’quvchiga shunchalik yaqin, shu qadar tushunarli. Buning ustiga “qanot qoqdi”da “juda tez” ma’nosi ham mujassam. “Do’ndirmoq”dan shunchaki o’rinlatmoq emas, boplab, joyiga keltirib, ko’ngildagidek qilib bajarish anglashilsa, “Do’ppini qiyalatib ko’ndirmoq” (do’ppini yarimta qilib)da shod-xurram bo’lib ma’nolari ham bor-da. Betimsol musobaqa g’olibiga do’ppini qiyalab qo’ndirish ham, yarimta qilish ham, osmonga otish ham yarashadi. Dunyoda hech bir gap bo’lmagan kabi Bolalar ovqatni tushirar, (“Oila”). Bu qanaqa sir bo’ldi deb Tamom qotdi boshlari. (“Samoviy mehmon, besh donishmand va farrosh kampir qissasi”) “Tushirmoq” (yemoq), “tamom” (butunlay) so’zlari tillo uzukka yoqut ko’zday mos tushgan. Badiiy ijodi va adabiy qarashlari haqida ko’p va xo’p yozilayotgan Abdulla Oripovning til, uslub, tarjima bilan bog’liq lisoniy-ma’rifiy qarashlari ham qator monografik tadqiqotlar uchun manba bo’lishi shak-shubhasiz. Shoir o‘z ijodida xalq og‘zaki ijodiga, xalq jonli tilining hikmatli imkoniyatlariga katta mehr va mas’uliyat bilan yondashadi. O‘z xalqi tilining go‘zalligi bilan faxrlanadi. Uni asrashlikni, undan ijodiy foydalanishni qayta-qayta uqtiradi. “Ona tilimizning ipakday tovlanishi, go‘zal ritmikasi, boy aslahaxonasi bor. Har qanday shaklni qo‘llaganda ham ana shu xazinadan 29 foydalanish kerak. Foydalanish uchun esa bilish kerak, bilish uchun bolalikdan til boyliklaridan bahramand bo‘lib borish lozim.... Tilimizning boyligi hech qayoqqa ketmagan, o‘z qo‘limizda mavjud”1. Shoir ijodini kuzatganda ana shunday ijodiy tajribaga suyanganini ko‘ramiz. Adabiyotshunos H.Umurov “badiiy asar tili xalq tili (jonli til, adabiy til)ga asoslanganligi sabab, unda xalqchillik ruhi doimo ustun turishi”2 ni ta’kidlaydi. Darhaqiqat, Abdulla Oripov she’rlarida jonli xalq tiliga xos hikmatli ifodalar, go‘zal iboralar, lutflar, hazil va qochiriqlarning o‘z o‘rnida meyorida ishlatilishi ularning xalqona ruhi va yuksak badiiyatini ta’minlagan. Xalq og‘zaki ijodida (yor-yor, alla, o‘lan, lapar va h.k.) xalq tilida mavjud bo‘lgan frazeologik birliklar, badiiy san’atlar, ayniqsa, fikr, so‘z takrori natijasida go‘zal manzaralar, o‘ziga xos poetik olam vujudga keladi. Xalq dardini, xalq tilini va ruhini teran anglagan ijodkorlarning asarlarida ham shu xususiyat yetakchilik qiladi. Abdulla Oripov she’riyatida ham oddiy so‘zlarning takror kelishi (takrir san’ati) oqibatida shoir uslubiga xoslikni maydonga keltiradi. Aksar so‘zlarning takrori yolg‘iz Abdulla Oripov ijodigagina tegishli ekanini sezish qiyin emas. Ushbu sahifalarda ayrim misollarga murojaat qilamiz. O‘zbek tilida yordamchi so‘zlar orasida “nahot”, “nahotki” yuklamasi mavjud. Odatda bu yuklama so‘roq, taajjub, shubha ma’nolarini anglatadi. Abdulla Oripov she’rlari matni tarkibida ushbu yuklamaning takror kelgan holatlari ko‘p uchraydi. Shoir “Fojea” she’rida yozadi: Nahot o‘tkan umr butkul havoyi, Nahot ko‘rganlarin barchasi sarob. Nahot yetmish to‘rt yil sig‘ingan joyi Manfur manzil bo‘lsa, jirkanch va xarob. (2-jild, 175-bet) . Ushbu she’r 1991 yili, ya’ni istiqlol yilida yozilgan. Yuqoridagi to‘rtlikning uchinchi satridagi «yetmish to‘rt yil» raqam-sanasi ham butun umri davomida ishonchlari sarobga aylangan inson qismatiga ishoradir. Lirik qahramon taajjubga, shubhaga, hayratga tushayotir. Ayni ruhiy kayfiyat ifodasi uchun esa «nahot» yuklamasining takror kelishi o‘ziga xos poetik funksiya bajargan, albatta. Sakkiz banddan iborat she’r markazida turgan ushbu to‘rtlik, ta’bir joiz bo‘lsa, lirik qahramon hislari ifodasidagi kulminatsiya sanaladi. «Nahot» so‘zining takrori shoir g‘oyasini teranroq ifodalashga, lirik qahramon o‘kinchini, taajjubini bayon etishga xizmat qilgani aniq. Abdulla Oripov she’rlarida bunday, aynan, «nahot» yoki «nahotki» yuklamasi bilan kelgan she’rlarga o‘nlab misollar keltirish mumkin. Shoirning mashhur «Yuzma-yuz» (Nahotki dunyoda haqsizlik mangu, Nahotki odamzod qilingandir oq?!), «Ayol» (Nahot ishq qismati shuncha berahm), «Ona sayyora» (Nahot shu ko‘rganim rost bo‘lsa, 30 nahot? Nahotki yerimiz bir kichik soqqa?), «Xayrlashuv» (Nahot topilmasa senga bir madad? Nahot onang ruhi qolmish yiroqda) va boshqa ko‘plab she’rlarida ayni holatga guvoh bo‘lamiz. O‘z qalbini, ko‘ngil holatini shu tarzdagi so‘zlar bilan bayon qilish xalq shuuriga, xalqona ifodaga begona emas. Abdulla Oripov she’rlari matnida «mayli» yuklamasining takror qo‘llanishi ham shoir uslubining o‘ziga xosligini namoyon etadigan xususiyatlarda biri sanaladi. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da shunday izoh beriladi: «Mayli.-1. Rozilik javobini bildiradi: ma’qul, roziman, xo‘p bo‘ladi. 2. Nima bo‘lsa bo‘lar, nima bo‘lsa bo‘lsin; hechqisi yo‘q». Abdulla Oripov she’rlari tarkibida kelgan «mayli» yuklamasi mohiyati ushbu izohlarning barchasiga mos keladi, ayni choqda, uning semantik ma’nosi poetik jihatdan kengayadi. Abdulla Oripov «Buloq» nomli she’rida shunday yozadi: Odamlar, tegmangiz, mayli toshsin u, Mayliga, tog‘ni ham ko‘rsin yo‘lida. (1-jild. 39-bet) Yoki boshqa bir she’rini: Qani, nay ber menga, do‘stginam, Bergil, mayli, rubob bo‘lsa ham (1-jild. 71-bet), degan misralar bilan boshlaydi. Shuniningdek shoirning «Uyqu» (Mayliga, do‘stlarim unutsin sekin), «Qayrag‘och» (Sen-chi, bu dunyoga Inson bo‘lib boq, Mayli, bir kun meni o‘tin qilib yoq), «Xayrixoh» (Mayli gado bo‘lgil, mayli, bo‘lgil shoh) sarlavhali she’rlarida va boshqa o‘nlab shunday she’rlarida ayni so‘zga qayta-qayta murojaat qilgani kuzatiladi. Mashhur «Suvrat va siyrat» she’rining birinchi so‘ziyoq shoirning holatini, nima bo‘lsa, bo‘ldi endi degandek kayfiyatini namoyon etadi: Mayli, suvratimga boqqilu quvon, Lekin siyratimga tashlama nazar Bir yoqdan tuganmas baxt berdi jahon, Bir yoqdan tuganmas o‘kinch va kadar.. (1-jild. 271-bet). Yuqoridagi bandning keyingi ikki misrasida «Bir yoqdan tuganmas» so‘z birikmasi takror kelgan. Darvoqe, Abdulla Oripov o‘z ijodida so‘zlar va so‘z birikmalarining takrori san’atidan juda ko‘p va o‘rinli foydlanadi. Shoirning «Xayrlashuv» she’ri shu nuqtai nazardan e’tiborlidir. SHe’rning avvalgi misralarida lirik qahramon holati, kayfiyatini muallif aynan «xayr» so‘zi hamda «ey» murojaat yordamchisining takrori vositasida namoyon qiladi: Xayr, ey, bearmon kezgan qirlarim, 31 Xayr, ey, yiroqqqa qochgan so‘qmoqlar. Xayr, ey, maskanim –tuqqan yerlarim, Xayr, ey, sahrolar, xayr, ey, tog‘lar. (2-jild, 16-bet) Aslida badiiy matndan alohida olgan so‘zda mantiq mavjud bo‘ladi, muayyan so‘z qandaydir semantik ma’nonigina anglatadi. Ammo badiiy matn tarkibida so‘zning obraz libosini kiyish holatlari ham ro‘y beradi. So‘z obraz holatiga ham kelishi mumkin. Abdulla Oripovning «Holat» she’rida yozadi: Bir nafas quyoshni o‘z holiga qo‘y, Otashin dilingga etmagin qiyos. Bir nafas quyoshday ko‘rsatsin u ro‘y, Bir nafas quyoshday porlasin quyosh... Bir zum sen zaminni qo‘ygil bequtqu, U axir ko‘p tuydi tuyg‘ular ta’min. Bir zum maysalarga ona bo‘lsin u, Bir zum zamin bo‘lib yashnasin zamin. (1-jild, 286-bet). Bundagi misralar boshida takrorlanib keladigan «bir nafas», «bir zum» birikmalari muayyan bir lahza, holat mohiyatini o‘zida mujassam etadi. SHe’rda odam bu dunyoda odamdek yashasin hikmatiga monand «quyosh quyoshday porlasin», «zamin zaminday yashnasin» degan falsafa she’r matnida «quyosh» va «zamin» so‘zlarining takrori vositasida ham ta’kidlanadi. Umuman bunday poetik ifoda tarzi Abdulla Oripov badiiy tafakkuriga, demak, ijodi dunyosiga taalluqli bo‘lgan eng muhim tamoyillardan biri sanaladi. Zero, jonli xalq tilida, xalq og‘zaki ijodi namunalarida ta’kid uchun bu tarzdagi badiiy fioda vositalaridan keng foydalaniladi. Avvalgi fasllarda tahlil qilingan Abdulla Oripovning “Hangoma” she’ri boshidan oxirigacha jonli xalq tiliga xos soddalik va lo‘ndalik, xalq tiliga mos bo‘lgan go‘zal va quyma ifodalarga boyligi bilan ajralib turadi: - Qora qishda to‘y qilmay, Battar bo‘lgur nokas, gov. Bachchag‘arning aslida, Fe’li sovuq ediyov. (1-jild, 208 -bet). 32 “Hangoma”da qatorlashtirib keltirilgan, biri ikkinchisining ma’nosidan kuchli bo‘yog‘i bilan ajralib turuvchi qora qish, nokas, gov, bachchag‘ar, fe’li sovuq sifatlashlari kishining ma’lum bir ruhiy holatida vaziyat bilan bog‘liq ravishda aytilishi mumkin bo‘lgan ifodalardir. Shoir bunda tilning sotsial tabaqalarga xoslanish imkoniyatlaridan keng foydalanadi. Mazkur til birliklari, ayniqsa, keksa yoshdagi kishilar nutqida ko‘p uchraydi. Yuqoridagi she’riy parchada so‘zlarning shakli va o‘rni o‘zgarishidan qat’i nazar, jahl chiqqanda aytiladigan norozilik kayfiyatini ifodalovchi badiiy qiymati o‘zgarmaydi. Bu birliklar jonli xalq tiliga xos bo‘lgan va davrlar sinovidan o‘tib kelayotgan original ifoda namunalaridan biridir. Shoir so‘zlarning betakror mazmun silsilasidan qahramon ruhiy holatini tasvirlashda shunday mahorat ishlatadiki, shu jumlani ajratib olib o‘qigan, she’r matni bilan mutlaqo notanish bo‘lgan kitobxon so‘zlovchining albatta o‘zbek ekaniga ishonadi. Chunki unda butun o‘zbek xalqiga xos ruhiy holat o‘z ifodasini topgan. O‘zbek xalqi qadimdan quvonchli hodisalarni nishonlash uchun to‘y qilib, tevarak-atrofni ziyofatga chaqiradi. El–yurt degandek, kimningdir to‘yi qish chillasiga to‘g‘ri kelib qoladi. Bunday to‘ydan kimdir norozi ham bo‘ladi. Shoir qish chillasining sovug‘i bilan to‘y egasining "fe’li sovuqligi"ni bog‘lab, sovuq so‘zining to‘g‘ri va ko‘chma ma’nosidan betakror so‘z o‘yini hosil qiladi. Bunday so‘z o‘yini asrlar davomida davr sinovidan, hayot sinovidan o‘tib, quyma shakldagi badiiy vosita sifatida to‘rtlikning xalqona ruhini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu badiiy vositalar - iboralar, so‘zlar beg‘araz bir kayfiyatda aytilayotgani sababli, norozilikdan ko‘ra, o‘quvchida ko‘proq kulgiga moyillik tug‘diradi. Abdulla Oripov poetik leksikasida salbiy munosabat ifodalovchi gov so‘zi o‘zbek tilida aslida nofaol bo‘lib, shoir qalamida faollashadi. To‘rtlikdagi gov so‘zining badiiy vazifasini taqqoslash uchun shoirning boshqa bir to‘rtligini qiyosan nazardan o‘tkazsak: Ho‘kizning bo‘yniga taqsang taqinchoq, Tomosha ahliga bo‘lgay ovunchoq. Sen odam shaklida yurgan bir govsan, Xayf senga na nishon, oddiy bir munchoq. (1-jild, 307-bet). Bu to‘rtlik o‘zi ham, ijodi ham noloyiq bir kishining nomunosib yo‘llar bilan mukofot olishiga norozilik kayfiyatida yaratilgan. Birinchi misrada ho‘kiz so‘zi ishlatilgan. Gov so‘zi esa arxaik so‘z bo‘lganligi sababli ho‘kizga nisbatan badiiy bo‘yoqdordir. Shoir avval ho‘kiz, keyin gov so‘zini keltirish orqali mumtoz ruju’ san’atiga murojaat qilgan. Shuningdek, odam so‘ziga gov so‘zining zidlanib, tazod hosil qilishi ham fikrimizni dalillaydi. To‘rtlikning yuqorida tahlil 33 etilgan to‘rtlik bilan qanday yaqinligi va farqli tomonlari bor? Yaqinligi shundaki, har ikkala asar bitta shoir qalamining mahsuli. Yana har ikkalasida gov epiteti ishlatilgan. Farqli tomoni esa - birinchi to‘rtlikda so‘z yumor uchun xizmat qilgan bo‘lsa, ikkinchi to‘rtlikda lirik qahramon (shoir)ning norozilik munosabatini ifodalash uchun xizmat qilgan. Birinchi to‘rtlikdagi g‘azab kuchi dastlabki ikki satrga joylashgan (“qora qishda to‘y qilmay, Battar bo‘lgur nokas, gov”). Keyingi ikki satrda jahl pasayib, oddiy axborot darajasiga tushib qoladi (“Bachchag‘arning aslida fe’li sovuq ediyov”). Jahlning bunday tez pasayishiga fe’li sovuq epiteti xizmat qiladi. "Fe’li sovuqlik" - insonning tabiatiga oid tushuncha, xulq-atvoriga xos belgi. Bu belgi - sifat chollarning hozirgi holatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi, aksincha, bosiqlikka moyillik tug‘diradi. Ikkinchi to‘rtlikda esa dastlabki ikki satrda "tayyorgarlik ishlari" olib boriladi (“Ho‘kizning bo‘yniga taqsang taqinchoq, Tomosha ahliga bo‘lgay ovunchoq”). Asosiy fikr esa keyingi ikki satrda aytiladi (“Sen odam shaklida yurgan bir govsan, Xayf senga na nishon, oddiy bir munchoq”). To‘rtlikdagi tasvir, ayniqsa, ho‘kiz va gov epitetlari "mukofot" egasiga juda ham yarashib tushgan. Shuning uchun tasvirni betakror topilma deb baholash mumkin. Birinchi to‘rtlikda lug‘aviy ma’nosi juda "og‘ir" so‘z va iboralar ishlatilgan bo‘lsa ham, ulardagi asl denotativ lug‘aviy ma’no kuchsizlanib, badiiy ma’no, badiiy bo‘yoqdorlik kuchaymoqda. Bunda yo‘ldan adashgan chollarning noroziligi ifodalanmoqda. Norozilik esa uncha jiddiy emas, lekin uni e’tiborsiz qoldirish ham mumkin emas. Shu sababli bu gaplar to‘y egasiga yetib bormaydigan, lekin yurakni bo‘shatib olish uchun aytilgan norozilikdir. Shu so‘zlarni aytish orqali ular ham o‘z g‘ururlari oldidagi "burch"larini bajardilar, ham katarsis (poklanish, ozod bo‘lish) usulini qo‘llaydilar. Shunday qilib, to‘y egasi yetkazgan noqulayliklar bilan uzil-kesil "hisob-kitob" qiladilar. Va yengillashib, boshqa tashvishlarning yechimiga kirishadilar. Ikkinchi to‘rtlikda esa badiiy vaziyat butunlay boshqacha. Asar "qahramoni" har tomonlama asoslanib salbiylashtirilgan va bu salbiylik abadiylik makoni tomon yo‘naltirib qo‘yilgan. Buning ustiga shoirning ichki noroziligi ham qo‘shib qo‘yilgan: “nishon emas, oddiy bir munchoq ham senga hayf”. Badiiy saviyasi jihatidan to‘rtliklar muqoyasa qilinadigan bo‘lsa, birinchisida so‘zning badiiy quvvati ustuvorligi kuzatiladi. Bu - jonli xalq tilidagi so‘z va iboralarning o‘z o‘rnida ishlatilgani sababli (zero, gov, ho‘kiz so‘zlari qishloq hayoti bilan bog‘liq birliklardir) yuz bergan. Bu fikrimizni dalillash uchun "Hangoma" she’ridan olingan yana bir parchani tahlilga tortamiz. Avvalgi to‘rtlik chol tilidan aytilgan bo‘lsa, bunisi kampir tilidan aytilmoqda: - Hoy, senmi bu, yer yutkur, Imoningdan kechdingmi? Aljiraysan yo to‘yda 34 Aroq-paroq ichdingmi? (1-jild, 210-bet). Bu to‘rtlik savol tarzida yozilgan, mazmun jihatdan ikki qismdan iborat. Birinchisi - cholining "Bir kechaga bizlarga joy bersangiz, yangajon" degan "g‘alati" iltimosiga hayron qolgan kampirning miyasiga kelgan dastlabki "norozilik isyoni" va e’tirozi tarzidagi berilgan savol: ("Hoy, senmi bu, yer yutkur"). Boshqacha aytganda, birgalikda uzoq umr ko‘rgan, hayotning achchiq-chuchugini birga totgan, bir-birini juda yaxshi biladigan va, nihoyat, umrning so‘nggi davriga yaqinlashgan chol-kampir orasida tez-tez bo‘lib turadigan norozilik va beg‘araz koyishning tipik namunasi. Bu nutqiy namuna ham (cholu kampirning o‘zlari kabi) amaliy ta’sir kuchiga ega emas. Buni cholu kampirlarning o‘zlari ham, tevarak-atrofdagilar ham juda yaxshi bilishadi va unga jiddiy ahamiyat berishmaydi, tabiiy bir hol deb qarashadi. SHe’rda esa bu iboradan badiiy vosita, cholu kampir orasida bo‘lib turadigan vaziyat - badiiy fon sifatida foydalanilgan. Savolning ikkinchi qismi ("Imoningdan kechdingmi?") esa o‘z ma’nosida ishlatilgan - o‘z kampirini "yangajon" deb atash imon talab-qoidalariga zid. Yanga birovning xotini, axir. Parchaning ikkinchi qismi ("Aljiraysan yo to‘yda Aroq-paroq ichdingmi?")da ifodalangan fikr esa cholu kampirning hayot tarziga to‘g‘ri kelmaydigan, faqat yoshlar hayotiga xos xatti-harakat. Aljiraysan so‘zi ichkilik ichish natijasidagi ruhiy holat ifodasi uchun qo‘llanilgan. Bu so‘roqda "Nega yoshingga yarashmagan ishlarni qilib yuribsan?" degan ma’no ham botinan mavjud. Tahlilga tortilgan har ikkala parcha (chol va kampirning nutqi) jonli xalq tilining go‘zal namunasi sanaladi. Umuman, "Hangoma" she’rining butun matni jonli xalq tilining go‘zal an’analariga suyangan holda yaratilgan. SHe’rda xalq og‘zaki ijodiga xos yuksak xalqona pafos hukmronlik qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, she’rning badiiy qiymatini yanada oshirishga xizmat etadi. 2.2. “G‘am” so‘zining badiiy ifodasi Abdulla Oripovning "O‘zbekiston", "Sen bahorni sog‘inmadingmi?", "Nay", "Birinchi muhabbatim", "Inson", "Munojot”ni tinglab" kabi o‘nlab she’rlari borki, ular ham so‘z san’atining yuksak namunalari sanaladi. Bu asarlar juda mukammal yaratilganki, ularning alohida bandlari haqida ham, hatto, ayrim misralari ustida ham bemalol ilmiy mulohaza yuritaverish mumkin. 35 Shu ma’noda “O‘zbek tili va adabiyoti" jurnali ("1991, № 3,") da e’lon qilingan "Badiiy portret" nomli maqolasida tadqiqotchi M.Xoliyorov Abdulla Oripovning "Munojot"ni tinglab" she’rining oxirgi bandini ajratib olib, mustaqil she’r sifatida tahlil etgannini ta’kidlash lozim. Hatto bu to‘rtlikka shartli ravishda "G‘am" deb sarlavha ham qo‘ygan. Abdulla Oripov ijodida keng qo‘llaniladigan g‘am so‘zi ustida borayotgani bois mazkur maqolaga nisbatan munosabat bildirish lozim ko‘rinadi. Maqola muallifi gapni uzoqdan boshlaydi. U, avvalo, "g‘am" so‘zining semantik qiymatidan kelib chiqadi. Uning til hayotidagi o‘rnini belgilab olishni ma’qul ko‘radi: "Hayot" so‘zi ongimizga sig‘adigan eng katta qamrovli so‘zlardan sanaladi. U "g‘am" va "shodlik" kabi ikki qutbga bo‘linadigan tushunchalarni o‘z ichiga oladi. "G‘am" va "shodlik" tushunchalari she’riyatning deyarli barcha mavzularini qamrab oladi. Shoir qaysi mavzuda asar yaratmasin, yo "g‘am", yoki "shodlik" tushunchalari bilan aloqador bo‘lib chiqadi. YO shodlik tuyg‘ularini uyg‘otadi, yoki g‘amgin kayfiyat yaratadi. "G‘am" she’rining qamrov ko‘lami ana shu darajada ulkan. Agar ijtimoiy hayotda shodlikka nisbatan g‘am tug‘diruvchi omillarning ko‘proq uchrashini ham nazarga oladigan bo‘lsak, "g‘am" she’rining qamrov ko‘lamini anglab yetishga tasavvurimiz ojizlik qilib qoladi”1. Shundan keyin tadqiqotchi "g‘am" tushunchasining evolyutsiyasini chizib beradi. Tadqiqotchi dastlab "g‘am"ning qiyofasi musiqiy shaklda hosil bo‘lganligi haqida ma’lumot beradi. Insoniyat azob-uqubatlarga to‘la og‘ir hayot kechirib kelgan. Bu mashaqqatlardan tug‘ilgan g‘am-alamning obrazi dastavval musiqiy shaklda o‘z ifodasini topa boshlagan. g‘amgin kuylar yaratilgan, g‘amgin qo‘shiqlar to‘qilgan. Xalq orasidan mohir ijrochilar ham yetishib chiqa boshlagan. San’atkorlar g‘amgin kuy va qo‘shiqlarni avloddan-avlodga yetkazib turish bilan birga, uning turlarini ko‘paytirish va sifatini yaxshilab borishga ham o‘z hissalarini qo‘shib kelishgan. Kimdir yangi qo‘shiq to‘qigan. Kimdir yangi kuy yaratgan. Kimdir eski kuylarga yangicha sayqal bergan. Kimdir uni qiyomiga yetkazib ijro etgan. Shunday qilib, astasekin g‘amning musiqiy qiyofasi shakllana boshlagan. g‘amgin kuy va qo‘shiqlar asrlar sinovidan o‘tib, musiqiy haqiqat darajasiga ko‘tarila boshlagan. Ana shundan keyingina olim "G‘am" she’rining yuzaga kelishi haqida fikr yuritadi. Bu fikrlarda she’r mazmuni teran ochilgan. Musiqiy haqiqatga aylangan ana shunday kuylardan birini tinglab o‘tirgan paytda yosh shoir Abdulla Oripovni chuqur ijodiy xayol o‘z og‘ushiga oladi. Ajdodlarning mashaqqatlarga to‘la o‘tmishi uning ko‘z oldidan bir-bir o‘ta boshlaydi. Bu tarixiy silsilani unga g‘amgin kuy o‘z tilida so‘zlab bera boshlaydi. Shoirning ongida g‘amning badiiy qiyofasi shakllana boshlaydi. Tuyg‘ulari asta-sekin ichki bir nidoga aylanib, shoir qalbidan sirqirab oqib chiqa boshlaydi: Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy, 36 Asrlar g‘amini so‘ylar munojot. Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga Qanday chiday olgan ekan odamzod! (1-jild,47-bet). Adabiyot tarixi hali bunday mo‘jizani uchratmagan edi. Shoir ham o‘z asarining badiiy qiymatini hali to‘la anglab yetmagan edi. “Abdulla o‘zining "G‘am" she’rida ham badiiy haqiqat yaratgan, ham geniallik darajasigacha ko‘tarila olgan. Yana, buning ustiga, birdaniga, bir-biriga o‘xshamagan uchta mustaqil sohaga xos bo‘lgan mukammallikka ham erishgan: 1) badiiy mukammallik; 2) ilmiy mukammallik; 3) mantiqiy mukammallik. Bu mukammalliklar badiiy asar uchun zaruriy shart sanaladigan kompozitsion mukammallik degan umumiy o‘lchamni ham keltirib chiqaradi. Kompozitsion mukammallik harbiy istehkom qurilmasiga o‘xshaydi. Undagi unsurlarni o‘zgartirish ham, almashtirish ham, ko‘paytirish ham, kamaytirish ham mumkin emas. "g‘am" ruboiysining kompozitsion tuzilishi ham ana shunday harbiy qal’aning aynan o‘zginasi”1. Mustahkamlik qurilishda ishlatiladigan masalliqning sifatiga ham bog‘liq. "G‘am" she’ri kuyning harakatdagi tasviri bilan boshlanadi: eshilib, to‘lg‘anib so‘zlari chidab bo‘lmas darajada azob chekayotgan inson holatining tipik belgisi, yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Azobning kuchini bundan oshirib ifodalay oladigan ma’nodor so‘zlar o‘zbek tilida yo‘q. Ana shunday eng yuqori o‘lchamli belgilarga ega harakatni ifodalayotgan ingranadi so‘zi ham eng og‘ir azob chekayotgan odam ovozining ifodasi. Azob chekayotgan kishining ovozini bundan ortiq aniqlikda ifodalay oladigan so‘z ham o‘zbek tilida yo‘q. Ana shunday eng kuchli so‘zlar tizmasidan tarkib topgan insoniy azobning belgilari g‘am so‘zining badiiy qiyofasiga ham aynan mos bo‘lib tushgan. Yana badiiy ta’sir samarasini oshiradigan eng ma’qul tasviriy usul ham tanlangan: "Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga qanday chiday olgan ekan odamzod”. Shunday qilib, yuzlab-minglab kuy va qo‘shiqlarda o‘z ifodasini topgan musiqiy haqiqat bittagina to‘rt satrlik she’r bilan badiiy haqiqatga aylantirilgan. Abdulla Qahhor "O‘tmishdan ertaklar" qissasiga "G‘am" she’rini epigraf qilib olgan. Aslida insoniy azob-uqubatlar tasviriga bag‘ishlangan har qanday yirik badiiy asarga "G‘am" she’rini epigraf qilib qo‘ysa bo‘laveradi. Ma’lumki, hayot haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirish istagi va intilishi badiiy asarlarni yuzaga keltiradi. "G‘am" she’ri esa musiqiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirish yo‘li bilan yaratilgan. Musiqiy san’atdan so‘z san’atiga aylantirilgan. Badiiy asarlarda g‘amni 37 tug‘diruvchi voqea-hodisalar yoki g‘amgin holatlar tasvirlanadi, g‘amning o‘zi emas. G‘am voqelik emas, voqelikning hosilasi. G‘am azob-uqubatlar yig‘indisi emas, azob-uqubatlar mohiyatining yig‘indisi. G‘amning o‘zini tasvirlash mumkin bo‘lmagani uchun ham, uning badiiy portreti yaratilgan. Bu - yagona to‘g‘ri yo‘l edi. "G‘am" she’ridagi milliy ruh unda ishlatilgan jonli xalq tiliga xos eshilib, to‘lg‘anib, ingranadi kabi inson holatiga xos belgilarni ifodalovchi so‘zlarning kuy so‘ziga ham aynan mos kelishida ham namoyon bo‘ladi. Shu boisdan Suvon Meli "o‘zaro aloqalar natijasida so‘zlarning, binobarin, butun kontekstning ma’no quvvati oshib, jozibadorlik kashf etadi. Badiiylik ko‘p jihatdan so‘zlarning shunday harakatchanligiga bog‘liq. Badiiyat sehriga cho‘lg‘angan so‘zlar ko‘zga sirli ko‘rinib, mazmuni g‘amgin yoxud quvnoq bo‘lishidan qat’i nazar, kishiga allaqanday quvonch bag‘ishlaydi. Bunday asar bilan uchrashuv xuddi sevimli kishi bilan muloqotdek tansiq, huzurbaxsh bo‘ladi"1, deb alohida ta’kidlaydi. "G‘am" she’rining badiiy qiymatini oshiruvchi shunday badiiy vosita qo‘llanganki (“Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga qanday chiday olgan ekan odamzot”), undagi falsafiy savol xalq aforistikasi (maqol, matal, hikmatli so‘zlar)dagi "hazili shu bo‘lsa, chini qanday bo‘lar ekan" kabi badiiy vositalarga juda o‘xshab ketadi. Bu esa o‘z navbatida she’rning xalqchilligini yanada oshiradi. Shu o‘rinda professor Naim Karimovning so‘zning she’rdagi o‘rni haqidagi quyidagi fikrini keltirish ham ilmiy, ham amaliy ahamiyatga egadir: "SHe’r o‘ziga xos organizm bo‘lsa, so‘z uning hujayrasidir. Organizm tirik bo‘lishi uchun uning har bir hujayrasi sog‘lom bo‘lishi va nafas olib turishi lozim bo‘lganidek, har bir so‘z ham she’rga, uning qalbi bo‘lgan obrazga o‘z qonini berib turishi va uni harakatga keltirib turishi kerak"1. Badiiy til masalalari bilan bog‘liq bu fikrlar Abdulla Oripovning milliy ruhda yozilgan she’rlari uchun ham to‘la mos keladi. Shoir she’rlarining xalq orasida keng tarqalish sabablaridan biri ham ana shu til boyliklaridan mohirona foydalana olganligidadir. Umuman olaganda, Abdulla Oripovning “G‘am” she’ridagi badiiy tafakkur tarzi xalqona hikmatga yo‘g‘rilgani bilan nufuzlidir. Undada jonli xalq tiliga xos semantik salmoqdor so‘zlar ko‘p qo‘llanilgani (“eshilib, to‘lg‘onib ingranadi”), xalq tilida sayqal topgan badiiy usul (“hazili shunday bo‘lsa, chini qanday bo‘lar ekan”)dan samarali foydalanilgani sababli poetik mukammalikka erishilgan. Abdulla Oripov she’rarining ifoda tarzida xalq og‘zaki ijod-folklorning ayrim janrlarida bo‘lganidek so‘zlarni takoror qo‘llash holatlari kuzatiladi. Ayniqsa, «nahot», «mayli» yukdamalarining takrori, bir qator so‘z birikmalarining takrorini tadqiq etish orqali bu fikr isbot qilib berildi. 38 Shoir she’rlarida dard, g‘am so‘zlarini ko‘p ishlatadi. Bu so‘zlar she’riy matn tarkibida muayyan obraz holatiga kelganini mashhur «Munojot»ni tinglab» she’rining bir bandi tahlili misolida ko‘rsatib berildi. ikkinchi bob bo‘yicha quyidagicha xulosalar chiqardik: Abdulla Oripov she’riyatini xalq ruhining milliy til bilan munosabati nuqtai nazaridan tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, bu masala shoir she’riyatida uch xil yo‘sinda namoyon bo‘ladi. Birinchidan, shoir she’rlarida til, milliy til va milliy ruh munosabati, inson qalbi va nutqi yaxlit uyg‘unlikda badiiy shakllarda bayon qilinadi. Shoir she’rlarining zamondoshlari qalbidan o‘rin olishi va kelajakda yashab qolish sabablaridan biri ham, albatta, shu omil bilan izohlanadi. Ikkinchidan, shoir o‘z she’rlarida bu ijodiy tamoyiliga amal qilib, o‘zbekona ruhni milliy til vositasida go‘zal ifoda etadi. Shoir she’riyatida til, ruh yaxlit idrok etilishi bilan birga ona tili ulug‘lanadi. O‘zga tillarga ham hurmat yuksak darajada bo‘lib, buning ibtidosi, albatta, ona tiliga hurmat ekanligi e’tirof etiladi. Shoir she’riy asarlari orqali bu ehtiromni ko‘rsatdi. Shu bilan birga Abdulla Oripov tillar orasida ijtimoiy tengsizlik hukm surgan mustabid tuzum davrida ona tili xususida maxsus she’r yozib, milliy tilning ijtimoiy mavqei himoyachilaridan biri sifatida maydonga chiqdi. Uchinchidan, Abdulla Oripov hozirgi o‘zbek she’riyatida birinchi bo‘lib “Hangoma”, “Farrosh kampir”, “Nay”, “O‘zbekiston”, “Inson”, “G‘am” kabi she’rlar misolida so‘z san’ati namunalarini o‘ziga xos tarzida kuyladi. Jonli xalq tili xazinalaridan unumli foydalanib, ma’naviy ekologiyaning sodda va buyuk qahramoni - farrosh kampir obrazini yaratdi. Farrosh kampir obrazi Abdulla Oripov ijodiyotida xalq sevgan eng go‘zal obrazlardan biri bo‘lib qoldi. To‘rtinchidan, faqat Abdulla Oripovgagina xos bo‘lgan ayrim so‘z va so‘z birliklarining (“nahot”, “mayli”, “xayr”, “bir zum”, “g‘am”) tahlili orqali shoirning xalqona poetik tafakkuriga xos belgilar ilmiy-nazariy tadqiq qilindi. Beshinchidan, matndan alohida olingan so‘zda semantik ma’no mujassam bo‘ladi, she’riy matn ichida so‘z hayoti boshlanadi, so‘z matn ichida poetik xususiyat kasb etadi. Mazkur bobda masalaning ana shu qirralariga ham diqqat qaratildi. Xullas, Abdulla Oripov she’riyati tilini poetik o‘rganish bir necha aspektlarda olib borilishi mumkin va ularning har birida ijodkorning betakror poetik idroki, poetik so‘z qo‘llash mahorati namoyon bo‘ladi. Shoirning chuqur falsafiy ruh, salmoqdor xalqona badiiy idrok uyg‘un bo‘lgan she’riyatida poetik so‘z qo‘llashida yuksak nutqiy mahoratiga ega ekani ko‘rinadi. 39 UMUMIY XULOSALAR Abdulla Oripov she’riyatini xalq ruhining milliy til bilan munosabati nuqtai nazaridan tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, bu masala shoir she’riyatida uch xil yo‘sinda namoyon bo‘ladi. Birinchidan, shoir she’rlarida til, milliy til va milliy ruh munosabati, inson qalbi va nutqi yaxlit uyg‘unlikda badiiy shakllarda bayon qilinadi. Shoir she’rlarining zamondoshlari qalbidan o‘rin olishi va kelajakda yashab qolish sabablaridan biri ham albatta shu omil bilan izohlanadi. Ikkinchidan, shoir o‘z she’rlarida bu ijodiy tamoyiliga amal qilib, o‘zbekona ruhni milliy til vositasida go‘zal ifoda etadi. Shoir she’riyatida til, ruh yaxlit idrok etilishi bilan birga ona tili ulug‘lanadi. O‘zga tillarga ham hurmat yuksak darajada bo‘lib, buning ibtidosi, albatta, ona tiliga hurmat ekanligi e’tirof etiladi. Shoir she’riy asarlari orqali bu ehtiromni ko‘rsatdi, albatta. Shu bilan birga Abdulla Oripov tillar orasida ijtimoiy tengsizlik hukm surgan mustabid tuzum davrida ona tili xususida maxsus she’r yozib, milliy tilning ijtimoiy mavqei himoyachilaridan biri sifatida maydonga chiqdi. Uchinchidan, Abdulla Oripov hozirgi o‘zbek she’riyatida birinchi bo‘lib "Hangoma", "Farrosh kampir", "Nay", "O‘zbekiston", "Inson", "G‘am" kabi she’rlar misolida so‘z san’ati namunalarini o‘ziga xos tarzida kuyladi. Jonli xalq tili xazinalaridan unumli foydalanib, ma’naviy ekologiyaning sodda va buyuk qahramoni - farrosh kampir obrazini yaratdi. Farrosh kampir obrazi Abdulla Oripov ijodiyotida xalq sevgan eng go‘zal obrazlardan biri bo‘lib qoldi. To‘rtinchidan, faqat Abdulla Oripovgagina xos bo‘lgan ayrim so‘z va so‘z birliklarining (“nahot”, “mayli”, “xayr”, “bir zum”, “g‘am”) tahlili orqali shoirning xalqona poetik tafakkuriga xos belgilar ilmiy-nazariy tadqiq qilindi. Beshinchidan, matndan alohida olingan so‘zda semantik ma’no mujassam bo‘ladi, she’riy matn ichida so‘z hayoti boshlanadi, so‘z matn ichida poetik xususiyat kasb etadi. Mazkur bobda masalaning ana shu qirralariga ham diqqat qaratildi. 40 Xullas, Abdulla Oripov she’riyati tilini poetik o‘rganish bir necha aspektlarda olib borilishi mumkin va ularning har birida ijodkorning betakror poetik idroki, poetik so‘z qo‘llash mahorati namoyon bo‘ladi. Shoirning chuqur falsafiy ruh, salmoqdor xalqona badiiy idrok uyg‘un bo‘lgan she’riyatida poetik so‘z qo‘llashida yuksak nutqiy mahoratiga ega ekani ko‘rinadi
Yüklə 44,45 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə