Yusuf xos hojib


Qutadg‘u bilig» asari haqida



Yüklə 30 Kb.
səhifə2/2
tarix20.04.2022
ölçüsü30 Kb.
#85744
1   2
YUSUF XOS HOJIB

Qutadg‘u bilig» asari haqida
Yusuf Xos Hojib o‘z asarini yozish uchun juda katta tayyorgarlik ko‘radi: Chin (Xitoy), Mochin (Sharqiy Turkiston), Eron va Turon bo‘ylab safar qiladi. U yerdagi turli madaniy-adabiy, tarixiy yodgorliklarni o‘rganadi. Shuning uchun ham asarga o‘z davrining nihoyatda ahamiyatli bo‘lgan rang-barang mavzularini qamrab oladi. «Kutadg‘u bilig» («Baxt-saodatga eltuvchi bilim») asari hijriy 462 yil, milodiy 1069-1070 yillarda yozilgan. Asarni yozish uchun muallif 18 oy (bir yarim yil) vaqt sarflaydi. Kitob Qashg‘ar hukmdori Tamg‘ach ulug‘ Bug‘ro Qoraxon abo Ali Hasan binni Arslonxonga tortiq qilingan va buning evaziga muallif Xos Hojib (muqarram, eshik og‘asi) lavozimi bilan taqdirlangan. Shundan keyin u Yusuf Xos Hojib nomi bilan shuhrat qozongan.
Turkiy adabiyotda aruz vaznidagi dastlabki yirik tajribani Yusuf Xos Hojib boshlab bergan. U o‘z asarini mutaqorib bahrida yozgan, tajnisli qofiyalarni ishlatgan. Adib so‘z qudratini, ona tilining ichki imkoniyatlarini nozik darajada his etadi. Uning o‘zi «men turkcha so‘zlarni yovvoyi tog‘ kiyigi singari deb bildim, shunga qaramay ularni avaylab-asrab qo‘lga o‘rgatdim», deb yozadi. Yusuf Xos Hojib tilni «bilim va akl-idrok tarjimoni» deb ataydi. «Kutadg‘u bilig» pandnoma asar bo‘lib, unda to‘rtliklar, bahor madhi, tilning fazilati, foyda va zararlari, bilim, o‘quv-idrok farqi, bir yigitga qirq hunar ozligi haqida fikrlar keltirilgan.
Asarda keltirilgan quyidagi to‘rtlikni turkiy yozma adabiyotda yaratilgan dastlabki tuyuqlardan biri deb dadil aytish mumkin:

Qayu erda bo‘lsa uqush bila o‘g, (aql)

Ani er atag‘il, necha o‘gsa o‘g. (maqta)

Uqush, o‘g, bilig kimda bo‘lsa tugal,

Yavuz ersa kaz te, kichig ersa - o‘g. (ulug‘la)

Mazmuni: Qaisi bir kishida aql va zakovat bo‘lsa,

Uni (haqikiy) kishi deb atagin, qancha maqtasang maqta.

Zakovat, aql, bilim kimda yetuk bo‘lsa,

Yomon bo‘lsa (ham) yaxshi de, kichik bo‘lsa (ham) katta deb bil (ya’ni ulug‘la).
Adibning bu asarini vatan, el-yurt madhiyasi deb atash mumkin. Yusuf Xos Hojib hukmdor va saroy ahlini odil bo‘lishga, adolat bilan ish yuritib, mamlakatni obod va elni shod-hurram qilishga da’vat etadi.
Asarda muallif o‘xshatish (tashbeh) san’atini juda o‘rinli qo‘llagan. Yusuf Xos Hojib yilqi (hayvon) obrazini nodon, bilimsiz, zakovatsiz, ochko‘z va umuman yomon xulqli kishiga nisbatan, bo‘ri obrazini lashkarboshi, yov-dushman, mard, er, o‘lim kabilarga nisbatan qo‘llagan. Lashkarboshining kuchliligi, yovga dahshat solishi arslonga, doimiy xushyorligi zag‘izg‘onga, baquvvatligi qoplonga, hujumkorligi va dushmanga hamlasi to‘ng‘izga, mardonavorligi bo‘riga, jangda mohirligi, hiylakor va tadbirkorligi tulkiga, shiddati ayiqqa, qasoskorligi qo‘tos va tuya erkagiga o‘xshatilgan.
«Qutadg‘u bilig» istioralari ham uziga xos. Tun bir o‘rinda «qora yuz bog‘i» istiorasi bilan ifodalansa, boshqa o‘rinlarda «zangi yuzi», «sevuglar qoshi», «qora soch bo‘dug‘i», «qora ko‘ylak», «zog‘ rangi», «xabash qirtishi», «tul to‘ni», «qunduz terisi» istioralari bilan ifodalangan. Shoir yigitlikni kezuvchi bulutga, yoshlikdagi yuzni arg‘uvonga, sochni iporga, qomatni qayin va o‘qqa tashbeh qiladi. Quyoshning istioraviy ifodasi «rumiy qizi»dir. Shuningdek, u «sata» (marjon), «sata qalqani» (marjon shodasi), «yorug‘ yuz», «sara qiz yuzi» istioralari bilan ham ifodalangan. Yusuf Xos Hojib yigitlikni «tiriglik tatg‘i», «qamug‘ ko‘rk», «sevug jon sevunchi» deb ataydi.
Asarda keltirilgan «Bahor madhi»ni turkiy adabiyotdagi ilk qasida sifatida baholash mumkin. Bu qasida 59 baytdan iborat bo‘lib, masnaviy tarzida (a-a, b-b, v-v,...) yozilgan.
«Qutadg‘u bilig» asari 6500 bayt, 73 fasl (bob) dan iborat. Asosiy bo‘lim Kuntug‘dining ta’rifi bilan boshlanadi. «Qutadg‘u bilig» i chinliklar «Adabul-muluk», mochinliklar «Oshinul mamlikat», Sharqda «Ziynatul umaro», eronliklar «Shohnomai turkiy» yoki «Pandnomai muluk», turonliklar «Kutadg‘u bilshg» deb atashgan. Yusuf Xos Hojib esa o‘z asarini "Turkiy mohnoma" deb atagan.
Bu asarning uch qo‘lyozma nusxasi ma’lum. Bu nusxalar «Vena» (yoki «Hirot»), «Qohira» va «Namangan» (u namanganlik Muhammadhoji Eshon Lolarish shaxsiy kutubxonasidan olingan) nusxalari deb yuritiladi. Uning XV asrda Hirotda ko‘chirilgan nusxasi uyg‘ur yozuvida bo‘lib, qolgan ikki nusxasi arab yozuvidadir. Abdurauf Fitrat «Qutadg‘u bilig» ning Namangan nusxasini topib (1925) ilmga, madaniyatga olib kirgan. «Qutadg‘u bilig» XII - XIV asrlarda Yevropada «zertsal» deb nomlangan janrning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Bu dostonda to‘rtta asosiy masala qo‘yilgan va bu masalalar to‘rt majoziy obraz qiyofasida ifodalangan.

«Qutadg‘u bilig» siymolari


Asarda to‘rtta yetakchi qahramon bor. Bular quyidagilar: Adolat – podsho Kuntug‘di (chiqqan kun), davlat - vazir Oyto‘ldi (to‘lgan oy), aql – vazirning o‘g‘li O’gdulmish (aqlga to‘lgan) va qanoat (ofiyat) - O’zg‘urmish (uyg‘ongan, xushyor qiluvchi, sergaklantiruvchi). Muallif o‘z fikr-mulohazasini obrazlarning o‘zaro savol-javobi va munozaralari yo‘li bilan ifoda etadi. Asar qahramonlarning o‘zaro suhbati asosiga qurilgan. Unda Kuntug‘di va Oyto‘ldi dunyo hodisalari haqida suhbatlashadi.
Yusuf Xos Hojib tasvirida Kuntug‘di «qilmishlari to‘g‘ri, fe’lu tabiati rost, tili chin, yetuk, ko‘zi va ko‘ngli boy, bilimli, zakovatli, hushyor, yomonlarga misli bir olov edi». Kuntug‘di bir kuni uch oyoqli kumush kursi ustida, qo‘lida pichoq, so‘l tomonida urog‘un (bir xil dori) va o‘ng tomonida shakar qo‘yilgan holda turadi. Oyto‘ldi buning sababini so‘raydi. Kuntug‘di quyidagicha javob beradi: «Men ustida o‘tirgan kursining oyog‘i uchtadir. Barcha uch oyoqli narsa siljimas, mustahkam bo‘ladi. Agar poyalardan birortasi siljisa, u kursi yiqiladi. Qo‘limdagi pichoq esa qirquvchi va kesuvchi narsadir. Kim adolatimdan bahra olsa, shakardek chuchuk bulib ketadi - sevinadi. Zo‘ravon, zolimlar esa urog‘un ichgandek yuzi burishadi».
Oyto‘ldi - vazir, ayni iaytda davlat ramzi. Bir kuni Elig-hukmdor uni chaqirtirgaida Oytuldi ko‘zini yumib, yuzini o‘girib, koptokning ustiga o‘tirib oladi. Buning sababini Oyto‘ldi quyidagicha tushuntiradi: «Sen o‘rin berding, men esa avvaliga o‘tirmadim, chunki mening o‘rnim yo‘q, buni bilib ol, demoqchi bo‘ldim, Koptok menga o‘xshaydi. U o‘rinsiz dumalab yurgani kabi Davlat ham beqarordir. Iltifot qilganingda ko‘zimni yumganligim va yuzimni o‘girganligim mening qilmishlarim jafo, menga ishonma, deganim edi». Asarda Oyto‘ldining vafot etishi ham bejiz emas.
O’gdulmish - asardagi eng faol qahramon. O’gdulmish «aql bilan ziynatlangan» demakdir. Undagi bosh fazilat har qanday hodisaga aql ko‘zi bnlan qarashdir. O’gdulmish bilimdon, donishmand kishi. U hayotning hamma sohalaridan puxta xabardor. O’gdulmish va O’zg‘urmishning savol-javoblari ba’zan keskin munozara darajasiga yetadi. Shunda ham O’gdulmish bosiqlik qiladi, aql bilan ish yuritadi, natijada O’zg‘urmishni o‘z g‘oyalariga ishontiradi.
O’zg‘urmish «hushyor qiluvchi», «sergaklantiruvchi» demakdir. Boshqalardan o‘zib ketuvchi ma’nosi ham bor. Uning zohid qiyofasida ko‘rinishida shu ma’noga uyg‘unlik bor. U behuda ishlar bilan band bo‘lish, har xil mayda-chuyda orzu-havaslarga ovunnb qolishdan ogohlantiradi. Mudrab borayotgan tuyg‘ularni ssrgaklantiradi. O’zg‘urmish qat’iy fikrli inson. U Eligning shaharga saroyga taklifini rad etadi. Garchi bu taklif uch marta takrorlansa-da, u fikrini o‘zgartirmaydi. Faqat O’gdulmishning oqilona tushuntirishlaridan so‘ng, ziyorat maqsadidagina Elig huzuriga boradi. O’zg‘urmish Eligga so‘ngsiz tiriklik, qarilnk ko‘rmas yigitlik, doimiy sog‘lik, tuganmas boylik kabi to‘rt shart qo‘yadi ("Saddi Iskandariy" da shahzoda Iskandarga ham shunday shartlar qo‘yilgan). So‘ngra o‘z manziliga - tog‘ etagidagi g‘orga qaytadi va shu yerda vafot etadi. O’zg‘urmish - taqvodor inson. U din va diyonatni hamma narsadan ustun qo‘yadi. U O’gdulmishga quyidagi fikrlarni aytadi: «Sen tansiq taomlarni, men esa oddiy arpa oshni yeymiz. Uxlab tursak, ikkimiz ham och qolamiz. Shunday ekan, bunday ovqatlarga ruju qo‘yishning nafi yo‘q. Sen kimxoblarga o‘ranib yurasan. Men esa qopdan tikilgan to‘n bilan kifoyalanaman. Ertaga o‘lim kelsa, ikkimiz ham yalang‘och ketamiz-ku! Demak, tanni emas, ruhni boyitish lozim».
Umuman, Yusuf Xos Hojib bu obrazlar timsolida Davlat Adolat va Aql bilan boshqarilmog‘i kerak, degan fikrni ilgari surgan.
Yüklə 30 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə