Ўзбекистон Республикаси


Malakaga qо‘yiladigan talablar



Yüklə 1,51 Mb.
səhifə3/17
tarix17.01.2018
ölçüsü1,51 Mb.
#20983
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17

Malakaga qо‘yiladigan talablar:

Talabalar sun’iy va tabiiy tanlanishni taqqoslash, tabiatda о‘simlik va hayvonlardagi moslanishlarni ulardagi mavsumiy о‘zgarishlarni kuzata bilish, ularning sabablarini aniqlay olish, populyatsiyalar, biogeotsenozlar almashish sabablarini aniqlay olish, tabiatni muhofaza qilish, agrotsenozlar mahsuldorligini oshirish, chora – tadbirlarini amalga oshirish, oziqlanish zanjirlari, ekologik piramidalar sxemasini tuza olish, biogeotsenozlarning asosiy komponentlarini aniqlay olish, mustaqil ravishda ilmiy –ommabop adabiyotlar, ma’lumotlardan foydalana olish, referatlar, axborotlar tayyorlash, ma’ruzalar qilish kо‘nikma va malakasini egallagan bо‘lishlari kerak.

О‘quvchilarning bilimi va о‘quv kо‘nikma malakasi reyting usulida baholanadi.

Adabiyotlar rо‘yxati:


  1. Grin N., Staut. U. Biologiya 1.2.3 tomlar.- Mehnat: “Mir” 1990.

  2. Kemp. P. va boshqalar. Vvedeniye v biologiyu -Mehnat: “Mir”. 1988

  3. Laptev.G.T. Biologik injeneriY. Mehnat: 1990

  4. Nishonboyev K., Xamidov J.X., «Tibbiy biologiya va genetika». – T.: «О‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi», 2005y.

  5. Olimxо‘jayeva P.R., Sharafutdinxо‘jayeva N.SH. biologiyadan qisqacha ruscha –о‘zbekcha lug‘at. – T.: “Ibn Sino” nashriyoti. 1990.

  6. Tolipova J.O., G‘ofurov A.T. Biologiya о‘qitish metodikasi – T.: “О‘qituvchi” 2004.

  7. Tolipova J.O., G‘ofurov A.T. Biologiya ta’limi texnologiyalari. – T.: “О‘qituvchi” 2002.

  8. Tolipova J.O. Biologiya fanini о‘qitishda pedagogik va axborot texnologiyalar moduli bо‘yicha metodik qо‘llanma. – T.: 2007y.

  9. О‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi» 1,2 jildlar – T.: “Fan”,

  10. G‘ofurov A.T., Nishonboyev K., Hamidov J., Toshmuxamedov B.. «Biologiya». – T.: «Sharq», 2007y.

  11. G‘ofurov A.T., Fayzullayev. S.S. Evolyusion ta’limot – T.: “О‘qituvchi” 2009.


1-BOB. BIOLOGIYA О‘QUV FANINI SOHALARGA KASBIY YО‘NALTIRIB О‘QITISHNING UMUMIY MASALALARI


    1. О‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologik ta’lim mazmuni tarkibidagi kasbiy yо‘naltirilganlikka asos bо‘ladigan tushunchalar

Uzluksiz ta’lim tizimining asosiy bо‘g‘inlaridan biri bо‘lgan akademik litsey, kasb - hunar kollejlarida о‘qitiladigan biologiya о‘quv fani umumiy о‘rta ta’lim maktablaridagi biologiya о‘quv fanining uzviy davomi hisoblanadi. Akademik litsey, kasb - hunar kollejlarida о‘qitiladigan biologiya о‘quv fani о‘quvchilarning umumiy о‘rta ta’lim maktablarida о‘zlashtirgan biologik bilim, kо‘nikma va malakalarni umumlashtirish, xulosa yasash va tizimlashtirishni amalga oshiradi.

Umumiy о‘rta ta’lim maktablarida о‘quvchilar organik olamning turli tumanligi, sitologiya asoslari, hujayra va organizmlarda kechadigan hayotiy jarayonlar, kо‘payish, individual rivojlanish, irsiyat va о‘zgaruvchanlik, о‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar seleksiyasi haqida bilimlarni о‘zlashtirgan bо‘lsa, akademik litsey, kasb–hunar kollejlarining о‘quv dasturiga biologik qonunlar va nazariyalar, genetik injeneriya va biotexnologiya evolyusion ta’limot, evolyusiya dalillari, hayotning kelib chiqishi, rivojlanishi, odamning paydo bо‘lishi, ekologiya asoslari, biosfera va uning evolyusiyasiga oid о‘quv materiallar kiritilgan.

Ushbu о‘quv materiallar о‘quvchilarning ilmiy-tabiiy dunyoqarashini shakllantirish, ongida hayotning yer yuzida paydo bо‘lishi, rivojlanishi, organik olamning tuzilishi darajalari, ularning muhit bilan aloqasi, organizmlarning moslanishi, biologik sistemalarning bir butunligi, о‘z- о‘zini boshqarishi, organ tuzilishi bilan funksiyasining о‘zaro bog‘liqligi, nazariya bilan amaliyotning bir-biri bilan munosabati haqida ilmiy tushunchalarni shakllantirishga imkon beradi.

Akademik litsey, kasb – hunar kollejlarida о‘quvchilarning mustaqil bilim olishi, mantiqiy tafakkurini rivojlantirish, ularni kasbga yо‘naltirish masalasi о‘qituvchining diqqat markazida bо‘lishi lozim.

О‘quvchilarni kasbga yо‘naltirish maqsadida о‘qituvchi avvalo pedagogik faoliyat kо‘rsatayotgan ta’lim muassasasining tayyorlaydigan ixtisosligini e’tiborga olgan differensial о‘qitishni amalga oshirishi lozim.

О‘qitish mazmunini kasbiy yо‘naltirish deganda о‘quvchi tomonidan о‘zlashtirilayotgan bilimlarni uning kelgusi faoliyatida tutgan о‘rni, nazariya va amaliyot birligi, ta’lim-tarbiyaning uzviyligini amalga oshirish orqali shaxsning barkamolligini ta’minlash tushuniladi.

Shu maqsadlarni kо‘zlab biologiya о‘qituvchisi pedagogik jarayonda pedagogik va axborot texnologiyalardan foydalanib, о‘quv muammolariga asoslangan vaziyatlarni vujudga keltirishi va ma’ruza, seminar, munozara, konferensiya, muammoli darslarida muvaffaqiyatli hal etilishini ta’minlashi talab etiladi.

О‘quvchilarni kasbiy yо‘naltirish nafaqat ta’lim mazmuniga kelgusida egallaydigan kasb haqida ma’lumot berish, balki mazkur kasb talab etadigan bilim, kо‘nikma va malakalar, shuningdek, shaxsiy sifat va fazilatlarni shakllantirish nazarda tutiladi.

О‘quvchilarda mustaqil bilim olish kо‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida mavzular mazmuni bilan aloqador turli manbalar ustida mustaqil ishlash, internet ma’lumotlaridan tabiiy obyektlardan keng foydalanish, ular ustida kuzatish, tajribalar olib borish, laboratoriya, amaliy mashg‘ulotlar, ekskursiyalar о‘tkazishga ham alohida ahamiyat berish nazarda tutiladi.

Akademik litsey о‘quvchilarning intellektual qobiliyatlarini jadal о‘stirish, ularning chuqur, tabaqalashtirilgan bilim olishlarini ta’minlaydigan muassasa ekanligini hisobga olgan holda, biologiyani о‘qitishda ilmiy-nazariy masalalarga keng о‘rin berish, о‘quvchilarning chuqur о‘zlashtirayotgan fani bilan fanlararo bog‘lanishlarni amalga oshirish, ularning qiziqishlari va ehtiyojlari, mustaqil, ijodiy va mantiqiy fikr yuritish, tajriba qо‘yish va kuzatish kо‘nikmalarini rivojlantirish, ilmiy dunyoqarashini kengaytirish masalalariga e’tiborni qaratish, ilmiy-tadqiqot institutlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar mazmuni va natijalari, biolog olimlarning hayoti, ularning fan rivojiga qо‘shgan hissalari bilan tanishtirish, uchrashuvlar tashkil etish tavsiya etiladi.

Kasb-hunar kollejlarining о‘quvchilari tanlagan kasblari bо‘yicha ixtisoslik olishlarini nazarda tutgan holda biologiyani о‘qitishda kо‘proq amaliy masalalarga, ayniqsa qishloq xо‘jalik, tibbiyot, о‘rmonchilik, baliqchilik, oziq-ovqat, yengil sanoat, hamda xalq xо‘jaligining boshqa sohalarida biologiyaning tutgan о‘rniga ahamiyat qaratiladi. О‘quv yurtining ixtisosligiga bog‘liq holda jamoa, fermer, о‘rmonchilik xо‘jaliklari va tibbiyot muassasalariga ekskursiyalar uyushtirish, tabiatni muhofaza qilishning nazariy va amaliy masalalariga e’tiborni qaratish lozim.

Biologik ta’lim mazmunidagi kasbiy yо‘naltirish imkonini beradigan tushunchalarni uch guruhga ajratish mumkin:

1.Texnologik tushunchalar. Bu tushunchalar guruhiga xalq xо‘jaligi va tibbiyotda amaliy ahamiyati bо‘lgan ma’lumotlar hujayrada DNK, RNK sintezi, oqsillar biosintezi, genetik injeneriya va biotexnologiyada amalga oshiriladigan jarayonlar, transgen о‘simlik va gibridomalar olish, irsiy kasalliklarning gen injenerlik tashxisi biotexnologiyasini ishlab chikilishi xaqidagi tushunchalar misol bо‘ladi.

2.Iqtisodiy tushunchalar. Mazkur guruhga sun’iy tanlash yordamida yangi nav, zot, shtammlarni yaratish, genlarni klonlash, transgen о‘simliklar va gibridomalarning istiqbollari, ulardan xalq xо‘jaligida foydalanishdan kо‘riladigan iqtisodiy foyda asosida shakllantiriladigan tushunchalar kiradi.

3.Tabiatni muhofaza qilishga oid tushunchalar. Respublikamizda tabiatni muhofaza qilish bо‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar va meyoriy hujjatlar, “Qizil kitob”, ekologik muhitning tirik organizmlarga kо‘rsatgan ta’siri, turli kasalliklar va mutatsiyalarning kelib chiqish sabablarini tushuntirish orqali о‘quvchilarda tabiatga nisbatan ongli munosabat tarkib toptiriladi va tabiatni muhofaza qilish tushunchalari shakllantiriladi.

О‘quvchilarning mustaqil ta’limi qо‘shimcha о‘quv adabiyotlari, internet, multimedialar vositasida muayyan mavzularda izlanishlar olib borishi, ma’ruza va referatlar tayyorlashi, о‘simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlar ustida kuzatish va tajribalar о‘tkazishi, ularning natijalarini izohlash va rasmiylashtirishlari, respublikamizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida va ekologik muammolarni hal etishga oid tashkil etiladigan turli tanlovlar uchun materiallar tayyorlash, olimpiadalarga tayyorgarlik kо‘rish kabilarni о‘z ichiga oladi.

Kasbiy yо‘naltirilganlik samaradorligi о‘quv muassasasining yо‘nalishi, о‘quvchilarning kelgusida egallaydigan mutaxassisligi va ularning ehtiyoji, qiziqishi, о‘kituvchining pedagogik bilim, mahoratiga bog‘liq bо‘ladi.



    1. Biologiya о‘quv fanini sohalarga kasbiy yо‘naltirib о‘qitish jarayoniga tizimli yondoshuv

О‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda didaktikaning nazariya va amaliyot birligi va maqsadga muvofiqlik prinsipiga kо‘ra kasbiy yо‘naltirilganlikni nazarda tutish lozim.

Respublikamizda о‘rta maxsus, kasb - hunar ta’limi quyidagi bilim sohalari va akademik litseylar bо‘yicha tashkil etilgan bо‘lib, ularda biologiya yagona dastur asosida о‘qitiladi.

Biologik ta’limni tashkil etishga tizimli yondoshuv о‘qituvchi tomonidan ta’lim muassasasiga davlat va jamiyat tomonidan qо‘yilgan buyurtmalarni e’tiborga olgan holda ta’lim mazmuni, о‘qitish vositalari, metodlari va shakllarining uzviyligini ta’minlash, barkamol shaxsni voyaga yetkazishda biologik ta’limni tashkil etish jarayonini bugungi kun talabi darajasida loyihalashtirishi va о‘quv maqsadlariga erishish yо‘llarini belgilashni talab etadi.

Shu bilan bir qatorda biologiya о‘qituvchisi ta’lim muassasasining yо‘nalishini hisobga olgan holda ta’lim mazmunini kasbiy yо‘naltirishga e’tiborni qaratishi lozim.

Quyida о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologik ta’lim mazmunini nazariy masalalarni о‘rganishda kasbiy yо‘naltirish imkoniyatlari bilan boyitish yuzasidan umumiy tavsiyalar berilmoqda.

Ta’lim sohasidagi о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda о‘qituvchi quyidagilar:



  • Shaxs kamolotining tabiat bilan uyg‘unligi;

  • о‘quvchilarni aqliy, ahloqiy, estetik, mehnat, jinsiy, ekologik, iqtisodiy, gigiyenik va jismoniy jihatdan yetuk qilib tarbiyalash, ularning ilmiy dunyoqarashini shakllanti­rish va kengaytirish, tabiatga nisbatan mehr-muhabbat tuyg‘usi va ongli munosabatni tarkib toptirishda tabiatning tutgan о‘rnini yoritishi zarur.

Gumanitar fanlar va san’at sohasidagi о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda о‘qituvchi tabiatni muhofaza qilish bо‘yicha ma’naviy–ma’rifiy tadbirlarni olib borish, tabiat barcha san’at turlarini rivojlantiruvchi manba ekanligi kо‘rsatishi zarur.

Ijtimoiy fanlar, biznes va huquq sohasidagi о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda о‘qituvchi tabiat va jamiyat qonunlari о‘rtasidagi uzviylik, sun’iy tanlash yordamida yangi nav, zot, shtammlarni yaratish, genlarni klonlash, transgen о‘simliklar va gibridomalarning istiqbollari, chiqindisiz texnologiyalarni joriy etishdan xalq xо‘jaligida foydalanishdan kо‘riladigan iqtisodiy foyda va ekologik muhitning muvozanatni barqarorlashtirishdagi о‘rni, shaxs kamolotining tabiat bilan uyg‘unligi, ishlab chiqarish va agrosanoatni rivojlantirish, xom ashyodan olinadigan tovarlar, ularni ishlab chiqarishda mikrobiologiya usullaridan foydalanish, gen daktiloskopiyasi va genlar spektri yordamida shaxsni aniqlash texnologiyasining yaratilganligini yoritishi lozim.

Fan sohasidagi о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda о‘qituvchi fan va ishlab chiqarishning о‘zaro uzviyligi, ekologik muammolar, suv, havo, tuproq, qishloq xо‘jaligi, odam ekologiyasi, ularni muhofaza qilish bо‘yicha olib borilayotgan tadbirlar, tabiiy boyliklar va ulardan unumli foydalanish yо‘llari va chi­qin­disiz texnologiyalarni joriy etish muammolarini yoritishga e’tibor berishi maqsadga muvofiq.

Muhandislik, ishlov berish va quri­lish tarmoqlari sohasidagi о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda о‘qituvchi ta’lim mazmunini biosferada modda va energiyaning davra bо‘ylab aylanishi, ekologik toza manbalar energiyasidan foydalanish, bionika asoslari, tabiiy va sun’iy xom ashyolardan foydalanish, atrof-muhitni muhofa­za qilish, Yer usti va osti tabiiy boyliklari va ulardan unumli foydalanish yо‘llari, chiqindisiz texnologiyalarni joriy etish muammolari. Sun’iy tanlash asosida о‘simlik navlari hosildorligi, hay­von zotlari mahsuldorligini oshirish yо‘llari, mik­ro­biologiya va biotexnologiya asoslaridan qishloq xо‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda foyda­lanish, ikkilamchi suv va ichimlik suvini tozalashda suv о‘tlaridan foydalanish, biologik bilimlarning о‘simlikshunoslik, chorvachilik, asalarichilik, о‘r­mon­chilik, mо‘ynachilik va baliqchilikni rivojlantirish, bog‘, parklarni barpo etish, kо‘ka­lam­zorlashtirish, о‘simlik­larni himoya qilishdagi ahamiyati, qurilish, yо‘llar barpo etish, quri­lish ma­teriallarini tayyorlashda tabiat muvozana­ti­ni asrashga oid ma’lumotlar bilan boyitishi zarur.

Qishloq xо‘jaligi sohasidagi о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda о‘qituvchi biologik qonuniyatlar qishloq xо‘jaligining ilmiy-nazariy asosi ekanligi, qishloq xо‘jaligi mahsulot-larini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, о‘sim­liklarni himoya qilish, zootexnika va veterinariya, о‘rmonchilikni rivojlantirishda biologik bilimlar­ning ahamiyati, tuprok va yer osti suvlaridagi pestitsidlarni parchalovchi va zararsizlantiruvchi transgen о‘simlik yaratish, paxta tolasi sifatini yaxshilashga yо‘naltirilgan biotexnologiya, hayvonlarni klonlash, gibridomalar olish istiqbollari xaqida fikr yuritishi lozim.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda о‘qituvchi gen, hujayra injenerligi usullarini qо‘llab qator yuqumli va irsiy kasalliklarning gen injenerligi tashxisi biotexnologiyasi, irsiylanish qonuniyatla-rini о‘rganish va oldini olish borasida olib bori-layotgan izlanishlar, “asos” hujayralardan “yangi” organlar yaratish texnologiyasi, “Sog‘lom avlod uchun” Davlat dasturi, onalik va bolalikni asrash va tibbiy yordam kо‘rsatishni yaxshilash bо‘yicha davlat qarorlariga e’tibor qaratishi maqsadga muvofiq.

Xizmatlar sohasidagi о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda о‘qituvchi turizm, sport, ommaviy bayramlar о‘tkazish, xalq og‘zaki ijodini rivojlantirishda tabiiyot fanlarining roli, serviz xizmatlarini amalga oshirishda ekologiya va atrof-muhitni ifloslantirmaslik choralarini yoritish lozim

О‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda kasbiy yо‘naltirilganlik tо‘rtta darajada amalga oshiriladi:



1-daraja. Mazkur darajada о‘qituvchi о‘rganilayotgan mavzuning о‘quvchilarning kelgusida egallaydigan kasbida tutgan о‘rnini yoritiladi. Bu daraja о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining ta’lim sohalariga muvofiq о‘qitish jarayoni mazmuniga muayyan о‘zgartirishlar kiritishni talab etadi. Masalan, sog‘liqni saqlash ta’lim sohasida Biologiya (evolyusiya va ekologiya asoslari) о‘quv fanining kirish mavzusida dasturdan о‘rin olgan mavzularning kelgusida tibbiy xodim bо‘lib yetishishdagi о‘rnini yoritsa, iqtisodiyot ta’lim sohasida biologiya fanining sо‘ngi yutuqlari va ularning iqtisodiy samaradorligi haqida fikr yuritib, kelgusida о‘rta bо‘g‘in iqtisodchilarning egallaydigan kasblarida mazkur bilimlarning о‘rni va ahamiyati qayd etiladi.

2-daraja. Ushbu daraja muayyan mavzuni о‘rganishda amalga oshirilib, mavzu mazmuniga muvofiq о‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashi kengaytiriladi va kelgusida egallaydigan kasbi uchun zamin bо‘ladigan bilimlar bilan qurollantiriladi. Mazkur darajada muayyan mavzu mazmuniga ta’lim sohalariga oid ma’lumotlar kiritiladi. Masalan, “Biotexnologiya va gen injeneriyasining yutuqlari” mavzusini о‘rganishda fan ta’lim sohasida fan rivojining Vatanimiz ravnaqida tutgan о‘rni yoritilib, kelgusida ilmiy-tadqiqotlar о‘tkazishga e’tibor qaratilsa, sog‘liqni saqlash ta’lim sohasida gen injeneriyasi yutuqlari asosida tibbiyotda foydalanish orqali inson salomatligini asrashning samarali metodlari ishlab chiqilganligi qayd etilsa, qishloq xо‘jaligi ta’lim sohasida transgen о‘simliklarni yaratish orqali zararkunandalarga qarshi biologik kurashish, ekologik muhitni asrashning chora-tadbirlari yoritiladi.

3-daraja. Gorizontal yoki sinxron kasbiy yо‘naltirilganlikni bitta semestr yoki kursda о‘qitiladigan umumta’lim va umumkasbiy о‘quv fanlari о‘rtasida amalga oshirish nazarda tutiladi. Mazkur jarayonda umumta’lim va umumkasbiy о‘quv fanlari о‘qituvchilari birgalikda yaxlit pedagogik tizimni tashkil etishi lozim. Ushbu daraja nafaqat dars, balki darsdan va sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda amalga oshirish samaradorlikni kafolatlaydi.

4-daraja Vertikal yoki asinxron kasbiy yо‘naltirilganlikni keyingi semestr yoki kursda о‘qitiladigan umumkasbiy о‘quv fanlari о‘rtasida amalga oshirish nazarda tutiladi. Bu darajada umumkasbiy о‘quv fani о‘qituvchilari о‘quvchilarning avval о‘zlashtirgan bilim, kо‘nikma va malakalarini yangi va kutilmagan vaziyatlarda qо‘llashiga zamin tayyorlaydigan “Aqliy hujum”, “Keys stadi” kabi lokal texnologiyalarni pedagogik jarayonga qо‘llashi orqali amalga oshirishi nazarda tutiladi.

Mazkur darajalar quyida jadval shaklida berilmoqda.



О‘MKHT muassasalarida о‘qitishda kasbiy yо‘naltirilganlik darajalari





4-DARAJA__VERTIKAL_YOKI_ASINXRON_KASBIY_YО‘NALTIRILGAN­LIKNI_KEYINGI_SEMESTR_YOKI_KURSDA_О‘QITILADIGAN_UMUMKASBIY_О‘QUV_FANLARI_О‘RTASIDA_AMALGA_OSHIRISH'>4-DARAJA

VERTIKAL YOKI ASINXRON KASBIY YО‘NALTIRILGAN­LIKNI KEYINGI SEMESTR YOKI KURSDA О‘QITILADIGAN UMUMKASBIY О‘QUV FANLARI О‘RTASIDA AMALGA OSHIRISH




3-DARAJA

GORIZONTAL YOKI SINXRON KASBIY YО‘NALTIRILGANLIKNI BITTA SEMESTR YOKI KURSDA О‘QITILADIGAN UMUMTA’LIM VA UMUMKASBIY О‘QUV FANLARI О‘RTASIDA AMALGA OSHIRISH




2-DARAJA


MUAYYAN MAVZU MAZMUNI ILMIY DUNYOQARASHNI KENGAYTIRISH VA KELGUSIDA EGALLANADIGAN KASB UCHUN ZAMIN BО‘LADIGAN BILIMLAR BILAN BOYITISH

1-DARAJA


О‘RGANILAYOTGAN MAVZUNING О‘QUVCHILARNING KELGUSIDA EGALLAYDIGAN KASBIDA TUTGAN О‘RNINI YORITISH

Ta’lim-tarbiya jarayonida mazkur darajalarga erishish uchun biologik ta’limni tashkil etishning barcha shakllaridan maqsadga muvofiq foydalanish nazarda tutiladi.

Biologiyani о‘qitishning asosiy shakli bо‘lgan dars bu jarayonda asosiy о‘rin tutadi. Biologiya darslarida о‘qituvchi о‘rganilayotgan mavzuning о‘quvchilarning kelgusida egallaydigan kasbida tutgan о‘rnini yoritishi, о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining ta’lim sohalariga muvofiq о‘qitish jarayoni mazmuniga muayyan о‘zgartirishlar kiritish, mavzu mazmuniga muvofiq о‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashi kengaytirish va kelgusida egallaydigan kasbi uchun zamin bо‘ladigan bilimlar bilan qurollantirishni nazarda tutishi lozim.

Biologiyani о‘qitishning majburiy shakli bо‘lgan darsdan tashqari ishlar aslida о‘quvchilarning darslarda о‘zlashtirgan bilimlarini amaliyotda qо‘llashga zamin tayyorlaydi. О‘qituvchi о‘quvchilar tomonidan biologik kuzatishlar о‘tkazish, tajribalar qо‘yish, qо‘shimcha adabiyotlar ustida mustaqil ishlarni tashkil etishda о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining ta’lim sohalariga muvofiq rejalarga muayyan о‘zgartirishlar kiritishi talab etiladi.

Biologiyani о‘qitishning zaruriy shakli bо‘lgan ekskursiyalarda о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining ta’lim sohalariga muvofiq uni maqsadga muvofiq tashkil etish, ya’ni о‘quvchilarning kelgusida egallaydigan kasbi nazarda tutilgan holda ekskursiya obyekti va mazkur jarayon mazmuniga muayyan о‘zgartirishlar kiritishlishi nazarda tutiladi.

Biologiyani о‘qitishning ixtiyoriy shakli bо‘lgan sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining ta’lim sohalariga muvofiq rejaga va о‘tkaziladigan tadbirlarga muayyan о‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq. Gorizontal yoki sinxron kasbiy yо‘naltirilganlikni amalga oshirish maqsadida biologiya umumta’lim fani о‘qituvchisi umumkasbiy о‘quv fan о‘qituvchilari bilan hamkorlikda tashkil etgan tadbirlari kо‘zlangan maqsadni beradi.

Vertikal yoki asinxron kasbiy yо‘naltirilganlikni amalga oshirish umumkasbiy fan о‘qituvchilari zimmasiga yuklanib, umumkasbiy о‘quv fani о‘qituvchilari о‘quvchilarning avval о‘zlashtirgan bilim, kо‘nikma va malakalarini yangi va kutilmagan vaziyatlarda qо‘llashiga zamin tayyorlaydigan biologik tadbirlar va kechalar о‘tkazishi nazarda tutiladi.

О‘MKHT muassasalarida о‘qitishda kasbiy yо‘naltirilganlik amalga oshirish shakllari





4-DARAJA

VERTIKAL YOKI ASINXRON

DARS, DARSDAN TASHQARI ISHLAR

MUSTAQIL ISHLAR, SINFDAN TASHQARI MASHG‘ULOTLAR, О‘QUV VA ISHLAB CHIQARISH AMALIYOTLARI

BITIRUV ISHI




3-DARAJA

GORIZONTAL YOKI SINXRON

DARS, DARSDAN TASHQARI ISHLAR

MUSTAQIL ISHLAR, SINFDAN TASHQARI MASHG‘ULOTLAR, О‘QUV VA ISHLAB CHIQARISH AMALIYOTLARI





2-DARAJA

DARS

DARSDAN TASHQARI ISHLAR

MUSTAQIL ISHLAR

SINFDAN TASHQARI MASHG‘ULOTLAR

О‘QUV AMALIYOTLARI


1-DARAJA

DARS, DARSDAN TASHQARI ISHLAR, MUSTAQIL ISHLAR

SINFDAN TASHQARI MASHG‘ULOTLAR

Shuni qayd etish kerakki, yuqorida qayd etilgan darajalarning umumta’lim va umumkasbiy о‘quv fanlari о‘qituvchilari bosqichma-bosqich amalga oshirgandagina kutilgan natijaga erishish mumkin. Shuningdek, barcha darajalarni amalga oshirishda pedagogik va axborot texnologiyalardan foydalanish о‘quvchilarning pedagogik jarayon obyekti maqomidan muammoli vaziyatlarni hal etish uchun о‘z о‘quv faoliyatini faollashtirish orqali yagona pedagogik jarayonning subyektiga aylanadi.


2-bob. О‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MUASSASA­LARIDA BIOLOGIK TA’LIMNI KASBIY YО‘NALTIRISHNING METODIK ASOSLARI
2.1. Biologiya о‘quv fanini sohalarga kasbiy yо‘naltirish yuzasidan umumiy tavsiyalar
Didaktikada kasbiy yо‘naltirilganlik masalasiga keng miqyosda yondoshilib, u о‘quvchilarning kasbiy tayyorgarligini amalga oshirishning dastlabki bosqichi sifatida fikr yuritilgan.

Shu nuqtai nazardan qaraganda ta’lim-tarbiya jarayonida kasbiy yо‘naltirilganlikning о‘rni beqiyos ekanligi namoyon bо‘ladi.

Quyida о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologik ta’lim mazmunini о‘rganishda kasbiy yо‘naltirish imkoniyatlari e’tiborga olgan holda ta’lim sohasi bо‘yicha tavsiyalar berilmoqda.

Ta’lim, gumanitar sohaga yо‘naltirib о‘qitish maqsadida о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologik ta’lim mazmunini belgilaydigan Biologiya (Evolyusiya va ekologiya asoslari) о‘quv fani dasturidan о‘rin olgan “Odamning paydo bо‘lishi” bobiga mansub “Antropogenezni harakatlantiruvchi omil­lar. Odamning paydo bо‘lishida biologik va ijtimoiy omillarning roli va odam irqlari” mavzusidagi 28-dars mazmuniga quyidagi ma’lumotlar: Antropogenezni harakatlantiruvchi omillar. Odamning paydo bо‘lishida biologik va ijtimoiy omillarning roli va odam irqlari, jamiyatning tarixiy rivojlanishi jarayonida odam ijtimoiy jihatdan shakllanishida og‘zaki va yozma nutqning ahamiyatini kiritish tavsiya etiladi.

Mazkur seminar darsini tashkil etishda hamkorlikda о‘qitish texnologiyasining “arra” metodi, biologik diktant, “Keys stadi”da foydalanish tavsiya etiladi.

Shuningdek, “Biosfera va uning evolyusiyasi” bobiga mansub “Insonning biosferaga ta’siri, Biosferani himoya qilish muammolari” mavzusidagi 39-dars mazmuniga quyidagi ma’lumotlarni kiritish О‘zbekiston tabiiy boyliklari, mineral xom- ashyo resurslari, ulardan oqilona foydalanish yullari. Insoniyatning barqaror rivojlanish konsepsiyasi - tabiat bilan jamiyatning koevolyusiyasi. Tabiat bilan jamiyatni uyg‘unligi - zaruriy muammo ekanligi. va Mazkur darsni seminar darsi shaklida о‘tkazish va unda modulli ta’lim texnologiyasi, “Keys stadi”da foydalanish tavsiya etiladi.

Ijtimoiy fanlar, biznes va huquq sohasi jamiyatimizga kichik ijtimoiy xodimlar, biznes va huquq sohasida faoliyat yuritadigan kichik mutaxassislar tayyorlashini nazarda tutgan holda Biologiya (Evolyusiya va ekologiya asoslari) о‘quv fanining “Kirish” mavzusida Kirish mavzusidagi dars mazmuniga biologiya fanining maqsadi, vazifalari, ilmiy - tadqiqot usullari, muammolari. Biologiya fanining qishloq xо‘jalik, tibbiyot, sanoat, о‘rmonchilik, baliqchilik, tabiatni muhofaza qilishdagi ahamiyati bilan bir qatorda yashil iqtisodiyot yuzasidan malumot kiritilishi tavsiya etiladi.

Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining taqdimot metodidan, Keys stadi, biologik diktant, test topshiriqlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, “Ekologiya asoslari” bobidagi Ekologiya fani, uning vazifalari va о‘rganish usullari mavzusidagi 29-darsda belgilangan ma’lumotlar bilan bir qatorda mamlakatimizda ekologiya iqtisodiyotini barpo etish va rivojlantirish. Davlat tomonidan tartibga solinadigan, ekologik markirovka, ekologik ekspertiza, bozor litsenziyalari. Tabiat muhofazasiga doir davlat qonunlari. Tabiiy resurslardan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlarni takomillashtirish. Maxsus muxofazaga olingan xududlarni boshqarish yuzasidan ma’lumotlar kiritish maqsadga muvofiq.

Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining taqdimot metodidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Ishlab chiqarish va texnik sohaning о‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan holda Kirish mavzusidagi 1- dars mazmuniga dasturda belgilangan ma’lumotlar bilan bir qatorda texnik sistemalar barpo etishda organizmlar hayot faoliyatining о‘ziga xos jihatlaridan foydalanish kabi ma’lumotlar kiritish tavsiya etiladi.

Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining taqdimot metodidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, “Ekologiya asoslari” bobidan о‘rin olgan “Ekologiya fani, uning vazifalari va о‘rganish usullari” mavzusidagi 29-dars mazmuniga dasturda belgilangan ma’lumotlar bilan bir qatorda global va lokal ekologik muammolar. Ekologik muammolar klassifikatsiyasi. Ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan Davlat dasturlari. Inson va tabiat о‘rtasidagi munosabatlar. Ilmiy texnikaviy revolyusiyasining tabiatga ta’siri haqida ma’lumotlar kiritish tavsiya etiladi. Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining taqdimot metodidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Mazkur sohada “Biosfera va uning evolyusiyasi” bobidan о‘rin olgan “Biosfera evolyusiyasi. Biogenez, noogenez, noosfera ” mavzusidagi 39- dars mazmuniga dasturda berilgan ma’lumotlardan tashqari о‘qituvchi О‘zbekiston tabiiy boyliklari, mineral xom- ashyo resurslari, ulardan oqilona foydalanish yullari, Chiqindilarni boshqarish. Kam chiqindili va chiqindisiz texnologiyalardan foydalanishga e’tiborini qaratishi lozim.

Ushbu darsni tashkil etishda modulli ta’lim texnologiyasi, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Qishloq va suv xо‘jaligi sohasida biologiyani kasbiy yо‘naltirib о‘qitishda о‘qituvchi quyidagilarga e’tiborini qaratishi lozim. Jumladan, “Genetik injeneriya va biotexnologiya” bobidagi “О‘zbekistonda genetik injeneriya va biotexnologiya fani yutuqlari. Biotexnologiyaning kelajagi haqida” mavzusidagi 10 – dars mazmuniga dasturda berilgan ma’lumotlar bilan bir qatorda О‘zbekistonda agrar sanoatning rivojlanishida genetik injeneriya va biotexnologiya fan yutuqlaridan foydalanish, Biotexnologiyaning kelajagi haqidagi ma’lumotlarni kiritish lozim. Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining konferensiya darsidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Shuningdek, “Ekologiya asoslari” bobidan о‘rin olgan “Ekologiya fani, uning vazifalari va о‘rganish usullari” 29-dars mazmuniga dasturda belgilangan ma’lumotlar bilan bir qatorda global va lokal ekologik muammolar, qishloq xujalik ekinlarini biologik usulda himoya qilishda turlar о‘rtasidagi munosabatlardan foydalanish.“Qizil kitob”ga kiritilgan noyob о‘simlik va hayvon turlari. О‘zbekistonda maxsus muhofazaga olingan xududlar. “Jayron” ekomarkazi. Ugam-Chotqol milliy bog‘i. Davlat qо‘riqxonalari. Davlat buyurtmaxonalari haqida ma’lumotlar kiritish tavsiya etiladi.

Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining taqdimot metodidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

“Biosfera va uning evolyusiyasi” bobidagi “Biosfera evolyusiyasi. Biogenez, noogenez, noosfera” mavzusidagi dars mazmuniga dasturda berilgan ma’lumotlardan tashqari о‘qituvchi О‘zbekiston tabiiy boyliklari, mineral xom- ashyo resurslari, ulardan oqilona foydalanish yullari, Tabiat va inson о‘rtasidagi munosabatlar. Insonning biosferaga ta’sirini asosiy yо‘nalishlari bо‘yicha ma’lumotlardan foydalanishga e’tiborini qaratishi lozim. Ushbu darsni tashkil etishda modulli ta’lim texnologiyasi, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Sog‘likni saqlash va ijtimoiy ta’minot sohaga yо‘naltirib о‘qitishda quyidagilarga e’tiborni qaratish zarur. Jumladan, “Genetik injeneriya va biotexnologiya” bobidagi “О‘zbekistonda genetik injeneriya va biotexnologiya fani yutuqlari. Biotexnologiyaning kelajagi haqida” mavzusidagi 10 – dars mazmuniga dasturda berilgan ma’lumotlar bilan bir qatorda О‘zbekistonda genetik injeneriya va biotexnologiya fanining tibbiyot sohasidagi yutuqlari Biotexnologiyaning kelajagi haqidagi ma’lumotlar bilan boyitish tavsiya etiladi. Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining konferensiya darsidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Shuningdek, “Ekologiya asoslari” bobidan о‘rin olgan “Ekologiya fani, uning vazifalari va о‘rganish usullari” 29-dars mazmuniga dasturda belgilangan ma’lumotlar bilan bir qatorda global va lokal ekologik muammolar, qishloq xujalik ekinlarini biologik usulda himoya qilishda turlar о‘rtasidagi munosabatlardan foydalanish, ekologik omillarning inson salomatligiga ta’siri. Atrof - muhit ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklar. Inson ekologiyasi. Inson organizmi murakkab biologik sistema haqida ma’lumotlar kiritish tavsiya etiladi.

Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining taqdimot metodidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Shuningdek, “Ekologiya asoslari” bobidagi 36-dars Inson ekologiyasi mavzusidagi dars mazmuniga belgilangan ma’lumotlar bilan bir qatorda о‘qituvchi insonning biosferaga ta’siri, ekologik omillarning inson salomatligiga ta’siri. Atrof - muhit ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklar. Inson ekologiyasi. Inson organizmi murakkab biologik sistema. Ekologik havfsizlik. Insonning biosferaga ta’sirini asosiy yо‘nalishlari bо‘yicha ma’lumot­lardan foydalanishga e’tiborini qaratishi lozim.

Ushbu darsni tashkil etishda didaktik о‘yin texnologiyasining konferensiya darsi, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Xizmatlar sohaga yо‘naltirib о‘qitishda quyidagilarga e’tiborni qaratish zarur. Jumladan, “Genetik injeneriya va biotexnologiya” bobidagi “О‘zbekistonda genetik injeneriya va biotexnologiya fani yutuqlari. Biotexnologiyaning kelajagi haqida” mavzusidagi 10 – dars mazmuniga dasturda berilgan ma’lumotlar bilan bir qatorda О‘zbekistonda genetik injeneriya va biotexnologiya fan yutuqlaridan aholiga xizmat kо‘rsatish sohasida foydalanish. Biotexnologiyaning kelajagi haqidagi ma’lumotlar bilan boyitish tavsiya etiladi.

Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining konferensiya darsidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

“Ekologiya asoslari” bobidan о‘rin olgan “Tur va populyatsiyaning ekologik ta’rifi. Turlarni muhofaza qilish” mavzusidagi 32-dars mazmunini dasturda berilgan ma’lumotlar bilan bir qatorda О‘zbekiston tabiiy boyliklari, mineral xom- ashyo resurslari, ulardan oqilona foydalanish yullari, Atrof muhit muxofazasining huquqiy va tashkiliy asoslari О‘zbekistonning tabiatni muhofaza qilish bо‘yicha muammolari va ularning yechimi. Xalqaro hamkorlik. Hozirgi davrda inson va tabiat оrtasidagi munosabatlar. Insonning biosferaga ta’sirini asosiy yо‘nalishlari. Zamonaviy ekologik turistik korxonalar (mehmonxona, turistik korxona, restoran) kabilarga e’tiborni qaratish tavsiya etiladi. Ushbu darsni tashkil etishda hamkorlikda о‘qitish texnologiyasi (kichik guruhlarda о‘qitish) metodi, , Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

“Biosfera va uning evolyusiyasi” bobidan о‘rin olgan “Insonning biosferaga ta’siri. Biosferani himoya qilish muammolari” mavzusidagi 40-dars mazmunini dasturda berilgan ma’lumotlar bilan bir qatorda xalq xо‘jaligining turli sohalarida ekologik toza texnologiyalar, chiqindilarni zararsizlantirish va о‘zlashtirish bо‘yicha ilmiy-texnik ishlangmalarni hayotga tadbiq etilishi kabilarga e’tiborni qaratish tavsiya etiladi.

Ushbu darsni tashkil etishda didak­tik о‘yin texnologiyasining konferensiya darsidan, Keys stadi, Klaster, biologik diktant, atamalar zanjiri, test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Biologiyani ta’lim sohalari bо‘yicha kasbiy yо‘naltirib о‘qitishda biologiya о‘qituvchilariga quyidagi adabiyotlardan foydalanish tvsiya etiladi:

1. Tolipova J.O., G‘ofurov A.T. Biologiya о‘qitish metodikasi – T.: “Bilim” 2004.

2. Tolipova J.O. Biologiyani о‘qitishda pedagogik texnologiyalar – T.: “CHо‘lpon” 2011


3-bob. BIOLOGIK TA’LIM JARAYONIDA PEDAGOGIK TEXNOLOGIYALARDAN FOYDALANISH
3.1. Biologiya darslarida xususiy-metodik darajadagi pedagogik texnologiyalardan foydalanish.
3.1.1. Didaktik о‘yin texnologiyalari.
О‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘rganishda о‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish uchun darsning о‘quvchilarning о‘tgan mavzu yuzasidan о‘zlashtirgan bilim, kо‘nikma va malakalarini aniqlash, ularni tizimlashtirish, yangi mavzu yuzasidan о‘zlashtirilgan bilim, kо‘nikma va malakalarni nazorat qilish va baholash, shuningdek, yangi mavzuni о‘rganish jarayonida xususiy metodik va lokal texnologiyalardan foydalanish maqsadga muvofiq.

Biologiyani о‘qitishda xususiy metodik darajadagi pedagogik texnologiyalardan didaktik о‘yin texnologiyalari, modulli ta’lim texnologiyalari, hamkorlikda о‘qitish texnologiyalaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Ta’lim jarayonida didaktik о‘yinli texnologiyalar didaktik о‘yinli dars shaklida qо‘llaniladi. Ushbu darslarda о‘quvchilarning bilim olish jarayonini о‘yin faoliyati bilan uyg‘unlashtiriladi. Shu sababli, о‘quvchilarning bilim olish faoliyati, о‘yin faoliyati bilan uyg‘unlashgan darslar didaktik о‘yinli darslar deb ataladi.

О‘yin faoliyati о‘zining quyidagi xususiyatlari bilan tavsiflana­di:



  1. О‘yin ishtirokchilari rollarni, vazifalarni tanlashi natijasida erkin rivojlantiruvchi faoliyat, ya’ni о‘quvchilarning о‘z faoli­yati­ni tah­lil­ va nazorat qilishi, maqsadga muvofiq natijaga erishgan hollarda о‘z faoliyatidan kо‘ngli tо‘lishi, о‘z bilimi va kuchiga ishonch vujudga keladi.

  2. Ijodiy muhit tarkib topadi. О‘yin ishtirokchilari muammolarni hal etishda tegishli ijodiy va mustaqil faoliyatga ega bо‘ladilar.

  3. О‘yin davomida musobaqa, raqobat, hamkorlik, о‘zaro yordam vujudga keladi. Shu asnoda his-hayajonli vaziyat paydo bо‘ladi. His-hayajonga yо‘g‘rilgan bilim, kо‘nikmalar inson xotirasida bir umr muhrlanib qoladi.

  4. О‘yin davomida belgilangan qonun-qoidalarga amal qilinadi. О‘yin ishtirokchilarida ijtimoiy normalarga mos ongli intizom vujudga kelishiga zamin tayyorlaydi.

  5. О‘yin mazmuni, borishi, mantiqiy ketma-ketligi, vaqt balansi va о‘quvchilarning muammoli vaziyatlarni zudlik bilan hal etish, mо‘ljalni tо‘g‘ri olishga о‘rgatadi.

Boshqa о‘quv va mehnat faoliyati kabi о‘yin faoliyati tarkibiga quyidagilar:

a) о‘yinning syujeti;

b) о‘yin ishtirokchilari bajaradigan muayyan rollar, vazifalar;

v) ushbu rollarni amalga oshirish uchun bajariladigan amallar (usullar);

g) real yoki shartli ravishdagi о‘yin vositalaridan foydalanish;

d) о‘yin ishtirokchilari о‘rtasidagi munosabat, muloqot kiradi.

О‘quvchilarning bilish faoliyatini о‘yin faoliyati bilan uyg‘un holda tashkil etish quyidagi bosqichlardan iborat bо‘ladi:


  • Didaktik о‘yindan kо‘zda tutilgan maqsadni aniqlash,

  • Didaktik о‘yin syujeti va ishtirokchilar faoliyatini loyihalash;

  • О‘yindan kо‘zda tutilgan maqsadni amalga oshirish yо‘llarini belgilash;

  • Didaktik о‘yinni maqsadga muvofiq tashkil etish, uning mazmuni, borishi, mantiqiy ketma-ketligi, vaqt balansi va о‘quvchilarning muammoli vaziyatlarni zudlik bilan hal etishiga e’tiborni qaratish;

  • О‘yin ishtirokchilarini rag‘batlantirish;

  • Olingan natijalarni tahlil qilish;

  • Olingan natijalarga muvofiq holda о‘yin strukturasi va borishiga

  • tegishli о‘zgartirishlar kiritish;

Didaktik о‘yinli darslar orqali quyidagi funksiyalar amalga oshiriladi:

  1. Ta’lim-tarbiya berish;

  2. Shaxsni rivojlantirish;

  3. О‘quvchilarni ijodiy faoliyatga yо‘naltirish;

  4. Bilimlarni nazorat va tahlil qilish;

  5. Kasblar bilan tanishtirish va kasbga yо‘naltirish;

  6. О‘quvchilarning muloqot va nutq madaniyatini rivojlantirish;

Ta’lim-tarbiya jarayonida bu funsiyalar majmua holda amalga oshiriladi, lekin quyida о‘rganiladigan didaktik о‘yin turlarida qaysidir funksiya ustunlik qiladi. Masalan, konferensiya darslarida shaxsni rivojlantirish ustunlik qiladi, qolgan funksiyalar unga ilova bо‘ladi, о‘yin mashqlarda bilimlarni nazorat va tahlil qilish ustunlik qiladi, qolgan funksiyalar uni tо‘ldiradi va h.k.

О‘qituvchi didaktik о‘yinli darslarni о‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik kо‘rishi va uni о‘tkazishda quyidagi didaktik talablarga amal qilishi lozim:



  • Didaktik о‘yinli darslar dasturda qayd etilgan mavzularning ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsad va vazifalarni hal qilishga qaratilgan bо‘lishi;

  • Amaliyotdagi va jamiyatdagi muhim muammolarga bag‘ishlangib, ular о‘yin davomida hal qilinishi;

  • Barkamol shaxsni tarbiyalash tamoyillariga, sharqona odob-axloq normalariga mos kelishi;

  • О‘yin strukturasi mantiqiy ketma-ketlikda bо‘lishi;

  • Mazkur darslarda didaktik prinsiplarga amal qilinishi va eng kam vaqt sarflanishiga erishish kerak.

Didaktik о‘yinli darslarning muvaffaqiyati, avvalo о‘quvchilarning mazkur о‘yinlarga puxta va qizg‘in tayyorgarlik kо‘rishlariga, о‘qituvchining mazkur faoliyatni tashkil etish va mohirlik bilan boshqarishiga bog‘liq.

О‘quvchilarning didaktik о‘yinga tayyorgarlik kо‘rish faoliyati quyidagilarni о‘z ichiga olishi:



  • Didaktik о‘yin maqsadi, vazifasi, olib borilish tartibi, qoidalari bilan tanishish;

  • Didaktik о‘yin maqsadi va vazifasidan kelib chiqadigan muammoli vaziyatni anglash;

  • Muammoli vaziyatdan chiqishning eng samarali yо‘llarini topish;

  • Har bir о‘quvchi о‘zi bajarishi lozim bо‘lgan vazifalarni anglashi, о‘qituvchidan kerakli yо‘riqnoma va kо‘rsatmalar olish;

  • Turli bilim manbalaridan foydalangan holda muammoli vaziyatni hal etishning optimal variantini tanlash;

  • Didaktik о‘yin ishtirokchilari о‘rtasida о‘zaro hamkorlik, о‘zaro yordam va о‘zaro nazorat vujudga kelishi lozim.

Didaktik о‘yinli darslarni о‘quvchilarning bilim olish va о‘yin faoliyatining uyg‘unligiga kо‘ra:

  • syujetli-rolli о‘yin;

  • ijodiy о‘yinlar;

  • ishbilarmonlar о‘yini;

  • konferensiya;

  • taqdimot;

  • о‘yin-mashqlarga ajratiladi.

О‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida biologiyani о‘qitishda ta’lim mazmuni, о‘quvchilarning yosh, psixologik va ergonomik xususiyatlari e’tiborga olingan holda didaktik о‘yin texnologiyasiga mansub darslarning mazmuni va mohiyati haqida fikr yuritiladi.


Konferensiya darslari
Didaktik о‘yinli darslar ichida konferensiya darslari muhim о‘rin tutadi. Konferensiya darslari о‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirishda, ilmiy dunyoqarashni kengaytirishda, ularni qо‘shimcha va mahalliy materiallar bilan tanishtirishda, ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan mustaqil ishlash kо‘nikma va malakalarini rivojlantirishda, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlashda, ongli ravishda kasb tanlashida muhim ahamiyat kasb etadi.

О‘qituvchi konferensiya darsini о‘tishdan avval dars mavzusini, maqsadi va vazifalarini aniq belgilab olib shu mavzuga oid qо‘shimcha ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni kо‘zdan kechiradi. Mazkur dars о‘tkazishdan 10 kun oldin dars mavzusi e’lon etilib, unga tayyorgarlik kо‘rish uchun adabiyotlar tavsiya qilinadi. E’lon qilingan didaktik о‘yinli darsda “olimlar” rolini tanlash, mavzuni har tomonlama yoritish, har bir о‘quvchining qiziqishi va qobiliyatiga yarasha ma’ruza tayyorlash о‘quvchilarning ihtiyorida bо‘ladi. Darsga tayyorgarlik davrida о‘qituvchi tomonidan ijobiy rag‘batlantirishning ustunligi va muvaffaqiyatga yо‘llovchi о‘qituvchining muloqot madaniyati, о‘zaro yordami о‘quvchilarning darsga qizg‘in tayyorgarlik kо‘rishning muhim omili sanaladi.

Ilmiy konferensiya darsini quyidagicha о‘tkazish tavsiya etiladi:

1.О‘qituvchining kirish sо‘zi. Bunda о‘qituvchi dars mavzusi, maqsadi va vazifalari, tegishli rollarni bajaruvchi “olimlar” bilan tanishtiradi.

2.Ilmiy ma’ruzalarni tinglash “Olimlar” mavzu yuzasidan tayyorlagan ma’ruzalarini kо‘rgazmali qurollar asosida bayon etadilar.

3.Ma’ruzalar muhokamasi. Bunda “Olimlar” va sinfdagi boshqa о‘quvchilar о‘rtasida mavzu yuzasidan bahs, munozara о‘tkaziladi.

4.Ilmiy konferensiya yakuni. О‘qituvchi mavzu yuzasidan eng muhim tushuncha va g‘oyalarni ta’kidlab, yakunlaydi.

5.О‘quvchilarni baholash. Darsda faol ishtirok etgan о‘quvchilar rag‘batlantiriladi va reyting tizimiga muvofik baholanadi.

Uyga vazifa berish.

Darsni umumiy yakunlash.


Taqdimot darslari
Didaktik о‘yinli darslar ichida taqdimot darslari ham muhim о‘rin tutadi. Taqdimot darslari о‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish, ilmiy dunyoqarashni kengaytirish, ularni qо‘shimcha va mahalliy materiallar bilan tanishtirish, ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan mustaqil ishlash kо‘nikma va malakalarini rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlashda, ongli ravishda kasbiy yо‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

О‘qituvchi konferensiya darsini о‘tishdan avval dars mavzusini, maqsadi va vazifalarini aniq belgilab olib shu mavzuga oid qо‘shimcha ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni kо‘zdan kechiradi. Mazkur dars о‘tkazishdan 10 kun oldin dars mavzusi e’lon etilib, unga tayyorgarlik kо‘rish uchun adabiyotlar tavsiya qilinadi. E’lon qilingan didaktik о‘yinli darsda “olimlar” rolini tanlash, mavzuni har tomonlama yoritish, har bir о‘quvchining qiziqishi va qobiliyatiga yarasha ma’ruza tayyorlash о‘quvchilarning ihtiyorida bо‘ladi. Darsga tayyorgarlik davrida о‘qituvchi tomonidan ijobiy rag‘batlantirishning ustunligi va muvaffaqiyatga yо‘llovchi о‘qituvchining muloqot madaniyati, о‘zaro yordami о‘quvchilarning darsga qizg‘in tayyorgarlik kо‘rishning muhim omili sanaladi.

Taqdimot darsini quyidagicha о‘tkazish tavsiya etiladi:

1.О‘qituvchining kirish sо‘zi. Bunda о‘qituvchi dars mavzusi, maqsadi va vazifalari, tegishli rollarni bajaruvchi “olimlar” bilan tanishtiradi.

2.“Olimlar”ning mavzu yuzasidan tayyorlagan taqdimotlarini kо‘rgazmali qurollar asosida bayon etadilar.

3.Taqdimot muhokamasi. Bunda “Olimlar” va sinfdagi boshqa о‘quvchilar о‘rtasida mavzu yuzasidan bahs, munozara, Keys stadi о‘tkaziladi.

4.Taqdimot yakuni. О‘qituvchi mavzu yuzasidan eng muhim tushuncha va g‘oyalarni ta’kidlab, yakunlaydi.

5.О‘quvchilarni baholash. Darsda faol ishtirok etgan о‘quvchilar rag‘batlantiriladi va reyting tizimiga muvofik baholanadi.

Uyga vazifa berish.

Darsni umumiy yakunlash.


О‘yin mashqlar darsi

Ta’lim jarayonining muvaffaqiyati о‘qituvchining ilmiy-metodik saviyasiga va pedagogik mahoratining yuqori darajada bо‘lishi, zamon bilan hamnafasligi, о‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish va boshqarish kо‘nikmalariga bog‘liq bо‘ladi.

Biologiyani о‘qitishda, boshqa didaktik о‘yinlar bilan bir qatorda о‘yin mashqlardan о‘z о‘rinda va samarali foydalanish maqsadga muvofiq.

О‘yin mashqlar uchun televideniye va matbuot orqali berib borilayotgan va о‘quvchi yoshlarning eng qiziq mashg‘ulotiga aylangan о‘yinlarni andoza qilib olish mumkin. Bular jumlasiga “Zakovat”, “Zinama-zina” kabilarni kiritish mumkin. Mazkur о‘yinlarda о‘quvchilar avvalo о‘z kuchi va bilimlarini sinab kо‘radilar va yana ularning aksariyati shu о‘yinlar ishtirokchisi bо‘lishni orzu qiladilar.

Zamon bilan hamnafas ishlayotgan har bir о‘qituvchi о‘quvchilardagi bu istak va orzularni amalga oshirish uchun ta’lim jarayonida shunga о‘xshash о‘yinlarni о‘z vaqtida о‘tkazishi о‘quvchilarning bilim olishga bо‘lgan qiziqishlarini orttirish va bilish faoliyatini faollashtirishga zamin tayyorlaydi.

Quyida о‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarida о‘qitiladigan “Biologiya” (Evolyusiya va ekologiya asoslari) о‘quv fanidan evolyusiya asoslari bо‘limini yakunlashda о‘tkaziladigan о‘yin mashqning loyihasi va texnologik xaritasi berilmoqda.



Darsning mavzusi: Evolyusiya asoslari yuzasidan umumlashtiruvchi dars.

Darsning ta’limiy maksadi: О‘quvchilarning biologiya о‘quv fanlaridan о‘zlashtirgan bilimlarini umumlashtirish, ularning javobidagi tipik xatoliklarni aniqlash va ularga barham berish.

Darsning tarbiyaviy maqsadi: О‘quv fani yuzasidan о‘zlashtirgan bilimlari asosida о‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, aqliy va ahloqiy tarbiya berish.

Darsning rivojlantiruvchi maqsadi: О‘quvchilarning umumiy va xususiy biologik tushunchalarini, darslik va qо‘shimcha о‘quv adabiyotlari ustida mustaqil ishlash, mustaqil fikr yuritish kо‘nikmalari, nutq va muloqot madaniyatini rivojlantirish.

Darsni jihozlash: Mavzularga oid kо‘rgazma vositalari, tarqatma va didaktik materiallar.

Darsda foydalaniladigan texnologiya: Didaktik о‘yin texnologiyasi (о‘yin mashqlar)

Darsning borishi:

Yüklə 1,51 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə