1-dars. Abdulla Qahhor “O‘tmishdan ertaklar” qissasi va “Sarob” romani Reja



Yüklə 395,46 Kb.
səhifə6/7
tarix20.09.2017
ölçüsü395,46 Kb.
#907
1   2   3   4   5   6   7

Rauf Parfi lirikasi

Har qanday adib ijodining mohiyatinign uning shaxsiyatidan qidirgan maq’ul. Negaki , ijokor hamisha o’z shaxsiyati doirasidava uning darajasida mavjud bo’ladi. Chunki ijod jarayoni va uning natijasida ham yaratuvchi shaxsning qirralari namoyon bo’ladi. Rauf Parfi she’rlariga sinchiklab nazar solinsa, uning shaxsiyati uchun adoqsiz iztirob va norozilik xos ekanligini ko’rish mumkin. U oltmishinchi yillarning boshida yaratilgan ilk she’rlaridan birida:”Unda kezar mangu iztirob” , deb yozganida olamga hayrat bilan boquvchi yigirma yoshlardagi yigit edi. Shoirning iztiroblari vaqt o’tgan sayin kamaymadi, balki ortib bordi: “”Tugatib bo’lmas hech bu dardni ichib, Yorilgan yaradan chechaklar o’sdi” . Ko’ngil holatini aks ettiradigan bir so’zni topishga o’zligi-yu hayotini bag’ishlagan shoirning: “Hech tuzalmas yara u So’zdir axir” tarzidagi iqrori iztirob chekishga sabablarning tagi mo’l, zahirasi adoqsiz ekanini ko’rsatib turadi. Shoirning izlagani- so’z. Shu so’zning o’zi – “hech tuzalmas yara”. Demak, uning she’riyatiga iztirob-u anduh hamisha hamdam . Quvonchdan she’r tug’ilmaydi. Badiiy didi, she’r zavqi nozikroq she’rxon ham bu iztiroblarni his etadi, shoir dardlariga sherik bo’ladi. Shu ma’noda , Rauf parfi she’rlari iztirob suratlaridir.

Dunyo hodisalaridan mazmun talab etadi, lekin o’zining hayotiga ham keragiday mazmun berolmaydi. Shoir noroziligining sabablari haqida ham o’ylaydi, bu to’g’rida xayolga toladi va shunday badiiy to’xtamga keladi:

Men kuyinib sevaman , netey,

Men kuyinib so’zlamay , xolos.

Bu haqda taniqli shoir Asqad Muxtor:”Rauf Parfi- yaralari ochiq shoir. Unda hazinlik ko’p, ora-chora shunchaki marsiya ham yozib tashlaydi, tushkunlik alomatlari ham uchraydi. Men buni shoirning aybiga yoymasdim.Shoir insoniy dardlardan xoli bo’lolmaydi. Rauf Parfi esa , shoir sifatida o’zligini to’laroq ifodalashga intiladi ”- deganida tamomila haq edi.

Rauf Parfi ko’pchilik katta iste’dod egalari singari eng baland ideallarga , eng yuksak natijalarga intiladi.Uning shoirlar haqidagi: “Yarim dunyo unga kerakmas faqat, Butun Koinotni zabt etmagi shart”misralari shaxsiyati va ijodiga xos shu jihatni ko’rsatadi.Shoir olamni birorta ham kamchiliksiz ko’rgisi keladi. Atrofdagi nohaqlik, qirg’inlar, zo’ravonlik , adolatsizlik , zulm shoirning bezovta ruhini norozi qiladi.R.Parfi she’riyatidagi murosasizlikning ildizi ayni shu yerda. Uning : Agar yurak yutib qilsam oshkor, So’zlarim zulmga otilgan o’qdir” tarzidagi iqrori shoir shaxsiyatining ham, ijodining ham mohiyatini aks ettiradi , deyish mumkin. U qandaydir tizimga , birorta tuzumga emas, umuman, dunyoning kirligiga, yo’q joyda bor deb da’vo qilinayotgan baxtga muxolifatda turadi.

Rauf Parfi ijodiga xos g’oyat muhim jihat shundaki, u she’rlarida borliq va unda mavjud bo’lgan barcha odamlarni emas, alohida olingan bir inson va uning ichki olamini tasvirlashga intiladi.U o’zini tanimoqqa urinayotgan , o’zligini topishga intilayotgan kishilar ruhiyatini chizadi.Shoir olam ham, odam ham jo’n emasligini yaxshi bilgani bois olamni jo’n tushungisi , izohlagisi , tasvirlagisi kelmaydi. U- hayot haqiqatlarini ko’rsatishdan ko’ra ko’ngil haqiqatlarini , ruhiyat chunliklarini ifodalashga moyil. Hech kim ko’rmagan holatni hech kimga o’xshamaydigan tarzda ko’rsatish uning qismati. Bu hol “Diloromning ko’zlari ” she’rida yaqqol ko’zga tashlanadi:

Ma’ yus edi sening ko’zlaring g’oyat,

Go’yo yo’lsiz o’rmon barglarin to’kib ,

Qora yorqinlikda shivirlar oyat,

Ko’zlaringni tinglayapman entikib.

Shoir she’rda ko’zning ma’yusligini “yo’lsiz o’rmon”, qoraligini “qora yorqin –

lik” deya suratlaydi.U ko’zni ko’ribgina qolmaydi , balki tinglaydi. Negaki, yaqin odamlar ko’z orqali “so’ylasha” oladilar. Shu bois oshiq ma’shuqaning ko’zlari “aytgan” so’zlarni “entikib” tinglaydi. Ko’zlardagi g’ussaning yo’lsiz o’rmonga , nigoh nurlanishining “qora yorqinlik” ka o’xshatilishi she’rga adoqsiz hazinlik bag’ishlaydi. R.Parfi she’rlarida ruhiy holat turg’un emas, balki tinimsiz harakat- u o’zgarishda tasvirlanadi . Shuning uchun ham bir lahzalik hissiyot keyingi kuchli ruhiy to’lg’anishlarga sabab bo’la oladi:

Ko’zlaring qa’rida siniq bir nola,

Balkim , qafas ichra uyg’ongan navo?

Balkim, toshloqlarda qon yutgan lola,

Yo’q , havosi so’rib olingan havo…

Sizni hayot haqiqati emas , balki vaziyat haqiqati, hissiyot jilvalari rom etadi. Ko’zlarning qa’ridan “siniq bir nola” ning taralayotgani , uning “qafas ichra uyg’ongan navi” yoki shunchaki lola emas “toshloqlarda qon yutgan lola” bo’lishi mumkinligi ehtimoli kishini o’ziga rom etadi. Lekin bir necha bosqichli va murakkab tasvir hali tugamaydi.Ilojsizlik , chorasizlik she’rda “…havosi so’rib olingan havo…” tarzida ifoda etiladi.

R.Parfi o’zining o’ta shaxsiy va intim tuyg’ularini ijtimoiy hayot bilan aralash , yonma- yon ifoda etadi.Chunki u jamiyatni o’zidan ayri, o’zini esa jamiyatdan tashqarida ko’rmaydi. Shuning uchun ham suyukli qizning qora va ma’yus ko’zlari tasviri quyidagi tarzda ijtimoiy yukka ega nidolar bilan uyg’unlashib ketgan:

Turkiston, Turkiston , endi kulmasmi,

Ma’lomat, tutqunlik endi o’lmasmi?

Bir sovuq mozorlarmi yo’llarinda ,

Erkinlikning porloq nuri inmasmi?

,,Adashgan ruh’’ dostoni

Tom lirik shoir bo’lganligi uchun Rauf Parfi turlli – tuman janrlarda qalam tebratmagan. Uning birgina yirik asari 1991-yilda yozilgan, lekin hali ham tugallanmagan “Adashgan ruh” lirik dostonidir. Asar oxiriga yetmagan bo’lishiga qaramay , o’zbek she’riyatida o’ziga xos badiiy tajriba bo’lgani va yozilgan qismida bir qadar ichki tugallik mavjudligi uchun ham u haqda to’xtalish mumkin. Doston an’anaviy poemalar singari biror sujet asosiga qurilmagan. Unda shoirning xalq va vatan tarixiga hissiy nazari, millat va uning qismati to’g’risidagi o’ylari aks etgan.

Doston hozirgi ko’rinishda to’rt qismdan iborat bo’lib , har qism besh to’rtlikdan tashkil topgan . Ushbu doston qismlarining tuzilishidagi o’ziga xoslik shundan iboratki, undagi dastlabki to’rtlikning ikkinchi misrasi ikkinchi bandning, uchinchi misrasi uchinchi bandning, to’rtinchi misrasi to’rtinchi bandning , birinchi misrasi esa beshinchi bandning dastlabki satri eifatida keladi. O’z navbatida , ikkinchi to’rtlik dostonning ikkinchi qismi uchun ayni vazifani bajaradi. Bu shakliy murakkablik, ohang o’yini doston bandlari va qismlari orasidagi bog’liqlikni , musiqiy ifoda yaxlitligini ta’minlaydi. Ayni vaqtda, adashgan ruhning xilma- xil holati manzaralarini berishga imkon yara- tadi.Shu tariqa, tasvirdagi taranglik dostonning boshidan oxiriga qadar ushlab turiladi. Dostonning birinchi qismi quyidagi to’tlik bilan boshlanadi:

Quyoshning yog’dusi qoradir,

Yulduzlar muzlardir to’kilgan,

Bu daryo uzangan yaradir,

Daraxtlar – egilgan, bukilgan.

Milliy adabiyotimizda shu kunga qadar bu yo’sindagi doston yaratilmagan edi. Dunyo dostonchiligi tajribasida ham bunday asar ko’p uchraydi , deb bo’lmay- di . Asarda shoir adashgan ruhning nigohini aks ettirishga , ruhidan ayrilgan shaxsning , millatning hissiyotini ifodalashga uringan. Asar tasviridagi favquloddalik va g’ayritabiiylik shu bilan izohlanadi. Quyoshning qora yog’du taratishi, yulduzlarning to’kilgan muzlar ekani , daryoning uzangan yaraligi, daraxtlarning tik emasligi shundan. Doston birinchi qismining ikkinchi to’rtligi:

Yulduzlar muzlardir to’kilgan,

Toshlardek qotmishdir tumonlar.

Yerlarga tikonlar ekilgan,

Ekilgan yolg’onlar, gumonlar.

E’tibor qilinsa, asarda inson ruhiga zug’um qiluvchi , Tazyiq o’tkazuvchi holat tasviri kuchayib borayotgani seziladi. Erkin ruhdan mahrum, imondan adashgan kishilar sabab vatan shu holatga tushirilgan. Birinchi qismning uchinchi bandi:

Bu daryo uzangan yaradir,

Hasratdir tinmagan hech qachon.

Jimirlab qaylargaboradir,

Boradir bezabon, bemakon.

Tarzida ifoda etilgan. Garchi to’rtlikda xalq , vatan haqida hech gap aytilma- gan bo’lsa-da , tasvir shularning achchiq qismati xususida ekanligi anglashilib turadi. Keyingi bandda ifoda yanada quyuqlashadi. Nihoyat, birinchi qismning beshinchi to’rtligi quyidagicha ifoda etilgan:

Quyoshning yog’dusi qoradir,

Men uning sochini o’rgayman.

Nahotki , eng so’nggi choradir,

Adashgan ruhni men ko’rgayman.
Lirik qahramonning har onda o’zgarib, yangilanib, almashib turadigan ruhiy holati, hissiyotlari unga adashgan ruhni ko’rish imkonini beradi.

Dostonning ikkinchi qismidagi to’rtlikda “eng go’zal, eng dono , eng g’arib” Turonning gizli va g’arib o’tmishi tasviri birinchi qismdagi singari silsilali yo’sinda g’oyat ohangdor va ta’sirchan usulda beriladi.Asarning uchinchi qismida adashgan ruh Turkistonning shonli o’tmishi bilan yuzma-yuz keladi.Shuning uchun ham bu qismdagi besh to’rtlikda bir qadar ko’tarinkilik, shiddat aks etgan. Vatanni, demakki imonni yo’qotmalikka intilgan millat kechmishi sabrdan iborat ekanligi juda go’zal ifodasini topgan:

Toshlarga, xarsangga sanchilar,

Cheki yo’q yo’qlikning nolasi.

Diydalar, tomchilar, qamchilar

Sabrning- Insonning bolasi.

Bu tasvirlarda inson qismatidagi sho’rishlar butun ayovsizligi bilan aks etgan. Muallifning sehrli qalami yo’qlikning cheki yo’qligini ko’rsata biladi.Asarning to’rtinchi qismida ham tasvir baland pardalarda davom etadi. Chunki adash- gan ruh “Tarixning temirdan devori” osha bo’ylaydi va xalqini yaqinroqdan ko’rishga erishadi.Shuning uchun ham bu qismda qahramon tuyg’ulari imlo- ishiralar orqali emas, ochiqroq ifoda etiladi. Qahramon iftixorini bekitmagani singari nafratini ham pardalab o’tirmaydi:

Bilingiz bu- Turon diyori,

Qonlari dunyoga sochilgan.

Yo’q erki, yo’q do’sti, yo’q yori,

Darchasi barchaga ochilgan.

Ifoda samimiyati tufayli kechagi kun haqidagi tasvir bugunning ruhini aks ettiradi.

Rauf Parfi mahorat xanjari bilan qurollangan va har bir she’rini eng so’nggi imkonga qadar sayqallash, takomilga yetkazishdan erinmaydigan shoirdir. U ko’ngil rozlari bo’lgan she’rlarini o’ziga emas, balki millati va vataniga xizmat qildirgan ijodkordir.Shuning uchun ham bunday shoir she’rlarining umri muallif umridan uzoq bo’ladi.

Savol va topshiriqlar:


  1. Rauf Parfi hayot yo‘lining shoir ijodiy qiyofasiga ta’siri qanday?

  2. Rauf Parfi she’riyatidagi majoziylik sabablarini tushuntiring.

  3. Shoir she’rlarida murakkab tasviriy ifodalar qo‘llanishi sabablari va ularning badiiy samarasi qandayligini tushuntiring.

  4. “Og‘riq she’rida sarlavhaga chiqarilgan so‘z nimani anglatgan”

  5. “Adashgan ruh” dostonining shakliy o‘ziga xosligini aniqlang.

  6. “Adashgan ruh” dostonining matniga tayanib, und aks etgan ruhiyat manzaralari to‘g‘risida to‘xtaling.


16-dars. Abdulla Oripov hayoti va ijodi

Reja:

  1. Ulkan shoir va tarjimon

  2. Shoir lirikasining o‘ziga xos xususiyatlari

  3. Insonparvarlik g‘oyalari va she’riy talqini

Bolalik, o'spirinlik chog'larida dunyo, tevarak atrof, tabiat kishi ko'ziga yanayam sirli-sinoatli tuyuladi, yam-yashil maysalaru lolazor qirlar zavqingni toshiradi, uzoqdagi viqorli tog'lar tinmay o'ziga chorlaydi, oydin yoz osmonida milt-milt etgan yulduzlar sirli jilmayib, xayolingni olib qochadi. Shunday lahzalarda "zavqini qitiqlagan shirin tuyg'ularini" ko'ksiga sig'dirolmagan o'n yetti yoshli o'smir hayratu hayajonini she'riy misralarda izhor qilishga jazm etadi, tezroq voyaga yetib yurtga munosib farzand bo'lishni, yulduzlardek porlashni orzu qiladi:

Ipak iz qoldirib uchar quvnoqlar.
Bir-birin quvlashib, chaqishar chaqin.
Osmon go'zallarin kumush yotoqlar
Qo'yniga chorlaydi, subhidam yaqin.
Deyman: osmonlarning hiloli bo'lsam,
Hulkar va Zuhrosi bo'lgim keladi.
Shu go'zal o'lkamda kamolga to'lsam,
Porloq yulduzlarday kulgim keladi

Garchi yosh shoirning keyinroq yozilgan "Miltiraydi mitti yulduz" deb nomlangan she'rida o'z to'dasidan ajralib qolgan, shamdek titrab, ko'k gumbazining bir chetida "tanholikdan yosh to'kayotgan" osmon jismi haqida so'z borsa ham oltmishinchi yillar o'rtalaridan boshlab she'r olamida chaqnagan "mitti yulduz" to'g'risida gapira boshladilar. Yillar o'tdi, u o'zbek she'riyatini yangi bosqichga olib chiqqan yorqin yulduzga aylandi, shu'lasi yiroq-yiroqlarga taralib, butun turkiy adabiyotning, Sharqning yirik siymolari qatoridan joy oldi, she'rlari ko'plab G'arb tillariga tarjima qilindi. Nafosat olamida "Abdulla Oripov she'riyati" degan tushuncha mustahkam qaror topdi.

Insoniyat badiiy tafakkuri mo''jizalaridan biri bo'lgan she'riyat insonning olam va borliqqa hissiy-emotsional munosabati hosilasidir. Insoniyatning quvvai hofizasi zo'r shoirlari yaratgan she'riy durdonalar barcha xalqlarning, barcha avlodlarning ma'naviy mulki bo'lib qoladi. Vaqt o'tadi, davrlar yangilanadi, adabiyotga yangi avlodlar kirib keladi va bu ma'naviy boylikka o'z hissasini qo'shishga chog'lanadilar.

Abdulla Oripov adabiyotda biryoqlamalik, ritorika, deklarativlik, bayonchilik, "baxtli zamonaga" hamdu sano o'qish avj olgan, adabiyotning ijtimoiy-estetik qimmati puturdan keta boshlagan bir davrda she'riyat ostonasiga qadam qo'ydi.

Har bir shoir singari u ham havaskorlik, izlanish bosqichini bosib o'tdi. Yulduzlar, tog'lar, kapalak haqida yozdi. Ulardan she'r izladi. Biroq u o'qish-o'rganish bosqichini tez bosib o'tdi, she'riyatning missiyasini, inson va jamiyat hayotidagi o'rni va ahamiyatini juda erta angladi. 1962 yilda matbuot yuzini ko'rgan "Kuz xayollari", 1964 yilda "Sharq yulduzi" jurnali sahifalarida e'lon qilingan "Men nechun sevaman O'zbekistonni", "Miltiraydi mitti yulduz", "Burgut" kabi she'rlar o'z ovozi va uslubiga ega bo'lgan shoir shakllanayotganligidan darak berdi. Shoirning sobiq ittifoqda stalincha zo'ravonlik sharpalari hali butkul daf bo'lmagan, mustabid tuzum hukmronlik qilishda davom etayotgan, adabiyot esa "sots. realizm" iskanjasi ostida ezilish holatida bo'lgan bir sharoitda isyonkor ruh bilan sug'orilgan tug'yonli, lirik-falsafiy, teran mushohadali, hayotni o'zicha ko'rgan chinakam milliy va xalqchil she'rlari og'ir sukunatni titratib yuborgan momaqaldiroq yanglig' yangradi.

"Albomga", "Yuzma-yuz", "Temir odam", "Ayol", "Munojotni tinglab", "O'zbekistonda kuz", "Tilla baliqcha", "Dorboz", Otello", "Uyqu" kabi she'rlardagi o'ziga xos mushohada, dadillik, haqiqatni anglashga intilish, xalqning dardini aytish, eng muhimi erkni ulug'lash, istiqlolga talpinish tug'ma iste'dod sohibining barchani mahliyo qilib qo'ygan, qizg'in bahs-munozaralarga mavzu bo'lgan muhim fazilatlari edi. Uning she'rlaridan bahramand bo'lish "she'riyat bayrami"ga (Qaysin Quliev iborasi) aylanib ketardi.

Hayotning ichiga chuqur kirib borish, hayot haqiqatini tasvirlashdagi qat'iyat va izchillik, chuqur obrazlilik, fikr va tuyg'uning ajoyib bir tarzda omuxtaligi, shiddatkor ruh, ichki dramatizm, poetik tafakkurning teranligi, Sharq va G'arb she'riyatining eng yaxshi an'analari uyg'unlashganligi yosh shoir ijodiy evolyutsiyasini ta'minlagan omillar bo'ldi. Biroq yulduzday chaqnagan bu iste'dod uchqunlari vaqtincha emasmikan degan hadiklar ham yo'q emas edi:

Olti oykim, she'r yozmayman, yuragim zada:
Olti oykim, o'zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do'stlarim ham pana-panada
Iste'dodim so'nganidan qilar karomat.

Shukrlar bo'lsinkim, umumxalq ehtiromi, adabiy davralarning e'tirofi yosh shoirni havolantirib yubormadi. "Mitti yulduz"ning nurlari tobora avjlanib, ajib shu'lalar tarata boshladi. Tez orada "Sarob", "Bahor", "Avlodlarga maktub", "Sovg'a", "Minarai kalon tepasidagi laylak", "Biznikilar", "Jannat" singari har biri adabiyotimizda voqea bo'lgan she'rlar yaratildi.

Bu jihatdan ko'p tarxli "Avlodlarga maktub", "Sarob" she'rlari e'tiborlidir. "Avlodlarga maktub" she'rining yozilishiga 1966 yilgi Toshkent zilzilasi turtki bo'lgan. Shoir vaqtlar o'tib ma'shum zilzila haqida yozilgan gazetalarga ko'zi tushgan avlodlarni tasavvur qiladi. Ular qarashsa-ki, sahifalarda azob-uqubat, vahima jabrini tortgan odamlarning emas, balki xushnud odamlarning suratlari iljayib turibdi. Bu ne hol? Yer osti qattiq silkinib, uy-joylar buzilsa-yu odamlarning chehrasida shodmonlik? Shoir bu holning siridan avlodlarni voqif qiladi:

Do'stlarim, hayratda qolmangiz faqat,
Sirlilik bizlarning uslubga mosdir.

Tinchi yo'qolgan odamlarni jilmayishga majbur etgan kuch - bu "Sovetlar" uslubi edi. Shoir tag ma'noli misralar, so'zlar vositasida yolg'on jamiyatning, erkinlikka yot tuzumning mohiyatini ochib beradi. Bu tuzum hatto "insonning azaliy kasbi bo'lgan, dunyoday qadim" do'stlikni ham sal bo'lmasa biz kashf etdik, faqat bizga xos deb bong uradi:



Sizga falokatdan berganda xabar
Do'stlik borasida yozurlar albat.
Yozurlar: "...biz bo'ldik tengsiz birodar,
Bu xislat bizlarga xos erur faqat.

"Sarob" she'rida oltmishinchi yillar o'rtasida sobiq ittifoqda hukm surgan muhit, soxta g'oyalardan tiklangan jamiyatning, razolat va yovuzlikning mohiyati, muallimning "oldinda kutayotgan baxtli hayot" to'g'risidagi sabog'i bilan real hayot o'rtasidagi nomutanosiblikning lirik qahramon qalbida qoldirgan jarohatlari o'tli, shiddatli, da'vatkor misralarda ochib berildi:



Men umrimning bu suronli kechalarida
Na bir taskin topa oldim, na she'r topoldim.
Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg'ular
Endi sendan ketgaymiz deb so'raydi javob.
Meni bir zum hol-jonimga qo'ymaydi ular,
Qo'ymaydilar va'dalaring chiqdi deb sarob.

Biroq lirik qahramon bir vaqtlar o'zi sajda qilgan hazrati inson endilikda uning ko'ziga telba misoli ko'rinsa ham, olamda razolat, qabohat urug'lari urchib ketgan bo'lsa ham, dunyoning pokligi haqidagi "go'dak ishonchi qorga yozilgan" xatdek erib ketgan bo'lsa ham zamindan, o'zi yashayotgan muhitdan uzilib keta olmaydi, chunki u shu muhitning mevasi:



Ne tong, axir farzandmiz-ku shu zamonaga,
Axir ona siynasidan farzand tonolmas.
Qo'l ko'tarib bo'larmidi axir onaga,
Zotan, unga qo'l ko'targan - farzand sanalmas.

Shoir yetmishinchi yillarda ham hayot qatlamlariga chuqur kirib borib, inson qalbi kechinmalarining nozik tebranishlarini chizishda davom etdi. "Ona sayyora", "Genetika", "Bir tanishim haqida ballada", "Qo'riqxona", "Malomat toshlari", "Uchinchi odam" kabi she'larida butun bir romanga, qissaga arzirli muammolarni o'rtaga tashladi va ularni lirik qahramonning asab tolalaridek tarang tortilan kechinmalari orqali ifodalashga muvaffaq bo'ldiShoirning keyingi davr ijodida ham ma'naviyatni yuksaltirishga, ruhiyatni poklashga xizmat qiluvchi sarbon tuyg'ular yanada tiniqlashdi, falsafiy ruhi kuchaydi, ko'lami kengaydi.

Har qanday ziddiyatli davrlarda bo'lganidek, qarama-qarshiliklar kuchaygan, muxoliflik so'nggi nuqtasiga yetgan, qadriyatlar qayta baholana boshlangan, yo'l tanlash muammosi ko'ndalang qo'yilgan saksoninchi yillar oxirida yozilgan "Uzlat", "Ishonch ko'priklari", "Savollar", "Taraqqiyot", "Begonalik" "E'tiqod" kabi she'rlarda ko'pchilikni qiynagan savollar o'tkir qilib qo'yildi, o'zini haqiqatman deb da'vo qiluvchi soxtakorliklar fosh etildi.

Davr ijodkorga mavzular, tuyg'ular berishi mumkin. Lekin hamma gap bu niyatni qay taxlitda ifodalay bilishda, ro'yobga chiqarishda. Abdulla Oripovning san'atkor ijodkor sifatidagi mahorati shundaki, lirik bir she'r doirasida umum ahamiyatli muammoni o'q markazga olib chiqib, o'z poetik niyatini real borliqning in'ikosi bo'lgan fikrlar va his-tuyg'ular orqali jamiyat va alohida olingan bir shaxs olamining haqqoniy manzarasi va siyratini, sharhi va tahlilinini satrlarga singdira oladi. Shu o'rinda so'z o'z-o'zidan she'riyatda, shu jumladan Ablulla Oripov she'rlarida lirik qahramon masalasiga borib taqaladi.

She'riyatda lirik qahramon doimo asar markazida bo'ladi. She'riyat ixlosmandlari muallifning lirik "meni" orqali shoirning poetik olamidan voqif bo'lish, uning kechinmalari girdobiga kirish va tuyg'ularini his qilish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Lirik qahramon deyilganda kimni - shoirning o'zinimi yoki biror boshqa shaxsni nazarda tutamizmi degan savol tug'ilishi tabiiy.

Abdulla Oripovning lirik qahramoni aksariyat hollarda shoirning o'zi, uning "meni" sifatida namoyon bo'ladi. Biroq bundan shoir bilan lirik qahramon bir shaxs, ular o'rtasiga tenglik alomati qo'yiladi degan xulosa kelib chiqmasligi lozim. Shoirning lirik qahramoni . o'z davrining ilg'or g'oyalarini ilgari suruvchi ma'naviy boy, estetik faol, yuksak vatanparvar, kurashchan, do'stlik va sevgida sadoqatli tipiklashgan obrazdir. She'riyatning tabiati, o'ziga xos qonun-qoidalari, xususiyatidan kelib chiqqan holda lirik qahramon faqat shoir shaxsi bilan chegaralanib qolmaydi.

Bu jihatdan Ye.Yevtushenkoning fikrlari e'tiborlidir: "Shoirning tarjimai holi - bu uning she'rlaridir... Shoir boshqalar to'g'risida shafqatsizlik bilan haqiqatni yozish huquqiga ega bo'lish uchun o'zi haqida ham shafqatsiz haqiqatni yozishi kerak. Shoir shaxsini real shaxsga va poetik shaxsga ajratish so'zsiz ijodiy o'z joniga qasd qilishga olib keladi...She'riyatda o'zi haqida sukut saqlash shak-shubhasiz boshqa barcha odamlar haqida sukut saqlashga, ularning iztiroblari, g'am-qayg'ulari haqida miq etmaslikka olib keladi". (Ye.Yevtushenko. Politika - privilegiya vsex. Izdatelstvo Agentstvo Pechati Novosti, Moskva, 1990, 589-bet). Abdulla Oripovning lirik qahramoni aynan mana shunday o'zi haqida ham, o'zgalar haqida ham ayovsiz shafqatsiz haqiqatni arzi hol etuvchi lirik qahramondir.

Lirik qahramon tushunchasini aniqlashda har bir shoirga xos bo'lgan ijodiy individuallikdan, hayotni tasvirlashning faqat har bir shoirga xos bo'lgan tamoyillaridan kelib chiqqan ma'qul. Abdulla Oripov she'rda ko'pincha "men" nomidan gapiradi. Biroq shoirning shunday she'rlari ham borki ularda shoir "meni" doirasi torlik qilib qoladi, shoir ma'lum bir guruhning, xalqning nomidan so'zlaydi, faqat o'z iztiroblarini she'rga solib qolmaydi. Biroq masalaning yana bir jihati shundaki, shoir bevosita o'z boshidan o'tmagan "betaraf" kechinmalarni ham uni aynan o'z kechinmalari sifatida berishga intiladi va bunga ko'p holda muvaffaq bo'ladi. Demak, shoirning lirik "meni", birinchi navbatda, shoirning o'zi, ayni zamonda umumlashma obraz hamdir.

Abdulla Oripov o'zbek she'riyatiga o'z ohanglari, o'z ifoda usuli, borliqqa - tabiat va jamiyatga, odamlarning ruhiy olamiga o'z qarashlariga ega bo'lgan lirik qahramoni bilan kirib keldi. Shoir she'rlarida lirik qahramon ko'p qirrali va shu bilan birga uyg'un obraz sifatida namoyon bo'ladi. Uning lirik qahramoni evolyutsiyasini she'rda o'rtaga qo'yilgan muammolar, ularning mazmunini ochib berish, shoir she'riyatidagi asosiy motivlar va kayfiyatlarni, she'r manbalarini aniqlash orqali tushunish mumkin.

Lirik qahramon bilan lirik xarakter bir-biridan tamomila boshqa-boshqa tushunchalardir. "Temir odam" she'rini yaratishda shoir inson kashf etgan "temir odam" - robot detalidan mohirona foydalanib, hissiz, tuyg'usiz, manqurt kimsalar haqida so'z yuritadi. She'rdagi:



Temir odam yasab yurguncha, ko'proq
"Jonli temir"larni o'ylangiz, ustoz,-

degan xitob lirik qahramonning da'vatidir. Nafratni, ishqni, mehrni bilmaydigan kimsa esa - shoir yaratgan, tip darajasiga ko'tarilgan lirik xarakterdir.

Abdulla Oripov she'riyatida rang-barang turfa olam lirik xarakterlar yaratish orqali poetiklashtiriladi. Shu ma'noda lirik xarakter shoirning hayotni o'ziga xos idrok etishini, hayot hodisalarining yangicha talqinini, o'z yoqtirishi va yoqtirmasligini, ijodkor sifatida o'z qiyofasini, qalb rozini izhor etish vositasi hisoblanadi. She'riy asarning tabiatidan kelib chiquvchi lirik xarakter ijodkorning borliqni sub'ektiv tushunishi, aks ettirishi bilan chambarchas bog'liqdir.

Shoir she'rlarida tuyg'u va fikr qorishiq holda namoyon bo'ladi. Lirik xarakter fikr va hisning dialektik birligiga asoslanadi. Lirik xarakter - obraz ijodkorning voqelikka munosabati, nimadandir qoniqishi yoki qoniqmasligi, qandaydir voqea-hodisaga o'z xayrixohligi yoki noroziligini bildirishi, ruhiyatiga ta'sir qilgan kechinmalarni ifodalashi orqali

Uslub masalasi ijtimoiy voqealikka she'riy munosabat bildirishning o'ziga xosligi, dunyoqarash, mavzu tanlash, obraz yaratish, mahorat masalalari bilan bevosita bog'lanib ketadi.

Abdulla Oripovning she'riy uslubida falsafiy-lirik yo'nalish ustunlik qiladi. Olam badiiy-falsafiy idrok etiladi. Biroq falsafiy unsurlar aralashishi she'rni falsafiy tizimning she'riy bayonidan iborat qilib qo'ymaydi. Falsafiy ruh ustunlik qilgan, vaqt va zamon, inson va tabiat munosabatlari zamiriga qurilgan, chatnab turgan tafakkur yog'dularidan bino bo'lgan bu she'r imoratida eng avvalo lirik sub'ektning ichki tuyg'ulari izhori, uni to'lqinlantirgan, hayajonlar girdobiga otgan his-tuyg'ularning ziddiyatli kechinmalari oldingi o'rinda turadi. Shoirni cheksiz uylarga toldirgan azaliy va abadiy muammolar badiiy obraz libosiga burkanadi va badiiy=falsafiy umumlashma darajasiga ko'tariladi. Shoir lirik sub'ektning o'y va kechinmalarini inson ongi va dunyoqarashining eng umumiy qirralari bilan mutanosib olib qaraydi va tasvirlaydi. Mangu muammolar haqida so'z borganda ham hamisha zamon, davr, vaqt shoirning ko'z o'ngida turadi, insoniyatni ming yillardan beri o'ylantirib kelayotgan muammolar, masalalar, dolzarb zamonaviy hodisalar, muammolar bilan uyg'unlashib ketadi. Shoirning umuminsoniy manfaatlar va qadriyatlar mavzusidagi yuksak maqomli tafakkur she'riyatida inson va borliq masalalari aniq maqsad bilan o'rtaga qo'yiladi va talqin qilinadi.

Aniq bir obrazdan falsafiy mushohada tomon borish, odatiy bir holning ichki ma'nosini ko'ra bilish Abdulla Oripovning she'riy uslubi uchun xosdir. Maromiga yetgan poetik uslub yetuk ijodkorlargagina xos bo'lib, ular ijodining avval-boshidanoq shakllanadi, bu o'ziga xos she'riy uslub keyinchalik faqat takomillashib, muammallashib boradi, xolos.

Shoirning eng sara she'rlarida oddiy gapdek tuyulgan har bir so'z, hatto tinish belgisi she'r oldiga qo'yilgan ijodiy niyatni ro'yobga chiqarishga xizmat qiladi. Uning ko'pchilik she'rlari monolog shaklida, lirik qahramonning ehtirosli, ziddiyatli o'y-fikrlari asosiga quriladi. Xuddi shunday uslub tovlanishlarini "Uyqu", "Qo'riqxona", "Malomat toshlari", "Uchinchi odam" kabi she'rlarda ko'rish mumkin. Shoir "Uyqu" she'rini o'n, o'n besh yillab muttasil davom etadigan letargiya uyqusi detalidan foydalanib yozgan. Lirik qahramon ko'ngli o'rtangan paytlar uzoq yillar uxlash xohishini bayon qiladi. Nima uchun? Buning sababi ehtirosli misralarda ayon bo'la boradi:



Mayliga, olis yil uxlayin, lekin
Eng qutlug' saharda ko'z ochsam qayta.
Balki yer yuzida qolmas edi g'am,
Bundan ham yorug'roq bo'lardi dunyo.

Shu tariqa satrma-satr "notinch asr"ning jarohatlari, dardlari, ziddiyatlari qog'ozga to'kila boshlaydi. Lirik qahramonning yakkayu yolg'iz niyati shu asrning, davrning farzandi sifatida uni sof, bokira holda ko'rish. Shoir o'z poetik maqsadini ro'yobga chiqarish uchun xilma-xil badiiy vositalardan, chunonchi qarshilantirish, zidlash, keskin kolliziyalar yaratish yo'lidan boradi. Mana bu satrlarga e'tibor beraylik:



Asrim, samolarda yoqolding chiroq,
Yulduz qilib otding fazoga o'zni.
Qo'zg'ata olmading o'rnidan biroq
Askar yelkasida turgan yulduzni.

Shu birgina to'rt satrda yigirmanchi asrga xos ziddiyatlar lo'nda, obrazli ifodalab berilgan. Insoniyat fan-texnika taraqqiyoti sohasida mislsiz yutuqlarga erishib, hatto tubsiz osmon qa'riga sayohat qilishga, kosmik kemalarni uchirishga, ne-ne ixtirolar, kashfiyotlar qilishga, daryolarning o'zanini sahrolarga burishga muvaffaq bo'ldi. Biroq insonlar bir-birlarini tushunib yetishga, do'stlikda, birodarlikda yashashga o'rgana olmadilar, hayotda razil kimsalar bo'lmasligining uddasidan chiqa olmadilar. Insoniyatning eng zo'r aql egalarining fikri-zikri ommaviy qirg'in qurollari yaratishga qaratildi, dunyoning qudratli davlatlarida lak-lak qo'shin dushman hamlasini bartaraf etishga shay holda tutib turildi. Mana shunday komillikka da'vat etuvchi, ma'naviyatni ulug'lashga yo'naltirilgan, davrning o'tkir muammolarini ko'tarib chiqqan she'rlar shoir butun ijodining markaziy mavzularidan birini tashkil etadi.

"Malomat toshlari" ana shunday she'rlardan biridir. Bu ko'p tarxli intellektual she'rning falsafiy qirralarini, ma'no-mazmunini, g'oyasini daf'atan ilg'ab olish oson emas. Shoir davr va odamlar haqidagi o'ylarini ifodalashda birmuncha murakkabroq yo'ldan boradi. Hayotda har xil toshlar bo'ladi. Ularning ba'zilari toshdek yuragingga qadaladi, dilingni vayron qiladi. Ular hasad, g'araz, tuhmat toshlari bo'lishi mumkin deydi shoir. Lekin dunyoda shunday toshlar ham borki u har kimning dilida bo'ladi. Bular otilmagan toshlar. Lekin uning qalbda qoldirgan jarohati otilgan toshdan ming chandon og'irroq bo'ladi. Bu qanday tosh bo'ldi ekan:

U balki aliksiz qolgan bir salom,
U balki avjida bo'lingan kalom,
U balki do'stingga ochib dil-yurak,
To'yida aytilmay qolgan bir tilak...
Insonning to fazlu falokati bor,
Uning bir-biriga malomati bor.
Tashrifdan ko'z tikkan bemorlardan to
Shohlar diligacha malomatdir jo.

Bu "nechog' shafqatsiz tosh" qadim dunyo yaralibdik, odamzodga ilashib olgan, unday ayrilmaydi:



Hanuz sarhadlardan g'amgin sas kelur,
Malomat toshlari basma-bas kelur.
Odamni mahv etar farzandi odam,
Odam erur ammo tomoshabin ham.

Bu g'aflat bosgan inson qo'ynidagi boshqa insonga qaratilgan mehrsizlik, diyonat toshimikan, davronning (axir u ham aslida odamlar izmi bilan yuradi-ku) insonlar boshiga solgan adadsiz kulfatlarimikin? Nima bo'lganda ham bu tosh bor ekan inson mukarram bo'la olmaydi.

Abdulla Oripov she'riyati uchun o'tkir satirik ruh, inson kamoloti va ma'naviyatga qarshi bo'lgan barcha salbiy ko'rinishlarga ayovsiz munosabat xosdir.

Safar Barnoevning xotirlashicha, yosh shoirning ilk ijod namunalari haqida Abdulla Qahhordan fikr so'rashganda, ustoz yozuvchi bunday degan ekan: "She'riyatda kutilmagan yangi nafas paydo bo'ldi. Tomchini kuzatgan bo'lsangiz, to'lishgandan keyin tomadi. Abdullajonning she'rlari ham ana shunday. Oldin so'zma-so'z, satrma-satr yuragi qonida qaynab pishadi". Ushbu mulohazalarda Abdulla Oripovning ijodiy uslubiga xos muhim belgilar, uning she'r yaratish san'ati "siri" ochib berilgandek. Shoir ko'pincha o'zini bezovta qilgan, oramini o'g'irlagan mavzu ustida kunlab, oylab mulohaza yuritadi, fikrlar obdan pishgach qo'liga qalam tutadi.

Albatta, shoir she'riyatining dovrug'i, tarovati mavzu doirasining kengligi, ko'lami bilangina belgilanib qolmaydi. Ushbu mukammallik she'riy san'atning yuksakligi, o'ziga xos uslub tovlanishlari bilan ohanrabodek o'ziga tortadi.

Shoir badiiy tasvirni kuchaytirish, fikrni yaqqol ifodalash uchun o'z poetik niyatidan kelib chiqib zarur o'rinlarda she'rni murojaat, muloqot shaklida quradi, o'xshatish, sifatlash, qarshilantirish kabi badiiy vositalardan mohirlik bilan foydalanadi:



Kimlardir umrida bir sham yoqmasdan
Mash'al bo'lmoqlikni qilgaylar da'vo..,

yoki bo'lmasam:



Taqdir qo'lida yoydek,
Egilib borar qaddim.

She'rlarning kompozitsion qurilishida ham shoir ijodiga xos shakl umumiyligini kuzatish mumkin. Ko'pchilik kichik she'rlar hikmatli so'zlar bilan boshlanadi: "Toki tirik ekan dunyoda odam, unga hamroh erur goh shodlik, goh g'am" ("Bayram"). Bunday she'rlarni xotimalashda ham o'ziga xoslik bo'rtib turadi "Bejiz aytmaganlar, asl hukmdor, Xudoning yerdagi soyasi bo'lur" ("Sharq hikmatlari""). "Janglarda qay o'zbek bergan bo'lsa jon, uning qatorida men ham o'lganman" ("Mujohid").

Bunday qaraganda shoir satrlarga tizgan so'zlar har kun ishlatib yuriladigan jaydari so'zlardan iboratdek tuyuladi. Bu aslida ham shundaydir. Biroq shoir har bir so'zga, tovushga obraz yaratish uchun rang tanlagan musavvir ko'zi bilan qaraydi, ichki musiqiylikka, intonatsiyaga katta e'tibor beradi.

Basharti shoir she'riyatini mavjlanib oqayotgan ulkan daryoga, uning asosiy yo'nalishlarini bu so'z ummoniga quyilayotgan irmoqlarga qiyoslaydigan bo'lsak, bu irmoqlardan birining nomi O'zbekiston, Vatan, milliy uyg'onishga da'vat, istiqlol o'ylari, ikkinchisining nomi hayot, inson haqidagi obrazli falsafiy mulohazalar va nihoyat uchinchisining nomi sevgi haqidagi otashin so'zdir. Shunisi e'tiborliki, bu uch yo'nalish shoirning ilk ijodidayoq baravar namoyon bo'la boshladi. Shu o'rinda 1962 yilda bitilgan "Kuz xayollari", 1963 yilda yozilgan "Sen bahorni sog'inmadingmi", 1964 yilda e'lon qilingan "Men nechun sevaman O'zbekistonni?" she'rlarini eslash mumkin.

Shoirning butun she'riyati singari muhabbat lirikasi ham o'ziga xosligi, teranligi, tuyg'ularning tabiiyligi, hayotiyligi, real voqelikka monandligi bilan ajralib turadi. Sevgi haqidagi hazin, mungli ohanglar har qanday oh-vohlar, o'ldim-kuydimlardan tamomila yiroq. Javobsiz muhabbat iztirobi, alami, chuqur insoniy kechinmalar, chinakam sevgi orzumandi bo'lgan katta qalb egasining dardu dunyosi, hasratlari, yonish-o'rtanishlari, iztiroblari shoir muhabbat lirikasining mazmunini tashkil etadi.

Ilk ijod namunalaridan bo'lmish "Sen bahorni sog'inmadingmi" she'rida hali muhabbat g'avg'olariga, qizlarning "qo'lidagi qonli xanjarlarga", "o'zini ming bitta bozordan olib, ming bitta bozorga solgan, tirnoqlar bezagi sahardan shomgacha" ermagi bo'lgan tannozlarning makru hiylalariga ro'baro' bo'lmagan, sevgida xiyonat qilishning azobini tortmagan, ishq kasridan "holi zabun", "tolei tola-tola" bo'lmagan, pok sevgi sog'inchi, intizorligi bilan to'liq toza qalbning bahor nasimidek hayotbaxsh, tog' buloqlaridek musaffo tuyg'ulari insho etiladi.

"Eslash", "Derazangni qoplar oqshom zulmati...", "Chuvaladi o'ylarim sensiz", "Xayr endi...", "Yo'lim boshlar...", "Yondimu va lekin hijron tunida...", "Yomg'irli kun edi...", "Ko'ygil, u kunlarni eslatma menga", "Sevgi o'limi" kabi o'nlab she'rlarni ko'ngilxushlikdan butunlay begona chinakam ishqning dardchil talqini, oshiq qalb o'rtanishlarining ko'tarinki, yuksak pardalarda ifodalangan ohi, nidosi deyish mumkin.

"Yo'lim boshlar, ketarman bir kun..." deb boshlanadigan she'rda muhabbat iztirobi, qiynoqli sevgi "yorilmagan yaraday sevgi" degan o'xshatish vositasida ta'riflanadi. Kechagina bir tan, bir vujud bo'lgan ikki insonning hayot yo'llari qarama-qarshi qutblar tomon ajralib ketmoqda. Ular endi bexosdan uchrashib qolsalar ham o'zlarini mutlaqo begona odamlardek tutishga mahkum. Yorilmagan yara qanchalik azob bergani singari, bir qarorga kelinmagan sevgi ham shuncha azobli, qiynoqli. Biroq bir tomon bir qarorga kelganda ham ikkinchi qalbda qolgan jarohat izi, iztirobi yorilmagan yaradan ham battar og'riqli. O'tmishga aylanayotgan mas'ud damlarni unutish esa mushkul. She'rda ana shu insoniy dard, fojeiy lirik xususiyat tabiiy yoritiladi:



Ko'chalarda yor emas endi
To'qnashamiz begona bo'lib.
Nahot bizdan qolmas hatto mung
Nahot bo'lmas biror xotirot?
Ishonmayman, muhabbatdan so'ng
Begonalik boshlansa nahot?!

Shoirning muhabbat mavzusidagi bir qancha she'rlarida azaliy tuyg'uning mana shunday ziddiyatli, murakkab jihatlari poetiklashtiriladi.

"Otello", "Go'zallik", "Men seni kuylamoq istayman" kabi bir qancha she'rlarda shoirning muhabbat haqidagi ideallari mujassam topgan. Lirik qahramon butun qalb bag'ishlangan, bor vujud fido qilingan muhabbatnigina tan oladi. Shu bilan birga "chiroy olamining tengsiz sayqali" bo'lgan go'zallik, malak siymolar daf'atan yurakdan g'am-alamni ketkazib, samoviy hislarga cho'mdirsa ham estetik kategoriya sifatida go'zallikning ichki mohiyati, pari ruxsorning ma'naviy olami birlamchi o'rinda turadi.

Shoir nazdidagi sevgi talqini, vafo va sadoqat tushunchalari ma'naviy qadriyatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz chashmasidan suv ichadi. "Ayol" she'ridagi "o'n to'qqiz yoshida beva qolgan kelinchak"ning jangchi yoriga sadoqati kimlargadir erish tuyulishi, g'arbcha yashash tarziga unchalik ham mos kelavermasligi mumkin. Biroq sharqona mezonlardan kelib chiqib vafo, sadoqat timsoli, yorning xotirasi oldida o'z huzur-halovatidan kechishning yuksak namunasi sifatida talqin qilinadi. Xuddi shunday talqin "Jo'nar bo'ldim men bundan diltang" deb boshlanadigan she'rning ham ruhiga singdirib yuborilgan. Ma'shuqa hayotda o'zi tanlagan yigitni yurakdan sevadi. Uning uchun har narsaga tayyor. Hatto osmondagi yulduzga aylansa ham yorining yoniga tushishning ilojini topishga o'zida kuch topa olishiga ishonadi. Biroq birgina monelik ("Otam oq yo'l bersaydi bizga") uning o'z orzusiga yetishishi yo'lida o'tib bo'lmas to'siqqa aylangan. Xalqimizda "ota rozi - xudo rozi" degan naql bor. Sharqona odob-axloq qanchalik og'ir bo'lmasin ota rizoligini olmasdan qaltis qadam tashlashdan, o'zini yulduzdek yorning bag'riga otishdan tiyadi.

Shoirning "Muhabbat" she'ri bunday boshlanadi:

Hayot mendan ayamadi ne'matlarini,
Ne istasam berdi doim, hech bir tonmayman.
Faqatgina bir g'am o'rtar yuraklarimni,
Men muhabbat taqdirimdan maqtanolmayman.

Lirik qahramon o'zining inkor etilgan, javobsiz qolgan sevgisi tarixini hech nimani yashirmasdan to'kib soladi. U yonib, otashin ehtiros bilan sevganu, biroq ko'ngil shishasi "yo'q", degan birgina so'zdan chil-chil singan. Mana shundan uning dunyosi qorong'u. Vujudini g'am, anduh o'rab olgan, kayfiyati tushkun. Biroq:



O'tar ekan hamma narsa, yo'q ekan turg'un,
Hatto sevgi nelargadir bo'larkan taslim.
Bugun hayot nimaligi, sevgi yo'rig'i -
Bari ma'lum, hammasiga yetadi aqlim.

She'rda Odam Ato va Momo Havodan meros mo''jizaviy tuyg'uning odam ba'zan hatto o'z-o'ziga ochiq iqror bo'lishga botinavermaydigan pinhoniy jihatlari qalamga olinadi.

Abdulla Oripovning muhabbat lirikasida sevgining fojeiy holatlari yorqin ochib berilgan. Buning misoli o'sha "Muhabbat" yoki bo'lmasam "Birinchi muhabbatim" she'rlari. Shoir bu fojeiy sevgi talqini orqali muhabbatning eng ehtirosli, teran va xarakterli qirralarini ochib berishga muvaffaq bo'lgan. Bir jihatdan olganda, sevgi yo'lidagi to'siqlar qanchalar qattiq, og'ir bo'lsa, uning ichki quvvati shunchalar ko'p namoyon bo'la boradi. Oson erishilgan va baxtli-saodatli sevgi o'z keskinligiga ko'ra fojiali sevgi bilan tenglasha olmaydi. "Muhabbat" she'rida muhabbatning ana shu qirrasi mohirona ochib berilgan. Lirik qahramon butun dardu hasratlarini ochiq-oshkora izhor qiladi, sevgisining samimiyligiga, tuyg'ularining tabiiyligiga inontiradi.

She'rda shoirning zamonaviy voqelik materiali asosida sevgi mavzusiga o'ziga xos yondashishi, o'z tafakkuri yog'dusi bilan qarashi mujassam topgan. Lirik qahramon muhabbatni hayotning buyuk ne'mati, tabiat in'omi deb biladi, "goho pinhon, goho asov daryoday toshib", chin yurakdan, samimiy sevganligini oshkora izhor qiladi. She'rda dunyoday qadimiy bu tuyg'uga bandi bo'lgan qalbning o'rtanishlari, ziddiyatli o'y-fikrlari, ichki qarama-qarshiliklari ehtirosli ifodalangan. Ohista, bir maromda boshlangan ohang misrama-misra taranglashib, keskinlashib boradi. Bora-bora yurak hayqirig'iga, o'tli nidoga aylanadi. Lirik qahramon goho "sevgi yo'rig'i"ni anglab yetgandek bo'ladi. Ya'ni muhabbat - bu har bir yoshning qalbiga mehmon bo'ladigan o'tkinchi bir havas, lov etib yonadi-yu, tashvishli hayotning boshqa sinovlari oldida taslim bo'ladi, degan o'ylarga botib, o'zini yupantirmoqchi bo'ladi.

She'rda "baxtli muhabbat"ga muyassar bo'lmagan qalbning dardu hasratlari, umid-ishonchi, iltijosi, hech qanday kuch, pandu nasihat, zo'rlash bilan voz kechtirib bo'lmaydigan ilohiy tuyg'uning sehru-jozibasi chuqur, murakkab kechinmalar tarzida beriladi. Birovni majburan jinoyatga undash, biror o'ziga yoqmagan yumushni bajarishga ko'ndirish mumkin, biroq hech qachon zo'rlab sevdirish mumkin emas, majburan ayriliqqa giriftor qilingan sevgi ham baribir bir umr qalbda qoladi. Uni hech qanday kuch yurak javharidan ayira olmaydi. Mana shu holat she'rda o'zining jozibali ifodasini topgan.

Abdulla Oripovning muhabbat lirikasiga sevgi dramasini, qalb kechinmasining o'zini bera bilish, sevguvchi yurak hujayralarining tebranishlarini, titrog'ini ifodalay bilish xosdir. Bu jihatdan "Birinchi muhabbatim" she'rini yurakda armon bo'lib qolgan muhabbat haqidagi mungli, hazin kuyga qiyoslash mumkin. Har bir misra, har bir satr, har bir o'xshatish armonli muhabbatning lirik qahramon qalbida, o'yuu fikrida qoldirgan asoratini chuqurroq ochib berishga qaratilgan. Lirik qahramonning nazarida cheksiz falakda kezib yurgan oy ham porlamaydi, bo'zarib botadi, Zuhra yulduzi ham miltirab zo'rg'a nur taratadi. Uning ma'yus, g'amgin ruhi butun borliqni shu tarzda idrok qiladi. "Muhabbat" she'ridagi singari bu she'rda ham lirik qahramon o'z o'tmish hayotini bo'yab-bejab, "sayqallashtirib" o'tirmaydi, borini to'kib soladi. Charxi kajraftorning gardi bilan yurakka, imonga zid yo'l tutganligini yashirib o'tirmaydi:



O'tdi yoshlik zavq bilan, gohi to'polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan.
Ayri ham tushdim ba'zan qalb bilan, imon bilan,
Lekin seni yo'qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g'aflatda qotdim, birinchi muhabbatim.

She'rda muhabbat tuyg'usi minglab ko'z ilg'amas iplar bilan muhit, jamiyat bilan chambarchas chatishib ketganligi, tiriklik, borliq dunyo gohida anglash g'oyatda mushkul sir-sinoatlarga to'laligi, quvonch va g'am inson hayotida hamisha egizak yurishi teran ma'noli falsafiy quyma satrlarda san'atkorona muhrlanadi.

Shoirning dostonlari ham adabiyotimizda voqea bo'lgan asarlar sirasiga kiradi. Bu jihatdan ayniqsa "Jannatga yo'l" dramatik dostoni hamda "Hakim va ajal" dostonlari xarakterlidir. "Jannatga yo'l" (1978 y.) turg'unlik davri eng avj olgan pallalarda juda katta qiyinchiliklar bilan dunyo yuzini ko'rdi. Asar bosilib chiqqandan keyin ham unga otilgan malomat toshlari to'xtamadi. Shoir "sovet voqeligini" buzib tasvirlashda ayblandi. Markazqo'mning, shaxsan uning birinchi kotibining topshirig'iga muvofiq tuzilgan nufuzli komissiyaning ijobiy xulosasigina asarga qarshi qaratilgan hujumlar payini bir darajada qirqandek bo'ldi. Aslida, bugungi kun nuqtai nazaridan qaraydigan bo'lsak, diniy mifologik, xayoliy-fantastik shakllardan foydalanib bitilgan ushbu dostonda chindan ham "sovet voqeligi buzib ko'rsatilganligi" ayon bo'ladi. Bu "buzib ko'rsatish" eng adolatli, eng batartib tuzum deb ayyuhannos solingan jamiyatning butun norasoliklari, insoniyatning eng ilg'or, eng taraqqiy topgan qismi deb jar solingan sovet xalqi yashagan muhitning illatlari ro'yi-rost ochib tashlanishida namoyon bo'ladi. Voqealar toshqin payti daryoga cho'kkan qizaloqni qutqarmoqchi bo'lib o'zi halok bo'lgan Yigit narigi dunyoda Tarozibonga ro'para bo'lishidan boshlanadi. Hisob-kitobdan keyin Yigitning jannatga kirishi uchun ikki paysa savob yetishmasligi ayon bo'ladi. Tarozibon buning sababini Yigitga quyidagicha izohlaydi:

Sen shoirsan, senga Olloh yorug' nur berdi,
Otash berdi, zabon berdi, ham ulug' yurak.
Timsolingda bechoralar o'z dardin ko'rdi,
Baxtin ko'rdi, shodliklarni ko'rganlar beshak...
Ilohiy dil bergan edi senga xudoyim,
Quloq sol deb sho'rliklarning ohi-vohiga.
Sen-chi, samo shu'lasini kuylading doim,
She'rlar bitding yulduzlarga, gulga, ohuga.

Yigitning arosatga noil bo'lishiga uning "bu dunyoda" shoir bo'lganligi, faqat gullar va bulbullarni kuylab, yovuzlikni ko'rganda o'zini chetga tortganligi, ularga qarshi kurashmaganligi sabab bo'lgan ekan. Tarozibonning "siylovi" bilan Yigit arosat yalangliklari, jannat va do'zax ostonalarida Onasi, Otasi, Do'sti va boshqalar bilan uchrashadi, Ig'vogar va Hasadgo'yga duch keladi, keksa va yoshning janjali ustidan chiqadi va "nomukammal zaminda"gi o'z gunohlarini - o'g'ri, qazzob, poraxo'r, ig'vogar, hasadgo'y, nokas, tilyog'lama, shayton yo'ldan urgan, ruhi majruh kimsalarga qarshi kurashmay, bunday illatlarning urchishiga, odamzodning yo'ldan ozishiga ulush qo'shganligini to'laroq anglay boshlaydi. Ezgulikning yo'li to'sib qo'yilganligidan:



Yer yuzida janglar kechdi qattiq, qatag'on, Onalarning diydasidan oqdi qonli yosh.

Voqealarni yoritishning go'yo "narigi dunyo"da kechayotgandek usuli tanlanishi o'zi yashab turgan hayotning real manzalarini chizish, barcha qabohatlar ildizini ko'rsatib berish, davr va tuzum haqidagi o'zini chuqur o'ylantirigan, tashvishlantirgan fikrlarni obrazli tarzda ifodalab berish imkonini bergan. Quyidagi misralar bir zaminda, bir osmon ostida umrguzaronlik qilib, murosa yo'lini topolmayotgan, bir-birini yeb tashlash qasdida yashayotgan insoniyat qavmiga qaratilgan malomat toshidek yangraydi, uni ogohlikka, vaqt borida esini yig'ishtirib olishga, ma'naviyatni asrashga chaqiradi:



Inson zoti, sening nedan kaming bor edi?
Senga tangri bergandi-ku tafakkur, imon.
Zamin, havo, - bari senda barqaror edi,
Nechun dildan insof hissin aylading gumdon?
Axir sen it emasding-ku, belanib loyga
Bir-biringni g'ajisang to suyak talashib.
Samimiyat qayda edi, tafakkur qayda.
Lug'atingda gar bu so'zlar yotdi qalashib,
Hasad, ig'vo qaydan kirdi sho'rlik kallangga,
Qaydan seni chulg'ab oldi xudbinlik, kufr.

"Jannatga yo'l" dramatik dostoni davrning badiiy-estetik mohiyati tag zaminli ijtimoiy-g'oyaviy yo'nalishdan turib puxta tahlil etilganligi, yuksak badiiy pafosi bilan o'zbek dostonchiligida muhim yutuq bo'ldi.

Hakim va ajal" dostoni (1980 y.) Abu Ali ibn Sino tavalludining ming yilligiga bag'ishlab yozilgan. Uning mazmunini ikki og'iz gapda aytib berish mumkin. Buxoroning Afshonasidan chiqqan yosh hakamning dovrug'i amirning ham qulog'iga yetib boradi va xasta qizi shifo topishi ilinjida uni Buxoroga chorlaydi. Hakim qizning ishq dardiga mubtalo bo'lganligini aniqlaydi. Ruhi tetiklashgan Malika unga saroyda tabib bo'lib qolishni taklif etadi. Biroq yosh hakam kututbxonadan foydalanish unga kifoya qilishini iltimos qiladi. Saroydagi yosh Mirzo boylik ilinjida Malikaga uylanish niyatida edi. Biroq Hakim unga faqat sevib turmush qurishi kerakligini uqtirgandan keyin Mirzoning ta'mali maqsadi chil-chil sinadi. O'ch olish niyatida tunda kutubxonaga o't qo'yadi. Buni Hakamdan ko'rgan amir uni Buxorodan badarg'a qiladi. Karvon yo'llari olimni Hamadonga eltadi. Bu yerda o'z ilmu amali bilan vazir lavozimiga tayinlanadi. Biroq boylik va taxt yulduzidan ayrilganligini Hakamdan ko'rgan, Malikaning amri bilan Buxorodan chiqarib yuborilgan Mirzo bu yerga ham yetib keladi. Hech narsadan gumonsiramagan ochiq qalb Hakam uni kechiradi va o'ziga shogird qilib oladi. Yosumonlik bilan Hakimga sirdosh bo'lib olgan Mirzo tib ilmida buyuk inqilob yuz berayotganligidan - Hakam ajalga davo topganligidan voqif bo'ladi. Hasad uning ichini qurtdek kemiradi. Vaqti kelib Hakam ajal bilan yuzma-yuz keladi va hayot dorisini o'zida sinashga qaror qiladi - dorularni bir-bir tomizishni Mirzodan iltimos qiladi. Nogoh uning vujudida tiriklik alomatlari ko'rina boshlaydi, nafas ola boshlaydi. Biroq Mirzo oxirgi shishadgai doruni Hakimning lablariga qo'ymaydi. Shu tariqa ajalning davosi topilmay qoladi. Dostonning nasriy bayonini shunday ifodalash mumkin. Biroq uning she'riy bayoni kitobxonni ohanrabodek o'ziga tortadi. Odatda epik janrdagi she'riy asarlar doimo ham shiddatli, tarang ohangda davom etavermaydi. Bu dostonda esa shoir har bir misra ustida qattiq ter to'kadi. Xalq rivoyatlari va tarixiy voqealar asosida buyuk hakam va qomusiy alloma obrazini yaratish maqsad qilib qo'yilgan doston san'at asarlarining markazida turadigan azaliy mavzular - mangulik va o'limning mohiyati, ezgulik va hasadning azaliy kurashi muammosi badiiy yuksak, quyma satrlarda talqin etilishi bilan adabiyotimizda katta janrdagi she'riy asarlarning eng yaxshi namunalaridan biri bo'lib qoldi.

Yomonlikka qarshi o't ochish qayta qurish yillarida yozilgan "Ranjkom" dostonining ham bosh g'oyasini tashkil etadi. Yumushi ig'voyu tuhmat qilishdan iborat uch nokasning "fisqu fasod qo'mitasi" tuzib olganligini tasvirlash vositasida ularning asl aft-basharalari ochib tashlanadi.

Yurtimiz mustaqillikka erishgandan keyin, 1995 yilda bitilgan "Sohibqiron" she'riy dramasi shoir ijodida ham, adabiyotimiz rivojida ham o'ziga xos o'rinda turadi.

Bu davrga kelib nihoyat ijodkor ahli uchun ham har qanday "izm"larda holi chinakam erkin ijod davri boshlandi. Mustaqillik, istiqlol bergan ne'mat tarixda o'tgan buyuk siymolarimiz, chunonchi sohibqiron Amir Temur to'g'risidagi bor haqiqatni aytish imkoniyatini berdi.

Garchand shoir tarixiy voqealarga asoslanib, "adolat va dini islom himoyasi deb yer yuzini fath aylagan, tartib o'rnatgan" buyuk ajdodimizning realistik, haqqoniy obrazini yaratish niyatida o'tmish tariximizga murojaat qilgan bo'lsa ham asar teran zamonaviy ahamiyat kasb etgan. Shoirning "Sohibqiron" asarimni o'tmishga boqib, bugun uchun yozganman", degan so'zlarida katta ma'no bor. Buyuk jahongirning quyidagi so'zlari huquqiy, insonparvar demokratik jamiyat qurishga, O'zbekistonni dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoriga olib chiqishga ahd qilgan biz zamondoshlarga qaratilgandek:

Buyuk davlat barpo etdim,
Tangriga shukr,
Zolimlarning taarruzli qo'llarini men
Mazlumlarning etagidan yulqib tashladim.
Maslak ila tariqatni himoya aylab,
Mone' bo'ldim imonsizlik, zo'ravonlikka.
Siz millatning dardlariga darmon bo'lingiz,
Yo'qsullarni aslo boylar zulmiga bermang.
Orangizga sira-sira tushmasin nifoq,
Umr bo'yi hazar qiling munofiqlardan,
Bolalarim, xoinlardan bo'ling ehtiyot,
Inson zoti ko'p narsaga chidaydi, ammo
Gar adolat paymol bo'lsa - toqat qilolmas.
Adolat va ozodlikni muqaddas biling.
Yo'ldoshingiz bo'lsin doim aqlu tajriba,
Har kimlarning qutqusiga daf'atan uchmang...
Toju taxtni mendek uzoq saqlay desangiz,
Qilichingiz o'ylab cheking, bo'ling hamjihat.
Shunqorlarim, adolatni dastur qilingiz,
Eng avvalo, Vatan ila, Millatni asrang.

Drama Amir Temur hayotining so'nggi yillari tasviri orqali "kuch -Adolatdadir" degan aqidani o'ziga shior qilib olib tarqoq uluslarni birlashtirib buyuk davlat tuzgan, qadami yetgan yerda bunyodkorlik ishlari bilan band bo'lgan, harbiy sarkardalik bobida bebaho meros qoldirgan, elsevar, yurtning halovati, shoni, shavkati yo'lida oramidan kechgan buyuk insonning teran obrazi yaratib berilganligi bilan qimmatlidir.

So'zning tom ma'nosida xalq shoiri, zamonaviy o'zbek adabiyotining ulkan namoyandasi Abdulla Oripovning ijodiy qiyofasi faqat she'ru dostonlari bilangina cheklanib qolmaydi. Uning she'riyat mavzusiga, adabiyotimizning atoqli vakillari G'afur G'ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir ijodiga doir maqola va suhbatlari, davrning o'tkir masalalariga bag'ishlangan publitsistik ijodi ham fikrlashdagi o'ziga xoslik, topqirlik, masalaning mohiyatini tushuntirishdagi zukkoligi bilan ajralib turadi. U dunyo adabiyotining mumtoz namunasi, ulug' italyan shoiri Dante Aligerining "Ilohiy komediya"sini mahorat bilan o'zbekcha so'zlatdi, ukrain mumtoz shoirasi Lesya Ukrainkaning "Mag'oralarda" dramatik dostonini, vengr dramaturgi Yenyo Xeltanning "Soqov Ritsar" she'riy dramasini hamda Nizomiy Ganjaviy, Pushkin, T.Shevchenko, Q.Quliev va boshqa shoirlarning talay she'rlarini tarjima qildi. Uning bu sohadagi faoliyatini ko'zdan kechirish asosan o'z ruhiga yaqin asarlarni tarjima qilishga intilganligini ko'rsatadi. Shu boisdan ham ular mahorat bilan o'girilgan, asl nusxaning ifori to'kilmasdan xuddi aslan ona tilimizda yaratilgandek tuyuladi:

Daryolar guvillab chopar dengizga,
Qushlar xayolingni zavqqa o'raydi.
Zamin mo''jizalar beraru bizga,
Evaziga faqat hayrat so'raydi.

Mustaqillik, istiqlol yillarida shoir ijodi yangi pog'onaga ko'tarildi, xalq va yurt tashvishi haqidagi o'ylar yanada teranlashdi. "Shoir qalbi" (1998 yil) she'rida shoir o'zi bir umr sevib kuylagan yurtga bo'lgan teran tuyg'ularini quyidagicha izg'or etdi:



Yurtda ne muborak ishlar bo'lg'uvsi,
Undan shoir qalbi shavqqa to'lg'uvsi...
Uning har go'shasi jahondir menga,
Toshloq yo'llari ham ravondir menga...
Mavjiga nogahon kimdir tosh otgay,
Zarbi yuragimning tubiga botgay...
Gar sen daryo bo'lsang - irmog'ingdirman,
Lat yesang, og'riqli barmog'ingdirman.

Hikmat sadolari", "Haj daftari", "Jeneva daftari"ga kirgan turkum she'rlar yozdi. "Xalq", "Vatan", "Turkiston bolalari", "O'zbek qomusi", "Fidoyi" kabi she'rlarda Vatan mavzusining yangi qirralari ochib berildi, yurtning koriga yaragan ezgu fazilatli insonlar obrazi yaratildi. Bu she'rlarning mazmun-mundarijasini Vatan va xalq sha'niga madhiya aytish, mavjud reallikni shunchaki ta'kidlash tashkil etmaydi. Ularda jahon tsivilizatsiyasiga salmoqli hissa qo'shgan qadim yurtning, "jonida bir gavhar bor", qonida "iymon nuri doimo oqib turgan", "kattakon yo'lga chiqqan" xalq kechmishi va istiqboli manzaralari chiziladi, mas'uliyatli bugunga xos xususiyatlar badiiy gavdalantiriladi, inson va jamiyat, inson va tabiat mavzusidagi azaliy o'ylar davom ettiriladi. Istiqlolning qadriga yetish, Vatanni ko'z qorachig'idek asrash, o'tmish saboqlaridan qat'iy xulosa chiqarib, nihoyat "olomonlik" psixologiyasini uloqtirb tashlab haq-huquqini, jahanaro qadrini tanigan xalq bo'lishga da'vat, kelajagi buyuk O'zbekistonning saodati uning farzandlarining yakqalamligida ekanligi hissiy-obrazli yo'sinda ifodalab beriladi.



Vijdondan ayrilib qolgan fursatda
Boshlanar toj-taxtga ruju daf'atan.

Ne-ne zukko xalqlar qolib g'aflatda


To'zg'ib ketajakdir butun bir Vatan...
yoki:Chinor bo'lib ildiz oting, qoya bo'lib tiklangiz qad, Ulug'-ulug' ajdodlarning havotiri Sizdan behad... O'tinch ila hasratimni nasihat deb yuzga solmang, Xudo insof bergan kuni barmog'ingiz tishlab qolmang,-

kabi misralarda orziqib kutilgan istiqlolni mustahkamlashga, yakdillikka, ogohlikka, o'zlikni tanishga, "urfoni zo'r millat bo'lish"ga, o'tkinchi zeb-ziynatlarga mukkasidan ketishdan baland turib, "yurak javhari"ni asrashga, yuksak ma'naviyat egasi bo'lishga da'vat yangraydi, ona-yurtning kamoli uchun yurakdan kuyingan bedor qalb o'rtanishlari kechinmalar tarzida beriladi.

Chuqur falsafiylik, butun bir she'rning vaqt va zamon, inson va tabiat munosabatlari zamiriga qurilishi, har bir satrda chatnab turgan tafakkur yog'dulari singari shoirning butun ijodiga xos xususiyatlar to'qsoninchi yillarda yozilgan "Mayna", "Buyuklik", "Armon emasmi?", "Adolat", "Dunyo", "Bir qarasam..." kabi she'rlarda izchil davom ettirildi.

Eng so'nggi vaqtlarda yozilgan "O'zbekiston asri", "Oliy ne'mat", "Bedorlik", "Yo'lto'sar" kabi she'rlarda ham O'zbekistonning buyuk kelajagiga ishonch tuyg'ulari tarannum etildi, buyuk davlat qurilishi yo'lida to'g'anoq bo'lmoqchi bo'lgan daydi to'dalar, qalang'i-qasang'ilarning sho'm niyati, razil qiyofasi fosh etildi.

Yaqinginada yozilgan "Shoir yuragi" she'rida ijodkor qalbi olamda yuz berayotgan barcha hodisalar bir-bir o'tadigan ko'prikka qiyoslanadi. Bu ko'prikdan sog'lar ham, bemorlar ham, sultonlar ham, qullar ham, suyishganlar ham, bir-biriga g'animlar ham, nur bilan zulmat, o'lim va hayot bir-bir o'tadi. She'rda har bir chinakam shoir "insoniyat ko'prigi"dan galma-gal o'tayotgan odamlar dilidan kechayotgan his-tuyg'ularni muhrlashga mas'uldir degan g'oya singdirilgan. Bu mas'ullik xalqimizning sevimli shoiri tarixga "O'zbekiston asri" bo'lib kirajak yigirma birinchi asrda ham "insoniyat his-tuyg'ulari ko'prigi"da sobit turajagiga qat'iy ishonch uyg'otadi.

Savol va topshiriqlar:

1.Abdulla Oripovning o’zbek adabiyotida tutgan o’rni nimadan iborat?

2.Shoir she’riyatidagi o’ziga xoslik nimadan iborat?

3.Abdulla Oripovning dramaturgiya sohasida yaratgan asarlari to’g’risida nimalar ayta olasiz?

4.”Jannatga yo’l” dramasidagi Yigit obraziga ta’rif bering.

5.”Sohibqiron” dramasidagi obrazlarga ta’rif bering.


Yüklə 395,46 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə