1. Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]



Yüklə 45,43 Kb.
tarix21.04.2022
ölçüsü45,43 Kb.
#85847
117 18.06.2010




[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.08.00 Maktabgacha ta’lim]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]

PDF-faylidagi rasmiy manba

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

DAVLAT MAXSUS MAKTABGAChA TA’LIM MUASSASALARINING FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

 LexUZ sharhi

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 528-sonli “Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.

Davlat maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyati samaradorligini oshirish, ularda maktabgacha yoshdagi bolalar bilan olib boriladigan korreksiya ishlarini yaxshilash, ularning rahbar va pedagog xodimlarini rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida” 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislaridan shakllantirilgan idoralararo ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakillari ishtirokida jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktabgacha ta’lim muassasalari kompleks inventarizatsiyadan o‘tkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining:

maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarining sonini, ularning ixtisoslashuvi va joylashuvini qayta ko‘rib chiqqan holda, shuningdek jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar bo‘lgan bolalar kontingentidan kelib chiqib, maqbullashtirish;

umumiy tipdagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida maxsus guruhlarni tugatish, nutqi, eshitishi va ko‘rishida yengil nuqsonlar bo‘lgan bolalar bo‘lgan taqdirda ularda defektolog lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

3. Davlat maxsus maktabgacha ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda idoralararo ishchi guruhning takliflarini hisobga olib va ushbu qaror talablariga muvofiq ikki oy muddatda:

davlat maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarini maqbullashtirish, jismoniy va aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar bo‘lgan bolalar kontingenti mavjudligidan kelib chiqib, tegishli hudud sog‘liqni saqlash organlarining asoslangan statistik ma’lumotlariga qat’iy amal qilib mintaqalarda bunday muassasalarni tashkil etish yoki qayta tashkil etish;

jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar bo‘lgan bolalar kontingenti mavjud bo‘lmagan taqdirda davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarini umumiy tipdagi maktabgacha ta’lim muassasalari etib qayta ixtisoslashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.

5. Belgilab qo‘yilsinki:

bolalarni davlat maxsus maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish xalq ta’limi hududiy boshqaruv organlari huzuridagi tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosalari bo‘yicha amalga oshiriladi;

davlat maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarining rahbar, pedagog va tibbiy xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlari va tarif stavkalariga 100% miqdorida qo‘shimcha to‘lov saqlanib qoladi.

6. Xalq ta’limi vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalar to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki hafta muddatda davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining ta’lim-tarbiyaviy va davolash-sog‘lomlashtirish faoliyatiga qo‘yiladigan talablardan kelib chiqib ularning barcha turlari uchun namunaviy shtatlarni ishlab chiqsin va yangi tahrirda tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat maxsus maktabgacha ta’lim muassasalariga ularni tibbiy xodimlar bilan butlash, maslahat yordami ko‘rsatish uchun malakali mutaxassislarni jalb etish va davolash-sog‘lomlashtirish ishlarining zamonaviy usullarini joriy etishda, shuningdek ushbu muassasalarning tibbiy xodimlari malakasini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2010-yil 18-iyun,

117-son

Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 117-son qaroriga


ILOVA

Davlat maxsus maktabgacha ta’lim muassasalari to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar



1. Ushbu Nizom “Ta’lim to‘g‘risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasida maxsus maktabgacha ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda maxsus maktabgacha muassasa deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.

2. Maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda o‘z ustaviga amal qiladi.

3. Maxsus maktabgacha muassasaga jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’lim olishlarida ularga yordam berish, ularni anglash imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalash va sog‘lomlashtirish, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etiladi.

4. Maxsus maktabgacha muassasa ta’lim-tarbiya va sog‘lomlashtirish muassasasi hisoblanib, quyidagilar uning asosiy vazifalariga kiradi:

bolalarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish va mustahkamlash;

bolaning rivojlanishidagi nuqsonlarni zarur tarzda korreksiyalash;

bola shaxsi asoslarini shakllantirish, uning bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirish;

bolaning intellektual, shaxs sifatida va jismoniy rivojlanishini ta’minlash;

bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;

bolalarni maktabda o‘qishga tayyorlash.

5. Maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z ustaviga, bank hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va to‘liq nomi ko‘rsatilgan muhrga, shtamplarga, o‘z nomi yozilgan blankalarga ega bo‘ladi.

II. Maxsus maktabgacha ta’lim muassasani tashkil etish tartibi

6. Maxsus maktabgacha muassasa muassis tomonidan tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tadi.

7. Quyidagilar:

davlat boshqaruvi organlari;

mahalliy davlat hokimiyati organlari;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat tashkilotlari maxsus maktabgacha muassasa muassislari bo‘lishi mumkin.

8. Maxsus maktabgacha muassasa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar kontingentini birgalikda o‘rganib chiqish yakunlari bo‘yicha tashkil etiladi.

Davolash-sog‘lomlashtirish xizmatlariga muhtoj bo‘lgan bolalar kontingenti mavjud bo‘lgan taqdirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmalari, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan birgalikda tegishli tuman (shahar) hokimligiga maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish to‘g‘risida asoslangan taklif bilan murojaat qiladi.

Maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish to‘g‘risidagi taklif maxsus maktabgacha muassasani tashkil etish taklif etilayotgan mintaqada oxirgi 5 yilda 2 yoshdan 7 yoshgacha bolalar orasida tegishli kasalliklarning ko‘payganligini ko‘rsatadigan sog‘liqni saqlash organlarining rasmiy statistika ma’lumotlari bilan asoslanishi kerak.

9. Tegishli tuman (shahar) hokimligi tashkil etiladigan maxsus maktabgacha muassasa joylashtirilishi mo‘ljallanayotgan hududda bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarining joylashishini murojaat qilingan paytdan boshlab bir hafta muddatda o‘rganadi va maxsus ta’lim muassasasini joylashtirish uchun faoliyat ko‘rsatayotgan bolalar bog‘chalari (yaslilar)dan namunaviy binoni yoxud maxsus ta’lim muassasasini tashkil etishga qo‘yiladigan normativ talablarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan maxsus loyiha bo‘yicha yangi bino qurish uchun uchastkani tanlaydi.

Ushbu taklif tegishli asoslash bilan birgalikda bir hafta muddatda tuman (shahar) hokimligi tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligiga, tegishli viloyat va Toshkent shahar moliya boshqarmalariga kiritiladi.

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi bilan birgaligida bir oy muddatda maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish to‘g‘risidagi taklifni ko‘rib chiqadi.

11. Maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish to‘g‘risidagi qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalarining ijobiy xulosalari mavjud bo‘lgan taqdirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bir hafta muddatda qabul qilinadi.

12. Maxsus maktabgacha muassasalar ularning ixtisoslashuviga muvofiq quyidagi tiplarga bo‘linadi:

nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa;

eshitishida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa;

ko‘rishida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa;

psixik nuqsonli (psixik rivojlanishda kechikish, aqli zaif) bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa

tayanch-harakatlanish apparatida nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa;

murakkab nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktabgacha muassasa.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tiplar bo‘yicha maxsus maktabgacha muassasa tashkil etish uchun tarbiyalanuvchilar kontingenti yetarli bo‘lmagan taqdirda turli nuqsonlari bo‘lgan (rivojlanishdagi chetga chiqishlar) tarbiyalanuvchilar guruhlari shakllantirilgan holda ko‘p ixtisosli maxsus maktabgacha muassasa tashkil etishga ruxsat beriladi.

III. Maxsus maktabgacha muassasada o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish

13. Maxsus maktabgacha muassasaga maktabgacha yoshdagi 2 — 7 yoshli bolalarning quyidagi toifalari qabul qilinadi:

nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar (alaliya, bolalar afaziyasi, rinolaliya, dizartriya, duduqlanish, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish);

eshitishida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar (I — IV guruh karlik, yomon eshituvchilar, orttirilgan karlik);

ko‘rishida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar (ko‘zi ojizlar, ambliopiya va g‘ilaylik, zaif ko‘radiganlar);

tayanch-harakatlanish a’zosida nuqsonlar bo‘lgan bolalar (bosh miya, bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqa, bo‘g‘imlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holat, barcha tug‘ma raxit, jarohat, kuyish va, bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqa va oyoqlarning idiapatik buzilishi; kifozlar, lordozlar, kifoskolioz, qomatning buzilishi, ko‘krak qafasi, umurtqa va oyoqlar deformatsiyasi, yassi oyoq panjasi, oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish a’zosi rivojlanishi anomaliyasi, bo‘g‘imlar deformatsiyasi, artrozoartritlar, bo‘g‘inlar rekurvatsiyasi, jismoniy rivojlanishida orqada qolish; ostexondropatiya, xondrodistrofiya; poliomiyelit va meningoensefalitga chalingandan keyin bolalar tserebral falajida tayanch-harakatlanish a’zolarining barcha patologiyalari, gemioporezlar, plegiyalar, monoporezlar, Erb-Dyushen falaji, poliradikulonevritlar);

psixik rivojlanishda orqada qolayotgan bolalar (aqliy orqada qolish, jiddiy aqliy orqada qolish, psixik rivojlanishning kechikishi);

Nuqsonlari murakkab bo‘lgan bolalar (rivojlanishida 2 va undan ortiq nuqsonga ega bo‘lgan bolalar).

14. Maxsus maktabgacha muassasalarga bolalarni qabul qilish tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosasi asosida amalga oshiriladi.

Maxsus maktabgacha muassasada qancha bo‘lish va bolalar bilan korreksiya olib borish muddati tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosasida belgilanadi.

Ushbu Nizomning 13-bandida ko‘rsatilgan toifalarga muvofiq bo‘lmagan bolalarni maxsus maktabgacha muassasaga qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.

15. Jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi va davolash orqali sog‘lomlashtirilishi quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:

ta’lim, tarbiya va davolash (sog‘lomlashtirish)ning korreksion yo‘naltirilganligi;

ta’lim va tarbiyaning maxsus metodologiyasidan foydalanish;

o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishga tabaqalashtirilgan holda yondashish.

16. Maxsus maktabgacha muassasada ta’lim va tarbiyani tashkil etish bolalarning individual xususiyatlari hisobga olingan holda tashkil etiladi.

Maxsus maktabgacha muassasa belgilangan davlat normativlariga, maktabgacha ta’limga va davolashga qo‘yiladigan talablarga muvofiq bolalarni tarbiyalash, o‘qitish, qarash, parvarish qilish va sog‘lomlashtirishni ta’minlaydi.

Maxsus maktabgacha muassasada ta’limning mazmuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan yoki tavsiya qilingan dasturlar bilan belgilanadi. Maxsus maktabgacha muassasa o‘zining dasturlaridan (mualliflik dasturlaridan) foydalanish huquqiga ega. Bunday dasturlarni tasdiqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.

17. Maxsus maktabgacha muassasada guruhlarning to‘ldirilishi bolalarning toifasiga va ularning yoshiga (ikki yoshdan boshlab va undan katta yoshdagi bolalar) qarab va tegishli ravishda quyidagicha tarzda belgilanadi:

nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun — 10 — 12 bola;

faqat 3 yoshdan katta bo‘lgan nutqida fonetik-fonematik nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun — 12 — 15 bola;

kar bolalar uchun — 8 bola;

yaxshi eshitmaydigan bolalar uchun — 10 — 12 bola;

ko‘zi ojiz bolalar uchun — 6 bola;

yaxshi ko‘rmaydigan bolalar, ambliopiyali, g‘ilay bolalar uchun — 6 — 10 bola;

tayanch-harakatlanish a’zolarida nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun — 6 — 10 bola;

3 yoshgacha intellektida nuqsonlar bo‘lgan bolalar (aqliy qoloqlik) uchun — 6 bola;

uch yoshdan katta yoshdagi jiddiy aqliy orqada qolgan bolalar uchun — 10 bola;

sil intoksikatsiyasi mavjud bo‘lgan bolalar uchun — 15 — 20 bola;

tez-tez kasallikka chalinadigan bolalar uchun — 15 — 20 bola;

nuqsonlari murakkab bo‘lgan (ikki yoki undan ortiq nuqsonlar) bolalar uchun — 8 — 10 bola;

rivojlanishida boshqa chetga chiqishlar bo‘lgan bolalar uchun (endokrin kasalliklar) — 15 — 20 bola.

IV. Maxsus maktabgacha muassasada davolash-sog‘lomlashtirish jarayonini tashkil etish

18. Jismoniy yoki aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar bo‘lgan bolalarni sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan davolash-sog‘lomlashtirish, sanitariya-gigiyena va profilaktika tadbirlari maxsus maktabgacha muassasada shtatdagi tibbiyot xodimlari yoki sog‘liqni saqlash muassasalarining ularga biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

19. Maxsus maktabgacha muassasaning tibbiyot xodimlari tomonidan kasalliklar qaytalanishining oldini olishga va bolalar sog‘lig‘ini yaxshilashga yo‘naltirilgan davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi.

20. Davolaydigan jismoniy tarbiya bo‘yicha mashg‘ulotlar davolaydigan jismoniy tarbiya instruktori yoki tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan o‘qituvchi tomonidan o‘tkaziladi.

21. Davolash kursida belgilangan tibbiy sog‘lomlashtirish muolajalarini qabul qilish mashg‘ulotlar jadvali kelishilgan holda har bir bola uchun yakka tartibda rejalashtiriladi.

22. Maxsus maktabgacha muassasada har bir bolaga tibbiy karta tutiladi, bola maxsus maktabgacha muassasada bo‘lishi muddati tamom bo‘lgandan keyin undan ko‘chirma yashash joyidagi davolash muassasasiga, ota-onalarga yoki ota-onalar o‘rnini bosuvchi shaxslarga beriladi.

23. Maxsus maktabgacha muassasada barcha sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya tadbirlarining to‘g‘ri tashkil etilishi va olib borilishi ustidan nazorat maxsus maktabgacha muassasa joylashgan hududdagi sog‘liqni saqlash organlari tomonidan amalga oshiriladi.

24. Maxsus maktabgacha muassasalarni tibbiy xodimlar bilan butlash tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

V. Ta’lim jarayonining qatnashchilari

25. Tarbiyalanuvchilar, pedagoglar, tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar maxsus maktabgacha muassasada ta’lim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.

26. Maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari quyidagi huquqlarga ega:



maktabgacha ta’limni, tibbiy xizmat ko‘rsatishni bepul olish;

O‘zbekiston Respublikasida tasdiqlangan maxsus maktabgacha muassasa uchun sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq oziq-ovqat bilan ta’minlanish;

turli tadbirlarda qatnashish.

(26-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 646-modda)

27. Maxsus maktabgacha muassasa tarbiyalanuvchilarining boshqa huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida va maxsus maktabgacha muassasa ustavida belgilanadi.

28. Tegishli ixtisosli ma’lumotga, kasb tayyorgarligiga, yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar maxsus maktabgacha muassasada pedagogik va tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.

29. Ota-onalar yoki ota-onalarning o‘rnini bosuvchi shaxslar maxsus maktabgacha muassasaning ta’lim-tarbiyaviy faoliyati, o‘z bolalariga berilayotgan ta’lim va ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam bilan tanishish huquqiga egadir.

VI. Maxsus maktabgacha muassasani boshqarish

30. Maxsus maktabgacha muassasaga mudir bevosita rahbarlik qiladi. Maxsus maktabgacha muassasa mudirini ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda xalq ta’limi hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Maxsus maktabgacha muassasa mudiri bilan mehnat shartnomasi bir yil muddatga tuziladi.

Maxsus maktabgacha muassasa mudiri lavozimiga qo‘yiladigan malaka talablari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.

31. Mudir maxsus maktabgacha muassasa nomidan ish ko‘radi, uning manfaatlarini ifodalaydi, maxsus maktabgacha muassasaning mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqaradi va shartnomalar tuzadi.

32. Mudir:

maxsus maktabgacha muassasa vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi va maxsus maktabgacha muassasaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

o‘z vakolatlari doirasida maxsus maktabgacha muassasaning barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;

o‘quv-moddiy bazani mustahkamlash, o‘quv-tarbiya ishlarini takomillashtirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash va maxsus maktabgacha muassasa faoliyatining boshqa masalalari bilan bog‘liq alohida masalalarni hal etishga doir takliflarni xalq ta’limi tegishli organlarining ko‘rib chiqishi uchun kiritadi;

pedagoglar, tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

33. Maxsus maktabgacha muassasada pedagogika, metodika va vasiylik kengashlari shakllantiriladi va faoliyat ko‘rsatadi. Ularning faoliyati tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.

VII. Maxsus maktabgacha muassasaning mol-mulki va moliya-xo‘jalik faoliyati

34. Maxsus maktabgacha muassasa faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy hadyalari va maqsadli badallari;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan bolalar maktabgacha muassasalarida bolalar ta’minoti uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda undiriladigan ota-onalar to‘lovi (keyingi o‘rinlarda ota-onalar to‘lovi deb ataladi);



(34-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 646-modda)

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

ota-ona to‘lovi undirilmaydigan bolalarning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi nuqsonlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan aniqlanadi.



(34-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 646-modda)

35. Maxsus maktabgacha muassasasi maxsus maktabgacha muassasa tomonidan tasdiqlangan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli hududiy moliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladigan xarajatlar smetasi asosida moliyalashtiriladi.

36. Shtat jadvali qonun hujjatlarida belgilangan tartibda namunaviy shtatlarga muvofiq tasdiqlanadi.

37. Maxsus maktabgacha muassasa xodimlarining ish haqi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

38. Maxsus maktabgacha muassasa tarbiyalanuvchilari O‘zbekiston Respublikasida tasdiqlangan sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq maxsus maktabgacha muassasa uchun oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning o‘rtacha sutkali ratsional normalari bo‘yicha oziq-ovqat bilan ta’minlanadi.



(38-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 646-modda)

39. Maxsus maktabgacha muassasa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga moliyaviy va statistika hisoboti taqdim etadi.

40. Maxsus maktabgacha muassasaning moliya-xo‘jalik faoliyati ustidan nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

VIII. Yakunlovchi qoida

41. Maxsus maktabgacha muassasani qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 24-25-son, 194-modda; 2015-y., 52-son, 646-modda)

Yüklə 45,43 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə