1-mavzu: Pedagogik fikr tarixi va maktab amaliyotida o’qituvchi mahorati masalalari



Yüklə 27,62 Kb.
tarix21.10.2023
ölçüsü27,62 Kb.
#130329
1.Pedagogik fikr tarix


1-mavzu: Pedagogik fikr tarixi va maktab amaliyotida o’qituvchi mahorati masalalari

Ta’limiy maqsad:Mavzuga oid tarqatilgan materiallarni talabalar tomonidan yakka va guruhli holatini o‘zlashtirib olishlari hamda suhbat-munozara, esse orqali tarqatma


materiallardan matnlar qay darajada o‘zlashtirilganligini nazorat qilish, kerakli
korreksion ishlarni amalga oshirish.
Tarbiyaviy maqsad:Talim nazariyasi haqidagi Sharq va G‘arb olimlari ilgari surgan g‘oyalardan keng foydalangan holda yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash
Rivojlantiruvchi maqsad:Yangi zamonaviy pedagogik texnalogiyalardan foydalanish jarayonidapedagogik mahoratni amaliyotda qo‘llash usullarini o‘rganish.

Kalit so’zlar: Mudarrislar; murabbiylar; ulamolar; miloddan avvalgi VII – VI asrlar; ibtidoiy jamoa; zardushtiylik dini; “Avesto”; kohin muallimlari; Axura Mazda; uyg’onish davri; suxandon; “Guliston” asari; mutaasib johil mudarrislar; “Qobusnoma”; “qattiq” va “yumshoq” usullar; iqtidor; ma’naviy didaktik qarashlar; “Axloqi Muhsiniy” asari; ustozlik shartlari; javonmardlik tariqati; antik davr; akademiya; Sparta; Afina; notiqlik san’ati; pedagogik–psixologik takt; jargon; varvarizm;vulgarizm; kontselyarizm; burch va mas’uliyat.


Asosiy savollar:
Eng qadimgi davrlardan eramizning XII asrlarigacha o’qituvchilik faoliyati to’g’risida ijtimoiy qarashlar
Sharq mutafakkirlarining o’qituvchilik faoliyati haqidagi fikrlari

Eng qadimgi davrlardan eramizning XII asrlarigacha o’qituvchilik faoliyati to’g’risida ijtimoiy qarashlar.


Ta’lim va tarbiya tarixini o’rganar ekanmiz, uning rivojlanishi, yillar davomida shakllanib borishi ustoz va shogird faoliyatiga bog’liqligining guvohi bo’lamiz. Eng qadimgi davrlardayoq mudarrislar (o’qituvchilar) ta’lim va tarbiyaning samarali ta’sir usullarini qidirib topib, hayotga tatbiq eta boshlaganlar. Buning natijasida eramizdan oldingi davrlardayoq ta’lim-tarbiyaning samaradorligiga erishilishi uchun o’qituvchiga bo’lgan talablar kuchayib bordi. O’qituvchi mahoratini takomillashtirish yuzasidan turli g’oyalar, nazariya va tavsiyalar paydo bo’la boshladi.
Miloddan avvalgi VI–VII asrlarda O’rtaOsiyoda ishlab chiqarish kuchlarining ortib borishi bilan ijtimoiy hayotda ham ijobiy o’zgarishlar ro’y berdi. Turk va fors tilida so’zlashuvchi xalqlar o’rtasida o’zaro madaniy aloqalar yuzaga keldi. Yosh avlodni mustaqil hayotga tayyorlashdaasrlar davomida qo’llanib kelingan, erli millatning o’zigaxos urf – odati vaan’analariga mos ravishda tatbiq etilgan ta’lim va tarbiyaning noyob usul va vositalari, tadbir va shakllari vujudga kela boshladi. Hali maktab bo’lmagan, pedagogik fikr tarkib topmagan davrdayoq qabilaa’zolari bolalarda mehnatsevarlik, axloq-odob, nafosat, do’stlik, mehr-shafqat, insonparvarlik sifatlarini tarkib toptirish sohasidaaql idrok bilan faoliyat olib borishgan. Ularning ta’lim-tarbiya usullari yillar davomida hayot tajribasi va sinovlaridan o’tib, sayqallanib o’sha davrning olijanob mevasi sifatida bizning davrimizgachaetib keldi.
VII asrlarga kelib O’rtaOsiyoda ilm-fan va madaniyat sohasidagi rivojlanish bevosita ta’lim va tarbiya beruvchi mudarrislarning qizg’in faoliyati hamda ularga qo’yiladigan talablarning nihoyatda rang-barangligi vaxilma-xilligi bilan diqqatga sazovordir. Ilk ibtidoiy jamoa va quldorlik davrlaridan boshlab, bolalarning ta’lim va tarbiyasiga javobgar ulamolar hamda mudarrislar nasihat, tushuntirish, rag’batlantirish, maqtash, namuna ko’rsatish, tanbeh berish, ta’qiqlash, majbur qilish, po’pisa qilish, qo’rqitish kabi usullardan foydalanganlar. Biroq mudarrislarning o’zi bolaga ta’lim-tarbiya berish uchun mukammal amaliy va nazariy bilimga ega bo’lishi kerak edi. Shu sababli mudarrislar savodli madrasa toliblari orasidan tanlangan va ma’lum muddat tayyorgarlikdan o’tishgan.
Markaziy Osiyoning Xorazm zaminida shakllangan eng qadimiy va “o’tmishdagi dinlarning eng kuchlilaridan bo’lgan” (YU.A.Rappoport) zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da bolalar ta’lim-tarbiyasigaoid qiziqarli ma’lumotlar berilgan. “Avesto”da ta’kidlanadiki, bilim va tarbiya hayotning eng muhim tirgagi bo’lib hisoblanadi. Har bir yoshni shunday tarbiyalash zarurki, u avvalo yozishni o’rganish asosida bilim olishi kerak, so’ngra esaodob-axloqi bilan eng yuksak pog’onaga ko’tarilsin. Kohin muallimlari oqsoqollar Kengashi tomonidan tanlanib, qat’iy belgilangan qoidalar asosida yoshlarga ta’lim va tarbiya berishgan. “Avesto”da bolalarni o’qitish va tarbiyalash qoidalari quyidagi tartibda tavsiya etilgan:
a) diniy vaaxloqiy tarbiya;
b) jismoniy tarbiya;
v) o’qish va yozishga o’rgatish.
Maxsus tayyorgarlikdan o’tgan muallimlar bolalarni etti yoshidan boshlab, diniy tarbiyagaasoslangan maktablarga jalb qilishgan. Maktablarda “muqaddas yashil ko’ylak” kiydirish marosimi o’tkazilgach, kohin muallimlar bolalarni “Avesto”da keltirilgan madadkor kuchlarni ulug’lovchi ezgulik va yaxshilik ma’budasiga sig’intirishgan. Duolar quyidagi so’zlar bilan boshlangan: “Men zardushtiylik diniga sodiq qolishga va’da beraman, men yaxshi fikrlar, yaxshi so’zlar, yaxshi amallarga ishonaman...”. Marosimdan so’ng muallimlar bolalarga sovg’alar ulashishgan. Muallimlar mashg’ulotlar jarayonida bolalarga nisbatan jismoniy jazodan ko’ra ko’proq o’z diniga ishonch va e’tiqodni, dunyodagi barcha yaxshilik va ezguliklarning bunyodkori, ilohiy Axuramazdaga sig’inishni, odamlar boshiga yovuzlik va yomonliklarni yog’diruvchi Axrimandan esa nafratlanish hissini tarbiyalar edilar. Bolalarning sog’lom va baquvvat bo’lib o’sishi bilan birga o’z dinining barcha rasm-rusumlarini to’liq bajarishiga, o’rganilayotgan fanlarni puxta bilishiga, axloqiy pokligiga, mehnatsevarlik, rostgo’ylik, saxovatlilik kabi fazilatlarni egallashiga kohin muallimlari javobgar edilar. “Avesto”daer, suv va havo muqaddas deb e’lon qilinib, muhitni iflos qilgan va uni asrash qoidalarini buzgan kishi 400 qamchi urish bilan jazolanardi. Tabiatni asrash, uni obod qilish yoshlik davrlaridanoq ular ongiga singdirilgan. Zardushtiylik dini ta’limotida ilgari surilgan umuminsoniy qadriyatlar majmuasi ezgulik va yaxshilik, jaholat va yomonlik, ta’lim va tarbiya haqidagi g’oyalari bilan ulkan pedagogik ta’sir kuchiga ega bo’lgan. Bunda tarbiyachi muallimlarning o’z kasbiga sadoqatini alohida ta’kidlab o’tish lozim. Zardushtiylik dinida iymon uchta tayanchgaasoslanadi: fikrning sofligi, so’zning sobitligi, amallarning insoniyligi. Muallimlar ta’lim va tarbiyada yoshlar ongiga “bergan so’zning uddasidan chiqish, unga sodiq qolish, savdo–sotiq va shartnomalarga qat’iy amal qilish, qarzni o’z vaqtida to’lash, aldamchilik vaxiyonatdan xoli bo’lish, halol mehnat, yaratuvchilik, yovuzlikni qalbdan chiqarib tashlash, iymon–e’tiqodli bo’lish, miskinlarga yordam berish, yaxshi niyat, yaxshi so’z va yaxshi amallarga qo’l urish” kabi insoniy tuyg’ularni singdirish uchun qizg’in mehnat qilganlar. Xullas, “Avesto” dunyodagi eng qadimgi din – zardushtiylik ta’limotining axloqiy falsafasi sifatida e’tirof etiladi.
Buyuk allomalarimiz o’z asarlarida mudarrislar kasbining nozikligini, mas’uliyatli ekanligini va murakkabligini, shu bilan birga sharafli ekanligini, yoritib, muallimning mahorati, ularga qo’yilgan talablar, fazilatlarigaoid qarashlar, shogirdlar bilan munosabatga kirishish mahorati, muomalasi to’g’risida o’z mulohazalarini bildirganlar. Uyg’onish davrining etuk namoyondalari Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Unsurul Maoliy Kaykovus, Abul-Qosim Umar Az-Zamaxshariy, Shayx Sa’diy Sheroziy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Jaloliddin Davoniy, Husayn Voiz al-Koshifiy kabilarning ijodiy merosi pedagogik tafakkurni shakllantirishda bo’lajak murabbiylarga muhim manba bo’lib hisoblanadi. Ular avlodlardan avlodlarga o’tib, o’z qimmatini yo’qotmagan mudarrislarni, tarbiyachilarni tayyorlash tajribalarini umumlashtirib, boyitib borishgan. Zero, insoniyat kelajagi va kurrai zaminning gullab yashnashi faqat ta’lim va tarbiyaga bog’liq ekanligini buyuk mutafakkirlar chuqur his qilishgan. Shuning uchun muallimlar kuchi va g’ayrati bilan barkamol avlodni tarbiyalash ularning eng yorqin orzusi bo’lib kelgan. O’zbekiston deb atalmish muazzam zaminimizda yashab o’tgan allomalarning bu borada o’z o’rni va hurmati bor. Barkamol avlodni tarbiyalash, bunda muallimning o’rni to’g’risidaallomalarimiz ijodiy merosidan juda ko’p misollar keltirishimiz mumkin.
Abu Nasr Forobiy (873-930) O’rtaOsiyo xalqlari madaniyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo’shgan olimdir. Forobiy arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqani muhim tarbiyaviy fanlar deb atadi. Ushbu fanlarni o’rgatuvchi o’qituvchini har tomonlama mukammal bilimga va tajribaga ega bo’lishi lozimligini ta’kidlaydi. Forobiy ta’limotiga ko’ra, ta’lim-tarbiya jarayoni tajribali va bilimli o’qituvchilar tomonidan tashkil etilishi, boshqarilib turilishi va ma’lum maqsadlarga yo’naltirilgan bo’lishi lozim, chunki “har bir bola o’zicha narsa va hodisalarni bilaolmaydi hamda baxtga erisholmaydi. Unga buning uchun o’qituvchi lozim” 1. Ta’lim va tarbiya berishda “...ustoz shogirdlariga qattiq zulm ham, haddan tashqari ko’ngilchanlik ham qilmasligi lozim. CHunki ortiqcha zulm, shogird dilida ustozga nisbatan nafrat uyg’otadi, bordiyu ustoz juda ham yumshoq ko’ngilli bo’lsa, shogird uni mensimay qo’yadi va u beradigan bilimdan sovib qoladi. SHuning uchun o’qituvchi bolalarning fe’l-atvoriga qarab ta’lim-tarbiyaning “qattiq” yoki “yumshoq” usullaridan foydalanishi mumkin” deydi. Bunda ustoz mudarrisga quyidagi talablarni qo’yadi:
-Birinchi yo’l: tarbiyalanuvchilar o’qish va o’rganishga ishtiyoqmand bo’lsalar ta’lim-tarbiya jarayonida mudarris tomonidan yumshoq usullar qo’llaniladi. Bunda u qanoatbaxsh so’zlardan foydalanadi, chorlovchi ilhomlantiruvchi gaplar aytib o’quvchiga ko’nikma va malakalarni vujudga keltiradi, natijada o’quvchining iqtidori uyg’onib, g’ayrat-shijoati bilan bilim olishga, kasb egallashga intiladi;
-Ikkinchi yo’l: tarbiyalanuvchilar o’zboshimcha, itoatsiz bo’lsalar, mudarris tomonidan qattiq, ya’ni majburlovchi usullar qo’llaniladi. Bu asosan gapga ko’nmovchi ba’zi qaysar shaharliklar va boshqa sahroyi xalqlarga nisbatan ishlatiladi. Ushbu usul natijasida o’quvchi nazariy bilimlarni o’rganishgaastoydil kirishadi, fazilati yaxshi bo’lib, kasb-hunarlarni va juz’iy san’atlarni egallashga intiladi. Maqsad ularni fazilat egasi qilish va kasb hunar ahillarigaaylantirishdir (o’sha kitob, 198 bet).
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy (973 - 1048) SHarq Uyg’onish davrining qomusiy olimlaridan biri, tarbiyashunos olim, umumjahon tabiiy-ilmiy va ijtimoiy fanlar rivojiga ulkan ta’sir ko’rsatgan buyuk aql zakovat sohibidir. Allomaasarlarida ta’lim-tarbiya birligi vaaxloq masalalarigaetuk tarbiyashunos olim sifatida yondashgan, chunonchi, “Minerologiya”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston” kabi asarlarida pedagogika va psixologiyagaoid noyob fikr mulohazalarini va ma’rifiy-didaktik qarashlarini bayon etdi. Bolalarni maktabda o’qitish va tarbiyalash jarayonida dunyoviy fanlarni bir-biri bilan bog’lab turli mavzularda mulohazalar yuritishni ta’kidlab: “Bizning maqsadimiz o’quvchilarni toliqtirib qo’ymaslikdir, bir mavzuni qayta-qayta takrorlab o’qib berish o’quvchini zeriktiradi, xotirasini susaytiradi. Agar o’quvchi bir mavzudan boshqa bir yangi mavzuga o’tib tursa, u xuddi turli-tuman bog’larda sayr qilgandek bo’ladi, bir bog’dan o’tar-o’tmas, boshqa bir bog’ boshlanadi. Bola ularning hammasini ko’rgisi va tomosha qilgisi keladi. Har bir yangi narsa bolaga rohat bag’ishlaydi, deb behudaaytilmagan”2,– deydi.
Beruniy mamlakatning obodonligi ilm–fanning ravnaqi tufayli deb aytadi, yoshlarning baxt–saodati va kamoloti esa ularga bilim va ma’rifat beruvchi mudarrislarga bog’liq deb ta’kidlaydi. Ilm va ma’rifat sari intiluvchi tolib va mudarrislarga deydiki: “Ilm dargohiga kirar ekansan, qalbing kishini ozdiruvchi illatlardan, odamni ko’r qilib qo’yadigan nafs va turli buzg’unchi holatlardan, qotib qolgan turli eski urf–odatlardan, hirsdan, raqobatdan, ochko’zlikni quli bo’lishdan ozod bo’lmog’i darkor”3
Abu Ali ibn Sino (980-1037) o’z asarlarida inson kamolotida uch narsa – irsiyat, muhit, tarbiya muhim rol o’ynashini ta’kidlab, bunda mudarrislar bolalarga ta’lim berishdek mas’uliyatli burchni bajarib, shu uch holatga javobgarlik hissi bilan yondashishini uqtiradi va mudarrislarga faoliyatda muvaffaqiyatga erishish garovi bo’lgan quyidagi tavsiyalarni beradi:
1)Bolalar bilan muomalada bosiq va jiddiy bo’lish.
2)Berilayotgan bilimning o’quvchilar tomonidan o’zlashtirilishiga e’tiborni qaratish.
3)Ta’limda turli shakl va metodlardan foydalanish.
4)O’quvchining xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini nazorat qilish.
5)Bolalarni fanga qiziqtiraolish.
6)Berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib beraolish.
8)Bilimlarni o’quvchilarning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda tushunarli olib borish.
9)Har bir so’zning bolalar hissiyotini uyg’otish darajasida bo’lishiga erishish.
Unsurul Maoliy Kayqovusning (milodiy 1021 – 1022 yillarda tug’ilgan) «Qobusnoma» asarida ilk bor notiqlik san’ati maktablarining SHarq mamlakatlarida rivojlanishi tarixi bayon etilgan hamda o’sha davr notiqlari haqida ma’lumotlar berilgan. Ushbu asar hozirgi global o’zgarishlar davrida insonni ma’naviy jihatdan kamolotgaetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur noyob asar ko’plab SHarq va G’arb tillariga tarjima qilinib shuhrat qozongan.
Kayqovus o’z asarida har bir yoshni aqliy, axloqiy, jismoniy tarbiyasida turmush tajribasi muhim ahamiyat kasb etishini aytadi. Bolalarni faqat yaxshi mudarris tarbiyani hayot bilan bog’lagan holda kamolotgaetkazish mumkin deb, uning yo’llarini va usullarini bayon etgan. Kitobda javonmardlar egallashi zarur bo’lgan quyidagi yo’nalishlarda ta’lim-tarbiya berish nazariyasi ko’zda tutilgan:
1. Kayqovus bilim haqida.
2. Hunar va turli kasb egalari haqida.
3. Turmush vaxulq-odob qoidalari haqida.
4. Jismoniy etuklik haqida.
Kayqovus mudarrislarning axloqli ekanligini birinchi belgisi, uning suxandonligida deb biladi va “Hamma qobiliyatlardan eng yaxshisi nutq qobiliyatidir” deydi. Suhandonni shogirdlarga notiqlikda rost so’zlash kerakligini ta’kidlaydi.
U so’zlarni to’rt xilga bo’ladi: birinchisi - bilinmaydi vaaytilmaydi, ikkinchisi aytiladigan va biladigan, uchinchisi - ham bilinadi, ham aytishga, bilishga zaruriyati yo’q, ammoaytsa ham bo’ladi. To’rtinchisi - biladigan va zaruriyat bo’lmasaaytilmaydigani. Eng yaxshisi to’rtinchisi, ya’ni biladigan vaaytilmaydigani, deydi. So’zlagandaandishalik bo’lish, sovuq so’zlik bo’lmaslik, kamtarlik, maqtanmaslik, birovning so’zini diqqat bilan eshitish odoblarini ta’kidlab o’tadi.
Odamlarni ham to’rt xilga bo’ladi: birinchi xil kishilar ko’p narsani biladi va yana bilgisi kelaveradi. Bular olim va fozillar bo’lib, ularga bo’ysunish kerak, deydi. Ikkinchisi, bilmagan narsani bilishga harakat qiladi, ular qobil kishilar bo’lib, bunday kishilarni o’qitish va o’rgatish kerak. Uchinchisi, bilganini ham bilmaydi, go’yo uyquda yashagandek, ularni uyg’otish kerak. To’rtinchisi, bilmaydi va bilmaganini ham tan olmaydi. Bular johil kishilar bo’lib, ularni o’qitish befoyda, ulardan qochish kerak, deydi.
Abul-Qosim Mahmud Ibn Umar Az-Zamaxshariy (1075-1144) jahon ilm-fani va madaniyatiga salmoqli hissa qo’shgan mashhur olim vaadibdir. U o’z asarlarida halollik va pokizalikni, ilmga muxabbatni, mardlik vaolijanoblikni ulug’laydi. Ulug’ mutafakkir “Navobig’ ul-kalim” (“Nozik iboralar”) asarida kishilar ilmli bo’lish, o’qitish, yozish bilan hosilu mukammal bo’ladi, olim kishi oqil, bilimdon va chiroyli xushxat yozuvga ega bo’lsa, bu uning kamolotgaetganligidan dalolatdir, deydi. Asarda mudarrislar to’g’risida noyob fikrlar bildirilgan: “Murabbiy o’qib tursagina murabbiy bo’laoladi, agar o’qishni to’xtatib qo’yar ekan, unda murabbiylik o’ladi”4.
SHayx Muslihiddin Sa’diy SHeroziyXIII asrda Eronda yashab ijod qilgan yirik shoir va mutafakkirdir. U faylasuf-shoir bo’lishi bilan birga tajribali murabbiy ham bo’lgan. SHoir “Guliston” asarida o’z davri mudarrislarini turli toifaga bo’lib, ularni ta’riflaydi. Qattiqqo’l o’qituvchilarni “..basharasi tirishgan, tili zahar, yomon xulqli, odamlarni ranjitadigan, gadoy tabiatlik, ochko’z, uni ko’rishi bilan shogirdlarining kayfiyati uchar” shogirdlar undan bilim va tarbiya ololmaydilar. YAna bir toifadagi o’qituvchilar “...sodda, yaxshi va yumshoq ko’ngilli odam. Unar-unmasga so’zlamas edi va bolalarni ranjitadigan so’zlar og’zidan chiqmas edi. Uning farishtadek axloqliligi va mehribonligini ko’rgan bolalar murabbiyni mensimay qo’ydilar. Uning yumshoq tabiatlik ekanligini bilishib, ilmni ham o’rganmadilar. Alqissa bolalar o’yin va to’polonga berilib vaqtni bekorga o’tkazdilar”.
Bayt: Ustod muallim bo’lsa beozor,
Go’dak eli bozordaxarsang o’ynar.
Bu holatga SHayx Sa’diy SHeroziy ikki xil ta’rif beradi. Birinchidan, Sa’diy yashagan davrda ham, undan keyingi davrlarda ham maktabda o’quvchilarni qattiqqo’llik bilan o’qitganlar. Ikkinchidan, SHayx Sa’diy bu holatni o’z ko’zi bilan ko’rgan va qattiqqo’l o’qituvchiga nisbatan norozilik bildirmagan, ilm va tarbiya berishda qattiqqo’llikni afzal ko’rgan: “jabr ustod boz mehr padar” deb ta’kidlaydi, ya’ni o’qituvchining jabri va jazosi ota mehridan ham afzalligini aytadi.
Buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy XV asrda yashab ijod qilgan. U o’z asarlarida insonning yuksak axloqiy hislatlarini, go’zal fazilatlarini kuylaydi. «Iskandar xirodnomasi” asarida muallimlar to’g’risida noyob fikrlarni bildirgan: “muallim aqlli, adolatli, o’zida barcha yuksak fazilatlarni mujassamlashtirgan bo’lishi kerak. O’zini nomunosib tutgan murabbiy hech vaqt bolalarga bilim beraolmaydi”. SHoir muallimning hayotdagi o’rnini quyidagi baytida bayon qiladi:
Ustod, muallimsiz qolganda zamon,
Nodonlikdan qora bo’lurdi jahon.
Alisher Navoiy (1441-1501) ijodida muallimlarga munosabat alohida berilgan. Uning fikricha, har bir inson o’ziga ta’lim va tarbiya bergan ustozini, o’qituvchisini umrbod hurmat qilishi va uni e’zozlashi kerak. O’qituvchi mehnatini har qanday xazina bilan o’lchab bo’lmaydi:
Haq yo’linda kim senga, bir harf o’qitmish ranj ila,
Aylamak bo’lmas ado, oning haqqin yuz ganj ila.
Alisher Navoiy yosh avlod tarbiyasini har qanday tasodifiy murabbiyga ishonib topshirib bo’lmasligini aytib, o’qituvchiga yuksak talablarni qo’yadi. Bolani tarbiyalash va unga bilim berish, uning qobiliyatini o’stirish uchun nihoyatda savodli o’qituvchi va mahoratli tarbiyachi bo’lish kerak. Alisher Navoiy o’qituvchini faqat dars beruvchi, bilim beruvchi deb bilmaydi, balki mahoratli tarbiyachi bo’lishi lozim deb ilm vaodobni birgaolib borilishini, bu ikki jarayon hech qachon ajralmasligini ta’kidlab o’tadi.
Buyuk alloma o’zining “Mahbub-ul qulub” didaktik asarida o’qituvchi xalq oldidaobro’ga, hurmat va izzatga sazovor bo’lishi kerakligini, u xalq g’ami bilan yashashini, xalqqa yordam beruvchi, xalq bilan birga bo’lishi lozimligini aytadi. Nodon, mutaasib, johil mudarrislarni tanqid qilib, mudarris olimlar orasidagi eng sara“malak qiyofali” kishi bo’lishi, ya’ni sof ko’ngilli, pok qalbli, insofli, karam-muruvvatli, odobli, vafoli, kishilikning eng yaxshi vaoliyjanob hislatlarini o’zidaaks ettiruvchi bo’lishi kerak deydi. Ayniqsa madrasalarda ta’lim-tarbiya bilan shug’ullanuvchi mudarrislarga jiddiy talablarni qo’yadi: «Mudarris kerakki, g’arazi mansab bo’lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko’rgazmasa vaolg’irlik uchun gap-so’z va g’avg’o yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo’lmasa, gerdayish uchun madrasaayvoni unga bosh o’rin bo’lmasa, yaramasliklardan qo’rqsa va nopoklikdan qochsa... nainki, o’zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni qilish mumkin, balki halol desa, qilmas ishlarni qilmoq undan sodir bo’lsa va qilar ishlarni qilmaslik unga qoida vaodat bo’lib qolsa, bu mudarris emas, yomon odatni tarqatguvchidir». Demak, mudarris bilimli, fozil va donishmand bo’lishi, kishilikning eng yaxshi fazilatlarini o’zidamujassamlashtirgan oliyjanob va kamtarin bo’lishi, har qanday yaramas ishlardan holi va pok bo’lishi, o’z xulqi vaodobi bilan boshqalarga namuna bo’lishi lozim. Ayni o’rinda o’qituvchi mehnatini eng murakkab va mashaqqatli ish ekanligini xolisona baholaydi: “Uning ishi odam qo’lidan kelmas, odam emas, balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani saqlashdan ojizlik qilardi. U esa bir to’da bolaga ilm vaadab o’rgatadi, ko’rkim bunga nimaetsin. SHunisi ham borkim, u to’dada fahm-farosati ozlar ham bo’ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat qilsa qanday bo’ladi. Har qanday bo’lsa ham, yosh bolalarda uning haqqi ko’pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa unga (muallimga) qulluq qilsaarziydir”.
Kamoliddin Husayn Voiz al-Koshifiy (1440-1505) “Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlik tariqati” asarida ustoz-shogird munosabatlariga keng to’xtalgan. U muallimlarning shogirdlariga beradigan har bir o’gitini qadrlaydi. “Maraka joylarida” (dars–ma’ruza o’qiladigan joy) shogirdlar muallimning har bir so’zini e’tibor bilan tinglashini va ungaamal qilishini ta’kidlaydi. Jumladan, alloma shunday yozadi: “Agar shogirdlikning binosi nimaning ustiga quriladi, deb so’rasalar, irodat ustiga, deb javob bergin. Agar irodat nima deb so’rasalar, samo va toatdir, deb aytgin. Agar samo (eshitish) va toat nimadir deb so’rasalar nimani ustoz aytsa, uni jon qulog’i bilan eshitish, chin ko’ngli bilan qabul qilish va vujud a’zolari orqali amalgaado etishdir deb ayt”. Husayn Koshifiy asarida shogirdlikning 8 taodobini ko’rsatib o’tadi:
*birinchi bo’lib salom berish;
*ustozning oldida kam gapirish;
*boshni oldinga egib turish;
*ko’zni har tomonga yugurtirmaslik;
*gap so’ramoqchi bo’lsa, avval ustozdan ijozat so’rash;
*ustoz javobiga e’tiroz bildirmaslik;
*ustoz oldida boshqalarni g’iybat qilmaslik;
*o’tirib turishda hurmat saqlash.
Husayn Koshifiy ustozlik shartlarini ham bayon qiladi: “Bilgilkim hech bir ish ustozsiz amalgaoshmaydi va kimki ustozsiz bir ishni qilur ersa, ul ishning asosi mustahkam bo’lmaydi. Kimki, ustozsiz ish boshlagan bo’lsa, ishi vaamali samara qozonmaydi, ustozning etagini tutib shod bo’l, bir muddat ustozgaxizmat qilginda, so’ngra o’zing ustoz bo’l. ...Agar ustoz tarbiyasini olgan komil inson kim deb so’rasalar, u pok mazhabli o’z aybini ko’radigan, dono va tamizli kishidir deb aytgil. Unda hasad, gina va baxillikdan asar bo’lmaydi”.
Husayn Koshifiy bola tarbiyasida maktab vamuallimniig alohida roli borligi haqida gapirib, muallimlar dono, bilimli, shirinsuxan, adolatli bo’lishi zarur, deb hisoblaydi. Allomamurabbiylar to’g’risida yana bir asari «Axloqi Muhsiniy»da shunday yozadi: «Murabbiy (bolaga) nasihat va ta’lim berishda lutf vaodob qoidalariga rioya qilishi darkor. Jamoatchilik joylarida unga pand berish yaramaydi, balki xilvat joyda bolaga gapirish zarur. Agar (murabbiy) nasihat berishning fursati kelganini bilsa, unga muloyimlik bilan murojaat qilishi lozim, chunki bizning zamonamizda muloyim vaxushfe’l bo’lish maqsadga muvofiqdir».
SHarq allomalari adabiy meroslarida ta’kidlangan, o’qituvchilar haqida bildirilgan dono fikrlarni yoshidan, pedagogik mahoratidan, qanday dars berishidan qat’iy nazar barcha o’qituvchilar bilishlari va ularga qat’iy amal qilishlari maqsadga muvofiqdir.
Nazorat savollari
Pedagoglik kasb sifatida.
Pedagogik faoliyatning mohiyati.
Pedagogik faoliyat qirralari.
Pedagogik faoliyatning mahorat shakllanishiga ta’siri.
Tinglovchilar diqqatini jalb etish.

Adabiyotlar ro’yxati


Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. “O’zbekiston”, 2017.
O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha harakatlar strategiyasi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni. O’zbekiston Respublikasi qonun xujjatlari to’plami, 2017yil, 6-son,70-modda.

Ибн Халмиқон ҳақида. Абу Наср Форобийнинг «Фозил одамлар шаҳри» китобидан олинди. Т. Абдулла Қодирий номидаги Хлақ мероси нашириёти, 1993, 204 бет


Абу Наср Форобий. Рисолалар. Масъул муҳаррир Ўзбекистон респебликаси ФА ҳақиқий аъзоси М.М.Хайруллаев. Т. «ФАН», 1975. 71-72 бетлар.
Аль Фараби социально – этические трактатў . Алма – ата. 1976. 122 бет
Абу Наср Форобий. «Бахт саодатга эришув ҳақида». Рисолалар. Масъул муҳаррир Ўзбекистон Республикаси ФА ҳақиқий аъзоси М.М.Ҳайруллаев. Тошкент. «ФАН». 1975. 76-бет



1Forobiy. Fozil odamlar shahari. – T.:, “A.Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashri”, 1993, 122-bet.

2Beruniy. Tanlangan asarlar. 1 jild, – Toshkent, “Fan”, 1968, 106-bet.

3Beruniy. Tanlangan asarlar. 1 jild, – Toshkent, “Fan”, 1968, 40-bet.

4Абул-Қосим Маҳмуд аз-Замаҳшарий. “Нозик иборалар”. – Т.: “Камалак”, 1992, 16-бет.

Yüklə 27,62 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə