2-Mavzu: Sharqda uyg‘onish davri allomalarining asarlarida pedagogik fikrlarning rivoji Maqsad



Yüklə 1,24 Mb.
səhifə1/12
tarix25.01.2023
ölçüsü1,24 Mb.
#99223
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
2-dars MFOT


2-Mavzu: Sharqda uyg‘onish davri allomalarining asarlarida pedagogik fikrlarning rivoji
Maqsad. Talabalarda mavzu yuzasidan nazariy bilimlarni shakllantirish, sharq uyg‘onish davri allomalarining asarlarida pedagogik fikrlar rivojlanishi haqida tushunchalar hosil qilish.
Mavzuning qisqacha bayoni
O‘zbekistonda pedagogik tafakkur va ta’lim-tarbiya taraqqiyoti tarixini shartli ravishda, asosan, quyidagi uch davrga bo‘lib o‘rganish mumkin:
Oktyabr to‘ntarilishigacha bo‘lgan davr (1917 yilgacha).
SHo‘ro tuzumi davri (1917 yildan 1991 yilgacha).
Mustaqillik davri (1991 yildan keyin).
1-davr Zardushtiylik dinining chuqur ildiz otishi va shu dinning muqaddas kitobi -«Avesto»ning Markaziy Osiyoga, Eronga yoyilishi bilan boshlanadi. VI-VII asrlar Markaziy Osiyoda Islom dinining yoyilishi bilan xarakterlanadi.
VII-XII asrlar davomida Markaziy Osiyoda madaniyat, ilm-fan beqiyos rivojlanib bordi. Ayniqsa, aniq fanlarga qiziqish keskin ortdi. O‘sha davrda Al-Xorazmiy, Al-Kindiy, Zakariya ar-Roziya, Al-Beruniy, Al-Farg‘oniy, Ibn Sino, Az-Zamaxshariy singari qomusiy olimlar dunyoga keldi.
XV-XVI asrlarga kelib turkiy xalqlar Qozizoda Rumiy, Ulug‘bek, Ali Qushchi, Haydar Xorazmiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Abulg‘oziy Bahodirxon singari allomalarni voyaga yetkazdi.
SHunday qilib, o‘tmishdagi progressiv pedagoglar va atoqli mutafakkirlarning ta’lim-tarbiyaga oid fikrlarini o‘rganish pedagogik tafakkurning o‘sishiga, pedagoglik madaniyatining ortishiga imkon berdi.
Sharq xalqlarining ma’naviy dunyosining sayqallanib rivoj topib jahonga chiqishida sharq renesansi –Uyg‘onishi deb nomlanuvchi davr mutafakkirlari ijodi muhim o‘rinni egallaydi. Uyg‘onish jarayoni IX asrdan XV-XVI asrlargacha davom etib, bu oraliqda juda ko‘plab buyuk olimlar yetishib chiqib faoliyat olib bordilar. Movaraunnahr va Xurosondagi ma’naviy ko‘tarilish ilm-fan va ma’rifat sohasida bo‘lib, bu davrdagi ma’naviy meros durdonalari ilmiy hamda ta’limiy-axloqiy asarlarga ajratilgan. Buyuk qomusiy olimlar al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ibn Sino; ta’limiy-axloqiy risolalar mualliflari Yusuf Xos Xojib, Ahmad Yugnakiy, Kaykovus, Muslihiddin Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Jaloliddin Dovoniy kabi darg‘alar betakror milliy meros qoldirdilar. Didaktik asarlardagi asosiy masala bu inson muammosi bo‘lgan. Insoniylik, insonni ulug‘lash g‘oyasi ta’lim-tarbiyaning asosiy o‘zagi sanalgan. Ular asarlaridagi pedagogik qarashlarni quyidagicha baholash mumkin:
Birinchidan, ta’limiy-didaktik asarlarda barkamol inson tarbiyasi asosiy mavzu hisoblanadi;
Ikkinchidan, mutafakkirlar ijodida milliy qadriyatlarga sodiqlik tarannum etiladi;
Uchinchidan, insonparvarlik g‘oyalari – ya’ni o‘zaro hurmat, adolat, mehr-muhabbat, oilaning muqaddasligi kabi fazilatlar oliy qadriyatlar sifatida talqin qilinadi.
Bugungi kun yoshlari vatanimizda yashab ijod etgan buyuk ajdodlarimizning ijodiy salohiyati, ular qoldirgan boy adabiy meros va uning mohiyati, ajdodlarimizning jahon madaniyatida tutgan o‘rni va qo‘shgan hissalari haqida mukammal bilimlarga ega bo‘lishlari kerak. Milliy ta’lim - tarbiya sohasida ularning adabiy merosiga suyanamiz. Chunki bu asarlarda inson ma’naviy shakllanishiga doir barcha o‘gitlar keltirib o‘tilgan. Sharq Uyg‘onish davri mutafakkirlari ijodidagi insonparvarlik g‘oyalaridan milliy tarbiya tizimida foydalanishning eng muhim sabablari sifatida quyidagilarni aytishimiz mumkin:

  • Bu asarlarda insoniy xislatlarning eng mukammal ko‘rinishlari qayd etilgan.

  • Yosh avlodda ma’naviy yetuk qiyofani yaratish uchun tayanch manba bo‘la oladi.

  • Insonni hayot davomida uchrashi mumkin bo‘lgan ma’naviy qiyinchiliklarni yengib o‘tishida odil qurol vazifasini bajaradi.

  • Yoshlarni ommaviy madaniyat xurujlari ta’siriga berilishining oldini olish uchun bunday asarlarga jalb etish hamda ularda o‘z millati madaniyatiga nisbatan mehr-muhabbatni tarkib toptirishda foydalanish mumkin.

  • Buyuk ajdodlarning ibratli hayot yo‘lini o‘rganish orqali yoshlar o‘z kelajak yo‘llarini aniqlashlarida saboq oladilar.

Insoniylik g‘oyasida yuksak axloqiy xislatlar ifodalangani uchun ham Sharq uyg‘onish davri falsafasi va pedagogikasida ta’limiy-axloqiy yo‘nalish muhim ahamiyat kasb etdi. Zamonaviy pedagogikaning axloqiy tarbiya berish borasidagi amaliy ishlarining asosini allomalar fikrlari tashkil etadi. Axloqiy me’yorlarni vujudga keltirishda va yuzaga kelgan axloqiy noma’qulchiliklarni bartaraf etishda olimlar ko‘rsatib o‘tgan yo‘l-yo‘riqlarga tayaniladi. Masalan, insondagi insonparvarlik xislatlaridan biri bo‘lgan do‘st tutmoq odobi haqida Kaykovusning “Qobusnoma” asarida qimmatli fikrlar bayon qilingan. Tarbiya jarayonida bolaga asardagi fikrlarni o‘rganishni taklif etish barobarida unda bu fazilat qay darajada tarkib topganligini so‘rash va kamchiliklarni bartaraf qilish mumkin. Kaykovus, inson do‘stsiz bo‘lgandan ko‘ra, birodarsiz bo‘lgani durustdir, deydi. Kishining do‘sti qancha ko‘p bo‘lsa, aybi shuncha sir tutiladi va fazilati ko‘payadi. Qiyinchiliklarda hamdard, sadoqatli, ta’magir, hasadchi bo‘lmagan, aqlli, ilmli, muruvvatli kishilarni do‘st tutish mumkin, deb ta’kidlaydi. Ko‘p hollarda insonlardan chinakam do‘stingiz bormi, deb savol berilganda haqiqiy do‘st mavjudligiga ishonmasliklarini aytadilar. Vafodor do‘st topish uchun insonning o‘zi ham kimgadir o‘z vafodorligini bildirishi zarur. Do‘stlik - bu odamni o‘z-o‘zi bilan do‘st bo‘la olishidan boshlanadi. O‘z “Men”ini tushungan va uni hurmat qila olgan inson atrofdagilarga ham xuddi shunday munosabatda bo‘ladi. Demak do‘stlik fazilatini o‘rganish asosida do‘st uchun qo‘yilgan talablarni avvalo bola o‘zida shakllantirishi zarurligini tushuntirib borish lozim.
Uyg‘onish davrining yana bir buyuk arbobi A.Yugnakiy eng ezgu insoniy xislatlardan biri sifatida saxovatlilikni ulug‘laydi. Saxiylikni kamolot belgisi deb tushunadi. Saxiylik borasidagi Yugnakiy hikmatlarini hayotiy isbotlar asosida tushuntirilsa uning ta’sir doirasi yanada kengayadi. Masalan, bolalarda yakka hokimlikka intilish va o‘zini tengdoshlariga nisbatan ustunligini ko‘rsatishga urinish xislati ko‘p uchrab turadi. Alloma haqiqiy komil inson bo‘lish uchun faqat o‘z g‘amini yemasdan, atrofdagilarga nisbatan ochiqko‘ngil, muhtojligida yordam qo‘lini cho‘za biladigan mard bo‘lish zarurligini ta’kidlaydi. Bu fikrlarni singdirish orqali jamoadan ajralib qolish xavfi tug‘ilgan bolani jamoada faollik ko‘rsatishga qaytarish mumkin. Olimning o‘gitlari bolalarda yaxshi xulq-odobni shakllantirish va yomon illatlardan soqit qilishning yo‘llarini topish imkoniyatlarini beradi. Nafaqat A.Yugnakiy, balki, barcha mutafakkirlar ijodida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish g‘oyalari mujassamlashgan. Shu munosabat bilan, yosh avlodga insonparvarlik g‘oyalarini Sharq mutafakkirlari ijodidan foydalangan holda tarkib toptirish imkoniyatlarini izlab topish kerak. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga hikmatli so‘zlarni ko‘proq yod oldirish, maktablarda buyuk allomalarga bag‘ishlangan ijodiy kechalarni doimiy tashkil qilish, adabiyot va boshqa tarbiyaviy darslarda ularning axloqiy qarashlarini o‘rganibgina qolmasdan, balki mohiyati, zaruriyatidan kelib chiqqan holda bahs-munozaralar tashkil qilish mumkin. Bu munozaralarda har bir bola ishtiroki talab qilinadi, va o‘z-o‘zidan har bir bolada hikmatlarni o‘rganish ishtiyoqi tug‘iladi. Yoshlikda olingan bilimlar, ahdga aylangan maqsadlar, singdirilgan ijobiy xislatlar insonning butun umri davomida saqlanib qoladi.



Yüklə 1,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə