2-seminar. O‘rta asrlarda Buyuk Britaniya, Germaniya, aqsh, Fransiyada jismoniy tarbiyani rivojlanishi



Yüklə 168,93 Kb.
Pdf görüntüsü
tarix17.04.2023
ölçüsü168,93 Kb.
#105939
2-semenar



2-seminar. O‘rta asrlarda Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Fransiyada jismoniy tarbiyani 
rivojlanishi 
REJA: 
1.Yangi davrda JT va S ning rivojlanishi xususiyatlari.
2.Chet mamlakatlarda jismoniy tarbiyaning nazariy asoslarini vujudga kelishi.
3.G'arbiy Evropa va AQSHda gimnastika va sport o’yinlari tizimlarining rivojlanishi. 
Yer yuzida ijtimoy-madaniy turmushning tubdan o'zgarishi o'rta asrlarga kelib bog'lanadi. Yevropa, 
Osiyo, Amerika, Afrika qit'alaridagi ilg'or madaniyat vakillari jismoniy tarbiyani inson hayotining uzviy 
omili ekanligini isbotlashga harakat qildi. Natijada, jismoniy tarbiya vositalarini oilaviy hamda maktab 
tarbiyasida qo'llanishga erishishdi. Erishilgan ilg'or tajribalar davlatlardan-davlatlarga, qit'alardan- 
qit'alarga tarqaldi, ya'ni qilichbozlik, o'q otish, kurash, aravada poyga, suzish kabi o'nlab o'yin-mashqlar 
xalqaro miqyosda qo'llanila boshladi. Bu jihatlar Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, 
AQSH va boshqa ko'p davlatlarda jismoniy tarbiyaning rivojlanishi hamda keyinchalik milliy sport 
turlarining yuzaga kelishiga sabab bo'ldi. 
XVI-XIX asrlardagi burjua inqilobi feodal tuzumning asosini buzib-yanchib tashladi va 
kapitalizmning g'alabasini ta'minladi. Bu davrda tabiatshunoslikka doir juda ko'p ilmiy kashfiyotlar qilindi. 
Moddiy dunyoning barqarorligi va g'ayritabiiy kuchlarning yo'qligi haqidagi fikrlarga olib keldi. Odamning 
aqli, irodasi va jismoniy fazilatlarining namoyon bo'lishida tarbiya natijasi ko'rina boshladi. Bu hol 
insonning pedagogikaga bo'lgan qiziqishi ortishiga va jismoniy tarbiyaning nazariy asoslari amalda 
bajarilishiga sabab bo'ldi. Jon Lokk (Angliya), Jan Jak Russo (Fransiya), Iogann Pestalossi 
(Shveysariya)ning pedagogik qarashlari hamda XVIII asrning oxiridagi nemis filantroplarining pedagogik 
tajribasi jismoniy tarbiya nazariyasi va amaliyotning taraqqiy qilishiga katta ta'sir etdi. 
Jon Lokk (1632-1704) ingliz burjua inqilobi davrining ko'zga ko'ringan faylasufi, pedagogi bo'lgan. 
O'sha vaqtlarda ingliz burjuaziyasi o'z mustamlakachilik hukmronligini kengaytirib borar va 
metropoliyalardagi siyosiy hokimiyat uchun kurashar edi. Ingliz burjuaziyasi faqat o'z 
metropoliyalaridagina emas, balki chet el mamlakatlarida ham faol harakat qilishga o'z mollarini zo'rlik 
bilan o'tkazishga, zarur bo'lganda esa kam taraqqiy etgan mamlakat xalqlarini bostirishga va o'ziga 
bo'ysundirishga qodir bo'lgan. 
Lokk o'z falsafiy va pedagogik ta'limotida ingliz burjuaziyasi va unga qo'shilgan dvoryanlarning 
manfaatini ifoda qildi. U kishining ichki va tashqi tajribasini bilish manbai deb hisobladi. Uningcha, tashqi 
tajriba bevosita mavjud bo'lgan tashqi moddiy dunyo bo'lib, u kishi tomonidan sezgi a'zolari (tasavvuri) 
orqali idrok qilinadi. Ichki tajriba esa inson qalbining faoliyati (refleksi), demak, «Bu ikki manba sezgi 
obyekti sifatida yagona mohiyatni tashkil etadi, barcha g'oyalarimiz ana shu mohiyatdan boshlanadi», - deb 
e'tirof etgan Lokk.
Sezish a'zolarini (sezish, hid bilish, ko'rish, eshitish) takomillashtirish, harakat a'zolarini (qo'l, oyoq) 
o'stirish, tanani chiniqtirish, foydali amaliy ko'nikmalar (suzish, otda yurish, eshkak eshish, qilichbozlik, 
o'q otish) hosil qilish, jismoniy kuchlarni yuqori darajada ishga solish uchun iroda kuchi va qobiliyatni 
kamol toptirish zarurligini ishonchli dalillar bilan isbotlab bergan. Bu g'oyalar o'sha davr ingliz 
maktablaridagi jismoniy tarbiyaga kuchli ta'sir etgan. 
XVIII asrda fransuz ma'rifatchilari Didro, Gelvesiy, Golbax, Russo va boshqalar inson shaxsining 
shakllanishida tashqi muhitning hal qiluvchi roli to'g'risidagi ta'limotni taraqqiy ettirishdi. 
Jan Jak Russo (1712-1778) xususiy mulkni kishilar tengsizligining asosiy sababi deb hisobladi. Shu 
sababdan, u bu sohada mulkchilikni cheklash tarafdori edi. Russoning «Emil yoki tarbiya» kitobida kishini 
tabiatga muvofiq ravishda individual tarbiyalash g'oyasi olg'a suriladi. Bu fransuz burjuaziyasi xohishiga 
muvofiq kelar edi. Russoning fikricha, inson erkin bo'lib tug'iladi, lekin u yo'rgakdalik chog'idayoq, dastlab 
o'z odatlarining quliga, so'ngra esa'jamiyat quliga aylanadi. Hech qanday odatlaiga ega bo'lmaslik - eng 
yaxshi odatdir. 
«Tana jondan ilgari tug'iladi, shuning uchun dastlab tana to'g'risida g'amxo'rlik qilish kerak, bu har 
ikkala jins uchun ham umumiy bo'lgan tartibdir»,- deydi u. 


Russo jismoniy tarbiyani tabiiy ozod insonni tarkib toptirishning asosi, deb hisobladi. Bunda aqliy va 
mehnat tarbiyasini qo'shib olib borish zarurligini o'qtiradi. U keng xalq ommasining emas, balki mayda 
burjua sinfining tarbiyasi to'g'risida g'amxo'rlik qildi. 
Shveysariyalik buyuk pedagog-demokrat Iogann Pestalossi (1776-1827) xalq maorifi g'oyasini 
quvvatladi.U tarbiya asosini odamning tabiiy qobiliyatlarini o'stirishdan, tarbiya maqsadini odamning 
ma'naviy qiyofasini tarkib toptirishdan iborat, deb bildi. Uning fikricha, tana faoliyati harakatlarda 
namoyon bo'ladi, harakatlar esa bo'g'inlar tuzilishi va harakatchanligiga bog'liqdir. U bo'g'inlar uchun 
gimnastika elementlarini ishlab chiqdi. Bunda barcha harakatlar o'z mazmunini topgan edi. Pestalossi 
elementar gimnastikani o'ziga xos «mehnat malakalari alifbosi» deb hisobladi, ya'ni ko'tarish, iig'itish yoki 
uloqtirish, aylantirish, urish va h.k. qilishga o'igatish zarur deb topdi. 
XVIII asrning 70-80-yillarida German davlatlarida yangi yo'nalishdagi maktablar paydo bo'ldi. Bular 
filantroplar (insonparvarlar) ochgan maktablar edi. O'qituvchilar bunday maktablarda akademistlar, 
pedagogistlar va fabulyantlar kabi guruhlarga bo'linishgan. Akademitslar - aslzodalar, pedagogistlar - 
amaldorlar, fabulyantlar mehnatkashlarning farzandlari bo'lgan. Bunday tartib filantroplarning feodal 
tabaqachilik tartiblariga qarshi emasligidan dalolat berar edi. 
Filantropinlardagi gimnastikaning mashhur rahbarlari Gerxard Fit (1763-1836) va Iogann Guts-Muts 
(1759-1839) kabilar edi. G.Fit «Jismoniy tarbiya ensiklopediyasi tajribalari» nomli uch tomli kitob yozdi. 
Kitoblarda jismoniy tarbiyaning qadimgi va o'sha davrlardagi tarixi, uning tarbiyaviy mohiyati aks ettirildi. 
I.Guts-Muts «Yoshlar uchun gimnastika» kitobini yozdi (1713). Bu kitobdan Yevropa davlatlarida 
keng foydalandilar. Chunki muallif kitobida jismoniy tarbiyaning nazariy va amaliy jihatlari, ayniqsa, 
mashqlarning aniq tasviri va ularning qo'llanish usullari bilan qo'shib bergan edi. U tasvirlagan gimnastik 
mashqlar sirasiga kurash, yugurish, sakrash, uloqtirish, iig'itish, suzish, arqon, shoti, langarcho'p bilan 
sakrash va daraxtlarga osilib-tirmashib chiqishga doir mashqlar hamda qo'l mehnati, o'yinlar kiradi. 
Jismoniy tarbiyaning pedagogik nazariyasi bu davrlarda turli xilda mavjud bo'lgan. Ingliz faylasufi va 
sotsiologi Gerbert Spenser (1820-1903) jismoniy tarbiya, aqliy tarbiya va axloq tarbiyasini qo'shib olib 
borishni quvvatladi. Shuningdek, nemis faylasufi Fridrix Nixil (1844-1889) va b. sport-gimnastika 
harakatini yangi davrda keng yoyishga xizmat qildi. 
Fransuz pedagogi Jorj Demeni (1850-1917) fiziologiya va jismoniy mashqlar bo'yicha mutaxassis edi. 
«Jismoniy tarbiyaning ilmiy asoslari» (1903), «Yoshlar jismoniy tarbiyasi» (1917) kabi kitoblarini yozdi. 
J.Demeni 1880-yilda Parijda «Muqobil gimnastika» klubini tashkil etdi. U shvedlar, nemislar va boshqa 
xalqlarning gimnastika tizimini izchil ravishda o'rgandi va tanqid qildi. Olim umumrivojlantiruvchi tabiiy 
mashqlar (yurish, yugurish, sakrashlar, yuk ko'tarish, osilish, uloqtirish, himoya va hujum mashqlari, qo'l, 
oyoq, gavda harakatlari va h.k.) bajarishning foydali jihatlarini asoslab berdi, bolalar, yoshlar va xotin-
qizlar gimnastikasi tizimini ishlab chiqdi. Bu bilan gavda harakatlarini fiziologik asoslaiga moslashtirish 
zarurligini ta'kidladi. 
Gimnastika tizimlari. XIX asrda iqtisod, siyosat, fan va texnikaning rivojlanishi natijasida jismoniy 
madaniyat ham rivoj topdi. Ayniqsa, harbiy tayyorgarlikda jismoniy tarbiya vositalari maqsadli ravishda 
qo'llana boshlandi. Ayniqsa, nemislar, shvedlar va fransuzlarning o'zlariga xos gimnastika tizimlari rivoj 
topdi. Gimnastika tizimi uchun oddiy mashqlargina emas, yengil atletika, suzish, boks, qilichbozlik, harbiy 
qurollardan otish va boshqa ko'p mashqlar asos qilib olindi. Bunday tizimlarni ishlab chiqish va amalda 
qo'llash bo'yicha mutaxassislar paydo bo'la boshladi. 
Nemis gimnastika tizimi. 1810-yilda Berlinda «Pestalossi do'stlari jamiyati» qoshida birinchi 
gimnastika to'garagi tashkil topdi. Fridrix Yan (1778-1852) yoshlar harakatiga boshchilik qildi. 1811- yilda 
Berhn yaqinidagi maydonda o'yinlar tashkil qilindi. Bu joyda gimnastika asbob-uskunalari o'rnatildi. 
1812-yil bahoriga kelib, to'garak qatnashchilari soni 500 kishiga yetdi. Ularning mashg'ulotlarida 
gimnastika va harbiy sayohat-mashqlariga keng o'rin berildi. 
Yan «Gimnastika» so'zini «Turnkunst» (epchillik san'ati), shug'ullanuvchilarni esa turnerlar deb atadi. 
Keyingi yillarda turnerlar harakati ancha susaydi. Faqat 1862-yilda barcha turnerlar jamiyatlari 
Umumgermaniya gimnastika ittifoqiga (Doyche Turner Shaft) birlashdi. Ularning gimnastika tizimida 


mashqlarni o'rgatish usullari, mashqlar klassifikatsiyasi (tasnifi), anatomik-fiziologik xususiyatlari, 
yuklanma berish me'yorlari bo'yicha yagona talab va nazariya yo'q edi.
Adolf Shpiss (1810-1853) maktabdagi gimnastika darslarining tuzilishini ishlab chiqdi. Uning ta'limoti 
nemis gimnastika tizimini to'ldirdi va XX asrgacha davom etdi. 
Shvetsiya gimnastika tizimi. Per Ling (1776-1839) o'z hukumatining taklifiga ko'ra, German davlatlari 
va Daniyada jismoniy tarbiyaning ahvoli bilan tanishdi. U 1813-yilda Stokgolmda gimnastika institutini 
tashkil etdi. Gimnastikaning to'rt turini - harbiy gimnastika, pedagogik gimnastika, shifobaxsh gimnastika 
va estetik gimnastikani alohida ajratdi. Bu turlar maktablarda ham o'rgatila boshlandi. Per Lingning o'g'li 
Yalmar Ling (1820-1886) boshchiligida gimnastika asboblari takomillashtirildi, yangi gimnastika 
devorchasi, uzun kursilar xari (brevno), langar cho'plar (shest), narvonlar, arqonlar, kon va h.k. yangi usulda 
yaratildi. Darslar ko'p qismli (12-18) qilib o'tkaziladigan bo'ldi. Shu sababli, uni keyingi mutaxassislar, 
nazoratchilar tanqid ostiga olishgan. Shvedlarning gimnastika tizimi ko'pgina Yevropa mamlakalari, hatto 
Amerikada ham keng qo'llanilgan. 
Fransuz gimnastika tizimi. Fransiyada hukumat tomonidan mamlakatda gimnastika joriy qilish ishlari 
polkovnik Fransisko Amorosga (1770-1848) yuklatilgan edi. U 1817-yilda harbiy gimnastika maktabini 
tashkil qildi. Uning «Jismoniy, gimnastika va axloqiy tarbiyaga doir qo'llanma» (1830) kitobi barcha 
maktablarga joriy etildi. 
«Sokol» gimnastika tizimi. Chexiyada, so'ngra esa Avstro-Vengriyaning slavyan xalqlari o'rtasida 
XIX asrning 60-yillarida «Sokol» (Lochin) gimnastika harakati vujudga keldi. Chex burjuaziyasining 
nemis burjuaziyasi tomonidan siqib qo'yilishi sababli, ular o'z milliy ozodligiga intilib, «Sokol» harakatini 
yaratdilar. Bu yoshlarning «Sokol» jamiyati tuzilishiga olib keldi. 1871-yilda chexiyada 130 ta «Sokol» 
jamiyati mavjud bo'lgan. Jamiyatda chex jismoniy tarbiyasining milliy tizimi tarkib topib, ayrim jihatlari 
nemis gimnastikasiga o'xshagan. Tizimda mashqlarning gavdaga ta'siri emas, balki bajariladigan 
harakatlarga ko'proq e'tibor berilgan. Keyinchalik gimnastika mashqlarining odam sog'ligiga va uning 
irodasiga bo'lgan ta'sirini e'tirof etib, kitoblar yozishgan. Lekin ularda o'qitish usullari o'z ifodasini topmadi. 
Shunday bo'lsada, bu nemislar gimnastikasiga nisbatan ancha boy va uslubiy jihatdan ancha mukammal 
bo'lgan. O'qituvchilar ba'zi mashqlarni o'n martalab takrorlash o'rniga murakkab mashqlar majmuini 
(kompleks) bajartirish yo'llariga o'tdilar. 
Chexlar saf mashqlari va kiyimlarga juda katta e'tibor berishgan. Gavda hamda oyoqlarning nozik, 
aniq va tashqi ko'rinishi go'zal harakatlarigina amalda qo'llanilgan. Gimnastikani juda ham ziynatli qilish 
uchun har xil buyumlardan: tayoqlar, sharflar, qadimiy qurol turlari nayzalar, qalqonlar va h.k.dan 
foydalanishgan. 
Turnik, qo'sh cho'plar (bruss), konda bajariladigan mashqlar, shuningdek, erkin mashqlar musiqa 
jo'rligida bajarilib, turli buyumlar yordamida ijro etiladigan mashqlar, piramidalar, akrobatika mashqlari 
sinchiklab ishlab chiqilgan. Ular quyidagi to'rt guruhga ajratilgan: 
- Asboblarsiz bajariladigan mashqlar — erkin mashqlar va h.k. 
- Asboblarda bajariladigan mashqlar — buyumlar bilan va asboblar ustida bajariladigan mashqlar. 
- Guruh bo'lib bajariladigan mashqlar — piramidalar, o'yinlar. 
- Harbiy mashqlar — qilichbozlik, kurash, mushtlashish (boks) mashqlari, 
«Sokol» gimnastikasining asosiy muallifi, mashqlarning asosiy texnikasi va usullarini ishlab chiqqan 
kishi estetika professori Miroslav Tirsh (1832-1884) edi. Shunday qilib, yangi davrda gimnastikaning 
pedagogik, uslubiyat va tashkiliy asoslari yuzaga keldi hamda rivoj topdi. 
Jismoniy madaniyatda rekreatsion harakatlar. Rekreatsiya - qayta tiklash, sog'lomlashtirish, hordiq 
chiqarish ma'nolarini bildiradi. Jismoniy madaniyatning taraqqiyotida rekreatsion harakat muhim o'rin 
tutadi. Chunki u faol dam olishning mujassamlashgan vosita, usullaridan hisoblanadi. 
Rekreatsion jismoniy madaniyat harakatining rivojlanishiga obyektiv sabablar ko'p. Ya'ni zavod-
fabrikalar, maktablar va boshqa joylarni qurish uchun joylarni band qilish, shaharlarning kengayishi, 
ekologiyaning buzilishi, ishchi va mehnatkashlar ish vaqtining ko'payishi, dam olish hamda hordiq 
chiqarishga imkoniyatlarning kamayishidir. Yoshlar o'rtasida ichish, chekish, bezorilik va tartibsizlikning 
o'sishi ham ularga qarshi tadbirlar olib borishni taqozo etdi.


Yana bir tomoni shundaki, fan-texnika taraqqiyoti va ba'zi kishilarning turmush sharoiti faol harakat 
qilishdan orqada qolib ketdi. Natijada, gipodinamiya hollari rivojlana boshladi. Bularning barchasi 
salomatlikning susayishi va kasalliklarning ko'payishiga olib keldi. Ana shu illatlardan saqlanish yo'lida 
jismoniy tarbiyadan foydalanish ishiari shakllandi.
Bu yillarda birinchilardan bo'lib Angliya XIX asrning 70-yillarida harakat qildi va Londonda o'yinlar 
uchun maydonlar tashkil qilindi, istirohat bog'lari barpo etildi, turli ijtimoiy harakati faollari sayrlar, 
o'smirlar va katta yoshdagilar bilan o'yinlar o'tkazishdi. XX asrning 80-90-yillarida shunga o'xshash 
istirohat va ko'ngil ochish bog'lari AQSH, Germaniya, Polsha, Kanada, Fransiya, Avstraliya, Urugvay va 
boqsha mamlakatlarda ham bunyod etildi. 
Havaskorlik va professional sport. So'nggi davrda sport keng qanot yozib taraqqiy qila boshladi. 
Kollejlar va universitetlardagi sport keng jamoatchilik doirasiga yoyilib, jismonan chiniqish va faol dam 
olish vositasiga aylana bordi. XIX asr oxirlarida sport havaskorlik va professional darajasiga chiqib oldi. 
Bu 1894-yil Parijda havaskorlik sportining tamoyillarini o'rganish va uni keng yoyishga bag'ishlangan 
Xalqaro Kongressda rasmiy tasdiqlangan. 
Havaskorlik sporti. Havaskorlik sportiga maqom (status) berishdan maqsad aristokratik sport 
doirasidagilar va boshqa sohalardagi sportchilarni chegaralash, o'z navbatida esa jismoniy mehnat bilan 
shug'ullanuvchi ishchilar, sport sohasidagi mutaxassislar, murabbiylar, pedagoglarga keng imkoniyat 
yaratib berishdan iborat. Mehnat jarayonida sport bilan shug'ullanib chiniqish va yana ish haqi olish 
havaskorlikka ziddir, degan g'oya paydo bo'ldi. Shu sababdan, bu jarayon professionallikni yuzaga keltirdi. 
Shu tariqa klublar tashkil etilib, havaskorlik sporti harakati rivojlana boshladi. Klublar ham, davlat ham 
xususiy ko'rinishga ega edi.
Professional sport. Havaskorlik sporti qatorida professional sport ham rivoj topdi. XVII-XVIII asrlarda 
mavjud bo'lgan sovrinli sport («Prizovoy sport») o'rniga hoziigi davr professional sporti paydo bo'ldi, bu 
savdo-ishlab chiqarish va moliyaviy kapital bilan uzviy bog'liq edi. Professional sportchini sotib olish va 
sotish mumkinligi sababli yollanma ish kuchi predmetiga aylanadi. Chunki u tovarlarni reklama qilish va 
boshqa sohalarda katta foyda keltira boshladi. Professional spoitchi va tadbirkorlarning (menejer) o'zaro 
munosabatlari shartnomalar asosida rasmiylashtiriladi. «Qanday bo'lmasin g'alaba» shiori ostida katta pul 
evaziga barcha joylarda reklama qilish professionalizm yo'lida amalga oshirib borildi.
Sportchilarga giyohvand moddalar (doping) berish, ularning jismoniy, ma'naviy xususiyatlari sun'iy 
ravishda kuchaytirildi. Professional sport ko'rgazmalarida jinoyatkorlik ishlari ham amalga oshirilishi 
ko'zda tutilgan edi. Professional sportni rivojlantirish bilan kassa yig'imini, reklamalar, turli xil ayyorlik 
yo'llari bilan katta foydani qo'lga kiritadi. 
Professional sport asta-sekin kurash, boks, beysbol, futbol, basketbol, tennis, avtomotopoyga, 
velosiped, tog' chang'isi va boshqa sport turlarida ham ildiz ota boshladi hamda jahonga keng tarqaldi. 
Professional sportning salbiy tomonlari bilan biigalikda uning targ'ibot yo'lidagi ba'zi ijobiy xususiyatlarini 
ham tan olishga to'g'ri keladi. Ya'ni ommaning jismoniy mashqlar bilan shug'ullanishi, yoshlarni sport, o'yin 
va gimnastika bo'yicha tashkil qilingan klublarga jalb etishda bu sport harakatining o'ziga xos xizmatlari 
mavjud bo'lgan. 
Birinchi jahon urushi arafasi yillarida jismoniy tarbiya va sport 
Birinchi jahon urushi arafasi, urush yillarida jismoniy tarbiya va sportni milliylashtirish avjiga chiqdi. 
Imperialistik hokimiyat harbiy qurollanishni kuchaytirish, o'rinbosarlarni (rezerv) harbiy-jismoniy jihatdan 
tayyorlashishini yaxshilashga katta kuch sarf qila boshladi. 1911-yildan boshlab Germaniyadagi sport 
uyushmalarining barcha yo'riqnoma va dasturlari yoshlarni milliy ruhda tarbiyalashga da'vat etadi. Bunda 
ko'proq harbiy-sport o'yinlari, katta guruhda yurishlar, sport klublari tashkil qilish avjiga chiqdi. Nemis 
maktablarida harbiy-jismoniy tayyorgarlik darslari tashkil qilinib, haftada 3 soatgacha mashg'ulot o'tkazila 
boshlandi va har kuni 10 daqiqali gimnastika va yurish (marshirovka) tashkil qilindi. 
Fransuz harbiy leytenanti Jorj Eber (1875-1957) o'zining harbiy jismoniy tayyorgarlik usulini tashkil 
etdi. Bunda yurish, sakrashlar, yuk ko'tarish, uloqtirish, suzish, himoya va hujum kabi jismoniy mashqlarga 
tayanildi. Shuningdek, u harbiylarga miltiq, to'pponcha, shpagadan foydalanish, otda yurish, mototsikl 


haydash, qayiqlarda eshkak eshish, yelkanlarni tiklash, belkurak, lom, arra, bolta va bolg'alarni qo'llay 
bilish kabi sifatlarni tezda o'zlashtirishni tavsiya etdi. 
Eber sportga qarshi bo'lib, faqat sportdagi professionallikning jiddiy tarafdori edi. U «Sport jismoniy 
madaniyatga qarshi» nomli kitobini yozadi. U shu sohaga rahbarlik qilsada, ilmiy tayyorgarlikka ega emas 
edi va o'z uslubiyatini faqat tajribalar asosida tashkil etadi. Eber Demenidan farqli ravishda xotin-qizlarning 
jismoniy tarbiyasiga qarshi noilmiy fikrlar bildiradi. Uning fikricha, erkaklarning mashqlarini xotin-qizlar 
ham bajarishi lozim. Buni o'rgatilgan hayvonlar misolida ko'rish mumkinligini ta'kidlaydi. 
P.F.Lesgaftning jismoniy tarbiya ta'limi. Petr Fransevich Lesgaft (1837-1909) ajoyib olim va 
revolyutsiyadan oldingi Rossiyadagi jismoniy tarbiyaning eng faol ijodkori, jismoniy tarbiya ilmiy 
sistemasining asoschisidir. U o'zining ilmiy asarlarida jismoniy tarbiya jarayonining hamma tomonlarini 
aks ettirdi. 
P.F.Lesgaft 1861 yilda meditsina-xirurgiya akademiyasini tamomladi va shu akademiyaning o'zida 
anatomiya o'qituvchisi bo'lib ishlay boshladi. U 1865-yillarda birin-ketin ikkita dissertatsiya yoqladi hamda 
meditsina doktori va xirurgiya doktori degan ilmiy darajalarni oldi. Lesgaft dissertatsiyalar tayyorlayotgan 
vaqtidayoq antropologiyani odam haqidagi fan sifatida keng ma'noda tushundi va uni o'rganishga kirishdi. 
Xuddi shu vaqtning o'zida u odam organizmining taraqqiy etish nazariyasi asoslari ustida ham ishlay 
boshladi.U bu ishga taraqqiyotning materialistik g'oyasini asos qilib oldi. Bu g'oyaga ko'ra, odam organizmi 
asosan tashqi muhit ta'siri bilan to'xtovsiz o'zgargani holda taraqqiy eta boradi. 
Lesgaft mashqlarni butun oiganizmni va uning ayrim qismlarini taraqqiy ettiruvchi yagona vosita deb 
bildi. Gavdaning barcha a'zolarini uyg'un ravishda mashq qildirilganda, organizm juda yaxshi taraqqiy 
etadi. Bu narsa Lesgaftni, jismoniy tarbiyaning ilmiy ravishda asoslangan tizimini yaratish zarur, degan 
fikrga olib keldi. U bu ishga ikkinchi dissertatsiyasini yoqlaganidan so'ng bir necha yil o'tgach kirishdi. 
P.F.Lesgaft 1872 yildan boshlab doktor Beiglinning xususiy davolash gimnastika ishxonasida 
konsultant sifatida ishladi. 1874 yilda Lesgaft o'zining gimnastika masalalariga doir birinchi maqolasini 
chop ettirdi. Maqolada gimnastikaning asoslari haqida, asosan, uning oiganizmga ta'siri to'g'risida gap borar 
edi. So'ngra Lesgaft harbiy vazirlikning topshirig'i bilan bir yil mobaynida Yevropaning turli 
mamlakatlarida bo'ldi. Bundan maqsad o'sha mamlakatlarda jismoniy tarbiyaning qanday yo'lga 
qo'yilganligi bilan tanishish edi. 
Lesgaft o'z nazariyasini yarata borib, jismoniy tarbiyani turmushga tatbiq qilish sohasida zo'r 
tashabbus ko'rsatdi. U 1874 yildan boshlab ko'p yillar mobaynida harbiy o'quv yurtlari o'quvchilarining 
jismoniy tarbiyasiga rahbarlik qildi. Xuddi shu yillar ichida u jismoniy tarbiya rahbarlari tayyorlash 
kurslarida jismoniy tarbiya materiallariga doir bir qancha ma'ruzalar o'qidi. P.F.Lesgaft garchi o'quvchi 
yoshlar jismoniy tarbiyasiga yordam berish jamiyatida faqat kotib bo'lib hisoblansa ham, aslida uning 
rahbariga aylanib qolgan edi. 
P.F.Lesgaftning jamiyat ishlarida ishtirok etishi shunga olib keldiki, jamiyat faoliyati demokratik 
xarakter kasb etdi. Jamiyatning bolalar maydonchalariga kichik xizmatchilar va hatto ishchilarning bolalari 
ham qo'yila boshlandi. Bolalar bilan harakatli o'yinlar, ekskursiyalar va sayrlar o'tkazdilar, qishda konki va 
chanalarda uchilar, yozda esa qayiq va kemalarda suzishar edi.
P.F.Lesgaft ishlab chiqqan jismoniy ta'lim nazariyasining asosiy yo'nalishlari quyidagilardan iborat: 
1. Aqliy ta'lim ham, jismoniy ta'lim ham odamni butun jamiyat baxt-saodati uchun serunum mehnat 
qilishga tayyorlash imkonini berishi kerak. Har qanday ta'limning asosiy maqsadi odamning shaxsiy 
manfaatini emas, balkr jamiyatga foyda keltirishni birinchi o'ringa qo'yishiga erishishdan iborat bo'lmog'i 
lozim. Odam deydi Lesgaft, butun umrida ijodkor bo'lishi, yodaki uslublardan foydalanmasligi darkor. 
Shunday qilingan taqdirdagina odamning uzluksiz shaxsiy kamolotiga va butun jamiyat madaniyatining 
taraqqiyotiga erishish mumkin. 
2. Inson aqliy faoliyatida ham, jismoniy faoliyatida ham ijodiy faollikka qo'yilgan maqsadlarga 
erishish uchun vositalar ongli ravishda tanlangan taqdirdagina erishish mumkin. Shuning uchun Lesgaft 
mashq qilish natijasida hosil bo'lgan narsalami bir-biridan farq qila olishga odatlanishni, ularni o'zaro bir-
biri bilan taqqoslay olish hamda ularga baho bera bilish, ya'ni tahlil qila olishni jismoniy ta'limning eng 
muhim vazifalaridan biri deb hisobladi. Lesgaft ana shu nuqtai nazardan mashqlarni ko'rsatib berishni emas, 


balki ularni tushuntirib berishning o'zi bilan cheklanishni tavsiya qildi. Bu narsa o'quvchini bajargan 
harakatini ko'r-ko'rona takror qilib berishga emas, balki uning haqida ongli tasavvur hosil qilishga, undan 
keyin esa o'sha harakatni takror bajarishga majbur etadi. Odam ongi deydi Lesgaft, uning har bir faoliyatini 
oldindan bajarishi kerak. 
P.F.Lesgaft o'zining jismoniy ta'lim tizimini yaratib, G'arbiy Yevropa mamlakatlari jismoniy tarbiya 
tizimini qattiq tanqid qildi. U bu gimnastika tizimi mashqlari bola organizmining anatomik tuzilishiga mos 
emasligini isbotlab berdi. Olim nemis va shved gimnastikasini tanqid qilishda me'yordan oshmadi va 
umuman, o'zidan keyingi olimlar, jumladan, F.Lagranj (Fransiya) singari gimnastikaning ahamiyatini 
kamsitmadi. Aksincha, gimnastika mashqlarini keng qo'llagan holda jismoniy ta'limning ilmiy jihatdan 
asoslab berilgan tizimini yaratish ustida ishladi. U olimlar va pedagoglarni ijodiy faol bo'lishga, gimnastika 
va sportning odat tusiga kirgan chet el tizimi rus yoshlari jismoniy ta'limiga kirib kelishiga tanqidiy ko'z 
bilan qaramaslikka qarshi kurashishga da'vat etdi. 
Jismoniy tarbiyaning harbiylashtirilishi va fashistlashtirilishi. Birinchi jahon urushidan keyin 
kapitalistik mamlakatlarda jismoniy tarbiyani to`gridan-to`gri keng ko`lamda harbiylashtirish ayrim 
mamlakatlarda esa uni fashistlashtirish boshlanib ketdi. Chet el mamlakatlari o`quv yurtlarida olib 
borilayotgan jismoniy tarbiya dasturlari qayta ko`rib chiqildi. Mehnatkashlarning sport tashkilotlariga 
kirishini yengillashtirdi, ularni korxona egasiga qarashli fabrika-zavod sport klublariga, skaut 
tashkilotlariga, jismoniy tarbiyaning katolik hamda xristian uyshmalariga jalb etish ishlarini avj oldirib 
yubordi.
Chet el mamlakatlari sport tashkilotlarida yoshlarni jismoniy jihatdan har tomonlama o`stirish emas, 
balki ularga harbiy bilimlar, ko`nikma va malakalar berish, o`z ideologiyasini majburan qabul qildirishga 
urindi. 
Germaniyada revanshist va agressiv doiralar nemis harbiy imkoniyatlarini qayta tiklash planlarini 
ko`tarib chiqa boshladilar. Ular nemis yoshlarini jismoniy jihatdan baquvvat, «Buyuk Germaniya»ni 
tiklashni hamda nemis militaristlarining «Germaniya hammadan yuqori» degan chaqirig`ini amalga 
oshirishni to`la istaydigan qilib tarbiyalashga intildilar. 1920 yilda general Bergardi Germaniyaning harbiy 
quvvatini qayta tiklash yo`lini ko`rsatib berdi. U, Versal shartnomasiga muvofiq, Germaniyaga qoldirilgan 
12 yillik muddat bilan xiamat o`taydigan 100 ming soldati bo`lgan armiya asosida urushga tayyorlanish 
«g`oya»sini ilgari surdi. Uning planiga ko`ra, bu armiya ofitserlar sostavini tayyorlash darajasida ta`lim 
olgan va eng yangi texnika bilan qurollangan bo`lishi hamda buyrug`i ommaviy armiya ofitserlar 
sostavining negizini tashkil qilishi kerak edi. Oddiy soldatlarni grajdan gimnastika va sport tashkilotlarida 
tayyorlash va tarbiyalashni tavsiya etdi. Hukmron doiralar tomonidan bu g`oya qo`llab-quvvatlandi hamda 
gimnastika va sport klublarining keng tarmoqlarini tashkil etish ishlari rag`batlantirila boshlandi.
Nemis gimnastika uyshmasi (DT) g`ayrat bilan ishladi, u 1921 yildan boshlab sport gimnastikasini, 
bir yil o`tishi bilan futbol, qo`l to`pi, baydarakda eshkak eshish, qilichbozlik, suzish va yengil atletikani 
taraqqiy ettira boshladi. Gimnastika uyshmasi sportning boshqa turlarini taraqqiy etishga intilishining 
sababi yoshlarni o`z saflariga iloji boricha ko`proq jalb etish va ularni german militarizmi ruhida tarbiyalash 
maqsadidan iborat edi. 1922 yilga kelganda DT a`zolarining soni bir million kishiga yetdi. Siyosiy sohada 
DT reaksionerlarni va fashistlar to`dasining boshlig`i Gitlerni qo`llab-quvvatlaydigan Germaniya 
revanshist tashkilotlarining pozitsiyasini to`la yoqladi. DT va boshqa burjua gimnastika va sport 
tashkilotlari, sportning siyosatga aloqasi yo`q, degan shiorlar bilan niqoblandilar, amalda esa jismoniy 
tarbiyani, yoshlarni harbiy jismoniy jihatdan tayyorlashni harbiylashtirdilar.
1933 yil fashizmning hokimiyat tepasiga kelishi german xalqining jismoniy tarbiyasi tarixida eng 
mudhish davrning boshlanishi bo`ldi. Fashistlar hokimiyatni qo`lga olishi bilan Qizil sport birligi uchun 
kurash komitetiga birlashgan barcha ishchi sport tashkilotlarni yo`q qildilar. LSI seksiyalari tarqatib 
yuborildi va Jismoniy tarbiya davlat komiteti tugatildi. Jismoniy tarbiya, sport ishlariga rahbarlik qilish 
ishlari imperiya sport komisari Chammer Ostenga topshirildi.
1934 yidda fashistlar Germaniyasida uch darajali - bronza, kumush va oltin davlat sporti znachogi 
joriy qilindi. 18-35 yoshlardagi har bir erkak kishi belgilangan muddat ichida ana shu znachok uchun norma 
topshirishi shart edi. Bronza znachogini olish uchun sport-rekrut maktabini va bir yillik gelendeshport 


maktabini tomomlash, 100 metrga yugirish, uzunlikka sakrash, gurzini yuqoriga otish, yadro irg`itish, 3000 
metrga yugi`rish, kichik kalibli miltiq otish, 12,5 kg yuk bilan 25 km ga marsh bilan borish mo`ljalga 
granata uloqtirish hamda gelendeshport programmasi asosida sinov topshirishi kerak edi.
Fashistlarning «sport» tarbiyasi «Quvonch tufayli kuch» tashkiloti yonida tuzilgan «mehnat fronti» 
(fashist kasaba soyuzlari) vositalari ham amalga oshirildi. 1936-1939 yillarda sportni fashistlashtirish 
yanada kuchaydi.1938 yilda ta`sis etligan Jismoniy mashqlar millatchilik imperiya soyuzida o`z ifodasini 
topdi. Fashistlar Italiyasida ham jismoniy tarbiya va sport ishlari keng miqyosda harbiylashtirildi va 
fashistlashtirildi. 1922 yilda xokimiyat tepasiga kelgan Italiya fashizmining siyosati «Buyuk Italiya»ni 
tuzish uchun yangi imperialistik urushga tayyorlanishga qaratildi. 
Italiyada maktab yoshidagi bolalar hamda yoshlarning jismoniy jihatdan o`sishi va ularga fashistlar 
tomonidan beriladigan tarbiya ishlariga maorif ministrligining jismoniy tarbiya departamenti va maxsus 
ijtimoiy tashkilot «Opera natsionale Balilla» rahbarlik qildi. 
1920 yilda Fransiyada maktabgacha tarbiya yoshidagi va maktab yoshidagi bolalar jisminiy tarbiyasi 
to`g`risida yangi qaror qabul qilindi. 
Jismoniy tarbiyaning yangi programmasiga gimnastika snaryadlarida bajariladigan mashqlar 
kiritilmagan, ammo unda tabiiy to`siqlar (zovur, to`siq, devor) dan o`tish hamda narsalar tashishga (qum 
to`lg`azilgan qop, chechak va shu kabilar) keng o`rin berilgan edi. 
1925 yilda Fransiyada harbiy ministrlik bilan mustahkam aloqada bo`lgan yoshlarni jismoniy 
tarbiyalash bo`yicha Davlat sekretariati tuzilib, uning tashabbusi bilan 9000 ta maktab huzurida 
o`quvchilarni harbiy ishlarga tayyorlovchi mustaqil suratda ishlaydigan sport va otish jamiyatlari tashkil 
etildi. 
Vengriyada 14 dan 21 gacha bo`lgan yoshlarning umumiy sport majburiyatlari haqida qonun qabul 
qilindi. Sobiq kazarmalar harbiy-jismoniy tayyorgarlikning o`ziga xos markazlariga aylabtirildi. Taxminan 
30 mingga yaqin sobiq ofitserlar sport ishlariga rahbarlik qilishga jalb etildi.
Chexoslovakiyada grajdan aholisini harbiy jisminiy jihatdan tayyorlash «sokol» tashkilotlari 
vositasida olib borildi. «Sokol» jamiyati rahbarlaridan biri Klinger shunday degan edi: ««Sokol» o`z 
a`zolarining kazarmaga kirishidan oldinroq ulardan soldat yetishishiga intiladi...» 
Angliya birinchi jahon urushi natijasida g`olib mamlakatlar qatoriga kirgan edi. Ammo bu hol uning 
iqtisodiy va siyosiy ahvolini mustaxkamlamadi. 
B. Shou o`zining «Mafusailga qaytish» nomli asariga yozgan muqaddimasida Angliya maktablaridagi 
tarbiyani juda aniq qilib hamda haqqoniy tarzda xarakterlab berdan edi: «Imtiyozli maktabda bolani turli 
yo`l bilan bema`nilikka, axloqsizlikka o`rgatiladi, uni tekin daromad olishga asoslangan bizning 
jamiyatimiz mohiyatiga ko`ra aldaydilar, unga be`manilik, dabdabalik va vatanparvarlikka ishonch ruhi 
singdirildi, ammo uni otishga, otda chopishga, jismoniy kuchini o`stirishga o`rgatish kerak bo`lganda, u 
o`zining bu mashqlarning xammasini yaxshi, hatto iloji boricha a`lo darajadabajarishini chinakam 
istaydigan odamlardan eng malakali yordam va yo`l-yo`riq oladi. Ular mushtlashishini din yo`lidan boorish, 
o`ldirishni esa erkak kishining ziynati, deb tushunadilar. 
AQSHda maktab, o`rta va oliy o`quv yurtlari yordamida yoshlarni o`z ideologiyasi ruhida tarbiyaladi, 
ularni jahonga hokim bo`lish bo`lish planlarini amalga oshirishga, «amerikacha yashash»ni propaganda 
qilishga tayyorladi. Amerika cherkovi, harbiy boshqarma va juda ko`p yarim sport-yarim harbiy 
tashkilotlar, masalan, «Amerika legioni» kabi tashkilot ham ana shu maqsadda ish olib bordi». Jismoniy 
tarbiya burjuaning butun tarbiya sistemasining bir qismiga aylana bordi. 1920 yilda AQShning Sport 
rahbarlari va universitetlardagi o`yinlar jamiyati komiteti jismoniy tarbiya vazifalarini aniqlar ekan, uning 
muhim vazifasi yoshlarni itoatgo`ylik va intizomlilik ruhida hamkorlik qilish, o`z manfaatidan voz kechish 
ruhida va ularda Amerika jamiyati uchun zarur bo`lgan boshqa fazilatlarni tarbiyalab yetishtirishdan iborat 
deb ko`rsatildi. 
Bir qancha kapitalistik mamlakatlarda birinchi va ikkinchi jahon urushlari o`rtasidagi davrda jismoniy 
tarbiyasi tizimida yangi usullar keng tarqaldi. Bu usullar armiya va maktablarda jismoniy hamda harbiy 
tayyorgarlik sohasida o`tkazilgan islohotlarga bog`liq ravishda paydo bo`lgan edi. Yangi usullar xukmron 
sinflarining buyurtmasini bajarishga qaratilgan edi.


Ular bu usullarni birinchi galda maktab yoshidagi va harbiy xizmat yoshiga yetgan yoshlarni 
tarbiyalash uchun yaratdilar.
O`sha yillarda muvozanat saqlash nazariyasi deb ataluvchi nazariya keng tarqaldi. Uning mohiyati 
shundan iboratki, jismoniy tarbiya texnika taraqqiyoti tufayli odamning yo`qotgan jismoniy kuchini tiklash 
kerak edi. Bunda asosiy e`tibor insonni har tomonlama o`stirishga emas, balki uni jismoniy jixatdan 
mustaxkamlashga qaratildi, masalaning tub mohiyati esa mehnatkashlarning ekspulatatsiya qilishning og`ir 
formalarida emas, balki taraqqiy etib borayotgan ishlab chiqarish texnikasida deb qaraldi.
Professional sport –sport harakatidagi eng harakatli hodisadir. Birinchi jahon urushidan so`ng o`z 
foydasini o`ylovchi tadbirkorlar sportdan tomashabinlarni qiziqtiradigan va ularda eng yaramas niyatlarni 
uyg`otadigan tomosha sifatida keng ko`lamda foydalana boshladilar. Professional sportning taraqqiy etishi 
AQSh, Fransiya, Angliya va boshqa mamlakatlarda katta foyda keltiradigan stadionlar, sport inshoatlari 
qurish, matchlar va musobaqalar o`tkazish bo`yicha sport seksiyalari hamda komandalarni tuzishga olib 
keldi. Mashhur negr progressiv arbobi va tinchlik kurashchisi Pol Robson AQSh dagi professional 
sportning mohiyatiga shunday deb baho bergan edi: «Boks ringlarining tadbirkorlari ham, futbol 
klublarining xo`jayinlari ham, stadion egalari ham ularning hammasi faqat tekin foyda olish haqida, sportni 
biznes tarmog`iga aylantirish to`g`risida o`ylaydi».
Yangi davrdagi jismoniy tarbiya va sportning rivojlanishi qanday bo'lgan? 
Yangi davrda havaskorlik sporti va professional sportning farqi nimada? 
Rekreatsion sport tushunchasi nima? 
XX asr oxirlarida chet el mamlakatlarida jismoniy madaniyat va sport taraqqiyotining xususiyatlari 
nimalardan iborat? 
Mavzuni o‘zlashtirish uchun savollar 
1.Yangi davrda JT va S ning rivojlanishi xususiyatlari haqida aytib berin? 
2.Chet mamlakatlarda jismoniy tarbiyaning nazariy asoslarini vujudga kelishi haqida aytib berin?
3.G'arbiy Evropa va AQSHda gimnastika va sport o’yinlari tizimlarining rivojlanishi haqida aytib 
berin? 

Yüklə 168,93 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə