Demokratik jamiyat to’G’risidagi dastlabki qarashlar va uning rivojlanish bosqichlari. Reja



Yüklə 87,5 Kb.
səhifə1/2
tarix23.05.2023
ölçüsü87,5 Kb.
#112365
  1   2
Demokratik jamiyat to’G’risidagi dastlabki qarashlar va uning ri


DEMOKRATIK JAMIYAT TO’G’RISIDAGI DASTLABKI QARASHLAR VA UNING RIVOJLANISH BOSQICHLARI.
REJA:
1. Demokratik davlat va fuqarolik jamiyati to’g’risidagi dastlabki qarashlar.
2. O’rta asrlarda davlatni boshqarish va adolatli jamiyat qurish xaqidagi g’oyalar.
3. Yangi davrda fuqarolik jamiyati nazariyasi rivojlanishining o’ziga xos xususiyatlari.
4. Adabiyotlar

Har qanday davlat o’z jamiyatining tarixiy madaniy va axloqiy merosi negizlari asosida rivojlandi. Bunday uyg’unlik xalqni rivojlanishida yangi bosqichlarga ko’taradi, uning istiqbol omillarini kengaytiradi. Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ana shunday davlatchilik merosi insoniyat tarixi rivojiga ulkan hissa qo’shgan.


Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov tarixchi olim va jurnalistlar bilan bo’lgan uchrashuvda — “Hozir O’zbekiston deb ataluvchi hudud, ya’ni bizning Vatanimiz nafaqat Sharq, balki umumjahon bugun tan olmoqda. Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan buyuk allomalar, fozilu-fuzalolar, olimu- ulamolar, siyosatchilar, sarkardalar etishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari mana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan”, deydi.
Darhaqiqat, Movaraunnahr oralig’ida paydo bo’lgan ulkan davlatchilik madaniy merosi insoniyat tarixi ibtidosida eng dastlabki hamda qadimiy davlatchilik madaniyat sifatida ma’lum. Ayni paytda, bunday meros mustaqilligimiz sharofati bilan milliy davlatchilik to’g’risidagi ta’limotlarni o’rganish imkoniyatlarini ochib berdi.
Ma’lumki, O’zbekistonda milliy davlatchiligimiz to’g’risidagi eng qadimgi manba “Avesto”dir. U eramizdan oldingi 3 minginchi yillarda ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilk davlatchilik to’g’risidagi ijtimoiy qarash hisoblanadi. Agar “Avesto”da ilgari surilgan g’oyalarga e’tibor beradigan bo’lsak bugungi adolatparvar demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan g’oyalarimiz bilan hamohang ekanligini ko’ramiz.
Davlatchilik asoslarini shakllantirish borasida “Avesto” deyarli barcha ijtimoiy masalalar, qadimgi geografik tushunchalar, etnik jamoalar, viloyat hududlari, ularning nomlari, qadimgi mamlakatlarning ro’yxati, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy va siyosiy tuzum asoslari, zardushtiylarning falsafasi, dunyo tarixining rivojlanishi haqidagi ma’lumotlarni o’z ichiga qamrab oladi.
Manbada, avvalo, inson erki, komilligi, ruhiy sog’lomligi masalalari ustuvor qo’yiladi. Masalan:“Men yaxshi fikr, yaxshi so’z, yaxshi ishga shon – shavkat baxsh etaman” deyiladi Yasnaning 14 kitobida. Axura Mazda, insonlar o’rtasida bo’layotgan munosabatlar o’zaro samimiylik, hurmat, beg’arazlik, yordam va oqibatli bo’lish zarurligiga, yomon fikrlardan holi bo’lishga ishora qiladi. Kattaga hurmat va kichikka izzat, sabr-bardosh, halollik mehr-oqibat va boshqa bir qator tamoyillar borki, milliy g’oyamizning asosiy tamoyillariga uyg’un keladi.
G’oyalarning bunday tarzda qo’yilishi dunyo ana shu kuchlarning yonma —yon yashashdan iborat, degan falsafaning mohiyatini anglashga undaydi. Shu tariqa “Avesto” o’sha zamonda yashagan odamlar o’rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishda davlatga bo’lgan ehtiyoj va zaruriyati o’laroq yuzaga kelgan manba bo’lib hisoblanadi.
“Avesto”da eng muhim masalalardan biri bu — huquqiy munosabatlarning nazariy jihatdan shakllanganligidir. Unda inson hayoti va odamlar o’rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar huquqqa asoslanganligi haqida ma’lumot bor. Haqiqat, yaxshi so’z va maqsad, poklik va ezgulikka intilish, suv, er, olov, xonadon va chorvani asrab avaylash axloqiy burch bo’lib sanalgan. Inson o’zining ishlari va fikrlari bilan, yaxshilik yorug’lik va baxt keltiruvchi, hayot va haqiqat beruvchi oliy tangri Axura Mazdaga yordamchi bo’lib xizmat qiladi.
Oila va jamoada berilgan so’zdan yoki qasamdan voz kechish, odamlar o’rtasida tuzilgan ahdnomani buzish katta gunoh hisoblangan: “O Spitama, shartnomani bo’zuvchi kishi butun mamlakatni buzadi, shu bilan birga Artaga tegishli barcha mulku-mollarga putur etkazadi. O Spitama, axdingni buzma...” (“Yasht”, X bob).
Tarixiy xujjatlar asosida aytish mumkinki, “Avesto”ning “Yasna”, “Visprat”, “Yasht”, “Videvdat” kitoblarida ilgari surilgan huquqiy ta’limotlar Rim huquqidan qadimiyroq hisoblanadi, boz ustiga, ular keyinchalik tashkil topgan davlatlar siyosiy tizimining shakllanishi manba bo’lib ham xizmat qilgan. Shu tariqa “Avesto” grek mutafakkirlari va Rim huquqshunoslari ijodiga o’zining har tomonlama mukammalligi bilan ta’sir ko’rsatgan. Jumladan,, inson huquqi, jismoniy va huquqiy shaxs erkinligi, inson erkinligi, erkak va ayolning tengligi masalasi, ozchilikning huquqi, voyaga etmaganlar huquqi, vijdon, e’tiqod va din erkinligi, jamoa va guruhlarning huquqi, mol-hol huquqi, oila shartnomalarning majburiylik huquqi, jinoyatning qasddan yoki ehtiyotsizlik natijasida sodir etilgan jinoyat turlari ishlab chiqilgan, o’g’rilik yoki bosqinchilik farqlari tasniflangan, himoya huquqi va sud ishlarini yuritish hamda tashkil etish kabi boshqa huquqiy tamoyillar o’z ifodasini topgan.
Bundan tashqari, “Avesto”dagi adolatli qonunlar va yaxshi hokimlar to’g’risida ilgari surilgan g’oyalarga tayanib aytish mumkinki, ular umuminsoniy qadriyatlar bilan bog’liq bo’lgan demokratik ta’limotlarning nazariy ko’rinishlari sifatida o’z ifodasini topgan.
Inson tabiatan erkinlikka, ezgulikka intilib yashaydi. Bunday ehtiyojlarning barcha uchun umumiy bo’lgan qoidalarini va ularning tartibotlarini tashkil etishda davlatga bo’lgan ehtiyoj vujudga keladi. Mana shunday ehtiyoj ma’rifiy va madaniy ta’limotlarning hosilasi sifatida umuminsoniy qadriyatlarning mezonlarini shakllantirib kelgan. Ayni paytda, kishilik jamiyatining o’zaro urushlar va ixtiloflar bilan bog’liq davrlarida yangi ma’rifiy ta’limotlar xaloskor g’oyasifatida vujudga kelgan, aynan IX va XIII asrlar O’rta Osiyo tarixida shunday murakkab davr bo’lgan.
Xalqning o’z mustaqilligi uchun kurashishi, bunda hurriyat va inson erkinligi g’oyalari millatni ma’naviy yuksalishiga olib kelgan. Bu davrda dunyoga mashhur Xorazimiy, Farg’oniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Nizomulmulk kabi faylasuf, siyosatchi tarixchi olimlar shu davrda yashab ijod etdilar. Bu davr o’z mazmuni, salmog’i jihatidan O’rta Osiyo uyg’onishdavri deb tarixga kiradi. Uyg’onish davri madaniyatining o’ziga xos tomonlari mavjud bo’lib, ular quyidagilardan iborat edi:
1. Dunyoviy ma’rifatga intilish, bu yo’lda o’tmish va qo’shni mamlakatlarning madaniyati yutuqlaridan keng foydalanish, ayniqsa, tabiiy-falsafiy, diniy, tarixiy hamda ijtimoiy ilmlarni rivojlantirish.
2. Tabiatga qiziqish, tabiatshunoslik ilmlarining rivoji, ratsionalizm, aql kuchiga ishonish, asosiy e’tiborni haqiqatni topishga qaratilgan fanlarga berish, haqiqatni inson tasavvuri, ilmining asosi deb hisoblash.
3. Insonni ulug’lash, uning aqliy, tabiiy, ruhiy badiiy, ma’naviy fazilatlarini asoslash, insonparvarli, yuqori axloqiy qonun va qoidalarni namoyon etish, komil insonni tarbiyalash.
4. Universallik-qomusiylik barcha tabiat hodisalari bilan qiziqish va uning mohiyatiga intilish.
5. Davlat qurilishi va boshqaruvining nazariy negizlari adolat, axloq tamoyillarida shakllantirish, ularning huquqiy hamda amaliy asoslarini rivojlantirish.
6. Davlat rahbari va xizmatchilarining faoliyat darajalari tasniflari, mas’uliyati mezonlari tizimining nazariy negizlarini yaratish.
Shu davrning yirik namoyondalaridan biri Abu Nasr Forobiy o’zining “Fozil odamlar shahri” asarida insoniyat jamiyatining vujudga kelishi va rivojlanishining muayyan tabiiy davlatga bo’lgan ehtiyojlarning paydo bo’lishini, unda adolat va axloqning shakllanishi qonuniyatlarini nazariy jihatdan tasnifini yaratganligi bilan mashhurdir. Shu tariqa olim davlat shakllari va unda boshqaruvning muntazam, izchil siyosiy tizimini yaratishga erishadi. Masalan, fozillar shahrining (davlat nazarda tutilgan) tarkib topishi va unda qanday axloqiy sifatdagi shaxsning rahbar bo’lishi tasniflari bugungi demokratik jamiyat qurishning bevosita nazariy talablari bilan uyg’un keladi. “Ularning o’zlaridan saylangan rahbar yoki boshliqlar hokimi mutloq bo’lmaydi. Ular odamlar ichidan ko’tarilgan, sinalgan eng olijanob, rahbarlikka loyiq kishilar bo’ladilar. Shuning uchun bunday rahbarlar o’z saylovchilarini to’la ozodlikka chiqaradilar, ularni tashqi dushmandan muhofaza qiladilar”,deb davlat boshqaruvida demokratik tamoyillarni ta’minlash bilan bog’liq axloqiy qadriyatlarni tizimlashtiradi.
E’tiborli jihati shundaki, Forobiy qarashlaridagi “hokimni mutloq bo’lmasligi”, “saylovchilar irodasi”, “ozodlik” kabi fikrlari nafaqat shu davrda, balki bugunda ham insoniyat madaniyatining — demokratiyaning bosh g’oyasibo’lib xizmat qiladi.
Ayni paytda, Forobiy Fozil shaharning (davlatning) ziddi bo’lgan shaharlarning ijtimoiy mohiyatini ochib beradiki, bu totalitar davlat tizimiga xos keladi. Masalan, razolat va badbaxtlik shahri, obro’parastlar shahri, amalparastlar, hadimiyatparastlar shahri va h.k. turlarini ko’rsatadi. Bunday shaharlar adolatli jamiyat qurish to’g’risidagi ta’limotlarga zid ekanligi ko’rsatiladi.
Davlat va uning boshqaruviga daxldor masalalar Yusuf Xos Hojib ijodida ham katta o’rin tutgan. U “Kutadg’u bilig” dostonida davlatni boshqarish amallari, qoidalari va siyosiy-axloqiy munosabatlarni jamiyatda qaror toptirishga qaratilgan qarashlari bilan e’tiborlidir. U davlat boshqaruvi va xizmatini tashkil etish turlarini hamda shu darajalarga muvofiq sifatlarini tasniflaydi, “Shohlikka da’vogarlar onadan ajib bir iste’dod bilan tug’iladilar va ular darhol yaxshi-yomonni ajratish fitratiga ega bo’ladilar. Bundaylarga Xudo idrok farosat va yumshoq bir ko’ngil ato etadi, qolaversa yaxshi ish yuritish uquvi bilan ham siylaydi”, deydi olim.
Ayni paytda, ana shunday iste’dodning tasniflarini Forobiy singari 12 sifatlarini ko’rsatish bilan birga uning vazifa va majburiyatlarini belgilaydi. Bunda u jamiyat tabaqalarini 15 toifaga ajratib, har biriga ko’rsatilishi lozim bo’lgan muruvvatni adolatli davlatni mustahkamlashda va uning boshqaruvini tashkil etishda muhim omil ekanligiga e’tiborni qaratadi. Masalan, u, ziyolilar to’g’risida shunday deydi: “Hakiqiy ziyoli haqiqat tayanchi bo’ladi. Agarki olamda donishlar bo’lmaganda, erda rizq ro’z unmas edi. Ularning ziyosi xalq, yo’lini yorituvchi mash’aldir. Donishlarga shirin so’z bilan bahra ber, moddiy manfaatini qodirishga harakat qil”.
Unga zamondosh bo’lgan qomusiy olim Ibn Sino O’rta Osiyo tabiiy-ilmiy va ijtimoiy-falsafiy fikrlarning buyuk namoyondasi, tibbiyot, falsafa, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy ta’limot tarixiga ulkan hissa qo’shgan mutafakkirdir. Ibn Sino falsafani nazariy va amaliy falsafa sifatida ikkiga bo’ladi. Ijtimoiy-siyosiy masalalar, davlat, inson jamiyatining tuzilishi, vazifalari, jamoani boshqarish, inson uyushmalarining faoliyati, insonning xulq-odatlari, axloq, jamoa va oiladagi axloq mezonlarini o’rganadi.
U amaliy falsafani o’z vazifasi va predmetiga qarab uch qismga bo’ladi. Axloqshunoslik— bu inson shaxsiyatining fazilatlari, axloqiy tushunchalar, qoidalar; iqtisodiyot— oilani boshqarish, uning talablarini, vazifa va faoliyatini ta’minlab turish uchun zarur bo’lgan masalalar; siyosat — bu davlatni idora etish va boshqarish, xukumat va fuqarolarni hamda davlatlar o’rtasidagi munosabatlarni ta’minlash masalalarini o’rganishi tasniflanadi. Uning “Ishorat va Tanbixot”, “Risolatu tadbiri manzil”, “qush tili” kabi asarlari bevosita davlat boshqaruvining adolatparvar va axloqiy asoslariga bag’ishlanadi.
Adolatli davlat boshqaruvi, uning mukammal tizimini yaratish borasida ulkan ilmiy meros qoldirgan o’rta asrlar mutafakkiri Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asari muhim manba hisoblanadi. U amaldorlarni axloqiy fazilatlariga karab tanlash, adolat va insofni oyoq osti qiladigan kishilarni davlat ishlariga aralashtirmaslikni, davlatni boshqarishda kengash bilan olib borish, faoliyatlarni muntazam nazorat qilish, itoat ijro va sifatlari to’g’risidagi fikrlari bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, Nizomulmulkning “Ko’pchilik bo’lib qabul qilingan tadbir eng savobli bo’ladi va shunday yo’l to’tish kerak”, degan qarashlari ajdodlarimizning davlat qurilishining demokratik tartibotlariga nechog’li darajada ahamiyat berganligidan dalolat beradi.
Ma’lumki, islom dini ijtimoiy dunyoqarash sifatida keng tarqala borishi bilan uning nazariy, falsafiy, huquqiy tomonlarini ishlab chiqishga e’tibor ham tobora ortib borgan. Shu tariqa IX — XII asrlarda Movarounnahrda ilm-fan, madaniyat, islom falsafasining nazariy jihatdan yuksak darajada rivojlangan davri bo’ldi. Ulardan Imom al-Buxoriy, Imom At-Termiziy, al-Motrudiy, Muhammad Imom G’azzoliy, Mahmud az-Zamaxshariy, Burhonuddin al-Marg’iloniy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Abdulholiq G’ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband, Jaloliddin Rumiy kabi buyuk allomalar o’zlarining ilmiy tadqiqotlari bilan jahon madaniyatiga ulkan hissa qo’shdilar.
Diniy-ilmiy tadqiqotlarda borliq, ilohiy qudrat, inson komiligi, adolat, insof, diyonat, vijdon, adolat kabi g’oyalar inson ruhiyatini poklash orqali erkin jamiyatga chorlanadi. Bu borada J.Rumiy shunday deydi: “Inson buyuk bir mo’’jiza va uning ichida hamma narsa yozilgan. Biroq, zulmat va pardalar borki, ular yozuvlarni o’qishga imkon bermaydi. Zulmat va pardalar, turlituman mashg’ulotlar insonning dunyo ishlari borasida olgan tadbirlari va ko’ngilning so’ngsiz orzularidir”. Darhaqiqat, J.Rumiyning qarashlarida insonning farqi uning komilligiga asoslanadi.Shuning uchun u dunyoga irqi, dini, millati, tabaqasidan qat’iy nazar, barcha insonlarga barobar murojaat qiladi. “Menga vahdai mayini tutgil, o’zgalarni ham ondin bahramand etgil, toki jamoat jam bo’lib, faqat suratda bo’lmish tafovutlarni bartaraf etaylik. Biz hammamiz yagona og’ochningbutoqlari, yagona qo’shinning navkarlarimiz”. Jaloliddinning bashariyat birligi haqida gapirishi o’sha davr uchun mislsiz jasorat edi. Ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot rivojining ma’naviy asoslarini o’rganishda O’rta Osiyoda vujudga kelgan tasavvufchilik oqimining ahamiyati ham alohida muhim o’rin tutadi. Tasavvuf garchi islom bag’rida nish urib, Qur’on va Hadislar hikmatidan oziqlangan, ko’p hollarda shariat ahkomiga suyangan bo’lsa-da, lekin u rasmiy diniy aqidaparastlik va mutaasiblikka hamda hokim tabaqalarning ayshuishratlarga g’arq turmush tarzi, talonchilik va manfaatparastlikka zid o’laroq mehnatkash xalq noroziligini ifodalab keldi. Ushbu ta’limotning el orasida yoyilib, fikriy yangilanishlarga qanoat bergani, xaq va haqiqatga tashna ziyolilar yuragini band etganini sababidir.
Tasavvuf ta’limoti asosida adolat, haqiqat, to’g’rilik, mehr-shafqat, insof, imon, e’tiqod, ilm, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi umuminsoniy g’oyalarni targ’ibot qiluvchi muruvvatga asoslangan bir qancha diniy siyosiy oqimlar paydo bo’ladi. Ular jamiyatning axloqsiz unsurlariga g’oyaviy kuch sifatida qarshi qo’yiladi. Bu borada, A.Yassaviy shunday deydi: “Shayx uldurkim, niyoz olsa, mustaqihlarg’a, g’arib, bechoralarg’a bergaylar. Agar olib o’zi esa, murdor et emishdek bo’lg’ay. Agar to’n qilib kiysa, ul to’n to’ng’o’zcha Hak ta’olo namoz, ro’zasini qabul qilmag’ay va agar olg’anniyozidin non qilib esa, haq ta’olo oni do’zaxda turluk azobg’a giriftor qilgay. Va agar ondog’ shayxga har kishi e’tiqod qilsa kofir bo’lg’ay”.
Yassaviyning hikmatlarida rahbar shaxslarning sifatlari to’g’risidagi talqinlar deyarli ijodining asosini tashkil etadi. Chunki, shu davrda xalq, orasida katta obro’-e’tiborga ega bo’lgan so’fiy shayxlar siyosatga bevosita aralashib kelganlar. Bu borada Amir Qo’lolning o’g’li Amir Umarning qarashlari (1406 y. o’lgan) siyosatning nazariy va amaliy mohiyatini ochishda e’tiborlidir. Unda siyosatga shunday nisbat beriladi: “Bilgilkim siyosat — tutib turish va tartibga solishdir..., yomon kishilarni qo’rqinchva titroqda tutmoq, yaxshilarni taqdirlamoq kerak. Agar siyosat bo’lmasa, davlatning muhim ishlari amalga oshmaydi: agar tartibot jazo qonunlari bo’lmasa davlat ishlari ham o’nglanmaydi, chunki hukmdorning, jamoaning ko’rki, davlat va dinning rivoji siyosatdir”. Ya’ni din orqali siyosatda umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilishi va bunday siyosat esa bevosita davlat qonunlari orqali amalda o’z tasdig’ini topishiga erishmoq lozim deb hisoblangan.
XIII—XIV asrlarda O’rta Osiyoni mug’ullar tomonidan istilo qilinishi iqtisodiy va ma’naviy hayotga katta salbiy ta’sir ko’rsatadi. Mamlakatda jabr-zulm va zo’ravonlik kuchayadi, mehnatkash xalq, qattiq eziladi. Juda ko’p madaniy boyliklar, ilm maskanlari, Madrasa va kutubxonalar yo’q qilinadi, san’at va ilm-fan vakillari: olimlar, shoir va yozuvchilar, munajjimlar, me’morlar va musavvirlar o’ldiriladi, omon qolganlari Shimoliy Hindistonga, g’arbiy Eron va Xuroson viloyatlariga qochib jon saqlab qoladilar.
Aynan mana shunday murakkab davrda Amir Temurning (1370 yil) siyosiy sahnaga kelishi hamda mustaqil davlat barpo etishi O’rta Osiyo xalqlarining mo’g’ul istilosidan, ichki o’zaro nizolardan qutulishiga olib keladi. Mamlakatda o’rnatilgan barqarorlik markaziy davlatning tez orada mustahkamlanishiga, siyosiy kuchlar tarqoqligini bartaraf etishga, ayni paytda, turli islohotlarning amalga oshirilishiga, ilm —fan va madaniyatning rivojlanishiga turtki bo’ldi.
Bu davrda milliy davlatchiliq to’g’risidagi qarashlarning rivojlanishida Amir Temurning xizmatlari katta bo’ldi. Uning tuzuklarida davlat tizimi, uni idora qilish uslublari va vositalari, undagi turli lavozim, vazifalar darajasi, tabaqalarning toifalanishi, harbiy qo’shinlarning tashkil etilishi, jang olib borish mahoratlari, davlat xizmatchilari rag’batini tashkil etish omillari, adolatli soliq turlarining joriy etilishi, mamlakatni obodonlashtirish tadbirlari milliy davlatchilikning yuksak madaniy va huquqiy darajada shakllantirilganligidan dalolat beradi. Bunday siyosatning asos —mohiyati adolatli davlat, insonparvar jamiyat negizlarini qaror toptirishga xizmat qiladi.
Bu borada Ibn Arab Shoh shunday deydi: “Temur tamg’asining naqshi “rosti rasti” bo’lib, bu “hakgo’y bo’lsang najot topasan”, demakdir. Uning otlaridagi tamg’a, tangayu tillolariga zarb beriladigan belgi ham mana shunday uch xalqadan iborat edi. Ko’pincha uning majlisida uyatsiz so’zlar, qon to’kish, asir olish, nahbu g’orat qilish va haram haqorat gaplar bo’lmasdi. Temur qo’rqmas, shijoatli, botir kishilarni itoat qildiruvchan bo’lib, jasoratli kishilarni, dovyurak va mardlarni yoqtirar edi. U ular yordamida dahshatli joylar kulfatlarini fath etib, odamlar sherlarini o’lja qilar, ular zarbalari bilan baland tog’lar cho’qqilarini vayron qilardi. U bexato (nishonga uruvchi) fikrli, ajoyib farosatli, mislsiz (darajada) baxtli, ulug’vorligi (o’ziga) muvofiq, qat’iy azm bilan so’zlovchi, (boshiga) kulfat tushganda ham hakgo’y (kishi) edi".
Amir Temur ana shunday sifatlari sohibi sifatida davlat boshqaruvining demokratik asoslarini yaratishga erishadi. U mamlakat ishlarini doimo, kengash, mashvarad maslahat, xushyorligu, mulohazakorlik ehtiyotkorlik bilan amalga oshirganligini ta’kidlaydi. Ayni paytda, mamlakat ishlarini Kengash asosida olib borish bu aslida fuqarolarning rizoligi va ixtiyori demak. Undan chiqdi bunday yondashuv bevosita davlatboshqaruvi taqsimotining ilk ko’rinishlari to’g’risidagi qarashlarningrivojlanishiga zamin yaratgan.
Sohibqiron har bir ishda siyosatni adolat bilan amalga oshirishga va bunda turli vositalar asosida uning izchilligini ta’minlashga erishadi. Ya’ni adolatga qaratilgan maqsadlarni adolatli vositalar bilan uyg’unlashtirish asosida davlat boshqaruvining texnologik ta’limotlarini amaliy jihatdan boyitadiki, saltanatda adolatni ta’minlovchi muruvvatlar yuzaga keladi. Masalan, u, nafaqat davlat xizmatchilarining qanday sifatga ega bo’lishini, balki shunday sifatlilarni qanday qilib davlat boshqaruviga kelishini ta’minlashning choralarini ishlab chiqadi. Bu borada u shunday deydi: “Agar har narsani va har kimni o’z martabasida saqlay olmasang, saltanatingga bundan ko’p halal va ziyon etgay. Demak har kimning qadr-qimmatini, tutgan mavqeini va hap narsaning o’lchovini belgilab olishing va shunga muvofiq ish yuritishing kerak”. Shu tariqa, u, masalaning nazariy asoslarini oydinlashtirish bilan uning amaliy tadbig’ini ham o’z “Tuzuk”larida amalga oshiradi. Jumladan,: “Kimning aqli va shijoatini sinov tarozusida tortib ko’rib, boshqalarnikidan ortiqroqligini bilsam, uni tarbiyatimga olib, amirlik darajasiga ko’tarar edim. So’ngra ko’rsatgan xizmatlariga yarasha martabasini oshirib borardim”, deydi.
Amir Temur o’z davridagi xizmatlarining eng asosiysi va eng buyugi — bu uning davlat arbobi sifatida adolat g’oyalariga asoslangan milliy davlatchilik ta’limotlarining huquqiy negizlarini yaratganligi hamda uni tadbiq etib berganligidadir. Shu tariqa u o’z siyosiy faoliyatini shunday xulosalaydi: har mamlakatning yaxshi kishilariga men ham yaxshilik qildim, nafsi yomonlar, bo’zuqlar va axloqsiz odamlarni mamlakatimdan quvib chiqardim. Pastkash va razil odamlarga o’zlariga loyiq ishlar topshirdim, xayda xadlaridan oshishlariga yo’l qo’ymadim. Ulutlarini va sharaf — e’tiborli kishilarni hurmatlab, martabalarini oshirdim. Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo’lini to’sdim".
Shu davrning yirik klassik namoyondalardan biri— Alisher Navoiydir. U nazariyotchi va amaliyotchi sifatida davlat siyosatining adolatli asoslari va uning ma’naviy mezonlarini rivojlantirishga katta hissa qo’shadi. Ayniqsa, adolatsizlikva zulm davlatni tanazzulga, jamiyatni jaholatga olib kelishito’g’risidagi qarashlari o’z ifodasini topadi: “...davlat ishi bilan mashg’ul bo’lgan amaldorlik chog’larimda ko’ngil mulkini turli odatlarning hujumi bulg’aladi. Goh amirlik o’rnida o’tirdim va hukumat mahkamasida xalqning arzodini surdim va goh podshoh yonida vazirlik qildim va menga umidvor nazar bilan qarab turgan elga muruvvat ko’rsatdim”, — deydi.
A.Navoiy adolat to’g’risidagi qarashlarida inson ruhiyati bilan borliq ijtimoiy illatlarning mohiyatini izlaydi. Jamiyatda yovuzlikning kelib chiqish sabablarini tahlil etadi. Adolatli jamiyatga erishishda nafaqat podshohning odilligi, balki fuqarolar o’rtasidagi munosabatlarning adolatli, ma’nan sog’lombo’lishi lozimligiga e’tiborni qaratadi: “Olamda bo’lmish har nav odam bilan ko’rishdim; katta- kichikning fe’lu atvorini o’rgandim: yaxshi-yomonning xislatlarini tajribadan o’tkazdim; yaxshilik va yomonliklarning sharbatini ichib, zahrini totib ko’rdim. Baxl va pastkashlarning zaxmini, sahovatli kishilarning malhamini ko’nglim darhol sezadigan bo’lib qoldi”, —deydi.
Ayni paytda, inson ruhiyati bilan bog’liq illatlar mohiyatiga shunday nisbat beradi: “Yaxshilikka mukofot — qo’polliq odob bilan qilingan xushmuomala evaziga kekkayish, takabburlardan o’zgacha munosabat ko’rmaysiz. Birovga bir xizmat qilsang, undan o’n zarb eyishga tayyor turmoq kerak: kimgaki bir tavoze’ ko’rsatsang, ming qo’pollik va dilsiyohlikka hozir bo’lib turmog’ing lozim”. Shu tariqa, u, “Mahbub ul qulub” asarida har xil odamlarning fe’l-atvori va ahvoli, yaxshi fe’l hosiyati va yomon xislat kasofati haqidagi qarashlari asosida jamiyat ijtimoiy munosabatlarining yaxlit nazariy tizimi, fuqaro-jamiyat-davlat o’rtasidagi axloqiy majburiyatlarni umumlashtirishga erishadi.
Adolat g’oyasiNavoiyning juda ko’p asarlarida turli tarzda ifodalangan. “Hayrat ul—abror”, “Saddi Iskandariy”, “Farhod va Shirin”, “Sabb’ai sayyora” dostonlarining, “Mahbub ul-qulub” asarining bosh g’oyasi adolatdir. Yana shuni aytish kerakki, Navoiyda insondagi juda ko’p ijobiy hislatlar, chunonchi sadoqat, vafo, hayo, sahovat kabilar ham adolat bilan bog’lab tushuntiriladi. Zero, kishida adolat tuyg’usi bo’lmasa, unda boshqa sifatlar ham bo’lmaydi deb qaraydi.
A.Navoiy zamondoshlari — Arastu, Aflotun, Forobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiyning ilmiy merosi, asarlarini qunt bilan o’rgangan, ularning ilmiy va insonparvarlik g’oyalaridan xabardor bo’lib, o’zi ham shu yo’nalishda katta meros qoldirgan ijodkorlar Zahiriddin Muhammad Bobur, Husayn Voiz Koshifiy va Jaloliddin Davoniylardir. Ular davlatshunoslik, axloqshunoslik adabiyot, ta’lim-tarbiya, nasr va nazm sohalarida ijod qilgan yirik olimlardir. Davlat boshqaruvi va uning siyosati bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy-axloqiy masalalarni Boburning “Boburnoma”, Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” asarlarida atroflicha bayon qiladi.
Ularda jamiyatning paydo bo’lishi, ijtimoiy tabaqalar, davlat va uni boshqarish yo’llari, adolatli va adolatsiz podshohlar, ularning fuqarolarga munosabati, axloq va ta’lim-tarbiya masalarini tahlil etgan. Davlat boshqaruviga oid ijtimoiy qarashlari o’z navbatida o’tmish davlatchilik madaniy merosimiz bilan bog’liq bo’lgan qadriyatlarimizni yanada boyitishga xizmat qilgan.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek XIV—XV asrdagi ijtimoiy va madaniy yuksalish o’z mazmun mohiyati bilan IX—XII asrlardagi O’rta Osiyodagi Uyg’onishdavrining uzviy davomi edi. Bunday madaniy meroslarning monandlikka intilishi, uning davriy uyg’unlashuvi xalqlar hayotida taraqqiyot hamda yuksalishiga poydevor bo’lgan nazariy ta’limotlarning rivojlanish bosqichlarini kuzatamiz.
Ammo, O’zbekiston xalqlari davlatchilik tarixi o’z taraqqiyotida bir xilda rivojlangan emas XVI — XIX asrlar O’rta Osiyo hayotida murakkab va keskin burilish davri bo’ldi. Uning murakkabligi, avvalo Amir Temur imperiyasining parchalanishi hamda vorislar o’rtasidagi nizolar bilan bog’lanadi. Doimiy ixtiloflar maydoniga aylanib qolgan Movaraunnahr Shayboniyxon lashkarlari tomonidan bosib olinadi. Davlatda egasizlik boshbodoqlik xukm suradi.
Mana shunday sharoitda haqiqiy ilm o’rnini diniy aqidaviy qarashlar egallaydi, natijada aniqsa tabiiy fanlar quvg’unga uchraydi, ayniqsa, matematika va astronomiya orqada qoladi. Buning oqibatida ilm-fan rivojining darajasi keskin pasayib ketadi. Ayni paytda, bu davr oldingi mutafakkirlarning ilg’or g’oyalarining o’zaro faol ta’siri zaiflashuvi bilan xarakterlanadi. Din bevosita davlat siyosatining asosiga, hokimiyat uning rahnomalari qo’lida manfaatlarini niqoblovchi mafkuraga aylanadi. Natijada jamiyatda diniy tazyiq kuchayadi. Din peshvolari davlat siyosatiga bevosita aralashishi oqibatida bir yoqlama mafkuraviy zug’um ortib boradi. Har qanday ijodiy hur fikr ta’qibga olinadi.
Shunga qaramay O’rta Osiyoda ijtimoiy fikr, falsafa adabiyot, tarix, musiqa fanlari, me’morchilik, tasviriy san’at rivojlandi, qator Madrasa va machitlar qurildi. Jumladan, Ibn Muhammad Yusuf Al-Qorabog’iy, Muhammad Sharif, Mashrab va Sufi Olloyor, Nodira, Uvaysiy, Dilshod, Komil Xorazimiy, Avaz O’tar, Bedil, Fuzuliy, Ahmad Donish, Muqimiy, Ogahiy, Furqat, Muqimiy, Mulla Olim Mahmud Xoji ijodiyotida ilg’or ijtimoiy g’oyalar yaratiladi.
Shu davr Sharq mutafakkirlarining ijtimoiy qarashlarini chuqur o’rgangan olim I.Mo’minov ayniqsa, Bedilning falsafiy ijodiga katta baho beradi. Bedil dastlab islom falsafasi bo’lgan kalomni, so’ngra mashhur so’fiylarning asarlarni hamda hind falsafasini o’rgangaligini qayd etadi. Uning g’oyalari ma’rifatli bo’lishga, bilim va hunarni o’rganishga, ayni paytda, yovuzlikka murosasiz bo’lishga da’vat qilganligini ko’rsatadi. E’tirofli jihati shundaki, shu davr ijodkorlari qaysi sohada ijod qilmasin, shaxs va ziyoliylikka xos qudratda ularning asosiy diqqati xalq va uning turmush dardi bilan bevosita bog’liq bo’lganligiga amin bo’lamiz. Mullo Olim Mahmud Hojining “Tarixi Turkiston” asarida shunday deydi. “Turkiston xonlari vaqtidagi musulmoniyalar nihoyat darajada ahvoli olamidan xabarsiz bo’ldilar. Zolim hakamlarga rost va to’g’ri so’zni aytadurg’onlar qolmay, zolimlar uchun besh-o’n tillo badaliga ertadan kechgacha xushomad so’zlar aytib, alar qanday so’z aytsa ma’qul deydurg’onlar bo’lg’on edilar.
Ilmu-maorifda bo’lsa Turkistonda o’tgan Ibn Sino, Forobiy, Ulug’bek Aliqushchi o’rniga o’lturg’on olim, faylasufi zamon deganlarimiz izzatu nafs va riyokorlikg’a tabdil bo’lub, jahl balosig’a mubtalo bo’lg’on edilar. Hakam va ulutlarimiz fuqarolardin o’z joyig’a va masrafig’a sarf qilmay, o’z xohishlari va yo’sha’larira harj va sarf qilar edi. Hukumat ishida mutlaqo muntazam qoida va qonun yo’q edi, fuqarolar ularning o’z molidek hisob qilinur edi”.
Mavjud manbalarni o’rganish milliy davlatchilik tariximizda tanazzulga tortgan siyosiy kurashlar va o’zaro ixtiloflarning sabablarini o’rganish bilan birga, undan saboqlar chiqarish imkoniyatlarini beradi.
Ma’lumki, Movarounnahr davlatchilik tarixi va uning taraqqiyotini islom falsafasidan ayri holda ko’ra olmaymiz. Ajdodlarimiz dunyoviy va diniy ilmlarni bevosita uyg’un tarzda olib borishgan. U xoh diniy xoh dunyoviy yo’nalishda bo’lmasin, uning asosida inson — jamiyat — davlat muammosi yotadi. Faqat bir yoqlama mafkuraga asoslangan mustamlakachilik bosqichi so’ngra, sobiq sho’ro hukmron siyosati xalqni madaniy me’rosidan mahrum etishga harakat qildi. Oqibatda ma’naviy meros ta’qib ostiga olinib milliy ma’naviy merosni o’rganishda bo’shliq paydo qilindi. Fan va ta’limot o’z zaminidan uzilgan aqidalar va mavhum g’oyalar ta’siriga tushib qoldi.
Ammo, tarixning ana shunday murakkab davrida ham O’zbekistonda hurriyat bilan yo’g’rilgan ijtimoiy-siyosiy qarashlar to’xtagan emas. Aksincha, bunday istak har bir vatandoshimiz qalbida milliy istiqlol g’oyasiningvujudga kelishiga turtki bo’ldi, O’rta Osiyo xalqlarining mustamlakachilik siyosatiga qarshi milliy ozodlik kurashi va uning asosiy bosqichlarini shartli ravishda uch bosqichga bo’lib o’rganish mumkin.
a) Birinchi bosqich: 1860— 1904 yillar;
b) ikkinchi bosqich: 1904—1918 yillar;
B) uchinchi bosqich: 1918—1991 yillar.
Birinchi bosqichda mustamlakachilik asoratiga tushishning ijtimoiy- siyosiy sabablarini ochib beruvchi manbalarni o’rganish orqali shu davrdagi milliy tarqoqlik davlat boshqaruvi ishlarida ma’rifatsizlik mahalliy amaldorlarning nafs va riyokorlik botqog’iga botishiga e’tibor qaratilishi muhim.
Ikkinchi bosqich — Turkiston milliy davlat mustaqilligi uchun kurashda ozodlik harakatlarining o’ziga xos xususiyatlari hamda shart- sharoitlarini siyosiy jihatdan tahliliga e’tibor qaratish. Bunda jadidlarning mustaqillik uchun g’oyalarining paydo bo’lish jarayonlari nazarda tutiladi.
Millat ozod bo’lib, o’zining mustaqil davlatini o’rnatmaguncha, ijtimoiy adolatni tiklab bo’lmaydi. Bu Behbudiy bergan birinchi xulosalardan edi, ayni paytda, bunday g’oyamilliy istiqlolchilik harakatining asosini tashkil etgan.
Ayni paytda, jadidchilar asosiy e’tiborini jamiyatda ma’naviyatni rivojlantirishga qaratadilar. Ular yangi usuldagi maktablarni tashkil etish, gazetalar chiqarish, darslik va o’quv qo’llanmalarini nashr ettirish, g’arbning yangi madaniyat va texnologiya uslublarini joriy etish zaruriyatini hamda uni Turkistonda targ’ib etish orqali milliy — dunyoviy ta’limni yuzaga keltirish, ma’naviy hayotni yangilash va boyitish orqali milliy o’zlikni anglashni yuksaltirishga zamin yaratishga intilganlar.
Shu tariqa, Turkistonda mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash va uning ijtimoiy-siyosiy asoslarini yorituvchi manbalar Munavvarqori Abdurashidxon o’g’li, Behbudiy, Fitrat, Avloniy, Huvaydo va boshqa milliy istiqlol qahramonlari asarlarida atroflicha yoritilgan.
E’tiborli jihati shundaki, o’z davrida jadidlar milliy-madaniy muxtoriyat qurilishi tamoyillarini ishlab chiqqan va bunda o’lkani rivojlantirishning amaliy dasturlari mavjud bo’lgan. Turkistonda davlatchilik shakli va uni boshqarish vakolatlari, barcha sohalar bo’yicha qonunlarni joriy etish, sud organlarini tashkil qilish, davlat tuzilmalarini yaratish kabi masalalarga e’tibor berilgan. Ammo, shu davr siyosiy sharoiti hamda erli xalqning tushunchasida Turkistonda mustaqil demokratik jamiyat qurish to’g’risidagi qarashlari bir muncha cheklanganligini ko’ramiz. Behbudiyning “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi” dasturida to’la mustaqil demokratik jamiyat to’g’risida emas, davlatning avtonomiya shakli nazarda tutiladi. 1917 yildagi Umumturkiston musulmonlarining qurultoyida ham davlatchilik qurilishi to’g’risidagi qarashlar demokratik yoki federativ shakllari to’g’risida bahs olib boriladi. Ammo, ularning demokratiya va federatsiya to’g’risidagi qarashlari ham aslida konstitutsion monarxiya tuzumidan tashqariga chiqqan emas. Turkistonda shu tariqa, milliy davlatchilik g’oyalarining tiklanishiga bo’lgan urinishlar va shu yo’ldagi siyosiy harakatlarining faoliyati to’g’risida B.Do’stqoraevning “O’zbekistonda yangi davlatchilik ma’rifati”nomli maqolasidan tanishish mumkin bo’ladi.
Uchinchi bosqich— millatning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini tinch yo’l bilan amalga oshirish mumkin emasligini tushunib etgan mahalliy xalq, vakillari 1917 yil 26-28 noyabr kunlari Qo’qonda o’lka umummusulmonlarining favqulotda qurultoyiga to’planib, “Qo’qon muxtoriyati”ni tashkil etilganligini e’lon qildilar. Lekin 1918 yil 23 yanvarda Turkiston sovetlarining IV o’lka qurultoyi Qo’qon Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari, deb e’lon qilishdi va qurol-yarog’i deyarli bo’lmagan muxtoriyatchilar joylashgan eski shahar to’plardan o’qqa tutilib 18 ming odamning qurbon bo’lishiga sabab bo’ladi.
Aynan shu davr voqea-hodisalarni bayoni, tafsilotlari hamda muvaffaqiyatsizlikning sabablariga M.Chuqay “Istiqol jallodlari” asarida quyidagicha ta’rif beradi: “Birinchidan, ob’ektiv omillar: ...Biz kurashga o’zimiz tanlagan fursatda emas, Rusiya inqilobi jarayonini keltirib chiqargan vaziyat ijoboti bilan kirishdik. Ikkinchidan, sub’ektiv, ya’ni o’zimizdan bo’lgan omillar: milliy manfaatlar yo’lida kurashish lozimligini bilganlari holda Turkistonliklar o’zaro kuchli birlik ko’ra olmadilar va bunga ulgurmadilar”.
Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishi, uning siyosiy faoliyati, so’ngra inqirozi masalalari S.A’zamxo’jaevning “Turkiston Muxtoriyati” nomli asarida tarixiy-ilmiy ma’lumotlar asosida ifodalangan.
Milliy istiqlol uchun kurash yo’llari va shu yo’ldagi maqsad mushtaraklikda bo’lgan emas. Mustaqillikka erishish kurashlari afsuski, turlicha anglagan va yondashilgan. Ammo, milliy ozodlik harakatining mag’lubiyati yoxud ko’plab ziyoli namoyondalarning qatag’on qilinishi, shahid bo’lishi bilan millatning hurriyatga bo’lgan intilishini bir soniya ham to’xtagan emas. O’zbekiston ziyolilarining mustaqillik uchun olib borgan kurashi 30-40 yillarda ham so’ngra 50-60 yillarda ham turli siyosiy ko’rinishlarda davom etib boradi.
XX asrning 80 yillariga kelib kommunistik mafkura zug’umi ostida qatag’onlik siyosati yangi pallasiga kirdi. Markaz xodimlari tomonidan uyushtirilgan “o’zbeklar ishi”, “paxta ishi” bilan 11 mingdan ortiq O’zbekistonlik rahbarlar va oddiy fuqarolar ta’qib ostiga olindi, jazolandi. Xalqning turmushi nihoyatda og’irlashib bordi.
Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning ziddiyatlashuvi va hodisalarning keskinlashuvi “qayta qurish” yillarida ham o’z ta’sir ko’lamini kengaytirib keldi. Natijada respublikada jamiyat yaxlitligini parchalaydigan hamda vujudga kelgan egasizlik holati fuqarolar o’rtasida parokandalik muhitini yuzaga keltirdi, millatlararo ziddiyatlar, ba’zan to’qnashuvlar, ayniqsa, davlat boshqaruvida qonunsizlik parokandalik holatlari vujudga keladi.


Yüklə 87,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə