Eng qadimgi davrlardan milodiy VII-VIII asrlargacha) 5220200 – Tarix (Markaziy Osiyo xalqlari tarixi) ta’lim yo‘nalishi bakalavr iibosqich talabalari uchun



Yüklə 0,82 Mb.
səhifə1/12
tarix15.03.2018
ölçüsü0,82 Mb.
#31906
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12


o‘zbekiston respublikasi

oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
toshkent davlat sharqshunoslik instituti


Saidov Shavkat Jumaboyevich
MARKAZIY OSIYO
XALQLARI TARIXI
(Eng qadimgi davrlardan milodiy VII-VIII asrlargacha)
5220200 – Tarix (Markaziy Osiyo xalqlari tarixi) ta’lim yo‘nalishi
bakalavr IIbosqich talabalari uchun

O‘quv uslubiy qo‘llanma



toshkent – 2010

Saidov Sh.J. Markaziy Osiyo xalqlari tarixi (Eng qadimgi davr­lar­dan milodiy VII-VIII asrlargacha) 5220200 – Tarix (Markaziy Osiyo xalqlari tarixi) ta’lim yo’nalishi bakalavr II-bosqich talabalari uchun O‘quv qo‘llanma. –T.: TDSHI, 2010. –140 b.

Ushbu o‘quv qo‘llanma Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi dav­ridan, ya’ni mintaqada kishilik jamiyatini paydo bo‘lishidan to Arab xa­li­fa­ligigacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Ma’lumki, Markaziy Osiyo inso­niyat sivilizatsiyasining eng qadimiy o‘choqlaridan bo‘lib, keyingi yillarda olib borilgan arxeologik va ilmiy tadqiqot izlanishlari buni yana bir marta tasdiqladi. Yaponiya, Avstraliya, Fransiya va Rossiyalik arxeologlarning O‘z­be­kiston olimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ilmiy ekpeditsiyalari juda samarali bo‘ldi. Mazkur hamkorlikning natijasi o‘laroq olingan ilmiy-amaliy yangiliklar ham o‘quv qo‘llanmada o‘z aksini topgan.

O‘quv qo‘llanmada mintaqada ro‘y bergan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy jarayonlar ilmiy va qiyosiy tahlil asosida xronologik izchil ba­yon qilingan. Shu jihatdan ham “Tarix” yo‘nalishida ta’lim olayotgan tala­balar uchun nihoyatda zarur hisoblanadi. Tarixni bilish esa mamla­ka­ti­miz­ning ushbu mintaqa xalqlari bilan diplomatik, iqtisodiy, madaniy alo­qala­rini yanada rivojlantirish va samarasini ta’minlashga xizmat qiladi.Ayni shu ma’noda Markaziy Osiyo – Oltoy mintaqasi, Sharqiy Turkiston, Mo‘g‘u­liston, Dashti Qipchoq, Janubiy Osiyo va O‘rta Osiyo minta­qala­rida joylashgan o‘nlab davlatlar, xalqlar, elatlar tarixini biladigan zamo­naviy mutaxassislarni tayyorlash o‘ta dolzarbdir.

Shunday qilib, mazkur o‘quv qo‘llanma Markaziy Osiyo xalqlari tarixining eng qadimgi davrlaridan to ilk o‘rta asrlarigacha bo‘lgan voqea­larni qamrab olgan bo‘lib, “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi” yo‘nalishida ta’­lim olayotganikkinchi bosqich talabalari uchun mo‘ljallangan. Qo’l­lanmaga kiritilgan ma’lumotlar, voqealar taxlili, tarixiy jarayonlarni xrono­logik, izchil bayon qilinishi talabalarga, shuningdek, tariximiz bilan qizi­quvchilarga ham foyda keltiradi degan umiddamiz.


Mas’ul muharrir: M.M.Is’hoqov, t.f.doktori

Taqrizchilar: I.Jamolhoji, t.f.n., MOXT kafedrasi kat.o‘q.

N.Polvonov, t.f.n., UzMU dotsenti

Ushbu o‘quv qo‘llanma Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘quv-uslubiy kengashi tomonidan nashrga tavsiya etilgan. (Bayonnoma№2, 02.04.2010)

© Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, 2010

Kirish

Markaziy Osiyo   eng qadim zamonlardan boshlab ko‘plab xalqlarning taqdirini birlashtirgan, murakkab etnik va tarixiy jarayonlar kechgan tarixiy   geografik hudud hisoblanadi. Shuningdek, bu ulkan mintaqa jahon antro­pogen jarayonlari ro‘y bergan, insoniyatning ilk ajdodlari shakllangan ma­konlardan biridir. Ming yillar davomida Markaziy Osiyo jahon sivilizat­siya­siga ulkan hissa qo‘shgan madaniyat o‘chog‘i sifatida dunyo ilm ahlining e’tiborini tortib kelgan. Bugungi kunda jahon siyosiy xaritasida jiddiy o‘zga­rishlar ro‘y berib, Markaziy Osiyoda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi. Ularning har biri o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab, istiqbol sari intilmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston ham demokratik jamiyat qurish jarayonini boshdan kechirmoq­da. O‘zbekiston uchun qo‘shni va uzoq mamlakatlar bilan keng qamrovli aloqalarni yo’lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu munosabatlarning samarasini ta’minlash o‘z navbatida kadrlar tayyorlash muammosi bilan bog‘­liqdir. Ayni shu ma’noda Markaziy Osiyo – Oltoy mintaqasi, Sharqiy Turkiston, Mo‘g‘uliston, Dashti Qipchoq, Janubiy Osiyo va O‘rta Osiyo mintaqalarida joylashgan o‘nlab davlatlar, xalqlar, elatlar tarixini biladigan zamonaviy mutaxssislarni tayyorlash o‘ta dolzarbdir. Tarixni bilish esa mam­lakatimizning ushbu mintaqa xalqlari bilan diplomatik, iqtisodiy, madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish va samarasini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ushbu o‘quv qo‘llanma Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi dav­ridan, ya’ni mintaqada kishilik jamiyatini paydo bo‘lishidan to Arab xali­faligigacha bo‘lgan tarixini qamrab olgan. Ma’lumki, Markaziy Osiyo inso­niyat sivilizatsiyasining eng qadimiy o‘choqlaridan bo‘lib, keyingi yillarda olib borilgan arxeologik va ilmiy tadqiqot izlanishlari buni yana bir marta tasdiqladi. Yaponiya, Avstraliya, Fransiya va Rossiyalik arxeo­loglarning O‘z­bekiston olimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan ilmiy ekspe­ditsiyalari juda samarali bo‘ldi. Mazkur hamkorlikning natijasi o‘laroq olin­gan ilmiy-amaliy yangiliklar ham o‘quv qo‘llanmalarda o‘z aksini topgan.

Shunisi e’tiborliki, Markaziy Osiyo hududlarida ilk sivilizatsiya asoslari mezolit va neolit bosqichlariga borib taqaladi. Xuddi shu davrda dehqonchilik manzilgohlari paydo bo‘lgan. Eneolit davriga kelib sug‘orma dehqonchi­likning vujudga kelishi mintaqa taraqqiyotida keskin ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga yo‘l ochib berdi. Bronza davriga kelib esa shaharsozlik bosh­landi. Ilk davlat uyushmalarining shakllanishiga sabab bo‘lgan omillar, ya’ni yer haydab dehqonchilik qilish, metal eritish va undan foydalanish yuksak tarqqiy qilgan jamiyatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Aynan shu davrda mintaqada ilk yozuv elementlari yaratildi. Markaziy Osiyoning janubida, ya’ni Turkmaniston va O‘zbekiston xududlarida mahalliy davlatchilik asos­lari vujudga keldi. Eramizdan avvalgi birinchi ming yillikning boshiga kelib Katta Xorazm va Qadimgi Baqtriya kabi qudratli, yirik, markazlashgan davlatlar siyosiy maydonga chiqdi. ”Avesto” yaratilganligining va Qarshi shaharining 2700, Samarqand shahrining 2750 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanganligi yuqoridagi fikrimizning yaqqol isbotidir.

Ota-bobolarimiz Ahamoniy va yunon-makedon bosqinchilariga qarshi uzoq yillar davomida shiddatli kurash olib bordi. Buning natijasi o‘laroq mus­taqil davlatlar: Qadimgi Xorazm, Choch, Parkana, Parfiya, Yunon-Baqtriya kabi davlatlar vujudga keldi, yuksaldi. Antik davrning buyuk davlatlari Qang‘, Kushon kabi saltanatlar nafaqat mintaqada balki, Sharq va G‘arb mamlakatlari tarixida ham sezilarli iz qoldirdi. Jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘li aynan shu davrda shakllandi va rivojlandi.

Ilk o‘rta asrlarda mintaqa xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va etnik hayotida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu avvalo, jahon tarixining keskin burilishiga sabab bo‘lgan xalqlarning buyuk ko‘chishlari bilan bog‘liqdir. Aynan shu davrda Markaziy Osiyoning o‘troq hududlariga ko‘chmanchi turkiy xalqlarning ommaviy ko‘chib kelishlari yuz berdi. Natijada, mintaqa xalqlarining etnosida turkiylashuv jarayoni kuchaydi. Bunday o‘zgarishlar oqibatida tarix sahnasiga Xiyoniylar, Sosoniylar, Kidariylar, Eftalitlar va Turk xoqonligi kabi yangi buyuk davlatlar chiqib keldi.

O’quv qo’llanmaning maqsadi: Markaziy Osiyoda eng qadim zamon­lardan yashab kelgan xalqlar, ularning turmush tarzi, urf-odatlari, mada­niyati, davlatlar, ularning boshqaruv tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ichki va tashqi siyosati haqida batafsil ma’lumot berishdir.

O’quv qo’llanmaning vazifalari: Markaziy Osiyoda ibtidoiy jamoa tuzu­mi davri va uning asosiy bosqichlari, Markaziy Osiyo jahon sivili­zatsiyasi o’choqlaridan biri ekanligi, Markaziy Osiyoda bronza davri va shaharsozlik, Markaziy Osiyo qadimiy davlatchiligi, uning ijtimoiy-iqtisodiy asoslari va ri­voj­lanish jarayonlari, ilk davlat uyushmalarini shakllanishi, diniy dunyoqarash, zardushtiylik, Markaziy Osiyoga ahamoniylar va makedoniya­lik Iskandarning istilochilik yurishlari, shuningdek, Sharqiy Turkiston, Yetti­suv, Mo’g’’uliston va Oltoy hududlarida yashagan xalqlar, bundan tashqari mintaqada shakllan­gan ilk davlatlarning boshqaruv tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari haqida atroflicha ma’lumot berish va ularni to’laqonli yoritib berishdan iboratdir.

Shunday qilib, mazkur o‘quv qo‘llanma Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlaridan to ilk o‘rta asrlarigacha bo‘lgan tarixini qamrab olganligini ko‘ramiz. Bunda kiritilgan ma’lumotlar, voqealar tahlili, tarixiy jarayonlarni xronologik, izchil bayon qilinishi “Tarix” yo‘nalishida bilim olayotgan talabalarga, shuningdek, tariximiz bilan qiziquvchi barcha kitob­xon­larga foyda keltiradi deb o‘ylaymiz.
I - bo’lim: Markaziy Osiyo ibtidoiy jamoa tuzumi davrida

1.1. Markaziy Osiyoda tosh asri: paleolit. Markaziy Osiyo, Sharqiy va Janubiy Turkistonda paleolit davri yodgorliklari

O’quv maqsadi: Insoniyat tarixida ibtidoiy jamoa tuzumi davrining o’rni, bu davrni jahon fanida o’rganilish darajasi, Markzaiy Osiyoda ibtidoiy jamoa tuzumi davri va uning asosiy bosqichlari, Markaziy Osiyo inson paydo bo’lgan eng qadimiy antropologik hudud ekanligini, poleolit davri odamlarining mashg’ulotlari, mehnat qurollari haqida batafsil ma’lumot, tushunchalar berish va ko’nikmalar hosil qilish.

Kishilik tarixida insonning yer yuzida paydo bo‘lgan davridan to ilk davlatlar va shaharlar paydo bo‘lgungacha davri ibtidoiy jamoa tuzumi davri deyiladi. Bu davr eng uzoq vaqt davom etgan. Ibtidoiy jamoa tuzumi moddiy madaniyat (arxeologiya) yodgorliklari asosida o‘rganiladi. Tadqiqotchilar o‘sha davr odamlari yaratgan mehnat qurollari va ularga ishlov texnikasiga qarab, ibtidoiy jamoa tuzumini quyidagi davrlarga bo‘lganlar: 1. Paleolit (qadimga tosh asri, eramizdan avvalgi 1mln.yillardan – eramizdan avvalgi 12 ming yilliklargacha); 2. Mezolit (o‘rta tosh asri, eramizdan avvalgi 12-7chi ming yilliklar); 3. Neolit (yangi tosh asri,7-5chi ming yilliklar); 4. Eneolit (mistosh asri,4-3chi ming yilliklar); 5. Bronza (3-1chi ming yilliklar).

Insoniyat yer yuzida qachon paydo bo‘lganligi muammosi keskin bahs­larga va tez-tez o‘zgarib turuvchi taxminlarga sabab bo‘lmoqda. Yaqin yil­largacha Markaziy Osiyo hududida insoniyat 80-100 ming yillik tarixga ega deb hisoblanardi. Biroq, keyingi yillardagi tadqiqotlar Markaziy Osiyo hududining insoniyat ilk ajdodlari yashagan mintaqalar qatoriga kirishini ko‘rsatmoqda. 1980 yillarda o‘zbek olimlari Farg‘ona vodiysidagi Selung‘ur g‘orida olib borgan izlanishlari natijasida insonlar bu yerda Ashel davrida yashaganlar degan fikrga keldilar.

Mutaxassislar fikricha, shuningdek, Ashel davri yodgorliklari jumlasiga Ko‘lbuloq, Qoratov 1, Loxutiy 1 va Unarcha yodgorliklari ham kiradi. Ashel davri bundan 1 mln. yil oldin boshlanib, miloddan avvalgi 200-100 ming yillargacha davom etgan. Bu davrning boshlarida Markaziy Osiyoda iqlim yozda issiq va quruq bo‘lgan bo‘lsa, qishda sovuq va yog‘ingarchilik kam bo‘lgan. Ashel davrining oxirlariga kelib esa, havo keskin sovigan, tog‘ zona­larini muzliklar qoplagan, pasttekisliklarda esa yomg‘irlarda uzluksiz yog‘­gan. Bu davr odamlarining mehnat qurollari asosan toshdan (uchi o‘tkir tosh) va hayvon suyaklaridan iborat bo‘lgan. Ular asosan g‘orlarda hayot kechi­rishgan va ilk bor shu davrda olovdan foydalanishni boshlaganlar. Bu kash­fiyot odamlarga Ashel davrining so‘nggida ayniqsa juda yordam bergan.

Markaziy Osiyoda paleolit davrining o‘rta bosqichi miloddan avvalgi 100-40 ming yilliklarni o‘z ichiga oladi. O‘rta paleolitda neandertal odam paydo bo‘lgan. Markaziy Osiyoda o‘rta paleolitga oid yodgorliklar ellikdan ortiq joyda topilgan. Fan olamida ayniqsaTeshiktosh, Obirahmat, Omonqu­ton, Uchtut, Qorabura, Tossar, Georgiy do‘ngligi kabi yodgorliklar juda mashhur. O‘zbekiston hududida joydashgan Teshiktosh yodgorligi nafaqat Mar­kaziy Osiyoda balki, jahonning shu davri yodgorliklari ichida ham alo­hida ahamiyat kasb etadi. Yodgorlikni o‘rganish o‘sha davr kishilari hayotida ovchilik muhim o‘rin egallaganligini va ularda diniy tasavvurlar shakllana boshlaganini ko‘rsatadi.

Bundan 35-40 ming yil burun paleolit davrining yuqori bosqichi bosh­lanadi. Markaziy Osiyoda bu davr so‘nggi paleolit miloddan avvalgi 13-10 ming yillarigacha davom etgan. Yuqori paleolitning eng muhim xususiyati – ho­zirgi tipdagi odam “xoma sapiens”(aqlli, ongli odam)ning shakllan­gan­li­gidir. Mutaxassislar fikricha, aynan shu davrda irqlar paydo bo‘lgan. Mar­ka­ziy Osiyoda yuqori paleolit davriga oid 30dan ortiq yodgorliklar o‘rganilgan. Inson ilk bora nayza,sanchqi (garpun) kabi ov qurollarini o‘zlashtirgan. Umu­man, bu davr mehnat qurollari asosan toshdan, daraxt va suyakdan yasalgan. Chopper – eng muhim mehnat quroli bo‘lib, undan daraxtlarning shoxlarini ke­sish va hayvonlarni o‘ldirishda foydalanilgan. Yuqori paleolit davrining birin­chi noyob yodgorligi 1939 yilda geolog olim N.G.Xarlamov tomonidan Samarqand shahri hududidan o‘tgan qadimgi Siyobcha soyi yoqasidan topil­gan. Bu makonda uzoq yillar davomida Samarqand davlat universiteti dotsenti D.I.Lev va uning shogirdi, professor M.Juraqulovlar ilmiy izlanishlar olib borgan. Tadqiqotlar natijasi o‘laroq juda ko‘p arxeolo­gik ashyoviy dalillar, ya’ni hayvon suyaklari qoldiqlari, odam skeletiga doir materiallar topilgan. Manzilgohni o‘rganish davomida chaylasimon kulba izlari va uning marka­zidan kul qatlami bilan o‘choqqoldig‘i qazib olingan. So‘nggi paleolit davrida xo‘jalik va madaniyat texnikasining alohida o‘ziga xos xususiyatlari paydo bo‘ldi. Sobiq ittifoq hududida so‘nggi paleolitga oid xususiyatlariga qarab bir biridan farq qiluvchi uchta katta mintaqani ko‘rish mumkin. Bular Rustekisligi, Sibir hamda janubiy o‘lkalar-Qrim, Kavkaz va Markaziy Osiyodir.

Janubiy hududlarda madaniyat shimolga qaraganda bir muncha farqli­roq rivojlangan. Janubda tosh qurollarni ishlash o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, bu yerda ularni topish osonroq bo‘lganligi uchun ko‘proq foyda ber­gan. Chamasi, janubda kamon va o‘q ilgariroq paydo bo‘lgan, ovchilik asosiy mash­g‘ulotlardan biri bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bu yerda tabiatning tayyor mah­sulotlarini o‘zlashtirishdan ko‘ra ularni ko‘proq ishlab chiqarishni avzalroqko‘rishgan. Shuning uchun ham mehnat qurollari va toshga ishlov berishning turli usullarini o‘zlashtirish shimoliy o‘lkalarga nisbatan erta boshlangan bo‘lishi mumkin. Shu asosda, madaniy taraqqiyotda Shimol va Janub o‘rta­sida tafovutning pay­do bo‘lishi texnika va xo‘jalikning rivojlanishiga bevo­sita bog‘liq deb xulosa chiqarish mumkin.

Biz o‘rganayotgan Sharqiy Turkiston va Turkistonning Janubiy hu­dud­la­rida paleolit davri yodgorliklari asosan, muzlik davrida ko‘plab topilgan. Ma­sa­lan: hozirgi Turkistonning janubida Qorabo‘ri, Jarqo‘ton, Qirg‘iyin yodgor­liklari, Qoshg‘arda esa Tossar, Georgiy do‘ngliklari topilgan. Qozog‘iston hududida ilk paleolit davri taxminan bir million yil oldin paydo bo‘lgan. Buni toshdan yasalgan ov qurollari ham ko‘rsatib turibdi. Bu davr­da yashagan odamlarolovni va jamoa bo‘lib ov qilishni bilishgan. Davrga oid manzilgohlar asosan Janu­biy Qozog‘istonning Qora­tau manzilgohidan topilgan. Bundan tashqari Bariqazgan (Bo‘riqazigan), Tanirkazgan (Tandir­qazigan), Kudaykol (Xudoy ko‘l, Markaziy Qozog‘is­tonning Qarag‘anda viloyatining Obalisoy tumanida joylashgan) va boshqa manzilgohlar topil­gan. Jezqazg‘an viloyatida Semiz­bu­g‘u manzilgohialohida e’tiborga sazo­vordir. Bu manzilgohning maydoni 2500×300 metr bo‘lib, 1611dan ortiq tosh qurollari topilgan.Tadqiqotchilar bu yerda piti­kan­trop va sinan­trop­larning yashaganligini aniqlashdi. Mazkur mintaqada, shuningdek o‘rta paleolit davriga oid manzilgohlar ham keng tarqal­ganligi aniqlandi. Masa­lan, Janubiy Qozog‘iston viloyatining Aristand daryosi o‘ng qirg‘og‘ida joy­lashgan Qorasuv manzilgohi, Qarag‘anda viloyatining Sarisu daryosi buyida joylashgan Batpak manzilgohi, G‘arbiy Qozog‘istonning Man­g‘ishloq yarim orolidan topilgan manzilgohlar bunga misol bo‘la oladi.

Umuman, Markaziy Osiyoda bu davrga oid 50 dan ortiq yodgorliklar topi­lib o‘rganilgan. Bu yodgorliklarda o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar vaqtida o‘sha davr odamlarining toshdan ishlangan mehnat qurollari, qo‘l­chuqmori, hayvon terisini shilishda ishlatilgan "tosh pichoqlar" ko‘plab topilgan. Olimlar mazkur moddiy manbalarni o‘rganish asosida Sharqiy Turkiston va Markaziy Osiyoning janubiy hududlarida neandertalga za­mon­dosh ajdodlarimiz ovchilik bilan, eng birinchi navbatda yirik hayvon­larni ovlash bilan shug‘ullanganligini ko‘rsatadi. So‘nggi paleolit davrida Markaziy Osiyoda dunyoda keng tarqalgan uch irqdan biri, mongoloidlarni shakllanganligini arxeologik topilmalar isbot qilib berdi.

Markaziy Osiyo ilk paleolit davriga oid madaniyatning elementlarini Hindistonning shimoliy hududida topilgan Soan manzilgohiga mansub mehnat qurollari bilan ayrim o‘xshashligini ko‘rish mumkin. Markaziy Osiyo paleolitining muhim xususiyatlaridan yana biri прямая соединительная линия 20shundaki, ilk paleo­litdayoq tosh o‘zaklaridan parrakalar ajratishda levellua texnik uslubi mavjud bo‘lgan. Bu jarayon paleolit yodgorliklarida turli xilda kuza­ti­lishidan qat’iy nazar, mehnat qurollarini yaratishda qo‘llanilgan taraqqiyot yo‘lini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu texnik uslub, ayniqsa, o‘rta paleolit davrida birmuncha rivoshlanganligini ko‘ramiz. Markaziy Osiyo ilk paleolitga oid qo‘l cho‘qmorlari bilan bir qatorda qayroq kabi tosh qurollarining ishlatilganligi uning Hindistondagi Soan madaniyatiga yaqinligini ko‘rsatadi. Ammo, bu madaniyatlarning o‘zaro yaqinligi faqat migratsiya jarayoni sifatida emas, balki tub, mahalliy negizda ham rivoj­langanligini etirof qilish zarur. Hindistondagi Soan madaniyatini Markaziy Osiyo paleolit madaniyatiga taqqoslaganimizda qiziqarli xulosalarga ega bo‘lamiz. Eng avvalo mazkur yodgorliklarni katta maydonni egallaganligi, qo‘pol, yirik toshdan yasalgan mehnat qurollari va o‘sha davr hayvonot dunyosi qoldiqlaridagi o‘xshashliklarni kuzatish mumkin. Ikkala madani­yatning o‘zaro o‘xshashlikni belgilovchi yana bir omil "Osiyo tipi"dagi mehnat qurollarini yaratish an’analarining mavjudligidir. Shu jihatdan Yevropa paleolit madaniyatidan farq qiladi. Bunga Hindiston va Markaziy Osiyoda paleolit davrida tabiiy sharoit, shuningdek, mehnat qurollarini yasash uchun tanlangan materiallarni o‘xshashligida deb qarash mumkin.

Hind arxeologlarining Markaziy Osiyo paleolit madaniyatiga qiziqishi katta. Buning muhim sabablaridan biri, Hindistonda o‘rta paleolit bir­muncha yaxshi tadqiq qilingan bo‘lsa-da, so‘nggi paleolit davri yodgor­liklari hamon - topilmaganligidadir. Shu sababdan ham hind arxeologlari tomonidan Samarkand, Xo‘jamazgil, Kulbuloq, Shug‘non kabi so‘nggi pa­leo­lit makonlarini qunt bilan o‘rganish, katta mintaqada yashagan jamoa­larning o‘zaro madaniy aloqalarini tadqiq qilish muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi izlanishlar bu masalalarga yangi mazmun kiritishi mumkin.

Markaziy Osiyo paleolitini o‘rganar ekanmiz, bizga qo‘shni bo‘lgan xorijiy sharq mamlakatlari yodgorliklarini taqqoslamasdan, tariximizning ilk jamoalari madaniyati va uning insoniyat moddiy-madaniyati tarixidagi o‘rni haqidagi fikr va xulosalarimiz to‘la bo‘lmaydi, albatta. Shu boisdan ham qo‘shni mintaqalarda olib borilayotgan tadqiqotlarni kuzatib borish ham muhimdir. Tojikistonda va uning Xovaling, Qoratov tumanlarida ham­da Qizilqum sahrolaridan topilgan arxeologik manbalarshular jumla­shi­dandir. Bundan tashqari Kavkaz, Oltoy va Uzoq Sharq hududlarida paleolit davri yodgorliklari qidirib o‘rganildi va yetarli manbalar to‘plandi.



Tayanch tushunchalar: Ibtidoiy jamoa tuzumi, yodgorlik, texno­lo­giya, davrlashtirish, musiqa, “Osiyo tipi”, topilma, ashel, material, moddiy meroslar, Soan manzilgohi, migratsiya, arxeolgiya, levellua, diffuziya.

Savol va topshiriqlar:

  1. Ibtidoyi jamoa tuzumining asosiy davrlari va xususiyatlarini gapirib bering?

  2. Markaziy Osiyoda paleolit davri yodgorliklari to‘g‘risida nimalarni bilasiz?

  3. Markaziy Osiyo va Hindiston paleolitini o‘xshashlik taraflari nimada?

  4. Paleolit davri jamoalari turmushida o‘zgarishlar nima asosida sodir bo‘lgan debo‘ylaysiz?

1.2. Markaziy Osiyoda mezolit davri

O’quv maqsadi: Mezolit davri (o’rta tosh)ning o’ziga xos xususi­yatlari, buyuk muzlikning chekinishi, hozirgi shakldagi flora va faunaning shakllanishi, o’q-yoyning kashf qilinishi, tosh qurollarining takomilla­shu­vi, ibtidoiy rassomchilik, Markaziy Osiyoda Amudaryo va Sirdaryo ora­lig’ida kichik daryo va soylarning ko’payishi, mezolit davrida odamlar mashg’ulotlari, yakka ovchilar rolining oshishi to’g’risida talabalarga atroflicha ma’lumot berish, davr haqida keng tushunchalar hosil qilish.

Hozirgi Markaziy Osiyo hududida bundan 12-15 ming yil muqaddam ibtidoiy jamiyat tarixida yangi davr boshlandi. Insoniyat tarixining paleolit­dan keyingi davri mezolit (“o‘rta tosh”) deb nomlanadi. So‘nggi paleolitning oxirlarida muzliklar erib, Markaziy Osiyo tabiati va hayvonot dunyosi hozirgi ko‘rinishda shakllana boshlagan. Mezolit Markaziy Osiyoda taxminan 13-10 ming yillar avval boshlanib, miloddan avvalgi7-6 ming yilliklargacha davom etgan deb qabul qilingan. Mezolitda o‘q-yoy kashf etiladi. Bu narsa endi nafaqat yirik hayvonlarni ovlash, balki mayda hayvonlarni ham ovlash im­koniyatini yaratadi. Bu davrda odamlar Markaziy Osiyoning deyarli barcha hududlarida hayot kechirishgan. Ularda diniy tasavvurlar keng tarqalgan. Shuningdek, ibtidoiy rassomchilik ham rivojlangan. Masalan, Qo‘hitog‘ to­g‘i­ning Zarautsoy darasida ibtidoiy rassom tomonidan ustalik bilan chizilgan yovvoyi hayvonlar va ovchilarning ov manzarasi diqqatga sazovordir. Lekin bu davrda ham inson asosan tabiat ehsonlari hisobiga kun ko‘rgan. Keyingi davrda (neolit)gina inson ishlab chiqaruvchi xo‘jalikka o‘tgan.

Oldin eslatib o‘tilganidek mezolit davrida ibtidoiy urug‘ jamoalari o‘q-yoyning kashf etilishi munosabati bilan butun e’tiborini ovga qarat­dilar. Ov ularning asosiy yashash manbaiga aylandi. Nisbatan uzoq masofadan turib o‘z o‘ljasini nishonga olish imkoniyatiga ega bo‘lgan ibtidoiy ovchilar endi ov hayvonining orqasidan ergashib, yangidan-yangi joylarni o‘zlashtirib bordilar. Ov qilinadigan joylar mezolit davri jamoa­la­rining o‘z makonlarini tez-tez o‘zgartirib turishga, ovchilikka qulay bo‘l­gan hududlarni o‘zlashti­rishga olib keldi. U davrida baliqchilik ham rivoj­landi. Natijada urug‘ jamoalari yangi hududlarni keng miqyosda o‘zlashtira boshladilar. Markaziy Osiyo hududi mezolit davrida aholi yashashi uchun juda qulay geografik hududga aylandi. Bu holat bevosita ulug‘ muzlik dav­rini tugashi natijasida tabiatning, ya’ni flora va faunaning keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq edi. Ayniqsa, Markaziy Osiyoning Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i, kichik daryo va soylarning bo‘ylari aholi joylashishi uchun juda qulay bo‘lgan.

Markaziy Osiyoda mezolit davri bilan bog‘liq bo‘lgan o‘nlab yodgor­liklar topilgan. Markaziy Farg‘ona hududida qadimshunos O‘.Islomov va uning hamkasblari 1970-1980 yillarda dala-qidiruv ishlarini olib borib, juda ko‘p mezolit davri yodgorliklarini topishga muvaffaq bo‘ldilar. Vodiy bo‘ylab oqib o‘tgan Obishir soyining quyoshgaqaragan tomonida bir necha ungurlar bo‘lib, ulardan Obishir-1 va Obishir-5 deb atalgan makon­larda mezolit davri jamoalarining izlari topilgan. Dala-qidiruv ishlari ayniqsa, markaziy Farg‘onada samarali bo‘lgan. Hozirgi kunda bu zaminda yuzdan ortiq mezolit davri yodgorliklari ochilgan. Ular asosan soy va ariqlarning qirg‘oq yoqalarida joylashgan.

Mezolit davriga oid boshqa guruh yodgorliklar Toshkent shahri hudu­dida, uning Sariqqamish mavzesida, qadimgi Bo‘zsuv havzasida topib o‘r­ganildi. Bo‘zsuv soyining ikki irmog‘i qo‘shilgan joy, xalq orasida "Qo‘­shilish" debnomlangan. Huddi ana shu qo‘shilish do‘ngligining jar kes­masida 1967 yili arxeolog va geogloglar bir necha tosh qurollarini topdilar. Arxeolog O‘.Islomov mazkur joyda qazishma ishlarini amalga oshirib, mezolit davriga oid jamoalar qarorgohi borligini aniqlagan.

O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati qadimda ham hozirgidek odam­zod yashashi uchun qulay o‘lka bo‘lgan. Iqlimning subtropik xusu­siyati natijasida odamlar ovchilik xo‘jaligi, ayniqsa, termachilikningyangi yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun zarur imkoniyatlarga ega bo‘ldilar. Aynan shunday tabiiy qulayliklar odamlarning diqqatini o‘ziga tortgan. Keyingi yillarda bu viloyatning Ayritom, Kattaqo‘rgon, Zaranchuq-tut, Dukanxona, Eski Termiz, Podaxona, Oqtosh kabi manzilgohlarida arxeo­loglar tomonidan topilgan mezolit davriga oid tosh qurollari fikrimizni isbotlaydi. Shuni alohida qayd etish kerakki, 1930 yillarning oxirlarida Qo‘hi­tog‘ning Machay soyi bo‘yida joylashgan qoya ostidagi g‘orda arxeolog G.V.Parfenov qazishmalar o‘tkazib, Machay g‘ori tosh davri odamlarining makoni ekanligini aniqlagan edi. Arxeolog O‘.Islomov 1970-1971 yillarda Machayda qazishma ishlarini yangidan tikladi va mezolit davrining so‘nggi bosqichlariga oid bo‘lgan moddiy madaniyat qoldiqlarini aniqladi. Tadqiqotchilar bu yerda odamlar juda uzoq yashaganliklaridan guvohlik beruvchi madaniy qatlamlarini ochishga muvaffaq bo‘ldilar. U yerda hayvon suyaklarining parchalari, turli xil tosh va suyakdan ishlangan qurollar, kul qatlami va odam skeletlari topilgan. Machayliklarning ov hayvonlari asosan tog‘ arxari va jayronlar bo‘lgan. Topilgan mehnat qurollarining aksariyati ovchilik hayoti va hayvon terisini ishlash bilan bog‘liq bo‘lganligi yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlaydi. Bular har xil shaklda tosh qirg‘ichlar, pichoqlar, suyak bigiz va ignalar, terini pardozlash qurollari bo‘lgan. Machayning ko‘p sonli hayvon suyaklari ichida yirik hayvonlar, ya’ni xonakilashtirilgan sigir, ko‘y, echkilarning ham suyaklari topilgan. Machay g‘oridan topilgan manbalarning tahlili mazkur yodgor­likni mezolit davri eng so‘nggi bosqichi va ilk neolit davriga tegishli ekanligini ko‘rsatmoqda. Xuddi shu davrda O‘rta Sharqda neolit davri madaniyatlari gullamoqda edi. Ibtidoiy jamoa odamlari ilk dehqonchilik va chorvachilik bilan tanish edilar, hatto bu davrda janubiy Turkmanistonda neolit davrining Joytun madaniyati mavjud bo‘lganligini ko‘rishimiz mum­kin. Arxeologlarning fikricha, Joytunliklar Markaziy Osiyoda dastlabki dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan urug‘ jamoalari hisob­lanishgan. Ehtimol, chorvachilikning erta poydo bo‘lishi uchun tabiiy qulayliklarga ega bo‘lgan Surxondaryo viloyati aynan Joytunliklar ta’sirida yovvoyi hayvonlarni ko‘lga o‘rgatgan bo‘lishlari mumkin. Har qalay Machayda uy hayvonlarining paydo bo‘lishi - bu so‘nggi mezolit davri odamlarining xo‘jalik sohasidagi buyuk inqilobiy o‘zgarish edi.

O‘zbekiston hududi o‘rganilgan mezolit davri yodgorliklarining yoshi bir xil emas, albatta. Olimlar topilgan tosh qurollariga qarab ularni yosh jihatdan uch guruhga bo‘lishgan. Eng qadimiysi Qo‘shilish yodgorligi bo‘lib, uning mutloq yil sanasi miloddan avvalgi 11-10 ming yilliklar bilan belgilangan. Ikkinchi guruh yodgorliklari fan olamiga Obishir madaniyati nomi bilan kiritildi. Ularning yoshi miloddan avvalgi 9-8 ming yilliklar bilan belgilanadi. Uchinchi guruh yodgorliklari Machay madaniyati deb yuritiladi. U miloddan avvalgi 7-6 ming yilliklarga tegishlidir.

Mezolit davri qurollari orasidao‘q-yoy (kamon va paykonlar), tayoq uchiga o‘tkir uchli nayzalar o‘rnatilgan nayza qurollari insonga katta foyda bergan. O‘q-yoydan foydalanish insoniyat taraqqiyotida muhim ahami­yatga ega bo‘lib, ovchilikni insonlarning hayot manbaiga aylantirdi, ovdan keladigan o‘lja va zahiralar ko‘payib borishiga imkoniyat yaratdi. O‘q-yoy odamning yolg‘iz o‘zi hayvonlarni ovlash va shu asosda jamoadan ajralib hayot kechirishiga yo‘l ochib berdi. Odamlar o‘simliklarning ildizlarini iste’mol qilishdan boshoqlarni, mazali mevalarni iste’mol kilishgao‘tgan­lar. Markaziy Farg‘onadagi ko‘llarning sohillarida yashagan ilk mezolit davriga mansub qabilalar ovchilik bilan birga baliqchilik bilan ham shug‘ullanganliklari ma’lum.

Mezolit davri jamoalarida diniy tasavvurlar ma’lum bir shaklga, ya’ni hayotiy normalarga aylanib borganliklarini ko‘rish mumkin. Ashyoviy dalillar mezolit davriga oid mozorlar, inson qo‘li bilan chizilgan qoyatosh suratlari fikrimizni isbotlaydi. Masalan, Qayla g‘ori yaqinida joylashgan ikkita mozor o‘rganilgan. Aniqlanishicha, mozorda skeletlar chalqan­chasiga yotgan bo‘lib, oyoqlari biroz bukilgan. Ko‘mish vaqtida jasad ustiga qizil rang sepilgan. Shunisi qiziqarliki, ularning yonidan dengiz chig‘anoqlaridan qilingan taqinchoqlar topgan. Inson bosh suyagi ustida esa mayda tosh munchoqlar tizilib turibdi. Ehtimol, o‘likning bosh kiyimi munchoqlar bilan bezatilgan bo‘lsa kerak.O‘rganilgan o‘ndan ortiq mozor qoldiqlarida ham shu holatni kuzatish mumkin.

Mezolit davri jamoalari tasavvurida "narigi" dunyoga ishonishda olov­ga talpinish alohida ahamiyat kasb etgan. Qayla mozorida topilgan o‘likka qizil rangini sepish odati bejiz bo‘lmasa kerak.

Mezolit davrida ibtidoiy rassomlar tabiatning u yoki bu kunlariga bo‘lgan munosabatlarini, dunyoqarashlarini - diniymi yoki dunyoviymi, bundan qati nazar, qoyalarga chizgan rangli suratlari orqali ifodalab ber­ganlar Surxondaryoning Zarautsoy darasi qoyalariga ishlangan suratlar bunga misol bo‘la oladi. Suratlarning bir qismi qizil rang bilan ishlangan. Qoya suratlari orasida «yovvoyi hayvonlarni ov qilish» deb nomlangan manzara dikqatga sazovordir. Bu manzarada bir poda yirik shohli hayvonlar orqasidan ovchilarning o‘z itlari bilan quvib ketayotgani tas­virlangan. Ba’zi bir ovchilar ustiga chaylasimon yopinchiq yopib olgan. Ular o‘q-yoy bilan, palaxmon toshlari bilan qurollangan. Boshqa bir qoyada ikki guruh ovchilarning yovvoyi buqani o‘rab olish manzarasi chizilgan. Olimlar bu manzarani mezolit davrining so‘nggi bosqichi va ilk neolit davriga oid ekanligini isbotlaganlar.Zarautsoy qoya suratlari mezolit davri rassomlarining fikr doirasini, diniy tasavvurlarini, umuman, o‘sha davr mafkurasi darajasini tasviriy san’atda qanchalar aks ettira olganliklari haqida fikr yuritishga asos bo‘la oladi.

Xulosa qidib aytgandi, mezolit davrida Markaziy Osiyoning deyarli barcha hududlari insonlar yashashi uchun tabiiy qulayliklarga ega bo‘lganligini ko‘rdik. Ulug‘ muzliklardan so‘ng hosil bo‘lgan katta va kichik ko‘llar, ular atrofidagi qalin o‘rmonlar va chakalakzorlar, tog‘ yon bag‘rlarida o‘sgan yovvoyi boshoqli o‘simliklar, dasht zonalarini qoplagan maysazorlar, yovvoyi hayvonlarning gala-gala bo‘lib yurishlari, baliqchilikning rivojlanishi bunga keng imkoniyat bergan.



Yüklə 0,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə