Guruh talabasi Xushvaqtov Shamsiddin



Yüklə 14,5 Kb.
tarix22.12.2023
ölçüsü14,5 Kb.
#153981

713-21- guruh talabasi Xushvaqtov Shamsiddin






Ta'limdagi to'rt muammo

Birinchi muammo. Maktab muhiti. Maktablarda ilmiy muhitning yo'qligi malakali kadrlar yetishmovchiligiga va malakasiz kadrlarning ko'pligiga olib keladi. Maktablarda o'qituvchilar o'z ustida ishlamay qo'ygan. Ko'p miqdordagi iqtidorli insonlar yo maktabni tark etadi yo iqtidori ochilmay qolib ketadi. Amaldagi ta'lim tizimimizda o'qituvchining darsi qanchalik sifatli ekanligini baholashing samarali mezonlari yaratilmagan.O'qituvchilar tashkiliy masalalar bilan o'ralashib qolgan. Qanchalik xunuk eshitilmasin, tan olishga majburmiz: dars ikkinchi darajali narsaga aylanib qolgan.


Ikkinchi muammo. Byurokratiya.
Mazmunga emas, shaklga qaraladi. Pedyuklamalar, plakatlar, ko'rgazmali qurollar. Ro'yxatni ancha davom ettirish mumkin.
Sir emas, ayrim hollarda (doim emas) komissiya a'zolari borgan joyida hammaga tanbeh berib, obro' orttirishga intiladi. Maqsad kamchilikni bartaraf etish emas, aybdorlarni jazolash bo'lib qoladi. Ba'zida mutlaqo mantiqqa zid gaplar ham bo'ladi.
Menga ham bunga o'xshash voqeani aytib berishgan, rostdan bo'lganmi - yo'qmi, bilmayman. Har holda, ishonib bo'lmas vaziyat emas.
Maktabga komissiya keldi.
Biologiya darsi. Bashang kiyingan, o'zini jiddiy tutayotgan komissiya vakili darsni kuzatar ekan, yosh muallim Sardorga tanbeh bera boshladi.
- Domla, nega dars paytida ko'rgazmali qurollardan foydalanmayapsiz?
- Bugun dars mavzusi "Ko'payish". Qanaqa ko'rgazmali quroldan foydalanishim mumkin?
Uchinchi muammo. "Eskini yamaguncha esing ketadi."
Oliy o'quv yurti. Sessiya. Ustoz talabaga:
- Qanday qilib senga "5" qo'yaman? Oraliq nazorat imtihonida 3 ta savolga daftarning yarmini to'ldirib javob yozibsan, xolos-ku.
(Miya bo'm-bo'sh bo'lsa ham, daftarlar to'ldirilgan bo'lsin.)
Binolar yangicha, tizim eskicha. Fikrlash XX asr o'rtalarida qanday bo'lsa, shunday. O'qituvchi kutadigan yagona to'g'ri javob bor. O'shani topgan talabaga "besh". Talabaning shaxsiy fikri bo'lishi ta'qiqlanadi. Baholash mezoni bilim emas, miqdor va itoat. Galstuging yo'qmi, demak, yaxshi o'qimaysan. Mutaxassislarni emas, itoatgo'y xodimlarni tayyorlaymiz. Oliy o'quv yurtlarimizdagi holat achinarli. Sovet Ittifoqi tarbiyasini olgan domlalar hali hanuz 2 soat tinmay kitobdagi tayyor ma'ruzani o'qiydi, talaba esa 2 soat tinmay daftariga matnni yozadi. Bunday darsdan maqsad ilm berishmi, yoki talabalarning g'ururini sindirishmi?

Asosiy muammo. "Bo'ynidan bog'langan it ovga yaramaydi."


O'qituvchi opa to'qishni o'rganib oldi. Hayt degan arqonga madad. Paypoqmidi, jempermidi to'qib, ro'zg'orga qo'shimcha qilib turadi. Opa o'zi kollejda dars beradi. Shuncha hasharlar-u, hujjatlardan vaqtni qanday orttiradi, deysizmi? Yo'li oson.Ustoz dars mahal bekor o'tirmaydilar. Davomat bo'lsa bor, o'quvchilar jim o'tiribdi, mavzu nomi doskada yozilgan. Ularga dars o'tganing bilan ham,hech qaysinisiga fan qiziq emas.Undan ko'ra, o'quvchilar jim telefonini o'ynasin, o'qituvchi opa paypog'ini to'qisin. Asosiysi, hamma sinfxonada o'tirsa, bas. Qarabsizki, 3 ta darsda 1 juft paypoq tayyor. Siz bo'lsa o'qituvchining kitob o'qishga vaqti yo'q deysiz. Vaqt tiqilib yotibdi. Motivatsiya yo'q. 
Ta'lim sifatsizligi haqida gapirganda, negadir hamma pedyuklama-yu hujjatbozliklar, paxta va obodonchiliklarga o'qituvchilarninig jalb etilishini bosh aybdorlar qilib ko'rsatyapti.
Aslida ham shundaymi? Pedyuklamani yo'q qilib, hasharga ustozlar chiqmay qo'ysa, hammasi iziga tushadimi?
Yo'q. Menimcha, yo'q. Sifatsiz ta'lim ildizlari ancha chuqurroq. Qog'ozbozlik va hasharbozlik "o'lganning ustiga tepgan" bo'lyapti, xolos. Tepmay qo'ygan bilan, o'lik tirilmaydi.
O'zi muammoning ildizi qayerda?
Bolalar maktab hamda kollejga majburligidan boradi. Talabalarning universitetga borishdan maqsadi faqat diplomli bo'lish.Iloji bo'lsa, umuman o'qishga bormay, baho olib yursa. O'quvchilarda o'rganishga qiziqish yo'q. Borlarida ham katta sinfga o'tgan sari qiziqish kamayib boraveradi. Bu endi iqtisodiyot darajasi bilan bog'liq. Yuqori malakali kadrga bizda yaxshi haq to'lanmaydi. Ba'zida hatto u ishga olinmaydi, ham. Umuman ish beruvchi, hoh u davlat bo'lsin, hoh xususiy tashkilot, eng sara kadrlarni ishga olishga intilmaydi. Bozor raqobati muhiti to'la shakllanmagan. Shu bois ham, ishning sifatini oshirishga, demakki, eng zo'r kadrlarni jalb qilishga harakat qilinmaydi. O'z-o'zidan ota-onalar farzandining bilimli, saviyasi baland bo'lishiga ko'pam intilishavermaydi. Ta'limdagi eng katta muammo aynan mana shu. Agar aholida ta'limga ehtiyoj yuqori darajada bo'lganida, ular bilimni izlab topishardi.Ular bilimli o'qituvchilarni qadrlagan bo'lishardi. Ular baho olishga emas, bilim olishga qiziqqan bo'lishardi. Ular o'qituvchidan yaxshi darsni talab qilib olgan va shunga yarasha haq ham to'lashga tayyor bo'lishardi.
Savollarga javoblar yoxud muammolarning yechimlari.
Ta'lim sifatini oshirish uchun nima ishlar qilish mumkin? Tushunarliki, iqtisodiyotning ko'tarilishi ta'limga ham keskin turtki bo'ladi. Oxirgi yillardagi islohotlar bundan umid qilish uchun yaxshi asos beryapti. Lekin, yangi sharoitlarga tezroq moslashish va yangi ilmli avlodni tezroq vujudga keltirish zarur.

Ustozlar nima qilishi mumkin?


Avallari maktab bilim olishning qariyb yagona manbai bo'lgan, kitoblar ham o'sha yerda, muallim ham. Hozirgi Google va Wikipediya davrida maktab va o'qituvchining vazifalari birmuncha o'zgarmadimikan?
Muallim, demakki o'quv yurti ham ma'lumot manbai sifatidagi o'z ahamiyatini tobora yo'qotib bormoqda. Bizda hali Internet tezligi maqtagulik bo'lmagani tufayli bu narsa unchalik yaqqol ko'zga tashlanmayapgandir. Lekin bu vaqt masalasi, xolos.
Agar o'quvchi bilimni muallimsiz qidirib topish imkoni bo'lsa, unda ustoz oldidagi vazifa nima? Men 4 ta asosiy vazifani ko'rsatgan bo'lardim:
1. Qiziqtirish
2. To'g'ri yo'nalish berish
3. Fikrni tarbiyalash
4. Motivatsiya uyg'otish 
Motivatsiya masalasiga alohida to'xtalib o'tsam. Shu yerida juda katta kamchiliklarimiz ko'zga tashlanadi. Maktabdanoq o'quvchilarni faqat tanbeh yoki maqtov yordamida tarbiyalaymiz. "Qamchi va pryanik" uslubidan boshqasiga yo erinamiz, yo aqlimiz yetmaydi.
Vaholanki, bolaning o'zidagi ishtiyoqni kuchaytira olish zarur.
Farzandlarimiz ustozdan dakki eshitmaslik uchun yoki maqtov eshitish uchun o'qiydi. Fanning o'ziga bo'lgan qiziqish so'nib qoladi. Shu usulda tarbiya olgan kadrlar keyinchalik qaysi sohada ishlasa ham "qullik falsafasi"ga tayanib yashovchi, o'zidan yuqori odamga o'ylamay-netmay bo'ysunuvchi, oz'idan quyidagini esa bir tiyinga olmaydigan manqurtga aylanadi-qoladi.
Davlat miqyosida nima qilish mumkin?
1. Aholi, ayniqsa bolalar, o'smirlar va yoshlar orasida ilm-fanga qiziqish uyg'otish 
Ilmni keng reklama qilish kerak. Ilmni chiroyli qilib ko'rsatish zarur. Buni havaskorlarga ishonib topshirish kerak emas. Bunday ishlarning ham o'z ustalari bor. Marketologlar, ijtimoiy tarmoq mutaxassislari, sotsiologlar, degandek. Shunday mutaxassislarni jalb qilish kerak.
Ta'lim deganda hayolimizga faqat maktab, universitet, kollej, xullas muayyan bino keladi. Ammo zamonamizda ilm olishning ko'plab boshqa manbalari mavjud: televideniya, Internet, radio, jurnallar, gazetalar va albatta, kitoblar.
Ta'lim sifatini oshirish deganda, endi faqat maktab yoki universitetdagi ta'limni emas, Internetdagi ta'limni, televideniya, umuman OAVdagi ta'limni, kitob do'konlari orqali bo'ladigan ta'limni ham hisobga oladigan payt keldi. Masalan, Xalq ta'limi vaziri o'rinbosari Alisher Sa'dullayev "TED Talks"ning o'zbekcha muqobilini yaratamiz, deganida juda quvongan edim. Negadir bu loyiha haliyam amalga oshmadi.

2. O'qituvchilar obro'sini oshirish


Bu haqida faqat dangasalar yozmadi, xolos. O'qituvchining jamiyatda nufuzini oshirish kerak, busiz iloji yo'q.
3. Ilm-fanga bag'ishlangan sifatli saytlar va kanallarni ko'paytirish
Internet - ilm tarqatishning juda samarali yo'li. Albatta, sifatli sayt yoki kanal yaratish uchun kuchli mutaxassislarni (xususan xorijdan ham) - malakali ustozlar, turli soha ekspertlari va dasturchilarni jalb etish darkor.
4. "Dunyo bo'ylab", "Madaniyat va Ma'rifat" va "Yoshlar" kanallarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash
Ilmiy-ommabop film va ko'rsatuvlar aholida ilm-fanga qiziqish orttirishning juda ham samarali yo'li. Haftasiga kamida bir marta "Discovery"ni ko'radigan boladan ekstremist chiqmasa kerak.
Xorijdagi muqobil telekanallar bu sohada ancha ilgarilab ketgan. To'g'ri, ularning byudjetidagi raqamlar biznikidan bir necha xona ko'proq.
O'zimiz hozircha o'sha darajada yarata olmasak ham, tayyorini tarjima qilish ham mumkin. Shunday qilinyapti ham. Lekin, hozirgi efirga berilayotgan dasturlarni ko'rgan bo'lsangiz bilasiz - 15-20 yil avval ishlanganlarni tarjima qilishyapti.
Ta'lim sohasidagi vazirliklar nima qilishi mumkin?
1. O'quv dasturlarini batamom yangilash
Bu birinchi navbatda oliy ta'limga tegishli. Talabalarimiz institutni tamomlab, ishga kirgach, hamma narsani noldan boshlab o'rganyapti. Universitetlarimiz o'z ishining ustalarini tayyorlay olamayapti. 
O'tiladigan fanlar o'ta ko'p. Biz negadir qomusiy olimlarni yetishtirishga intilamiz. Tor doiradagi mutaxassislar yetishmaydi.
Tarix yo'nalishidagi talabalarga Oliy matematikaning nima keragi bor? Fanlar sonini keskin qisqartirish zarur.
Har sohadan bir shingilni kim hohlasa, bo'sh vaqtida kitob o'qisin, televizordagi ilmiy-ommabop dasturlarni ko'rsin. Har tomonlama inson shakllantirish uchun universitet dars jadvalini band qilish shart emas.
2. Darsliklarni jamoatchilik muhokamasiga qo'yish
Darslik joriy qilinishidan avval uni ana shu kitob bo'yicha bevosita ishlaydigan insonlar-maktab, kollej yoki universitet o'qituvchilari ko'rib chiqsin. Aynan ular ma'qul topgan darslikkina tasdiqlansin. Zar qadrini zargar biladi.
3. Pedagoglardan muntazam fikr so'rab turish
Ha, aynan shunday. Komissiya jo'natib, "anovi hujjat qani?" , "manovi plakat nega yo'q?" deyish oson. O'qituvchining yoki direktorning, yoxud dekan va rektorning oldiga borib
"Hoy, sening nima darding bor? Bizdan qanday yordam kerak?" deb ham kimdir so'rashi kerakmi? 

4. Onlayn darslarni tashkil qilish


Bu o'quvchilar uchun o'tilgan darsni yanada mustahkamlash, o'qituvchilar uchun esa tayyor tekinga malaka oshirish bo'ladi. Yaxshi yangilik shuki, hozir bu masalada ilk qadamlar qo'yilyapti. Umid qilamiz, yana ham jadalroq qadamlar hali tashlanadi.
5. Intizomsiz bolalar bilan ishlashning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish va unga amal qilish
Sinfdan sinfga qoldirish amaliyoti deyarli yo'qolib ketdi. Nega? Chunki, biz statistikadan qo'rqamiz. Hozirgi tizimda intizomsiz o'quvchilarga qarshi hech qanday tayinli chora yo'q. Dars qoldirsa nima jazo, vazifa qilmasa, nima jazo, ikki marta dars qoldirsa, nima jazo, sinfdoshini haqorat qilsa, nima jazo - hammasi qati'y belgilangan bo'lishi kerak. O'qituvchi va maktab ma'muriyati hatto jinoyatchi o'quvchilarga ham tishini tishiga qo'yib chidaydi. Tegishli joyga xabar bersa, kaltak yana o'zining boshida sinadi. Nega tarbiyaviy ishlar bilan shug'ullanmagansanlar, degan dakki eshitadi. Oqibatda, direktorlar hammasini yaxshi qilib ko'rsatishga odatlanishgan. Kasalini yashirishadi, ba'zida isitmasi oshkor qilib turadi.
Yüklə 14,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə