Hozirgi zamon psixologiyasining metodologik masalalari



Yüklə 20,18 Kb.
tarix29.09.2017
ölçüsü20,18 Kb.
#2414

Aim.uz

Hozirgi zamon psixologiyasining metodologik masalalari

R e j a :


1. Hozirgi zamon psixologiyasining tamoyillari:

a) determinizm; b) ong va faoliyat birligi; v) psixikaning faoliyatda rivojlanishi.

2. Hozirgi zamon psixologiyasining tuzilishi.

3. Hozirgi zamon psixologiyasining ilmiy -tadqiqot uslublari:

a) asosiy uslublar; b) yordamchi uslublar;

4. Psixologiyaning fanlar tizimida tutgan o`rni.


Mavzu bo`yicha tayanch tushunchalar:


Psixologiya sohalari — faoliyat, taraqqiyot, shaxsning jamiyatga munosabatiga ko`ra.

Determinizm — sababiy bog`liqlik.

Eksperiment -- tajriba usuli

Introspektsiya — o`z - o`zini kuzatish

Bixeviorizm — xulq - atvorni o`rganuvchi oqim.

Freydizm — instinktiv mayllarni o`rganuvchi oqim.

Test metodi — standartlashtirilgan , aqliy taraqqiyotni aniqlovchi usul.

1. Hozirgi zamon psixologiyasining tamoyillari


Psixologiya tamoyillarini Amerika va boshqa chet el psixologiyasi yo`nalishlari ham ishlab chiqqan. XX asr boshlarida bixeviorizm va freydizm yo`nalishlari vujudga kelgan edi. Bixeviorizm psixologiyasi hayvonlarda o`tkazilgan kuzatishlar natijasiga asoslangan bo`lib, uning namoyondalari Torndayk va Uotson (Bixeviorizm ingliz tilida «xulq - atvor» degan ma`noni bildiradi). Bu oqim psixika va ongni inkor qiladi, xulq bilan tashqi muhit o`rtasidagi munosabatlarni, qonuniyatlarni tekshirishni taklif qiladilar. Ularning fikricha, psixologiyaning vazifasi stimulga (qo`zg`atuvchi), ya`ni sezgi a`zolariga ta`sir qilayotgan qo`zg`atuvchiga o`q otish, biror suratni ko`rsatish o`nga qanday javob reaktsiyasi bo`lishini yoki bunday reaktsiyani qanday stimul tug`dirishini oldindan aytib bera olishdan iborat. Bixevioristlarning formulasi “S - R” dir.

Freydizm yo`nalishiga venalik psixiatr Z.Freyd asos solgan. Uning fikricha, odam mohiyatiga ko`ra hayvonga o`xshaydi. Odamni xulq - atvori va harakatlari ikkita tamoyilga “Roxatlanish” va “Reallik” tamoyiliga bo`ysundirilgan bo`ladi. Bu oqim ham insonning ongiga ishonmaydi. Freyd o`zining psixologik nazariyasini odam haqidagi, jamiyat va madaniyat haqidagi umumiy ta`limotga aylantirib, g`arb mamlakatlarida katta e`tibor qozondi. 1923 yilda Psixonevrologlarning I -s`ezdida K.N.Kornilov psixologiyani qayta qurish vazifasini ilgari surdi. Psixologiya fanini yuzaga kelishida juda katta rol’ o`ynagan ilmiy kadrlar etishib chiqdi. Masalan, B. Anan’ev, P. Blonskiy, L.S.Rubinshteyn shuningdek, keyinchalik O`zbekistonda ham yirik olimlar etishib chiqdi, masalan: M.G.Davletshin, M.Voxidov, e.G`oziev, V.V.Tokareva, R.T.Gaynutdinov, V.M.Karimova, G`.B. SHoumarov, R.Sunnatova kabilar. YUqoridagi nomlari tilga olingan olimlar o`zlarining g`oyalari, milliy mafkuralari bilan yoshlarda tafakkur sifatlari: mustaqillik, tanqidiylik kabilarni shakllantirishga e`tibor bermoqdalar. O`z ilmiy fikrlarini yoshlar, talabalar ongiga singdirmoqdalar. Hozirgi mustaqillik sharoitida psixologiyaga bo`lgan talab, ehtiyoj juda kuchayib ketdi. YOshlarni ma`naviyatini boyitish uchun ularni dunyoqarashi, tafakkuri, irodasi, umuman ongini o`stirish zarur. Buning uchun biz olimlar eksperimental ishlarni kuchaytirishimiz, ta`lim jarayonini yangi texnologiyalar asosida qayta qurishimiz zarur. Hozirda respublikamizdagi universitetlarda psixologiya bo`limlari, kafedra, laboratoriyalar ilmiy fikrlar markaziga aylantirildi. Hozirgi zamon psixologiyasining tamoyillari quyidagicha: 1. Determinizm tamoyili; 2. Ong va faoliyat birligi tamoyili; 3. Psixikaning faoliyatda rivojlanish tamo -

yili ishlab chiqildi. Determinizm tamoyiliga ko`ra, psixika yashash sharoiti bilan belgilanadi va sharoit o`zgarishi bilan o`zgaradi. Hayvonlar psixikasining taraqqiyoti tabiiy saralanish bilan, odam psixikasi taraqqiyoti esa paydo bo`lishi, shakllari, taraqqiyoti, moddiy narsalar ishlab chiqarish usullari - ijtimoiy taraqqiyotning qonunlari bilan belgilanadi. Ong va faoliyat birligi tamoyiliga ko`ra, ong va faoliyat bir - biriga qarama - qarshi ham, aynan bir narsa ham emas, ular bir butunlikni tashqil etadi. Ong faoliyatning ichki rejasini, dasto`rini tashqil etadi. Bu tamoyil psixologlarga inson xulq - atvori, xatti - harakatlari va faoliyatini o`rganish orqali xatti - harakatlaridan ko`zlangan maqsadlarga, muvaffaqiyatlarga erishishni ta`minlovchi ichki psixologik mexanizmlar, ya`ni psixikani ob`ektiv qonuniyatlarini ochishlariga imkon beradi. Psixika va ongning faoliyatda taraqqiy etish tamoyiliga ko`ra, psixikaga taraqqiyot mahsuloti va faoliyat natijasi deb qaralsa, uni to`g`ri tushunish hamda tushuntirib berish mumkin. Bu tamoyil L.S.Vo`gotskiy, S.L.Rubinshteyn, V.M.Teplov kabi psixologlarning ishlarida aks etgan. L.S.Vo`gotskiy ta`lim psixikani rivojlanishini yo`naltiradi, P. P. Blonskiy esa tafakkurning kichik maktab yoshida o`yinlar bilan, o`spirinlik yoshida o`qish bilan bog`liq tarzda rivojlanishini tahlil qildi. S.L.Rubinshteyn “ong faoliyatda paydo bo`lib, faoliyatda shakllanadi” degan edi.

2. Hozirgi zamon psixologiyasining tuzilishi


Professor A.V.Petrovskiy psixologiyani quyidagi tasnif bo`yicha:

I. Konkret faoliyat turiga;

II. Rivojlanishni o`rganishga;

III. Shaxsni jamiyatga munosabatiga ko`ra sohalarga bo`lgan.

I. Konkret faoliyat turiga ko`ra psixologiyaning quyidagicha sohalari bor: 1. Mehnat psixologiyasi - inson mehnat faoliyatining psixologik xususiyatlarini, mehnatni ilmiy asosda tashqil qilishning psixologik tomonlarini o`rganadi.

Mehnat psixologiyasining bir necha bo`limlari bor:

a) muxandislik psixologiyasi - inson bilan mashina o`rtasidagi vazifalarni taqsimlash masalalarini hal qiladi va asosan operatorlarning faoliyatini o`rganadi.

b) aviatsiya psixologiyasi - uchishga o`rgatish jarayonida va uchishni boshqarishda inson faoliyatining psixologik qonunlarini o`rganadi.

v) kosmik psixologiya - vaznsizlik holati fazoviy tasavvurlar chalkashib ketgan vaqtda va organizmga juda ko`p ortiqcha ta`sirlar yuklangan paytda yuzaga keladigan asab va ruxiy zo`r berish bilan bog`liq bo`lgan alohida holatlar tug`ilganda odam faoliyatining xususiyatlarini o`rganadi.

2. Pedagogik psixologiya - uning predmeti o`quvchilarga ta`lim - tarbiya berishning psixologik qonuniyatlarini o`rganish, o`quvchilar tafakkurini tarkib topishi, intellektual faoliyat malakalari va usullarini o`zlashtirish jarayonini boshqarish masalalarini o`rganadi. Pedagogik psixologiya bo`limlari quyidagilardir: a) ta`lim psixologiyasi; b) tarbiya psixologiyasi; v) o`qituvchi psixologiyasi; g) anomal bolalar psixologiyasi.

3. Tibbiyot psixologiyasi shifokor faoliyatining va bemor xulq - atvori psixologik jihatlarini o`rganadi. U psixik hodisalar bilan miyadagi fiziologik tuzilishlapr o`rtasidagi nisbatini o`rganadigan neyropsixologiyaga, dorivor moddalarning shaxs ruxiy faoliyatiga ta`sirini o`rganadigan psixofarmaqologiyaga, bemorni davolash uchun ruxiy ta`sir vositalarini o`rganuvchi psixoterapiyaga bo`linadi.

4. YUridik psixologiya — xuquq tizimiga amal qilish bilan bog`liq bo`lgan psixologik masalalarni o`rganadi. U jinoiy jarayon ishtiroqchilarining xulq - atvorini, ruxiy xususiyatlarini tadqiq qiluvchi sud psixologiyasiga, jinoyatchining xulq -atvori shaxsini shakllanishiga doir psixologik masalalarni, jinoyatning motivlari bilan shug`ullanuvchi kriminal psixologiyaga bo`linadi.

5. Harbiy psixologiya - kishining harbiy harakatlari sharoitidagi xulq - atvorini, boshliqlar va xodimlar o`rtasidagi o`zaro munosabatlarni, psixologik targ`ibot metodlarini; harbiy texnikani boshqarishning psixologik muammolarini o`rganadi.

6. Sport psixologiyasi sportchilar shaxsi va faoliyatini xususiyatlarini - ularni psixologik jihatdan tayyorlashning shart - sharoitlari, musobaqalarni tashqil etish va o`tkazish bilan bog`liq psixologik omillarni o`rganadi.

7. Savdo psixologiyasi - asosan rivojlangan mamlakatlarda keng taraqqiy etgan bo`lib, kishilar ruxiyotiga tijorat ta`sirini, psixologik shart -sharoitni, xaridorlarga xizmat ko`rsatishning psixologik omillarini aniqlaydi, modalar psixologiyasini tadqiq qiladi.

II. Rivojlanishining psixologik tomonlarini o`rganadigan sohalari:

1. YOsh psixologiyasi - inson shaxsining psixologik xususiyatlari va bilish jarayonnining ontogenez rivojlanishni o`rganadi. YOsh psixologiyasi: bolalar psixologiyasi, o`smirlar psixologiyasi, o`spirinlik psixologiyasi, kattalar psixologiyasi, gerontopsixologiya kabi tarmoqlarga bo`linadi.

2. Maxsus psixologiya yoki anomal taraqqiyot psixologiyasi - miya faoliyati buzilishlari natijasida kelib chiqadigan turli shakldagi ruxiy rivojlanishdan chetlanishni o`rganuvchi patopsixologiya, miyaning tug`ma kamchiliklari tufayli paydo bo`ladigan bo`linmalarni o`rganuvchi oligofrenopsixologiyasi, eshitish faoliyatida jiddiy nuqsonlari bo`lgan bolalar rivojlanishini o`rganuvchi surdopsixologiyasi, ko`rish qobiliyati past yoki umuman ko`rmaydigan kishi faoliyatini o`rganuvchi tiflopsixologiya kabi tarmoqlarga bo`linadi.

3. Qiyosiy psixologiya - psixologiya hayotning filegenetik shakllarini o`rganuvchi psixologiya sohasi bo`lib, inson va hayvonlar psixologiyasini solishtirish orqali o`xshashlik va farq qiluvchi tomonlarini aniqlaydi.

III. Shaxs va jamiyat munosabatlarini psixologik jihatlarini o`rganuvchi sohalar.

1. Ijtimoiy psixologiya uyushgan va uyushmagan ijtimoiy guruhlardagi shaxslararo o`zaro ta`sir jarayonida paydo bo`ladigan psixologik hodisalarni o`rganadi.

2. Shaxs psixologiyasi - shaxsning shakllanishi individual - psixologik xususiyatlar yo`naltirilganligi kabi xususiyatlarni o`rganadi.

3. Din psixologiyasi - inson ongiga diniy qarashlarning ta`siri va masalalarini o`rganadi.

Umumiy psixologiyani bu sohalar bilan bir qatorga qo`yish noto`g`ri, chunki umumiy psixologiya inson ruxiyatining umumiy qonuniyatlarini, metodologik va nazariy tamoyillari asosida o`rganish bilan shug`ullanadi.



3. Hozirgi zamon psixologiyasining ilmiy - tadqiqot uslublari.

Har bir fan taraqqiyotining asosiy sharoitlaridan biri uning ma`lum darajada mumkin qadar ob`ektiv, aniq, ishonchli uslublar (metod) ga ega ekanligidir. Metod - uslubning ma`nosi biror narsaga borish yo`li demakdir. Psixologiyada asosiy va yordamchi uslublar bor. Asosiy metodlarga kuzatish va eksperiment (tajriba) uslublari kiradi.



Kuzatish metodi - ikki xil bo`lib, ob`ektiv (tashqi) va sub`ektiv (ichki) kuzatish turlari bor. Inson ruxiyotidagi o`zgarishlarni kuzatish uchun quyidagilar amalga oshiriladi: 1.Kuzatishning maqsad, vazifasi belgilanadi. 2. Kuzatiladigan ob`ekt tanlanadi. 3. Tadqiqot o`tkazish vaqti rejalashtiriladi. 4. Kuzatish qancha davom etishi qat`iylashtiriladi. 5. Kuzatish insonning qaysi faoliyatida (o`qish, o`yin, mehnat, sport) amalga oshirilishi tavsiya qilinadi. 6. Kuzatishning shakli (yakka guruh, jamoa tayinlanadi). 7. Kuzatilganlarni qayd qilib borish vositalari (kundalik-suhbat daftari, kuzatish varaqasi, magnitofon, videomagnitofon) tayyorlab qo`yiladi. Kuzatish orqali turli yoshdagi odamlarning diqqati, his-tuyg`ulari, asab tizimining tashqi ifodalari, imo-ishoralari, sezgirligi, xulq - atvori, nutq faoliyati kabilar o`rganiladi. Ammo o`ta murakkab ichki kechinmalar, yuksak hissiyotlar, tafakkur, mantiqiy xotira va aql - zakovatni tadqiq etishga bu metodning imkoni etmaydi. O`spirin yoshlarning sport faoliyatini kuzatish orqali ularning irodasi, ishchanligi, his-tuyg`usining o`zgarish xususiyatlari, g`alabaga intilish, o`zini harakatini idora qila olishi yuzasidan materiallar yig`ish mumkin. Tashqi kuzatishda ba`zan tafakkur bo`yicha ham ma`lumotlar olish mumkin. Ish ustidagi kayfiyatni, chehradagi tashvish va iztirobni, sinchkovlik, termulish kabi ruxiy holatlarni kuzatib tafakkurdagi o`zgarishni aniqlash mumkin. Bundan tashqari qo`lning titrashi, asabiylashish, nutqning buzilishi ham insonning ruxiyatidagi o`zgarishlari bo`yicha ma`lumot beradi. Psixologiyada o`z -o`zini kuzatish metodidan foydalaniladi. Ko`pincha moxir o`qituvchi o`zini - o`zi kuzatish orqali ilmiy xulosa chiqara oladi.

2. Tajriba (eksperiment) usuli. Bu usul yordamida sun`iy tushunchalarni shakllanishi, nutqning o`sishi, favqulodda holatdan chiqish, muammoli vaziyatni hal qilish jarayonlari, shaxsning his - tuyg`ulari, xarakteri va psixologik xususiyatlari aniqlanadi. Tajriba usuli tabiiy va laboratoriya usullariga bo`linadi. Tabiiy usul psixologik - pedagogik masalalarni hal qilishda qo`llaniladi. Bu uslubning ilmiy asoslarini 1910 yilda A.F.Lazo`rskiy ta`riflagan. Bu usuldan ishlab chiqarish jamoalari a`zolarining, o`qituvchilar, keksalarning psixologik o`zgarishlari, o`zaro munosabatlari, ish qobiliyatlari va muammolarini aniqlashda foydalaniladi. Asosiy usullardan tashqari yordamchi usullar ham bor. Jumladan, test, suhbat, so`rovnoma, biografik usul, sotsiometrik usul va boshqalar.

4. Psixologiyaning fanlar tizimida tutgan o`rni


Psixologiya fani ko`plab fanlar bilan o`zviy bog`liq holda rivojlanadi. Fanlar orasidagi bog`liqliklar psixologiyaning fanlar tizimidagi o`rnini aniqlaydi. Bizga ma`lumki, fanlar gumanitar, tabiiy va falsafiy turlarga bo`linadi. Psixologiya mustaqil fan sifatida namoyon bo`ladi, u inson ruxiy faoliyatining tabiiy - tarixiy va ijtimoiy tomonini o`rganadi. Psixologiya barcha turdagi fanlar orasida muhim o`rinni egallaydi. Psixologiya falsafa, tarix, san`atshunoslik, fiziologiya, texnika, pedagogika fanlari bilan uzviy bog`liq. YOsh avlodni har tomonlama tarbiyalash uchun ularning psixologiyasini yaxshi bilish lozim. Falsafa ongni o`rganadi, psixologiya esa inson ongining shakllanishini o`rganadi. Bolalarning psixologik rivojlanishini bilmasdan turib biror bir ta`lim metodikasini to`g`ri ishlab chiqib, uni hayotga tadbiq etib bo`lmaydi. Psixologiyani tarbiyada, shaxs shakllanishida, uning kamollik darajasiga etkazishda, ma`naviy boy, axloqan pok, jismonan soqlom, jamiyatning barcha talablariga javob beruvchi qilib shakllantirishda ahamiyati katta. Psixologik bilimlarni inson o`z - o`zini tushunishda, o`zining kuchli va kuchsiz tomonlarini anglashda, qiyinchiliklarni engishda, muvaffaqiyatga erishishda, o`z kamchiliklarini bartaraf etib, ijobiy fazilatlarni shakllantirishda zarurdir. Psixologiya insonning aqliy imkoniyatlarini ochishda ham muhim. Zero, diqqat va xotirani yaxshilash va rivojlantirish yo`llarini bilib, bilimlarni to`g`ri o`zlashtirish, intellektual faoliyat samaradorligini oshirish mumkin.
Yüklə 20,18 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə