Kimyo sanoati



Yüklə 20,38 Kb.
tarix18.05.2022
ölçüsü20,38 Kb.
#87264
Kimyo sanoati


Kimyo sanoati
Kimyo sanoati — ogʻir sanoat tarmoqlaridan biri, xilma-xil kimyoviy mahsulotlar turlari: kon-kimyo xom ashyosi, asosiy kimyo mahsulotlari (ammiak, noorganiq kislotalar, ishqorlar, mineral oʻgʻitlar, soda, xlor va xlorli mahsulotlar, suyultirilgan gazlar va b.), plastmassa va sintetik smolalar, shu jumladan, kaprolaktam, sellyuloza atsetatlari, kimyoviy tola va iplar, plastmassa va shisha-plastiklardan materiallar va buyumlar, lok-boʻyoq materiallari, sintetik boʻyoqlar, kimyoviy reaktivlar, fotokimyo mahsulotlari, maishiy kimyo tovarlari va b. ni ishlab chiqaradi. K.s.ning mustaqil sanoat tarmogʻiga aylanishi sanoat toʻntarishi bilan bogʻliq. Sulfat kislota i. ch. boʻyicha dastlabki zavodlar 1740 y.da Buyuk Britaniyada (Richmond), 1766 y.da Fransiyada (Ruan), 1805 y.da Rossiyada (Moskva gubernyasi), 1810 y.da Germaniyada (Leypsig yaqinida) barpo etilgan.
Toʻqimachilik va shisha-oyna sanoatining rivojlanishi bilan soda ishlab chiqaradigan zavodlar qurildi. Bunday korxonalar — soda zavodlari Fransiyada 1793 y.da (Parij yaqinida), Buyuk Britaniyada 1823 y.da (Liverpul), Germaniyada 1843 y.da (Elba boʻyidagi Shyonebek sh.da), Rossiyada 1864 y.da (Barnaul)da qurildi. 19-asr oʻrtalaridan Buyuk Britaniya (1842), Germaniya (1867), Rossiya (1892)da sunʼiy oʻgitlar ishlab chiqaradigan zavodlar ishlay boshladi. AQShda K.s. Yevropa mamlakatlariga nisbatan kechroq paydo boʻldi, lekin 1913 y.ga kelib kimyoviy mahsulotlar i.ch. hajmi boʻyicha jahonda 1-oʻringa chiqib oldi.
Oʻzbekistonda tegishli xom ashyo manbalari boʻlishiga qaramay 20-asrning 30-y.larigacha K.s. deyarli yoʻq edi. 1910-y.larda ohak kuydirish, oʻsimlik boʻyogʻi olish, oltingugurt i.ch., ishqoriy moddalar tayyorlash, sovungarlik bilan shugʻullangan bir qancha kichik korxonalar (12 sovun zavodi, neftni haydash zavodi, 2 boʻyoq f-kasi) boʻlgan.
Zamonaviy K.s.ning shakllanishi 1932 y. qadimdan oltingugurt qazib olingan Shoʻrsuv oltingugurt koni (Fargʻona vodiysi)ning ishga tushirilishi bilan boshlandi. Bu korxona sobiq SSSRda ishlab chiqariladigan oltingugurtning 57% ini bergan va Itti-foqning oltingugurt mustaqilligini taʼminlashda muhim rol oʻynadi. K.s.ning eng yirik korxonasi Chirchiq elektr kimyo kti 1940 y. okt.dan mahsulot bera boshladi. Shu yili 608,9 t ammiak, 961,7 t kuchsiz azot kislotasi va 930 t ammiak selitrasi ishlab chiqarildi. 1940 y.da respublikaning jami sanoat mahsuloti hajmida K.s. hissasi 0,8% ni, K.s.da band boʻlgan ishchilar soni sanoat ishchilarining 1% ni tashkil etgan, sanoat i.ch. fondining 7,4% K.s. hissasiga toʻgʻri kelgan.
Urushdan keyingi yillarda 1946 y.da Qoʻqon, 1957 y.da Samarqand superfosfat zavodlari ishga tushirildi va bu zavodlar respublika q.x.ning fosforli oʻgʻitlarga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlashga xizmat qildi. Buxoro viloyatida Gazli gaz koni ishga tushirilishi bilan tabiiy gazdan foydalanish asosida 1963 y.da Fargʻona azotli oʻgʻitlar zavodi, 1964 y.da Navoiyda kimyo k-ti ishlay boshladi.
1958—65 y.larda Olmaliq konmetallurgiya kti qoshida sulfat kislotasi zavodi, Pop rezina oyoq kiyimlari zavodi, Yangiyoʻl gidroliz zavodi qurildi. 1965 y.da respublikada birinchi marta Fargʻona azotli oʻgʻitlar zavodida gʻoʻza bargini toʻkishda ishlatiladigan magnit xlorat defolianti ishlab chikarila boshladi. Jizzaxda plastmassa quvurlar zavodi (1972), 1973 y.da Olmaliqda ammofos ishlab chiqaradigan yirik korxonaning 1-navbati ishga tushirildi.
20-asrning 90-y.lari boshiga kelib Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotida muhim oʻrinni egʻallagan K.s. barpo etildi. 1990 y.da 1762 ming t mineral oʻgʻitlar (100% oziq modda hisobi-da), 154,9 ming t sintetik smolalar va plastik massalar, 1735,2 ming t sintetik ammiak, 2859 ming t sulfat kislota, 52,6 ming t kimyoviy tolalar va iplar, 226,2 ming t sintetik yuvish vositalari va sovun (yogʻ kislotalari 40% hisobida) va b. mahsulotlar ishlab chikarildi.
1991 y.da respublika K.s. korxonalari negizida "Oʻzkimyosanoat" konserni tashkil etildi. 1994 y. yanvarda konsern "Oʻzkimyosanoat" uyushmasiga aylantirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 y. 13 martdagi "Kimyo sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" qaroriga muvofiq, "Oʻzkimyosanoat" ochiq aksionerlik jamiyati (AJ) shaklidagi davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etildi. Respublika hukumati tomonidan Oʻzbekiston K.s. korxonalarini yalpi rivojlantirishning 23 investitsiya loyihalaridan ibo-rat dasturi ishlab chiqildi va maʼqullandi, K.s. korxonalarini rivojlantirish va qoʻllab quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. "Oʻzkimyosanoat" kompaniyasi tarkibida 34 ta korxona, shu jumladan, 4 qoʻshma korxona ishlaydi (shulardan 22 tasi ochiq aksiyadorlik jamiyatlari (AJ)ga aylantirilgan) (2002). Ularning 20 dan koʻprogʻi yirik zamonaviy korxonalardir.
Mineral oʻgʻitlar i.ch. respublika K.s.ning asosiy tarmoqlaridan biri. Respublikada q.x. uchun zarur boʻlgan ammofos, ammiak selitrasi, ammoniy sulfat, superfosfat, karbamid, suyultirilgan ammiak, shuningdek, samarador murakkab azotli va fosforli oʻgʻitlarni i.ch. yoʻlga qoʻyilgan. "Elektrkimyosanoat" AJ (Chirchiq), Fargʻona "Azot" i.ch. birlashmasi asosiy turdagi azotli oʻgʻitlar, "Qoʻqon superfosfat zavodi" AJ, Samarqand kimyo zavodi, Olmaliq "Ammofos" AJda ammofos, oddiy va ammoniylashgan superfosfat, qumoq ammfos kabi fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqariladi. Respublika K.s. korxonalari bir yidda 2,8 mln. t azotli, 1,25 mln. t fosforli oʻgʻitlar i.ch. quvvatlariga ega. K.yeda mineral oʻgʻitlar i.ch. hajmi respublika q.x. ehtiyojlarini toʻla taʼminlashi bilan birga ularning bir qismi chetga ham chiqariladi.
Sulfat kislotasi K.s. tarmoqlari uchun muhim xom ashyodir. Respublikada sulfat kislota ishlab chiqaradigan yirik quvvatlar Olmaliq "Ammofos" AJ, Samarqand kimyo zavodi, Navoiy kon-metallurgiya k-ti, Olmaliq konmetallurgiya k-tida barpo etilgan.
Soda sanoatining Markaziy Osiyo mamlakatlarida yagona boʻlgan korxonasi — Qoʻngʻirot soda zavodi qurilishi 1995 y.dan boshlandi (yillik loyiha quvvati 210 ming t soda) va 2004 y.da ishga tushiriladi.
Oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalari (defoliant, desikat, gerbitsid, insektitsid, foʻngitsidlar) Fargʻona "Azot" ishlab chiqarish birlashmasida (1965 y.dan, magniy xlorat defolianti), Navoiy "Elektrokimyo zavodi" AJ (1960 y.dan, gerbitsidlar — nitran, kotoraya, bronotak, insektitsidlar — fozalon, treflan va b.) ishlab chiqariladi. Respublika q.x.da oʻsimliklarni kasallik va zararkundalardan kimyoviy himoya qilishda koʻllaniladigan oltingugurt kukuni Shoʻrsuv kon-kimyo korxonasida hamda Muborak va Shoʻrtan gaz komplekslarada ishlab chiqariladi.
Kimyoviy tolalar va iplar xilma-xil xalq isteʼmoli tovarlari i.ch.da keng qoʻllaniladi. Chirchiq "Elektrkimyosanoat" AJda kaprolaktam (1980 y.dan, yillik quvvati 70 ming t), Fargʻona kimyoviy tolalar zavodi (1959)da atsetat iplar, "Navoiyazot" AJda akril tolalari (1974 y.dan; yillik quvvati 23 ming t dan koʻproq), Fargʻona "Azot" ishlab chiqarish birlashmasida sellyuloza atsetati (yillik quvvati 42 ming t) ishlab chiqariladi. Fargʻona furan birikmalari zavodi (1946)da sellyuloza mustaqilligini taʼminlash boʻyicha paxta lintidan sellyuloza i.ch. ga ixtisoslashgan quvvatlar barpo etilgan. Fargʻona kimyoviy tolalar zavodida kaprolaktamni qayta ishlab, kapron va iplar tayyorlashga imkon beradigan quvvatlar bor.
K.s.da gidroliz korxonalari Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillardan qurila boshladi. Fargʻona furan birikmalari (1946), Yangiyoʻl biokimyo (1952), Andijon gidroliz (1953) zavodlarida asosiy xom ashyo — chigit shulxasi, sholi qobigʻidan texnik etil spirti, furfurol, ozuqa achitqilari (hamirturush), furil spirti, ksilit, laprol va b. mahsulotlar ishlab chiqarildi. 90-y.lar boshidan bu korxonalarda gʻalladan oziqovqat (etil) spirti i.ch. oʻzlashtirildi: "Andijon biokimyo zavodi" AJ (sobiq gidroliz zavodi) da yillik quvvati 915 ming dal (1994), "Qoʻqonspirt" AJda 1800 ming dal (1995) va "Yangiyoʻl biokimyo zavodi" AJda 915 ming dal (1996) etil spirti ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar ishga tushirildi. Natijada oziq-ovqat, tibbiyot, atir-upa va b. sanoat tarmoklarini respublikaning oʻzida ishlab chikarilgan spirt bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi. Bu korxonalarda yiliga 4 ming t ga yaqin karbon kislotalari ham ishlab chiqariladi. "Andijon biokimyo zavodi" AJda 1992 y.dan quruq xlorella biomassasini tayerlash yoʻlga qoʻyilgan.
Rezina mahsulotlari Angren "Rezinatexnika" AJ (1975)da ishlab chiqariladi. Ilgari, asosan, rezina mahsulotlari i.ch.ga ixtisoslashgan "Rezinatexnika" AJ 1987 y.dan xalq isteʼmoli tovarlari i.ch.ga oʻtdi. 1992 y.dan birlashmada yengil avtomobil shinalarini tayerlash oʻzlashtirildi. 1996 y.dan yiliga yengil avtomobillar uchun 1,5 mln. dona, yuk avtomobillari uchun 200 ming dona shina ishlab chiqaradigan quvvatlar ishga tushirildi.
Respublikada plastmassa va propilen mahsulotlar ini qayta ishlovchi (Ohangaron "Santexlit", "Jizzaxplastmassa" AJ), turli markadagilok – boʻyoq mahsulotlari ("Toshkent lok-boʻyoq zavodi" AJ, 1946), mebel sanoati uchun sintetik smolalar (Fargʻona furan birikmalari zavodi), maishiy kimyo tovarlari ["Maishiy kimyo" AJ (Toshkent sh.,), 1987; Olmaliq maishiy kimyo zavodi, 1971 (hoz. Rossiyadagi "Kalina" konsernining "Pallada-Vostok" shoʻʼba korxonasi); Toshkent yogʻ-moy kti tarkibida sintetik yuvish vositalari zavodi, 1971] ishlab chikaradigan korxonalar ishlaydi.
2000 y.da respublika sanoati mahsulotlari umumiy hajmida K.s. (neft kimyosi sanoati bilan birga) hissasi 6,1 % ni tashkil etdi. 832 ming t mineral oʻgʻitlar (100% ozik, modda hisobida), 15 ming t sintetik smolalar va plastik massalar, 14,7 ming t kimyoviy tola va iplar, 985 ming t sintetik ammiak, 823,4 ming t sulfat kislota, 287 ming t oltingugurt va b. mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Chet mamlakatlardan AQSH, Yaponiya, GFR, Fransiya, Buyuk Britaniya va Italiya, Rossiya kimyoviy mahsulotlar i.ch. boʻyicha yetakchi oʻrinlarda turadi. Jahon boʻyicha K.s. ishlab chiqarishning 3/4 qismi shu mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi. 60-y.lardan boshlab Yaponiya va Germaniya K.s. jadal rivojlandi.
O’ZBЕKISTON KIMYO SANOATINING O’ZIGA XOSLIGI
Kimyo sanoati og’ir sanoatning asosiy tarmog’i bo’lib, xalq xo’jaligida ahamiyati kattadir. O’zbеkiston kimyo sanoati ancha yaxshi taraqqiy etgan bo’lib, hozirgi zamonga mos kimyo mahsulotlarini ishlab chiqariladi, plastmassalar, sun'iy tola va sintеtik kauchuk, lak-buyoqlar, kislota va ishqorlar, dori-darmonlar, shuningdеk ko’plab kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaradi. Hozirgi vaqtda kimyo sanoati mahsulotlariga bo’lgan talab kundan kunga ortmoqda, shuning uchun Rеspublikada bu sanoat tarmog’ini rivojantirishga juda katta e'tibor bеrilmoqda. Bu sanoatni rivojlantirish uchun O’zbеkistonda ham Osiyo mamlakatlari singari katta manbalarga egadir, ayniqsa gaz, nеft, gaz kondеnsatlari, elеktr quvvati, ko’mir, sanoati va qishloq xo’jaligi chiqindilari, minеral xom ashyolar hamda mеhnat rеsurslari juda ko’pdir.
O’zbеkistonda bundan tashqari osh tuzi, fosforit, kaliy tuzi, ohak, gips, oltingugurt konlari, rangdor mеtallurgiya va paxtachilik sanoat chiqindilari va boshqa xom ashyolarga boydir. Shuning uchun hozirgi zamon kimyo sanoati O’zbеkistonda rivojlanishi qulay va zururdir.
Hozirgi kunda O’zbekistonda kimyo sanoatini barpo etish va uni rivojlantirish uchun zarur bo’lgan xomashyo bazasi va shart-sharoitlar hammasi yetarli darajada mavjud bo’lgan bo’lsa ham kimyo sanoati nisbatan ancha kech paydo bo’ldi.
O’zbekistonda eng keksa kimyoviy ishlab chiqarish korxonasi (kichik –kichik sopol buyumlari ishlab chiqarishni hisobga olmaganda) 1906-yil Farg’onada qurilgan Neftni qayta ishlash zavoddir. Ikkinchi shunday zavod Farg’onada (Melnikov nomli) 1915-yilda qurildi. Ularda asosan kerosin olinar edi va yoritish maqsadida ishlatilgan (chiroqlarda yoqilgan). Keyinchalik Toshkentda lak-bo’yoq va soda zavodlari (1920 yil), Bekobod sement va ohak zavodlari (1926 yil) qurilib ishga tushirilgan. O’zbekiston sobiq ittifoq tarkibida eng yirik paxta yetkazib beruvchi xo’jalik bo’lgani uchun, unda kimyo sanoatining vujudga kelishi asosan paxtachilik uchun zarur bo’lgan mineral o’g’itlar ishlab chiqarish korxonalarining qurilishidan boshlandi. 1940-yilda Respublikamiz kimyo sanoatining gigant Chirchiq elektrokimyo kombinati qurilib ishga tushirildi. Kombinat o’sha yilning o’zidayoq qishloq xo’jaligimiz uchun 1 ming 600 tonna mineral o’g’it ishlab chiqarildi. 1942-yilda Qo’qon superfosfat zavodi, 1965-yilda Navoiy kimyo kombinati, 1975-yilda Olmaliq ammofos zavodlari, 2001-yilda Qizilqum fosforit zavodi qurilib ishga tushirildi. 1985-yilga kelib Respublikamizda to’yimli moddalarni 100% ga aylantirib hisoblaganda 1 mln. 592 ming tonna mineral o’g’it ishlab chiqarildi va o’g’it ishlab chiqarish bo’yicha Bolgariya, Vengriya, Polsha, Yugoslaviya, Chexoslovakiyadan ham o’zib ketdi. Hozirgi paytda O’zbekiston Yaponiya bilan taxminan teng miqdorda o’g’it ishlab chiqarmoqda.
Respublikamizda qurilish materiallarining asosi bo’lgan sement ishlab chiqarishning to’ng’ich korxonasi Bekobod sement zavodidir (1926-yil), keyingi yillarda Quvasoy (1932-yil) va Angren (1949-yil) sement zavodlari, 1968-yilda Ohangaron, 1978-yilda Navoiy sement zavodlari qurilib ishga tushirildi. Natijada Respublikamizning sementga bo’lgan ehtiyoji to’la qondirildi. Bu esa O’zbekistonda qurilish ishlarining rivojlanishiga katta ijobiy ta’sir ko’rsatdi.
Ikkinchi jahon urishidan keyingi tinch qurilish yillarida, chinni sanoati barpo etildi. Eng avval Toshkent chinni zavodi (1954-yil), keyinchalik Samarqand chinni zavodi (1975-yil), Angren chinni va sopol buyumlari ishlab chiqarish kombinati (1976-yil), Quvasoy chinni va shisha buyumlari zavodlari (1979-yil), Olmaliq (1980-yil) sulfat kislota ishlab chiqarish zavodlari, ko’pgina boshqa anorganik moddalar ishlab chiqarish korxonalari: Olmaliq tog’-kon metallurgiya kombinati, Angren kimyometallurgiya zavodi, Qo’ytosh ruda kombinati, Muruntov tog’ metallurgiya kompleksi, Zarafshon gidrometallurgiya zavodi va boshqalar qurilib ishga tushirildi.
O’zbekistonda organik kimyo sanoati boshqa sanoat tarmoqlariga qaraganda juda tez sur’atlar bilan rivojlandi. Organik kimyo sanoatining xomashyosi asosan, ko’mir, neft, gaz, yog’och chiqitlaridir. Bizda ayniqsa, gaz, ancha katta neft va ko’mir zahiralari ham bor. Mana shu ashyolar respublikamiz organik kimyo sanoatining paydo bo’lishi va rivojlanishiga sabab bo’ldi.
O’zbekistonda 1976-yilda 361 mlrd. m3 gaz ishlab chiqarildi va bu sohada shu yiliyoq Polsha,Yaponiya, Fransiya kabi yirik mamlakatlaridan ham o’zib ketdi.
Organik moddalar ishlab chiqarish sanoatining gigantlaridan biri 1965-yilda qurilib ishga tushirilgan Navoiy azot ishlab chiqarish birlashmasidir. Unda tabiiy gaz kompleks qayta ishlanadi. Ushbu korxonaning ishga tushirilishi natijasida respublikamizda birinchi marta yangi sanoat mahsulotlari, yuzlab organik sintez mahsulotlarining xomashyosi hisoblangan atsetelin: atsetaldigid, sirka, kislota, metilspirti, akrilonitril va boshqa bir qancha mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi. Hozirgi paytda bu kombinat yiliga 41 ming tonna turli rangda bo’yalgan nitron ishlab chiqarila boshlandi.
1969-yilda Farg’ona sun’iy tola –atsetat ipagi ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Bu zavod yiliga 70-80 ming tonna atsetat ipagi ishlab chiqaradi. 1982-yilda Chirchiq elektrokimyo kombinatida kaprolaktram ishlab chiqaruvchi yirik sex ishga tushirildi. Shuningdek, 1979-81-yillarda ishga tushgan Olmaliq kimyo zavodida endilikda sintetik kir yuvish vositalari, shampunlar, mashina matolari, naftalin, loklar, bo’yoqlar, bolalar o’yinchoqlari va boshqa o’nlab mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Namangan kimyo zavodida polietilen plyonkalari, Jizzax va Ohangaron plastmassa quvurlari ishlab chiqarilmoqda. Sho’rtan gaz kompleksi 2002-yilda qurilib ishga tushirildi. Unda har yili 125 tonna polietilen, 100 ming tonna oltingugurt va 1000 tonna suyuq propan gazi ishlab chiqarilmoqda. Bulardan tashqari respublikamizda Farg’ona furan birikmalari kimyo zavodi (1942-y), Yangiyo’l biokimyo zavodi, Andijon gidroliz zavodi (1953-y), Toshkent va Farg’onada polivinilxlor asosida sun’iy charm zavodi, Toshkent va Guliston margarin zavodlari, Toshkent farmatsevtika, Farg’ona sun’iy qorako’l zavodlari va boshqa o’nlab qorxonalar organik kimyo mahsulotlari ishlab chiqarmoqda.
Hozirgi paytda respublikamizda jami 36 ta kimyo va neft kimyosi sanoati korxonalari, 3 ta qora metallurgiya sanoati korxonasi, 9 ta chinni va shisha buyumlari sanoati korxonalari, 13 ta yoqilg’i sanoati korxonalari ishlab turibdi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov o’zining "O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari" asarida "zararsiz va chiqindisiz yangi texnologiyalarni yaratish, xalqning turmush darajasini oshirish va xalq xo’jaligi ehtiyojlarini qondirish maqsadida kimyo sanoatini rivojlantirish muammolariga katta ahamiyat berdi".
Yüklə 20,38 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə