Ma’ruza materiallari 1-mavzu: investitsiyalarning iqtisodiy mazmuni va mohiyati reja



Yüklə 0,89 Mb.
səhifə1/125
tarix28.06.2022
ölçüsü0,89 Mb.
#90199
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   125
Инвестиция ва инновациялар Маърузалар


MA’RUZA MATERIALLARI


1-MAVZU: INVESTITSIYALARNING IQTISODIY MAZMUNI VA MOHIYATI


Reja:

1.1. Investitsiyalarning iqtisodiy mohiyati va ahamiyati.


1.2. Investitsiyalarning maqsadlari va diversifikatsiyalanishi. Investitsiyalarning tasniflanishi.
1.3. Asosiy fondlarning shakllanishida kapital qo’yilmalarning roli. Moliyaviy va real investitsiyalarning o’zaro bog’liqligi.
1.4. Investitsiyalarni o’stirish omillari. Jamg’armalar – investitsiyalar manbasi sifatida.
1.5. Investitsiyalarning makro va mikroiqtisodiyotni rivojlantirishdagi roli.


Tayanch iboralar: investitsiya, jamg’arma, kapital qo’yilma, moliyaviy investitsiyalar, real investitsiyalar, intellektual investitsiyalar.


1.1. Investitsiyalarning iqtisodiy mohiyati va ahamiyati.

O’zbekiston davlat mustaqilliga erishgan dastlabki yillardan boshlab milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning o’ziga xos yo’nalishini belgilab oldi. Iqtisodiyotni rivojlantirishda esa investitsiyalarning o’rni beqiyosdir.


Investitsiyalarning iqtisodiy mazmun - mohiyati to’g’risida iqtisodchi olimlar o’rtasida xilma – xil fikrlar mavjud.
O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 25 dekabrdagi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to’g’risida”gi yangi tahrirdagi qonunida investitsiyaga quyidagicha ta’rif berilgan: “investitsiyalar — investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar”1 sifatida ta’riflanadi. Shunday qilib, “investitsiya” deganda kelgusida daromad (foyda) olish yoki ijtimoiy samaraga erishish maqsadida qonun doirasida iqtisodiyotning turli tarmog’lari va boshqa sohalariga investorlar tomonidan quyiladagan barcha turdagi mulkiy, moliyaviy va intekllektual boyliklar tushuniladi.
Investitsiyalarga aniq bir ta’rif berilmagan. Jumladan, prof. D. G’. G’ozibekov investitsiyalarning iqtisodiy mazmun – mohiyatini moliyaviy kategoriya sifatida talqin etib, quyidagicha ta’rif berib o’tgan: “Investitsiyalarning mazmuni aniq va ishonchli manbalardan mablag’lar olish, ularni asosli holda safarbar etish, rikslar darajasini hisobga olgan holda kapital qiymatini saqlash va ko’zlangan samarani olishdan iborat bo’ladi”. 2
Prof. N.H. Haydarov investitsiyalar mazmun – mohiyatiga quyidagi ta’rifni beradi: “Investitsiya – bu mulk shaklidan qat’iy nazar, tadbirkorlik asosida faoliyat ko’rsatayotgan jismoniy va yuridik shaxslar yoki davlatning iqtisodiy va ijtimoiy samara olish maqsadida o’z boyliklarini qonun doirasida bo’lgan har qanday tadbirkorlik obyektiga sarflashidir”.3
Mahalliy iqtisodchi-olimlar tomonidan: «investitsiyalar – pulni saqlash, ko’paytirish yoki ijobiy miqdordagi daromadni ta’minlashni hisobga olgan holda uni joylashtirish mumkin bo’lgan har qanday vosita sifatida ifodalanadi»4, deb ta’riflangan. «Investitsii» darsligining muallifi, professor A.Neshitoy investitsiyalarning mazmunini quyidagicha tavsiflaydi: «foyda olish yoki boshqa samaralarga erishish maqsadida o’z yoki o’zga mamlakatning turli tarmoqlariga, tadbirkorlik loyihalari, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar hamda innovatsiya loyihalarini amalga oshirishga yo’naltirilgan pul mablag’larini (kapitalni) uzoq muddatga joylashtirishdir»5.
Investitsiya atamasining iqtisodiy mohiyati yana bir qator rus va o’zbek olimlari tomonidan quyidagicha tavsiflangan:
- «investitsiyalar iqtisodiy foyda va ijtimoiy samara olish maqsadida investitsiya sohasi obyektlariga kiritiladigan barcha turdagi mulkiy va intellektual boyliklarni aks ettiradi»6;
- «investitsiyalar deganda foyda (daromad) olish va investorlarning individual maqsadlari singari ijobiy ijtimoiy samaraga erishish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalariga, tadbirkorlik va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga muayyan muddatga kapitalning maqsadli yo’naltirilgan qo’yilmasi shaklida amalga oshiriladigan xarajatlar yig’indisi tushuniladi»7;
- «investitsiyalar o’zini foyda (daromad) olish maqsadida milliy va xorijiy iqtisodiyotning turli tarmog’iga xususiy yoki davlat kapitalining uzoq muddatli qo’yilmasi sifatida namoyon etadi»8;
- «investitsiya tushunchasi foyda olish maqsadida qandaydir korxona, tashkilot, uzoq muddatli loyihalar va shu kabilarga kapital, pul mablag’larini uzoq muddatga kiritishni anglatadi»9.
Investitsiyalar keng ma’noda o’zini mablag’lar va resurslarning kelgusida ko’payishi va iqtisodiy samara yoki boshqa rejalashtirilgan natijalar olish (ijtimoiy, ekologik va boshqa samaralar) maqsadida ularning safarbar etilishi sifatida namoyon etadi.
Xorijlik iqtisodchi-olimlardan U.Sharp, K.Eklund, Kempbell R.Makkonell, Stanli L.Bryu kabilar investitsiyalarning mazmun-mohiyati yuzasidan turlicha ta’riflarni bayon etishgan. Jumladan, Nobel mukofotining iqtisodiyot bo’yicha laureati (1990 yil) U.Sharp ta’kidlashicha: «investitsiyalar kelgusida (ehtimol, nomuayyan) qiymatlik olish maqsadida hozirgi vaqtda mu­ayyan qiymatlikdan voz kechishdir»10. «Investitsiyalash» atamasining ma’nosini mana bunday sharhlaydilar: «Kelajakda foyda olish uchun bugun puldan ajralishdir» va hisoblaydilarki, mablag’lar­ni yoki real yohud moliyaviy aktivlarga investitsiyalash mumkin. Ular investitsiyalash atamasi mazmunini kelajakda foyda olish maqsadida bugun pul bilan «xayrlashish»da ko’radilar.
Shved iqtisodchi-olimi K.Eklund fikricha: «investitsiya – bu kelajakda ko’proq iste’mol qilish sharoitiga ega bo’lish uchun ertangi kunga qoldirilgan narsa. Uning bir qismi hozirda ishlatilmasdan zaxiraga qoldiriladigan iste’mol buyumlari bo’lib, boshqa qismi esa bu ishlab chiqarishni kengaytirishga yo’naltirilgan resurslardir»11.
«Investitsiyalar atamasini kapitalning kelgusida ko’payishi maqsadida uning turli xil shaklda joylashtirilishi sifatida belgilash mumkin»12. «Investitsiyalar – qo’yilmaning kelgusida o’sish maqsadida bugungi iste’moldan voz kechish»13. «Investitsiya – ishlab chiqarish davri davomida paydo bo’lgan kapital qo’yilma qiymatining joriy o’sishi. Bu o’sha davrdagi foydaning iste’mol uchun ishlatilmagan qismi hisoblanadi»14.
Investitsiyalar– kelajakda foyda olish uchun bugun pul yoki boshqa mablag’larni xarajat qilishni anglatadi. Masalan, aksiyalarni olsak, ularga egalik qilishdan keladigan tushumlarga vaqt bilan birdek investitsiya riski ham ta’sir ko’rsatadi. Biror bir darslikni o’qish uchun ketgan vaqt ham (uni qiymatini o’ylamagan taqdirda ham) – investitsiyadir.Chunki siz bo’sh vaqtingizni va boshqa ishdan olishingiz mumkin bo’lgan daromadingizdan voz kechgan holda, kelajakdagi faoliyatingiz yetarli darajada foydali bo’lishiga hamda sarf qilgan vaqtingiz va kuchingizni oqlashiga umid qilasiz. Bu ikki investitsiya ko’p taraflama farqlanishiga qaramay, ular barcha investitsiyalar uchun zaruriy bir xususiyatga ega: bugun biror bir qiymatga (boylikka) ega bo’lgan nimadandir voz kechib, biz ertaga bundan foyda olishni ko’zlaymiz.15
Iqtisodchi-olimlardan Kempbell R.Makkonell, Stanli L.Bryu investitsiya tushunchasini quyidagicha sharhlaydilar, ya’ni «investitsiya (investment) – bu moddiy zahiralarning ko’payishi, ishlab chiqarish vositalarining jamg’arilishi va ishlab chiqarishga xarajatlar»16. Ushbu ta’rif o’z mazmuniga ko’ra, ko’proq, «kapital qo’yilmalar» tushunchasiga mos kelishini ta’kidlab o’tish joiz.
Ishlab chiqarish nazariyasi va umuman makroiqtisodiyotda investitsiyalar yangi kapitalni (ishlab chiqarish vositalarini hamda inson kapitalini qo’shib hisoblanganda) yaratish jarayonidir. Moliya nazariyasida esa investitsiya deganda real yoki moliyaviy aktivlarni olishni tushuniladi, ya’ni bugungi sarflarni maqsadi kelajakda daromad olish bo’lib hisoblanadi.
Boshqacha so’z bilan aytganda, investitsiyalar – muayyan qiymatni, bo’lishi noaniqroq bo’lgan kelajak qiymatga almashishdir 17.
Lorens Dj. Gitman va Maykl D. Djonkning «Investitsiyalash asoslari» (M. «Delo» nashriyoti-1997) kitobida investitsiyalarga quyidagicha ta’rif beriladi: Investitsiya moliyaviy natijalar olishni ko’zlab aktsiya va obligatsiyalarni sotib olishni anglatadi: bular real aktivlarni belgilaydi, masalan, u yoki bu molni ishlab chiqarish va sotish uchun mashinalarni olishni nazarda tutadi. Umuman keng ma’noda investitsiyalar mamlakat iqtisodiyotini o’stirish va rivojlantirishni moliyalashtirish uchun zarur bo’ladigan mexanizmlarni ta’minlaydi.



Yüklə 0,89 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   125




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə