Mavzu: Tarjima jarayonini lingvo-kognitiv modellashtirish



Yüklə 81,71 Kb.
səhifə1/7
tarix24.03.2022
ölçüsü81,71 Kb.
#84695
  1   2   3   4   5   6   7
Mavzu Tarjima jarayonini lingvo-kognitiv modellashtirish


Mavzu: Tarjima jarayonini lingvo-kognitiv modellashtirish
Ma’lumki, dunyo tilshunosligida matnga dastlab, asosan, semantik va sintaktik nuqtai nazardan yondashilgan. Keyingi yillarda, xususan, XXI asr boshlaridan matnni lingvokulturologik, pragmatik, sotsiolingvistik, kognitiv va psixolingvistik tamoyillar asosida tadqiq etish tendensiyasi kuchaydi. Unga faqat semantik-sintaktik jihatdan bog‘langan gaplar yig‘indisi sifatida emas, balki ijtimoiy qimmatga ega bo‘lgan muloqot shakli, o‘zida muayyan til sohiblarining bilimlarini, lisoniy tafakkurini, milliy psixologiyasi va mentalitetini aks ettiruvchi mental qurilma sifatida qarala boshlandi.

Antropotsentrik paradigmaning shakllanishi til sohibi – so‘zlovchi shaxs omilini tadqiq etish bilan bog‘liqdir. Tilshunoslikda antropotsentrik burilishning yuzaga kelishi strukturalizmning tilni tadqiq etishning “o‘zida va o‘zi uchun” tamoyilini chetga surib, asosiy e’tiborini shaxs omiliga qaratdi1.

Hozirgi vaqtda tilshunoslikning etakchi paradigmalaridan biri sifatida tan olinayotgan antropotsentrizmning ildizlari V.fon Gumboldt hamda L.Vaysgerberning nazariy qarashlaridan oziqlandi2.

Antropotsentrizm so‘zi yunoncha anthropos – odam hamda lotincha centrum - markaz ma’nosini bildiruvchi so‘zlar birikuvidan hosil bo‘lgan3.

Antropotsentrizm termini dastlab qadimgi yunon falsafasining “Inson – koinot markazidir” degan g‘oyani ilgari suruvchi qarashiga nisbatan qo‘llangan bo‘lib, bu g‘oya ayniqsa O‘rta asrlarda Evropada keng tarqaldi4.

Tilshunoslikda til tizimini antropotsentrik nuqtai nazardan o‘rganish, asosan, lingvistik semantika, kognitiv tilshunoslik, psixolingvistika, pragmatik tilshunoslik, lingvokulturologiyaga oid tadqiqotlarda namoyon bo‘lgan. Antropotsentrik paradigma asosida yaratilgan ishlarda til tizimi shaxs omili bilan bog‘liqlikda tadqiq etilgan. O‘zbek tilshunoslarining lingvistik semantika, pragmatika, kognitiv tilshunoslikka oid tadqiqotlari o‘zida antropotsentrik yo‘nalish tendensiyalarini namoyon qilsa-da, bu boradagi tadqiqotlar hali etarli darajada emas.

Ta’kidlash lozimki, o‘zbek tilshunosligida matnning lingvopoetik, pragmatik, derivatsion, kommunikativ xususiyatlariga bag‘ishlangan muayyan tadqiqotlar amalga oshirilgan. Lekin o‘zbek tilida yaratilgan matnlar shu vaqtga qadar antropotsentrik aspektda yaxlit holda tadqiq qilingan emas.

Dunyo tilshunosligida pragmalingvistika, diskursiv tahlil, kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya kabi sohalarning yuzaga kelishi va rivojlanishi matn yaratilishi hodisasining talqinida ham jiddiy nazariy qarashlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Xususan, matn tahliliga antropotsentrik nuqtai nazardan yondashish bugungi tilshunoslikning etakchi yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Murakkab va serqirra hodisa hisoblangan matn tadqiqida so‘zlovchi – matn – tinglovchi (matn muallifi – matn – retsipient) dan iborat uchlik asosiy obyekt bo‘lishi lozimligi ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan ta’kidlanmoqda5.

Taniqli rus tilshunosi Y.N.Karaulov til va shaxs masalalariga bag‘ishlangan maqolalar to‘plamiga yozgan so‘zboshisida «Har qanday matn ortida lisoniy tizimlarni egallagan muayyan shaxs turadi» degan fikrni alohida ta’kidlagan edi6. Darhaqiqat, til va shaxs munosabatlarini yoritib berishda eng muhim manba bu matndir. Zero, u tilning barcha sathlarini mujassam etuvchi nutqiy tuzilma bo‘lishi bilan birga, so‘zlovchi (yozuvchi) shaxsining lisoniy salohiyatini o‘zida to‘liq namoyon etuvchi hodisa hamdir. Matnning tashqi va ichki tuzilishini muayyan millatga mansub til sohiblarining lisoniy qobiliyatini aks ettiruvchi o‘ziga xos ko‘zguga o‘xshatish mumkin.

Matn tadqiqiga oid ishlarda uni yaratuvchi shaxsga e’tiborning qaratilishi dastlab psixolingvistika va pragmalingvistika yo‘nalishidagi tadqiqotlarda ko‘zga tashlangan bo‘lsa, bugungi kunda jadal rivojlanayotgan kognitiv tilshunoslik, funksionalizm, etnolingvistika, lingvokulturologiya, diskursiv tahlil kabi sohalar ushbu masalani tilshunoslikning markaziy muammolaridan biriga aylantirdi.

Prof. Sh.Safarov antropotsentrik paradigmaning yuzaga kelishini quyidagicha izohlaydi: “Sistem-struktur paradigma o‘zidan oldin yuzaga kelgan qiyosiy-tarixiy paradigmaning “atomistik”, ya’ni til hodisalarini alohida-alohida, bir-biridan ajratgan holda tahlil qilinishi natijasida yuzaga kelgan nuqsonlarini bartaraf qilish yo‘lini tutdi. Sistem-struktur yo‘nalishning asosiy samarasi tilning tizimli hodisa ekanligini isbotlashdan iboratdir. Ammo bu ikki paradigmaning umumiy kamchiligi borligi ham ma’lum bo‘ldi: bu yo‘nalishlarda til o‘z egasi – insondan ajralib qoldi. Ushbu nuqsonni yo‘qotish yo‘lidagi urinishlar pragmatik va kognitiv tilshunoslik paradigmalarining yaratilishiga sabab bo‘ldi”7.

Prof. N.Mahmudov esa tilshunoslikda antropotsentrik paradigmaning shakllanishi haqida mulohaza yuritar ekan, quyidagi fikrlarini bayon qiladi: “Tilning ana shunday obyektiv xususiyatiga muvofiq ravishda antropotsentrik paradigmada inson asosiy o‘ringa chiqariladi, til esa inson shaxsini tarkib toptiruvchi bosh unsur hisoblanadi. Mutaxassislar taniqli rus adibi S.Dovlatovning “inson shaxsiyatining 90 foizini til tashkil qiladi” degan hikmatomuz gapini tilga oladilar. V.A.Maslova ta’kidlaganiday, inson aqlini insonning o‘zidan, tildan va nutq yaratish hamda nutqni idrok qilish qobiliyatidan tashqarida tasavvur etib bo‘lmaydi”8.

Bugungi kunda lisoniy faoliyat bajaruvchisi bo‘lgan shaxs omilini o‘rganish yuqorida qayd etilgan tilshunoslik sohalari – psixolingvistika, lingvokulturologiya, kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika kabi sohalarda chuqurlashib bormoqda. Ayni vaqtda, tilga antropotsentrik yondashuv ushbu sohalarning eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassam etib, mustaqil paradigma sifatidagi maqomini tobora mustahkamlab bormoqda.

Tilshunoslikda e’tirof etilganidek, antropotsentrik paradigmada asosiy e’tibor nutqiy faoliyat bajaruvchisi, ya’ni nutq tuzuvchi va uni idrok etuvchi til sohibiga qaratiladi9. Aytish joizki, ilmiy paradigmaga “til sohibi” kategoriyasining kiritilishi tilshunoslikda shaxs, lisoniy ong, tafakkur, faoliyat, mentallik, madaniyat kabi tushunchalarning yanada faollashishini taqozo etadi10. SHaxs omilining tadqiqi tilshunoslik fanining psixologiya, falsafa, mantiq, madaniyatshunoslik kabi fanlar bilan bir nuqtada kesishishiga ham olib keladi.

“Til sohibi” tushunchasi hozirgi vaqtda, asosan, quyidagi ma’nolarda ishlatilmoqda: a) muayyan tilda nutqiy faoliyatni amalga oshiruvchi, ya’ni nutq tuzish va uni idrok etish qobiliyatiga ega bo‘lgan shaxs; b) tildan muloqot vositasi sifatida foydalanuvchi shaxs, kommunikant; v) o‘z millatining milliy-madaniy, ma’naviy qadriyatlarini aks ettiruvchi lug‘at tarkibini egallagan, uni namoyon etuvchi shaxs; muayyan til vakili11. Hozirgi tadqiqotlarda tilshunoslikning turli yo‘nalishlari shaxs omili masalasiga o‘z xususiyatidan kelib chiqib yondashmoqda.

Matn talqini va shaxs omili masalasi matn yaratilishi va uning mazmuniy persepsiyasi muammolari bilan uzviy bog‘liqdir. Bu masalani tadqiq etishda matn yaratuvchi shaxsnigina emas, uni idrok etuvchi shaxs – tinglovchi yoki o‘quvchi omilini ham o‘rganish muhimdir. Rus tilshunosi R.I.Galperinning fikriga ko‘ra esa, qog‘ozga yozilib, hali o‘qilmagan matn harakatsiz matndir12. Xususan, yozma matn o‘quvchi tomonidan o‘qilmaguncha harakatga kelmaydi, unda ifodalangan mazmun va pragmatik maqsad, ohang orqali yuzaga kelgan kayfiyat retsipient tomonidan tushunilmaydi va his etilmaydi.

Matn va uni idrok etuvchi shaxs omilini o‘rganish tadqiq obyektiga turli jihatlardan, xususan, semantik, psixologik, pragmatik, kognitiv va lingvokulturologik nuqtai nazardan yondashishni taqozo etadi.

N.I.Jinkin ta’biri bilan aytganda: “Inson alohida gaplar vositasida emas, matn vositasida so‘zlaydi”13. SHu sababli ham muayyan shaxs uslubi u yaratgan matnlar asosida tadqiq etilsagina, kutilgan natijalarga erishish mumkin. Biror yozuvchi yoki ijodkorning nutqiy uslubini uning so‘z qo‘llash yoki jumla tuzish mahorati nuqtai nazari bilan tadqiq qilish usuli bugungi kun talabiga javob bermaydi. SHu boisdan matn yaratilishi masalasini shaxs uslubi nuqtai nazaridan o‘rganish matnning lingvistik jihatlariga teranroq nazar bilan qarashga olib keladi.

Ma’lumki, kognitologiya o‘z mohiyatiga ko‘ra semantika bilan uzviy bog‘liqdir. A.V.Kravchenkoning fikriga ko‘ra “... kognitiv tilshunoslik o‘z oldiga til vositasida bilimlarni saqlash, ifodalash va uzatish mexanizmlarini tadqiq etishni asosiy vazifa qilib qo‘yadi”14. Jahon tilshunosligida yaratilgan boy nazariy ma’lumotlarga suyangan holda muayyan ijodkor shaxs tilining lingvokognitiv xususiyatlarini o‘rganish o‘zbek tili sohiblarining “tafakkur grammatikasi”ni yoritib berishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Matn yaratilishida shaxsning kognitiv faoliyatini tadqiq etish o‘zbek mentalitetiga xos fikrlash tarzini ham chuqurroq yoritishga xizmat qiladi. Zero, matnda konseptuallashgan fikr ayrim hollarda etnik xarakterda ham bo‘lishi mumkin15. Matn yaratilishi jarayonini tadqiq etish orqali N.I.Jinkin tomonidan qayd etilgan universal predmet kodlarining lisoniy shakl olish bosqichlarini tahlil etish mumkinki, bu bosqichlar, xususan, badiiy matn yaratuvchi shaxs faoliyatida o‘ziga xos tarzda amal qiladi16. Binobarin, muayyan shaxs nutqining lingvokognitiv xususiyatlarini o‘rganish o‘zida ko‘p hollarda implitsitlikni namoyon etuvchi badiiy nutq yaratilishi mexanizmiga oid ko‘pgina qorong‘i va sirli “hududlarni” yoritish imkonini ham beradi.

Bugungi kunda ko‘plab tadqiqotchilar XXI asrni fanlar integratsiyasi asri deb hisoblamoqdalar. Muayyan obyekt mohiyatini yoritishda fanlararo hamkorlik o‘z natijalarini bermoqda. Bu kabi yondashuvdan murakkab mavjudot bo‘lgan shaxs fenomenining nutqiy faoliyatini tadqiq etishda ham foydalanish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Zero, inson nutqi uning o‘zi kabi murakkab va ko‘p qirrali hodisa hisoblanadi. Bu borada tilshunoslik sohalarining hamkorligi o‘z samaralarini berishi shubhasizdir.

Aytish lozimki, XXI asrning dastlabki yillarida o‘zbek tilshunosligida matn lingvistikasi yo‘nalishida jiddiy tadqiqotlar amalga oshirildi: matn lingvopoetikasi, mazmuniy persepsiyasi, uning pragmatik, derivatsion va psixolingvistik xususiyatlari, matn modalligi

va temporalligi haqida monografik aspektdagi ishlar yuzaga keldi17.

Tilshunos olim N.A.Arutyunova ta’biri bilan aytganda, “... bir maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy faoliyat turi, kishilarning o‘zaro munosabatlarida va ular ongining mexanizmlari (kognitiv jarayonlar)da qatnashuvchi nutq; voqelik bilan munosabatda olingan matn”18 muammosini hamda lisoniy tafakkur egasi bo‘lgan shaxs faoliyatini o‘zaro aloqadorlikda tadqiq etish o‘zbek tilshunosligida antropotsentrik tahlil tamoyillarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. SHuningdek, matnni uning yuzaga kelishi, idrok etilishi va tushunilishi nuqtai nazaridan o‘rganish matn haqidagi nazariy qarashlarni yanada chuqurlashtiradi. Diskursiv faoliyat egasi bo‘lgan shaxs intellekti va fikrlash tarzining matn shakliga kirish jarayoni mexanizmlarini tadqiq etish esa tafakkur modellarining o‘zbek tilidagi in’ikosiga xos xususiyatlarni aniqlashga imkoniyat yaratadi. Fikrimizcha, bunda matnning nutq uslublariga ko‘ra turlaridan biri bo‘lgan badiiy matn tahlili o‘zbek tilshunosligi uchun boy materiallar bera oladi.

Ko‘plab tadqiqotchilarning e’tirof etishicha, kognitiv tilshunoslik va lingvokulturologiya antropotsentrik paradigmaning etakchi yo‘nalishlari hisoblanadi19. Biz ham bu fikrni e’tirof etgan holda psixolingvistika sohasini ham shu qatorga kiritish lozim, degan fikrni ilgari surish tarafdorimiz. Zero, kognitiv tilshunoslik va lingvokulturologiya juda ko‘p nuqtalarda psixolingvistika bilan kesishadi. YAna shu narsani ta’kidlash lozimki, tadqiq obyektimiz bo‘lgan badiiy matn bevosita psixolingvistik omillarga ham daxldor hisoblanadi. “Psixolingvistika asoslari” kitobining mualliflari I.N.Gorelov, K.F.Sedovlarning ta’kidiga ko‘ra, psixolingvistika tilshunoslikdagi antropotsentrik yo‘nalishning yadrosini tashkil etadi20. Shu boisdan mazkur tadqiqotda o‘zbek tilidagi matnlarni uch jihatiga ko‘ra, ya’ni kognitiv-semantik, psixolingvistik va lingvokulturologik xususiyatlari asosida tadqiq etish asosiy maqsad qilib qo‘yildi. Badiiy uslubda yaratilgan o‘zbek tilidagi nasriy va she’riy matnlar tadqiqot obyekti sifatida tanlangan. O‘zbek tilidagi matnlarning kognitiv-semantik, psixolingvistik va lingvokulturologik xususiyatlari tadqiqot predmetini tashkil etadi.

Bu o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, bir dissertatsiya doirasida o‘zbek tilidagi matnlarning shaxs va u mansub bo‘lgan etnos bilan aloqador barcha jihatlarini batafsil tadqiq etishning imkoni yo‘q, albatta. O‘ylaymizki, matnning antropotsentrik tahlili mazkur tadqiqot bilangina cheklanib qolmaydi. Bu borada o‘zbek tilshunosligida yana ko‘plab tadqiqotlar yaratilishi shubhasizdir.

Bevosita ushbu paragraf mazmuni, ya’ni matnni kognitiv-semantik tadqiq etish muammolari xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, aytish joizki, o‘tgan asrning so‘nggi choragida o‘zining ilk qadamlarini qo‘ygan kognitiv tilshunoslik XXI asr boshidayoq lingvistikaning peshqadam sohalaridan biriga aylanib ulgurdi. Hozirgi vaqtda ushbu sohaning bir necha yo‘nalishlari mavjud.

Kognitiv tilshunoslik tilni umumiy kognitiv mexanizm sifatida o‘rganuvchi sohadir. V.Z.Demyankov fikriga ko‘ra, unda til tizimining axborotni qayta ishlashdagi roli nutq yaratilishi va idrok etilishi nuqtai nazaridan o‘rganiladi. Bunda nutq yaratuvchi va uni idrok etuvchi sub’ektlar – so‘zlovchi va tinglovchiga axborotni qayta ishlovchi tizim sifatida qaraladi21.

Kognitiv tilshunoslik kognitiv faoliyat tushunchasi bilan uzviy bog‘liqdir. Kognitiv faoliyat insonning biror narsa yoki voqelikni idrok etishini amalga oshiruvchi tafakkur jarayonidir22.

Kognitsiya tushunchasi ham kognitiv tilshunoslikda markaziy o‘rinda turuvchi tushuncha bo‘lib, u ilmiy adabiyotlarda axborotni idrok etish, kodlashtirish va yaratish kabi jarayonlar tizimi sifatida izohlanadi23.

Kognitiv tilshunoslikda eng faol qo‘llanuvchi va turli ta’riflarga ega bo‘lgan termin konsept hisoblanadi. Uning kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya, shuningdek, adabiyotshunoslik fanlaridagi izohi o‘zaro farqlanadi24. Mazkur termin tilshunoslikda o‘tgan asrning 80-yillarigacha tushuncha so‘ziga sinonim sifatida ishlatilgan bo‘lsa25, uning hozirgi vaqtdagi izohi tushuncha terminiga nisbatan kengroq ma’no kasb etganini ko‘rish mumkin. Jumladan, N.YU.SHvedova konsept bu – tushuncha ekanligi, bu tushuncha ortida esa ijtimoiy yoki sub’ektiv tarzda anglanuvchi, inson hayotining muhim moddiy, aqliy, ruhiy tomonini aks ettiruvchi, o‘z tarixiy ildizlariga ega bo‘lgan, xalqning umumiy tajribasini aks ettiradigan mazmun turishini qayd etadi26.

Prof. N.Mahmudov o‘z maqolalaridan birida konsept termini eng ko‘p definitsiyaga ega bo‘lgan termin ekanligini ta’kidlab, shunday yozadi: “Lingvokulturologik tadqiqotlarda aynan konseptning ifodalanishi muammolariga juda katta e’tibor qaratilmoqda, internet materiallari bilan tanishganda, masalan, Rossiyadagi tilshunosliklarda bu yo‘nalish nihoyatda keng tarqalganini ko‘rish mumkin, bu boradagi ishlarni sanab, sanog‘iga etish ham mushkul. Hatto so‘nggi yillarda yoqlangan nomzodlik dissertatsiyalarining juda katta qismi aynan u yoki bu tilda konseptning lingvokulturologik tadqiqiga bag‘ishlangan”27.

Rus tilshunosi L.V.Adonina konsept terminiga bag‘ishlangan maqolasida bu terminning taniqli tilshunoslar tomonidan qayd etilgan 12 ta ta’rifini keltiradi. SHuningdek, uning ma’lumotiga ko‘ra, konsept termini o‘n nuqtayi nazardan tasnif qilingan. Masalan, konsept standartlashishiga ko‘ra universal, etnik, guruhga oid va shaxsiy konseptlarga; qo‘llanishiga ko‘ra ilmiy, badiiy, maishiy konseptlarga; ifodalanishiga ko‘ra leksik-frazeologik, grammatik, sintaktik va matniy konseptlarga bo‘linadi va h.k.28

Biz o‘z tadqiqotimizda konseptga YU.N.SHvedova tomonidan berilgan ta’rifni asos sifatida tanlaganmiz29.



Konsept termini borasidagi fikrlar o‘zbek tilshunoslari N.Mahmudov, SH.Safarov hamda A.E.Mamatov tomonidan batafsil izohlangan30. SHu boisdan biz konsept haqidagi o‘z qarashlarimiz bilan cheklanishni ma’qul hisoblaymiz. Fikrimizcha, konsept, darhaqiqat, mental tuzilma. Lekin u ko‘p qirrali va ko‘p qatlamli tuzilmadir. SHuningdek, konsept bir vaqtning o‘zida psixologik, kognitiv-semantik va lingvokulturologik jihatlarni namoyon etadi. Zero, konseptning kognitiv, psixolingvistik va lingvokulturologik tadqiqotlar obyekti sifatida tavsiflanayotgani ham shundan dalolat beradi. SHuningdek, biz konseptning sub’ektiv, ijtimoiy, lingvomadaniy, badiiy konseptlar sifatida tiplarga ajratilganligini yagona mohiyatga turli jihatlardan yondashuv sifatida baholaymiz. Zotan, til tizimining o‘zi yuqoridagi sifatlarni o‘zida jamuljam etgan nihoyatda serqirra hodisalardan biri hisoblanadi.

Kognitiv tilshunoslikda lisoniy konseptuallashtirish muhim ahamiyatga ega. Lisoniy konseptuallashtirish obyektiv voqelik yoki uning biror qismini til vositasida ifodalashdir. U “...inson ongida to‘plangan ma’nolarning verballashtirilgan shakli va dunyo haqidagi bilimlarining muayyan til vositasida tizimlashtirilishi bo‘lib, qisman universal, qisman milliy xarakterga ega bo‘ladi”31.

Kognitiv faoliyatda kognitiv metaforalarning ahamiyati beqiyosdir. Kognitiv tilshunoslik asoschilaridan biri J.Lakoff o‘z tadqiqotlarida metafora faqat til hodisasi bo‘libgina qolmasdan, insonning bilish faoliyatida muhim o‘rin tutuvchi vosita ekanligini chuqur asoslab bergan. Kognitologiya fani nuqtai nazaridan kognitiv metafora insonning o‘z bilimlarini namoyon qilishi va konseptuallashtirishi usullaridan biri hisoblanib, uning mohiyati bir obyektni boshqa bir obyekt vositasida tushunish va tushuntirishdan iboratdir32.

Dunyo tilshunosligida metaforalarga oid ko‘plab tadqiqotlar yaratilganiga qaramay33, ushbu hodisa tilshunoslarni tobora o‘ziga jalb etmoqda. Xususan, lingvokulturologiya hamda kognitiv tilshunoslik sohalarining shakllanishi metaforalarni yanada chuqurroq o‘rganish, bu hodisani tadqiq etishda metaforik mazmunli matnlarni ham e’tiborga olishni taqozo qilmoqda. (Metaforalarning matn yaratilishidagi o‘rni xususida ishimizning II bobida batafsil to‘xtalamiz).

SHaxs omilini asosiy omillardan biri sifatida talqin etuvchi qarashlar ichida matn yaratilishining kognitiv talqini diqqatga sazovordir. Kognitiv talqin matn yaratilishiga “muallif – matn – matndan tashqaridagi voqelik” tamoyili asosida yondashib, unga bir vaqtning o‘zida bir necha nuqtai nazar bilan qarash fikrini ilgari suradi34. Jumladan: so‘zlovchi maqsadining ifodasi bo‘lgan matn, nutq yaratilishi mahsuli bo‘lgan matn, tushunish obyekti bo‘lgan matn, tushunish mahsuli bo‘lgan matn35.

Matn yaratilishining kognitiv talqiniga binoan, matn mental tuzilmaning tilga transformatsiyasidir. Bundan ko‘rinadiki, ushbu talqinga ko‘ra, botiniy nutqdagi bo‘lajak matnga ketma-ket joylashuvchi propozitsiyalar yig‘indisi sifatida emas, balki butundan qismlarga qarab harakatlanuvchi yaxlit shakl sifatida qaraladi. Ma’lumki, tilshunoslikda matnning tashqi (leksik-grammatik) va ichki (semantik) tuzilishiga ega ekanligi e’tirof etiladi36. Matnning ichki tuzilishi o‘zida semantik konsentrat, yadroviy mazmunni namoyon etadi. Kognitiv tilshunosning vazifasi ana shu mazmunga kognitiv asos bo‘lgan mental tuzilmalarni aniqlashdan iboratdir.

Kognitiv tilshunoslik namoyandalaridan biri V.Z.Demyankov ma’lumotiga ko‘ra, tanlangan kommunikativ strategiyadan kelib chiqib, bir axborot turli sharoitlarda har xil tarzda ifodalanishi mumkin. Inson xotirasidagi tartibga solingan axborot bilan uning verbal shakli orasida katta farq ham bo‘lishi mumkin. Matn yaratilishi modullariga axborot generatori va artikulyatorlari kiradi. Nutq, xususan, matn yaratilishi nafaqat semantik va grammatik qonuniyatlarga, balki axborotni bayon qilishning o‘ziga xos qoidalariga ham bo‘ysunadi. Voqea-hodisalarni bayon qilish sxemalari turlicha bo‘lib, matn bu voqea-hodisalarning o‘zaro aloqadorligiga muvofiq ravishda yuzaga keladi37.

Nutq yaratilishi jarayonida so‘zlovchi o‘z nutqini tinglovchining reaksiyasiga qarab o‘zgartirib boradi. Ta’kidlash lozimki, nutqni rejalashtirish hamda uning voqelanishi deyarli bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. Inson har doim ham o‘z nutqining qanday shaklda ifodalanishini oldindan bilavermaydi, chunki bir jumla yoki so‘z boshqa jumla yoki so‘zni aytishni taqozo qiladi. Kognitivistlar fikriga ko‘ra, bu jarayon grammatik monitor qurilma (monitoring) nazorati ostida kechadi. Matn yaratilishi vaqtida shaxs tayyor lisoniy birliklar bilan bir qatorda nominatsiya strategiyalaridan ham foydalanadi. Odatda, matn yaratilishi jarayonida ikkita bosqich belgilanadi: matn tuzishni rejalashtirish (konseptual mazmunni tartibga solish); matn generatsiyasi (tabiiy tilga transformatsiya qilish)38.

Hozirgi vaqtda kognitiv tilshunoslikda keng tarqalgan metodlardan biri freym tahlili hisoblanadi. Lingvokognitologiyaga ko‘ra, har qanday matn ma’lum bir freym ifodasidir. Freym nazariyasini yaratgan olimlardan biri M.Minskiy unga shunday ta’rif beradi: “....freym – stereotip vaziyatlarni namoyon qilish usullaridan biri hisoblanib, har qanday freymda ko‘p qirrali axborot o‘zaro bog‘langan bo‘ladi”39. Binobarin, freym u yoki bu tipik vaziyatning keng hajmli prototipi bo‘lib, matn yaratilishi jarayonida kognitiv kontekst vazifasini bajaradi. Bu o‘rinda shuni ham aytish lozimki, matn yaratilishi tadqiqida kognitiv tuzilmalardan biri bo‘lgan geshtalt ham muhim o‘rin tutadi. Hozirgi tilshunoslikda mavjud bo‘lgan semantik geshtaltlar nazariyasi tilning lug‘aviy sathini o‘rganishga tatbiq etilgan40. Geshtalt hodisasini matn bilan bog‘lab o‘rganuvchi tadqiqotlar soni esa juda oz. Vaholanki, har qanday matn yaratilishi “butundan – bo‘lakka” jarayonini aks ettiradi. Prof. SH.Safarov fikriga ko‘ra, geshtalt va matn yaratilishini uzviylikda tadqiq etish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi41.

Psixolingvistik nuqtai nazardan matn yaratish va uning mazmuniy persepsiyasi individning nutqiy tafakkuri mahsuli, obyektiv borliqni til tizimi vositasida aks ettirish qobiliyati sifatida namoyon bo‘ladi. Bunda matnning shakli va mazmuni muayyan kommunikativ vaziyat qatnashchisi – konkret shaxsning psixologik xususiyatlari bilan uzviylikda tadqiq etiladi42.

Matn idrokini dekodlash sifatida talqin etish o‘tgan asrning so‘nggi choragida e’tiborni jalb qilgan qarashlardan biri bo‘ldi. Mashhur psixolingvist L.S.Vigotskiy “Mыshlenie i rech” (“Tafakkur va nutq”) kitobida (Moskva, 1982) verbal tafakkur tabiatini keng miqyosda yoritib berdi. Dekodlash nazariyasini rivojlantirishda “Jinkin maktabi” deb nomlangan yo‘nalish vakillari katta rol o‘ynadilar.

N.I.Jinkin o‘z tadqiqotlarida UPK (universal-predmet kodi) haqidagi nazariyani ilgari surdi. Bu qarashlarga ko‘ra, inson nutqi dastlab uning ongida amorf – shaklsiz holatda bo‘ladi. Bu verbal shakl emas, u tasavvur holatida bo‘ladi. Bunday predmet kodi barcha millat vakillari uchun universal xarakterda bo‘lib, uni barcha tillarga tarjima qilish mumkin43.

N.I.Jinkinning mazkur qarashini I.N.Gorelov o‘z tadqiqotlarida rivojlantirib, UPK axborotni uzatish kommunikativ usullarining neyrofiziologik ko‘rinishi ekanligini qayd etdi. I.N.Gorelovning fikriga ko‘ra, aynan mana shu jarayon tafakkurning tilga aylanish bosqichida vositachilik vazifasini bajaradi44.

XX asrning so‘nggi choragidan jahon tilshunosligida lisoniy faoliyat mahsuli bo‘lgan har qanday nutqiy tuzilmani uni yaratuvchi va idrok etuvchi shaxs – muallif va retsipient muloqoti nuqtai nazaridan tadqiq etishga katta e’tibor qaratila boshlandi. Nutqiy tuzilmani muloqot jarayoni sifatida o‘rganish diskurs tushunchasining yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. O‘tgan asrning 50-yillarida amerikalik tilshunos Zellig Xarris tomonidan birinchi marta qo‘llangan diskurs so‘zi bugungi kunda tilshunoslikning markaziy masalalaridan birini ifodalovchi hodisani anglatmoqda.




Yüklə 81,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2022
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə