Мундарижа



Yüklə 164,6 Kb.
səhifə1/4
tarix06.05.2018
ölçüsü164,6 Kb.
  1   2   3   4


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
ABDULLA QODIRIY NOMIDAGI JIZZAX DAVLAT

PEDAGOGIKA INSTITUTI
MAKTABGACHA TA’LIM NAZARIYASI VA USLUBIYATI KAFEDRASI
“Himoya qilishga ruxsat beraman”

Pedagogika-psixologiya fakulteti dekani

___________ prof.X.A.Meliyev

“____” _______________ 201_ y.



5141700 – Maktabgacha ta’lim va bolalar sporti yo’nalishi bo’yicha bakalavr darajasini olish uchun
Oilada yoshlarning tolerantlik tafakkurini shakllantirish”

mavzusida bajarilgan

Bajaruvchi: Nazarova Aziza Baxtiyorovna

Ilmiy rahbar: kat.o’qit.G.Qo’shaqova

Ilmiy maslahatchi: prof.X.A.Meliyev
Ishni himoyaga tavsiya etaman kat.o’qit.G.Qo’shaqova ________

(imzo)
BMI Maktabgacha ta’lim nazariyasi va uslubiyati kafedrasi qig’ilishining qarori bilan (Qaror№_, __.___.201__ y) himoyaga tavsiya etilgan.

Kafedra mudiri: dots.R.A.Abdurasulov __________



(imzo)

Jizzax - 2012
M U N D A R I J A:



Kirish

I.BOB.

OILADA YoShLARDA TOLERANTLIK TAFAKKURINI ShAKLLANTIRIShNING ILMIY NAZARIY ASOSLARI.




1.1.

Oilada yoshlarning tolerantlik tafakkurini shakllantirish – komil insonni tarbiyalashning muhim yo’nalishi




1.2.


Oilada yoshlarning tolerantlik tafakkurini shakllantirishning amaliyotdagi ahvoli




II.bob.

OILADA YoShLARDA TOLERANTLIK TAFAKKURINI ShAKLLANTIRIShNING MAZMUNI, SAMARALI ShAKL VA METODLARI.




2.1.

Oilada yoshlarning tolerantlik tafakkurini shakllantirishning mazmuni, samarali shakl va metodlari




2.2.

Bolalarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishda maktab, oila va mahalla hamkorligining pedagogik shart-sharoitlari………………………………………………….




Xulosa…………………………………………………




foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati….




ilovalar……………………………………………….




KIRISh
Tadqiqot mavzusining dolzarbligi. Mustaqillik yillarida butun jamiyat ma’naviy va ma’rifiy hayotida tub islohotlar amalga oshirildi. Mazkur islohotlarning maqsadi milliy madaniy qadriyatlarni va ajdodlar merosini qayta tiklash, ularning mazmunini yangi avlodlarga yetkazish, diniy erkinlikni huquqiy va amaliy jihatdan ta’minlash, bag’rikenglik tamoyillariga suyanish, bularning barchasini demokratik tamoyillar bilan uyg’unlashtirishga qaratildi. Demokratik va fuqarolik jamiyati qurish g’oyalari mazkur sohalarda o’tkazilayotgan islohotlarning mazmunini boyitish va takomillashtirishga xizmat qildi. Barpo etilayotgan yangi jamiyatning umuminsoniy gumanitar g’oyalaridan biri sifatida tolerantlik keng targ’ib etila boshlandi.

O’zbek xalqi o’zining qadimiy va boy madaniyati, o’ziga xos sivilizasiyasi va tarixiy merosi tarkibida har vaqt tolerantlik asoslarini targ’ib etib kelgan, shuningdek o’z yashash tarzida, milliy qadriyatlari tizimida tolerantlik va bag’rikenglik tamoyillariga suyangan holda farzandlarni tarbiyalagan.

Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov qayd etganlaridek, «Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g’oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch-totuv yashagan markaz bo’lib keldi. Etnik sabr-toqat, bag’rikenglik hayot bo’ronlaridan omon qolish va rivojlanish uchun zarur tabiiy me’yorlarga aylandi…Ayni shu zaminda ko’p asrlar mobaynida jahon madaniyatlari dunyo miqyosida bir-birini boyitgan. Bu yerda ko’chmanchi xalqlar o’troq xalqlar bilan, eronlik qabilalar turk qabilalari bilan, musulmonlar nasroniylar va yaxudiylar bilan ko’p asrlar birga yashab kelganlar».1 Shunga binoan «Movarounnahrning musulmon madaniyati etnik sabr-toqat va bag’rikenglik ruhini o’zida aks ettirdi. Uning .... ideali – fozil kishilar shahri nafaqat diniy asosda, balki madaniy va axloqiy negizida ham uyushgan odamlarning hamjamiyatidan iborat bo’lganligi tasodifiy xol emas».2

Tolerantlik g’oyalari o’zbek xalqining azaliy urf va odatlarida, kundalik turmush tarzida va axloq-odobida juda keng o’rin olgan. Tolerantlik tushunchalari va uning unsurlari avloddan avlodga axloq va odob me’yorlari sifatida meros qoldirilib, mahsus ravishda tarbiyalangan. Tolerant tafakkurga ega bo’lgan odam shaxsiy kamolotining yuqori mavqyeiga erishgan inson sifatida qadrlangan. Qo’li ochiqlik, samimiylik, boshqalarning ko’nglini olishga sayi-harakat qilish, mehmonnavozlik, bag’rikenglik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, sabr va qanoatli bo’lish, o’zgani anglash, dardlashish, dildan suhbat qurish, shu bilan birga boshqa madaniyatlarni hurmatlash, ularning merosini avaylash, birgalikda tinchlik va osudalikda yashash ko’nikmalarini bilish va ularga e’tibor bilan qarash, tinch yashash tarzini qadrlash har vaqt xalqimizning azaliy qadriyatlaridan bo’lib kelgan.

Shuningdek, o’zbek xalqining an’anaviy qadriyatlari tizimida xalqlararo va dinlararo nizo va adovatni qoralovchi, turli dinlar o’rtasidagi munosabatlarda o’zaro hurmat-ehtirom va ishonchni, xalqlar o’rtasida hamkorlik va hamjixatlikni targ’ib qiluvchi, hamma insonlarga dini va millatidan qat’iy nazar insoniy mehr-muhabbat bilan yo’g’rilgan insonparvarlik g’oyalari har vaqt targ’ib etilgan.

Ammo tolerantlik tarixiy-ijtimoiy va axloqiy-psixologik norma bo’lib, uning mazmuni yangi zamon bilan hamnafas tarzda o’zgarib, boyib va takomillashib bormoqda. Bir tomondan o’zgarayotgan ijtimoiy-siyosiy voqyelik, globalizasiya va postindustrial rivojlanish talablari, ikkinchidan, ta’lim tizimida olib borilayotgan tub islohotlar, uchinchidan, barkamol shaxs va fuqaro shakllanishini maqsadli olib borish sayi-harakatlari tolerantlik va uni shakllantirish masalalarini yangi mazmunda qayta anglanishini, uning zamonaviy pedagogik mazmunini qayta ishlab chiqilishini, tolerantlikni shakllantirishning usul, shakl va vositalarini zamonga mos ravishda tanlanishini kun tartibiga qo’yadi. Shu bois, bugungi davr ta’lim va tarbiya tizimidan globallashuv g’oyalarini o’zida aks ettirgan tolerantlik tushunchasining mazmunini aniqlash, uni ta’lim tizimiga joriy etish mexanizmlarini aniqlash vazifasini amalga oshirish talab etiladi. Bugungi kunda tolerantlik tafakkurini yoshlar ongida shakllantirish ularni fuqarolik jamiyatida faol yashashga o’rgatishga teng keladi. Tolerantlik g’oyalari zamonaviy davrning eng muhim ijtimoiy va siyosiy g’oyalaridan biri ekanligini namoyon etadi. O’zbekistonda ham so’nggi yillarda tolerantlikning pedagogik mazmuni borasida tadqiqotlar olib borish faoliyati boshlandi. Ammo Oilada Yoshlarda Tolerantlikni Shakllantirishning Pedagogik Shart-Sharoitlari, Vosita Va Shakllari, Uning Pedagogik Mazmuni kabi masalalar hanuz o’rganilganicha yo’q. Yuqorida aytilganlardan shunday xulosa qilish mumkinki, oilada o’smir yoshdagi bolalarning tolerantlik tafakkurini shakllantirish pedagogik ta’lim va tarbiya jarayonining dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, biz o’z nomzodlik dissertasiyamiz mavzusini “Oilada tolerantlik tafakkurini shakllantirish deb belgiladik.



Muammoning o’rganilganlik darajasi. Mustaqillik yillarida demokratik va fuqarolik jamiyatini barpo qilish maqsadlari bilan bog’liq ravishda milliy pedagogika asoslari ham qayta qurildi. Mazkur jarayonda tolerantlik va jamiyat rivoji, fuqarolik jamiyatida tolerantlikning tutgan o’rni, tolerantlikning ijtimoiy-falsafiy mazmuni, tolerant shaxs va zamonaviy jamiyatlardagi multimilliy muammolar, ijtimoiy ziddiyatlarning oldini olishda tolerantlikning tutgan o’rni kabi masalalar so’nggi 20-30 yil ichida ijtimoiy fanlardan falsafa, siyosiy fanlar, tarix, sosiologiya kabilar tarkibida keng o’rganildi. Mustaqillik yillarida tolerantlik tushunchasi bag’rikenglik, madaniy rang-baranglik, ijtimoiy tenglik, inson huquqlari, diniy bag’rikenglik, mafkuraviy ogohlik, o’zlikni anglash kabi tushunchalar mazmunining qayta anglanishi bilan bevosita bog’liq tarzda qayta qurildi, shakllantirildi va rivojlantirildi.

Bu davrda O’zbekistonda yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida “komil inson” qilib tarbiyalash muammosi keng rivojlantirildi. Pedagog olimlardan A.Munavvarov, M.Inomova, M.Ochilov, J.G’.Yo’ldoshev, R.H.Jo’rayev, O.Musurmonova, S.Nishonova, M.Quronov, Sh.E.Kurbonov, E. Yusupov, X.Shayxova, Q.Nazarov, U.Mahkamov, S.Fayzulina, S.Annamuratova, Safo Ochil, N.Ortiqov, M.Imomnazarov, V.Karimova, G.R.Akramova, G.N.Navro’zova kabilar tomonidan “komil inson” tarbiyasi, yoshlarni ma’naviy barkamol qilib shakllantirish masalalari milliy negizda ilk bor chuqur tahlil qilindi.Aynan mustaqillik yillarida oila hamda uning pedagogik funksiyasi, oilada bolalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, axloq-odob saboqlari, inson ma’naviyatini shakllantirishning pedagogik asoslari, sog’lom turmush tarzi asoslari, yoshlarni oilaga tayyorlash masalalari A.Munavvarov, M.O.Inomova, O. Musurmonova, G’.B.Shoumarov, Sh.B.Shoumarov, D.D.Sharipova, N.Ortiqov, T.A.Egamberdiyeva, J.Tulenov, M.Quronov, Sh.E.Kurbonov, U.Mahkamov, S.Ochil, Sh.X.Tog’ayev, Z.X.Kasimova, F.R.Norboyeva va S.Hasanov kabi olimlarning ilmiy ishlarida tadqiq etildi.Tolerantlikning ijtimoiy-siyosiy kategoriya sifatidagi zamonaviy mazmunining ba’zi qirralari o’zbek olimlardan M.Sharifxo’jayev, Z.Islomov, M.Radjabova, Z.Qodirova, D.Alimova, O.Otamirzayev, V.Gentshke, R.Murtazayeva, H.Boboyev, Z.G’ofurov, R.B.Beneman, M.Smirnov, N.Jo’rayev, E.Karimova, A.Tiksanov, T.Toshlonov, N.Eshonqulov tomonidan tahlil qilindi.O’zbekistonda pedagogik ta’lim tizimida tolerantlik mavzusini ilmiy o’rganish yangi rivoj topayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Respublikamizda tolerantlikni shakllantirishning pedagogik jihatlari hamda o’ziga xos bo’lgan boshqa muammolari xususida qator ilmiy izlanishlar olib borilgan, ulardan Z.R.Qodirova, A.J.Sharipov, G.R.Akromova, va boshqalarning tadqiqotlari shular jumlasidandir.Mavjud ilmiy tadqiqot ishlarida oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning pedagogik shart-sharoitlari yaxlit tizim sifatida tadqiq etilmadi.

Shuni qayd etish zarurki, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarda tolerantlik va oila mavzuiga bag’ishlab yozilgan qariyib barcha tadqiqotlarni bizning milliy mentalitetimizga tatbiq etib bo’lmaydi. Chunki, xorijiy davlatlar, xususan Rossiyadagi oilaning ijtimoiy-ma’naviy mazmuni va amaliy o’rni bizning milliy tafakkurimizdagi oila mazmuni va mavqyeidan butunlay farq qiladi. O’zbek millati kundalik turmushida oila inson hayotining asosi sifatida ulug’lanadi, muqaddas qadriyat sifatida e’zozlanadi, oilali bo’lish va nikohga kirishga chuqur hurmat bilan qaraladi hamda mana shu qonuniyatlarga hayotda amal qilinadi.

Tadqiqot maqsadi: Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning pedagogik mazmuni, yaxlit tizimi va shart-sharoitlarini aniqlash hamda tolerantlikni shakllantirish samaradorligini oshirishga yo’naltirilgan ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqish.

Tadqiqot obyekti: oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirish jarayoni.

Tadqiqot predmeti: oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning mazmuni, tamoyillari, shakl, metod va vositalari.

Tadqiqotning vazifalari:

1. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirish muammosini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan o’rganish hamda pedagogik nuqtai nazardan asoslash.

2. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning o’ziga xos pedagogik shart-sharoitlari va xususiyatlarini o’rganish.

3. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning mazmuni, samarali shakl, metod va vositalarini aniqlash orqali uning yaxlit tizimini yaratish.

4. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirilganlik mezonlarini ishlab chiqish.

5. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning samaradorlik darajasini tajriba-sinov asosida aniqlash hamda yuqori samaradorlikka erishish imkonini beruvchi ilmiy-metodik tavsiyalar tizimini ishlab chiqish.



Tadqiqotning ilmiy farazi: oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishda yuqori pedagogik samaradorlikni ta’minlash mumkin, agarda:

- oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirish jarayonining pedagogik mazmuni nazariy jihatdan ochilsa, uning amaliyotdagi mavjud ahvoli konstruktiv tahlil qilinsa;

- oila hamda bolalar muassasalari faoliyatini samarali boshqarishga oid xorijiy va mahalliy tajribalar o’rganilsa, umumlashtirilsa hamda tolerantlik tafakkurini shakllantirish faoliyati maqsadli tashkil qilinsa;

- oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning yaxlit pedagogik andozasi yaratilsa va amaliy tatbiq etilsa;

- oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirish samaradorligini ta’minlashga hizmat qiluvchi ilmiy metodik tavsiyalar ishlab chiqilsa va ular amaliyotga keng tatbiq etilsa tolerantlik tafakkurini shakllantirishning pedagogik jarayoni samarali kechadi.

Tadqiqot metodlari: Tadqiqot ishi mavzusiga oid umumiy pedagogika, psixologiya, tarix, falsafa, huquqshunoslik, siyosiy fanlarga oid ilmiy-nazariy, metodik adabiyotlarni o’rganish va tahlil etish, pedagogik kuzatish, pedagogik tajriba-sinov, sosiometrik (suhbat, so’rovnoma, intervyu, test), modellashtirish, natijalarni umumlashtirish, matematik-statistik metodlaridan foydalanildi.

Tadqiqotning metodologik asosi: O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, «Ta’lim to’g’risida»gi qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov asarlarida bildirilgan tolerantlik tushunchasining nazariy mazmuniga doir nazariy qarashlar, hukumat tomonidan ta’lim-tarbiya tizimini boshqarish borasida qabul qilingan huquqiy-me’yoriy xujjatlar, shuningdek tanlangan yo’nalishda ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan pedagog olimlarning nazariy qarashlari va zamonaviy ilg’or ta’limotlar tadqiqotning metodologik asosi bo’lib xizmat qildi.

Himoyaga olib chiqilayotgan asosiy xolatlar:

1. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning ilmiy- nazariy asoslari.

2. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning mazmuni, samarali shakl, metod va vositalari.

3. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirish mezonlari.

4. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning yaxlit andozasi.

5. Oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishga oid ilmiy-metodik tavsiyalar.



Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

- oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirish muammosi ilk bor pedagogik muammo sifatida ilmiy tadqiq etildi;

- pedagogika nuqtai nazardan oilada yoshlarda tolerantlik tafakkuri tushunchasining mazmuni ilmiy asoslandi, uning O’zbekiston Respublikasiga xos bo’lgan xususiyatlari, umumbashariy va milliy mezonlari va ijtimoiy ahamiyati o’rganildi;

- oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning yaxlit pedagogik andozasi yaratildi;

- oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning samarali shakl, metod va vositalari aniqlandi;

- oila yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning samaradorlik darajasini oshirishga xizmat qiluvchi ilmiy-nazariy xulosa va tavsiyalar ishlab chiqildi.



Tadqiqotning nazariy ahamiyati quyidagi omillar bilan belgilanadi:

- oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning ijtimoiy roli va pedagogik ahamiyati, shuningdek o’zgalarga hurmat bilan qarash, o’zgalar huquqlarini tan olish, ziddiyatlardan chiqib ketish, ziddiyatlarga kirmaslik, o’zgalarni eshita olish mazmuni nazariy asoslandi.

- oila hamda bolalar muassasalari, umumiy ta’lim maktablari faoliyati pedagogik tajribasi asosida yoshlarning tolerantlik tafakkuriga tayyorligi masalalari nazariy o’rganildi va xulosalandi.

- oila hamda bolalar muassasalari, umumiy ta’lim maktablari faoliyatida tolerantlik tafakkurini yaxlit pedagogik andoza asosida maqsadli shakllantirish maqsadga muvofiq ekanligi asoslandi.



Tadqiqotning amaliy axamiyati: bildirilgan tavsiyalar va qarashlardan “Pedagogika”, “Psixologiya”, shuningdek “Milliy istiqlol g’oyasi”, “O’zbekiston tarixi”, “O’zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti”, “Ma’naviyat asoslari”, “Falsafa (etika, estetika va mantiq)”, “Sosiologiya”, “Madaniyatshunoslik” kabi ijtimoiy-gumanitar fanlar mazmunini takomillashtirishda, jumladan bolalar muassasalari ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini tashkillashtirishda foydalanish mumkin.

Tadqiqotning tuzilishi va hajmi: kirish, 2 bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati hamda ilovalardan iborat bo’lib, hajmi betni tashkil qiladi.

I.BOB. OILADA YoShLARDA TOLERANTLIK TAFAKKURINI ShAKLLANTIRIShNING ILMIY-NAZARIY ASOSLARI


    1. Oilada yoshlarning tolerantlik tafakkurini shakllantirish – komil insonni tarbiyalashning muhim yo’nalishi

O’zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ta’lim tizimidagi tub islohotlar o’z mazmun-mohiyatiga ko’ra har tomonlama kamol topgan shaxslarni shakllantirishga qaratildi. Ma’naviyati boy, intellektual salohiyati yetuk, axloqan barkamol, jismoniy baquvvat yosh avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish zaruriyati jamiyat rivoji, uning istiqbol takomili, asosan demokratik, fuqarolik jamiyati va dunyoviy davlat barpo etish, barqaror iqtisodiy o’sish va rivojlanishni ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqdi.

Milliy davlatchilik asoslarining belgilanishi yangi insonga bo’lgan talabni vujudga keltirdi. Bu esa o’z o’rnida ta’lim tizimidagi o’zgarishlar va islohotlarning mazmunini belgilab berdi. Shu bois ta’lim sohasida, oiladan boshlab, ta’limning barcha bosqich va yo’nalishlarida davr talablariga javob bera oladigan komil shaxslarni shakllantirish faoliyati boshlandi. Ta’lim tizimidagi islohotlar davlat ahamiyatiga molik ustuvor dasturiy vazifa qilib belgilandi hamda mamlakatdagi barcha aholi qatlamlarini o’z maqsadlari atrofida mujassamlashtirdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning jamiyat istiqbol rivojiga oid qarashlarida oilaviy qadriyatlar va barkamol avlodni jamiyat hayotiga tayyorlash davlat ahamiyatiga molik vazifalardan ekanligi alohida ta’kidlanadi: “Bola tug’ilgan kunidan boshlab oila muhitida yashaydi. Oilaga xos an’analar, qadriyatlar, urf-odatlar bola zuvalasini shakllantiradi. Eng muhimi, farzandlar oilaviy hayot orqali jamiyat talablarini anglaydi, his etadi.”3 Jamiyat rivoji, o’sib kelayotgan avlod, oila va inson ma’naviyatiga oid mamlakat rahbari tomonidan mustaqillik yillarida shakllantirilgan ijtimoiy-siyosiy va falsafiy g’oyalar oila va oilaviy tarbiya masalalarida ilmiy-pedagogik qarashlarning mazmunini boyitdi.

Prezident I.A. Karimov ta’biri bilan aytganda, «... yoshlarimizning iymon-e’tiqodini mustahkamlash, irodasini baquvvat qilish, ularni o’z mustaqil fikriga ega bo’lgan barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning tafakkurida o’zligini unutmaslik, ota-bobolarning muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish fazilatini qaror toptirish, ularning, men o’zbek farzandiman, deb, g’urur va iftihor bilan yashashiga erishishdir.... Farzandlarimiz yuragida ona zaminga, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sog’lom munosabatni qaror toptirishimiz, ta’bir joiz bo’lsa, ularning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishimiz zarur».4

Har bir shaxs dastlab oila muhitida ilk tarbiya va ta’lim jarayonini boshidan o’tkazadi. Shaxs oilada shakllanadi. Oila an’analari va qadriyatlari shaxsning ijtimoiy dunyoqarashining shakllanishi uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, oilaning ijtimoiy funksionalligiga bo’lgan zamonaviy talab ortib boradi. Bugungi kunda oila - ijtimoiy faol shaxs shakllanishi uchun mutanosib pedagogik poligon vazifasini o’tamoqda. Tolerantlik tafakkuri ham ilk bor oilada shakllantiriladi, ona suti bilan go’dak tafakkuriga singdiriladi.

O’zbekistonda tolerantlik bilan aloqador bo’lgan hamda uning zamonaviy mazmuniga kiritilgan o’nlab inson fazilatlari qadimdanoq tarannum etilgan. O’zbek oilasida milliy qadriyatlar tarkibida tolerantlik o’zining ma’lum bosqichini o’tagan bo’lib, inson va komil inson tushunchasi bag’rikenglik, muloyimlik, ziddiyatlarsiz hayot kechirish, kechirimli bo’lish kabi xislatlarni ardoqlash va farzandlar xarakterida tarbiyalashga yo’naltirilgan. Shu bois ham, O’zbekistonda tolerantlik tafakkurini oilada shakllantirish jarayoni o’zining tarixiy-ijtimoiy hodisa ekanligini namoyon qiladi hamda o’z ildizlari bilan qadimgi davr va islom madaniyati davrlariga borib taqaladi (rasm 1).

Ta’lim tizimidagi tub islohotlar jarayonida pedagogik tadqiqotlar mazmuni milliy o’zlikni anglash, ta’lim jarayonini demokratlashtirish, uni xalqchillashtirish va liberallashtirish yo’nalishlarida qayta qurildi. Shu o’rinda o’zbek oilasi va uning tarixiy shakllangan pedagogik mazmuni masalalari ham qayta anglandi hamda oilaga nisbatan yangitdan shakllangan milliy munosabat ijtimoiy-siyosiy hamda ilmiy pedagogik adabiyotda o’z aksini topdi. Mustaqillik yillarida oila va uning ijtimoiy o’rnini ilmiy anglash yangi bosqichga ko’tarildi (M.Inomova, O.Musurmonova, Safo Ochil, S.Olim, A.K.Munavvarov, M.Imomnazarov, G’.B.Shoumarov, Sh.B.Shoumarov, G.I.Mahmudova, X.Shayxova, Q.Nazarov, E.Yusupov, S.Nishonova, S.Fayzullina O.To’rayeva, T.Qurbonov, Z.Baybekova, M.Xolmatova, N.M.Muravyeva, G.R.Akramova).

Mustaqillik yillarida diniy e’tiqod, dinlar tarixi, dinning jamiyat taraqqiyoti va inson dunyoqarashidagi o’rni masalalari ham qayta baholandi. Mana shu jarayonda ham tolerantlik masalalari alohida mavqye va ahamiyatga ega bo’ldi. Tolerantlik, diniy bag’rikenglik, madaniyatlar rang barangligini anglashda ta’lim tizimining turli bosqichlari o’quv dasturlariga kiritilgan dinlar tarixi, dinshunoslik, madaniyatshunoslik, islom dini asoslari, dunyoviy davlat va din, din va jamiyat munosabati borasidagi yangi darslar va o’quv soatlari tolerantlik g’oyalarining bugungi avlodlar tafakkuriga singdirishda juda katta ahamiyat kasb etdi Bugungi davr va jamiyatlar taraqqiyoti, ayniqsa jamiyat ma’naviy-ruhiy qiyofasi bilan aloqador bo’lgan murakkab ijtimoiy, siyosiy, moliyaviy, iqtisodiy muammolar yoshlar tafakkuriga qaratilgan turli tahdidlarning ortib borayotganligini ko’rsatadi. Bu esa tolerantlikni shakllantirish masalasini dolzarb masalaga aylantiradi. Chunki tolerantlik turli tahdidlarning yoshlar ongini saqlash quroli va usuli sifatida qo’llaniladi. Demak, ta’lim tizimining turli bosqichlarida tolerantlik tafakkurini shakllantirishning pedagogik asoslari masalasini ilmiy tadqiq etish yangi jamiyat barpo etishning muhim xususiyati bo’lib xizmat qiladi.

D.Bo’ronovaning ta’kidlashicha, “tolerantlik faqatgina axloq talabi bo’lmasdan, balki huquqiy va siyosiy qadriyatdir. Tolerantlik – dunyoda tinchlikni ta’minlashning yo’li bo’lib, urush tafakkurini tinchlik tafakkuri bilan almashtirish mezoni hisoblanadi. Tolerantlik tafakkuri insonni mafkuraviy jihatdan sog’lom o’stirishga qaratilgan axloqiy tamoyillar tizimidan iborat bo’lib, bugungi kunda tolerantlik dunyo miqyosidagi sivilizasiyalar muloqotini ta’minlab beruvchi asosdir”.5

Shuningdek, D.Bo’ronovaning fikriga ko’ra, O’zbekiston Respublikasidagi yoshlar siyosatiga asoslangan sayi-harakatlar tizimi davlat va shaxs, davlat va fuqarolik jamiyati, davlat va oila ustuvorligi, oila himoyasi, davlat va milliy havfsizlik, davlat va mafkura, davlat va ta’lim-tarbiya, davlat va aholi salomatligi, davlat va xotin-qizlar, davlat va yoshlar kabi o’zaro aloqador va mutanosib ijtimoiy-siyosiy voqyeliklarning izchil, hamnafas va bir-birini to’ldirgan obyektivligidan iboratdir. 6

Ma’lumki, tolerantlik tafakkuri qadimdanoq o’zbek xalqining ta’lim va tarbiya milliy konsepsiyasining eng muhim insoniy qadriyatlar tizimiga kiritilgan bo’lib, tolerantlik odamlarning o’zaro tinchlik va osoyishtalik asosida muloqot qilishi, ularni o’zaro bir-biriga moslashish asosida yashashi, odamlarning hamjihat bo’lishi zarurligi, hurmat, muloyimlik, e’tiborlilik, shirin so’zlik, ochiqlik kabi xususiyatlar asosida rivojlantirilgan. Ammo bugungi XXI asrdagi butun dunyo bo’yicha globalizasiya sharoiti, moliyaviy inqirozlarning insonlararo ziddiyatlarni keskinlashtirib yuborishi, iqtisodiy, ma’naviy, madaniy munosabatlarining umumlashishi, davlatlardagi insonlar va mafkuralararo, qarashlar va e’tiqodlararo, fikrlar va dunyoqarashlararo ziddiyatlarning ortishi tolerantlik oilalarda bolalar tafakkurida shakllantirish vazifasini ko’ndalang qo’yadi (Z.Qodirova, G.R.Akramova, G.Qo’shoqova).

Dunyo miqyosida ham tolerantlik XXI asrning umumbashariy g’oyalaridan biri sifatida talqin qilinmoqda. YuNESKO tashkilotining 28 - Sessiyasida (16 noyabr, 1995, Parij) mazkur anjumanda ishtirok etgan 185 ta davlat ishtirokchilari va mas’ullari “Tolerantlik tamoyillari Deklarasiya”7sini imzoladilar. Shuningdek, BMT tomonidan 2003 yil dunyo miqyosida xalqaro tolerantlik yili deb e’lon qilindi. 16 noyabr esa xalqaro tolerantlik kuni sifatida e’lon qilinib, butun jahonda nishonlana boshlandi. Tolerantlik mavzusiga bag’ishlangan turli xalqaro konferensiyalarni o’tkazish an’anaga aylandi. “Tolerantlik tamoyillari Deklarasiya”sining birinchi moddasi 1.2. ruknida ta’kidlanishicha, tolerantlik - boshqalar oldida o’zini pastga urish, o’z maqsadlaridan chekinish, yoki yonga bosish emas. Tolerantlik, eng avvalo, insonning bosh universal huquqlari va ozodliklarini tan olishga qaratilgan faol munosabatdir.

Tolerantlik masalasining pedagogik jihatlarini o’rganish yo’nalishida oz bo’lsa ham, ammo ushbu o’ziga xos va har tomonlama ko’p qirrali muammoning mazmunini ochib berishga xizmat qilgan bir necha maxsus tadqiqotlar ham olib borildi Bizning fikrimizga ko’ra ham, tolerantlik o’zida bir necha milliy va umumbashariy axloqiy normalar va estetik qadriyatlarni, shuningdek ijtimoiy dolzarb tushunchalarni mujassam etadi. Shu bois, tolerantlikni ko’p qirrali ijtimoiy-psixologik kategoriya sifatida talqin qilinadi. Demak, pedagogika uchun, bir tomondan, tolerantlik tushunchasining umumiy miqyosdagi zamonaviy mazmunini belgilash muhim bo’lsa, ikkinchi tomondan, har bir ta’lim bosqichi uchun qaysi xususiyatlar va qay darajada shakllantirilishi lozim degan vazifa muhim ahamiyat kasb etadi. Yosh differensiyasini qilmasdan turib, tolerantlikning barcha xususiyatlarini to’laqonli shakllantirib bo’lmaydi.

Ammo oilada tolerantlik tafakkurini shakllantirishning o’ziga xos tomonlari mavjud. Ular, bir tomondan, oiladagi ta’lim va tarbiya jarayonining o’ziga xos shart va sharoitlari bilan belgilansa, ikkinchi tomondan, ta’lim beruvchi shaxsning, ya’ni pedagogning spesifik xususiyati, ya’ni uning ota-ona, bobo va buvilar, yaqinlar, qarindoshlar, aka-ukalar bilan belgilanishi, ularninig barchasi - ham ta’lim beruvchi, ham ta’lim oluvchi sifatida o’zini namoyon qilishi bilan, uchinchidan esa, ota-onalarning o’zini bugungi kunda tolerantlikning pedagogik mazmuni bilan tanishtirish lozimligi bilan belgilanadi. Demak, oilada tolerantlik tafakkurini shakllantirish ta’lim muassasalarida, xususan umumiy ta’lim maktablari, akademik lisey, kollej va oliy ta’lim muassasalarida tolerantlik tafakkurini shakllantirishdan butunlay farq qiladi.

Shuning bilan birga, bizning pedagogik ilmimizda hozirgacha boshlang’ich sinf o’quvchilarida tolerantlik tafakkurini shakllantirish masalasi hamda talaba yoshlarda tolerantlikni shakllantirish muammosi ilmiy o’rganilgan xolos. Demak, istiqbolda tolerantlikning turli pedagogik xususiyatlari o’rganish uchun tadqiqot maydoni juda keng.

Shuningdek, tolerantlikni an’anaviy tushunish bilan, uni zamonaviy talqin etishda juda katta ilmiy va informasion farq mavjud. Agar oilalarda tolerantlik ko’proq an’anaviy xususiyatlar va axloqiy normalarning shakllantirilishiga asoslansa, bugungi davr talabi mana shu an’anani takomillashtirib, tolerantlikning zamonaviy mazmuniga doir bilim va malakalarni ham oila tarkibiga olib kirishni dolzarb vazifaga aylantiradi.

Bizning fikrimizcha, oila muntazam tarzda o’zgarib, takomillashib boruvchi hayotiy organizm hisoblanadi. Oila na faqat iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar ta’sirida, shu bilan birga o’z ichki rivojlanish qonuniyatlari asosida ham o’zgarib boradi. Shu bois, bugungi kunda, o’zbek oilalarida an’naviy bo’lgan farzand ko’rish, uni tarbiyalash, kundalik muammolarni hal etish, oila ravnaqini ta’minlash kabi funksiyalar bilan bir qatorda, oila - mustahkam “ma’naviy va mafkuraviy qo’rg’on”, inson o’z aslini psixologik jihatdan ko’rsata oluvchi makon, insonning o’zligini topish jarayoni, murakkab dunyo muammolari ichidagi tinchlik va osudalik qirg’og’i sifatida ham amal qilmoqda. Dunyo murakkablik sari yuz tutayotgan bir davrda, oila – insonni turli ziddiyatlardan asrab qoluvchi va uning istiqbolini ta’minlovchi ijtimoiy institut sifatida o’zini namoyon qilmoqda.

Shu bois, bizning fikrimizga ko’ra, tinchlik, o’zaro hamjihatlik, hamkorlik, o’zgalarni anglash, birodarlik xususiyatlarini o’zida mujassam etgan tolerantlik tafakkurini doimiy ravishda oila a’zolari o’rtasida targ’ib va tashviq etish lozim. Tolerantlik murakkab dunyo voqyeligi ichida oilani ziddiyatlardan asraguvchi qonunlar majmuasi sifatida ham rol o’ynaydi. Bizning chuqur e’tiqodimizga ko’ra, bugungi kunda tolerantlikni milliy pedagogik va umumiy pedagogikada mavjud bo’lgan avtoritar metodika asosida, ya’ni “o’qituvchi ustunligi”, “o’quvchi passivligi” asosida shakllantirib bo’lmaydi. Tolerantlik tafakkurini shakllantirishning barcha bosqichlarida pedagog rolini o’ynayotgan va bajarayotgan insondan ta’lim jarayonini maqsadli ravishda demokratlashtirish va liberallashtirish usullari va metodikasi yaxshi egallab olish talab etiladi.

Xulosa qilib aytganda, tolerantlik tafakkurini oilada o’smir yoshli bolalar tafakkurida shakllantirish vazifasi pedagogik ilmlar tasnifida turgan dolzarb masalalardan bo’lib, uning ijobiy yechimi yoshlarni dunyoviy ilmlar asosida zamonaviy ziddiyatli va tezkor rivojlanayotgan postindustrial jamiyatda yashashga tayyorlash va tarbiyalashning muhim talablaridan biridir.





Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2019
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə