Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlariga asoslangan milliy iqtisodiyot barpo etildi



Yüklə 4,75 Mb.
səhifə1/234
tarix31.12.2021
ölçüsü4,75 Mb.
#82376
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   234
Узбекистон иктисодиёти lat


KIRISh
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlariga asoslangan milliy iqtisodiyot barpo etildi. O‘tish davri va global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz qiyinchiliklariga qaramasdan mamlakatimiz iqtisodiyoti jahon mamlakatlari orasida yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakat aholisi 1,5 marta o‘sgani holda iqtisodiyot 5 martadan ziyod, aholi jon boshiga daromadlar 9 barobar oshdi. Yurtimizning qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar dasturi strategiyasi qabul qilindi1.

O‘zbekiston iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotining «o‘zbek modeli» sifatida bugungi dunyoda tan olingan alohida, o‘ziga xos yo‘nalishning qaror topishi, mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish shart-sharoitlari, imkoniyatlari, omillari va istiqbollari, globallashuv jarayonida jahon iqtisodiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati, umuman, hayotning o‘zi maxsus darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratish zaruratini kun tartibiga qo‘ydi. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, mustaqillikning dastlabki yillaridayoq Toshkent davlat sharqshunoslik institutida «O‘zbekiston iqtisodiyoti» o‘quv kursi joriy qilingan edi. Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiyasi bilan iqtisodiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida ham ushbu kurs o‘qitiladigan bo‘ldi. Bu fan bo‘yicha Respublika talabalar olimpiadasi ham har yili muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Shu munosabat bilan 2006-yilda mualliflarning «O‘zbekiston iqtisodiyoti asoslari» o‘quv qo‘llanmasi chop etildi. Ammo hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Mamlakat iqtisodiyotida ham jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.

Fikrimizcha, iqtisodiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurti bitiruvchilari, ayniqsa, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik bo‘yicha tayyorlanadigan mutaxassislar iqtisodiyotning nazariy asoslarini puxta o‘rganishlari bilan birga, ularni amaliyotga qo‘llay bilishi, milliy iqtisodiyotning rivojlanish shart-sharoitlari, imkoniyatlari, omillari va mexanizmlarini, shu bilan birga, uning zamonaviy muammolarini tez ilg‘ab olishi va tahlil eta bilishi lozim. Ana shu maqsadlarga erishish vazifasi mualliflarga yangi darslikning mazmun-mundarijasini belgilab berdi.

Darslik kitobxonlarning keng ommasini, birinchi navbatda, talabalar, mutaxassislar, umuman, milliy iqtisodiyot ilmi bilan qiziquvchilarni «o‘zbek modeli»ning mohiyati, iqtisodiyotdagi asosiy proporsiyalar, mulk munosabatlari, raqobat va monopoliya, davlat va xususiy sektor hamkorligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, korporatsiyalar, iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilganligi, aholi turmush darajasi va sifati, mamlakatimiz iqtisodiyotining tarmoq va hududiy tarkibi va rivojlanishi bilan yaqindan, batafsilroq tanishtirishni ko‘zlagan. Unda O‘zbekistonning mehnat, tabiiy, ishlab chiqarish, ilmiy-texnika va innovatsiya resurslari, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, investitsiya, eksport salohiyati, xizmat ko‘rsatish, moliya va kredit, bank sohalarini, ulardagi mavjud muammolarni ochib berishga harakat qilingan.

Darslikda milliy davlatning iqtisodiy rolini, davlat va bozorning iqtisodiyotni tartibga solish mexanizmlarini, bozor islohotlari sharoitida institutsional o‘zgarishlarni yoritishga alohida e’tibor qaratilgan.

Har bir mavzuni yoritishda nazariy bilimlar va jahon tajribasini O‘zbekiston iqtisodiyoti amaliyoti bilan bog‘lashga, uning mazmuniga milliy iqtisodiyot g‘oyasini singdirishga harakat qilindi. Shu maqsadda mustaqillik yillarida qabul qilingan iqtisodiyotga oid O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlaridan, hukumat qarorlari, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining yillik statistik to‘plamlaridan foydalanildi.

Darslikni yozish jarayonida mualliflar uning mazmunini mamlakatimizda amaldagi Davlat ta’lim standartlariga muvofiqlashtirishga harakat qilishdi.

Qo‘lingizdagi kitob O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha mamlakatimizda ilk darslik bo‘lganligi sababli ayrim kamchiliklardan ham xoli bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun mualliflar darslikning tuzilishi va mazmuni bo‘yicha bildiriladigan barcha xolisona mulohaza va takliflarni bajon-u dil qabul qiladilar va ularni kelgusi nashrlarda albatta e’tiborga oladilar.

Kitobning tuzilishi va mazmuni bo‘yicha o‘zlarining qimmatli fikr-mulohazalarini bildirgan i.f.d. professor R.Abdullayev, i.f.n. dotsent P.Hoshimov va i.f.n. dotsent A.Yusupovlarga o‘zimizning samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Kirish, 1-, 2-, 4-, 5-, 6-, 7-, 25-boblar iqtisod fanlari doktori, professor N.To‘xliyev, 9-, 10-, 11-, 12-, 13-, 14-, 15-, 20-, 24-boblar iqtisod fanlari nomzodi, dotsent N.Xolmatov, 3-, 8-, 16-, 17-, 18-, 19-, 21-, 22-boblar iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Sh.Ermamatov, 22-, 23-boblar iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Q.Haqberdiyev tomonidan yozildi.



Yüklə 4,75 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   234




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə