O‘zbekiston respublikasi



Yüklə 2,02 Mb.
səhifə1/42
tarix29.08.2018
ölçüsü2,02 Mb.
#65403
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   42

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MARKAZI

M. LAFASOV

JAHON TARIXI

(1918—2008)

Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun darslik

To‘ldirilgan va qayta ishlangan nashr

TOSHKENT

«TURON-IQBOL»

2010

Mas’ul muharrir:



E. Z. Nuriddinov — Nizomiy nomli TDPU «Xorijiy mamlakatlar tarixi»

kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori.

Taqrizchilar:

S. X. Nosirxo‘jayev — tarix fanlari doktori, professor.

E. X. Xoliqov — tarix fanlari doktori, professor.

A. Qirg‘izboyev — tarix fanlari doktori.

Sh. Ergashev — tarix fanlari nomzodi.

S. J. Suvonova — Mirobod akademik litseyi tarix fani o‘qituvchisi.

D. G. Jo‘raboyeva — Toshkent Islom universiteti qoshidagi akademik

litsey tarix fani o‘qituvchisi.

I. Muqumova — Toshkent bank kolleji tarix fani o‘qituvchisi.

© «Turon-Iqbol» nashriyoti, 2008.

© «Turon-Iqbol» nashriyoti, 2009.

© «Turon-Iqbol» nashriyoti, 2010.

ISBN 978-9943-14-082-0

Lafasov M.

Jahon tarixi: Akad. litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun darslik/

M. Lafasov; Mas’ul muharrir E. Z. Nuriddinov; O‘zbekiston Respublikasi Oliy

va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi. —

T.: «Turon-Iqbol», 2010. — 368 b.

O‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni qayta ko‘rib chiqish va

yangilarini yaratish bo‘yicha Respublika muvofiqlashtirish komissiyasi tarix fani

guruhi tomonidan nashrga tavsiya etilgan.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun uzluksizligi va uzviyligi

ta’minlangan «Jahon tarixi» o‘quv dasturi asosida yozilgan ushbu darslikda jahondagi

asosiy davlatlarning XX—XXI asr boshlaridagi tarixi, xalqaro munosabatlar,

fan, madaniyat tarixi yoritilgan.

63.3(0)


L25

ББК 63.3(0)ya722

3

Zamon talabi shuki, professorlar va o‘qituvchilar



o‘zlarida mavjud bilim va saviya bilan

cheklanib qolmasdan, xorijiy mamlakatlar

tajribasini qunt va sabot bilan o‘rganib, mag‘zini

chaqib, undan keyin o‘z talabalariga saboq

berishlari zarur.

Islom Karimov

KIRISH

Dunyo XX—XXI asr boshlarida



Aziz o‘quvchilar!

Siz o‘rta umumta’lim maktabini tugallab, endi akademik litsey yoki

kasb-hunar kolleji quchog‘iga keldingiz. O‘rta umumta’lim maktabida jahon

tarixining qadimgi davridan tortib, to 1918-yilgacha bo‘lgan davrni

o‘rgandingiz. Qo‘lingizdagi kitob esa siz o‘qigan tarixiy davrlarning bevosita

davomi bo‘lib, bugungi kungacha jahon mamlakatlarida yuz berayotgan

o‘zgarishlar bilan tanishtiradi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlarni, tarixiy

voqealarni chuqur idrok qilib, tafakkur tegirmonidan o‘tkazib, undan

mamlakatimizda yangi, qudratli demokratik jamiyat qurishda foydalanish

hamda uni milliy istiqlolga xizmat qildirish zarur.

Insoniyat tarixida XXI asr ham boshlandi. Bu asrda ro‘y berishi mumkin

bo‘lgan tarixiy jarayonlar, hodisalar va voqealar Sizning ko‘z o‘ngingizda

ro‘y berishi shubhasiz. Hamma gap ijtimoiy fanlar, shu jumladan, tarix fani

ham bu jarayon, hodisa va voqealarning sabablari va mohiyatini qanchalik

haqqoniy va tushunarli tarzda yoritib berishida.

XX asr tarixi bilan tanishish Sizga insoniyat bu asrni qanday boshlagan

edi, uni qanday tugalladi va yangi — XXI asrga, yangi ming yillikka dunyo

nima bilan kirib keldi, degan savollarga baholi qudrat javob beradi.

Dunyo XX asrga ikkinchi sanoat inqilobi boshlanishi bilan kirib keldi.

Bu asrda insoniyat ilm-fan va texnika taraqqiyotida ulkan yutuqlarga erishdi.

Ertaklardagi «uchar gilamlar» hayotiy reallikka aylandi. Inson bolasi dastlab

samolyotlarda, keyinchalik esa kosmik raketalarda fazoga parvoz qildi. Hatto,

uning oyog‘i Oyga ham yetdi.

XX asr boshlaridan davlatning jamiyatda tutgan o‘rnida tub o‘zgarishlar

yuz bera boshladi. Bu hodisa keyinchalik davlatning iqtisodga aralashuvi,

iqtisodda davlat sektorining vujudga keltirilishi, davlatning iqtisodiy

islohotlarga bosh bo‘lishi, fuqarolarning ijtimoiy himoyasi masalasiga chuqur

e’tibor berishi bilan izohlanadi. Bu hodisa mehnat bilan kapital o‘rtasidagi

qarama-qarshilikni yumshatishni, oxir-oqibatda ijtimoiy inqiloblarning oldini

olishni, keyinroq esa ularning butunlay keraksiz bo‘lib qolishini

ta’minladi. Insoniyatning ilg‘or qismi ijtimoiy inqiloblar mislsiz qon to‘kishlarga,

vayrongarchiliklarga olib kelishini tushunib yetdi.

4

Ular mehnat ahlining insoniy huquqlari uchun kurashda birinchi o‘ringa



ijtimoiy islohotlarni qo‘ydilar. Sanoatlashgan davlatlar bu borada juda katta

muvaffaqiyatlarga erishdi.

XX asr tarixga inson huquqlari uchun kurash asri bo‘lib ham kirdi. Bu

o‘rinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1948-yilda qabul qilgan «Inson

huquqlari umumjahon deklaratsiyasi» katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Buning natijasi o‘laroq mustamlaka va yarim mustamlaka xalqlarga

mustaqillik berish masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qoldi.

To‘g‘ri, mustamlaka zulmidan xalos bo‘lish birgina hujjatning kuchi bilan

amalga oshgani yo‘q. Mustamlaka va yarim mustamlaka xalqlar ayni paytda

milliy-ozodlik kurashi ham olib bordilar. Oxir-oqibat ular o‘z ozodliklarini

qo‘lga kiritdilar. O‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bu asrda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Avstriya-Vengriya,

Usmonli Turklar, Portugaliya kabi davlatlar o‘z mustamlakalaridan ajraldilar,

shuningdek, mustamlakachi imperiya — sobiq Sovet davlati quladi. Natijada,

dunyo siyosiy xaritasida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Ko‘plab mustaqil

davlatlar tashkil topdi. XX asr oxiriga kelib mustamlakada yashayotgan

xalqlar deyarli qolmadi. Binobarin, XX asr mustamlakachi imperiyalarning

yemirilishi va qulashi asri bo‘lib ham tarixda o‘chmas iz qoldirdi.

Bugun dunyoda 200 dan ortiq yaqin davlat mavjud. Ularning ko‘pchiligida

respublika tuzumi mustahkam qaror topdi. To‘g‘ri, monarxiya davlatlari

ham mavjud. Biroq monarxlar avvalgidek cheklanmagan huquqlarini

yo‘qotgan. Ularning aksariyati real hokimiyatga ega emas. Monarxlari real

hokimiyatga ega bo‘lgan davlatlarda despotizm emas, ma’rifatli monarxiya

qaror topdi. XX asrda dunyo nisbatan adolatli va demokratik bo‘lib qoldi.

Dunyo aholisining turmush darajasi o‘sdi. Natijada, uning o‘rtacha umr

ko‘rish yoshi ortdi. Insonlar nisbatan erkin bo‘lib qoldilar.

Ayni paytda, XX asrda insoniyat uchun eng ko‘p darajada kulfat va

azob-uqubatlar keltirgan hodisalar ham ro‘y berdi. Ularning ichida eng

dahshatlisi birinchi va ikkinchi jahon urushlari edi. Bu urushlarda o‘nlab

million odamlar halok bo‘ldi. O‘nlab million odamlar esa mayib-majruh

bo‘lib qoldilar. Konsentratsion lagerlarda odamlar ustidan dahshatli tajribalar

o‘tkazildi, ular tiriklay yondirildi. Insoniyatga qarshi birinchi bor yadro

quroli ishlatildi. Bularning bari insonlarni urushga nisbatan nafrat bilan

qarashga o‘rgatdi. Ayni paytda dunyoda yangi jahon urushiga yo‘l qo‘ymaslik

maqsadida tinchliksevar kuchlarning qudratli harakati vujudga keldi. Buning

natijasi o‘laroq yangi jahon urushining oldi olindi. Yangi jahon urushining

ro‘y berish imkoni bor edimi? Ha, bor edi. Chunki ikkinchi jahon urushidan

keyin dunyo bir-biriga dushman bo‘lgan ikki qutbga bo‘lindi. Ularning

biriga sobiq Sovet davlati, ikkinchisiga Amerika Qo‘shma Shtatlari bosh

bo‘ldi. Natijada, xalqaro maydonda «sovuq urush» davri boshlandi.

Misli ko‘rilmagan darajada qurollanish poygasi avj oldi. Qator davlatlar

dahshatli, ommaviy qirg‘in qurollariga ega bo‘ldi. Shu tariqa ular insoniyat

5

sivilizatsiyasini bir necha bor yo‘q qilib tashlashga qodir bo‘lgan qurollar



zaxirasini yaratdilar. To‘g‘ri, 1991-yilda Sovet davlatining qulashi bilan

dunyoning bir-biriga dushman bo‘lgan ikki qutbga bo‘linishi barham topdi.

Biroq, afsuski, bu hodisa dunyoda tinchlikning mustahkam asoslari yaratilishiga

olib kelmadi.

Prezident Islom Karimov so‘zlari bilan aytganda, dunyo hamon mo‘rtligicha

qolmoqda, ayni paytda bu mo‘rtlikning sabablari quyidagilardir:

— bir qancha mamlakatlarda borayotgan keskin siyosiy kurashlar;

— milliy o‘zlikni anglashning faol jamlanganligi hamda millatlar va

ayrim elatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashiga intilayotganligi;

— etnik va millatlararo ziddiyatlar saqlanib qolayotganligi;

— siyosiy va diniy ekstremizmning turli shakllari kuchayib borayotganligi;

— dunyoning katta qismida iqtisodi zaif, aholisi qashshoq yashayotgan

mamlakatlar saqlanib qolayotganligi;

— mamlakatlar, xalqlar o‘rtasida, ayrim bir mamlakat ichida, shuningdek,

ijtimoiy guruhlar o‘rtasida iqtisodiy va ijtimoiy tabaqalanish kuchayib

borayotganligi.

Ayni paytda insoniyatni qator global muammolar — mintaqaviy

mojarolar, diniy ekstremizm va aqidaparastlik, xalqaro terrorchilik,

narkobiznes, ekologiyadagi tanglik, dunyoning turli burchaklarida hamon

davom etayotgan ocharchilik va to‘yib ovqat yemaslik, turli yuqumli

kasalliklarning tez tarqalishi va shu kabilar tashvishga solmoqda.

Insoniyat XXI asrda bu muammolarning hal etilishi zarurligini teran

anglab yetmoqda. Nufuzli xalqaro tashkilotlar va buyuk davlatlar bu

muammolarni hal etishda jahon hamjamiyatiga bosh bo‘lmoqlari bugungi

kunning talabidir.

Mustaqil O‘zbekiston davlati ham bu kabi muammolarni hal etishdek

umuminsoniy oliyjanob ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shish borasida

baholi qudrat harakat qilmoqda.

Darslikda ushbu voqealar, chunonchi, dunyo davlatlarining deyarli bir

asrlik tarixi izchil bayon etilgan. Darslik mualliflarning 2005 va 2006-yillarda

nashr etilgan, tajriba-sinov natijalari hamda amaliyotchi o‘qituvchilar fikrlari

bo‘yicha qayta ishlangan va to‘ldirilgan «Jahon tarixi» o‘quv qo‘llanmasi va

yangi takomillashtirilgan o‘quv dasturi asosida yaratildi. Har bir mamlakat

tarixida ibrat olsa arziydigan voqea-hodisalar ko‘p. Siz ularni chuqur o‘rganing,

mushohada qiling, erkin fikr yuritib, xulosa chiqaring. Umuminsoniy

qadriyatlardan, ibratli voqealardan, davlatlar taraqqiyotidan jonajon

O‘zbekistonimizning ravnaqi uchun foydalanishga harakat qiling. Har qanday

yaxshi voqea-hodisalardan milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasini mustahkamlashga

intiling. O‘z turmushingizni, millatimiz ravnaqini, Vatanimiz

qudratini, yurt tinchligini, xalqimiz farovonligini yanada yaxshilashga harakat

qiling. Zero, «ko‘p asrlik tariximiz shuni ko‘rsatadiki, inson dunyoqarashi

shakllanishida ma’rifatning, xususan, ijtimoiy fanlarning o‘rni beqiyos.

6

Bu jamiyatshunoslik bo‘ladimi, tarix, falsafa, siyosatshunoslik bo‘ladimi,



psixologiya yoki iqtisod bo‘ladimi — ularning barchasi odamning intellektual

kamolga erishuvida katta ta’sir kuchiga ega» (Islom Karimov).

Darslikni tayyorlashda tarix fanlari doktori, prof essor G. A. Hidoyatovning

shaxsan roziligi bilan uning materiallaridan foydalanildi.

Darslikning 34—35-paragraflari tarix fanlari nomzodi Hamza Kichkilov

bilan hamkorlikda, uning materiallari asosida yozilgan.

Darslik ba’zi kamchiliklardan xoli bo‘lmasligi tabiiy. Shu sababli darslik

haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan mutaxassislarga muallif minnatdorchilik

bildiradi. Fikr-mulohazalar quyidagi manzilga yuborilishi

mumkin:


100100, Toshkent shahri, 2-Chimboy ko‘chasi, 96-uy. O‘zbekiston Respublikasi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar

ta’limi markazi.

7

BIRINCHI BO‘LIM



DUNYO IKKI JAHON URUSHI ORALIG‘IDA

1-bob. G‘ARB MAMLAKATLARI

1—2-§. Xalqaro munosabatlar

Sizga 9-sinf darsligidan ma’lumki, Birinchi jahon

urushi 1918-yil 11-noyabrda Germaniyaning

Antantaga taslim bo‘lishi bilan tugadi. Shundan

so‘ng urush aybdori bo‘lgan German bloki davlatlari bilan yetkazilgan zararni

qoplash va shartnoma tuzish uchun tayyorgarlik boshlandi. Ko‘p asrlardan

beri urush g‘olibi bo‘lgan davlat yoki davlatlar guruhi bilan yengilgan davlat

yoki davlatlar o‘rtasida shartnoma imzolangan. G‘olib tomon yengilgan

tomonga o‘z xohish-istagini o‘tkaza olgan, albatta. Birinchi jahon urushi

ham bundan mustasno bo‘lmadi. G‘olib Antanta bilan mag‘lub To‘rtlar

ittifoqi o‘rtasida imzolanadigan tinchlik shartnomasining matnini tuzish uchun

Fransiya poytaxti Parij shahriga 27 davlat delegatsiyasi to‘plandi. Ular Versal

saroyida imzolangan tinchlik shartnomasini ishlab chiqish ustida bir yil

ishladilar. V. Vilsonning «14 moddasi» asosida Versal saroyida 5 ta davlat

(Germaniya, Avstriya, Vengriya, Bolgariya va Turkiya) bilan imzolanadigan

5 ta shartnoma matni tayyorlandi. Shu 5 ta shartnoma birgalikda «Versal

tizimi» deb ataldi.

Buyuk davlatlarning Osiyo va Tinch okean havzasidagi munosabatlarini

tartibga solish maqsadida 1921—1922-yillarda Vashington shahrida 9 ta davlat

ishtirokida konferensiya o‘tkazildi. Bu konferensiyada uchta shartnoma

imzolandi. Shu tariqa Versal — Vashington tizimi nomi tarixda qoldi.

Fransiya Bosh vaziri Jorj Klemanso tinchlik

shartnomasi shartlarini ishlab chiqish bo‘yicha

xalqaro konferensiyaning Parij shahrida o‘tkazilishini

qattiq turib himoya qildi, va nihoyat, u o‘z maqsadiga erishdi. Parij

konferensiyasi 1919-yilning 18-yanvar kuni o‘z ishini boshladi. Konferensiya

ochilishining aynan shu kunga belgilanganligi bejiz emas edi. 1870—

1871-yilgi Fransiya—Prussiya urushida g‘olib Prussiya bilan yengilgan

Fransiya o‘rtasidagi shartnoma aynan shu saroyda imzolangan va 18-yanvar

kuni shu saroyda Germaniya imperiya deb e’lon qilingan edi. G‘oliblar

Germaniyani tahqirlash uchun aynan shu kuni konferensiya ishini boshladilar.

Germaniyani tahqirlashdan Fransiya ayniqsa manfaatdor edi. Shuning

uchun ham konferensiyani kirish so‘zi bilan ochgan Fransiya Prezidenti

A. Puankare o‘z so‘zida, jumladan, bunday degan edi: «Adolatsizlik bilan

vujudga kelgan Germaniya imperiyasi o‘z hayotini baxtsizlikda tugatdi».

Versal — Vashington

tizimi nima?

Parij tinchlik

konferensiyasi

8

Tinchlik konferensiyasida 27 davlat vakillari qatnashgan bo‘lsa-da, amalda



barcha asosiy masalalar «katta uchlik» deb atalgan (AQSH, Buyuk Britaniya

va Fransiya) davlat rahbarlari tomonidan hal etildi. Ularning ichida Fransiya

Bosh vaziri Jorj Klemanso o‘zining jo‘shqin nutqlari bilan ajralib turar va

o‘ta qiziqqonligi tufayli «yo‘lbars» degan laqab olgan edi.

Konferensiyaga to‘rtlar ittifoqi davlatlari hamda Sovet Rossiyasi taklif

etilmadi.

Katta uchlik davlatlari garchand To‘rtlar ittifoqiga

qarshi urushda ittifoqchi bo‘lgan bo‘lsalar-da,

ularning har biri Parij konferensiyasi qarorlari

aynan o‘zlarining maqsadlariga mos kelishini istar

edilar.

Xususan, AQSH o‘zini dunyoning yetakchi davlati, Yevropa davlatlariga



bergan qarzi hamda Birinchi jahon urushining Antanta foydasiga hal bo‘lishiga

qo‘shgan hissasi, shuningdek, Vilson ilgari surgan tinchlik dasturi AQSHga

jahonni ma’naviy idora qilish huquqini beradi, deb hisoblar edi.

AQSH Buyuk Britaniya va Fransiya Yevropa siyosatini belgilovchi davlatlar

bo‘lib qolishini istamas, shuning uchun Germaniya butunlay kuchsizlantirilgan

holatga tushirib qo‘yilishiga qarshi edi.

Buyuk Britaniya Germaniyaning dengiz va iqtisodiy qudratini sindirganligini

o‘zining katta yutug‘i deb hisoblardi. Germaniyaning sobiq

mustamlakalarini o‘z imperiyasi tarkibiga qo‘shib olishga intilardi. Ayni

paytda Fransiyaning Germaniya hisobiga kuchayishini ham istamas edi.

Parij tinchlik konferensiyasi.

Chapdan o‘ngga: D. Lloyd-Jorj, V. Orlando, J. Klemanso, V. Vilson.

«Katta uchlik»

o‘rtasidagi

ziddiyatlar

9

Shuning uchun Fransiya Bosh vaziri J. Klemansoning Buyuk Britaniya



Bosh vaziri D. Lloyd-Jorjga: «G‘alabadan keyin darhol Britaniya bizning

dushmanimiz bo‘lib qoldi»,— deb ta’na qilganligi bejiz emas. Bunga javoban

Lloyd-Jorj Klemansoga qarab kulib turib: «Britaniyaning siyosati

shunday emasmi?» — deb javob qaytarganligini tarix unutgan emas. Lloyd-

Jorj Fransiya kuchayib ketishining hamda bolsheviklar solishi mumkin

bo‘lgan xavfning oldini olish maqsadida kuchli Germaniyaning saqlanib

qolishidan manfaatdor edi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya AQSHning jahon siyosatida tutgan

o‘rni, shuningdek, harbiy-dengiz qudrati tobora oshib borayotganligidan

tashvishda edi. Biroq bu jarayonning oldini olishga qodir emas edi. Chunki

AQSH Buyuk Britaniyani qarz beruvchi davlatdan qarzdor davlatga aylantirib

qo‘ygan edi. Buning ustiga iqtisodi tobora kuchsizlanib, moliyasi va savdosi

izdan chiqib bormoqda edi.

Fransiya katta uchlik ichida eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat edi. Chunki

urush harakatlari uning hududlarida olib borilgan edi. Ayni paytda u ham

qarz beruvchi davlatdan qarzdor davlatga aylanib qoldi. Bu ham yetmaganidek,

Sovet hukumati podsho Rossiyasining chet davlatlardan olgan qarzini

to‘lashdan bosh tortganligi Fransiya uchun qattiq zarba bo‘ldi. Chunki chor

Rossiyasi eng ko‘p qarzni Fransiyadan olgan edi.

Shuning uchun ham u barcha yo‘qolgan boyliklari o‘rnini Germaniya

hisobidan qoplashni istar edi. Bundan tashqari, Fransiya Germaniyaning

nihoyatda kuchsizlantirilishi tarafdori edi. Fransiya nafaqat Germaniya bir

vaqtlar undan tortib olgan hududlarini qaytarib olishni, ayni paytda

Germaniyaning Saar ko‘mir havzasi va Reyn daryosining so‘l sohilidagi

yerlarni ham qo‘shib olishni istar edi. Shuningdek, Fransiya Yevropaning

Ruminiya, Chexoslovakiya va Polsha kabi davlatlaridan kelgusida Germaniyaga

qarshi o‘ziga xos bir ittifoq tuzish niyatida ham edi. Ayni paytda

Fransiya hukmron doiralarining rejasiga ko‘ra, bu davlatlar Sovet Rossiyasiga

qarshi kurashda ham asqotishi lozim edi. «Katta uchlik» esa Sovet

Rossiyasiga qarshi kurash masalasida yagona fikrda edi.

1919-yilning 28-iyunida Versal saroyida yengilgan

Germaniya bilan g‘olib Antanta davlatlari

o‘rtasida shartnoma imzolandi.

Bu shartnoma tarixga Versal tinchlik shartnomasi

nomi bilan kirdi. Versal shartnomasi Germaniya va uning ittifoqchilarini

urushning aybdorlari deb e’lon qildi. Shartnomaga ko‘ra, Fransiya Elzas va

Lotaringiyani o‘ziga qaytarib oldi.

Germaniyaning Saar viloyati 15 yil muddatga Millatlar Ittifoqi

boshqaruviga berildi. 15 yildan so‘ng bu viloyat taqdiri plebitsey yordamida

hal etiladigan bo‘ldi. Uning ko‘mir havzasi shaxtalari Fransiyaning mulki

bo‘lib qoldi. Reyn daryosining chap sohilini 15 yil muddatga Antanta

okkupatsiya qildi. Reyndan sharqqa qarab 50 km hudud to‘la demilitari-

Versal tinchlik

shartnomasining

imzolanishi

10

zatsiyalashtirildi. Germaniya Polsha va Chexoslovakiyaning mustaqilligini



tan oldi. Bir paytlar Prussiya bosib olgan hududlar, Sharqiy Pomore Polshaga

berildi. Buning natijasida Polsha Boltiq dengiziga chiqish imkoniga ega

bo‘ldi. Eypen, Malmedi va Morelle okruglarida plebitsey o‘tkazildi, natijada

bu okruglar Belgiyaga o‘tdi. Klaypeda esa Litvaga o‘tkazildi. Shlezvigning

shimoliy qismi Daniyaga, Sileziyaning bir qismi Chexoslovakiyaga berildi.

Gdansk shahri esa Millatlar Ittifoqi boshqaruvidagi «erkin shahar» deb

tan olindi. Shu tariqa Germaniya 1914-yilning 1-avgustiga qadar bo‘lgan o‘z

hududining 1/8 qismini yo‘qotdi. Germaniya Avstriyaga bo‘lgan da’volaridan

voz kechishga majbur etildi.

Avstriyaning mustaqilligi Antanta davlatlari tomonidan kafolatlanadigan

bo‘ldi. Bundan tashqari, Germaniya dunyodagi barcha mustamlakalaridan

mahrum etildi va ular g‘oliblar o‘rtasida taqsimlandi. Chunonchi,

Germaniyaning Afrikadagi mustamlakalari Togo va Kamerun Buyuk Britaniya

va Fransiyaga o‘tdi. Shuningdek, Buyuk Britaniyaga Tanganika (Germaniya

Sharqiy Afrikasi); Belgiyaga Ruanda va Urundi; Janubiy Afrika Ittifoqiga —

Janubi-g‘arbiy Afrika (Namibiya); Yaponiyaga Tinch okeanidagi Marshall,

Marian va Karolina orollari, Xitoyning Szyaochjou viloyati, Shandun yarim

oroli berildi. Germaniyaga Antanta davlatlari foydasiga katta miqdorda reparatsiya

to‘lovi majburiyati yuklandi.

Komissiya reparatsiya miqdorini 1921-yilning 1-mayigacha belgilaydigan,

Germaniya esa ungacha Antantaga 20 mlrd markani oltin, mahsulotlar,

kemalar va qimmatbaho qog‘ozlar bilan to‘lashi zarur edi. Reparatsiya

muammosi 1921-yilning aprel — may oylarida London konferensiyasida hal

etildi. Unga ko‘ra, reparatsiya 132 mlrd oltin marka miqdorida belgilanadi.

Uning 52 foizi Fransiyaga; 22 foizi Buyuk Britaniyaga; 10 foizi Italiyaga; 8

foizi Belgiyaga; Gretsiya, Ruminiya va Yugoslaviyaga birgalikda 6,5 foizi;

0,75 foizi Yaponiyaga to‘lanishi kerak edi.

Bu ochiqcha talonchilik Antanta davlatlarining Versal shartnomasida

yozib qo‘ygan quyidagi fikrlari bilan oqlanar edi: «Germaniya va uning

ittifoqchilari tajovuzi tufayli ro‘y bergan urushda ittifoqchilar (Antantani

nazarda tutishayotir) va ularga qo‘shilgan davlatlar fuqarolariga yetkazilgan

talafot va zarar uchun butun mas’uliyatni Germaniya o‘z zimmasiga oladi».

Germaniya uchun bunday katta miqdorda reparatsiya to‘lash nihoyatda og‘ir

edi. Biroq uning rozi bo‘lishdan boshqa iloji yo‘q edi. Hayot Germaniya oldiga

ikki imkoniyatni ko‘ndalang qilib qo‘ydi: yo qo‘yilgan shartga rozi bo‘lib,

tinchlikka erishish, yoki yana urushga kirishib butunlay xonavayron bo‘lish.

Versal shartnomasi Germaniyada umumiy harbiy majburiyatni taqiqladi.

Ayni paytda Germaniya suv osti flotiga, katta harbiy kemalarga, harbiy

va dengiz aviatsiyasi va tank qo‘shinlariga ega bo‘lish huquqidan mahrum

etildi.


11

Shunday bo‘lsa-da, Germaniyaga 100 ming kishilik qo‘shinga ega bo‘lish

(bu qo‘shin faqat ko‘ngillilar asosidagina tashkil etilishi mumkin edi) huquqi

berildi. Vudro Vilsonning fikricha, bu qo‘shin Germaniyaga ichki tartibni

saqlash va bolshevizm xavfiga qarshi turish uchun zarur edi.

Millatlar Ittifoqi (Millatlar Ligasi ham deyishadi)

— bu, dunyo davlatlarining xalqaro tashkiloti

edi. Tashkilotning asosiy vazifasi — tinchlikni va

xalqaro xavfsizlikni ta’minlashdan iborat bo‘lishi kerak edi. Bunday tashkilotni

tuzish tashabbusi bilan AQSH Prezidenti V. Vilson chiqdi va bu uning 14

moddali tinchlik dasturida o‘z ifodasini topgan edi. Antantaning yetakchi

davlatlari (Buyuk Britaniya va Fransiya) bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.

1919-yilning 14-fevral kuni dunyoning 44 davlati tashkilotning Nizomi (4

ustavi)ni tasdiqladilar. Tashkilotning oliy organi Assambleya edi. Uning

ishida barcha a’zo davlatlar ishtirok etardi.

Assambleyalar oralig‘ida Ittifoqning ishiga Ittifoq Kengashi rahbarlik


Yüklə 2,02 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   42




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə