Qadimgi davr falsafasi



Yüklə 114,33 Kb.
səhifə1/3
tarix27.10.2017
ölçüsü114,33 Kb.
#6908
  1   2   3

QADIMGI DAVR FALSAFASI

Reja:

1. Qadimgi Hindiston falsafasi

2. Qadimgi Xitoy falsafasi

3. Uzoq Sharqning ilk davlatlarida falsafa

4. Markaziy Osiyoda diniy-falsafiy tasavvurlar

1. Qadimgi Hindiston falsafasi

Eramizdan oldingi birinchi ming yillik o‘rtalarida Hindistonda Vedalar mafkurasidan holi bo‘lgan va insonning jamiyatdagi o‘rni masalasiga yangicha yondashadigan ta'limot paydo bo‘ldi. Yangi maktablarning ko‘pchiligi ichidan jaynizm va buddaviylikgina umumhind ahamiyatiga ega bo‘ldi. Jaynistlar ta'limoti sa'naviyat (dualizm)ni e'lon qildi. Inson mohiyati ikki xil moddiy (adjiva) va ruhiy (jiva) bo‘lib, ularni bog‘lab turuvchi halqa nozik modda tariqasida tushuniladigan karma bo‘lib, ruhni qo‘pol modda bilan qo‘shilishiga imkon beradi. Jonsiz moddani karma iplari vositasida ruh bilan qo‘shilishi oqibatida yakka olingan shaxs kelib chiqadi, karma esa ruhni cheksiz qayta tug‘ilish va o‘zgarishlar silsilasida kuzatib, unga doimiy hamrohlik qilib boradi. Ruhni karma ta'siridan xalos bo‘lishi, ya'ni sansaraga faqat zohidlik va biror xayrli ish qilish yo‘li bilan erishish mumkin.

Eramizdan oldingi VI asrda Hindiston shimolida buddaviylik paydo bo‘ldiki, uning asoschisi Sidxarta Gautama (er.ol. 583-483 yy.) edi. Keyinchalik uni Budda deb atadilar.

Buddaviylik markazida to‘rt haqiqat yotadi. Ularga binoan insonning mavjudligi azob-uqubat bilan chambarchas bog‘liq. Tug‘ilish, kasallik, qarilik, o‘lim, ko‘ngilsiz narsalar bilan to‘qnashuv va yoqimli narsalardan judo bo‘lish, orzudagi narsaga erishib bo‘lmasligi – bularning hammasi jafo chekishga olib keladi. Azob-uqubatning sababi quvonch va ehtiroslar orqali o‘zgarishlarga, qayta tug‘ilishga olib boruvchi ishtiyoq (trshna)dir. Azob-uqubat sababini bartaraf qilish ana shu ishtiyoqqa barham berishda yotadi. Azob-uqubatga chek qo‘yishga olib boriladigan yo‘l, ya'ni xayrli sakkiz o‘lchovli yo‘l bo‘lib, to‘g‘ri hukm yuritish, to‘g‘ri qaror qabul qilish, to‘g‘ri so‘zlash, to‘g‘ri hayotiy yo‘l tutish, to‘g‘ri niyat va orzu, to‘g‘ri diqqat-e'tibor va to‘g‘ri razm solmoqlikda o‘z ifodasini topadi. Hissiy lazzat olishga bag‘ishlangan umr ham, tarki dunyochilik va o‘z-o‘zini qiynashga qaratilgan yo‘l ham rad etiladi.

Shunday qilib bu yo‘l uch omildan tashkil topadi – ma'rifat (pradjna), xulq-atvor (shila) va diqqat-e'tibor samadxi yoki razm solish. Bularning barchasiga nirvonada, ya'ni nurlangan holatdagi Budda kayfiyatida erishish mumkin. Buddaviylik markazida shunday tasavvur yotadiki, har bir odam Budda holatiga erishish imkoniyatiga ega. An'anaviy buddaviylik tajriba yo‘li bilan asoslashga imkon bermaydigan majhul va metafizik masalalardan uzoqlashadi. An'anaga ko‘ra, Budda dunyoning oxiri borligi yoki cheksizligi, hamda «Nurlangan shaxs» uchun o‘limdan keyingi hayotning imkoni borligi yoki yo‘qligi haqidagi masalalarni muhokama qilmagan. U bunday masalalar javobsiz bo‘lganligidan kishilarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadi, deb hisoblagan.

Shu bilan birga bir qatorda u o‘zining axloqiy falsafasi asoslarini yaratib, azob-uqubatning keng va chuqur sabablarini tahlil qilish bilan birga, uni bartaraf qilish vositalarini ham ko‘rsatib berdi. Ular jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:

- ashyolarning mavjudligi shartligini tan olish, ya'ni sababiyatning umumiy qonun ekanligini;

- u yoki bu shaxsning borligini uning oldingi hayotining oqibati sifatida, kelajakni esa bugungi mavjudlikning oqibati, deb qarovchi karma ta'limoti, ya'ni sababiyatning umumiy qonunining ifodasi yoki namoyon bo‘lishi;

- o‘zgaruvchanlik haqidagi ta'limot, ya'ni umumiy beqarorlik, ashyolar tabiatining o‘tkinchiligi haqidagi nazariya-barcha mavjud narsalar muayyan sharoitlarga ko‘ra paydo bo‘ladi, ularning yo‘qolishi bilan barham topadi, barcha narsaning ibtidosi va intihosi bor.

- o‘zgarmas mohiyat bo‘lgan mustaqil javharning o‘z-o‘zicha yashashini rad etish, ya'ni ruhning abadiyligini, insonning «Men»ini. Inson xuddi ikki g‘ildirakli arava o‘zining o‘qi va shotisi uchun majmua bo‘lganidek, moddiy jism (kaya) va nomoddiy ong (vidjnyana) ning turli tarkibiy qismlaridan tashkil topgan shartli majmuadir. Insonning mavjudligi ana shu majmuaga bog‘liq bo‘lib, qachonki, u bo‘linib ketsa, insonning hayoti barham topadi. Ruh yoki men ana shu majmuadan boshqa narsa emas, degan ma'noni anglatadi.

Shunday qilib buddaviylik falsafasining markaziy ta'limoti barcha mavjud narsalarning o‘zaro aloqada (pratitya) ekanligidadir, ya'ni barcha ashyolar u yoki bu holatlar ta'siri ostida paydo bo‘ladilar. Doimiy o‘zgarishlarga duchor bo‘lishi shart bo‘lgan voqyeylik muayyan zamon lahzalarida faqat tajriba orqaligina bilib olinadi va shuning uchun ham asosiy fikrni fahmlashga berilib ketmaydi.

Buddaviylik bu faqat axloqiy-falsafiy ta'limotgina emas, balki din hamdir. U eng qadimgi jahon miqyosidagi dindir. Ammo yakka xudolikka asoslangan boshqa dinlardan farqli o‘laroq, unda yagona Xudoga, ruhning abadiyligiga ishonish yo‘qdir, shuningdek, unda Xudo bilan odamlar o‘rtasida vositachilik qiluvchi cherkov ham yo‘qdir. Bular o‘rniga buddaviylik yo‘lidan borishga yordamlashuvchi e'tiqod quyganlar jamoasi bordir. Buddaviylik shuning uchun ham dindirki, unda najot topishga ishonch, ya'ni ko‘ngilga yorug‘lik kirituvchi – nirvonaga erishish imkoniyati mavjuddir. Biroq buddaviylik oqimlarining ko‘pchiligida e'tiqod, dastlabki shart hisoblanadi. Najot insonga o‘zining tirishqoqligi natijasida, avvalo meditatsiya (karaxtlik) holatida keladi. Haqiqatan, muayyan bosqichlarda, aholini ko‘proq jalb etish maqsadida, «keng yo‘l» deb atalgan osonroq yo‘l ham paydo bo‘ldi. Gautama donishmandlik o‘qituvchisidan Xudoga aylantirildi. Jannat haqidagi tushuncha paydo bo‘ldi. Buddaviylikning ko‘p xudolari jasadi qo‘yiladigan sog‘ana (panteon) o‘ziga Budda Shakyamuni (Gautama) dan tashqari yana mingta Buddalarni qamrab oldiki, ulardan eng mu'tabarlari Budda-Maytreya –kelajakdagi Budda bo‘lib, hozirgisini dunyo hukmdori sifatida almashtiradi va Budda Amitaba – jannatning afsonaviy sohibi va boshqalar to‘g‘risidagi tushuncha paydo bo‘ldi. Najot topish ularga sajda qilish va ular ismini yodga olish bilan bog‘liq ekanligi ta'kidlandi.

Eramizning boshidan boshlab buddaviylikning ikki asosiy yo‘nalishi – Xinayana (ikki g‘ildirakli kichik arava) va Mohayana (katta yoki keng ikki g‘ildirakli arava) shakllandi. Ikki g‘ildirakli arava yoki deganda shunday vosita tushuniladiki, ushbu an'anaga e'tiqod ko‘yganlarni maksadga, ya'ni nurlangan holatga olib boradi. Umuman bu ikkala yo‘nalish ham buddaviylik uchun umumiy bo‘lgan asosan intilishi lozim bo‘lgan orzu va maqsadni tushunishdadir. Xinayanada umuminsoniy emas, balki o‘zining muammolarini bartaraf etish yotadi, ya'ni o‘z shaxsining ko‘ngli nurlanishiga erishib, ozod inson maqomi bo‘lgan – Arxat darajasini qo‘lga kiritish nazarda tutiladi. Mohayanada asosiy maqsad Botxisattva orzusiga erishishdir. Botxisattva – «nurlangan borliq» ma'nosini anglatadi. Bu shunday zotdirki, oliy ruhiy uyg‘onishga ega bo‘lsa ham, o‘zining ketidan boshqalarni ergashtirish va barcha aqliy mavjudotlarni umumiy tarzda najot topishlari uchun ularga yordamlashish maqsadida abadiy tinchlik, ya'ni nirvonaga ketishga qaror qilmagandir. Mohayana an'analari Xitoy, Quriya va Yaponiyada yoyildi.

Eramizning boshiga kelib Hindistonning ma'naviy hayotida hinduviylik hal qiluvchi mavqyega ega bo‘ldi. U o‘ziga xos ravishda hodisalarni butun holda olib ularning tarkibiy qismlariga yagona va bir-biriga bog‘li, deb qarab tekshirgan din bo‘ldiki, unda faqat Vedalar davri Hindistonining ilohlari va braxman kohinlarining rasm-rusumlarigina emas, balki mahalliy ilohlarning bir qator marosimlari ham o‘zlashtirib olingan edi. Barcha ilohlar zumrasidan birinchi radifga Vishnu va Shiva olib chiqildi. Hinduviylikning eng mashhur asari axloqiy masalalarga bag‘ishlangan va shaklga shaxs sifatida kirgan xudoga sadoqatni e'lon qilgan «Bxadavadgita» («Ilohiy ashula») dir. Hinduviylikning falsafiy asosi o‘z ifodasini quyidagi olti tizimda topgan: Sankxya, Yoga, Vaysheshika, Nyaya, Mimansa, Vedanta.



Sankxya ta'lim beradiki, dunyoning birinchi moddiy sababi bo‘lgan –prakriti mavjuddir. His-tuyg‘u orqali qabul qilinadigan prakritining dunyoviy mavjudotlarga aylanganligi quyidagi uch sifatiy unsurlar ta'siri ostida ro‘y beradi: rajas (intilish), tamas (qorong‘ulik) va sattva (oydinlik). Har bir ashyoda, uning xususiyatiga ko‘ra, ushbu uch unsurlardan biri ustunlik qiladi. Go‘zallik, donishmandlik va haqiqatga moyilligi bor ashyolarda sattva ustunlik qilsa, tamas barcha bo‘sh, chegaralangan, noaniq narsalarda hal qiluvchi unsurdir. Rajas esa, barcha faol, g‘ayratli, tajovuzkor narsalarda ustunlikka ega. Prakriti bilan bir qatorda Sankxyada dunyoning moddiy asosidan mustaqil bo‘lgan purushi (mutlaq ruh) ning mavjudligi tan olinadi. Uni barcha ashyolarda ishtirok etishi va u tufayli mavjud bo‘lgan tirik jonzotlarda mavjudligiga qaramasdan, kuzatish va topish mumkin emas. Prakriti bilan purushining qo‘shilishi chog‘ida 25 tayanch negiz kelib chiqadiki, ular orasida moddiy (suv, tuproq va shunga o‘xshash) narsalar bilan bir qatorda ma'naviy (o‘z mohiyatini anglash, aql) narsalar ham mavjud bo‘ladi.

Yoga ruhiy tushunchalarni tadqiq qilish va amaliy ruhiy ta'limga urg‘u beradi; ko‘pincha ilgari mavjud bo‘lgan turli tizimlarning meditatsiya (karaxtlik) holati haqidagi qoidalardan kelib chiqadi.

Vaysheshika doimiy o‘zgarishlar, abadiy va davriy paydo bo‘lish va zavol topish jarayonlari mavjudligiga asoslanadi. Biroq, bu jarayonda turg‘un unsur bo‘lgan atom ham bor. Atomlar abadiy bo‘lib, zavol topmaydilar, ular hyech kim tomonidan yaratilgan emaslar. Atomlarning vaqtinchalik qo‘shilishlaridan bizning his-tuyg‘ularimizga yetib kelishi mumkin bo‘lgan jonli va jonsiz ashyolar paydo bo‘ladilar. Bunday holatda boshqachaga aylanish atomlarning doimiy ravishda bo‘linishi va qo‘shilishi natijasida kelib chiqadi. Ruh nomoddiy, abadiy va beintiho bo‘lib ikki shaklda mavjud bo‘ladi: mutlaq, mukammal va hamma joyda hozir va alohida. U hayotning cheksiz charxipalagida sarson-sargardonlikda yuradi.

Nyaya maktabi Vaysheshika bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, unda asosiy e'tibor mantiq va bilish nazariyasi masalalariga qaratiladi, jumladan, his-tuyg‘u ishonchli, haqiqiy bilim vositasi bo‘lib, xulosaga olib keladi. Xulosa esa qiyos vositasida chiqariladi.

Mimansa Vedalarga qaytishni e'lon qiladi. Bu ta'limotga binoan sansara yo‘lidan qutilishning yagona chorasi Vedalar nimadan ta'lim bergan bo‘lsa, o‘shalarni izchil bajarishdir. Mimansa Vedalar matnini oliy nufuzli narsa sifatida qabul qilibgina qolmay, balki ularda abadiy mavjud bo‘lib, mutlaqlikka daxldor bo‘lgan, sezib bo‘lmaydigan umumiy javharni ko‘radi.

Vedantaning falsafiy mazmuni uning o‘z nomida ifodalangan («Vedanta» aynan «Vedalar xotimasi» degan ma'noni anglatadi). Vedanta dunyo barcha narsalar undan kelib chiqadigan yagona voqyeylik bilan moddiy kuchlarning o‘zaro ta'sirining mahsulidir, deb biluvchi qoidani rad etadi. U braxmani tan olib, uni dunyoning mutlaq ruhiy mohiyati sifatida tushunadi.

Qadimgi Hindistonning moddiyuncha falsafiy maktablari orasida eng mashhuri lokayata («bu dunyoga yo‘nalish») ta'limotidir. Lokayatlar yoki chorvoqlar maktabining asoschisi qadimgi dunyo donishmand Brixaspatidir. Lokayatlar ta'limotiga ko‘ra, inson to‘rt moddiy unsur – tuproq, suv, olov va havodan tashkil topgandir. Ular bir-biri bilan qo‘shilib badan, his-tuyg‘u a'zolarini shakllantiradi va ular asosida ruhiy ibtido kelib chiqadi. Insonda uning o‘limidan keyin qoladigan hyech narsa yo‘qligi tufayli lokayata ta'limotidagilar voqyey hayotdan foydalanib qolish zaruriyati haqida gapiradilar. Ular hayot nima keltirsa, hammasini qabul kilishga chaqiradilar. Ular fikricha, shu narsani tushunib yetmoq kerakki, hayotning yoqimli tomonlari, yomon va azob-uqubatli jihatlariga muvozanatda bo‘lishi mumkin. Ammo bundan lokayatlarni bir tomonlama huzur-halovat va lazzatga intilgan ekanlarda, deb hisoblamaslik kerak. Lokayata muxlislari mantiqiy usullar yordamida an'anaviy ta'limotlarni shubha ostiga oldilar. Masalan, shunday savol qo‘yildi: nega o‘lgan odamlarning ruhi, tirik odamlarni yomon hatti-harakatlarining oqibatidan ogohlantirmaydi? Lokayata e'tiqodidagilar tabaqalarga bo‘linganlik (kasta) tizimini, kohinlarning urf-odatlarini va muqaddas kitoblarning nufuzini tanqid qildilar. Shu narsa ham ma'lumki, lokayata maktabiga mansub shaxslarning tabiatshunoslik fanlarini rivojlantirishda xizmatlari bor.


2. Qadimgi Xitoy falsafasi
Xitoy falsafasi o‘zining gullab-yashnagan vaqtiga «urushuvchi davlatlar» deb atalgan davrda erishdiki, uni Xitoy falsafasining «oltin davri» (er.av. VI-III asrlar) deb atadilar. Asosiy falsafiy yo‘nalishlar quyidlagilardan iborat edi: in-yan, konfutsiychilik, daosizm, ismlar maktabi, moizm, legizm.

Konfutsiychilik axloqiy qoidalar va ijtimoiy boshqaruv masalalariga diqqat-e'tiborni qaratdi. Konfutsiychilik uchun eng mukammal namuna o‘tmish edi. Konfutsiy (er.ol. 551-449 yy.) o‘zi haqida shunday degan edi: «Eskini bayon qilaman va yangini yaratmayman». U va uning izdoshlari jamiyatning parchalanib ketishidan bezovta bo‘lganliklari sababli asosiy e'tiborni insonni o‘z atrofdagilarga va jamiyatga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashga qaratdilar. Shaxs o‘zi uchun emas, balki jamiyat uchun shaxsdir. Konfutsiychilik axloqi insonni uning ijtimoiy vazifasi bilan bog‘liq ravishda tushunadi, ta'lim va tarbiyani esa, insonni ana shu vazifasini bajarishga olib keladigan narsa sifatida idrok qiladi.

Konfutsiychilik Sharq xalqlari ongida shunday axloqiy me'yorlarni shakllantirdiki, o‘zining omma ongiga ta'sir kuchi jihatidan uni Injildagi 10 diniy buyruq bilangina solishtirish mumkin. Bu avvalo besh muqimlik yoki besh fazilat - insonparvarlik, burchga sodiqlik, tavfiqlilik, aqlga muvofiqlik, haqiqatgo‘ylikdir. Shuningdek, konfutsiychilik besh aloqa qoidasini, ya'ni jamiyatdagi munosabatlar tizimini ham ishlab chiqdi - bular davlat bilan fuqarolar o‘rtasidagi, ota-onalar bilan bolalar, er va xotin, kattalar bilan kichiklar va do‘stlar o‘rtasidagi munosabatlardir. Xo‘jayinga sodiqlik va vafodorlik eng muhim va ustun sanalar edi. Konfutsiychilikning asosiy axloqiy-siyosiy qoidalari quyidagilardan iborat edi:



  • «xalqni shafqat bilan boshqarish va xalq ichiga xulq-atvor qoidalari yordamida tartibni joriy qilish»;

  • «osmon irodasidan qo‘rqish» va «o‘lganlar ruhini hurmat bilan yodga olish»;

  • «tug‘ma bilimlarga ega bo‘lganlar» (mukammal donishmandlar) va «o‘qish-o‘rganish natijasida bilimga ega bo‘lganlar» mavjudligini tan olish, ya'ni o‘qish-o‘rganish tufayli bilimlarni kasb etish imkoniyati borligi va ta'lim-tarbiyaning buyuk rolini qayd etish;

  • «Oltin o‘rtamiyonalik yo‘li», «ikki qarama-qarshi qirrani qo‘lda ushlab, ammo xalq uchun o‘rtachasidan foydalanish»1 qoidasini qo‘llash, ya'ni qarama-qarshiliklarni yumshatish va murosasozlik nazariyasiga rioya etish.

Konfutsiy tomonidan birinchi marta «oltin qoida» deb nom olgan va keyinchalik ko‘pchilik mutafakkirlar tomonidan qolipga solingan, - «o‘zingga ravo ko‘rmagan narsani, boshqa odamlarga ham ravo ko‘rma»2 qoidasi shakllantirildi. Konfutsiychilikning yana bir muhim jihati «ismlarni tuzatish» talabi ediki, unga binoan agar jamiyatda «hukmdor hukmdor bo‘lmasa, xizmatkor xizmatkorlik qilmasa, o‘g‘il o‘g‘illigini qilmasa», ya'ni shunday vaziyat vujudga kelsaki, u «besh aloqa» talab etgan ta'limot tashqarisiga chiqsa, voqyeylikni tuzatish, jumladan, kuch ishlatib bo‘lsa ham tartibni joriy etish zaruriyatini tan olish lozim. Shundagina jamiyatdagi tabaqalar o‘rtasidagi munosabatlarni qat'iy ravishda tiklash mumkin bo‘ladi.

Eramizdan oldingi 200- yil bilan eramizning 220 yiligacha bo‘lgan davrda konfutsiychilik din sifatida ham shakllandi. O‘zining mazmuniga ko‘ra konfutsiychilik diniy marosimi Qadimgi Xitoyda tashkil topgan oilaviy-urug‘chilik urf-odatlarini qonuniylashtirib, qadimgi qonun va ko‘rsatmalarga qat'iyan rioya etish talabi bilan chiqdi. Ulardan eng muhimi ajdodlarga sig‘inish edi. Konfutsiychilikning diniy e'tiqodiga ko‘ra, ajdodlar ruhini hurmatlash va o‘g‘illik ehtiromi («syao») insonning bosh majburiyatidir.

An'anaviy konfutsiychilikning asosiy tushunchalari quyidagilar: «Li» - urf-odat va marosimlarga rioya etish, udum; «Si» - axloqiy me'yorlarni amalga oshirish; «In»- ijobiy ibtido, «Yan» -salbiy ibtido, «Dao» -osmon, koinot yo‘li bo‘lib, muayyan tartib va qonunga binoan mavjud, uning ifodasi esa insonning xulq-atvori bo‘lishi lozim, «Chjen»- insonparvarlik, «I» - burch, «Sin» -samimiylik va ba'zi boshqalar.

Daosizmning diqqat markazida tabiat, koinot va inson turadi. Ammo bu ibtidolar mantiqiy - aqliy yo‘l bilan emas, balki mavjudlik tabiatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borish yordamida bilib olinadi. Dunyo hyech qanday sabablarsiz doimiy harakat va o‘zgarishda bo‘lib, rivojlanadi, yashaydi va sirtqi ta'sir natijasida emas, balki ichki sabab natijasida vujudga kelgan. Borliq haqidagi ta'limotda yo‘l tushunchasi – dao - markaziy maqomdadir. Daosizm aqidasiga ko‘ra, tafakkurning maqsadi, insonni tabiat bilan «qo‘shilib ketishi» dadir, negaki, u uning tarkibiy qismidir.

Ismlar maktabi voqyeylikni til ifodasi masalalari orqali hal qilishga yo‘naltirilgan edi. U ashyolar munosabati va shu munosabatlarning o‘zini tadqiq etdi, so‘ngra esa hukmlar va ismlarning bir-biriga muvofiq kelishligini tekshirdi.

Moistlar maktabi o‘z ismini uning asoschisi Mo-szi (er.ol. 479-431) nomidan olgan. Unda asosiy e'tibor ijtimoiy axloq muammolariga qaratilgan bo‘lib, uni amalga oshirish istibdodiy hokimiyat boshlig‘ining qat'iy tashkilotchiligi vositasida namoyon bo‘lishi bilan bog‘lanadi. Bu maktabda jismoniy mehnat uning tinglovchilarining tarbiyalashning asosiy vositasi hisoblangan. Moistlarning ta'limoti – Konfutsiy ta'limotining butunlay qarama-karshisidir. Uning butun ma'nosi umumiy muhabbat g‘oyalari, o‘zaro manfaat va muvaffaqiyat qozonmoqda ifodalanadi. Jamiyatdagi barcha odamlar uchun majburiyat sifatida umumiy o‘zaro insonparvarlik me'yori tavsiya etiladi, barcha kishilar bir-birlariga foyda keltirish haqida g‘amxo‘rlik qilishlari lozim. Nazariy tadqiqotlar-foydasiz ortiqcha hashamat; mehnat faoliyatida ko‘zda tutilgan amaliy maqsadga muvofiqlik - zaruriyatdir.

Va nihoyat, legizm – o‘z e'tiborini ijtimoiy-siyosiy masalalar, ijtimoiy nazariya va davlat boshqaruvi muammolariga qaratgan ta'limotdir.


3. Uzoq Sharqning ilk davlatlarida falsafa
Eramizdan oldingi I asrga kelib Quriya yarim orolida uch mustaqil davlat tashkil topdi: Koguryo (er.ol.37y. – eramizing 668y.), Silla (er.ol. 57y.- eramizning 668y.) va Pekche (er.ol. 18y.- er.660y.). Uch podsholik davrida, afsonaviy tasavvurlar bilan bir qatorda yorug‘lik va qorong‘ulik ibtidolari («yan» va «ыm») haqidagi ta'limot yanada rivojlantirildi. Besh birinchi unsurlar haqidagi ta'limot dunyoning borliq manzarasini ifodalovchi xususiyat kasb etdi. Besh unsurlarning har biriga makonda muayyan joy va rang muvofiq kelar edi. U tabiat va jamiyatda ro‘y berayotgan jarayonlar talqinini tushunish, afsonalar, ramzlar, matnlar va xabarlar mazmunini idrok etish uchun o‘ziga xos kalit vazifasini o‘tay boshladi.

Uch podsholik davrida diniy-falsafiy ta'limotlar tarqala boshladiki, keyinchalik Quriya yarim orolida hukmron mavqyega ega bo‘lgan buddaviylik va daosizm bilan birgalikda, bu yerda sal ilgariroq paydo bo‘lgan konfutsiychilik ham o‘ziing keyingi taraqqiyotini boshladi. Bu ta'limotlar quriyalilarning ilgari dunyo manzarasi haqidagi diniy-afsonaviy qarashlarini siqib chiqardigina emas, balki ulardan ko‘plarini o‘z bag‘riga oldi.

Quriya konfutsiychiligi animizm, shamanizm va an'anaviy e'tiqodlarning boshqa unsurlarini yetarli darajada ixcham o‘zlashtirdiki, ular konfutsiychilik ta'limotining asosiy bandlariga muvofiq kelar edi. Unda ajdodlar va ulug‘ kishilar ruhiga sig‘inish joy oldiki, ularga atab ibodatxonalar qurildi va qurbonliklar qilindi. Konfutsiychilik besh birinchi unsurlar haqidagi ta'limotni ham qabul qildi. Buni yaqqol ifodasini konfutsiychilik ta'limotidagi jamiyatdagi besh munosabatlar haqidagi aqidada (shoh va fuqaro o‘rtasidagi munosabat, ota-onalar bilan bolalar, er bilan xotin, katta va kichik yoshdagi aka-ukalar, do‘stlar orasidagi munosbaatda) va besh axloqiy sifat haqidagi ta'limotda (ezgulik, to‘g‘ri fikrlash, yaxshi xulq-atvor, bilim olishga intilish va halollik) ko‘rish mumkin.

Buddaviylik eramizning IV asrida Quriyaga rohiblar tomonidan Hindiston va Xitoydan olib kelindi. Tez orada buddaviylik davlat diniga aylandi. Buddaviylik Quriyada tarqala borgan sari o‘ziga xos xususiyatlar kasb eta boshladi. Uning ilk bosqichlarida tarki dunyochilik tomoni ajralib chiqa boshladi. Biroq tez orada Quriyada buddaviylikning shunday mazhablari paydo bo‘ldiki, ular ilk ta'limotdan farq qilar edilar. Masalan, shunday mazhablarning asoschilaridan biri bo‘lgan Von Xyo (617-687yy.) mast qiladigan ichimlikni iste'mol qilishni, qo‘shiq va raqslardan lazzatlanishni ayb hisoblamas edi, u hatto uylandi va bu bilan tarki dunyochilikka nisbatan muxolifatga kirdi. Uning uchun haqiqat va Mohayananing ma'nosi rohiblikda emas, balki «dunyo ruhi» ni kasb etishda edi. Agar odam ruhining o‘zi buzilgan bo‘lsa, barcha nazr va niyoz, o‘zini tiyish va ta'lim-tarbiya samarasizdir. Faylasuf ruhga amalan borliq maqomini beradi. Aynan ana shu ruh ashyolar tartibini belgilaydi. Unga hatto birinchi ibtido, barcha ashyolarning yo‘li va asosi bo‘lgan «dao» ham olib boradi.

VII asrning boshida Quriya yarim oroliga daosizm kirib keladi. Tez orada daosizmga buddaviylik va konfutsiychilikning zaruriy bo‘lgan ajralmas qo‘shimcha tarkibiy qismi sifatida qaray boshlaydilar. «Uch davlatning tarixiy xotiralar daftari» («Koguryo solnomasi») da qirol amaldorlaridan birining so‘zlari bilan daosizmning to‘g‘ilib kelayotgan ta'siriga munosabat ifodalangan: «… Uch diniy ta'limot (konfutsiychilik, buddaviylik va daosizm ) qozonning uchta oyog‘iga o‘xshaydi. Ulardan loaqal biri bo‘lmasa, yomon bo‘ladi»3.

V asrda buddaviylikning va VI - asrda konfutsiychilikning kirib kelishi munosabati bilan ularga qarama-qarshi o‘laroq, eski an'anaviy din «kamino-mixi» deb atala boshlandi, so‘zma-so‘z aytganda «kami yo‘li», ya'ni «mahalliy xudolar yo‘li, yoki xitoychasiga «shin-to»; keyinchalik esa bu yevropa tillariga «sinto» yoki sintoizm tarzida kirdi. Sintoizm VI - asrning o‘rtalarigacha, ya'ni buddaviylik davlat dini sifatida e'lon qilinguncha, davlat dini edi. Sintoistik tasavvurlarga ko‘ra, barcha mavjud narsalar xudolar tomonidan yaratilgan. Shu bilan birga yaratilish jarayoni xudolarning o‘zini yaralishi bilan bog‘langan. Dunyoning eng qadimgi holati tuman va qorong‘ilik bilan to‘lgan tubsiz chuqur tarzida ifodalangan. Keyinchalik osmonning yerdan ajralishi sodir bo‘lgan. Matnlarda «8 lak-lak» yoki 8 million xudolar, ya'ni ruhlar haqida gap boradi. Sintoistik xudolar jamoasining markaziy shaxsi ayol xudo Amaterasu bo‘lib, quyoshning ramzi sifatida qabul qilinadi.

Yapon imperatorlari sulolasining asoschisi afsonaviy imperator Dzimmu hisoblanib, u ayol xudo Amaterasuning nevarasi edi. Ana shu yerdan sintoizmning asosiy o‘zagi bo‘lgan imperatorlik hokimiyatining ilohiy kelib chiqishi to‘g‘risidagi aqida boshlanadi va har bir yaponiyalik imperatorning muqaddas irodasi (mikado, tenno)4 ga bo‘sunishga majbur. Imperator saroyi va o‘lgan tennolarning maqbarasi muqaddas joylar hisoblanadi. Sintoizmda o‘lganlarning oilaviy urug‘chilik diniy marosimlari katta o‘rin tutadi. Har bir vafot etgan shaxs kamiga aylanadi va urug‘ boshlig‘i har kuni ibodat qilib, qurbonliklar keltiradi. Sintoizmda tabiat kuchlarini ilohiylashtirish va animizm saqlangan. Muqaddas joylar, ayniqsa tog‘lrga sig‘inish rasm bo‘lganki, ular ichida Fudziyama tog‘i birinchi o‘rinda turadi. Sintoistik ibodat duo qilish ifodasi bo‘lgan – «norito» ni o‘qishga va qurbonlik (gurunch, sabzavotlar, baliq) qilishga olib keladi. Ammo sintoizmda shamanlik unsurlari ham bor. Kohinlar dinga e'tiqod quyuvchilarni xudolar bilan aloqa boglashlariga imkon berish uchun asablarini qo‘zitib yuboradilar.

Garchi sintoizmda uning asoschisi yoki payg‘ambari, biror-bir diniy aqida imon sifatida va diniy axloq mavjud bo‘lmasa ham, avlodlardan avlodlarga muqaddas yozuv o‘rnini qoplaydigan xudolar davri haqidagi solnoma naql qilinadi. Shuningdek, sintoning alohida xususiyati shundaki, u narigi dunyo bilan kam qiziqadi va to‘laligicha bu dunyo hayotiga murojaat etadi. Unda yaponlar hayot tarzining tarkibiy unsuri sifatida xulq-atvor, urf-odatlar, har xil narsalarga ishonish va alomatlarning bir qator nusxalari saqlanib qolgan.

Deyarli 2 ming yil ilgari paydo bo‘lgan qadimgi din sinto muayyan sharoitlarni hisobga olgan holda o‘zgarishlarga duchor bo‘ldi va shaklini o‘zgartirdi. Sinto tarixiy taraqqiyotning har bir bosqichida, o‘z vaqtida davlat dini rolini o‘ynagan buddaviylikdan farqli o‘laroq, yaponlarning yagona azaliy, milliy dini bo‘lib keldi.


Yüklə 114,33 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə