Reja: Tarbiya jarayonining maqsadi



Yüklə 57 Kb.
tarix13.05.2022
ölçüsü57 Kb.
#87017
6-маъруза
glossary, Ilk bolalik va maktabgacha yoshlik davri psixologiyasi

6-mavzu: Tarbiya jarayoni mohiyati va prinsiplari
Reja:

1. Tarbiya jarayonining maqsadi.

2. Tarbiya jarayonining mazmuni.

3. Ijtimoiy tarbiyaning asosiy vazifalari.

4. Tarbiya qonuniyatlari.

5. Tarbiya prinsiplari.


Tayanch iboralar!

Tarbiya jarayoni, tarbiya nazariyasi, tarbiya jarayoni xususiyatlari, tarbiya mazmuni, jjtimoiy tarbiya, tarbiya prinsiplari, tarbiya qonuniyatlari.


1. Tarbiya jarayonining maqsadi.

Pedagogika fanining muhim tarkibiy qismlaridan biri – bu tarbiya nazariyasi sanaladi.


Hayotga yangicha siyosiy va iqtisodiy nuqtai nazardan yondashish o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi bilan bog‘liq jarayonni ham qaytadan ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Tarbiya nazariyasi Sharq mutafakkirlari va xalq pedagogikasining tarbiya borasidagi boy tajribalariga tayanadi. Tarbiya nazariyasi o‘z qoidalarini asoslash uchun falsafa, sotsiologiya, etika, estetika, fiziologiya, psixologiya kabi fanlarning ma’lumotlaridan foydalanadi. Tarbiya nazariyasi pedagogikaning boshqa bo‘limlari: umumiy asoslari, ta’lim nazariyasi va xalq ta’limi tizimini boshqarish bilan uzviy bog‘liq.

Tarbiya haqida tushuncha. Tarbiya jarayonini tashkil etishda, eng avvalo, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarida yuz berayotgan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetish talab etiladi. Binobarin, kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining turli davrlarida shaxs tarbiyasiga yondashuv ham mazmunan, ham shaklan o‘zgarib boradi. XXI asr insoniyat tarixida “kompyuter davri” bo‘lib qolmoqda. Bu esa shaxsni tarbiyalashga o‘ziga xos yondashuvni qaror toptirishni taqozo etadi.

Biroq, fan-texnika qanchalik jadal rivojlanib, jamiyat hayotidan muhim joy olib, ishlab chiqarish jarayonlarining tezlashuviga qanchalik samarali ta’sir etmasin, tarbiya nazariyasida shaxsni komil etib tarbiyalash, bu borada Markaziy Osiyo mutafakkirlari, xalq pedagogikasi hamda jahon pedagogikasining ilg‘or fikrlariga tayanib ish ko‘rish zarur.

Tarbiya maqsadi va vazifalari. Turli zamon va makonda ijtimoiy tarbiya mohiyatan turlicha ifodalab kelingan bo‘lib, uning mazmuni ijtimoiy maqsadlardan kelib chiqib asoslangan.

Maqsadsiz ma’lum g‘oyani ifoda etmaydigan tarbiya bo‘lmaydi. Tarbiya Tarbiya maqsadi asosida uning mazmuni asoslanib, maqsadni amalga oshirishga xizmat qiluvchi metod va usullar aniqlanadi. Uning muammosi pedagogikaning dolzarb masalalaridan biri sanaladi.

Tarbiya maqsadi umumiy va individual xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Ilg‘or pedagogika umumiy va individual maqsadlar birligi va uyg‘unligini namoyon etadi.

Tarbiya jarayoni umumiy ijtimoiy maqsadni hal etishga yo‘naltiriladi va aniq vazifalar tizimi sifatida namoyon bo‘ladi. Shunga ko‘ra tarbiya maqsadi tarbiya jarayonini tashkil etishda hal etiladigan vazifalar tizimidir.

Tarbiya maqsadi qanday shakllanadi? Uning shakllanishida ko‘plab obyektiv sabablar yetakchi rol o‘ynaydi. Organizmning fiziologik yetilish qonuniyatlari, insonning ruhiy rivojlanishi, falsafiy va pedagogik fikrlar yutug‘i, ijtimoiy madaniyat darajasi maqsadga umumiy yo‘nalish beradi. Biroq asosiy omil doimo davlat mafkurasining yetakchi g‘oyalari bo‘lib qolaveradi.

Shaxs kamolotida muhim o‘rin tutuvchi ma’naviy va axlohiy poklik, iymon, insof, diyonat, or-nomus, mehr-oqibat, keksalarga hurmat singari insoniy fazilatlar o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Ularning asosida yosh avlodga oila, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ta’lim-tarbiya mazmuni, g‘oyaviy yo‘nalishi va samarasi yotadi.

Har qanday ijtimoiy jamiyatda yosh avlod tarbiyasi muayyan maqsad asosida tashkil etiladi. Tarbiya maqsadi ijtimoiy jamiyat taraqqiyoti, uning rivojlanish yo‘nalishi, ijtimoiy munosabatlar mazmunidan kelib chiqib belgilanadi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilayotgan tarbiyaning asosiy maqsadi komil shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazishdan iborat.

Tarbiya jarayonining natijasi. Tarbiyaning natijasi yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlarni tarbiyalashdir. Bu jarayon ikki tomonlama bo‘lib, uyushtirish va rahbarlik, shuningdek, o‘quvchi shaxsining o‘zi tomonidan faollik ko‘rsatilishini taqozo etadi. Bu jarayonda pedagog yetakchi rol o‘ynaydi. U ijtimoiy tarbiyaning umumiy maqsadini tushunadi, unga erishish yo‘lida amalga oshiriladigan vazifalar tizimidan xabardor, tarbiya shakl, metod, vositalarini to‘g‘ri tanlay oladi va tarbiya jarayoniga tadbiq etadi.

Tarbiya jarayonining mohiyatini tarbiyaga har tomonlama yondashish bilan muvaffaqiyatli tarzda, ilmiy tahlil qilish mumkin.

Shaxs tarbiyaning natijasi sifatida shakllanadigan ijtimoiy mavjudotdir. Shaxsning ko‘pdan-ko‘p xislatlari bir-biridan ajratilgan emas, balki o‘zaro mustahkam bog‘langan. Tarbiya jarayonida bolaning shaxsiyati ayrim-ayrim emas, balki yaxlit ravishda rivojlanadi.

Bola o‘sib va rivojlanib borgani sari tarbiya vazifalari murakkablashib, chuqurlashib, tabaqalashib boradi.

Har tomonlama yetuk shaxsni tarbiyalash unga izchil ravishda aqliy, g‘oyaviy-siyosiy, axloqiy, mehnat, estetik, jismoniy, ekologik, iqtisodiy hamda huquqiy tarbiya berish, o‘quvchilarning ongi, xulq-atvori va faoliyatining birligi, shuningdek, tarbiya jarayonini tashkil etishning yakka, guruhli va ommaviy shakllarini qo‘shib olib borilishini ta’minlaydigan pedagogik tizimlarni vujudga keltirish va bu tizim g‘oyalariga amal qilishni talab etadi.

Ijtimoiy tarbiya jarayoni shaxsning ijtimoiy fazilatlarini shakllantirish, uning atrof-tevarak, jamiyat, odamlar hamda o‘ziga nisbatan munosabatlari doirasini vujudga keltirish va uni kengaytirishga qaratilgan. Shaxs ishtirok etadigan ijtimoiy munosabatlar tizimi qanchalik keng, xilma-xil va chuqur bo‘lsa, uning ma’naviyati boy bo‘ladi.

O‘z tabiatiga ko‘ra tarbiya jarayoni ko‘p omilli xarakterga ega. YA’ni, bola shaxsining qaror topishi oila, ta’lim muassasasi, jamoatchilik, ijtimoiy muhit, shuningdek, vaziyatlar xilma-xilligi, bevosita va bilvosita ta’sirlar ostida ro‘y beradi.

Tarbiya jarayonining natijalari odatda bir xil xarakterda bo‘lmaydi. Bu narsa o‘quvchilarning psixologik (individual, tipologik), fiziologik va jismoniy xususiyatlari, ularning hayotiy va ma’naviy tajribasi, shaxsiy pozitsiyasiga bog‘liq.

Tarbiya jarayoni, odatda, o‘z-o‘zini tarbiyalash, o‘z-o‘zini qayta tarbiyalash, bolaning atrof-muhitdagi u yoki bu hodisalar bilan salbiy aloqasi natijasida vujudga keladigan munosabatlar va ularning xususiyatlarini bartaraf etish bilan olib boriladi.

O‘zini o‘zi tarbiyalash shaxsni o‘zida ijtimoiy qadrga ega bo‘lgan fazilatlarni hosil qilish va takomillashtirishga hamda salbiy xislatlarni bartaraf etishga qaratilgan ichki faoliyat sifatida ta’riflanadi.

O‘z-o‘zini qayta tarbiyalash shaxsning o‘zidagi salbiy odatlar, xarakteridagi zararli sifatlarni yo‘qotish, ularni bartaraf etishga qaratilgan ichki faoliyati jarayonidir. Bola xulqidagi “og‘ish”lar oiladagi nosog‘lom muhit, ota-onaning tarbiyada yo‘l qo‘ygan xatolari, o‘qituvchi faoliyatidagi kamchiliklar asosida vujudga keladi. Qayta tarbiyalash jarayonida salbiy xulqni hosil qilgan sabab, sharoit o‘zgartiriladi, qayta tarbiyalashda maktab va shaxsning shaxsiy ta’sirini oila, shu jumladan, ota-ona ham ma’qullashi lozim. Demak, qayta tarbiyalash o‘quvchining o‘zigagina emas, balki uning ota-onasiga ham qaratilishi lozim.

Tarbiya. O‘sib kelayotgan yosh avlodning zamon talablariga mos, barkamol inson bo‘lib shakllanishlari uchun ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismlari – aqliy, ma’naviy-axloqiy, jismoniy, mehnat, estetik, huquqiy, ekologik, iqtisodiy, jinsiy tarbiyani tashkil etishga nisbatan yangicha yondashish, ularni samarali tashkil etish yo‘llarini ishlab chiqish alohida dolzarblik kasb etadi. Bu esa tarbiyadagi eng muhim vazifalardir.

2. Tarbiya jarayonining mazmuni. Turli zamon va makonda ijtimoiy tarbiya mohiyati turlicha bo‘lib, uning mazmuni ijtimoiy maqsadlardan kelib chiqib asoslangan. Tarbiya g‘oyasi turlicha ifodalangan bo‘lsada, ammo yo‘naltiruvchanlik xususiyati hamda obyektiga ko‘ra yakdillikni ifoda etadi.

Tarbiya xususida taniqli o‘zbek pedagogi Abdulla Avloniy shunday deydi: “Al-hosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot, yo mamot, yo najot – yo falokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”(. Ushbu fikrlardan anglaniladiki, shaxs tarbiyasi xususiy ish emas, balki ijtimoiy, milliy ishdir. Zero, har bir xalqning taraqqiy etishi, davlatlarning qudratli bo‘lishi avlodlar tarbiyasiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-siyosiy mustaqillikni qo‘lga kiritgach, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida tub islohotlar olib borilmoqda. Islohotlarning asosiy g‘oyasi respublikaning riojlanish va taraqqiyot yo‘li deb e’tirof etilgan demokratik, insonparvar, huquqiy jamiyatni barpo etish uchun xizmat qiladi. Demokratik, insonparvar, huquqiy jamiyatni barpo etish vazifasi o‘sib kelayotgan yosh avlod zimmasiga yuklanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” hamda O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimovning qator asar va nutqlari, chunonchi, “Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori”, “O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda” nomli asarlarida mustaqil respublikada ijtimoiy tarbiyani yo‘lga qo‘yish maqsadi va vazifalari belgilab berilgan.


Tarbiya jarayoni o‘qituvchi va o‘quvchi (tarbiyachi va tarbiyalanuvchi)lar o‘rtasida tashkil etiluvchi hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan hamkorlik jarayonidir. Tarbiya jarayonida tarbiyalanuvchining ongi shakllana boradi, his-tuyg‘ulari rivojlanadi, ijtimoiy hayot uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy aloqalarni tashkil etishga xizmat qiladigan xulqiy odatlar hosil bo‘ladi.

Tarbiya jarayonida bolalarning hayoti va faoliyatini pedagogik jihatdan to‘g‘ri uyushtirish g‘oyat muhimdir. Faoliyat jarayonida bola tashqaridan kelayotgan tarbiyaviy ta’sirlarga nisbatan ma’lum munosabatda bo‘ladi. Bu munosabat shaxsning ichki ehtiyoj va xohishlarini ifodalaydi. Psixolog va pedagoglarning tadqiqotlari shaxsga tashqi omillarning (xoh salbiy, xoh ijobiy) ta’siri bolaning ularga munosabatiga bog‘liqligini ko‘rsatadi. Bola faoliyatini uyushtirishgina emas, balki tarbiyalanuvchining bu faoliyatga nisbatan turli kechinmalarni qanday anglashi, baholashi, his qilishi, ulardan o‘zi uchun nimalarni olayotganligini bilishi zarur. Zero, tarbiya ijtimoiy munosabatlarning murakkablashib borishi asosida kechadi.

Tarbiya jarayonida o‘quvchining ongigina emas, balki his-tuyg‘ularini ham o‘stirib borish, unda jamiyatning shaxsga qo‘yadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan xulqiy malaka va odatlarini hosil qilish lozim. Bunga erishish uchun o‘quvchining ongi, hissiyoti va irodasiga ta’sir etib boriladi. Agar bularning birortasi e’tibordan chetda qolsa, maqsadga erishish qiyinlashadi. Tarbiya jarayoniga o‘qituvchi rahbarlik qiladi. U o‘quvchilar faoliyatini belgilaydi, ularning ijtimoiy jarayonda ishtirok etishlari uchun shart-sharoit yaratadi.

Ijtimoiy jarayonda faol ishtirok etish orqali o‘quvchilarning mustaqilligi, ijodiy tashabbuskorligi ortib boradi. Faoliyat o‘quvchilar jamoasi manfaati va istagi asosida uyushtirilsa, bu jarayonda bolaning tengdoshlari va o‘zini o‘zi anglash jarayoni yuzaga keladi. Bola o‘z xulqi, xatti-harakati uchun jamoa oldida javobgarlikni sezishga erishgach, ijrochi emas, balki umumiy ishning faol qatnashchisi bo‘lib qoladi.

Tarbiyani samarali yo‘lga qo‘yish uchun uning harakatlantiruvchi kuchi, tarbiya jarayonining manbaini yaxshi bilish va hisobga olish muhimdir. Bu tarbiya jarayonidagi ichki va tashqi qarama-qarshiliklardan iborat.

Tarbiyada o‘quvchilarning tarbiyalanganlik darajasi ham hisobga olinadi. Tarbiyachi bola shaxsining o‘quvchilik yillarida uning ongiga turli faoliyat (o‘qish, mehnat, ijtimoiy ishlar, o‘yin, sport, badiiy havaskorlik) yordami bilan maxsus ta’sir etish muhimdir.

Tarbiya yaxlit jarayonda amalga oshirilib, uning tarkibiy qismlari ayni bir vaqtda, faoliyatning biror turi asosida namoyon bo‘ladi.

Tarbiya jarayonida uning maqsadi, shakl va metodlari, shaxsning o‘zini-o‘zi tarbiyalash va qayta tarbiyalash jihatlari muhim o‘rin tutadi. Tarbiya mazmuni ijtimoiy tuzum buyurtmasi asosida belgilanib, uning amalga oshishi uchun ma’lum shart-sharoitlarning mavjudligi talab etiladi:

Tarbiya jarayonining o‘ziga xosligi. Ijtimoiy tarbiya maqsadi hamda vazifalarini amalga oshirish uchun tarbiya jarayonining o‘ziga xosligini anglab olish muhimdir. Tarbiya jarayoni o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Uning eng muhim xususiyati aniq maqsadga yo‘naltirilganligidir.

Zamonaviy talqinda tarbiya jarayoni o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi muayyan maqsadga erishishga qaratilgan samarali hamkorlik demakdir. Zero, tarbiya jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilarning birgalikdagi faoliyatlari tashkil etiladi, boshqariladi va nazorat qilinadi. Yagona maqsadga erishish yo‘li zamonaviy tarbiya jarayonining maqsadini tavsiflaydi.

Tarbiya jarayoni ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, unda tarbiya mohiyatini yoritishga xizmat qiluvchi ichki va tashkil (subyektiv va obyektiv) omillar ko‘zga tashlanadi. Subyektiv omillar shaxsning ichiki ehtiyojlari, qiziqishlari, hayotiy munosabatlari mazmunini anglashga yordam bersa, obyektiv omillar shaxsning hayot kechirishi, shakllanishi, hayotiy muammolarni ijobiy hal etish uchun sharoit yaratadi. Tarbiya faoliyatining mazmuni, yo‘nalishi va shakli obektiv sharoitlar bilan qanchalik mutanosib kelsa, shaxsni shakllantirish borasida shunday muvaffaqiyatga erishiladi. Tarbiya jarayonining tashkil etilishi va boshqarilishida nafaqat o‘qituvchi faoliyati, balki o‘quvchining yosh va psixologik shaxsiy xususiyatlari, o‘y-fikrlari, hayotiy qarashlari hami muhim o‘rin tutadi.

Tarbiya jarayonining yana bir xususiyati uning uzoq muddat davom etishidir. Tarbiya natijalari tez sur’atda yoki yaqqol ko‘zga tashlanmaydi. O‘zida insoniy sifatlarni namoyon eta olgan shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazishda uzoq muddatli davr talab etiladi. Shaxsning muayyan vaqtning o‘zida, turli-tuman qarashlar mavjud sharoitda harakat qilishi tarbiya jarayonini murakkablashtiradi. Ta’lim muassasalarida olib borilayotgan tarbiya shaxs ongi, dunyoqarashini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Binobarin, yoshlik yillarida insonning asab tizimi yuqori darajada ta’sirchan hamda beqaror bo‘ladi. Shu bois tarbiya muvaffaqiyati ayni o‘quvchilik yillarida shaxsga to‘g‘ri tarbiya berish lozimligini talab etadi.

Tarbiya jarayonining yana bir xususiyati uning uzluksizligi sanaladi. Ta’lim muassasasida olib borilayotgan tarbiya jarayoni bu – o‘qituvchi va o‘quvchilarning birgalikdagi uzluksiz, tizimli harakatlari jarayonidir. O‘quvchilarda ijobiy sifatlarni qaror toptirishda yagona maqsad sari yo‘naltirilgan, bir-birini to‘ldiruvchi, boyitib boruvchi, takomillashtiruvchi faoliyat alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois oila, ta’lim muassasalari, jamoatchilik hamkorligida tashkil etilayotgan tarbiyaviy tadbirlarning uzluksiz o‘tkazilishiga erishish maqsadga muvofiqdir.

Bolani tarbiyalashda maktab yetakchi o‘rin egallasa ham, bolalarga uzluksiz tarbiyaviy ta’sir o‘tkaza olmaydi, chunki, bolalar ma’lum muddatgina ta’lim muassasasida, o‘qituvchining tarbiyaviy ta’siri ostida bo‘lib, qolgan vaqtining asosiy qismini oilada, ko‘chada, jamoat orasida o‘tkazadilar. Kuzgi, qishki, bahorgi va ayniqsa, yozgi ta’tillar davrida o‘quvchilar ta’lim muassasasi o‘qituvchisi ta’siridan chetda qoladilar. Demak, ta’lim muassasasida bolalarni tarbiyalash vaqt jihatidan chegaralangan bo‘lib, sinfdan va maktabdan tashqarida amalga oshiriladigan tarbiyaviy ishlardan holi vaqtda ular o‘qituvchi yoki tarbiyachining ta’siri hamda nazoratida uzoqlashadilar.

O‘quvchilarga nisbatan ta’lim muassasasining ta’sirini susaytirmaslik maqsadida sinfdan, maktabdan tashqarida va ta’til davrida ham tarbiyaviy ishlarni tashkil etishga alohida e’tibor beriladi. Ana shu maqsadda bir qator tarbiyaviy ishlar olib boriladi.

Ayni vaqtida respublikada o‘quvchilarning ta’lim muassasalaridan uzoqlashtirmaslik maqsadida qo‘shimcha ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda. Qo‘shimcha ta’lim muassasalarida o‘quvchilar xususiy fanlar hamda xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishlari, texnik va badiiy yo‘nalishlar bo‘yicha bilim olishlari, amaliy faoliyat ko‘nikma va malakalariga ega bo‘lishlari mumkin. Qo‘shimcha ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan tarli yo‘nalish va mavzulardagi uchravshuvlar, ko‘rgazmalar, ko‘riklar, suhbatlar o‘quvchilarning tafakkurini boyitishda, ularda mustahkam xaraktar va irodani tarkib toptirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Tarbiya jarayonining yana bir xususiyati – bu uning yaxlit holda tizimli tashkil etilishidir. Yaxlitlik shundan iboratki, tarbiya jarayonining maqsadi, mazmuni va metodlarini birligi shaxsni shakllantirish g‘oyasini amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Shaxs ma’naviy-axloqiy sifatlarni ketma-ket emas, balki yaxlit o‘zlashtirib boradi, shu bois pedagogik ta’sir yaxlitlik, tizimlilik kasb etadi.

Tarbiya jarayonining yaxlitlik, tizimlilik xususiyati bir qator muhim pedagogik talablarga amal qilish, o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni qaror toptirishni talab etadi.

Tarbiyaning yana bir xususiyati shundan iboratki, bu jarayon ikki tomonlama aloqa xususiyatiga ega bo‘lib, unda bolaning o‘zi ham faol ishtirok etadi.

Ikki tomonlama aloqa ikki yo‘nalishda, ya’ni, o‘qituvchining o‘quvchiga ko‘rsatadigan ta’siri (to‘g‘ri aloqa) hamda o‘quvchining o‘qituvchiga nisbatan munosabati (teskari aloqa) tarzida tashkil etiladi.

Tarbiyaning pedagogik texnologiya nazariyasi g‘oyasiga muvofiq, endilikda o‘quvchi tarbiya jarayonining obyektigina bo‘lib qolmasdan, subyekti sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi. Shuning uchun o‘qituvchi o‘quvchining ichki imkoniyatlari, unga nisbatan bo‘layotgan tashqi ta’sirlar va axborot manbalarini inobatga olishi zarur. Agarda mazkur talab unutilsa, shaxsni tarbiyalash qiyinlashadi yoki barcha urinishlr samarasiz yakun topadi. Mana shundan tarbiya jarayonining yana bir xususiyati – tarbiyada qarama-qarshilikning mavjudligi kelib chiqadi. Qaram-qarshiliklar o‘quvchilarga o‘z tushunchalariga muvofiq paydo bo‘lgan dastlabki sifatlar o‘rtasida yoki o‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar bilan ularni bajarish imkoniyatlari o‘rtasidagi ziddiyatlarning kelib chiqishi uchun zamin yaratadi.

Undan tashqari bu qarama-qarshiliklar ko‘pincha bolaning ongi bilan xulqi bir-biriga muvofiq bo‘lmasligidan, o‘qituvchi va tarbiyachilarning o‘quvchilar yosh, psixologik, fiziologik xususiyatlari (fe’l-atvori, xarakteri, qiziqishlari, jismoniy, ruhiy hamda fiziologik jihatdan sog‘lomligi)ni yaxshi bilmasliklari oqibatida kelib chiqadi.

Demak, tarbiya muayyan, aniq maqsad va ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida shaxsni har tomonlama o‘stirish, uning ongi, xulq-atvori, dunyoqarashini tarkib toptirish jarayonidir. Ijtimoiy tarbiyani yo‘lga qo‘yish jarayonida bir qator vazifalar hal etiladi. Tarbiyaning maqsad va vazifalari ijtimoiy tuzum mohiyati, taraqqiyot darajasi, ijtimoiy munosabatlar mazmuni, fuqarolarning dunyoqarashi, intilishlarida belgilanadi. Tarbiya jarayonining xususiyatlarini chuqur anglash, tarbiyani tashkil etishda ularni inobatga olish ma’lum pedagogik vazifalarni ijobiy hal etish imkonini beradi.
3. Ijtimoiy tarbiyaning asosiy vazifalari. Ijtimoiy tarbiyani tashkil etish jarayonida bir qator vazifalar hal etiladi. Vazifalar ijtimoiy tarbiya maqsadidan kelib chiqib belgilanadi. Mustaqil O‘zRda yosh avlodni tarbiyalash jarayonida quyidagi vazifalarni hal etilmoqda:

1) yoshlarni ijtimoiy hayotga tayyorlash, ularda keng dunyoqarashni tarkib toptirish, o‘z shaxsiy turmushiga maqsadli yondashuv, reja va amal birligi hissini uyg‘otish;

2) o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar mohiyatidan ogoh etish, chuqur bilim va tafakkurga ega yoshlarni tarbiyalash, ularning ongini boyitish;

3) umuminsoniy axloq meyorlari (odamiylik, kamtarlik, o‘zaro yordam, mehr-muhabbat, muruvvat, alodatni yoqlash, insonparvarlik, axloqsizlikka nisbatan nafrat va hokazolar)ning mohiyatini anglash, o‘quvchilarda muomala odobi, yuksak madaniyatni qaror toptirishga erishish;

4) o‘quvchilarda huquqiy va axloqiy meyorlarga hurmat ruhida yondashish hissi va fuqarolik tuyg‘usi, ijtimoiy burchga mas’ullikni qaror toptirish;

5) tabiatni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni yuzaga keltirish borasidagi mas’uliyatni tarkib toptirish;

6) vatanparvarlik va baynalminallik tuyg‘usini shakllantirish, o‘zga millat va xalqlarni hurmat qilish, ularning huquq va burchlarini kamsitmaslik tuyg‘usini qaror toptirish;

7) mustaqil davlat – O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatiga to‘g‘ri va xolisona baho berishga o‘rganish;

8) insonni oliy qadriyat sifatida qadrlash, uning sha’ni, or-nomusi, qadr-qimmati, huquq va burchlarini hurmat qilishga o‘rgatish va boshqalar.

Respublikada olib borilayotgan ijtimoiy tarbiyaning umumiy vazifalari ana shulardan iborat. Shu bilan birga ijtimoiy tarbiya yo‘nalishlari – axloqiy, aqliy, jismoniy, ekologik, iqtisodiy, huquqiy va siyosiy tarbiyaning xususiy maqsadidan kelib chiqqan holda bir qator vazifalar amalga oshiriladi. Chunonchi,

1) axloqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida o‘quvchilarni ijtimoiy-axloqiy meyorlar mazmunidan xabardor etish, ularga axloqiy meyorlarning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini tushuntirish, ularda ijtimoiy-axloqiy meyorlar (talab va ta’qiqlar)ga nisbatan hurmat hissini qaror toptirish asosida axloqiy ong va madaniyatni shakllantirish;

2) aqliy tarbiyani yo‘lga qo‘yish chog‘ida o‘quvchilarni ilm-fan, texnika va texnologiya sohasida erishilayotgan yutuqlar, yangilik va kashfiyotlardan boxabar etish, ularga ijtimoiy va tabiiy fanlar bo‘yicha bilimlarni berish orqali tafakkur va dunyoqarashni rivojlantirish;

3) jismoniy tarbiyani tashkil etish jarayonida o‘quvchilarni o‘z sog‘liqlarini saqlash va mustahkamlash, organizmni chiniqtirish, jismoniy jihatdan to‘g‘ri rivojlanishi hamda uning ishchanlik qobiliyatini oshirish borasida g‘amxo‘rlik qilish tuyg‘usini yuzaga keltirish, ularda yangi harakat to‘rlari borasida ko‘nikma va malakalarni hosil qilish, ularni maxsus bilimlar bilan qurollantirish, o‘quvchilarning yoshi, jinsiga muvofiq keladigan (kuch, tezkorlik, chaqqonlik, chidamlilik, sabot, mehnat, chidam, iroda, xarakterni qaror toptirish) jismoniy sifatlarni rivojlantirish, shaxsiy gigiyenani saqlashga nisbatan ongli munosabatlarni tarbiyalash;

4) estetik tarbiyani olib borish jarayonida o‘quvchilarda estetik his-tuyg‘u, estetik didni tarbiyalash, ularning ijodiy qobiliyatlari, estetik ehtiyojlari va go‘zallikni sevish, go‘zallikka intilish tuyg‘ularini rivojlantirish, estetik madaniyatni shakllantirish;

5) ekologik tarbiyani olib borish chog‘ida o‘quvchilarga ekologik bilimlar berish asosida shaxs, jamiyat va tabiat birligi hamda aloqadorligini o‘quvchilarga tushuntirish, ularda ekotizimning inson, insoniyat, jamiyat taraqqiyotidagi muhim o‘rni va mohiyati borasidagi tushunchalarni qaror toptirish, tabiatga nisbatan ehtiyotkorona va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish, tabiatni asrash to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish tuyg‘ularni qaror toptirish, ekologik madaniyatni shakllantirish;

6) iqtisodiy tarbiyani tashkil etish jarayonida o‘quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish asosida mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, bozor infrastrukturasi qoidalariga amal qilish, ichki bozorni to‘ldirish, kichik va o‘rta biznesni yaratish borasidagi faoliyat jarayonida ishtirok etish ko‘nikma, malakalarini hosil qilish, inson mehnati bilan yaratilgan moddiy boylikni asrash, ularni ko‘paytirish borasida qayg‘urish tuyg‘ularini qaror toptirish, iqtisodiy madaniyatni shakllantirish;

7) huquqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida o‘quvchilarga davlat Konstitutsiyasi, davlat haqidagi ta’limot, fuqarolik, oila, mehnat, xo‘jalik, ma’muriy nafaqa, sud ishlarini yuritish va boshqarishga oid huquqlar mohiyatini tushuntirish, ularda ijtimoiy-huquqiy meyorlarning shaxs va jamiyat hayotidagi ahamiyatiga oid tushunchani hosil qilish, huquqiy munosabatlar borasida tasavvurga ega bo‘lishlarini ta’minlash, huquqiy ong hamda huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko‘nikma va malakalarni hosil qilish, huquqiy madaniyatni shaklllantirish;

8) fuqarolik tarbiyasini tashkil etish jarayonida o‘quvchilarga siyosiy bilimlarni berish, O‘zR Konstitutsiyasi, fuqarolik jamiyati asoslari, milliy davlat tuzilishi, davlat organlari faoliyati, shuningdek, respublikaning ichki va tashqi siyosati mazmunini o‘rganishni ta’minlash asosida o‘quvchilarda siyosiy faoliyat ko‘nikma va malakalarini tarkib toptirish, siyosiy madaniyatni shakllantirish va hokazolar.


4. Tarbiya qonuniyatlari. Tarbiya jarayoni ijtimoiy hodisa sifatida quyidagi qonuniyatlar asosida kechadi:

5. Tarbiya prinsiplari. Tarbiya prinsiplari – tarbiya jarayonini mazmuni, metod va vositalariga qo‘yiladigan talablar yoki tarbiya jarayonini tashkil qilishda tarbiyachi amal qilishi kerak bo‘lgan qoidalar majmuidir.

Tarbiya prinsiplari:

Ijtimoiy hayot va mehnat bilan birlik pringsipi;

Tarbiyada insonparvarlik prinsipi;

Tarbiyalanuvchilarga xususiy yondashuv;

Tarbining bir masadga aratilganligi.
Ijtimoiy hayot va mehnat bilan birlik prinsipi. Ushbu prinsipning mazmuni tarbiyalanuvchini ijtimoiy hayotning faol ishtirokchisi qilib tarbiyalashni nazarda tutadi. Jumladan, tarbiyalanuvchilar davlat ramzlarini mazmun-mohiyatini bilishi, madhiyani yoddan aytib berishi, vatani tarixini, davlat tilini bilishi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ko‘nikmasi bo‘lishi, milliy urf-odatlarni bilishi va boshqalar talab etiladi. Shuningdek, tarbiyachi ijtimoiy hayotda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lishi hamda tarbiyalanvchilarga axborotlarni to‘g‘ri tahlil qilib berishi kerak bo‘ladi.

Tarbiyada insonparvarlik prinsipi. Ushbu prinsip tarbiyalanuvchi shaxsiga nisbatan talabchanlik va hurmat bilan yondashishni talab qiladi. Jumladan, tarbiyalanuvchilarga nisbatan talabchanlik ularning yosh va individual xususiyatlariga mos bo‘lishi bilan birgalikda, oqilona va puxta o‘ylab ko‘rilgan bo‘lishi kerak. Tarbiyalanuvchiga ruhiy azob va jismoniy jazo bermaslik ham ushbu prinsipning asosiy qoidasi sanaladi.

Tarbiyalanuvchilarga xususiy yondashuv. Eramizdan avvalgi davrda Qadimgi Yunonistonda faylasuf-pedagoglar tarbiyada yosh va individual psixologik xususiyatlarni hisobga olib tarbiya metodlarini qo‘llashni bilishgan hamda tarbiya jarayonida buni e’tiborga olishgan. So‘nggi yillarda pedagoglar va psixologlarning tadqiqot natijalariga ko‘ra, tarbiya jarayonida nafaqat yosh va individual psixologik xususiyatlarini hisobga olishni, balki tarbiyalanuvchilarning o‘ziga xosligini hisobga olib tarbiya jarayonini tashkil qilish kerakligi ta’kidlanadi. Tarbiyalanuvchiga xususiy yondashuv, deganda tarbiyalanuvchining hayotiy ko‘rsatmalari, qiziqishlari, orzulari, maqsadlari, biror xatti-harakatga keltiruvchi motivlari kabilardir. Demak, tarbiyachi tarbiya jarayonini tashkil qilishda tarbiyalanvchilarning yuqoridagi jihatlarini ham hisobga olishi muhimdir.

Tarbiyaning bir maqsadga qaratilganligi. Tarbiyaning bir maqsadga qaratilganligi deganda, oila jamiyat va ta’lim muassasasining shaxs tarbiyasida maqsadlarining birligi tushuniladi.

Nazorat uchun savollar:

Tarbiya jarayonining mohiyatini qisqacha tavsiflang.

Tarbiya maqsadi nimadan iborat?

Tarbiya jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat?

Tarbiya jarayonida qanday vazifalar hal etiladi?

5. Tarbiya jarayoni qanday qonuniyatlar asosida kechadi?



6. Tarbiya jarayoni qanday prinsiplar asosida tashkil etiladi?
Yüklə 57 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2022
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə