Igna – tikuv mashinasining asosiy ishchi organlaridan biri hisoblanadi. Hamma
mashina ignalari gazlamani teshib, ustki ipni igna plastinasi ostiga olib o‘tish va
ustki ipdan halqa hosil qilish uchun xizmat qiladi. Ignalar to‘g‘ri
va yoysimon
ko‘rinishlarda bo‘ladi. Yashirin baxya hosil qilib tikish mashinalarida yoysimon
igna materialning yarim qalinligiga sanchiladi. Yoysimon shakldagi ignalar
asosan yarimaylana trayektoriya bo‘ylab harakatlanadi. Moki baxyali tikuv
mashinalarida esa vertikal harakatlanuvchi to‘g‘ri ignalar qo‘llaniladi. Ignaning
uzunligi va ish yo‘li orqali tikuv mashinasining
konstruktiv parametrlari
aniqlanadi. Moki – ustki igna ipini ilib olib, uni kengaytirib, o‘z atrofidan
aylantirib ostki ip bilan chalishtirish uchun xizmat qiladi.
Moki baxyasi hosil bo‘lish jarayonida moki ilmog‘i
igna eng pastki holatidan
ko‘tarilishi paytida hosil bo‘lgan ipning halqasini ilib olib, uni kengaytirib naycha
ushlagich atrofidan aylantiradi. Moki tashqi diametri bo‘ylab aylantirilgan igna
ipi moki ipi bilan chalishadi va baxya hosil bo‘ladi. Baxya hosil bo‘lish
jarayonida to‘g‘ri va yoysimon ignalarning holati rasmda ko‘rsatilgan. Yashirin
zanjirsimon chok bilan tikuvchi mashinalarda
yoysimon igna gazlama
qatlamining yarim qalinligiga sanchiladi. Bu jarayon ignaning yoysimon
trayektoriya bo‘yicha harakati orqali ta’minlanadi. Tikuv mashinalarida
naychadagi ipning uzunligiga qarab normal va katta hajmli mokilar qo‘llaniladi.
Tikuv mashinasini loyihalash va takomillashtirish jarayonida,
uning barqaror
ishlashi va umrboqiyligini ta’minlash, asosan mokilarni to‘g‘ri tanlashga bog‘liq
bo‘ladi.
Tikilayotgan kiyimdagi baxyaqator ko‘rinishi ham moki
tanlanishiga bog‘liq. Zanjirsimon baxyali tikuv
mashinalarida moki funksiyasini chalishtirgich bajaradi. Ish
jarayonida chalishtirgich igna ipi halqasini ilib olib, unga
o‘zining ipini o‘tkazib, uni
ignaning gazlamaga keyingi
sanchilishiga tayyorlaydi va halqaga halqani o‘tkazish bilan
baxya hosil bo‘ladi. Harakat yo‘nalishi bo‘yicha o‘ng va
chap chalishtirgichlar mavjud.