1. Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]



Yüklə 125,66 Kb.
səhifə1/5
tarix30.12.2023
ölçüsü125,66 Kb.
#167471
  1   2   3   4   5
2736-III 14.09.2019




[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.01.00 Umumiy qoidalar]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qo‘shma qarori
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida
So‘nggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettirgan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda.
Bunday salbiy illatlarga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida, shuningdek fuqarolar yig‘inlarida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzildi.
Biroq, o‘rganishlar tahlili, shuningdek aholi bilan bevosita o‘tkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlari va ularni o‘tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.
Ba’zi fuqarolar to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni dabdaba bilan o‘tkazishni qo‘shnilar, qarindoshlar tomonidan bo‘ladigan tanqidlardan, qoralashdan, umuman olganda, ijtimoiy tazyiqdan xalos bo‘lish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar o‘rtasida qarzdorlikning vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda.
Aksariyat aholi, ayiqsa, xotin-qizlarning ongida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda qiz tomonning sarf-xarajatlari qanchalik yuqori bo‘lsa, qaynona-kelin munosabatlari shunchalik yaxshi bo‘ladi, degan noto‘g‘ri tasavvur tobora mustahkamlanib bormoqda.
“Charlar”, “aqiqa marosimi”, “muchal to‘yi”, “qiz majlis”, “kuyov chaqiriq”, hayitda “kelin ko‘rish” kabi marosimlar aholi tomonidan ortiqcha deb baholanmoqda. Biroq, bunday marosimni tashkil etayotgan shaxslarda tadbirlarni obro‘liroq joyda o‘tkazishga, o‘zining yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilishga, moddiy mavqeyi bilan maqtanishga intilish kuchaymoqda.
Aksariyat to‘yxona egalari ixcham va kamxarj o‘tkazish niyatida bo‘lgan fuqarolardan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda belgilangan qoidalarga zid ravishda to‘y xarajatlarini ikki-uch baravar miqdorda asossiz undirib olmoqda.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda san’atkorlar haddan ziyod baland narxlarda xizmat ko‘rsatmoqda, o‘z tomosha xizmatlarini ko‘rsatish davomida milliy mentalityetimiz, qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga mos kelmaydigan, “ommaviy madaniyat” illatlarini targ‘ib etadigan hamda yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlar namoyish etilmoqda.
Yuqoridagi salbiy holatlarning tobora avj olishi ming-minglab oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mazkur holatlarga chek qo‘yish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni qat’iy tartibga solishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish bo‘yicha keng jamoatchilik, Respublika ishchi guruhi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, shuningdek fuqarolar yig‘inlarining to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzilsin, uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham va tartibli o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va O‘zbekkonsert davlat muassasasi:
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni milliy qadriyatlarga mos tarzda ixcham va kamxarj o‘tkazishga erishish uchun san’atkorlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatilishini tartibga solish choralarini ko‘rsin;
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda san’atkorlar tomonidan xizmat ko‘rsatilishida tegishli litsenziya talablariga rioya etilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishida jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolar xavfsizligiga jiddiy xavf solishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish choralarini doimiy ravishda ko‘rib borsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda pullik avtotransport xizmati ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalashning alohida tartibini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish, shuningdek, ushbu tartibga rioya qilmaganlik uchun tegishli javobgarlikni belgilash yuzasidan qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar davomida muqaddas dinimiz talablariga zid bo‘lgan turli odat va rasm-rusumlar o‘tkazilishining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rsin, bu borada diniy tashkilotlarning vakolatli vakillari mas’uliyatini yanada kuchaytirsin.
9. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi bilan birgalikda Nizom talablaridan kelib chiqib, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni tashkil etish va uni o‘tkazishda ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilovchi nizom ishlab chiqsin.
10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga rioya etilishi holati, urf-odatlarimiz va an’analarimizning haqiqiy mohiyati hamda ahamiyatini keng xalq ommasiga muntazam yetkazib borish tavsiya etilsin.
11. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishining doimiy monitoringini amalga oshirib borsin va uning natijalariga ko‘ra tegishli takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga kiritib borsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritib borsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari (A. Qodirov) va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari (S. Artikova) zimmasiga yuklatilsin.
14. Ushbu Qo‘shma qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab amalga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2019-yil 14-sentabr,
2736-III/KQ-592-III
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 14-sentabrdagi № 2736-III/KQ-592-III-sonli Qo‘shma qaroriga
1-ILOVA
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi
Nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi hamda xalqimizning milliy urf-odatlari, ma’naviyati, madaniyati, an’analari va qadriyatlarini hurmat qilishga, jamoat tartibini saqlashga, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga, oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, dabdaba va isrofgarchilikning oldini olishga qaratilgan.
Mazkur Nizom mamlakat miqyosida o‘tkaziladigan rasmiy marosimlar, davlat va jamiyat oldidagi buyuk xizmatlariga ega shaxslarni xotirlash va yubiley munosabatlari bilan bo‘lib o‘tadigan, shuningdek, davlat idoralari, korxona va muassasalarning tashkil etilgan kuni bilan bog‘liq tadbirlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi.
2-bob. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan umumiy talablar
3. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi.
Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi.
Soat 23:00 dan keyin to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.
Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
Dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.
4. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda:
to‘y o‘tkazuvchi shaxslar to‘ydan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi;
nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanmaslik;
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lmagan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, to‘y egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno;
shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik;
mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilish talab etiladi.
5. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza diniy tashkilotining vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi.
6. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda litsenziyalanadigan faoliyat turidan foydalanilgan taqdirda, litsenziyali xizmat ko‘rsatadigan jismoniy va yuridik shaxslar to‘yxona, kafe, restoran ma’muriyatiga va ushbu xizmatdan foydalanuvchilarga bu kabi xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beruvchi litsenziyaning nusxasini taqdim etadi.
7. Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni (“yetti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. To‘yxona, kafe va restoranlarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda:
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar ishtirokchilari soniga, ularni o‘tkazish vaqtiga qat’iy rioya etish;
atrofda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini hamda maishiy shovqinga qarshi kurash bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzmaslik;
oziq-ovqat mahsulotlari sifat sertifikati talablari darajasida bo‘lishi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish lozim.
9. To‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs hamda to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada tomonlarning huquq va majburiyatlari, ish va xizmat turi, to‘lov, xarajatlar miqdori, tadbir ishtirokchilari soni, muddati hamda amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablar ko‘rsatiladi.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi.
Qonun hujjatlarida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatganligi uchun bir necha baravarga oshirilgan miqdorda soliqqa tortish tartibi belgilanishi mumkin.
10. To‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilayotganda xavfsizlik choralarini ta’minlashi shart.
11. Ushbu Nizomning 3, 4-bandlarida, 8-bandining uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida, 9-bandining ikkinchi, uchinchi xatboshilarida, 10-bandida nazarda tutilgan qoidalar xonadonlarda (guzarlarda) tashkil etiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarga ham tatbiq etiladi.
3-bob. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda jamoatchilik va davlat nazorati
12. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar (bundan buyon matnda hududiy komissiyalar deb yuritiladi), Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘z vakolatlari doirasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazorati tashkil etilishini ta’minlaydi.
13. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar:
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazorati o‘tkazilishini tashkil etadi, shuningdek, bu borada monitoringni amalga oshiradi;
keng jamoatchilik fikrini o‘rgangan holda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham, isrofgarchiliksiz va belgilangan talablar asosida o‘tkazish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib boradi hamda o‘rnatilgan tartibga rioya etmagan fuqarolarni mahalla fuqarolar yig‘iniga taklif qilgan holda jamoatchilik o‘rtasida muhokama qiladi.
14. Mahalla fuqarolar yig‘ini, “Nuroniy” jamg‘armasi hududiy bo‘limlari:
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish bilan bog‘liq milliy va diniy qadriyatlarga, axloq qoidalariga zid bo‘lgan marosimlar, nomaqbul odatlar va ularning salbiy oqibatlari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borishi va tegishli tavsiyalar berishi;
to‘y egalari tomonidan sodir etiladigan milliy urf-odat va an’analarni mensimaslik, shuhratparastlik, isrofgarchilik kabi xatti-harakatlar ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi, tegishli talablarga rioya etilmagan holatlarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqishi;
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham, keng aholi manfaatlarini, milliy qadriyat va an’analarni hisobga olgan holda, ijtimoiy tabaqalanishga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha jamoaviy suhbatlar tashkil etishi;
hududda o‘tkazilishi rejalashtirilgan har bir oilaviy tadbirdan xabardor bo‘lishi, uning o‘tkaziladigan joyi, ishtirokchilar soni bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishi;
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlardan oldin va keyin o‘tkaziladigan ortiqcha rasm-rusum va marosimlarning oldini olish choralarini ko‘rishi lozim.
15. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi:
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat” unsurlari namoyon bo‘lishining oldini olish maqsadida muntazam ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borishi;
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali namunali to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar haqida jamoatchilik fikrini shakllantirishi, ijtimoiy roliklar yaratishi, uslubiy qo‘llanmalar va targ‘ibot materiallarini tayyorlashi;
mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda FHDY idoralarida nikohdan o‘tayotgan kelin-kuyovlarga oila ma’naviyati, axloqi va ajdodlarimizning mustahkam oila haqidagi o‘gitlari bayon qilingan ma’lumotlar, kitoblar va boshqa materiallar berib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yishi lozim.
16. Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi:
to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazishni rejalashtirgan oila vakillari bilan, ayniqsa, nikohning ilk davrlarida er-xotin va ularning ota-onalari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash borasida suhbatlar tashkil etishi;
xotin-qizlarga to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni kamxarj qilib o‘tkazishni, ularda ortiqcha isrofgarchilikka berilish oila iqtisodiga va yosh oilaning mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini hayotiy misollar orqali keng tushuntirishi;
“Ota-onalar universiteti” mashg‘ulotlarida sarpo, buyum yig‘ishga ruju qo‘yish, oila budjetini noto‘g‘ri rejalashtirish va boshqa nosog‘lom orzu-havaslarning salbiy oqibatlarini tushuntirishi lozim.
17. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi:
turmush qurish arafasida turgan yoshlar bilan ijtimoiy-psixologik suhbatlar uyushtirishi, ularni oilaviy hayotga tayyorlashi, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham va isrofgarchiliksiz o‘tkazish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borishi;
yoshlar o‘rtasida urf bo‘layotgan “ommaviy madaniyat”, “sevgi tarixi”, qimmatbaho mashinalar korteji va boshqalarning salbiy oqibatlarini ko‘rsatib beradigan ijtimoiy roliklar va filmlar, badiiy asarlar tayyorlash hamda targ‘ib qilish tadbirlarini amalga oshirishi lozim.
18. FHDY organlari:
nikohdan o‘tish maqsadida ariza bergan shaxslar hamda ularning ota-onalari bilan yashash joylarida, mahallada suhbatlar uyushtirishi, ularga nikohdan o‘tish tartib-taomillari, to‘y marosimlarini kamxarj va ixcham o‘tkazish bo‘yicha tushuntirish berishi;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda din ulamolari, tibbiyot xodimlari, psixologlar ishtirokida “Yosh kelin-kuyovlar klubi”, “Oila maktabi”, “Qudalar suhbati” kabi kurslar tashkil qilishi;
nikohdan o‘tish haqidagi arizani ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng uch ish kunida nikohlanuvchi shaxslar yashayotgan mahalla fuqarolar yig‘inini bu haqda xabardor qilishi lozim.
19. Ichki ishlar organlari profilaktika inspektori fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda fuqarolar o‘rtasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham va kamxarj o‘tkazishga, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini aholi ongiga singdirishga, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning shuhratparastlik va dabdaba bilan o‘tkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkil etishi, shuningdek bunday tadbirlar davomida jamoat tartibini ta’minlashi lozim.
To‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati rejalashtirilayotgan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar haqida ushbu tadbirlar o‘tkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi lozim.
20. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan doimiy deputatlik nazoratini amalga oshiradi.
Deputatlik nazorati natijalari bo‘yicha mahalliy urf-odatlar, milliy an’analardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan ushbu Nizom doirasida tegishli hududdagi to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa qo‘shimcha talablar hamda tavsiyalar belgilanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 14-sentabrdagi № 2736-III/KQ-592-III-sonli Qo‘shma qaroriga
2-ILOVA
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi
TARKIBI

1.

I. Mirzaaliyev



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, Respublika komissiyasi rahbari

2.

A. Kirgizboyev



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, Respublika komissiyasi rahbari o‘rinbosari

3.

M. Nurmatova



O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Respublika komissiyasi rahbari o‘rinbosari

4.

F. Maxmudov



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari

5.

A. Mavrulov



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining shu’ba mudiri

6.

A. Jo‘raboyev



O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati mudiri

7.

O. Nazarbekov



O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari

8.

B. Yusupaliyev



O‘zbekiston Respub�ikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari

9.

M. Mirzayev



O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

10.

X. Meliyev



O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari

11.

A. Abduvaliyev



O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining o‘rinbosari — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi

12.

A. Axmedov



O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi

13.

I. Jasimov



O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari

14.

J. Niyazbekov



O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi boshqarma boshlig‘i

15.

E. Bozorov



O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari

16.

U. Alimov



O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

17.

A. Xadjayev



O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b.

18.

A. O‘rozov



O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari

19.

O. Abduqahorov



“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori

20.

F. Abduholiqov



O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi

21.

A. Sa’dullayev



O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi

22.

D. Tashmuxamedova



O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori

23.

R. Ubaydullayeva



“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori

24.

D. Mahbubov



Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi raisining o‘rinbosari

25.

X. Mirzajonova



O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi raisining o‘rinbosari

26.

F. Azimova



Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i

27.

A. Mirjalilov



O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari

28.

D. Najmutdinova



O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Toshkent shahar bo‘limi raisi

29.

M. Bekmurodov



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri

30.

Sh. Ortikov



“Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri

31.

A. Turdiyev



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi kotibiyatining bosh maslahatchisi, ishchi guruh kotibi

32.

Lavozimi bo‘yicha



Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislari

Izoh: komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 14-sentabrdagi № 2736-III/KQ-592-III-sonli Qo‘shma qaroriga
3-ILOVA
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham va tartibli o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha
ChORA-TADBIRLAR DASTURI


Yüklə 125,66 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə