1-mavzu: Din ijtimoiy


-MAVZU ZARDUSHTIYLIK DINI



Yüklə 263,3 Kb.
səhifə14/27
tarix13.10.2023
ölçüsü263,3 Kb.
#127508
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   27
1-mavzu sitqi

3-MAVZU


ZARDUSHTIYLIK DINI


REJA :


1. Zardushtiylik dinining vujudga kelishi.
2. Zardushtiylik dinining ta’limoti.
3. Avesto va uning tarkibiy qismlari.
Tayanch tushunchalar: Zardushtiylik shakllangan tarixiy sharоit. Zardusht – Mazda Yasna dini payg’ambari. Zardushtiylikning tеоlоgik tizimi. Mоniylik. Mоniy ta’limоti va uning tarqalishi.
Zardushtiylik (otashparastlik, zoroastrizm) – miloddan avvalgi VIII–VII asr quyi Amudaryo hududlari va Marg‘iyonada vujudga kelgan yakkaxudolikni targ‘ib etadigan din. Zardushtiylik Zardusht tomonidan isloh qilinib, takomillashtirildi. Zardushtiylik ta’limoti miloddan avvalgi VII asrda Aryashayona davlatining inqirozga yuz tutgan davrida vujudga keldi. Bu davrda turli xudolarga sajda qiluvchi qabilalar o‘rtasidagi ziddiyatlar parchalanib ketayotgan jamiyat (davlat)ning ichki qarama-qarshiligini yanada kuchaytirishga olib kelgan. Mamlakat inqirozining oldini olish uchun qabilalar o‘rtasidagi ziddiyatlarga barham berib, umumiy manfaatlar mushtarakligini targ‘ib qiluvchi muayyan maqsadga qaratilgan izchil g‘oyalar yaratish zarurati paydo bo‘lgan. Bunday ta’limot, birinchidan, jamiyatning ijtimoiy barqarorligini saqlab qolish uchun xizmat qilishi, ikkinchidan, urug‘ va qabila dinlaridan ustun turuvchi hamda barcha urug‘ va qabilalar manfaatlariga mos keladigan e’tiqod shaklini yaratishi, uchinchidan, har qanday qonli urush va xunrezliklarga qarshi xalqlarni osoyishtalikka chaqirishi, to‘rtinchidan, davlat chegaralaridan tashqari ko‘chmanchi chorvador qabilalar hujumiga qarshi mamlakat ichkarisidagi kuchlarni jipslashtiruvchi g‘oyalar tizimini shakllantirishi va bunday g‘oyalar tizimi o‘z davrining siyosiy mafkurasidan boshqa narsa bo‘lishi lozim edi.
Qabilalar o‘rtasida mushtarak manfaatlarni shakllantirish uchun qabilalarning umumiy e’tiqodini vujudga keltirish zarur edi. Qabilalar orasidagi ziddiyatlarning tub sababchisi ko‘pxudolik ekanini tushunib yetgan Zardusht odamlar butun olamning qudratli hukmdori, jahoniy aql (sohibi) Ahura Mazdagagina itoat etishi lozim, degan qarorga kelgan. Zardusht odamlarni Ahura Mazdaga sajda qilishga chaqirib, insoniyat ma’naviyati tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Birinchidan, u ko‘pxudolikka (politeizm) qarama-qarshi yakkaxudolikka (monoteizm), ya’ni diniy e’tiqodning yuqori bosqichiga qadam qo‘ygan edi. Ikkinchidan, ilgari odamlar xudolarga ularning qahri, dahshatli vayron qiluvchi qudratlari oldida ojiz bo‘lib, qo‘rquv dahshati ostida sig‘inishgan bo‘lsa, endilikda esa zardushtiylik odamlarni qalbi mehr-shafqat bilan to‘lgan, yaxshilik tomon undovchi, ularning o‘limidan keyin mangu farovon hayot bilan ta’minlay oladigan tangri – Ahura Mazdaga ibodat qilishga chaqirdi. Zardushtiylik diniy e’tiqodda dualizmni (ikki xudolik) emas, yakkaxudolikni (monoteizm) targ‘ib qilgan. Zardushtiylik ta’limotiga ko‘ra, dunyo – yorug‘lik va zulmat, yaxshilik va yomonlik, hayot va o‘lim, yolg‘onchilik va rostgo‘ylik, vahshiylik va ezgulik, johillik va shafqatlilik, axmoqlik va aqllilik, pastlik va balandlik, olov va suv, issiqlik va sovuqlik kabi qarshi kuchlar o‘rtasida kechadigan ayovsiz kurash maydoni sifatida tasavvur qilinadi. Olamdagi barcha yaxshilik, ezgulik, yorug‘lik kuchlarini Ahura Mazda yaratadi va boshqaradi. Yomonlik, tubanlik, yolg‘onchilik va hokazo kuchlarning ijodkori va uning boshqaruvchisi qilib esa Anxra Manyu tushuniladi. Ahura Mazda o‘zining oltita yordamchisi bilan barcha yorug‘ olamni boshqaradi. Bu "mangu yashashga molik muqaddas ruhlar" Ahura Mazda rahnamoligida mavjudlikning turli sohalarini o‘zida mujassam etadi. Hayot deb ataluvchi barcha narsalar: insonlar, chorva, olov, yer, osmon, suv va nabotot (o‘simliklar) dunyosiga homiylik qiladilar.
Muqaddas ruhlar ("Avesto" bitiklarida Amesha Spenta deyiladi) jami oltita bo‘lib, ular Muqaddas ruh Spenta Manyu yordamida vujudga keltiriladi:
1) Voxu Manu – ezgu fikr;
2) Asha Vaxishta – eng oliy haqiqat;
3) Spenta – muqaddas e’tiqod, diyonatga sodiqlik (iymon);
4) Xishatra-Varya – hukmronlik xohishi;
5) Harvatat – yaxlitlik;
6) Ameretat – mangulik;
Ahura Mazda bilan jami yettita. "Yettita hamfikrlar, Yettita hamrizolar, Yettita hamkor hukmdor, Fikr va so‘z egalari, Hammasining tashvishi bir. Hammasi ham bir urug‘dan, Ahura Mazda ismli Yaratguvchi sarbondan" (Avesta. 19-yasht. Gimn Xvarno. Dushanbe, 1990, 129bet. Tohir Karim tarjimasi). Zardushtiylik ta’limotida Anxra Manyu – barcha yomonlik, zulmat kuchlarining timsoli sifatida tasvirlanadi, bu kuchlar jin, shayton, iblis, alvasti, jodugar, dev, ajdaho, ilon va hokazoni yaratadilar va ular yordamida odamlar qalbiga qo‘rquv, dahshat urug‘larini sochib, o‘zlariga tobe qilishga urinadilar. Bushyasta – odamlarda yalqovlik, dangasalikni kuchaytiruvchi, odamlar erta bilan turmoqchi bo‘lganida o‘zining uzun qo‘llari bilan boshini yostiqqa bosib yana uyquga eltuvchi iblis qiyofasidagi dev. Gandarva – daryolar, ko‘llar, dengiz suvlarini boshqaruvchi, suv to‘fonlari va tosh qinlari, kema halokatlarini, Amudaryoda dagishlarni keltirib chiqaruvchi qudratli, gavdali, qo‘rqinchli ko‘rinishdagi, qip-qizil ko‘zi bilan odamlar qalbiga dahshat soluvchi iblis qiyofali dev. Mozon devlari uzoq shimol tomonda, mangu qahraton sovuq hukmron bo‘lgan, olis Ural tog‘lari orqasida makon tutgan, odamlar hayotiga aralashib turadigan, ularning taqdirlariga ta’sir ko‘rsatuvchi devlar va hokazo. Odamlar bu ikki qudrat o‘rtasidagi chegarada hayot kechiradilar. Ahura Mazda o‘z yordamchilari, ma’bud va ma’budalari, hur farishtalari bilan yetti qavat osmonni o‘zlariga maskan tutadilar. Anxra Manyu esa o‘z salaflari bilan yetti qavat yer tagini o‘zlariga maskan tutadilar. Bu ikki hukmdor saltanatlarining chegaralari Yer yuzasidan, odamlar qalbidan o‘tkaziladi.
Odamlarga bu ikki qudratdan birini tanlash imkoniyati yaratiladi. Agar kishi, ko‘proq shu bugungi kun tashvishi bilan qorin g‘amidan narisini o‘ylay olmaydigan, shaxsiy g‘arazli manfaat yo‘lida yolg‘onchilikdan hazar qilmasa, o‘lganidan keyin narigi dunyoga ishonmasa, bundaylar, albatta, Ahriman ta’siriga uchragan odamlar hisoblangan. Aksincha, bu dunyo odamlarga sinov uchun berilganiga, haqiqiy hayot o‘lgandan keyin, chinvot (qil ko‘prik)dan keyin boshlanishiga ishonsa, narigi dunyoning abadiy farog‘at umr kechiradigan jannatiga intilsa, bu dunyoda Ahura Mazdaning yo‘lidan borishi, unga amal qilishi, faqat ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amallarga rioya qilib yashashi zarur bo‘ladi. Ahura Mazda odamlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun odamlar orasidan eng sarasini Zardushtni o‘ziga elchi qilib tanlaydi. Zardushtga ezgu fikr va ezgu so‘z tayyor holda dunyoviy qudratli aql – Ahura Mazdadan yuboriladi. Bu yuborilgan ezgu fikr va ezgu so‘zga sidqidildan yondashib, ularga amal qilish odamlarga vazifa qilib yuklatiladi. Anxra Manyu esa Ahura Mazda yo‘lidan odamlarni qaytarish uchun insonlar ichidan birini tanlab, eng buyuk qobiliyat ato etadi. Bu tanlagan odami Drug‘vand (Avestoda Druj) bo‘lib, u yolg‘onchilikda, beburdlikda, mubolag‘a, vahimali gaplarni qiyomiga yetkazib odamlar qalbiga dahshat urug‘ini sochishda ustasi farang bo‘lib, zardushtiylik ta’limotiga qarshi tashviqot ishlarini olib boradi.
Zardusht o‘z ta’limotida (Avestoning gotlar qismida) chorvachilikka asoslangan turmush tarziga nisbatan o‘troq dehqonchilik turmush tarzini qarama-qarshi qo‘yib, ko‘chmanchi chorvachilikka asoslangan hayot tarziga barcha yovuzliklarning manbasi deb qaraydi. O‘z jamiyatining fuqarolarini cho‘l xalqlari yashash tarzida ko‘proq Ahriman irodasi qonunlashtirilganidan ogoh bo‘lishga chaqiradi. Zardushtiylikda olovga sig‘inish alohida ahamiyat kasb etadi. Olov ular uchun muqaddas hisoblanib, barcha yorug‘lik, tozalik, ezgulikning manbasi sifatida qaralgan. Ular Ahura Mazdaning qalbi quyoshi nuridan chi qarilgan (olingan) olovnigina muqaddas hisoblaganlar. Olov manbalarini ikkita: birinchisi – Quyosh, ikkinchisi – Yer osti (jahan nam), deb tushunganlar. Quyosh nuridan olingan olovga yaratuvchilik, gunohlardan tozalovchi, mehr yolqini manbasi sifatida, Yer qa’ridan chiqqan olovga esa vulqon, qora bulutdan chiqqan momaqaldiroq, yildirim (yashin) ko‘rinishidagi odamlar, hayvonlar va nabotot olamiga qirg‘in keltiruvchi sifatida qaraganlar. Shuning uchun ham yilning o‘zini ham Ormuzd davri (ya’ni, Navro‘zdan to Mehrjon bayramigacha) va Axriman davriga Mehrjon bayramidan (21 sentyabrdan) Navro‘z ayyomi (21 mart)gacha vaqtlarga bo‘lib tasavvur qilganlar.
Zardushtiylik ta’limotida kishilik jamiyati jami 12 ming yil umr ko‘rishi keltirilgan. Bu davrlar: Ahura Mazda (oltin) davri Qayumars (Govmard, Goptshoh)dan boshlanadi. Yima Vivaxvand hukmronligining oxirgi yillarigacha davom etgan. Ormuz davrida ijtimoiy adolat to‘la tiklangan zamonlar bo‘lib, bu davrda odamlar tug‘iladi, lekin o‘lim bo‘lmaydi, deb hisoblanadi. Mazkur davr Yima Vivaxvand (Jamshid) kibrhavoga berilib, o‘zini Tangri o‘rniga qo‘yib, odamlar unga sajda qilishini va sigir go‘shtini yeyishini buyurganidan keyin Axriman ta’siriga mubtalo bo‘lguncha davom etadi. Ahura Mazda Jamshidni abadiy umr ko‘rish huquqidan mahrum qiladi. Axriman davri to‘la adolatsizliklar avj olgan davr bo‘lib, u ham Ahura Mazda davriga teng uch ming yil davom etadi. Zardushtiylik zamonidan boshlab Ahura Mazda va Ahriman o‘rtasida hayot-mamot kurashi davri boshlanib, u ham uch ming yil davom etadi. Zardusht o‘limidan so‘ng uch ming yil o‘tganidan keyin farovonlik (Ahura Mazda) davri boshlanib, bu davr yana uch ming yil davom etishi bashorat qilinadi va hokazo. Zardushtiylikda yer, suv, havo, olov mavjudlikning to‘rtta asosi sifatida ulug‘lanadi. Bu ta’limot yunon sodda materialistlari (Fales, Anaksimen, Anaksimandr, Geraklit)ning falsafiy ta’limotlariga chuqur ta’sir qilganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Ahura Mazda (dunyoviy aql) ruh obrazida Suqrot va Aflotun falsafasiga, Arastu falsafasidagi borliqning to‘rt asosi (yer, suv, havo, olov) to‘g‘risidagi ta’limotning shakllanishiga ham zardushtiylik g‘oyalarining katta ta’sirini sezish mumkin. Moniylik, mitraizm, mazdakiylik ta’limotlari zardushtiylikning g‘oyaviy merosxo‘rlari hisoblanadi. Arshakiylar va sosoniylar podsholiklari davrida zardushtiylik yana davlat dini darajasiga ko‘tarildi.
Arablar Eron va O‘rta Osiyoni bosib olganlaridan so‘ng eng fidoyi zardushtiylar ikkinchi marta (birinchisida Iskandar Zulqarnayndan qochib) Hindistonda panoh topdilar. Hindistonning Bombey shahri atrofida va Gujarat shtatida hozir ham 250–300 ming kishidan iborat Zardushtiylar qavmi istiqomat qiladi. Eronning janubiy tog‘lari orasidagi daralarda ham ko‘p ming kishilik zardushtiylar qavmi bor. Zardushtiylik ta’limoti o‘zidan keyingi yanada rivojlangan milliy-mintaqaviy, jahon dinlari bo‘lgan yahudiylik, buddaviylik, xristianlik va islom e’tiqodining shakllanishida katta ahamiyat kasb etdi. Xususan, halol, harom, gunoh, savob, jannat, do‘zax, hur, farishta, iblis, shayton, dev, yetti qavat osmon, yetti qavat yer, yetti iqlim, dunyoviy aql, dunyoviy ruh, qiyomat, oxir zamon, qil ko‘prik, (chinvot), oxirgi hukm va boshqa bir qator tushuncha va obrazlar dastlab zardushtiylik kitobi "Avesto"da ishlab chiqilgan



Yüklə 263,3 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   27




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə